Abdusaid Ko‘chimov. Binafsha (hikoya)

To‘rtinchi qavatga chiqib kelib, supachada bir lahza ikkilanib turib qoldi. Shu ko‘yi avval o‘ng, keyin to‘g‘ridagi yopiq eshiklarga hadiksirab birrov ko‘z yugurtirgan asno, jigarrang charm qoplangan chapdagi eshik tugmachasiga qo‘l uzatdi. Sezilar-sezilmas ochiq turardi bu eshik avvallari. U ikkinchi qavatdan oyoq uchida ohista-ohista ko‘tarilib kelardiyu, “lip” etib kirib ketardi qiya ochiq shu eshikdan. Qo‘shnilar sezib-netib qolmadimikan, degan xatardan qaltirab turardi to ichkariga kirib olgunicha. Deyarli esidan chiqib ketgan o‘sha hayajon yana o‘rab oldi uning vujudini. “Hozir manovi eshik zarb bilan ochilib, sochlari qo‘qigan kampir chiqsa-yu, (u qo‘shni ayolni sira ko‘rmagan, ammo Binafsha har safar to‘g‘ridagi eshikdan ehtiyot bo‘ling, unda shallaqi o‘ris kampir yashaydi, sezib qolsa, butun “dom”ga ovoza qiladi, deyavergani uchun yalmog‘iz kampirdan qo‘rqqan boladek cho‘chib qolgandi) kimsan, nima qilib yuribsan bizning bo‘sag‘ada, deya zug‘um qilib qolsa, nima deyman”, degan o‘ydan yuragi potirlab ketdi. “Bir paytlar qadrdon bo‘lgan va ayni chog‘da, xuddi shu qadrdonligi bilan ko‘ngilni vayron qilgan uyga qanday kiraman? Bekor keldim-ov… Qariganda yo‘rg‘alikka balo bormidi, yurgandimu tinchgina, esdanam chiqib ketuvdi, koyidi o‘zini, bir baloni boshlamasa go‘rgaydi, ishqilib”.
Bir ko‘ngli shartta burilib, iziga qaytmoqchi ham bo‘ldi. Ammo, uzatilgan barmoqlar hali qora tugmaga yetib ulgurmay, xuddi qadim zamonlardagi kabi eshik sassiz ochilib, yumshoqqina bir qo‘l bilagidan mahkam ushladi-yu, ohista ichkari tortdi.
– Nimaga anqayasiz, kiring, – degan tanish shivir og‘ushida deraza pardalari zich yopilgan nimqorong‘i tor yo‘lakka qanday kirib qolganini sezmay ham qoldi.
Eshik “shirq” etib yopilgan hamono, boyagi qo‘l ilonday bo‘yniga chirmashdi. Yuzlariga urilgan muattar nafasning iliq tafti yuragini o‘ynatib, vujudini allatovur titratib yubordi.
– Qochqoq… qo‘rqoq… – erkalanib koyingani eshitildi ayolning. – O‘zim qidirmasam, esingizgayam kelmayman-a? Shu bo‘ldimi ming yillik qadrdonlik?
Ayol uning chap yuziga avval sekingina urdi, so‘ngra urgan joyiga issiq lablarini bosib, ikki marta xuddi kapalak qanotlari tegib o‘tgandek qilib ohista-ohista o‘pdi; o‘pa turib bir qo‘li bilan devorni paypaslay-paypaslay chiroqni yoqdi. Shiftdagi iroqi do‘ppidaygina oppoq chiroqdan to‘kilgan bir quchoq nur nimqorong‘i yo‘lakni nurafshon qilib yubordi. Ayol ana shundan so‘ng ikki qo‘llab erkakning ko‘kragidan ohista itargancha, boshini qiya tashladi va yorug‘da yaxshilab ko‘rib-tanib olmoqchi bo‘lganday suqlanib tikilib qoldi mehmonning xotiralar silsilasida chuvalanib ketgan fikrlarini yig‘olmay hayronlikda yonib turgan ko‘zlariga.
– Botir aka, sirayam o‘zgarmabsiz, – mayin pichirladi erkakning bitta-yarimta oq oralaganiga qaramay o‘ziga yarashib turgan qalin sochlari, qop-qora qoshlari, sportchilarnikidek tik va baquvvat qomatiga bir-bir ko‘z tashlarkan inja tabassum bilan . – Hatto, yosharibsiz…
– Yangi ochilgan atirgulday latofatli bo‘lib ketibsan o‘zing ham, Binafsha, – dedi yuzidagi bezovtalik ifodasini bildirmaslikka tirishayotgan Botir. U hozir ayolning maqtovidan erib ketadigan ahvolda emasa-da, sarvdek qaddi qomat qarshisida lol bo‘lib qolgani ayon edi. Negaligini izohlab berolmaydiyu, ammo, burungi chiroyi so‘lgan, tashvishlar yuzlarida chuqur-chuqur izlar qoldirgan, qarimsiq bir ayol bilan uchrashaman, degan xayolda edi bu yerga kela-kelguncha.
Hind kelinchaklari singari kaftlarini juftlab, qaldirg‘och qanotiday qoshlarini chimirib, kiyikko‘zlarini o‘ynatib hayajon ichra termulib turgan nozaninni ko‘rganda esa dovdirab, nima qilarini, nima deyarini bilolmay qoldi. Bunday suluvga ro‘para bo‘lish yetti uxlab tushiga kirmagani vajidan albatta, vujudining olis-olislarida changlab qolgan eski tuyg‘ular ham ilkis uyg‘onib ketdi. Taloto‘p savollaru ehtiroslar qurshovida maftun-mahliyo bo‘lib qoldi qoshida turgan sanamga. Peshonayu yelkalarda silkinib turgan sumbul sochlar, qimtinib turgan olboli lablardagi ehtiros aqlini oldi, hissiyotlarini qo‘z­g‘a­tib, o‘ylarini o‘ynatib yubordi. Qarshisida turgan dilbar o‘sha – o‘zi bilgan Binafsha ekaniga sira ishongisi kelmas, butunlay boshqa – kamida ertaklardagi pari-paykarlarning bittasi bilan yuzma-yuz kelib qolgandek edi go‘yo. Tasavvurlarini ostin-ustun qilib yuborgan betimsol go‘zallik – rashkmi, gumonmi, ishqilib, nimaligini birdaniga anglab bo‘lmaydigan qitmir shubhalargayam jon kiritib yubordi ayni chog‘da. “Shuncha yil o‘tsayam o‘zini oldirmabdi. Kunday kulib, oyday to‘libdi. To‘lishgani ochib yuboribdi qurg‘urni. Yuradigani bormikan? Bor! Erkak zoti tinch qo‘yarmidi bunday huriliqolarni? Balki erga tekkandir. Yo‘g‘-e, eri bo‘lsa, chaqirmasdi. Lekin, qorinboy “tanka”si borligi aniq. Unday desang, uyda hech qanaday o‘zgarish yo‘q-ku. Oyoq ostidagi sholchayam, devorga yopishtirilgan qog‘oz, hatto, chapdagi toshoynada bir cheti ko‘rinib turgan deraza pardalariyam o‘sha-o‘sha. Yursa, “tanka”si bo‘lsa, gullatib yuborgan bo‘lmasmidi hammayoqni. Nega chaqirdiykan? Yoki yana, a?..”
Ayolning shuncha vaqtdan keyin ham sira tortinmay bo‘yniga osilgani, yuzlariga avval muloyim shapatilab, keyin o‘pgani, endi bo‘lsa o‘zini bozorga solayotganday qaddi-qomatini ko‘z-ko‘z qilishlari… Havorang harir ko‘ylagining yirik-yirik yaltiroq tugmalarini bir-bir paypaslagan holda qiypanglab turishlari… shubhalarini yanayam havolantirib, tasdiqlayotgandek tuyuldi. Kimdandir eshitgan: “Binafsha kino yulduzlari bilan yuradi”, degan gap esiga tushib, dilida noxushlik paydo qilgan bo‘lsa ham qoshidagi malaksiymoning nazokatli tabassumlari tomirlarida oqayotgan mudroq qonga o‘t yoqdi, ikki yuzi lovullab, anordek qizarib ketdi.
– Pari… afsonalardagi pariga o‘xshaysan-e! – dedi sershovqin hissiyotlardan boshi aylanib. – Xuddi dunyoga boshqatdan kelgandaysan-a!
– Qayoqda. Semirib ketganimni qarang! – iboli erkalandi Binafsha.
– To‘lalik ham uzukdagi ko‘zday yarashibdi, yashnatib yuboribdi, – Botir shunday deya beixtiyor ayolga talpindi, tirsagining yuqorirog‘idan ohista ushlab, o‘ziga tortdi. Binafsha nozlandi, qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lganday:
– Yoqmay qolsin! – dedi xiyol tislanib. – Avval oyoqni yeching, ishing qanaqa, ahvoling qanday, nimaga izillab qidirding meni, deb so‘rang, – u quvnoq ohangda gapirayotgan esa-da, judayam baxtiyor emasligi, yelkasida qandaydir tashvish borligi sezildi Botirga.
– Ha-ya. Necha yil tim-tirs ketib, to‘satdan eslab qopsan? – shosha-pisha tovoni bilan oyog‘idagi tuflini yechayotib savol berdi Botir. – Yuz yil bo‘ldi-yov?
– Yuz emas-u, lekin ellik yildan oshgani aniq, – hiringladi Botirning qo‘lidagi yelimxaltani ola turib Binafsha. – Nimalar ko‘tarib yuribsiz, ovora bo‘lib?
– Barra. Barrago‘shtni yaxshi ko‘rishing esga tushib, yo‘l-yo‘lakay “Buxoro” kafesidan ozroq olvoldim. “Bog‘izag‘on” ham bor.
– Voy, ”Bog‘izag‘on”ga ishqivozligim ham esingizdami?! – qizchalarday qiyqirib yubordi yelimxaltadagi zarqalpoqli uzun shishaga ko‘zi tushgan Binafsha. – O‘zim o‘rgu-lli-yy! Baribir sizdan o‘tadigani yo‘q-de!
Yanayam to‘lqinlantirib yubordi bu beg‘ubor olqishlar Botirni.
– Yoshlikdagi muhabbat ayrilmas balo ekan! – dedi birdan shoirligi qo‘zib.
Bu so‘zlarni otashin muhabbat sadolari tarzida qabul qilgan Binafshaning ham she’rga she’r bilan javob qaytargisi kelib ketdi:
– Lekin aka Botirning sevgisi cha-lo-o ekan!
Umrida bir qator she’r yozmagan odamning tiliga bunday qofiyadosh so‘zlar qayerdan kepqoldi, o‘ziyam bilmaydi, ammo o‘sha zahotiyoq jaranglatib aytdi shu misrani.
Ayolning tovushlaridagi samimiy otash Botirni battar yondirdi:
– Chunki, qiz boshqa-boshqa ishqqa mubta-lo-o ekan!..
– Undaymas, qochqoq akam… Akam-chi?.. Anaqa, anaqa… – Binafsha davomiga so‘z topolmay, duduqlanib qoldi. – Ay-y, shoirmasman-da! – yayrab-yashnab kulib yubordi keyin. – Suvga tushgan toshday yo‘qolib ketgan o‘zingizu, tag‘in meni aybdor qilasiz-a! Qani, o‘tiring-chi mana mundoq.
Binafsha Botirni deraza oldidagi ixchamgina dumaloq stolning ikki tarafida turgan stullarning bittasiga xuddi majburlaganday yelkasidan bosib o‘tqazdi:
– Xo‘sh, qochoqvoy og‘am, gapni nimadan boshlaymiz? Yoki hammasidan avval tomoqlarni ho‘llab olamizmi, a? – ko‘zlarini suzib “Bog‘izag‘on”ga ishora qildi u.
Bu ishora ko‘nglida yana shubha paydo qildi – yengiltaklik bo‘lib ko‘rindi Botirning ko‘ziga.
– Bu deyman, ja-a o‘sib ketibsanmi? – yumshoqqina kesatdi ko‘zlarini qisib. – Zo‘rlasam ham oyoq tirab turarding avvallari?
Botirning savoli Binafshaning izzat-nafsiga ozroqqina teginib ketdi shekilli, hozirgina qizg‘aldoqday yal-yal tovlanib turgan chehraga qiya soya tushdi. Ohista xo‘rsinib ham qo‘ydi.
– Siz ko‘rgan daraxtlar o‘tin bo‘lib ketdi, og‘ajonim! – iliq kesatiqqa iliq istehzo bilan javob qaytardi Binafsha. – Hayot odamni har ohangga yo‘rg‘alatarkan, – jilmayishga urinib davom etdi keyin. – Ayniqsa, haligi, bir qo‘shiqda aytiladi-ku, aravani yolg‘iz tortadi ayol, deb. Aravani yakka o‘zing tortgandan keyin, majbur bo‘larkansan turli-turli muzikalarda o‘ynashga. Bugun o‘tgan gaplarni eslamoqchi emasdim-u, lekin… – deb ikkilanganday birpas indamay qoldi. – Keling, eslamaylik uying kuygur shu o‘tmishni. O‘tgan ishdan o‘kinish, o‘tib ketgan yomg‘irning ketidan o‘pkalash, derdilar buvim rahmatli, – o‘ziga-o‘zi tasilli berayotgandek davom etdi u. – O‘ylab ko‘rsam, haqiqatdan ham o‘tgan umr – kuygan ko‘mirakan. Tush ko‘rgan yaxshi ekan o‘tgan ishlarni eslashdan. Boshqalarni bilmayman-u, men ba’zi kechalari soatlab derazadan mo‘ralayotgan oyning xira yog‘dusiga tikilib xayol surishni, kunduz kunlari osmonda qiy-chuv qilib uchib yurgan qushlar parvozini tomosha qilishni yaxshi ko‘raman. Yomg‘ir paytlari deraza oldida tippa-tik turvolib tomchilarni chiq-chiq etib tunukaga tegayotganini kuzatib o‘tirsam, maza qilaman, dam olaman. Tomchilar chiqillab vaqtni hisob-kitob qilayotganday, har chiq etganda, umringni bir lahzasi ketdi, deb ogohlantirayotganday bo‘ladi, ham havasim keladi qushlarga, oymomoga, tomchilarga; ham ezilib ketaman umrim suvday tez oqib ketayotganidan.
Shu so‘zlarni aytayotganda, yaraqlagan osmonga ilkis qora bulut chiqqandek, Binafshaning chehrasi bir zum ma’yuslandi. Ammo bu holat xuddi quyosh parcha bulut soyasiga bir kirib chiqqan kabi qanday tez sodir bo‘lgan bo‘lsa, shunday tezlikda g‘oyib bo‘ldi:
– E-e, u gaplarni qo‘yaylik, og‘a. O‘tgan ishga salovat, deydilar-ku! – dedi yana asl holatiga qaytgisi kelganday ovoziga quvnoq tus berib. – Eng muhimi-chi, uchrashib turibmiz. Undanam muhimi, siz menga keraksiz. Shunchalar keraksizki, nima desam ekan, xuddi-chi, suv bilan havoday. Yanayam tushunarli qilib aytsam, qo‘ziqorin patillab chiqishi uchun momaqaldiroq qanchalik kerak bo‘lsa, siz ham shunchalar keraksiz menga. Bilardingiz, avvallari quruq gap bor edi menda, arzon mulohazalar girdobida o‘ralishib yurardim, aniq-tiniq maqsad yo‘q edi. Hamma narsani orzu qilardim-u, amalda hech birining qo‘lidan ushlayolmasdim. Kapalakday uchib yurardim guldan-gulga.
Binafsha gapirish asnosida gaz plitaga choy qo‘ydi, qip-qizil qilib qovurilgan go‘shtni to‘g‘rab, shisha taqsimchaga chiroyli qilib terdi. Konfet, bodom, mayiz, yong‘oq solingan billur idishlarni muzxonadan olib, stolni to‘ldirdi. Yarimta qora bo‘lkani ingichki qilib kesdi. Botir uning harakatlarini zimdan kuzatgancha, gaplariga u qadar ishonqiramay, jimgina eshitib o‘tirdi. Bir yoqda: Binafshaning qorday momiq yelkalari, bo‘ynidagi oppoq marjon donalarini nozlanib-erkalanganday jimillab qimirlashlari, havorang kalta va tor ko‘ylak ichida to‘rga tushgan baliqday titrayotgan badani, qaddini egib-rostlaganda ochiq yoqalardan toshib-qaynab chiqayotgan bo‘liq siynalari… Bir yoqda: bir-biridan shubhali gumonlar, yoqimsiz fikrlar zimdan tinmay ta’qib qilar, yuragining bir cheti xijil edi. Bema’ni fikrlarni miyasidan quvib chiqarishga esa kuchi yetmasdi. Karaxtligidan quduqqa tushgan odamdek his qilardi o‘zini. “Ancha pishibdi. Gaplari mantiqli. Mahorati oshgan. Maqtanmoqchimi yo laqillatmoqchimi?”, o‘ylardi oyog‘ini chalishtirib o‘tirarkan, ora-sira shunchaki ko‘cha sari ko‘z tashlab. Dasturxon tuzash bilan andarmon ayol sezmasdi uning holatini.
– Institutni bitirganimdan xabaringiz bor. Diplomim bo‘yicha ish izlab, televizorga borganimniyam bilasiz. Ikki yil yurdim unisiga-munisiga ergashib, sargardon bo‘lib. Hammasi va’da beradi, hammasi qobiliyatingiz bor, harakatingiz yaxshi, deb maqtaydi. Hammasi bir-biridan cho‘chiganday allanimalarga ishora qiladi, basharasiga sirli tus berib yuqorini ko‘rsatadi, aslida esa hech kim hech kimdan qo‘rqmaydi. Hamma bilganidan qolmaydi. Hamma nafs ovorasi. Shu bechorada qiziqish bor ekan, havas bor ekan, diplom bor ekan, kel, Xudo yo‘liga bo‘lsayam yordam beraylik, deydigan mard yo‘q. Aksincha, qaysiga ro‘para kelsang, qo‘zichoqni ko‘rgan qashqirday qaraydi. Niyatining pesligi shundog‘ ko‘rinib turadi ukki ko‘zlarida. Ro‘yxush bermaganingdan keyin… Bilasizmi, siz bilan bo‘lgan bo‘lsam, yaxshi ko‘rganim, azbaroyi yoshlik olovi bilan sevib qolganimdan bo‘lgan. Buning ustiga, erimdan o‘ch olishning betizgin istak-alangasi… Tepamda Xudo turibdi, sizga avval ham yuz martalab aytganman, yana aytaman: sizgacha-chi, erimdan boshqaga qo‘lini ushlatgan banda emasman. Siz, baribir, ishonmaysiz. Lekin, tag‘in aytaman, agar-chi, erim xiyonat qilib, izzatimni oyoqosti qilmaganida; bu dunyo ko‘zimga tor ko‘rinib, alamimga chidolmay, jizig‘im chiqib yurgan o‘sha kunlar sizga duch kelib qolmaganimda… – tomog‘iga bir nima qadalganday tutilib qoldi.
– Yaxshi ko‘rarmiding? – ayolning gaplaridan eribmi yoki rostligiga ishonmaymi, o‘smoqchiladi Botir.
To‘g‘ri, yomon niyatda so‘ramadi. Ammo Binafshaga boshqacha ta’sir qildi. U kimdir chakkasiga bir urganday norozi bo‘lib qaradi. Nafratmi, shafqatmi, mehrmi, ishqilib, shu daqiqada nomini topib bo‘lmaydigan allanimalar sachrab ketdi qarashlaridan. Erkakning beparvolarcha, masxaralaganday savol tashlashi og‘ir botdi, tikanday tegdi yuragiga. Lekin tezda o‘zini qo‘lga oldi:
– Aytdim-ku, ishonmaysiz, deb. Ikki dunyoda ishonmaysiz, – yutinib olganidan so‘ng vazmin davom etdi jilmayishga urinib. – Shoshmang, buning nima ahamiyati bor hozir? Tentakman-da, o‘zimam, – siniq kuldi. – Axir kuya-kuya adoyi tamom bo‘lgan, er tugul, tuzukroq hamroh, ezilgan chog‘larda hech bo‘lmasa ko‘nglingni ko‘taruvchi bir hamdard bitilmagan bo‘lsa men sho‘rqismatning peshonasiga, nima qilay, a?
Uning ovozidagi miskin hasratdan Botir hushyor tortdi. Noo‘rin savol berib, oshirib yuborganini angladi. Ozroqqina afsuslandi. Xayolini bir joyga to‘plab, xatosini tuzatmoqchi bo‘ldi – so‘z qidirdi. Ammo, million-miliyon pashshaday yer yuzida izg‘ib yurgan o‘sha besanoq so‘zlarning bittagina arziguligi hadeganda kela qolmadi tiliga.
– Mopassanni go‘zal gapi bor: yashasin erkaklar bilan ayollar o‘rtasidagi ozgina tafovut, deydi u, – dedi nihoyat kalavaning uchini topganday ichi yorishib. – Shekspir esa, na til, na millat, na tana va na qon, balki yuraklar bizni do‘stlashtiradi, degan. Yuraklar yaqinlashtirgan sen bilan meni.
Allomalarning ulug‘ fikrlari ayolga u kutganchalik ta’sir qilmadi. Aksincha, ensasi qotdi. Na o‘kinch, na ta’naligini bilib bo‘lmaydigan g‘o‘jala ma’no akslandi chehrasida.
– Kechirasan-da, endi… Xondan ham xato o‘tadi-yu? – dedi yuzaga kelgan qaltis vaziyatni iloji boricha tezroq yumshatishga intilayotgan Botir uzrli ohangda. Uchrashuvdan maqsad nima ekanini aniq bilmasa ham, eski tanish bilan bo‘layotgan suhbat nimalari bilandir tobora yoqa boshlagandi unga. – To‘g‘risini aytsam, bebaho qizsan. Ayb menda. Vaqtida qadringga yetishim, ehtiyotlashim, yoningda turishim… – Shu yerda nozik masala tomon juda ichkarilab ketayotganini sezib qoldi va darrov suhbat abdavini kerakli ko‘chaga burdi. – Xo‘sh, keyin-chi, keyin nima bo‘ldi? – deb so‘radi.
So‘rov asnosida botinmayroq qo‘lini ushladi. Binafshaning barmoqlarida bilinar-bilinmas titroq bor edi, bir muncha ezildi. Ayol ro‘yxushlik bermaganday qo‘lini sekin tortib oldi, ta’nali iljaydi:
– Nima bo‘lardi? Tegajog‘lik qilishdi. Toqqa, boqqa – har joyga takliflar bo‘ldi. Xo‘sh, u yog‘iniyam aytaveraymi? – kinoyaga to‘la ko‘zlarini tikanday qadab savol tashladi Binafsha. – Bilgingiz kevottimi? “Avval pastel, keyin efir”, degan qochirimlar aylandi. Qisqasi kalom, televizirda ishlash nasib etmadi. So‘ngra bir dugonamning taklifi bilan soch turmaklash, ayollarga oro berishni o‘rgandim. Tikuvchilikka o‘qib, atelmodda ishladim. Bir muddat sotuvchilik ham qildim Chorsu bozorida. Bo‘lmadi. Televizirga qarasam, kino ko‘rsam, qonim qaynab ketaveradi, deng. Ko‘rsatuvlarning pachoqligi, chala rejissura, yasama qiyofalar, mijg‘ov so‘zlar… Bo‘g‘ilib ketaman, toshbo‘ron qilgim keladi. Shunaqalar ishlab yurgan joyga nega men sig‘madim? Qayerim kam ulardan, deyman jig‘i-biyron bo‘lib. Yaxshi kino ko‘rganda, yana ichim qiziydi. Men ham shunday kinolar ishlashim mumkin-ku? Nega yaqinlashtirishmaydi? Nega ko‘kragimdan itarishadi, deb ich-etimni yeyman. Qayerda ishlamay, qayerda yurmay, ko‘zga ko‘rinmaydigan allaqanday kuch tortaveradi o‘sha tomonga. Mobil telefoni bor odamning telefonini olib qo‘ysang, chekishdan ayrilgan kashandadek garangsib qoladi-yu, shunaqa bo‘p qoldim. Bugun telefonsiz yashash mumkin emas. Bu – ehtiyoj. Ko‘zi kitob o‘qishga o‘tmaydigan odam uchun ko‘zoynagini hamisha yonida olib yurish ham ehtiyoj. Demak, ehtiyoj odamni o‘ziga tortadi. Ehtiyojga aylanmagan narsa yelimlasang ham yopishmaydi. Kinochilik ham men uchun ehtiyojga aylanib ketganini shunda bildim. Bilaman, bu sohani rohatidan azobi ko‘p. Lekin sehri bor, kayfi bor, jozibasi bor, hammayam tushunavermaydi buni. – Binafsha shu yerda hikoyani taqqa to‘xtatib, “Bog‘izag‘on”ni Botirga uzatdi:
– Ochmaysizmi savil qolgurni!
Botir kafti bilan shisha tagiga ikki urdi, po‘kak tiqin “paq” etib otilib ketdi.
– Quyishniyam aytishim kerakmi endi sizga? – uzun va ingichka qadahlarni stolga qo‘ya turib hazillashgan bo‘ldi Binafsha.
Botir billur qadahlarni yarimlatib quydi. Samarqand uzumining ikki qadahdagi qip-qizil sharbati ikkita lolaqizg‘aldoq kabi yal-yal tovlandi.
– Nima uchun? – qadahda jilvalanayotgan alvon shu’lalarga tikila-tikila so‘radi Binafsha. Lekin javobini kutmay, o‘zi davom etdi: – Uchrashganimiz uchun. Iltimosimni yerda qoldirmaganingiz uchun.
Botir uning sharbatni xuddi choyday ho‘plab-ho‘plab, bo‘lib-bo‘lib ichishini qiziqish bilan kuzatib turdi.
– Azizim, siz bilan uchrashmaganimizga nechchi yil bo‘ldi? To‘rt, yo‘q, olti, yo‘q-yo‘q, sakkiz yillar bo‘ldiyov? – Binafsha shunday deb besaranjom qarash qildi-yu, to‘satdan ginaxonlikni boshlab yubordi. – Yolg‘iz va baxtsiz, butun qalbim bilan inson mehriga zor, e’tiboriga zor paytimda tashlab ketdingiz-a? Nima uchun yo‘qolib qoldingiz? Gunohim nima edi? Obro‘yingizni to‘kdimmi, nomingizni sotdimmi, pul so‘radimmi, yopishib oldimmi uylanasiz, nikohingizga olasiz ikkinchi qilib, deb? Qachon kelsangiz, eshigim ochiq edi, uyim toza-ozoda edi, xohlasangiz opkelardingiz yarim kilo go‘shtmidi, kolbasami, xohlamasangiz, nega qup-quruq keldingiz, demasdim-ku? Yetishmovchilik bo‘lganda ham, och qolganda ham bildirgan emasman sizga. Hatto, ishga kirolmay, eshikma-eshik sandiroqlab yurgan kunlarda ham yordam so‘ragan emasman. So‘ramayin, sizga malol kelmasin, bu qiz mendan foydalanish uchun yurgan ekan-da, degan xayolga bormang, deb chidaganman. O‘zingiz kerak edingiz menga. Atrofimda shuncha erkaklar, yosh-yosh yigitlar, puldor boyvachchalar turganda sizdan nima topganman, bilmayman, – salqin ichimlik o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladimi, Binafsha borgan sari to‘lib-toshib dardini ochaverdi. – Ammo sizni ko‘rmasam sog‘inadigan, tinch turolmaydigan, bezovtalanadigan, heshtima yoqmaydigan, sal gapga odamlar bilan urishib ketadigan ahvolga tushib qoldim. Siz kelganda boshimdagi tashvishlarning bari-barisi esdan chiqib ketardi. Xudoyim sizni men uchun yaratgan, onangiz men uchun dunyoga keltirgan, deb aytganlarim esingizdadir?
Binafshaning ich-ichidan qaynab-toshib, azoblanib chiqayotgan dardchil savollar Botirga ham ta’sir qildi. Adolatli savollar zirqirata boshladi karaxt tuyg‘ularini. Bir vaqtlar o‘zi ham telbalarcha sevgan bu ayol haqida bugun, bu yerga kela-kela yomon xayollarga borganidan, eng yaqin kishisining qalbini yarador qilganidan afsuslandi. Qanchalar mushkul bo‘lmasin, o‘sha paytlarda aytmagan, aytishi mumkin bo‘lmagan qarorini endi, mana shu daqiqalarda aytmasa, hammasini aniq-ravshan qilib tushuntirmasa bo‘lmasligini ham ayon fahmladi.
– Menga o‘rganib qolsang, hayoting vayron bo‘lardi, – gunohkor ohangda gap boshladi Botir. – Hozir senga aytadigan gaplarimni, oldimda o‘zini oqlayapti, deb tushunma. To‘g‘ri, tan olaman, xudbinman, qo‘rqoqman, – Botir xudbinligini tan olishni istamasa-da, shu haqda gapirayotganidan noqulay sezdi o‘zini. – Lekin hech qachon yomonlik sog‘ingan emasman senga. Sen yosh kelinchak bo‘lsang ham, men oilali, bola-chaqali, kap-katta erkak edim. Hirsga berilib, ehtiros vasvasasiyu mast qiluvchi kuchiga uchib oila, jamiyat oldidagi burchni, mas’uliyatni esdan chiqarishim mumkin emasdi, axir! O‘tkinchi rohatni, bir pastlik hoy-havasni deb senday beg‘ubor…
– Bir paslik hoy-havas, dedingizmi?! – go‘yo elektr toki urganday qaltirab shartta so‘zini kesdi Binafsha. – Bir umr mayib qilganini bilasizmi siz bir paslik degan o‘sha hoy-havas? Eh, sizni qarangu…
– Men ketsam, bir kun kelib hayoti o‘zgaradi, tengini topadi, deb…
– Tomoshani g‘aroyibligini ko‘ring! – zaharxanda ohangda so‘zini bo‘ldi Binafsha. – Peshonamga yozilgan erkaklarning bittasi bevafolik qilib, ikkinchisi vafodorlik qilib tashlab ketibdi. Zo‘r-a? – Botir kesatiqqa loyiq jumla topolmadi. Zero, uning javobiga muhtoj ham emasdi hozir Binafsha. – Sevgining ko‘zi ko‘r bo‘larkan, – g‘amgin davom etdi Binafsha. – Bo‘lmasa, ne-ne zo‘r, manaman degan yigitlar o‘zlarini oyog‘im ostiga tashlashga tayyor edi. Lekin ularning birontasi yuragimni jizillatmadi, hech kimni sevmadim. Erimgayam sevib tekkan emasman, lekin hurmat qilardim, itoat qilardim, aytganlarini bekamu ko‘st bajarardim. Badfe’l, rashkchi, bee’tiborligini kechirardim. Yuzimga oyoq qo‘yganidan keyin chidab turolmadim. Uyimga, men yotgan pastelga opkeldi-ya, o‘ynashini. Toqat qilib bo‘ladimi, ayting? Yondim, o‘chdim, yana yondim, alamda, qasosda yondim. Yonib-kuyib yurganda siz… Nimangiz yoqdi, nimangizga uchdim, Xudo biladi. Aqlli gaplaringiz, og‘ir-vazminligingiz, mehribon… yolg‘onchi mehribonligingizdir. Sevgining ko‘zi ko‘r bo‘ladi, dedim-ku, ko‘r qipqo‘ydingiz.
– Bilaman, tushunaman, – Binafshaning indamay qolganidan foydalanib sayrab ketdi Botir. – Axir tushunsang-chi, men baribir ololmasdim seni. Sen boshqaga tegmasang, kelajak nima bo‘ladi? O‘tib ketaverasanmi bittagina qiz bilan? Yoshlikda bilinmas, keyin-chi, keyin – qariganda, oxiri nima bo‘ladi? Men ketaman xotin, bola-chaqam yoniga. Menga ishonib, menga suyanib, oxir-oqibat, cho‘ldagi yolg‘iz saksovulday bir o‘zi qopketadi bu, deb o‘yladim. Judayam qiyin bo‘lgan bu qarorga kelish, – xotiralar silsilasi selday oqib kelaverdi, quyunday o‘rayverdi. Uning gapirish posangisi yo‘qoldi, xuddi ushbu achchiq qarorga kelmasidan avvalgi – oshiq-ma’shuq bo‘lib yurgan zamonlardagi kabi o‘zini idora qilolmay, to‘lib-toshib ketaverdi: – Telefonlaringga javob bermadim, o‘zimni opqochdim, keyin, hadeb qo‘ng‘iroq qilaverganingdan keyin, telefon raqamimni ham o‘zgartirib yubordim. Ammo har kun sog‘inardim, ko‘rgim, ovozingni eshitgim kelardi. Chidardim, lablarim qonaguncha tishlab olardim-u, chidardim. Nechchi martalab kelganman, uying atrofida o‘g‘ri mushukday pusib aylanib yurganman. Goh eshikdan chiqib kelayotganingni, goh kirib ketayotganingni ko‘rganda uchib borgim kelgan yoningga. Ammo, baribir chidaganman. Baxtli bo‘lsin, gulday yoshligi o‘tib ketmay, munosib juft topsin, deb chidaganman, o‘zimni tiyganman, selga qarshi turgan to‘g‘onday tiyilganman. Qayoqdan bilay, oxiri bunaqa bo‘lishini? Agar…
Botirning gapi shu yerga yetganda Binafsha chidab turolmadi.
– Bo‘ldi, bo‘ldi! – deya ilon chaqqanday joyidan sapchib turib ketdi:
– Pichoqni dastasiga dovur biqinga suqib-suqib olgandan keyin meni kechir, bilmay pichoqlab qo‘yibman, demoqchisiz-da, a? Bilmasangiz, bilib qo‘ying, jinoyatkorona pushaymonlik, deydi buning otini. O‘sha paytda sizni yo‘qotish qanday qattiq zarba bo‘lganini, qanchalar g‘am-g‘ussaga botganimni bilasizmi? Bilmaysiz! Hech qachon bunday arosatda qolmagan edim. Siz hech kimni sevmagansiz, hozir ham sevmaysiz.
Xonani bir aylanib, deraza qarshisida to‘xtadi. Ko‘chaga tikilgan holda bir nafas indamay turib qoldi. Uning yuragi gup-gup urar, yelkalari qalt-qalt titrab, chuqur-chuqur xo‘rsinardi. Juvonning bunchalar bezovta bo‘lishini tasavvur ham qilmagan erkak taniyolmay qoldi uni: yonoqlari dokaday oqarib ketgan, qovjiragan lablari bejo titranar, allanechuk vahshatli uchqun yaltirardi g‘azabli ko‘zlarida. Ayoldagi bunday qo‘rqinchli muhabbat hatto sarosimaga soldi Botirni, hozir zilzila bo‘ladiganday vahimaga tushdi. Vahimaning sabablaridan yana biri shundaki, juvonning gaplari rost edi! Haligacha bu ayol meni jonidan ortiq sevganmi yoki ko‘rarga ko‘zi yo‘qmidi, degan o‘ylarda muhabbat va nafrat tuyg‘ularining chegarasi qayerdaligini topolmay qiynalib yurardi u.
– Hali hammasi oldinda, hali baxtli bo‘lasan… – deb ming‘illadi kalavaning uchini yo‘qotib qo‘ygan Botir taskin-tasalli bermoqchi bo‘lib. Tasalli – tahqirday ta’sir qildi ayolga. Yuzlarini qo‘llari bilan berkitib, alam bilan yig‘lab yubordi.
Tamomila esankirab qolgan Botir nima qilarini, qanday yupatishni bilolmay o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi. Tovushini chiqarmay, dardini ichiga yutib yig‘layotgan Binafshaning yelkalari sovuqda qolganday titrashini ko‘rish azobli edi Botirga. U juvonni mahkam bag‘riga bosib yupatgisi, erkalagisi kelar, ammo jur’at yo‘q edi bunga. Nihoyat, kuchini yig‘ib, qo‘lidan ushlamoqchi bo‘ldi. Binafsha uzatilgan qo‘lni siltab tashlab, indamay vannaxonaga kirib ketdi. Eshikni yopib oldi. Suvning sharillagani eshitildi. Bir ozdan so‘ng eshik ochilib, oppoq barmoqlari bilan yuz-ko‘zlarini siypalay-siypalay Botirning ro‘parasiga – avvalgi joyiga kelib o‘tirdi. Botir hamon karaxt – yupatish yo‘lini topolmay garang edi. Binafsha miq etmay qadahni oldi, sharbatdan ho‘pladi, chehrasidagi g‘am-anduh shamollar haydayotgan bulutday sekin-asta tarqala boshladi.
– Shunday taxmin qiluvdim o‘zim ham, – dedi qadah tubidagi sharbatni oxirigacha ho‘plaganidan keyin. – Siz juda aqlli, juda ehtiyotkor, juda jur’atsiz, juda… juda qo‘rqoq odamsiz, – davom etdi “qo‘rqoq”qa alohida urg‘u berib. – Yaxshilik qilaman deb yomonlik qilayotganingizni bilgansiz, bila turib, shu yo‘lni tanlagansiz. Menimas, o‘zingizni, o‘z tinchingizni o‘ylagansiz, obro‘yingizga chang yuqmasligini istagansiz. Yo‘q, demang, shunday davom etaversa, bir kunmas-bir kun bo‘ynimga osilvoladi, degansiz. Men bo‘lsam, men… Siz bilmaysiz, yurgansiz yallo qilib. Men nechchi martalab o‘zimni osmoqchi, bilagimni kesmoqchi, mashinani tagiga tashlamoqchi bo‘lganman. Har gal jonimdan to‘yganimda yakkayu yolg‘iz qizim kelgan ko‘z oldimga, qizim yetim bo‘lib qolsa, taqdiri nima bo‘ladi, umri xazon bo‘ladi-ku, bokira bolada nima gunoh, degan o‘y asrab qolgan meni kechirilmas gunohdan, – Binafsha bo‘sh qadahni qo‘lida ushlagan holda gapirardi. Botir g‘ayriixtiyoriy shuur bilan qadahiga sharbat quydi. Ayol qarshilik qilmadi.
– O‘zi bu diydiyolarni nega etvomman sizga, nima foydasi bor? – dedi Binafsha xomush jilmayib. – Yo‘qotadiganimni yo‘qotib, ayriladiganimdan ayrilib, zarbani eng og‘irini yeb bo‘lgan ojiza bo‘lsam. Rosti-chi, endi baxtli bo‘lolmasam kerak. Ayb menda, demang. Sizdan xafa bo‘lishga haqqim yo‘q. G‘unajin ko‘zini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi.
Botir javobga og‘iz juftlagan edi, ayol:
– Mening yaramga malham bo‘ladigan so‘z aytaman deb ovora bo‘lmang, – deya uni gapirtirgani qo‘ymadi. – Hayot odamni eng og‘ir ta’na-dashnomlarga ham bemalol ko‘nikadigan qilib qo‘yarkan. To‘g‘ri, shu davrda ko‘p voqealar boshimdan o‘tdi. – Qadahni qo‘lida ohista aylantirib gapida davom etdi ayol. – Qiynaldim. Ko‘p eshikka bosh urdim, aytganimday, har xil ko‘chalarga kirib chiqdim. Yomon yo‘lgamas, to‘g‘ri yo‘lni topish uchun, hayotda o‘z o‘rnimga ega bo‘lish uchun, bu dunyoga kelib, izsiz nes-nobud bo‘lib ketmaslik uchun tizzalab, emaklab bo‘lsa hamki tinmay intildim. Yaxshi-yomon odamlarni ko‘rdim. Qani edi odamning ichi peshonasiga yozib qo‘yilganida. Birov undoq, birov… Biriga ergashdim – havas qildim, o‘rgandim; biridan – nafratlandim. Fosiq, beimonlardan ham o‘rgansa bo‘lar ekan. Salim Alimtoyev degan janobni bemaza ishlari ham qiynadi, ham saboq berdi. O‘shan-chun bu yog‘iga ehtiyot bo‘laman, nafsimni tiyaman, birovning haqqiga xiyonat qilmayman, deb o‘zimga so‘z berdim, qasam ichdim. Qisqasi, nima qilib bo‘lsa ham o‘z sohamga qaytaman, dedim. Xususiy kinostudiya ochishni rejalashtirdim. Yelib-yugurib, ko‘p urinishlardan keyin, bir yurist ayol bor edi, juda aqlli, o‘shani yordami bilan MChJ qilib, firma ochdim. Firma ochgandan keyin, litsenziya olsa bo‘larkan. Bir qop hujjat so‘ralarkan studiya ochish uchun. Hamma qog‘oz yig‘ilganidan so‘ngra agentlikka topshirdim. To‘rt oy kutdim. Shu orada rahbariyat o‘zgardi. Mening ishimni ko‘radiganlar o‘rniga yangilari keldi. Ularga yana bitta-bittalab tushuntirdim, yana sarsongarchilik, ovoragarchilik, eshiklar tagida soatlab kutishlar… Baxtim chopib, menga kerakli bo‘limga institutda prorektor bo‘lib ishlagan, juda gramotniy, yaxshi kishi kelgan ekan. “Singlim, – dedi o‘sha kishi. – Ishingizni tezlashtiring, ayol rejissyorlarimiz hozir yo‘q hisobi, Samara Kamilovna qarib qoldi, Valigina charchagan, Albinovna o‘tib ketdi… Sizga o‘xshagan ayollar judayam kerak”, – Binafshaning kayfiyati ko‘tarilib, chiroyi ochilib borayotgani Botirni xursand qildi. Bir nimalarni aytib ko‘nglini ovlagisi, suyuntirgisi keldi. Lekin, qosh qo‘yaman, deb ko‘z chiqarib o‘tirmay yana, degan hadikda o‘zini tiydi. – Kechirasiz, telefon… olsam, xafa bo‘lmaysizmi? Rahmat.
– Oldinlari sizga tenglasholmasdim, – telefondagi suhbatni qisqa qilib, davom etdi u. – Dunyoqarashim boshqacha edi, to‘g‘risiyam-de, endi bilsam, hayotni tushunishim ham chala ekan. Xayolot taxtiga chiqvolib, havoyi orzular qanotida uchib yurar ekanman. Hozir boshqachaman, maqtanyapti desangiz ham mayli, butunlay boshqacha. Qo‘y bir terini ichida necha marta semirib, necha marta ozadi, deganday, hadeb to‘qishaversang, ko‘zing bilan birga aqling ham ochilarkan. Qoqilib-to‘qishaverganing sayin bu dunyoda yashash qoidalarini puxtaroq o‘rganib boraverarkansan.
– Hammayam qayerdadir muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, ehtiyotsizlik qiladi, tajribasi yetmay, zarbaga duch keladi, pand yeydi, umidsizlikka tushadi, to‘qishadi, yiqiladi, – dedi Botir. – Biroq har yiqilish o‘lim degani emas. Odamzot shunaqa qilib toblanadi. O‘tgan asrlarda yashab o‘tgan Rojiy degan shoirning bir bayti bor:
Har kishi yuk o‘z otiga ortadur,
O‘z ko‘mochiga kulini tortadur.

– Zo‘rakan! – hayrat bilan ta’kidladi Binafsha.
– Bu – har kim o‘z baxti uchun kurashmog‘i, o‘z boshiga yoqqan qorni o‘zi kuramog‘i kerak, degani.
– O‘z ko‘mochi kulini tortadur! – zavq bilan takrorladi Binafsha. – Besh ketdim shu joyiga. Bilasizmi, hozir meni o‘zim tengilarning suhbatlari safsem qoniqtirmaydi. Ayollarning to‘y-tomoshalardagi sarguzashtlariyu yangi rusmdagi kiyim-kechaklar to‘g‘risidagi maqtanishlari ensamni qotiradi. Menga har tomonlama o‘zimdan baland, hech bo‘lmaganda o‘zim bilan tenglashadigan, bahslashadigan bilimli odamlar kerak. Shunaqa bir odam bo‘lishini Xudoyimdan yolvorib so‘rovdim. Feysbukda sizni ko‘rib, voy, shunaqa xursand bo‘p ketdimki, sizni topganim uchun Xudoyimga ming-ming rahmatlar aytdim. Shu akamni, ya’ni sizni, dilingizga meni solgani uchun ham Xudoga shukrlar qildim. Axir, siz bexabarsiz, sizni ozmuncha qidirmadimmi, hatto, shoir do‘stingiz bor-u, Kamol Samad, o‘shani saytiga kirib ham topolmadim sizni. Lekin, feysbukda ishlashni, to‘g‘risi, uncha yaxshi bilmayman, vatsap bilan ishlaganim uchunmi, boshqasi bilan qiziqmagan ekanman. Feysbukdagi xabarga ko‘zim tushgan zahotiyoq, sevinchim ichimga sig‘may siz bilan bog‘lanay dedim, ammo, na telefoningizni bilaman, na ishxonangizni. Tanishlardan so‘ray desam, u-bu kimga aytib qo‘yadimi, deb qo‘rqaman. To‘g‘risi, hozir jud-dayam ehtiyotkor bo‘lib yuribman. Katta davralarda, vazir o‘rinbosarlariga yaqin joylarda yuraman-de, atrofdagilarda jiddiy ayol bu, degan taassurot uyg‘ongan, buzib-netib qo‘ymayin, deb juda ehtiyot bo‘laman. “Binafsha ko‘tarilishi kerak, ham talantli, ham ayol, ayollar ichida rejissyorlar yo‘q”, degan gaplar orqavorotdan tez-tez qulog‘imga chalinadi, faxrlanib ketaman. Shu joyda to‘qishib-to‘qishib topgan bitta falsafamni aytaymi? Men-chi, oldimdamas, orqamdan aytilgan gaplarga ko‘proq ishonaman. Odamlar to‘g‘ri gapni betinggamas, ketingdan aytarkan. O‘zim yo‘g‘imda bildirilgan fikrlarni erinmay, uzoq mulohaza qilaman. Haqiqat ko‘proq bo‘ladi ularda. Maqtov eshitganda xursand bo‘laman. Qisqasi, orqamda xunuk gaplar tutamasin deb har doim jonim halak. Kinochilar keling-keling, deb tursa, tomoshabinlar qarsaklar bilan olqishlasa, tadbirkor ayollar tashkilotidagilar ham, bizga a’zo bo‘ling, ko‘tarilishingizga yordamimiz tegadi, lgotalar bo‘ladi, deb buyog‘da xaridor bo‘lib turishsa…
– “Qutadg‘u biligda”: “Kimda-kim el-yurt xizmatini qilmoqchi bo‘lsa, unga ikki narsa albatta zarurdir: biri – salomatlik, ikkinchisi mablag‘”, degan gap bor, – deb ayolning so‘zini bo‘ldi Botir. – Kino degani katta mablag‘ talab qiladi…
– Ilmoqli savolingizni tushundim, – miyig‘ida kulibsibgina Botirning so‘zini bo‘ldi Binafsha. – Sen shuncha pulni qayoqdan topding, demoqchisiz-de! Kitobimning bu varog‘ini ochadigan bo‘lsam, pul qidirmagan joyim qolmadi. Hamma yerda o‘sha gap. Bilasiz-ku, erkak zotini: ishi bitguncha, mushukday silamoqchi bo‘ladi; bitgandan keyin “pashyol”, deb jo‘navoradi. Yaxshiyamki, Gulmira opam bor ekanlar, shu opam podderjka qilib, schyotimga pul tushirib berdilar. Ishlatib, qaytarib berishim kerak.
– Opang katta boymi? – ishonqiramay suhbatdoshiga so‘z otdi Botir.
– Boshlanishiga yetadi, – xotirjam javob berdi u. – Menda harom-harish ish qilish niyati yo‘q. To‘g‘ri, men sizni yaxshi ko‘rganman, yurganman. Ammo, bularning hammasi yoshligimda, hali oq-qorani ajratolmay yurgan ko‘zi yumuq paytlarimda bo‘lgan. Hozir esa, qo‘pol qilib aytganda, hozirgi qizlarga o‘xshab, mansab uchun, pul uchun hali uni etagiga, hali buni etagiga… yopishib, o‘smoqchi emasman. Men buni xohlamayman. Keyin, menga mumkin emas, mening litsoyim tanish. Buning ustiga, qizim ham besh yildan keyin maktabni bitirib, o‘qishga kiradi. Oilamizga gap yo‘q – kuyovim, akamlar, singlim – hammalari o‘z yo‘lini topib ketgan. Xohlamaymanam, haqqim ham yo‘q. Oyijonim tinmay qulog‘imga quyadilarki, har kim bilan yurmagin, gap-so‘zni ko‘paytirmagin, tanilib, nozik bo‘p qolding, yaramas kishilar kulgili holatingni ko‘rib qolib, internet-pinternet degan ig‘vo uyasiga chiqarvorishadi ehtiyot bo‘lmasang, deb. Rostdan ham, ko‘p joylarga borolmayman. Voy! Meni vecherinkalarga keladi, deb-chi, orqamdan besh yuz dollardan garov o‘ynaganlar bo‘lgan. “U aktrisa, keladi”, “yo‘q, kelmaydi”, deb garov boylashibdi. Tentaklar-ey… Bitta og‘zi kattasi, man chaqiraman, uchib keladi, debdi kerilib. Tanish-bilishlarimni topib, ularni ishga ham solibdi. Nimagadir oyog‘im tortmadi. Bormadim. Yaxshiyam bormaganim. Shundoq, eshigimning tagida rahmat, deb turibdi-de! Besh yuzga garov o‘ynovdik, borganingizda shundoq betingizga tupurib, ketvormoqchi edim, deydi haligi yigit. Vodiylik bola ekan. Men sizni qattiq hurmat qilardim, endi yanayam kuchliroq hurmatlayman, hamisha shundoq bo‘ling, opa, nima xizmat, deb turibdi-de! O‘shanda, nima xizmat, deganida, men haligi ishlar bilan yugurib yuruvdim, xizmatiga muhtoj bo‘lsam ham tilimni tiydim, o‘zimni baland tutdim.
– To‘g‘ri qilibsan, – quvlik bilan ma’qullagan bo‘ldi Botir. – So‘rasang, baloga qolarding.
– Ha, keyinroq ancha-muncha yordami tegdi, beminnat, xolisona, shunday yigitlar ham bor, shunaqalar bo‘lmasa, bir hovuch tariqday titilib ketardi bu dunyo. Dunyoni yaxshilar ushlab turadi, – Botirning shubhalariga parvo qilmay davom etdi Binafsha. – Hozir ham o‘shanda, ular garov boylashganda bormaganim uchun Xudoga shukr qilaman.
Binafshaning keyingi so‘zlari Botirning gumonlariga yana moy sepganday bo‘ldi. Hatto, mushuk bekorga oftobga chiqmaydi, deb chaqib olmoqchi ham bo‘ldi. Ammo bir tomondan bunga haqqi bormi-yo‘qligini bilolmadi, ikkinchi tomondan yaxshi ketayotgan suhbatni buzib qo‘yishdan ehtiyot bo‘ldi – ichidagilarni ichiga yutdi.
– O‘shani-chun ko‘p joylarga bormayman, – mag‘rurlanib davom etdi ayol. – Yaxshi insonlar doimo: yoshsan, kelajaging oldinda, harakating bor, o‘zingga ehtiyot bo‘l, deyishadi. Aktrisalarga qo‘shilmayman. Aksariyat aktrisalarni ko‘rib chiqsam, hammasi o‘ttan-bo‘ttan kep qolib, o‘qimasdan, falonchi akasi qo‘llab, pul tikib, shunaqa qilib, chiqib qolgan ekan. Bittasi Durdona Nabi, qaysidir katta idorada Muqim Safiyev degani bor ekan, o‘shani puli bilan odam bo‘lgan, hamma bilarkan buni. Yana bittasi Oydin Vafoyevami? Bundoq tegini ko‘rsangiz, saunadan chiqqan qiz. Chorsudagi restoranda ofitsantka bo‘lib ishlab yurganida restoran xo‘jayiniga yoqib qolib, o‘sha kishi ko‘targan. Misol uchun devomman-de. Hammasini orqasidan – orqavarotdan gapirishadi. Tushunvossizmi? Xudoga shukurki, mening orqam toza, tinch. Meni hech kim gapirolmaydi. Gapirishga sabab yo‘q, asos yo‘q. Men besh yil o‘qidim shu sohada. Televizorda ishlamasam ham ikki yil tuprog‘ini yaladim. Ko‘plar gurkirab turganda, men qiynalib yurdim. Hamma narsaning vaqt-soati bo‘larkan. Zato‘, endi meni studiya rahbari deb majlislarga chaqirishadi, katta-katta san’atkorlar bilan yonma-yon o‘tirib eshitaman, muhokamalarda qatnashaman, yozaman o‘zimga kerakli narsalarni. Yaqinda katta kinokonferentsiya bo‘ldi, boshdan-adoq ishtirok etdim. Binafshaxon, bolalaringiz qani, fikrlaringiz qalay, deb turishibdi. Taniqli, dovruqli kinoaktyorlar, rijissyorlar bilan yuribman. Salobat bilan salomlashishadi, ishlarimni surishtirgan bo‘lishadi, suyunganimdan yurmadim – uchib yurdim. Ulashov bor-ku, Alijon Ulashov, ular ham fikr so‘raydi. Shunaqa xursand bo‘vommanki! Vazirlikda bir-ikkita yigitlar bor ekan. Opa-opa, deydi hurmatimni joyiga qo‘yib. Xudoga shukr qilaman, qo‘lma-qo‘l bo‘lmaganimga shukr qilaman, yuzim yorug‘-de! Ro‘para kelganingizdayam, voy, anavi kishi eski tanishim-ku, ishqilib, birovga og‘zidan gullab qo‘ymasmikan, degan qo‘rquv yo‘q. Yaqinda, Navro‘z munosabati bilan kinoarboblar uyushmasida bayram bo‘ldi. Yosh aktrisalar ichida ayollardan bitta menga taklifnoma berishibdi. Bordim. Hammasi studiyalarning rahbarlari, rejissyorlar, olimlar, ko‘rsangiz endi, yoshi ulug‘lar, o‘rta avlod vakillari – eng saralar to‘plangan. Erkaklarning hammasi pastda, tepada qariyalar, teatralniy institut domlalari, keyin, nima desam, katta-katta aktrisalar. Yoshlardan birontasi yo‘q. O‘tirsam, anaqalar kep qoldi – Ergash Bahrom, Toji Berdi, televizorda yalinib yurganman-u shularni orqasidan. Ergash rahbarim bo‘lgan. Hammasi kirib keldi qator bo‘lib. Qotib qolishdi menga ko‘zi tushganda barisi. E, Binafshaoy, yaxshi yuribsizmi, deb salomlashishdi shoshib-pishib. O‘rnimdan turmadim-u, yarim qo‘zg‘alib, salomlashib qo‘ya qoldim. Ha, qo‘ymaysan-qo‘ymaysan, malades, ko‘rib turibman kinoda, deydi Ergash Bahrom, u bilan ancha talashganman-de. Malades, mahkam bo‘l, deydi. Rahmat-rahmat, deyapman-u, go‘yo tush ko‘rayotgandayman. Qo‘lida bepul ishlab ketgan bo‘lsam ham Ergash Bahromlar bilan baravar o‘tiribman-de, uje ko‘tarilganman. Endi, deyman o‘zimga-o‘zim, orqaga ketish yo‘q, faqat oldinga intilasan, maqsadga yetmaguncha, tinmaysan. – Binafsha shu yerda to‘satdan taqqa to‘xtab, Botirga tik qaradi: – Maqtanishni oshirvordi, demayapsizmi ishqilib? Qanday fikrdaligingizdan qat’i nazar, bo‘lgan gap shu.
Binafshaning hikoyalari Botirdagi gumonlarni bir qadar tarqatgandi bu paytga kelib. Binafshaning to‘g‘riligiga ishona boshlagan, hatto, shuncha qiynalgan ayolga nisbatan achinish, rahm-shafqat hislari paydo bo‘layotgan edi uning qalbida.
– Gaplaringni eshitib o‘tirib, havasim kelyapti, – dedi ayolning qo‘liga qo‘lini qo‘yib. – To‘g‘ri yo‘lga tushib olganingdan xursandman.
– Rahmat. Man hozir faqat senariydan qiynalvomman, – suhbatdoshining maqtoviga e’tibor bermay, qo‘lini ham tortib olmay davom etdi Binafsha. – Menga yozishdan bermagan, kimgayam nimanidir berib, nimanidir bermaydi-ku Xudoyim, to‘g‘rimi? Voy, qani edi shu kunlarda Botir akam yonimda bo‘lsa, birga choy-poy ichsak, ichimdagilarni gapirib bersam, birgalashib yozsalar zo‘r qilib, darrov ishni boshlab yuborardim, deb nechchi marta xayolimdan o‘tkazdim, juda ko‘p intiq bo‘ldim sizga. Bag‘irlariga boshimni qo‘yib, ideyalarimni gapirib bersam, birgalikda azgina bo‘lsayam fikrlarim boyirmidi, deb orzular qildim. Hozir bemalolroq-ku, avvalgidek ishlari ko‘p emasdir, vaqti bordir, deb qayta-qayta o‘yladim sizni, jonim. Faqat, qattan qidirishni bilmayman. Shuning uchun o‘zimda yo‘q sevinib ketdim feysbukda ko‘rib. Hatto, kimlardir sezib qolishi ham esga kelmabdi – ochiqchasiga telefoningizni so‘rabman suyunib ketganimdan. Oldinlari siz bilan jiddiy mavzularda suhbatlashishdan qochardim. Tenglasholmasdim-da. Endi bahslashadigan, birga ijod qiladigan odamga muhtojman, yetib keldim shu holatga. Bir kuni deng, “Dartanyan”ni ko‘rvotuvdim. Yig‘lab ko‘rvotuvdim. Vatani uchun sevgisini ham bir umr pinhona saqlaydi: davlatning butun og‘irligi yelkasida turgani uchun, Vatan oldidagi burch uchun shunday qiladi, chidaydi. Shunaqa bo‘lishi mumkin-ku hozir ham. Ana shunday ta’sirli film yaratishni o‘ylayman. Mening fikrimcha, san’atkor degani, aktyor degani xalqdan bir pog‘ona yuqorida yurishi kerak. Ichidagilarni ochib ko‘rsatishga haqqi yo‘q. Ko‘rganmisiz, yo‘qmi, ikki-uchta kinoda chiqdim. Har xil rollarni o‘ynashga to‘g‘ri keldi. Sidqidildan, berilib o‘ynadim. Bo‘ynimga olishdan oldin har tomonlama o‘rganib chiqdim bo‘lg‘usi qiyofalarimni. Qo‘limdan keladigan bo‘lsa oldim, ko‘zim yetmaganlarini esa asosiy rol bo‘lsa ham o‘ynamadim – rad qildim. Aktyorni har kuni ekranga chiqishi emas, oyda bir marta bo‘lsa hamki esdan chiqmaydigan roli odamlarga ta’sir qiladi, obro‘ olib keladi. Kichkina tajribada ko‘rdim shuni. Hozir-chi, qatga borsam yurib bo‘lmaydi, odamlar o‘rab olib, yeb qo‘yaman, deydi! Farg‘onaga bordik. O‘sha yoqdayam sahnani odam bosib ketdi, ko‘chada yurolmayman: “Voy! Bu anovi-ku! O‘sha sizmi?!”. Do‘konga kiramizmi, kafegami, odamlar atrofimizni o‘rab oladi, rasmga tushaylik, deydi. Anav kun yig‘lavordim. Premera tugadi. Sahnada tursam, qar-ri bir kampir, bitta so‘lib qolgan kichkinagina gulni opkevotti-de! Sahnaga chiqolmayapti. Bolam, deydi, man Chimkentdan keldim, sani judayam yaxshi ko‘raman, deydi. Mana shu gulni san olgin, so‘lib qolgan demagin, deydi-de! Voy, o‘shatta-chi, yig‘lashimni ko‘rsangiz, haligi kampirni mahkam quchoqlab oldim. Boshqalaram kelib gul beryapti, quchoqlayapti. Oyim, hay-hay, qochinglar, bolamni bir balo qip qo‘yasilar-ku, deb kuymanadi. O‘rab olishgan-de, oyim opchiqib ketolmavotti. Buning ustiga yupqa kiyimdaman, sovuq. Tishim takillaydi, muzlab qolganman. Tikka turib rasmga tushvomman hali u bilan, hali bu bilan. Oyim bo‘lsalar, voy-e, bo‘ldi, nari turinglar, bolamni kasal qip qo‘yasilar, deb mehribonchilik qiladilar. Oyijon, jim turing, jim turing, deyman, bular muxlislarim, bu darajaga kelishning o‘zi bo‘lmagan, jim turing devomman, deb yozg‘iraman, oyimlar tushunmaydilar. Bittasi sal balandroq gapirsa, sani nega jerkiydi, deydi. Qo‘lini uzatsa, hey bola, siltalama, deydi. Oyi, unaqa qilmang, mumkinmas, menga mumkinmas, deyman. Xay-xo‘p, deydilar-u, odamlarning shovqin-suroniga qarab yana mehribonchiligi qo‘ziydi. Men muzlab qolgan esam-da, shundoq turishda jon berishga roziman. Odamlarning e’tibori, hurmati, muhabbatidan ulug‘ narsa bormi dunyoda!
Yana bir kun undan ham qiziq bo‘lgan.
Saylda yuribmiz. Shaharning eng katta bog‘i sayr qiluvchilar bilan to‘lgan. Shahar atrofidagi qishloqlardan, institut va maktablardan kelganlarning sanog‘i yo‘q. Dugonam bilan gurunglashib ketayotgan edik, ro‘paramizdan kelayotgan bir to‘p ayollardan bittasi menga shundoq qaradi-da, atayin eshittiradigan qilib: “Shu xotinni jinimdan battar yomon ko‘raman. Ketishini qaranglar, zahar-a, zahar”, desa bo‘ladimi! Bu ayolning gaplari xuddi boshimga gurzi bilan bir urgandek ta’sir qildi, qaltirab ketdim. Axir, uni tanimasam, umrimda ko‘rmagan bo‘lsam, qayerdandir kelib, bog‘da bayram qilib yurgan xotin nega bunaqa deydi?
– Nima devotti bu? – dedim dugonamga. – Nima, men arpasini xom o‘ribmanmi?!
– E, jinni, xursand bo‘lmaysanmi! – deydi dugonam sharaqlab kulib. – Odamlar ichiga shuncha kirib borganing katta yutuq-ku!
Xafa bo‘lishniyam, xursand bo‘lishniyam bilolmay turganimda:
– Binafsha, senga nima bo‘ldi? – deb so‘rab qoldi orqamizdan kelayotgan Sharof aka. Sharof Boboyor bor-ku, oq sochli, jingalak. Televizirda “Baxtiyor yoshlik”ni qilardi. Esladingizmi? Ha, mayli. Hozir bu muhim emas. Muhimi shuki, voqeani eshitgan Sharof aka, qani, yur-chi, dedi-da, meni haligi ayollarning oldiga yetaklab bordi.
– Opalar, bu qizni bekorga xafa qilibsiz. Bu qiz unaqa emas, roli shunaqa, – dedi hoziroq kechirim so‘ranglar, degan ohangda. Noqulay vaziyatga tushib qolgan ayollar bo‘lsa, yo‘q-yo‘q, biz heshtima demadik, shunchaki, kinoda ko‘rib… – deya duduqlanib qolishdi. Hammamiz baravariga kulib yubordik. Beg‘ubor kulgi hazil-huzulga ulandi. Rolingni ishonchli qilib o‘ynagansan, qani endi hamma artistlar senday obrazga jon kiritib yuborishsa, deyishdi ayollar.
Aytaversam, bunaqa kulgili voqealar son mingta. Barisi bir-biridan qiziq, ta’sirli. Hozir meni majlislarga, konferentsiyalarga taklif qilishadi. Lekin, bu izzat-ikromlar menga baland parvozning boshi – birinchi zinapoyasi bo‘lib qolishi kerak. Yulduz bo‘lib porlashim, hammani havasini keltirishim kerak. Albatta, ko‘zlaganimga yetaman, Xudo xohlasa. Studiyani shuning uchun ochdim, shuning uchun litsenziya oldim. Studiyamni nomiyam zo‘r: inglizchasiga “Bleyk kot”, ya’ni “Qora mushuk”. Ba’zilar bu nomni “Yulduz” deb o‘zgartir, deyishvotti. Shunaqa spektaklmi, asarmi bo‘lgan ekan. Men o‘qimaganman, ko‘rmaganman, bilmayman. Menga o‘zim qo‘ygan nom yoqadi. Sababi, mushukni har qanaqasiga tashlasang, oyog‘i bilan tushadi. Men ham, iloyim, xuddi mushukka o‘xshab, hamisha oyoqda turay, deb niyat qilganman. Qora rangning o‘zi esa judayam bogatiy. Bu yog‘ini so‘rasangiz, o‘zim ham bolaligimdan buyon qora rangni yaxshi ko‘raman. Qora mashina minaman, deb niyat qilganman. Qora kastum-shim salidniy ko‘rsatadi. Keyin, dushmanlarim, raqiblarim, meni ko‘rganda, xuddi qora mushukka duch kelgan odam uch marta orqasi bilan aylanib ketgandek, mendan hayiqsin, qo‘rqsin, degan ma’noda o‘zimcha shu nomni tanladim. Yana, mana bu manzarani ko‘z oldingizga keltiring: kino boshlandi. Qop-qora mushuk ekranga chiqib keladi-yu, ko‘zlari chiroqday charaqlab ochiladi, ingichka, uzun mo‘ylovi dikkayib, oppoq tishlari sadafday yaltiraydi va oldingi oyoqlari bilan ekranni tirnaydi… Tasavvur qiloldingizmi? Bu – hali hammasi, aniqrog‘i, eng oxirgisi emas. Kompyuterda har xil variantlarini ko‘rvomman. Ikki-uchta dizaynerga ko‘rsatdim. “Bleyk kot” Art media MChJ ustaviga o‘quv markaziyam kiritilgan. Men kino atrofida yurib, qanchadan-qancha aldanvotgan, sarson bo‘votgan qizlarni ko‘rvomman, keyin, qancha rasxod qilib, puliga kuyib qovotgan, adashib yurgan yoshlarni ko‘rvomman. Mumtoz Soliga o‘xshaydigan rejissyorlar, qo‘pol qilib aytganda, kinoni haramxona qilvolishgan, ko‘rib yurdim-ku, hammasini. Hali yo‘lini topolmay, dovdirab yurgan yoshlarda, kinoga tushish uchun ana shu “haramxona” xo‘jayinlariga uchrashmasa bo‘lmaydi, degan tushuncha bor. Viloyatlardan keladi, olis qishloqlardan keladi va o‘sha imonsizlar qo‘liga tushadi. Tushunvossizmi?
Mening o‘quv markazim kino olamiga birinchi qadamini qo‘ygan yoki qo‘yish ishtiyoqidagi yoshlarga ham dars beradi, ham ularni asrab-avaylaydi, o‘sishiga imkon yaratadi. Aktyorlik, rejissyorlik mahoratidan, ritmikadan, vokaldan dars o‘tamiz. O‘qishga institutlardan mutaxassislar chaqiraman. Vokal bo‘yicha konservatoriyadan, ritmika bo‘yicha xoreografiyadan, mahorat bo‘yicha teatralniydan. Shartnoma asosida maosh tayinlaymiz. O‘qitishdan tushgan mablag‘dan nalog to‘laymiz. O‘qishga ingliz tiliniyam qo‘shmoqchiman. Bu tilni puxta egallash, xorijlik mashhur adiblarning ayrim asarlari asosida ingliz tilida filmlar yaratishda asqotadi. Misol uchun, Shekspirning “Qirol Lir”i. Dunyoni necha asrlardan beri hayratga solib kelayotgan bu asar o‘zbek sahnasida ingliz tilida qo‘yib turilibdi. O‘zbekistonga kelgan xorijlik mehmonlar hayajonda… Yoki, deylik, o‘zbek kinostudiyasida ingliz tilida suratga olingan bu asar Buyuk Britaniya kino zallarida namoyish qilinmoqda. Inglizlar hayratda… Bo‘lishi mumkin-ku! Bizlarning yoshlar bag‘oyat salohiyatli, qilaman, desa qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q. To‘g‘rimi?
– Muhimi, niyat pok, baland bo‘lishi kerak, – dedi Botir. – Ammo, moliyaviy masalada juda-juda hushyor, tejamkor bo‘l, – o‘ylanqirab davom etdi. – G‘arb nega boy? Chunki tejamkor! Chiroqni koridorga kirganda yoqsang, koridor oxiriga borganda o‘zi o‘chadi. Xitoyda eshikdan kirsang, chiroq yonadi, chiqsang, o‘chadi. Bizning tabiatimiz boy. Lekin tejashni, pul sanashni bilmaymiz. Odam degan bir joyga bilib, ishonib pul tikdimi, har tiyinni miridan sirigacha hisoblab sarflamasa, kuyadi.
– U yog‘idan ko‘nglim to‘q. Bug‘alterim qilni qirq yoradigan. Men kuchli senariy­dan boshqasiga muhtoj emasman. Qiynalvotganim, senariyni ko‘nglimdagidaqa qilib yozib beradigan odam yo‘q. Ishonasizmi, ko‘p kinolarni ko‘rib o‘tirib, rejessyor nima demoqchiligini tushunmay, jahlim chiqadi. Rejissyor degani kinoekran orqali tomoshabinga gapiradi, ichidagi dardini chiqaradi, nima demoqchiligini bildiradi. Qaysi mavzudaligidan qat’i nazar, har bir kinoda muhim tarbiyaviy qimmatga ega bo‘lgan mazmun bo‘lishi shart. Hozirgi kinolarning aksariyati chala tug‘ilgan uloqchaga o‘xshaydi – tushunib bo‘lmaydi rejissyorning maqsadini. Kino bo‘lganidan keyin odamlarni titratsin, o‘yga toldirsin-de. Men ana shunday “chala”lar qatorida bo‘lib qolmoqchi emasman. Ikki-uchta ideyam bor. Eng zo‘ri – “Ovsinlar”. Qisqa mazmuni bunday: to‘rtta ovsin bo‘ladi. Yo‘q, mazmunidan avval, nima demoqchiligimni tushuntiray. Sir emas, hozir yosh oilalar orasida ajralish ko‘p. Biz ko‘pincha buning sababini yoshlarning o‘zlaridan qidiramiz, topganday bo‘lamiz va o‘zimizcha turli maslahatlar berishga shoshilamiz. Aslida kasalning ildizi xuddi chirigan tishning tomiriga o‘xshab, juda chuqur. Kasal tishning tomiri sug‘urib olinmas ekan, og‘riq tugamaydi. Bundoq opqaraganda, farzandlarimiz – o‘g‘ildir-qizdir – barisi farzand. Lekin, qizlarning tarbiyasi hozir boshqacha e’tibor talab qiladi. Qizimiz boshqa joyga borib tushganidan keyin, o‘sha oilani parokanda qilvorishi yoki parokandalik arafasida turgan xo‘jalikni qayta butlashi mumkin. Agar qaynona namunali qaynona bo‘ladigan bo‘lsa, yosh kelin uning izidan ketib, ro‘zg‘or tutishni, sabr-toqatli bo‘lishni o‘rganadi. Buning uchun, avvalo, kattalarning o‘zlari tarbiyali bo‘lishi zarur. Onasini ko‘rgin-da, qizini ol, degan maqolning ma’nosi shu. To‘g‘rimi? Qaynona-kelinlarni televizirda har kun ko‘rsatishadi. Sevgi-muhabbat haqida kinolar tiqilib yotibdi. Lekin, ovsinlar haqida heshtima yo‘q. Aynan ovsinlar haqida yo‘q. Bo‘lgan, bir paytlar komediya janrida “Kelinlar qo‘zg‘oloni” bo‘lgan. Lekin u, takoy, boshqacharoq, aynan ovsinlar to‘g‘risida emas. Mening kinoim imenni ovsinlar haqida. Mening kinoyim komediya emas, o‘ta jiddiy…
Botir “Bog‘izag‘on”dan quymoqchi bo‘lgan edi, Binafsha “yo‘q” degandek, kaftini qadah ustiga qo‘ydi.
– Nima istayotganimni tushuntiroldimmi? – so‘radi ayol Botirning ko‘zlariga sinchkov tikilib. Va ketma-ket savollarga ko‘mib tashladi: – Bildingizmi manga nima uchun kerakligingizni? Nimadir qo‘shimcha kirita olasizmi hozir aytganlarimga? Ikki yorti – bir butun bo‘lib, ko‘nglimdagiday chiroyli narsa chiqara olamizmi? Man kimningdir ishiga o‘xshab qolishini xohlamayman. Qochishga harakat qivomman unaqa narsalardan. Hayotda ko‘rgan narsam bo‘lsayam, avval shu mavzu ishlangan bo‘lsa, undan qochishga harakat qivomman. Opam bergan yigirma besh million bekor yotipti. Yetti oydan beri yotipti. Ertaga men ozgina bo‘lsayam, yoniga qo‘shib qaytarishim kerak. Yoqub To‘rayev bilan yomon urishdim. Tanisangiz kerak, ancha tilga tushgan kinorejissyor.
– Betamiz odam.
– Bilarkansiz. Yomon iflos kishi ekan. Binafshaxon, juda aqlli ayolsan, yaxshi ayolsan, go‘zal ayolsan, deydi, yo‘q demay, man bilan pastelda bo‘lsang, o‘zim sani zvezda qilaman… Voy savil-ey, men to‘g‘rimda hali shunday fikrdamisiz, dedim ensa qotirib, bilmasangiz, bilib qo‘ying, men allaqachonlar zvezda bo‘lib bo‘lganman, huv o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshli paytlarim aytsangiz, ishonardim bu cho‘pchaklaringizga, xo‘pmi? Siz esa necha yillar oldin sharmanda bo‘lib bo‘lgansiz butun dunyoga. Ishlagan yengil-elpi kinolaringiz bilan allaqachonlar qolib bo‘lgansiz el nazaridan, tushunarlimi, dedim. Endi bu muloyimxunuk ham men bilan yoqalashadi, deb tursam, sani yo‘ling yomonmas, ammo, san bilan hech kim ishlamaydi-da, deydi irjayib. Gapi rost. Hozir naqdsiz hech nima qilolmaysan. Lekin, o‘sha joyda sizga o‘xshagan aperist emasman, mana, mani bug‘altirim bor, firmam bor, studiyam bor, demasam, yutqazgan hisoblanaman. Xotyabi, xarajatlarning yarmi vedomost orqali o‘tadi, dedim. Hamma ish qonuniy bo‘ladi. Shartnoma asosida pul to‘layman. Sizda-chi, hammayoq o‘g‘rilik, davlatni aldash, bir kunmas-bir kun o‘g‘ri sichqonday qopqonga tushasiz, desam, sening havoyi shartlaringga ko‘nadigan aktyor osmonda, deb ustimdan kuldi. Bilaman, ko‘p studiyalar shu yo‘lda ishlaydi. Menga to‘g‘ri kelmaydi. Hech bo‘lmaganda yarmini qonuniy yo‘l bilan rasmiylashtirish kerak, deb hisoblayman. Sababi, Muxtorxo‘ja bilan ishlaganimizda, kinosiga kuyovimdan olib, ancha tikdim. Kassadan chiqarib beraman, deganiga ishonib shunday qildim. Keyin, mundoq qarasam, pul tikkanlar oldin uchta, sal o‘tmay to‘rtta bo‘lib ketdi. Hammasi buxorolik. Muxtorxo‘ja qing‘irliklari uchun qamalib ham chiqdi, xabaringiz bordir. Surxondaryoliklarni uxlatdi, bir opani shildi. Taylandda kino qip kelaman, deb o‘sha opani nechchi milliyonlarga kuydirdi. Opa prokuraturaga yozvordi. Undan oldin mani uxlatmoqchi bo‘luvdi. Lekin men haqqimni qo‘ymadim. Dokansa olishdim. Ular boshqa produsser topishga majbur bo‘lishdi. O‘sha produsser pulimni qaytarib berdi, va ana shundan keyin premera qildi. O‘shangacha qo‘ymadim. Mani butunlay chetga chiqarvorishdi-de, noinsoflar. Boshida yetadi shu puling deganlar, kinoning yarmidan oshganda qo‘shgan mablag‘ing tugadi, endi damingni olib tur, kassani kutasan, kassadan tushgandan keyin raschet qilamiz, deb haydaganday surib tashlashdi. Boshqasini opkelishdi. I-e, dedim, olti oy ishlaganim-chi, kinoda ham aktrisa, ham ikkinchi rejissyor, ham direktor, ham rejissyor yordamchisi bo‘lib ishlagan bo‘lsam. Na bannerda ismim bor, na boshqasida. Avvalida menga shunaqa va’dalar berishganki, produsser Binafsha Boltayeva deb yozamiz, deyishgan. Men ularga ishonib, intervyular berganman. Qarindosh-urug‘larga aytganman.
Kino taqdimoti yaqinlashyapti, taklifnomalar tarqatilyapti, qarasam, menga bittayam taklifnoma berishmoqchi emas. Bu yoqda ko‘pchilik so‘raydi, kinongni qachon ko‘ramiz, deydi. Haligi va’dalarga ishonib, orzu-havas qilib, maqtanib, hammayoqqa ovoza qivorganman-ku! Kinoga produsserlik qivomman, rol o‘ynavomman, deganmanmi? Hamma kutvottimi – qarindosh-urug‘larim – ves Toshkent! Keyin yuzta qarindoshni olib, kinozalga borsam, hech vaqo yo‘q. Sharmandam chiqdi.
Voy, uyda o‘tirib-chi, alamimdan rosa yig‘ladim. Xudoga nolalar qildim gunohim nima, deb. Bu sinov ham hali kam ekan. Bir kuni deng, o‘zimdan o‘n yosh kichkina bir yigitcha, g‘irt yetimman, deb oldimga keldi, yig‘lamsirab, opa, bir ish boshlovdim, yarmida mablag‘ tugab qoldi, tanish-bilishlaringiz bo‘lsa, yordam bervoring, kinoni bitirvolaylik, foydasigayam ellikka-ellik o‘tirasiz, asosiy rollardan biriyam sizga – o‘zingiz ijro etasiz, dedi. Men tentak laqqa tushibman!
Onam rakdan o‘lgan, otasiz katta bo‘ldim, sag‘irman, deganiga ichim achib, yelib-yugurib, kim-kimlarga yolvorib, o‘sha isqirtga sponsor topib beribman. Ishni savobdan boshlay, yetim ekan, deb pissabillo, rahmim kelib, astoydil yordam berib yursam, u isqirt orqamdan, bu qiz menga kampot bo‘p qolgan, mani ustimda o‘lib qoladi, mani sevib qolgan, dermish. Eshitib-chi, tepa sochim tikkayib ketdi. Yetim bola asrasang, og‘zi burning qon bo‘ladi, deb bekorga aytishmas ekan, dedim-u, qattiq urishdim. O‘shanda ular mani padvalga surib tashlamoqchi edi, lekin, Xudoyimning o‘zi mani shundog‘ yuzaga opchiqib qo‘ydi. Tepada yana o‘zgarishlar bo‘lib, kompaniyaga yangi rahbar kelgan ekan, bugun-erta premera bo‘lish kerak bo‘lgan paytda, haligilarning grifini qaytarib opqo‘yishdi. Kinofikatsiyadagilar bu kinoni Binafshaxon qilgan, degan o‘yda yugurib kelib, rahbarning yoniga boshlab borishdi meni. Xudoyimni mehribonchiligini qarangki, qirq sakkizta zamechaniye bilan bo‘lmaydiga chiqarishgan ekan ularning kinosini. Bo‘lib o‘tgan voqealarni gapirib bergan edim, man o‘zim ham ularga bir senariy yozib berib, pulini ololmaganman, siz ham tushibsiz-da, deb qoldi rahbar. Rosa aferist odamlar ekan, lo‘li ekan, desam, yo‘q, zamechaniyelarni tuzatishsin, hammasini joy-joyiga qo‘yamiz, deb ko‘nglimni ko‘tardi. Zo‘r kishi ekan, aytganini qildi, kinoniyam pishitishdi, pulimniyam berishdi, nomimniyam chiqarishdi. Taqdimot shunaqa zo‘r bo‘ldiki, vidiyosini ko‘rsataman hali sizga. Shunaqa buket gullar! Bannerni boshqatdan chiqartirdim, kechasi bilan rasmimni qo‘yib, produsser falonchi deb yozdirdim, taklifnomalar ham boshqatdan chiqarildi. Taklifnomalarni kechasi bilan yurib tarqatib chiqdim. Bir kunda Xudo mani shunaqa yuzaga opchiqib qo‘ydi-da, jonim. Sahnada turibman, ko‘rsangiz, yig‘lavomman-yig‘lavomman, yosh tugamaydi, o‘zimni bosolmayman. Axir, yana sharmanda bo‘lsam nima bo‘ladi, halol-pok ishladim, yetimni padderjka qildim, birovlardan qarz opkeldim, bu yog‘i nima bo‘ladi, degan adoqsiz tashvishlardan qutilvomman-de! Tanishtirish boshlandi, Muxtorxo‘ja alohida tanishtirvotti ja oborib, kiftini keltirib. Biz ham unga chopon kiygizvommiz bo‘sh kelmay. Keyin ko‘rsangiz, qarindosh-urug‘im shunaqa yaxshi ko‘rarkanmi, bilmayman, ellikdan ko‘p buket opchiqishsa-de! Buketlar, uje, quchog‘imga sig‘maydi, yerga qo‘ydim. Muxtorxo‘ja kel, Binafsha, devotti, buketlar yerda yotipti, ularni hatlab sahnaning oldinrog‘iga chiqvomman, buket shunaqa ko‘pki, gilam, deysiz, gilam! Hamma qarab turibdi. Yonib ketvotti raqiblarim. Ularning oldida bittayam gul yo‘q – qup-quruq. Sahnada-chi, butunlay qo‘llab-quvvatlab tashladi-de yaqinlarim, muxlislarim.
– Halol bo‘lsang, bir kunmas-bir kun, albatta, yuzaga chiqasan, degani shu! – chin yurakdan olqishladi Botir.
– Rahmat, – deb astoydil minnatdorlik bildirdi Binafsha ham. – Meni aldab, vaqtim, pulim, kuchim sarf bo‘lgan kinoni uch oy prokat qilib bo‘lganidan keyin ham menga bir tiyin berishni o‘zlariga ep ko‘rmagan boshqa hamkorlarimda ko‘rdim nohalollikning oxiri nima bilan tugashini, – ilhomlanib davom etdi ayol. – Shartimiz bo‘yicha, naqd pul berisholmasa, xotyabi ikki viloyatda kinoni prokat qilish uchun menga berishlari lozim edi. Lekin ular va’dada turishmadi. Zato, keyin, ikkitasi bir-birining ko‘zini o‘ygan, urishib, boshini yorib, balnisalarga tushib, pulniyam chiqarisholmay, rastrata bo‘lib, dabdalasi chiqib ketdi. Norozilik bilan boshlangan ish kasod bilan yakuniga yetdi. Keyin allaqayoqlardan, aniqrog‘i, bir boyvuchcha ayolni avrab, undan yigirmami, o‘ttiz mingmi dollar olib, yangi kino boshlashdi. Malayziyaga borib, s’yomkalar qipkelishdi. Bir yildan oshdi shu harakatning boshlashganiga, kinodan darak yo‘q. Opani kuydirib o‘tirishibdi. Axir, bizneschi ayol o‘sha pulni abarot qilsa, qancha ko‘payib ketardi! O‘sha opani uchratib qoldim bir kuni. Hasratidan tutun chiqyapti. Yaramaslar, pulni olgani kamdek, opani prokuraturaga bervorishibdi. Prokuror chaqirib, tergov qilibdi opa, shuncha pul tikibsiz, bu pullarni qattan oldingiz, deb. Erta bir kun ana shunaqa o‘yinlar bo‘lmasligi uchun man ofis ochdim, yuridicheskiy litso – studiya tashkil qildim. Bunday aldam-qaldamliklarni umri qisqaligini ko‘rib turib, noqonuniy ishga qo‘l urib bo‘ladimi? Shunday ishlayki, hammasi oldimga kelsin, dedim. Qolgan studiyalar ham bugun bo‘lmasa ertaga, baribir shu yo‘lga o‘tadi. Rost-da, erta bir kun proverka kelsa, men noqonuniy ishlayotgan bo‘lsam, nima deyman? Ammo bitta men to‘g‘ri ishlaganim bilan kasal tuzaladimi? Yo‘q, aksincha, aktyorlar menga kelmay, naqd beradiganlarga og‘ib ketadi. Xo‘sh, unda nima qilish kerak? Kutib o‘tirishim kerakmi vayron bo‘lishimni? Bor-e, nima bo‘lsa-bo‘lar, dedim-da, kompaniya raisiga bordim. Men qonuniy ishlayman, lekin boshqalar nega qonunni buzyapti, kimning oldiga borsang, besh ming-olti ming naqdidan keladi. Biz bu yerda nalog to‘laymiz, kiyintiramiz, yedirib-ichiramiz-u, nega ular nalog to‘lamaydi, dedim. Bizda aktyorlarning hammasi INN bilan, pasporti bilan kelib ishlaydi, ishlagan ishiga qarab haq oladi. Lekin, barcha aktyor ham rozi bo‘layotgani yo‘q bu shartlarga. Ko‘pchiligi naqdiga o‘rgangan, bu masalani tartibga solib beringlar, dedim. Yangi rahbar qattiq oldi. Studiyalar-chi, uje pitir-pitir qilib, orqasini tozalashga tushib ketdi. Oldinlari unaqa emasdi-da! Ko‘chadan bitta boyvachcha kelib pul tikardi, naqdi bilan ishlanardi, rejissyor cho‘ntakka urardi. Kino tayyor bo‘lgach, biror studiyaga borardi-da, oka, bizzi kino tayyor, sizni studiyangiz nomidan chiqarvommiz, o‘n besh foyizi sizniki, derdi.
– Hech kim tekshirmasmidi? – hayron bo‘lib savol tashladi Botir. U, garchand, ijodkorlar qavmiga mansub odam esa-da, kino olamidagi bunday mashmashalarni yaxshi bilmasdi.
– Kim tekshiradi? Tekshiruvchilarning og‘zi moylangan bo‘lsa. Undan keyin bironta kinoteatr rahbari bilan gaplashilardi-da, kino qo‘yilib, tushgan pulning bir bo‘lagi kinoteatrda qolsa, qolgani obnal yo‘li bilan yechib olinardi. Bo‘ldi, tamom. Man bu yo‘ldan yurolmayman. Dalshe ketishim kerak, noldan boshlavommanmi, avtorimga buncha, rejissyorimga buncha, aktyorimga buncha, ozvuchkaga, montajniyga va hokazoga buncha, deb dogovor tuzvommanmi, demak, manda faqat perechesleniyega ishlanadi, naqd pul ishlatilmaydi, deb ahd qildim. To‘g‘ri, baribir naqd pul kerak. Barini naqdsiz qilolmaysiz. Chunki, slishkim qonuniy ishlasangiz, slishkim kotta nalog to‘lavorasiz, judayam kotta. O‘shanichun hech bo‘lmasa yarmini qog‘ozda, qolganini naqd berishdan boshqa chora yo‘q. – Binafsha Botirga qarab bir nafas o‘ylaninqirab turdi. – Yana mavzudan chetlab ketdimmi deyman? – dedi sanchqini taqsimchadagi sovub qolgan go‘shtga sancha turib. – O‘shanga endi mana shu senariyni qilishim kerak. Ideyam yoqdimi o‘zi sizga? Nimaga indamay, anqayib o‘tiribsiz?
– Anqayganim yo‘q, seni taniyolmay, hayron qolib o‘tibman. Ikki terak bo‘yi o‘sib ketibsan. Men bilgan sodda, sho‘x qizdan uvoq ham qolmabdi, – Botir yana nimadir demoqchi edi, Binafsha qo‘ymadi:
– Maqtasam, yoqadi, deb ovora bo‘lmang, – dedi suhbatdoshining so‘zlaridan erib turgan bo‘lsa ham yasama kamtarlik bilan. – Olqishingiz emas, ko‘magingiz zarur, ko‘magingiz.
– Senariyingni birorta qoralamasi bormi?
– Bor. Bir emas, bir nechta, – javob berdi ayol. – Lekin bittasiyam ko‘nglimdagiday emas, – Binafsha bir luqma go‘shtni og‘ziga soldi. – Dastavval ikkita qiz keldi, – mayda chaynay-chaynay davom etdi. – Tushuntirdim, gapirib berdim. Indamay eshitib o‘tirishdi. Keyin, senariy yozish happak o‘ynash yoki kashta tikish emas, juda og‘ir, murakkab, deb ancha-muncha notatsiya o‘qishdi. Aytganingizday bo‘ladi, faqat narxini ko‘tarasiz, degan talab qo‘yishdi. Agar senariy ko‘nglimdagiday chiqsa, sizlarni sira xafa qilmayman, dedim men.
Ular-chi, avval ham kinolar qilgan ekanu, lekin yengilning ostidan, og‘irning ustidan yurishga o‘rganib qolishgan ekan. Yozganlarini o‘qib ko‘rsam, o‘zim aytgan gaplarni oqizmay-tomizmay – shundayligicha qog‘ozga tushirib kelishibdi. O‘zlaridan bir og‘iz gap yo‘q. Yana tag‘in deng, o‘zmirlik qilib, men bilan rosa sporlashishdi. Bo‘lmaydi, deb uzil-kesil norozilik bildirganimdan keyingina, uch kundan so‘ng cho‘tkiy qilib kelamiz, deb ketishdi. Men labzli odamni yaxshi ko‘raman. Uch kun deganlar, o‘n kundan so‘ng opkelishdi. Shundayam o‘zim so‘rab, qichayverganimdan keyin. O‘qidim. Yana o‘sha-o‘sha. Tuzatamiz, deb yana ikki hafta yo‘q bo‘lib ketishdi. Telefon qilaman, srochniy topshiriq bo‘p qoldi, shuni bajarish bilan ovoramiz, tashvishlanmang hadeb, deyishadi. Bir “topshiriq” tugar-tugamas, boshqasi chiqadi. Shu zaylda hadeb u yoqqa – bu yoqqa ketib qolaverishdi. Internetda sayti bor edi ularning. Oxiri, saytiga kirib, senariyni o‘qib ko‘rsam, tag‘in o‘sha: xo‘jaali – alixo‘ja – o‘zim aytganlarim qandoq bo‘lsa, shundoqligicha turibdi. E, qizlar, unaqa bo‘lmaydi-da, uch oydan beri vaqtimni olasilar, bu sudrashlaring ishimizning beliga tepyapti-ku, desam, bir-ikki kunda heshtima qilmaydi, deydi pinagini buzmay. Ie, dedim jahlim chiqib, silar rezinka qilasilar-u, ishga ta’sir qilmaydimi? Bo‘pti, unaqada men gonoraringlani minus qilaman. Shunaqa desam, men bilan urishib, ketib qolishdi. Kichkina-kichkina qizlar, bittasi oppoqqina, blondinka, ko‘rsangiz tanisangiz ham kerak. Bittasi serraygan, bijildoq, bilimdonlik qiladi-yu, natija yo‘q. Falonmiz, pistonmiz, deb mullato‘rg‘ayning chug‘ur-chug‘uriday bijillaydi, natija – nol! Boshida, uch kunda yest qilamiz, deganlari uchun, kuniga uch yuzdan, ming dollarga gaplashilgan edi. O‘zinglardan qo‘shmaydigan bo‘lsanglar, o‘zim aytganlarimni qog‘ozga bitib keladigan bo‘lsanglar, unda, diktovat qilib, luboy sekretarshaga yozdiraman-qo‘yaman-da, ikki-uch ming so‘m berib, dedim-da, ularni bortini berivordim. Keyin, nima qilsam ekan, deb rosa o‘ylandim. Shundan boshlab qidiraman sizni. Juda kerak bo‘ldingiz. Siz yozuvchisiz-u. So‘z boyligingiz katta, keyin, menga ko‘proq igrovoy so‘zlar ham kerak, tushunvossizmi, qiziq-qiziq momentlarda ham unaqa, ham bunaqa ma’noda tushunsa bo‘ladigan so‘zlar bo‘ladi-yu! Bir yildan beri shu kino, shu senariy, shu narsa ichimda: qiynaydi, tinchlik bermaydi. Qizlardan ko‘nglim qolib, qo‘limni yuvib, qo‘ltiqqa artganimdan keyin, ancha-muncha tanilib qolgan Ilhom Jo‘ra degan yigit bor, kinolardayam o‘ynagan, “Omad”, “Baxtsiz ayol”, “To‘lqinlar” degan filmlarni olgan, o‘sha bilan gaplashib ko‘rdim. Fikrlarimni eshitib, Binafshaoy, qo‘lingizdan ish keladiganga o‘xshaydi. Balki, birga ishlarmiz keyinchalik. Faqat, hozir qo‘limda tugallanmagan bir ish bor, domlam qarib qolgan. Bir o‘zimga qiyin bo‘lyapti. Menga yordamchi bo‘lsangiz. Shu ish bitganidan keyin sizning masalangizga qaytsak, dedi. Xo‘p, deb, s’yomkasida qatnasha boshladim. Lekin, ish hali-veri yakuniga yetadigan emas, akam ko‘p o‘tiradi, ko‘p ichadi. Ba’zan uzzu kun ko‘rinmay ketadi. Ish bo‘lsa borgan sari cho‘zilib ketyapti. Tugatay tezroq, demaydi. Oka, deyman hushi joyidaligida yalinib, bizlarni yumush ham esingizdan chiqmasin, ora-chorada maslahatlashib, voqealarni bir tizimga tizib chiqaylik, yordam bering. Xo‘p, deydi, lekin natija bo‘lmaydi. Oxiri, bir kuni Xudo insof berdimi, milliy kino agentligida senariy yozadigan Foziljon degan bor, borib uchrash, yordam beradi, deb qoldi.
Foziljon degani kirpimo‘ylov, yarimkal, mug‘ambirona chimirilish bilan tirjayib turuvchi, yoshi elliklarga borib qolgan, miqti amaki ekan. Ko‘zim tushgan zahotiyoq bu nusxaning turqi uncha yoqmagan bo‘lsa ham, ishim tushib kelgani, ustiga-ustak Ilhom Jo‘raning maqtovi sabab, gumonlarni ichga yutib, bo‘lg‘usi kinomning syujetini ungayam gapirib berdim. Go‘zal, bag‘oyat go‘zal, dedi ko‘zlarini chaqnatib, senariyingiz deyarli tayyor ekan, Xudo xohlasa, ikki-uch kunda, lab-lunjini to‘g‘rilab, qosh-ko‘ziga o‘smayu surma qo‘yib deganday, a, quling o‘rgulsin qilib taxlab tashlaymiz. Lekin, bir marta eshitish bilan mukammal asar yaratish mushkulligini bilsangiz kerak, albatta. Xoliroq yerdami, tabiat quchog‘idami, o‘tirib, yashil maysalar ustida cho‘zilib, to‘lqinlanib chaqchaqlashib olishimiz kerakmi deyman-da, nima dedingiz?
Qarasam, amaki o‘lgurning ko‘zlari ilonday hammayog‘imga suykalanib, timirskalanib yotibdi. Siz ishni boshlayvering, men birovlarning mehnatini oyog‘osti qiladigan nomardlardan emasman, qancha desangiz topib beraman, dedim vaziyatni chigallashtirmaslik uchun yasama tabassum bilan. Qarasam, menga pulingiz emas, o‘zingiz keraksiz, azizam, deb qo‘lini cho‘zyapti. Menam shumlik qildim, hamma narsaning vaqti-soati bor, akajon, oldin yozing, yozganlaringizni o‘qib ko‘raylik, aytdim-ku sizga, meni nechtasi laqillatib ketdi, deb. Qo‘lni tashlang, dedi to‘lqinlanib ketgan amakijon lablarini yalab, ikki-uch kunda taxt bo‘ladi, uzog‘i bilan to‘rt kundan keyin, ikkovimiz oq tulporga mingashib, toqqa jo‘naymiz! Nima bo‘lgandayam ishim yurishib ketadiganday bo‘lganidan quvongan edim. Biroq bekor suyunganga o‘xshayman. Oradan besh kun o‘tgan bo‘lsa ham, ikki-uch kunda “taxlayman” degan odamdan dom-darak yo‘q. Topib, amaki, nima bo‘lyapti, deb so‘ray deyman. Ammo topib bo‘lmaydi. So‘rasang, hali u viloyatda, hali bu viloyatda – tutib bo‘lmaydi. Bir oy – o‘n besh kunlardan keyin xonasida tutib oldim. Bir mirilik ishdan darak yo‘g‘u, yopishmoqchi. Turqingdan it tishlasin, sen qari tulkini, dedim-da, chiqdim-ketdim.
Oxirgisini Faxri Ali degan yozuvchi bor-ku, o‘sha kishi qoralavotuvdi. Uyam anchadan beri jim. Tojiyev degan aktyor boru, ko‘p kinolarda ovoz bergan, teatrda ishlaydi, ko‘rsangiz taniysiz, ovozi kuchli, hozir kasal, tili ketib qolgan. O‘shaniyam topishim kerak, juda ko‘p o‘qigan, til boyligi katta. Senariy yozishdamas, iboralar ishlatishda yordami tegadi. Masalan, bunaqa joyi bor: oilaning hamma a’zolari dasturxon atrofida o‘tirishibdi. Ba’zilar o‘sha joyini o‘zgartiring, deyishvotti, eshiting-chi, siz nima derkansiz. Shunday qilib, mana bundog‘ joyda katta ovsin o‘tirgan bo‘lsa, yonida uning eri o‘tiribdi. Keyin ovsinlar, aka-ukalar, kichik ovsin eng oxirida. O‘yinqaroq ovsin ham shu yerda. O‘yinqaroq ovqat yevottiyu oyog‘i bilan ro‘parasidagi erining oyog‘i deb qaynog‘asining oyog‘iga teginib o‘tiribdi. Katta ovsin buni sezib qolib, o‘yinqaroqqa qaraydi. Keyin vilkasini shundoq tushurvoradi-da, haligini o‘yinqaroqning oyog‘iga tiqvoladi. Voy-voy, oyog‘imni birbalo chaqdi, deb yuboradi o‘yinqaroq. Ovsin, oyog‘ingizni yig‘ishtirib o‘tiring-de, deydi kattasi.
Eshikdan chiqvotgan paytda yana bir detal bor: ikki ovsin baravar kep qoladi. Kattasi epchillik bilan o‘yinqaroqning poyafzalini to‘g‘rilab qo‘ymoqchi bo‘lganda, opajon, qo‘ying, unaqa qilmang, deydi xijolat bo‘lib o‘yinqarog‘i. Katta ovsin mundoq qaraydi-da, kavushingizni to‘g‘rilab qo‘yay dedim-da, ovsinjon, deydi ilmoq bilan. Misol qilib aytvommanki, senariyga shunaqa o‘yvoladigan o‘tkir gaplar kerak.
Ayolning so‘zlaridan borgan sayin zavqi toshib borayotgan Botir qadahlarga yana qirmizi sharbat quydi. Binafsha qadahdan bir ho‘plab, yoqimli uf tortdi.
– Xomaki senariy bormi? – dedi Binafshaning hikoyasidan zavqi toshgan Botirning g‘ayrati qo‘zib. – Qo‘l-qo‘lni yuvadi, ikki qo‘l – betni, degan gapni eshitganmisan? Xudo quvvatlasa, ikki yorti bir butun bo‘lib, aytganingday kino qilamiz. Sen to‘yni boshlayver, bu yog‘idan ko‘ngling to‘q bo‘lsin.
Binafsha quloqlariga ishonmayotganday bir muddat unga tikilib turgach:
– Qoshing qora, ko‘zing qora, o‘z kuningga o‘zing yara, deb yana qochib ketib qolmaysizmi? – dedi Botirni xijil qiladigan ohangda, istehzoli boqib.
– Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi!
Qasamday eshitildi bu gaplar Binafshaning qulog‘iga. Baayni hurkitilgan qushday uchib turdi-yu, engashib Botirni o‘tirgan joyida mahkam quchoqlab oldi.
– Bilardim, shunday deyishingizni, bu ish faqat sizning qo‘lingizdan kelishini bilardim. Bilganim uchun qidirdim, izillab izladim siz qochoqjonni. Aylanib ketay sizdan, sizni menga ro‘para qilgan Xudoyimdan aylaniblar ketay!.. – Binafsha quvonchdan yig‘lamoqdan battar bo‘lib ketgandi. U hamon erkakni qo‘yib yubormas, Botir harir libos ortidagi bo‘liq siynalar ostida urib turgan yurak saslaridan mastu alast, xuddi qiz bolaning ko‘ksiga ilk marta bosh qo‘ygan o‘n sakkiz yashar yigitdek titranardi shu tobda. U joyidan turolmas, ayol qomati bilan bosib turar, bunday noyob lahzalarning hech qachon tugamasligini istardi.
– Gruzinlarni bitta kinosi bor, “Tundan tonggacha”mi, degan. Uchta aka-uka bo‘ladi. Bittasi yog‘ochdan odam yasaydi, ikkinchisi xo‘roz qichqirguncha unga libos tikadi, uchinchisi unga jon bag‘ishlaydi. Keyin bittasi unga quloq yasaydi, bittasi ko‘z qo‘yadi. Shunga o‘xshab, kinoyam komanda bilan dunyoga keladi. Hamma o‘zining hissasini qo‘shsa, asar mukammallashadi.
– Dahshatli kino qilamiz. Dunyoga mashhur odamga aylanasan! – entikib pichirladi Botir va egilib, Binafshaning momiq oyoqlariga ehtirosli lablarini bosdi.
Ko‘zlari chirt yumilgan ayol miq etmas, xinoli barmoqlar mayin-mayin taramoqda edi erkakning sochlarini.
– Yaqinda ajoyib bir ayol bilan tanishib qoldim, – dedi bir muddat shu zayl turishganidan keyin ayol stulgamas, erkakning tizzalariga o‘tirib. – Juda aqlli, bilimli. Luboy temadan boshlasangiz, davomini gapirib beryapti. Tarixni, ayniqsa, zo‘r bilarkan. Jud-dayam ko‘p kitob o‘qirkan-da. Havasim keldi. Siz Bibixonimni opchiqishingiz kerak, qaddi-qomatingiz, o‘zingizni tutishingiz malikalarnikiday. Agar qadimgidek shohona liboslarga o‘ralsangiz, Bibixonimning xuddi o‘zi bo‘lasiz-qo‘yasiz, deb ichimni qizdirdi. Tarixiy kinolar bizda oz. Koreyslarnikini, turklarnikini, hindlarnikini bilamiz, bizda yo‘q hisob. Mavlono, deb gapiraman unga ayol bo‘lsa ham, oti qiyinroq. Turmushga chiqmagan. Uchirma gaplarga, chertma gaplarga usta. Qo‘lidan kelgan yordamini birovdan ayamaydigan. Gaplashsangiz-chi, soddaligi, yigitday mardligi, fikrlashidagi kenglik, samimiyati… havasingiz keladi. Gaplarini eshitsam, onadan qayta tug‘ilganday bo‘laman. Qandaydir kuch, ilhom, ruh paydo bo‘ladi. Nimalardir qilgisi kelib ketadi odamni. Shunday olijanob insonlar ushlab turadi bu dunyoni, to‘g‘rimi?
– Juda to‘g‘ri, – o‘ylab o‘tirmay javob qaytardi Botir. – Dunyoni yaxshilar ushlab turadi. Yaxshi odamlar bo‘lmaganda, hammayoq allaqachonlar ostin-ustun bo‘lib ketardi.
– Men tarixni uncha bilmayman, bu temada birov bilan suhbatlashishga ham yaramayman. Lekin, Mavlononing taklifi haliyam ichimni qizitib yuribdi. Tarixiy kinolar oz-da, haqiqatan ham bizda. Tembole, Bibixonim to‘g‘risida. Xotyabi, dunyoga kelib, qarib-keksayganda eslaydigan narsa bo‘lishi kerak-ku odamda. Erta bir kun uquvsiz, epsiz, heshtimani uddasidan chiqolmaydigan noshud, deb orqamdan mazax-masxara qilishlariga o‘rin qoldirmasligim kerak. Men bormaganman, Qarshida Oqsaroy degan joy bor ekan, kinoning bir qismini o‘sha yerda olsa bo‘ladi, dedi Mavlono. Hatto, dekoratsiyalar ham tayyor ekan. “Sharq taronalari”da, men Bibixonimman, deb chiqib keladigan sahna bor. Demoqchimanki, kiyim-liboslar topish muammo emas, dedi u. Nuqsonsiz, shunday ishonch bilan gapiryaptiki, ochig‘i, rosa ishqim tushib qoldi Bibixonimga. Hatto, arxivlarga borib, ba’zi narsalarni o‘rgandim ham. Juda murakkab shaxs bo‘lgan ekan Bibixonim, uni o‘ynayman, deb sharmanda bo‘lib qolmaymanmi, dedim Mavlonoga. Gollivud To‘marisni olmoqchi, To‘marisni xorijlik o‘ynamoqchi, bu qanaqa sharmandagarchilik, dedi u tutab. Odam qilgan ishni odam qilolmaydimi? Qo‘rqmaslik kerak. Chiroyliksiz, aqlingiz yetarli, aktyor va rejisyorsiz ustiga-ustak. Yana nima kerak sizga, deb rosa koyidi. Qisqasi-chi, “Ovsinlar”ni tugatishim bilan Bibixonim ustida ishlayman. Olib chiqaman Xudo xohlasa, qo‘limdan keladi! – ayolning so‘zlarida shunday ishonch bor ediki, Botir xuddi qarshisida malika Bibixonim turgandek seskanib ketdi. Juvondagi o‘ziga, o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch unga ham yuqdi. Yangi orzu-umidlar bog‘iga kirib qolgandek g‘aroyib ehtiroslarga chulg‘andi. Ba’zi erkaklarda onda-sonda paydo bo‘ladigan shijoat paydo bo‘ldi. Yettinchi osmonga chiqib ketgandek seza boshladi bu ruhiy ko‘tarilishdan keyin o‘zini. Qanotlarini keng yozib baland cho‘qqida uchishga shaylanib turgan sor burgut shiddati ko‘pirib ketdi tomirlarida. Katta ishtiyoq bilan “dunyoni ushlab turadi…” degan odamlar qatorida o‘zi ham bo‘lgisi kelib ketdi. Ba’zan shunaqa fikrlar xayolingga keladiki, ularni birovga aytishgayam uyalasan kishi. Juvonning so‘zlari tamomila o‘zgartirib yuborgan edi uning bu ayol haqidagi keyingi fikru tasavvurlarini. Ayol tugul, uncha-muncha erkakniyam tan olmaydigan, bo‘lar-bo‘lmasga gerdayyavermasa ham zimdan o‘zini hammadan baland qo‘yishga o‘rganib qolgan odam, tabiatan ancha bosiq, vazmin bo‘lishiga qaramay, hozir ochiqdan-ochiq tan berib, Binafsha, mendan o‘zib ketibsan, deyishdan arang tiyildi. Yuzidagi jiddiylik ifodasini zo‘rg‘a tutib, g‘ayri-ixtiyoriy ravishda:
– Keladi, sani qo‘lingdan keladi! – deb yuborganini sezmay qoldi. – Qilmasa bo‘lmaydigan mavzu yo‘q! – qo‘shimcha qildi orqasidan. – Bibixonimniyam o‘ynaysan, To‘marisniyam!
Binafsha ham Binafshamas, go‘yo Bibixonimga aylanib qolgandek iftixor bilan joyidan turib ketdi. Sarvdek qomat, qordek oppoq yelkalarda yoyilib turgan tim qora zulf, yorilay-yorilay deb turgan Quva anoridek tarang ko‘kraklar, ishonuvchan va mehribon ko‘zlar, tabassum bilan cho‘g‘lanib turgan olboli lablar, yuzlardagi malohat… Tamomila maftun-mahliyo qilgulik edi har qanday yigitni. Tiyib bo‘lmas sirli bir istak olovday yondiraverdi Botirning jonu jahonini. Ammo, ayolning qiyofasida yana shunday go‘zal bir ichki salobat ham mavjlanib turardiki, hayiqish, cho‘chish, jur’atsizlik o‘g‘irlab qo‘ygandek edi undagi yovvoyi junbishni.
Bir mahallar mensimaydigan, aytganini qildiradigan odam hozir xuddi serg‘alva ummonda sherday pishqirib bir-birining ustiga bostirib kelayotgan ikkita qudratli to‘lqin o‘rtasiga tushib qolgan qayiqchaday ojiz sezar edi Binafshaning oldida o‘zini…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 11-son