Sergey Orlov (1921-1977)

Sergey Sergeevich Orlov (22 avgust 1921, Megra (Cherepovets guberniyasi — 7 oktyabr 1977, Moskva) — rus shoiri, stsenarist.

* * *

Uni yer shariga etdilar dafn,
Bor-yo‘g‘i oddiy bir askar edi u.
Bor-yo‘g‘i u askar edi, do‘stlarim,
Na-da mansabi bor, na-da unvoni.

Endi maqbarasi kurrai olam,
Milyon asrlarning uchmoqlarida.
Somon yo‘llari ham nur sochar har dam,
Uni mahkam tutib quchoqlarida.

Qo‘ng‘ir qoyalardan bulutlar oqar,
Izg‘irin tog‘larga bosar to‘shini.
Zalvorli chaqmoqlar qaydadir chaqar,
Shamollar boshlaydi yugurishini.

Axir, allaqachon tugagan qirg‘in…
Askarni ko‘tarib kelib do‘stlari
Shundoq Yer shariga etdilar dafn –
Xuddi maqbaraga qo‘yishgan kabi.

* * *

Qaro yerning tagida ma’dan,
Neni kutar muncha intizor?
Ozod qildi uni asirdan,
Uni konchi yo‘qdan qildi bor.

Eritdilar olov-otashda…
Horg‘in ishchi og‘ir po‘latni,
Bolg‘aladi, so‘ngra frontga
Jo‘natdilar snaryadni.

Portlash qanday dahshatli bo‘ldi!
Tanga botdi oskolka uchib…
Nahot, shuncha yo‘l bosib kelding,
Temir, meni o‘ldirmoq uchun.

* * *

Moviy Volxov samolarida
Tonglar otib, qonga botadi:
O‘q izlari havolarida,
Botqog‘ida tanklar qotadi.

Balchiq, balchiq, balchiq to‘rt taraf,
Har qadaming ustida qirg‘in.
Buziladi mardonavor saf –
Jon beradi mening do‘stlarim.

Qora-qurum qorning ustidan
Polk o‘rmalar, izida qon, kul…
G‘alabani sezadi yurak,
Aql bilan his qilmoq mushkul.

* * *

Qo‘shiqlarsiz muzlaydi olam.
Shamollar o‘ynagan zaminda
Qo‘shiqqa ishonib yashaydi odam –
O‘tga tolpinganday ayozli tunda.
Zaminda aslida qo‘shiq to‘qishmas,
Shunchaki o‘tadi rota shahardan
Shunchaki ayollar “uh” tortadi, bas,
Garmoshka jaranglab qoladi birdan.
Seskanib tushadi oqlibos qayin,
Deraza tagiga kelar yaqinroq.
Kimningdir yuragi portlaydi, keyin
Qo‘shiq kuylanadi zaminda yangroq.
Yomg‘ir yig‘isiday, shafaqday yonib,
Xuddi chaqaloqday tug‘iladi u.
Ovora bo‘lmangiz qo‘shiqni to‘qib,
Zaminda u mangu, hayotday mangu.

Usmon Azim tarjimasi