Omar Sultonov (1935-2022)

Qirg‘iz shoiri, yozuvchi va kinostsenarist Omar Sultonov (Omor Sultanov ) 1935 yil 6 noyabrda Jeti-O‘g‘uz tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iz milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (1959). Qirg‘iziston Yozuvchilar uyuushmasi raisi (2007-2009), “Jaңы Ala-Too” jurnalining asoschilaridan biri (2009).

Birinchi she’riy to‘plami “Tog‘ kunlari” nomi bilan 1961 yili chop etilgan. Sultonovning she’rlari rus, ingliz, nemis, ispan, frantsuz, mongol, polyak, ukrain, venger, slovak, chex tillariga tarjima qilingan. U A.Pushkin, M.Lermontov, Bartold Brext, Pablo Neruda, Gabriyela Mistral, V.Mayakovskiy, N.Hikmat, Q.Quliyev, R.Hamzatov, I.Drach, E.Mejelaytis asarlaridan qirg‘izchaga tarjima qilgan.

* * *

Namchil havo, osmon esa tund edi,
Xazonrezgi kuz yotardi dalada.
Tog‘dan tushib kelarkanman ko‘ylakchan,
Qor va yomg‘ir tezlab qoldi orada.

Daydi shamol yaproqlarni to‘zg‘itib,
Qapchig‘aydan suvlar oqdi sharqirab.
So‘ngsiz ang‘iz, boshpana yo‘q atrofda,
Tishim-tishga tegmas edi qaltirab.

Ilojim yo‘q, usti-boshim shalabbo,
Balkim tangrim buyrug‘imi yo baxtim.
Jar yonida archa o‘tin chirsillab,
Yonar edi, bo‘z o‘tovda to‘qnashdim.

Yaratganga ming bor shukur sababi,
Dil tubida mehr paydo qilgansan.
Yuragimga olov yoqib o‘shanda,
Tafting bilan meni shaydo qilgansan.

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimasi