Yaroslav Ivashkevich (1894-1980)

Yaroslav Leon Ivashkevich (Jarosław Leon Iwaszkiewicz; Eleuter taxallusi bilan ham mashhur bo‘lgan; 1894—1980) — polyak yozuvchisi, shoir va dramaturg, tarjimon. Polsha yozuvchilari uyushmasi raisi (1959—1980).

HALI…

Hali gullar nastarin porloq,
Hali itlar tunlar akillar.
Hali olis-olisga, titroq
So‘zlar aytib bir qiz tikilar.

Hali xamir qorarlar nonga,
Hali to‘ylar sershovqin, shodmon.
Hali aza to‘lib fig‘onga
Qo‘llarini cho‘zar ko‘k tomon.

Hali toychoq charchamay yelar,
Oshiq yig‘lar: “Bu qanday darddir!”
Hali ertak tinglar bolalar…
Demak hali she’r yozmoq shartdir!

OQShOM

Osmon yorqin. Bulutlar erir.
Ko‘kka shoxin tiragan o‘rmon.
Egasiz it ko‘chada daydir.

G‘aramlarni tortarkan zo‘rg‘a
Tolg‘in otning ko‘zlari tinar.
G‘aram uzra lolaqizg‘aldoq
Kabi qizning ko‘ylagi yonar.

Dala uzra pichanning isi,
Sigirlar mast bu suyuk isdan.
Chirildoqlar chorlar chirillab
Qora tunni olis-olisdan.

Xurshid Davron tarjimasi