Aleksandr Mejirov (1923-2009)

Aleksandr Petrovich Mejirov (1923—2009) — rus shoiri, tarjimon.

PIYoDA QO‘ShINLAR HAQIDA XOTIRA

Men dushmanga otgan o‘qlar
Qaytmagaydir ortiga.
Pulemyot chalg‘isidan
Yiqiladi o‘t-o‘lan.
Uxlayapman boshim qo‘yib
Sinyavo botqoqligiga,
Oyoqlarim Nevaga va
Ladogaga tiralgan.
So‘ng uyg‘onib tinch yoturman,
Tanni tark etmas charchoq.
So‘nayotgan gulxan tafti
Uchib borar misli qush.

O‘ng biqinim muzlaganda,
So‘lga aylanganim choq,
Sinyavo botqoqligi
Bilchillab ketar noxush.
Va o‘rnimdan sakrab turib,
Qadam tashlayman olg‘a,
Qulog‘imga hushtak chalar
Shashtdan qo‘zg‘olgan shamol.
Front g‘arbga qocha boshlar,
Chaqmoq naq Reyxstagda –
Men ikkinchi qadamimni
Olg‘a qo‘yganim zamon.

Oq bayroqlar osib olar
Dushman garnizonlari,
Qurollarin yerga tashlab,
Raqib ko‘taradi qo‘l.
Shundoq mening yelkamdagi
Ko‘k dala pogonlari
Mayning mayda yomg‘irida
Qorayib bo‘ladi ho‘l.

Men-chi, yana yuguraman
Minalarga berib chap,
Dengizlarni hatlab, kechgum
Jangohlar daryosidan.
Men Pilzenda orom olgum
Pivo ko‘pigin puflab,
Sigaretim kuli tushar
Berlin ostonasiga.

Ratsiyalar xirillaydi,
Bahor boradi yashnab.
Frontning chang yo‘llaridan
Changga qorishib tun-kun,
Men dushmandan “So‘zsiz
taslim bo‘l”, deb qilaman talab,
Bayroqlarin G‘alabaning
Poyiga tashlash uchun.

Ammo tunda mudrarkanman,
Nedir tushar esimga,
Kipriklarim orasidan
Ayon ko‘raman birdan:
Uxlayapman boshim qo‘yib
Sinyav botqoqligiga,
Oyoqlarim Nevaga va
Ladogaga tiralgan.

Usmon Azim tarjimasi