Abdulla A’zam. Ishq sirrin notavonlardin so‘rung (2007)

Alisher Navoiy ijodida ishq eng muhim mavzulardan biridir. U ayniqsa shoirning odamzod va jamiyat to‘g‘risidagi qarashlari badiiy tarzda mujassam etilgan “Xamsa” asarining bosh maqsadini tashkil etadi:

Bo‘lmasa ishq, ikki jahon bo‘lmasin,
Ikki jahon demaki, jon bo‘lmasin.

Bizni bu maqolada mazkur mavzu bilan bog‘liq shunday savol qiziqtiradi: Navoiy hayotida sevgi, muhabbat qanday o‘rin tutgan? Shoir asarlarida, bizning nazarimizda, dunyoviy muhabbat bilan ilohiy (tasavvufiy) ishq o‘zaro singishib, bir butunlik (ya’ni, sintez) hosil qilgan. Misol uchun, Navoiyning mashhur “Pariyzodeki, mushkin zulfi jonim mustamand etmish” misrasi bilan boshlanadigan g‘azalini olaylik. U, ustoz adabiyotshunos A.Rustamov talqiniga ko‘ra, tasavvufiy ishq mavzusidadir (q. A.Rustamov. Adiblar odobidan adablar, “Ma’naviyat”, 2003). G‘azalning quyidagi baytiga shu nuqtai nazardan e’tibor beraylik:

Chekarga ishq otashgohiga devona ko‘nglumni,
Qazo har bir sharar torini
bir o‘tluq kaman d etmish.

(Navoiy g‘azallarida she’r unsurlari, chunonchi, vazn va qofiya mukammaldir. Ana shu xususiyatni tuyish, misollarni vaznga solib o‘qishni qulaylashtirish uchun maxsus belgilar qo‘llangan: o‘ta cho‘ziq hijo bir cho‘ziq va qisqa hijo hisobida kelgan hollar nuqta bilan, bir hijoning oxiridagi undosh keyingi hijoga ko‘chishi ostki chiziqcha bilan ko‘rsatiladi, ruknlar esa tik chiziqcha bilan ajratiladi.) Bu baytda ishq kalimasi Yaratgan visoliga intilish, uni qo‘msashni anglatadi. G‘azal Navoiyning keksalik davrida bitilgani ham shu xususda dalolat beradi. Shu bilan birga, uning so‘nggi baytiga diqqat qilsak, bu o‘rinda “pariyzod yor” inson zotiga mansubligini ko‘ramiz:

Navoiy, kech visol ummididinkim,
Haq seni behad
Zalilu zoru yoringni azizu
arjumand etmish.

Bir qarashda g‘azalda ishq talqini ziddiyatliday tuyuladi. (Shoir devonlarida bu kabi murakkab she’rlar nihoyatda ko‘pligini alohida ta’kidlash lozim.) Aslida esa, aksincha, har ikki talqin o‘rtasida chuqur muvofiqlik mavjud: Navoiy kuylagan e’tiqodda ilohiy ishqqa olib boruvchi yo‘l dunyoviy muhabbatdan boshlanib, ularning biri ikinchisining uzviy unsuridir va shu sababli dunyoviy muhabbatsiz oliy ishq bo‘lishi mumkin emas.
Ilohiy muhabbat yo‘lida nihoyatda yuksak mavqega ko‘tarilgan shoirning o‘zi bu yo‘lning ibtidosi bo‘lmish dunyoviy muhabbat bosqichini ham, hech shubhasiz, bosib o‘tgan. (Aslida ham insoniy muhabbat tuyg‘usini boshdan kechirmagan odam o‘rtamiyona shoir darajasiga yetolmasligi hayot tajribasidan yaxshi ma’lum.)
Yozma manbalarda Navoiyning muhabbat taqdiri to‘g‘risida amalda ma’lumot uchramaydi. Shoirning hayotdan toq o‘tishi (uning o‘z so‘zi bilan aytganda bekasligi) esa jumboq ustiga jumboq tug‘dirib, navoiyshunoslarni ham, muxlislarni ham o‘ylantirib, hozirgacha bu masalada turli taxmin, versiya va hatto mish-mishlarga sabab bo‘lib keladi.
Bu borada Navoiyning ijodini o‘rganishga asoslangan dalillar, ehtimol, to‘g‘riroq xulosaga olib kelsa kerak. Zotan, buyuk shoir hayotining tafsilotlarini, qalbidagi siru asrorni hech kim uning o‘zichalik yaxshi bilmagan.
Navoiyning “Xamsa”si, muhabbat mavzusidan bahs qilingan boshqa asarlari shoir umrining oxirgi choragida yozilgani, ungacha esa shoir ijodida g‘azal asosiy janrni tashkil etgani inobatga olinsa, mazkur muammo yuzasidan “Xazoyin ul-ma’noiy”ga murojaat qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Xullas, Navoiyning muhabbat taqdiri uning g‘azaliyotida to‘laroq aks etgan.
Alisherning o‘smirlik yillarini ko‘z oldimizga keltiraylik: tug‘ma nazmiy iste’dod sohibining qalbini ilk muhabbat ishg‘ol qilmasligi va bu tuyg‘u bilan bog‘liq kechinmalar g‘azallarda aks etmasligi mumkin edimi? Yo‘q, albatta. Aksincha, Navoiyning bu mavzudagi g‘azallariga hamda mantiqiy xulosalarga tayanib, Navoiyning ilk muhabbati favqulodda kuchli va ehtirosli bo‘lgan, deya olamiz. Misol uchun, beg‘ubor yoshlik zavqi ufurib turgan, mazmunan ko‘tarinki ruhdagi quyidagi g‘azalda bunga aniq ishora mavjud:

Ul parivashkim,
bo‘lubmen zoru sargardon anga,
Ishqidin olam manga
hayronu men hayron anga…

Nomayi shavqum ne nav’
ul oyg‘a yetgay, chunki men1
El otin o‘qur hasaddin
yozmadim unvon anga…2

Istamish bulbul vafo guldin,
magarkim joladin3
Bag‘ri qotmish g‘unchaning —
baskim erur xandon anga.

Qilmag‘on jonin fido
jonong‘a yetmas, der emish,
Ey Navoiy, ushbu so‘z birla
fido yuz jon anga.

(1Noma — maktub; 2unvon — bu o‘rinda: adres; 3jola — yomg‘ir, sel.)

Navoiyning bolalik yillari ota-ona bag‘rida baxtiyor kechgani, ammo hali uylanish yoshiga yetmasdan turib taqdiri azal uni bir-biridan og‘irroq sinovlarga duchor etgani tarixiy manbalardan ma’lum. Ana shu alg‘ov-dalg‘ovlar oqibatida shoir muayyan sabablar bilan ayriliqqa yo‘liqqan. Bu ko‘rgulik yosh shoir o‘z homiysidan ham uzoqlashgan bir paytga to‘g‘ri kelgani ushbu g‘azalda aks etgan bo‘lsa kerak:

Char x ayirdi, tez etib
nolamni ham, ohimni ham,
Mehribon shohimni ham,
nomehribon mohimni ham.

Har kishi dilxohu
diljo‘yum edi, soldi yiroq1
Shohi diljo‘yumni, dog‘i
mohi dilxohimni ham…

Ay t mon shohimni
yo mohimni yetkur boshima,
Ham mahi g‘ofilvashimni,
shohi ogohimni ham.

Jonda shohim yodi,
ko‘nglum ichra mohim furqati,
Deng anga qulluq,
bu birga shay’alillohimni2 ham.

Ey falak, shohu mahim
sham’in ruhidin g‘am tuni
Yorutub uy, yo‘lg‘a keltur
baxti gumrohimni ham.

Ey Navoiy, shohim ayvonin,
mahim husnin ko‘rub,
Jon tarabgohimni3 topsa,
ko‘z nazargohimni ham.

(1Bu misradan g‘azal musofirlikda yozilgani ko‘rinadi. Diljo‘(y) — ko‘ngil so‘rovchi, dilxoh — ko‘ngil istagan; 2Shay’a(n)lilloh — bu o‘rinda: o‘tinch, yolborish. 3Tarab — shodlik.)
Navoiyning tarjimai holidan ma’lumki, ayni balog‘at yoshida (1456 — 1464 yillar oralig‘ida) ko‘proq Mashhadda yashashiga to‘g‘ri kelgan. Shoirning mahbubasi esa Hirotda qolgan bo‘lishi tabiiy. Shundan kelib chiqib, shoir sevgan qiz turmushga uzatib yuborilgan bo‘lsa kerak, deyish mumkin. Bu qay darajadadir ushbu g‘azalda aks etgan (“Ilk devon”da yo‘q, “Badoye’ ul-bidoya”ga kirgan):

Eyki avval qomating
vasfini shamshod ayladim,
Sarvi jannat bo‘lki,
emdi seni ozod ayladim.

Navoiy kimga qarata “seni ozod ayladim” deganini anglash qiyin emas. Taqdirning bu fojiasiga shoirning munosabati, ayniqsa, hayratlanarli:

O‘zgalarni davlati
vaslingda xush tut, chunki men
Xasta ko‘nglumni g‘ami
hijron bila shod ayladim.

Xo h sen yor o‘l manga,
xoh o‘zgalarning yori bo‘l,
Chun men o‘z ta’bimni
bekaslikka mu’tod ayladim.1

(1Bekas — yolg‘iz, toq; mu’tod — o‘zni tayyorlash, shaylanish, odat.)

So‘nggi misra Navoiyning toq o‘tish sababini ancha ravshan ochib bermoqda. Navbatdagi baytda uning keyingi ruhiy holati aks etgan:

Mujda ber, ey shayxkim,
tortib nadomat ohini,
Bulhavasliq juzvi
avroqini barbod ayladim.1

(1Bulhavaslik — havasmand, oshiqlik; juzvi avroq — varaq parchalari, bu o‘rinda: varaqday yirtib tashlangan.)

“Xazoyin ul-ma’oniy”da shayx ko‘proq riyokor va mutaassib sifatida tasvirlanadi. Keyingi baytda esa “shayx” ijobiy ma’noda tilga olinmoqda — bu o‘rinda shoir pir, murshid, maslahatchiga murojaat qilayotganiga shubha yo‘q. Taqdirga tan berib, mahbubasini “ozod etgan” va unga saodat tilab duo qilgan Navoiy najot niyozini tariqat tomon burgan bo‘lsa ajab emas:

Necha men mahrum o‘lub,
bo‘lg‘ay anga mahram raqib,
Shukrkim, g‘ayrat tariyqin
oqibat yod ayladim.1

(1G‘ayrat tariyqi — sa’y-harakat yo‘lini tanlash.)

Ruhiyatdagi bunday burilish oson kechmagan, albatta. Bu g‘azalning yakuniy baytlarida yorqin ifodalangan:

Ul vafosiz ishqini
tark etmaguncha tinmadim,
Ne yamon soatda bu shum
ishni bunyod ayladim.

Ko‘rinib turibdiki, shoir qalbida o‘zi bilan kurash shiddatli kechgan, iztiroblar, ikkilanishlar uni qiynagan:

Ey Navoiy, hech bilmonkim,
unog‘aymu ko‘ngul —
Unga muncha ajnabiy
so‘zlarni irshod ayladim.1

(1Ajnabiy — bu o‘rinda: singmaydigan; irshod aylamak — bu yerda: demoq, buyurmoq ma’nosida.)

Naqadar samimiy e’tirof: “Ko‘nglim bu aytgan so‘zlarimga — bekaslikka shaylanish, odatlanish qaroriga ko‘nadimi yo yo‘qmi — bilmayman”.
Unutmaylikki, bu g‘azal bitilgan paytda Navoiy hali navqiron, qalbi orzu-havasga to‘la yoshda edi. Shu bois uning oshiq ko‘nglidagi muhabbat “cho‘g‘”i tez-tez qo‘zg‘alib, qaytadan alangalanib turgan bo‘lsa ajab emas. Masalan, quyidagi g‘azalda shoir o‘z ruhiy holatini bog‘dagi bulbulga qiyoslab bayon qiladi:

Yana, ey ishq, gul ruxsorin oshubi
chaman qilding,
Hazin bulbul tanig‘a har biridin
bir tikan qilding.

Ko‘ngulni telba aylab qaydig‘a
har yon oqar sudin
Chaman zanjiri gesusinda
yuz chinu shikan qilding.

Saho b atfoli jola toshlarin
yog‘dur g‘ali, ey gul,
Pariy yanglig‘ zuhur aylab,
junun bulbulg‘a fan qilding…

Niholi gul nishiman gulshan etting
go‘yi, ey bulbul,
Firoq ichra tikandin bistaru
xasdin vatan qilding…

Navoiy, qayda g‘am seli
yana ko‘nglung uyin buzg‘ay
Ki, aylarda imorat anda
balchiq durd dan qilding.

Shoir qalbida kechgan iztiroblar tadriji shundan dalolat beradiki, Navoiy muayyan sabablar bilan dunyoviy ishq havasini batamom tark etishga jiddu jahd qilgan. Bu jarayon naqadar murakkab kechgani quyidagi g‘azalda ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanadi:

Tarki ishq ettim,
meni ishq ahli xaylidin surung,1
Chiqmasam, ta’nu jafo
toshi boshimg‘a yog‘durung.

Balki bo‘ynum bog‘labon,
ushsho q ibrat olg‘ali
Ishq mulki to‘rt bozorida
sudrab kezdurung.2

Buyla rasvolig‘ bila
torting balo maydonig‘a,
Har uqubut birlakim,
imkoni bo‘lg‘ay, o‘lturung.

G‘ussa dashtidin o‘tun toshib,
tamug‘din o‘t olib,3
Solibon men xomning
jismin ul o‘tqa, kuydurung.

Chunki kul bo‘ldum,
esarda hajr dashti sarsari4
Ovu ch ovuch olibon,
ul kulni ko‘kka sovuring…

Do‘s t lar, men ishqini
tark aylagan badmehrni
Bir bahona birla men
kuygan mahalg‘a yetkurung.5

Garchi men bo‘ldum fano,
bore uyatlig‘ ruhuma
Bodpoi sayridin
jannat nasimin esturung.6

Ish q dashtida navo ko‘ptur,
Navoiydek birov
Kim, kirar anda,
ani yuz ming balog‘a topshurung.

(1Xayl — saf; 2“Ishq mulki to‘rt bozori” jumlasi tushunarli emas. Uni “Ishq mulki dard bozori” deb o‘qish to‘g‘ri bo‘lsa kerak; 3tamug‘ — do‘zax; 4sarsar — sovuq shamol, bo‘ron; 5mahal — bu o‘rinda: mahalla, joy; 6bodpoy — tez, jadal.)
Shunisi diqqatga molikki, bu g‘azal “Ilk devon”da, yuqorida keltirilgan 8 baytdan iborat. Navoiy uni “Favoyid ul-kibar” devoniga kiritar ekan, yana ikki bayt qo‘shgan. Bu esa mazkur she’r shunchaki an’anaviy lirika mahsuli emas, balki mazmunan shoir taqdiridagi muhim voqealar bilan bog‘liq bo‘lganidan dalolat beradi.
Ma’lumki, taqdir taqozosi bilan Navoiy yigitlik davrini Samarqandda o‘tkazadi. Safar hijron dardini yengillatadi, deydilar. Biroq shoir qalbining tubiga cho‘kkan o‘kinch va alamlar turli sabablar bilan yodga tushib, ayriliq dardini yangilab turgan. Mana bu g‘azal shoir do‘stlari bilan bog‘u chamanzorlarni sayr qilgan chog‘da uning kayfiyati qanday bo‘lganidan darak beradi:

Qayu manzilki anda hosil
o‘lg‘ay lahzaye komim,1
Bu hasrat o‘ltururkim:
ne uchun yo‘qtur diloromim?

Qachon gul birla sarv andomig‘a
boqsam chaman ichra,2
Buzar ko‘nglumni yodimg‘a
kirib sarvi gulandomim.

Taharruk topqali la’ling bila
g‘unchang takallumda,3
Ne jonim ichradur taskinu
ne ko‘ngulda oromim.

Firoqing zulmidekdur
shomi hajrim muddati, ya’ni
Davosiz dardim ul yanglig‘dururkim —
subhi yo‘q shomim.

Ko‘ngul oldurmasunlar husn bog‘i
gullarin ko‘rgach,
Sabo, lutf aylabon ishq ahlig‘a
etkur bu payg‘omim.4

Xarobot ichra ishqu mastlig‘din
holim og‘ozi,
Ne bo‘lg‘ay bilmon, ey piyri xarobot,
anda anjomim?5

…Sizu no‘shi visol, ey, do‘st larkim,
soqiyi davron6
Firoqu dard zahridin to‘la qilmish
mening jomim…

(1Kom — murod; 2andom — bu o‘rinda: qomat; 3taharruk — harakat qilish; 4payg‘om — xabar; 5og‘oz va anjom — boshlanish va tugash; 6no‘shi visol — visol (mayi)ni tatish.)

Navoiy umrini “bekaslik” bilan yashab o‘tayotgani atrofidagilarni qiziqtirgan, do‘stlarini esa tashvishlantirgan bo‘lishi tabiiy. Shoir ulardan hatto ancha-muncha tanbeh va taklif eshitgani ham ehtimoldan yiroq emas. Lekin u ilk muhabbatiga sadoqatda qat’iy turgani aniq:

Bor edi ul hamki bir chog‘ —
bizga yore bor edi,
Kulliy ar yor o‘lmasa
filjumla bore yor edi.1

Vaslidin butqormasa,
taskin berur erdi so‘rab,2
Xasta ko‘nglum dardinikim
hajridin afgor edi.

Men agar mahrum edim,
mahram ham¬ ermas  erdi ul,
Ko‘nglum ar ozurda erdi,
lek minnatdor edi.3

Sham’ agar yorutmasa
kuydurmasa ham yaxshidur,
Ne ulusqa  ulfat andin,
ne manga ozor edi.

Go‘yiyo shukr etmadimkim,
onsiz o‘lmishmen bu dam,
Ul quyoshimni yoshurg‘an
charxi kajraftor edi.4

Charx bilmonkim manga bu
uzrni tutti ravo,
Yo‘qsa meh r ahlig‘a
ul to bor edi, g‘addor edi.5

Yor siz demang Navoiy mast emish,
ey ahli hush
Kim, anga to haj r bor erdi,
qachon hush yo r edi?

(1Kulliy — to‘liq, bu o‘rinda: o‘z-o‘zimniki; filjumla — xususan, bu o‘rinda: xullas, har qalay; 2butqormoq — bitkazmoq, bu o‘rinda: nasib etmoq; 3ozurda — ozor chekish; 4kajraftor — teskari; 5g‘addor — berahm.)
(Charxi kajraftor Navoiyning mahbubasini “yashirgan”, ammo nima uchun “g‘addor charx” shoirga uzr ravo ko‘rgani, buning uchun esa shoir minnatdor bo‘layotgani ajablanarli.)
Navoiy ruhiyatidagi kurash davom etgan. Balki aql va tuyg‘u uni yangi bir sevgi sari undagandir, ammo ko‘ngil “unamagan”. Buyuk qalb sohibining botinidagi bu kabi ziddiyatlar natijasida dunyoviy ishq ideallashib, ilohiy ishq tomon yuksala borgan:

O‘zga bo‘ldi yoru mehri
menda boqiydur hanuz,
Notavon ko‘nglumda ul oy
ishtiyoqidur hanuz.

Garchi o‘zga yor istar xotirim,
bordur valek
Jon anga manzil, ko‘ngul oning
visoqidur hanuz.1

G‘ay r ishqi ko‘nglum uyinda
nechuk qilg‘ay nuzul?2
Kim, xayoli maskani
ko‘zum ravog‘idur hanuz…

Ey Navoiy, garchi meni mehrsiz
der erdi yor,
O‘zga bo‘ldi yoru mehri menda
boqiydur hanuz.

(1Visoq — uy, makon; nuzul — bu o‘rinda: o‘rnashish.)

Atrofidagilarga murojaat bilan boshlangan mana bu g‘azaldan ana shu kurash bilan bog‘liq boshqa bir kayfiyat nasimi esadi:

Ishq tarkin qildimu chiqti
ko‘nguldin yodi ham,
Sizga vaslining nishoti,
hajrining bedodi ham.

Ish q buzsun deb ko‘ngul mulkini
obod ayladim,
Er quyi emdi aning vayroni ham,
obodi ham.

Zor edimkim, sho d emas
ishq ichra ko‘nglum xotiri,
Emdi ko‘nglum qolmadi,
ul xotiri noshodi ham…

Dah r bog‘idin, ko‘ ngul,
naf’i vafo ko‘z tutmakim,
Besamardur sarvi ham,
sarkashdurur shamshodi ham.

Men vafo kimdin topay,
bu shevani chun topmadi
Ofarinishda pariy jinsi,
bashar avlodi ham.1

Yor sizlig‘din Navoiyni
yana qo‘rqutmangiz
Kim, bu sa’ b ishga yurak bostim,
ko‘ ngul to‘qtodi ham.

(1Ofarinish — bu o‘rinda: olam yaratilgandan beri.)
Bu kabi ziddiyatli kechinmalar uzoq yillar davom etgan bo‘lsa kerak. Navoiyning o‘rta yoshlik (“vasat”) yillarida yozilgan quyidagi g‘azali horg‘inlik ruhiyati bilan bitilganday tuyuladi:

Yordin hijron chekar
ushshoqi zor, ey do‘stlar,
Necha tortay hajr, chun yo‘q
menda yor, ey do‘stlar.

Yor ishqin asrag‘il pinhon,
debon sa’y etmangiz,
Vah, ne nav’ etgum yo‘q ishni
oshkor, ey do‘stlar.

Ish q birla gar birov lofi
vafoyu ah d urar,
Ishvagarlar ahdig‘a yo‘q e’tibor,
ey do‘stlar.

Aylamang bekasligimni ta’n,
bir kun bor edi
Menda ham bir nozanin chobuksuvor,
ey do‘stlar.1
Yo r siz vayronda qon yig‘larme n oxir,
siz qiling
Yo r birla gashti bog‘u lolazor,
ey do‘stlar.

Yo r siz ifrot ila gar yig‘lasam,
ayb etmangiz2
Kim, erur bu ish ma ngo beixtiyor,
ey do‘stlar.

Do‘s t luq aylab tutung gah-gah
labolab jo m kim,
Qasdi jon qilmish mango dardi xumor,
ey do‘stlar.

May ichingkim, dah r eli ichra
ko‘ p istab topmaduq
Ahdu paymonig‘a bo‘lg‘on ustuvor,
ey do‘stlar.

Yoringiz vaslin g‘animat anglabon
shuk r aylangiz
Kim, Navoiy o‘ldi bekaslikda zor,
ey do‘stlar.

(1Chobuksuvor — bu o‘rinda: sho‘x, chaqqon; 2ifrot — hadsiz.) (Bu g‘azal navoiyshunos olim N.Jumaxo‘janing “Satrlar silsilasidagi sehr” kitobida batafsilroq sharhlangan.)

Shu tariqa hijron “zardobi” bilan omuxta bo‘lgan dunyoviy muhabbat “sharob”i Navoiyni oxir-oqibat haqiqiy ishq “mastligi”ga g‘arq etadi.
Bu o‘rinda muhim bir masalaga e’tibor qaratish lozim. Navoiyning muhabbat taqdiri ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Lekin bu mavzuda yengil-elpi mulohaza yuritish, xususan, Navoiy g‘azallaridagi “yor”ning kimligini konkretlashtirishga, biror tarixiy shaxs bilan bog‘lashga urinishdan tiyilgan ma’qul. Ayniqsa, bunday “tadqiqot”larni e’lon qilishda yetti o‘lchab, bir kesish tamoyiliga amal qilish lozim. Gap shundaki, Navoiy asarlarida “ishq” va “yor” tushunchalari bugungi avlod o‘rgangan shunday nomdagi tushunchadan ancha farq qiladigan ma’nolarga ega.
Masalan, “Mahbub ul-qulub” asarida Navoiy “ishq zikrida” fikr yuritar ekan, uni uch toifaga bo‘ladi: birinchisi — avom ishqi bo‘lib, shoir unga “bu qismning biyikrak martabasi shar’iy nikohdurkim, bari xaloyiqqa sunnatdur va muboh”, deya ta’rif beradi. Bugungi kunda ko‘pchilik sevgi, muhabbat deganda mana shu maqomdagi tuyg‘uni anglaydi.
Ikkinchisi — xoslar ishqi bo‘lib, unni “pok ko‘zni pok nazar bila pok yuzga solmoqdur va pok ko‘ngul ul pok yuz oshubidin (hayajonidan) qo‘zg‘olmoq”, deya ta’riflaydi. Bu tuyg‘u Yevropa adabiyotidagi “platonik muhabbat” deb atalgan tushunchaga yaqin bo‘lib, hozirgi davrda u anqoning urug‘iday kam uchraydi. Nihoyat, uchinchisi — “siddiqlar ishqidurkim, alar haqning tajalliyoti jamolig‘a mazohir vositasidin ayru vola va mag‘lubdurlar”.
Bugungi avlod “pok muhabbat”ga moyilligi bo‘lmagan taqdirda ham, jilla qursa, uni tasavvur qilishga imkoni yetar. Ammo Navoiy ta’riflagan uchinchi toifadagi “ishq” tushunchasini o‘z umrini tasavvufshunoslikdek murakkab ilm sohasiga bag‘ishlagan ayrim olimlargina tushunadi, xolos. Shunday ekan, bu borada ancha-muncha bilim va tajriba orttirmasdan turib, “Navoiy sevgan yor”ning kimligi xususida fikr yuritish o‘rinli emas.
Qolaversa, Alisher Navoiy nafaqat buyuk shoir, ayni paytda Imom Buxoriy, Amir Temur singari ma’naviyatimizning ulug‘ daholaridan biriki, uning intim hayoti to‘g‘risida “bozorbop” gaplar to‘qish salkam shakkoklikdir. (Xususan, Navoiyning Xadicha begimni sevgani so‘nggi davrda to‘qilgan rivoyat, yoshi bir joyga borganda Davlatbaxt ismli kanizakka oshiq bo‘lgani esa Zayniddin Vosifiydan qolgan mishmishdir.)
Navoiy ishq-muhabbatning har uch bosqichini bosib o‘tgan. Maqolamiz avvalida keltirilgan baytda buyuk shoir bu tushunchaning har uch ma’nosini nazarda tutgan bo‘lsa, uning o‘rta yasharligida yozilgan mana bu g‘azal endi batamom “siddiqlar ishqi”ga bag‘ishlangan:

Ish q sirrin haj r asiri
notavonlardin so‘rung,1
Ay sh ila ishrat tariyqin
ko m ronlardin so‘rung…

Bizni davron mehnati ham ojiz etmish,
ham qari,
Hus n ila quvvatni ra’no
navjuvonlardin so‘rung.

Bedi l el diljo‘ y luq
yo dilshikanlik rasmini2
Fah m qilmaslar, bu ishni
dilsitonlardin so‘rung.

Ne k nom el ish q aro
badno m liqlar shevasin
Yaxshi bilmaslar, ani
bizdek yomonlardin so‘rung.

Far d liq zavqini so‘rmang
shavkatu joh ahlidin,
Ul suubat lazzatin
bexonumonlardin so‘rung…

Bilmadi maqsudi ganjining
nishonin ahli rasm,
Gar so‘rarsiz, oni benomu
nishonlardin so‘rung.

Chun Navoiy ishq sahrosida
itti, do‘stlar,
Oni ul yondin yetishgan
ko r vonlardin so‘rung.

(1Notavon — bu o‘rinda: ishq qarshisida chorasiz; 2dilshikan — dilozor ma’nosida.)

Ishq sahrosida benomu nishon ketish g‘oyat yuksak mavqe — fano maqomiga ishora. Ammo bu haqda so‘rab-surishtirib, haqiqatni bilish niyatida u tomonlardan kelgan karvon ahliga murojaat qilishning sira imkoni yo‘q. Axir, g‘azalda ko‘zda tutilgan “ishq sahrosi”ga kamdan-kam odam yetib bora olgan.
Navoiyning ramziy qahramonlari — Farhod va Majnun singari.
Hazrat Navoiyning o‘zi singari.
Etganlar esa ortga qaytgan emas.
Qaytib nima qiladi?
Biz buyuk Navoiy ishqining sir-asrorini uning asrlar osha odimlab borayotgan asarlarining “karvoni”dan so‘rashimiz mumkin, xolos.

P.S. “Ilk devon”ga jamlangan g‘azallarni Alisher Navoiy keyinchalik o‘zi tuzgan devonlarga qay tartibda kiritgani to‘g‘risida nihoyatda foydali ma’lumotnoma (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami, 20-jild) mualliflariga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 48-sonidan olindi.