Isikava Takuboku (1885-1912)

Isikava Takuboku (石川 啄木) (1885.28.10, Ivate viloyati — 1912.13.4, Tokio) — yapon yozuvchisi, adabiyotshunos. Ijtimoiy va ishqiy mavzudagi she’rlari jahon she’riyatining durdonalari hisoblanadi.
Ilk she’riy to‘plami «Intilish va ehtiros» 1905 yil chop etilgan. «Bir siqim tuproq» (1910), «Sado va hushtak» (1911), «G‘amgin o‘yinchoq» (1912) to‘plamlari, ayniqsa, kitobxonlar o‘rtasida shuhrat qozongan.
She’rlarining ko‘pchiligi yapon she’riyatiga xos tanka va oq she’r janrlarida yaratilgan. Shoir tanka janriga chinakam demokratik mazmun baxsh etdi, uni yangi obrazlar va ritmlar bilan boyitdi.
«Iste’dod qismati» (1906), «Bizning ion guruhimiz» (1912) kabi romanlar muallifi.
Takubokuning ko‘pchilik she’rlari xalq ohanglari yo‘lida aytiladigan yapon milliy qo‘shiklariga aylanib ketgan. Takuboku hayotining so‘nggi yillarida ijtimoiy masalalarga jiddiy e’tibor bergan.
Takubokuning bir turkum she’rlari Xurshid Davron tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1989).

“MUHABBAT QO‘ShIQLARI” TURKUMIDAN

* * *

Ko‘milsam
Qor uyumiga
Lovullagan yuzlarim bilan:
Men sevmoq istayman
Shundoq kuch bilan!

* * *

Bir ayol bor –
So‘zimdan chiqmaydi sira,
Ne istasam aylagay bajo.
Men-chi:
Men qiynalaman shu ayolni deb.

* * *

Juda erta,
Juda erta bildim men
Sevgi qudratini va qayg‘usini.
Juda erta
Qaridim.

* * *

Bir-biriga tegib-tegmay
Ketayotgan yelkalar aro
Bir daqiqa ko‘zga chalinding –
Men shuniyam
Yozib qo‘ydim kundaligimga.

* * *

Bo‘tako‘zlar!
Qancha so‘zni
Aytdi bu gullar.
Ularni menga sukut saqlagan
Qiz yuboribdi.

* * *

Odamlar aytgandek,go‘zal ekan
Peshonangga tushib tursa
Bir tutam soching:
Tikilib to‘ymadim
Sen xat yozayotganda.

* * *

Men uni kutdim,
Shunday kutdimki!
U esa kelmadi.
Men stolni surib qo‘ydim
Boshqa bir yerga.

* * *

Qani ular?
Qayerga yashirgandim ularni –
Xotinimning
Sakkiz yil avval
Menga bitgan maktublarini?!

“BIR HOVUCh QUM” KITOBIDAN

* * *

Ulkan ummon qarshisida
Turibman yolg‘iz.
Necha kunki uydan
Chiqib ketaman,
Tomog‘imga tiqilsa yig‘i.

* * *

Uyg‘onaman,
Uzoq yotaman –
Ko‘zlarimni ochib yotaman.
Bolalikdan qolgan bu odat:
Ayblama meni.

* * *

Qorong‘I xonada o‘tirar edim –
To‘satdan devordan
Chiqib keldilar
Hassaga tayangan
Otam va onam.

* * *

Hazillashib
Men onamni opichlab oldim.
U shunday yengil edi-ki,
Uch qadam yurar-yurmas,
Yig‘lab yubordim.

* * *

Qo‘lidan ish kelmas
Shoir – xayolkash!
U haqda men shunday o‘ylardim,
Kelib-kelib yana o‘shandan
Qarzga pul oldim.

* * *

Men yuksak tog‘ cho‘qqisiga
Amallab chiqdimu
Kimgadir,bilmayman,
Qo‘l silkitdim-da,
Yana qaytib vodiyga tushdim.

* * *

Bilmayman,nega
Poyezdga chiqishni
Orzu qilardim.
Mana bugun poyezddan tushib
Qayoqqa borishni bilmay qoldim.

* * *

Bir go‘sha topsam –
Tonglarni quvonib
Kutish mumkin bo‘lgan go‘shani.
Uyimni eslasam –
Yuragim titrar.

* * *

Har bir odam ko‘ksida –
Agar u rostdan ham odam bo‘lsa,
Ingrab yotar
Pinhon
Bir mahbus.

“G‘AMGIN QO‘G‘IRChOQ” KITOBIDAN

* * *

Negadir
Yorug‘lashdi
Yuragim
Tongda.
Tirnog‘imni ola boshladim.

* * *

Otangga o‘xshama!
Otangning otasiga ham!
Eshityapsanmi,
Nimani iltimos qilyapman
Sendan,qizginam.

* * *

Bechora otam!
O‘qishga ham majoli qolmay,
Gazetani chetga qo‘ydi-da,
Tor hovlida o‘ynay boshladi
Chumoli bilan.

* * *

Qizchamni urishdim.
Uxlab qoldi
Ko‘zyoshlari qurimasdan,
Og‘zini nim ochgancha.
Uning yanoqlarin sekin siladim.

Xurshid Davron tarjimalari

* * *

Poyezdga chiqsamu ketsam, derdim,
Uzoq-uzoqlarga! Ketdim…
Tushdim bir qo‘nar joyim yo‘q joyda…

* * *

Odamlar bor, olam charog‘i,
Kulib turar ularga borliq.
Men ham topolsaydim shunday safoni.

* * *

Qornim och qolgan o‘sha kun
Bir hamdardlik ko‘rdim itning ko‘zida.
Dumin likillatardi, muhtojlik…

* * *

Do‘stlar!
Irganmang gadodan. Bu holda
Och-nahor, aftoda kunlarim yashar.

Rus tilidan Abdu Nabi tarjimalari

****

Bilmayman,
Nega orzu qildim –
Uzoqqa ketmoqni poyezdda.
Uzoqlarda poyezddan tushdim.
Qayoqqa ketaman endi…

****

Gazeta o‘qishga ham yaramay qolgan,
O, mening bechora otam!
Ko‘ryapman,
O‘ynayapsan hovlida
Chumolilar bilan beozor.

****

Ketayapman
Bahor quchoqlagan ko‘chada.
Qaysidir bir uy peshtoqiga
Chiroyli yozuv ilingan –
Ayolning ismi…

****

Ko‘z yoshlar, ko‘z yoshlar –
G‘aroyib narsa!
Ular bilan yuvilgan yurak
Tayyor turar
Yana kulishga…

****

Bu narsa tufayli,
Nahot, mumkin bo‘lsa yashamoq.
Nahot, mumkin o‘lmoqlik
Shu narsani deb…
Bas qil, bas qil foydasiz bahsni.

****

Men tog‘ning cho‘qqisiga chiqdim.
Quvonchdan negadir
Bosh kiyimimni
Entikkancha uzoq silkitdim.
So‘ng qaytib tushdim hafsalam sovub…

****

Mana,
Qochib ketdi yurakdan,
Yarador yirtqichdek –
Hech qachon oromni bilmovchi –
Xavotir…

****

Do‘stim,
Gado deb o‘ylama uni,
Sendan bir burda non so‘rasa.
U – och.
Men ham unga juda o‘xshayman.

****

Qani ular,
Qayoqqa yashirdim ularni? –
Sakkiz yil avval,
Xotinimning menga
Yozgan xatlari…

Mash’al Xushvaqt tarjimalari

* * *

Bolalar yotoqda,
Tovuqlar qo‘noqda,
O‘roqlar chordoqda,
Olovlar o‘choqda –
Hammasi, hammasi uxlagandan so‘ng;
Supurgi, panshaxa yotgach qaznoqqa,
Quduq uzra olma tushgach mudroqqa;
Turna ini uzra o‘tgan bulutlar
Yo‘qolib, atrofni bosgach sukutlar;
Bug‘doyzor tebranib aytganda alla
Uyquga cho‘mganda yo‘llar va dala,
Uyquga cho‘mganda jamiki olam,
Shundan keyingina uxlardi onam.
Bugun qanday uxlay?
Kelmaydi uyqu.
Onam ko‘z o‘ngimda turibdi shunday,
Xotiram, xotiram yotgisi kelmas,
Uni yodga olib yig‘layotir u.

UYQU

Hali cho‘pon bola bo‘lgan chog‘imda
Ertalab uyqumni buzib kattalar:
– Uzoq uxlash zararli, – deya
Menga ta’lim berar edilar.
Yashab orttirilgan bu donolikni
Men qabul qilolmay
Qiynalar edim.
Shu sababli doimo mening
Bir qo‘lim uyqudan qutulardi-yu
Qutula olmasdi ikkinchi qo‘lim
Uyqu to‘ridan;
Bir oyog‘im kungay eshikdan o‘tar,
Ikkinchi oyog‘im tun toshlariga
Qoqilib,
Munkirdim tun jarlariga.
Faqat yillar o‘tib
Qancha do‘stlarim
Xandaq tomlarida,
So‘qmoq yo‘llarda,
Ummon to‘lqinida,
Haydalgan yerda,
Tog‘da,
Hatto olis yulduzlarda ham
Abadiy uyquga ketgandan keyin
Menga bolalikda har qalay:
– Uzoq uxlash zararli, – deya
Bekor ta’lim berishmabdi, deb
Og‘ir xayollarga tola boshladim.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi