Turg‘unali Mo‘ldaboyev (1934)

Turg‘unali Mo‘ldaboyev (Turgunalы Moldobayev) 1934 yili O‘sh viloyatida tug‘ilgan. Qirg‘iz davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (1957). SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1966).
Ilk she’riy to‘plami “Yaylov” nomi bilan 1962 yili chop etilgan. 10 dan ortiq kitoblari chop etilgan. U qozoq, o‘zbek, qoraqalpoq, boshqird, yoqut shoirlari she’rlarini qirg‘izchaga o‘girgan.

OVULNI SOG‘INGANDA

O‘ylansam… ovulimdan olis ketib,
Xayolim chulg‘ar noyob oq tonglari.
Yo‘lining hatto changi ko‘zdan o‘tib,
Yangraydi sog‘inchimning ohanglari.

Ko‘raman uxlab yotgan go‘dak kular,
Xo‘rozlar qichqirishar boz uyg‘onib.
Keksalar yangi tongga ta’zim qilar,
Umidvor ko‘zlarida mehri yonib.

Sharq ko‘ki oq shu’ladan kiyar ko‘ylak,
So‘nar asta yulduzlari koinotning
Kelinchak sigir sog‘ar asta kuylab,
Havodan hidi kelar oppoq sutning…

Yilqiboqar qir oshadi bo‘z otida,
Bog‘larda ne-ne qushning salovati,
O‘ychan yotgan dalayu tog‘ bisotida
Yangi kunning yangi bir salobati.

Ovulim sog‘inchlarga meni qo‘yib
Suvratin ko‘z oldimda ayon etar.
Gar o‘zim yetmasam ham yetar o‘yim
Va… elasi qon-qonimga singib ketar!..

Usmon Temur tarjimasi