Vadud Mahmud. Turkistonda mayxo‘rlik (1923)

Bo‘za, may va umuman kayf beradurg‘on ichkiliklarining zararli bo‘lishi to‘g‘risida so‘zlab o‘ltirish ortiqchadir. Uning qandayin zahri beomon ekani ilman sobitdir. Yaqinda butun Rusiya olimlarining Maskovda bo‘lub o‘tkan qurultoyi aqlsizlik-jinnilikning ichkilikka juda yaqin aloqada bo‘lganini isbot etdi.
Bu narsa Turkistonning butun shahar va qishloqlarig‘a yoyilg‘on. Hatto ba’zi bir ziyolilar va xotinlarig‘a hurriyat tarafdori bo‘lg‘on kimsalar o‘z oilalari bilan ham «rasman» ichishmakka boshlag‘onlar.
Ko‘p kishilar buning ko‘p ichilishini bilimsizlikdan, zararini tushunmaganlikdan keladir, deydilar. Lekin bu to‘g‘ri emas. Do‘xturlar ham tamaki va «alkagul»ning zararini juda yaxshi bilaturib, o‘zlarini shundan torta olmaydirlar. Bu, to‘g‘risi, tarbiyasizliqdan kelgandir. Bunday kishilar o‘zlarini idora eta olmaydurg‘on zotlardir. Bunga o‘rgangandan keyin qutulish qiyin.
«Turkiston» gazetining o‘tgan sonlaridan birida, Turkiston Xatq komissarlar sho‘rosining ko‘knori ekishni man qilib chiqarg‘on qarori yozildi. Biz buni ko‘rub xalqni zaharlaydurg‘on moddalardan birini kamaytirish va bitirish yo‘lig‘a kirishganligini ko‘rub juda sevindik va olqishladik. Bugun ichkilik to‘g‘risinda ham o‘z tovushimizni xalqning homiyi va murabbiyi bo‘lg‘an yuqori hukumat doiralariga eshitdirmakchimiz.
Ichkilik o‘zgarishdan keyin bir necha vaqtlar man qiling‘on bo‘lsa ham, «iqtisodiy-siyosat» bilan yana eski holig‘a qaytdi. Samogun va musallas pishirg‘uvchilar bilan kurash olib borg‘on bo‘lsa ham, ul ko‘p vaqt davom etmadi. Shundan keyin yana rivoj olib ketdi.
Mana bu kurashni to‘xtatmaslik kerak. Yuqori doiralarimizning, ayniqsa, bo‘lis va qishloq tashkilotlarining va xalqimizni madaniy hayotga yaqinlashtirmoq dardida bo‘lg‘on ishchilarimizning shu masalaga jiddiyroq qaramoqlarini o‘tinamiz.

Ushbu maqola «Turkiston» gazetasining 1923 yil 24 dekabr sonida e’lon qilingan.