Rizo Tavfiq Fikrat (1869-1915)

Turk adabiyotining yirik vakili Rizo Tavfiq (Rıza Tevfik Bölükbaşı) 1869 yilda Edirnadagi Jisri Mustafoposho qasabasida tug‘ilgan. Otasi o‘qituvchi Mehmet afandi, onasi Kavkaz cherkaslaridan Munira xonimdir.
Talabalikdan ijtimoiy hayotga faol aralashgan Rizo Tavfiq 1907 yildan yashirin harakatdagi «Ittihod va taraqqiy» jamiyatiga kiradi. Ikkinchi Mashrutiyat (konstituttsiya, 1908) e’loni kunlarida maydonlardagi nutqlari bilan  Istanbul xalqiga  taniladi, saylovda Edirnadan millat vakili etib saylanadi va Millat Majlisida faoliyat ko‘rsatadi.
U asosan donishmand, faylasuf shoir sifatida tanilgan. Bunda uning ingliz, frantsuz, ibroniy (ivrit), fors, arab, ispan, rum-yunon, armani kabi qator tillarni chuqur bilishi, ko‘p fanlardan teran xabardorligi muhim o‘rin tutgan. Sharq va G‘arb madaniyatini birday keng egallagan. U o‘smirligidayoq ilk she’rlarini aruzda bitgan. Turk xalq adabiyotini sevib o‘rgangan, folklor mavzusida ko‘plab tadqiqotlar yaratgan, shuning uchunmi, barmoq vaznidagi asarlarida baxshilarcha jo‘shqin ohanglar bo‘rtib turadi. U ijodining boshlanishida Tavfiq Fikrat va Abdulhaq Hamid ta’siriga beriladi. Bu haqda uning o‘zi shunday deydi: «Ayniqsa, Hamidning sehri ta’siriga tutildim. Ba’zi asarlarini shiddat-la tanqid etganim holda shoir o‘laroq uni barchadan ustun ko‘rardim».
Shoirning Navzot Ko‘sug‘li tarafidan nashr etilgan 12 jildlik «Buyuk turk klassiklari antologiyasi»ga kirgan, professor Sharif Oqtosh tayyorlagan ayrim she’rlari tarjimasi ilk bor o‘quvchilarga taqdim etilmoqda.

UChING, QUShLAR

Ey qushlar, uching men tug‘ilgan yerga –
Endi u tog‘larda g‘uj sunbul bordir.
O‘rmonlar qo‘ynida sap-salqin dara,
Tikanlar ichida sariq gul bordir.

Soy og‘ir oqadir, to‘lg‘unmi, bilmam,
Oy og‘ir xastami, so‘lg‘unmi, bilmam,
Baxtsiz bir kelinday mahzunmi, bilmam,
Tog‘larin boshida qora tul*  bordir.

U yerda eng go‘zal chog‘ o‘tdi, deyman,
Eslab u kunlarni bugun inglayman,
Umrim dostonini o‘qib, tinglayman,
Ichimda u yerlik bir bulbul bordir.

Uching, qushlar, uching! Bunda vafo yo‘q!
Unday oqar suvlar, unday havo yo‘q!
Faryodimga qarshi aksi sado yo‘q,
Bu yong‘in yerinda sovuq kul bordir.

Ey Rizo, dard-qayg‘ing boshingdan oshqin,
Aytsang, tuganmaydir alami ishqing,
Senda dengiz kabi har doim toshqin,
Har chog‘ to‘lqin urgan bir ko‘ngul bordir.

____________
* T u l – parda.

ANATO‘LU

Anato‘lu-Sulton Usmon o‘sgan yurt,
Tug‘rulbekning qo‘nog‘idir u ellar.
Millatimiz shunda unib, topdi qut,
Bizga ona quchog‘idir u ellar.

Usmonlilar unutmasin so‘yi*ni
Bu o‘lkada oshdik hudud bo‘yini,
Bunda bo‘ldi urushlar-o‘t o‘yini,
Otalarning o‘chog‘idir u ellar.

Bu davlatga unda tamal otildi,
U maydonda jon olinib-sotildi;
Miltig‘u to‘p otib, yo‘llar o‘tildi,
Qahramonlar o‘rtog‘idir u ellar.

Bir zamonlar qirollardan toj oldik,
Uchgan qushdan, oqqan suvdan boj oldik,
Qancha qirriq, yovuz yovdan o‘ch oldik-
Bu kuch-quvvat bulog‘idir u ellar.

Qancha g‘oziy bunda kelib-kechdilar,
U soylardan obdast olib**, ichdilar,
Mamlakatlar fath etdilar, ko‘chdilar,
Eranlarning turog‘idir u ellar.

Har vayroni uzra bir er-askar bor,
Maqbaralar ichra necha sarvar bor;
Bilmam, qayda bunday baxtli bir yer bor?
Ulug‘ Ka’ba tuprog‘idir u ellar.

O‘rmonida turli qushlar sayraydir,
Yaylog‘ida qo‘y-qo‘chqorlar yayraydir,
Dalalarda oltin boshoq qaynaydir,
Ko‘ngillarning ovlog‘idir u ellar.

U yerlarda asl turkning aymog‘i,
Javohirdir butun toshi-tuprog‘i,
Chechak isli kumush oqqan irmog‘i,
Boylik koni – yotog‘idir u ellar.

Yurtsevarlik har turkning ishq savdosi,
Mamlakatdir kecha-kunduz ro‘yosi,
Askarlarning kelin-kuyov sarposi,
Sevishganlar chorbog‘idir u ellar.

Rizo! Bunda har kim qurbon bo‘lgandir,
Tuproq ichra yotgan onang, otangdir…
Anato‘lu asil eski vatandir,
Onamizning quchog‘idir u ellar.

_____________
* S o‘ y – irq, sulola.
** O b d a s t  o l m o q – tahorat qilmoq. (Tarj.)

TAVFIQ FIKRAT RUHIGA

Eshitdim – qarovsiz mozoring cho‘kib,
O‘t-o‘lan bosibdir, ko‘rgani keldim.
Bu jannat bog‘ida duolar o‘qib,
Xokingga yuzimni surgani keldim.

Eshitdim – senga kim ko‘ngil bog‘lasa,
Qabringda tiz cho‘kib, bir dam yig‘lasa,
Murodga yetarmish… Men ham bir lahza
Yig‘lab, murodimni so‘rgani keldim.

Shu hijron yilining so‘ng bahorida,
Shudringlar titrarkan chamanzorida,
Kun chiqmasdan oldin, do‘st mozorida,
Motam chechaklarin tergani keldim…

Eslashdik seni g‘am chekkanlar bilan,
Ishqu haq uchun yosh to‘kkanlar bilan.
Shu sariq g‘unchali tikanlar bilan
Toshdan bir gulchambar qurgani keldim.

Yoding o‘lim kabi bir sirri mubham!..
Sevmoq nash’asimi bu hissi alam?..
Ruhimga ne afsun aylading, bilmam…
Bu kun senga ko‘ngil bergani keldim!..

QALANDARIY

Xarobot ahlimiz. Bu bir olamdir.
Shavq ila unda dam surganlardanmiz.
Hisob so‘rma bizdan, biz hayli damdir,
Daftari a’moli turgan*lardanmiz.

Yurak qonin ichdik bazmi safoda,
Jovidon zavqini topdik rizoda,
Ahdga sodiq turib vaqti baloda,
Ko‘ksin qahr o‘qig‘a kerganlardanmiz.

To‘ymas nafsimizni osdik shu dorga,
Jilmayib sar berdik Ulug‘ Sardorga,
Bir g‘amza yo‘lida diydori yorga
Jonu bosh, ko‘ngilni berganlardanmiz.

Dars olib jononning fatton ko‘zundan,
She’rlar mashq ayladik shirin so‘zundan,
Yashirin bir yo‘ldan-botin yuzundan
Ka’bai maqsudga kirganlardanmiz

Ishq nuri inarkan dili ogohga,
Ruh qushin uchirdik ul qurbgohga!..
Ota o‘chog‘idir, biz u dargohga
Dastursiz kirgancha yurganlardanmiz.

Tavajjuh qilmadik bobi niyozga,
Irfon-la erishdik rutbai nozga;
Biz ham oshinomiz shabadabozga,
Pardaning ortini ko‘rganlardanmiz.

Orif bo‘lsang agar, komilga egil,
Ilming-la ovunma! Sen o‘zingni bil.
Ma’rifat bog‘idan nafaqat bir gul,
Dasta-dasta chechak terganlardanmiz.

Hey, Rizo! Orifmiz, darvishnihodmiz,
Barcha bog‘lovlardan uzildik, shodmiz!
O‘zida yo‘q mastmiz, g‘amdan ozodmiz,
Boshni mayxonaga urganlardanmiz!..

___________
* T u r g a n – to‘xtagan ma’nosida. (Tarj.)

G‘ARIB HOLAT

Hasrating alami ko‘nglimdan toshar,
Hijron og‘usiga to‘lgan chog‘imda.
Sitamdiyda ruhim sening-la yashar,
Yig‘lab, sukutlarga tolgan chog‘imda.

Goh yoding tig‘ kabi zehnimni tilar,
Xoin ishq qalbimga urar panjalar,
Ruhimda ochilar oppoq g‘unchalar
Dudog‘ing mushtog‘i bo‘lgan chog‘imda.

Senga, ey, vafosiz, erka sevgilim,
Arzi hol etmoqdir totli amalim,
Biroq huzuringda tutilar tilim,
Ko‘zingga termulib qolgan chog‘imda.

TANISh GO‘ZAL

Otini bilmasdim, faqat tanirdim –
Na nozli bir chechak taqishi bordi!
Qizg‘ish sochlarini olovmi derdim,
Quyosh nuri kabi yoqishi bordi.

Kunbotar shafag‘i bayroq tikarkan,
Ko‘llarga ko‘lkalar ko‘rkam cho‘karkan,
Sochbog‘ini yechib, yoyib-to‘karkan,
Sochin to‘lqin-to‘lqin oqishi bordi.

Husnida bir ado borki, osiydi,
Meni xarob etgan u adosiydi!..
U shoir ko‘nglimning oshinosiydi –
Yuzimga bir she’rday boqishi bordi…

ShOMI G‘ARIBON

Bir oqshom ovora kezarkan qirda,
Bu yer parilar-la maskun deb bildim;
Hayrat-la boqarkan, bu vahshatzorda
Husnining asrori to‘lg‘un deb bildim.

Yurarkan, men bilan tog‘-tosh yurardi,
Har og‘och ko‘lkasi yondosh turardi,
Inondimki –meni har ne ko‘rardi,
Huzurim-la olam mamnun deb bildim.

Azaldan beridir bu xilvat hujra,
Allalar aytilgan bu salqin dara,
Sirini menga ham ochdi shajara-
Yoshligim shu yerda madfun deb bildim.

Archalar – qanotin kergan humoday,
O‘tloqlar –yulduzlar to‘la samoday,
Chechaklar – ajoyib bir muammoday!..
Ne ko‘rsam, lol qoldim, afsun deb bildim.

Oshiq bulbul erdim, dil sayrar erdi,
Sarviston ichinda kimdir kulardi,
Chechaklar qushlardan o‘pich tilardi,
Koinot ishq ichra majnun deb bildim.

Yilning tugayotgan kuz fasli erdi,
Bulut, yaproq-tuproq nafasli erdi,
Sarvilar qoraygan, qafasli erdi,
O‘ychan qoyalarni mahzun deb bildim.

Mag‘ribiy yoqmishdir furqat otashin,
Bog‘lar faryod urib chorlarkan qushin,
Tog‘larga suyangan davron quyoshin
Yarador bir xasta, horg‘in deb bildim.

Ichdim ul quyoshning oqqan rangini,
Ruhimni gulxanday yoqqan rangini,
Ufqda ko‘rarkan ol qon rangini,
Falaklar men kabi dilxun deb bildim.

Tog‘lar ko‘m-ko‘k edi, suvlar qirmizi,
Buloqlar boshida bir pari qizi…
Yuzindan o‘parkan oqshom yulduzi,
Moviy ko‘zlariga maftun deb bildim.

Cho‘llarda yongan o‘t-na’ralar bordir,
Ko‘llar qirg‘og‘ida lolalar bordir,
Uzoqdan kelguvchi nolalar bordir,
Yarador bir ohu surgun deb bildim.

Kunning jon talashgan so‘lg‘in labidan
Go‘zallik rangini ichar Oy, chaman…
U kecha borliqni jonda ko‘rarkan,
U yerning mohtobin gulgun deb bildim…


KEL, DARVESh

Kel, darvesh, beri kel, yobonga ketma,
Har neki axtarsang, inon, sendadir.
Nafsingga behuda aziyat etma,
Maqsud Ka’ba ersa, Rahmon sendadir.

Cho‘llarda tentirab, sarobga boqma,
Olloh deb bulutga – sahobga boqma,
Tolibi haq ersang, kitobga boqma,
O‘qishni bilolsang, Qur’on sendadir.

Ilming-la bir qilni sen qirq yorarsan,
Ko‘rganing har tushda bir o‘zing borsan,
Atrofdan ne izlab, kimga qararsan?
Bu foniy qubbani qurg‘on sendadir.

Qilni qirq yorishni ilm-irfon dema,
Unisi yaxshidir, bu yomon dema,
Shunisi to‘g‘ridir, bu yolg‘on dema,
Hech birin asli yo‘q, yolg‘on sendadir.

Ayri ma’no berma kufr ila dinga,
Borib-kelaverma shakku yaqinga,
Har orif ogohdir sirri mu’binga,
Vasvasang kufurdir, imon sendadir.

Kir ko‘ngil shahriga, aylan bir karra,
Qiyos et-ne erur quyoshu zarra,
Ezgulik, yovuzlik ilkingda, qara,
Yomonlik istasang, shayton sendadir.

Jilva etsin desang kamol ila haq,
Manmanlikdan kechib, bir o‘zingga boq,
“Analhaq” so‘zini tildan tut yiroq,
Lofga quloq tutma, irfon sendadir.

Avvalo nafsingni  chiqar oradan,
Bir rangga bo‘yanma oqu qoradan,
Ko‘nglingda yaratgan nuri bor-nurlan!
Zulmatda izg‘ima, Yazdon sendadir.

Eshitdim, otasiz bir o‘g‘ilmishsan,
Jannatda tug‘ilib ham quvilmishsan,
Kasrat-ko‘plik istab, ko‘p bo‘g‘ilmishsan,
Ollohning aybi ne? Isyon sendadir.

G‘ayridan izlarsan dardingga chora,
Qurt-qushga berdingmi don-dun bir bora?
Jannatdan chiqdingu kezding ovora,
Havvoni aldatgan ilon sendadir.

Shoning ko‘p yuksakdir, netar past bo‘lsang?
Har nega topingung butparast bo‘lsang.
Bodayi ishq ila agar mast bo‘lsang,
O‘zingga kel, oshiq, jonon sendadir.

Johil jozibaga haq deya boqar,
Qo‘rqib har ins-jinsga shamchirog‘ yoqar,
Bu sayli havodis to‘xtamay oqar,
Ilalabad boqiy qolg‘on sendadir.

Manbai sendadir fayzi hayotning,
Kelib-ketgan jonlar u nafohatning,
Hayron bo‘laverma, bu koinotning
Bori bir qatradir, ummon sendadir!..

Har nening borlig‘i sening o‘zingdir,
O‘zingni but ko‘rgan ichki ko‘zingdir,
Bu mulkka hukm etgan sening so‘zingdir,
Diling bir taxt erur, sulton sendadir.

Hey Rizo, toqat yo‘q haq inkoriga,
Sen mahram emishsan yor diydoriga,
Endi ogohdirsan sir-asroriga:
Olamni yaratgan vijdon sendadir.

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimalari

SO‘LG‘IN BAHOR

Bahor bo‘lsin, bahor bo‘lsin, bu ko‘nglim,
Biroz kulsin va shodlansin der edim.
Bu dunyo bir farahlansin der edim,
Bahor bo‘ldi, butun lazzat-la, ko‘rdim,
Jahon shondir, behishtdan nishondir,
Faqat ko‘nglim yana so‘lg‘in xazondir.

Barcha jilosi-la, ohangi-la gulshan
Kular nash’a-la, lekin menga g‘amgin,
Tabiat-da ko‘zimda g‘amli, chirkin,
Sovuq bir havo, dahshatli kafan,
Qanday sarmast oqar yonimdan anhor,
Mening ko‘nglim ermas bundan xabardor.

Daraxtlar-la bezanmish keng ufqdan
Esgan yellar, sovuq go‘yo nafasday,
Ko‘k ko‘rinar menga bir tor qafasday,
Izg‘irinlar hamon kelar ufqdan,
Kezar bir dard, musibat bu havoda,
Bilmam bu ne, nima bordir fazoda!..

Uzoqdan bir hasratli nido kelar,
Go‘dak yig‘lar, anglarsan bu bo‘g‘iq sas,
Ko‘nglim to‘lar, boshqa bir sas eshitmas,
Na bulbulni, na go‘zal qo‘shiq tinglar –
Kelgan saslar butkul g‘amdir, kadardir…
Chechaklar-la ochilmish yaralardir.

Bo‘g‘ar ekan ruhni sovuq izg‘irin,
Kecha ermas, kunduz bo‘lsin der edim,
Bahor bo‘lsin, bahor bo‘lsin der edim,
Bahor bo‘lmas bundan ortiq nash’ali,
Nima uchun arimas dard, malolim,
Ne uchun shod bo‘lmas ko‘nglim, xayolim.

MILLAT QO‘ShIG‘I

Borlig‘imiz jabru jafodan bo‘ldi ming pora,
Sanchildi muqaddas vatanning bag‘riga bigiz.
Birlikda topaylik dardga biror-bir chora,
Joni bir, qoni bir, shoni bir birodarlar – biz!

Millat yo‘lidir, haq yo‘lidir biz boshlagan yo‘l,
Ey, haq, yasha, ey sevikli millat, yasha, bor bo‘l!

Kel, ey do‘sti aziz, mushfiq onang meni chorlar,
Qutqar, u sho‘rlikni nochorlik, zo‘rlik zulmidan,
Senga boqib, jismi qalqib, el-yurt zorlanar,
O‘zni asrab chetda tursak – og‘ir o‘limdan!

Har onda go‘zal siynaga xanjar sancharlar,
Topmasak chorasin yurtni butkul yancharlar!

Zulmning to‘pi bo‘lsa, o‘qi-yu qal’asi bo‘lsa,
Haqning-da bukilmas qo‘li, so‘lmas yuzi bordir,
Ko‘z yumma quyoshdan nuri qancha qora bo‘lsa,
So‘nmas har kechaning-da yorug‘ kunduzi bordir.

Millat yo‘lidir, haq yo‘lidir biz boshlagan yo‘l,
Ey, haq, yasha, ey sevikli millat, yasha, bor bo‘l!

Mangu meros bo‘lsa ham ajdodlardan bu chaman,
Och-yalang‘och yashaysan, cho‘chib hatto ko‘lkangdan,
Eng buyuk sharafdir millat tug‘ini tutsang,
Silkin, ey, jaholat changi uchsin yelkangdan.

Insonligin paymol etgan olchoqlarni yig‘ va os,
Billoh, yerda yashash qurtday sudralmoq emas!

Ne-ne haqsizlikni ko‘rding… Hayhot, bumi qonun!
Behad qashshoqlanib qolding… Hayhot, bumi davlat?
Davlat-da, qonun-da, yo‘q, endi kerak ermas,
Axir, yetar endi bundayin zulmi jaholat.

Millat yo‘lidir, haq yo‘lidir biz boshlagan yo‘l,
Ey, haq, yasha, ey sevikli millat, yasha, bor bo‘l!

Turkchadan Tilak Jo‘ra tarjimasi