Iida Dakotsu (1885-1962)

Dakotsu Iida (飯田蛇笏) — yapon shoiri. 1885 yili Yamanasi prefekturasida tug‘ilgan. Vaseda universiteti adabiyot fakultetida o‘qigan.

BAHOR

* * *

Bahorning ayni avji.
Tog‘dagi ibodatgoh darvozasi ustidan
Suzib o‘tayotir oppoq bulutlar…

KUZ

* * *

Chirilloqni ushladimu ko‘ziga boqdim
Va o‘sha on angladim —
Kuz kelayotir…

* * *

Kuz yulduzlari —
Tog‘ cho‘qqisi ustida
Charaqlaydi moviy-yashil nur…

* * *

Inson yuragi…
Sen unga juda o‘xshaysan —
Kuzgi yonarqurt.

* * *

Shudring porlaydi taro yaproqlarida.
Olisdagi tog‘larning
Shamoyili bunchalar tiniq…

QISh

* * *

Qirovli qish o‘rmoni.
Uyqusiragan quyosh nurlari
O‘rmalaydi daraxtlarning uchiga.

* * *

O‘limi yaqin bemor,
Finjonni ushlab olib,
Go‘zal tirnoqlariga tikilib to‘ymas…

* * *

O‘choq shu’lasi tushgan
Uning yuzi g‘amsiz va go‘zal —
Garchi o‘lim turar yonma-yon.

Xurshid Davron tarjimasi

***

Pechkada o‘tin yonar,
Oyna orti – sovuq dengiz uzra
Chiyillaydi chaykalar…

***

Pechka eshigin ochdim,
Oxista, istamaygina
Yonadi ko‘mir…

***

Shamolda chayqalib jaranglar
Eshigimga osilgan qo‘ng‘iroq
Anor gullabdi…

***

Pashshaxonaga kirib yotibman,
So‘nayotir kuzgi saharda
O‘choqdagi kechagi cho‘g‘lar…

***

Namiqib bo‘kdi tevarakdagi,
Quvrab qolgan kuzgi maysalar.
Yomg‘ir quyar tog‘larni yuvib

***

Esar g‘arbiy shamollar,
Kirib kelar yomg‘ir suvlari,
Ostonaga qadar o‘rmalab.

***

Inson qalbiga o‘xshar
Faqat bir narsa –
Kuzgi yonar qurt…

***

Qor ko‘mib tashladi
Barcha yo‘llarni
Isinaman o‘choqda yolg‘iz…

Xoldor Vulqon tarjimasi