Ivan Drach (1936)

Ivan Fyodorovich Drach (Іvan Fedorovich Drach; 17 oktyabr 1936, Telejintsы, Ukraina) — ukrain shoiri, siyosatchi, adib, dramaturg.

ODAMQUSh

Tashqarida xo‘rsinar ekan
Yovuzlikka doya tun purg‘am,
Derazamni chertasan sekin,
Mening kulrang, jajji qushginam.

Uzun kunning parvozlaridan
Qanotlaring, ko‘zlaring toldi…
Do‘stim, qora tunning bag‘rida
Nelar o‘zi bo‘lmoqda sodir?

Nega buncha potirlar ko‘ksing?
Oshyoningda olmaysan orom?!
Hoy kushginam, chirpirab, o‘ksib
Baxt izlarsan yeru ko‘k aro.

Biz kimmiz? Nimamiz?.. Derazada san,
O‘ltiribsan — patlaring gardlik.
Qo‘rqa-pisa mendan kutasan:
Buyuk ishonch, buyuk hamdardlik.

Balki mening tongga kadar to,
Qushlar dardi olar es-hushim.
Sen, men bitgan sahfalar aro
Afsun o‘qib chiqarsan, qushim.

Bilolmaysan — o‘zi ne kerak,
Nima kerak bizlarga o‘zi?
Faqat battar potirlar yurak,
To‘lib borar qayg‘uga ko‘zing.

Qushim, kimmiz, biz, bu olamda,
Odammizmi yo qush, ayt axir?!
Bir bashorat uxlar odamda,
Uyg‘otvorsang — yurakka jabr…

Ruschadan Usmon Qo‘chqor tarjimasi