Villem Klos (1859-1938)

Villem Klos (Willem Johannes Theodorus Kloos) – niderland shoiri, nosir, adabiy tanqidchi. Amsterdam universitetida filologiya bo‘yicha tahsil olgan.“Yangi yetakchi” jurnali (1885) asoschilaridan biri. XIX asrning 80-yillari so‘ngida Klos niderland adabiyotining yetakchi shoiri sifatida tan olingan. Klos ko‘p jihatdan Shelli va Kits kabi jahonga mashhur shoirlarning she’riyati ta’sirida ijod qilgan; Klosning eng yaxshi she’riy to‘plamlaridan biri, shubhasiz, uning sonetlaridan tarkib topgan “Norasida va Tangri kitobi” majmuasidir.1890 yildan so‘ng u o‘z ijodini butunlay falsafiy mushohadalarga e’tibor qaratadi. Bu borada, ayniqsa, uning “She’riy bandlar” deb atalmish uchta majmuasi keng shuhrat topgan (1894,1902 va 1913 yillarda nashr etilgan ).

OQShOM

Oqshom cho‘kayotir sut kabi oydin,
Na’matak gullari kunduzgidan oq.
Deraza ortidan quyilar betin,
Qushlar qanotidan to‘kilgan titroq.
Havoga harir bir nafosat inar,
Osmon yelkasida zumurrad rido,
Zaminga ohista sukunat qo‘nar,
Kunduzgi tashvishga yasab intiho…
Na bulut, na shamol beradi darak,
Shovqinu iforning yo‘qdir asari.
Biroq nimagadir bezovta yurak,
Tun qaro chodrasin yoygani sari.
Bu qadar iztirob, hadik, hayajon
Nimani anglatar, ne-ga ishora?!
Bilmayman,ehtimol,qalbdagi tug‘yon –
Hasratim yengmoqqa izlaydi chora…
Oqshom cho‘kayotir sut kabi oydin…

EY, BEOROM DENGIZ, EY, ASOV TUG‘YoN…

Ey, beorom dengiz,ey, asov tug‘yon,
Beqaror taqdirning xolis ko‘zgusi.
Ey, gunohi azim mulkiga sulton,
Ey, saxovat ahli aro ezgusi!
Lojuvard tus, namxush libosda pinhon
Tutgaysan ming turfa qiyofang,chehrang.
Lek, tomchi zarrangda minglarcha isyon,
Minglarcha tazarru holing qilar tang…
Sendagi shiddatga mahliyo bo‘ldim,
Moviy yolqinlaring uyg‘otdi havas.
Koshkiydi,Sen kabi dolg‘ali ko‘nglim
Tin olsa, hasratu g‘amdan bir nafas…
Turmushning adog‘siz tashvishlaridan,
Qutulsam, chulg‘asa – jismimni orom.
Shum qismat – taqdirning yozmishlaridan
Yuz bursam-u ozod bo‘lsam batamom…
Koshkiydi, baxt kulib menga nogahon,
Kasb eta olsaydim Sen kabi qudrat,
Koshki, bo‘lib qolsam dengiz, yo ummon,
Ko‘nglim esa Sendek bo‘lsa besarhad…
Ey, beorom dengiz, ey, asov tug‘yon…

MEN ShOHMAN O‘Z RUHIM SALTANATIDA…

Men shohman o‘z ruhim saltanatida,
Ko‘nglimda o‘zimga taxt qildim bunyod.
Vujudim har kunji, har bir bandida
O‘z hukmim, qonunim qilganman ijod.
Shodlik – o‘zimniki, o‘zimniki – g‘am,
Dastyor maqomida menga fol, afsun.
Saylandim,tiklandim,tan oldi olam,
Eng ulug‘ toj bo‘ldi ravo men uchun.
Men shohman o‘z ruhim saltanatida…
Biroq armonlardan emasman xoli,
Bu shuhrat me’damga tegar gohida,
Yurakda bo‘y cho‘zsa ishqning jamoli.
Bunday chog‘ o‘lim ham qo‘rqinchli emas,
Faqat bir istagim mustajob bo‘lsa:
Jon, deya taxtimdan voz kechishim rost –
Sevgilim labidan bersa gar bo‘sa…

KECh KUZAK

Kech kuzak.
Daraxtlar zarrin libosda,
Ayozli qahraton tashrifin kutar.
Go‘yo kuz havosi ayni shu tarzda
“Hayotga alvido!” qo‘shig‘in bitar.
Bir umr muhabbat,
she’riyat hamroh,
Hamdam bo‘ldi Menga, tabiat rostgo‘y.
Lek, umrim kuzida
angladim nogoh:
Yashnamoq ortidan – zavol berar ro‘y…
Va bunda hech bir zot emas gunohkor,
Hayot ortga qaytmas, qaytarolmasmiz.
Umr daryosining tezob, shiddatkor,
Mavjida biz kimmiz – oquvchi xasmiz…
Va yana bir ahkom abad ustuvor,
Unga mudom bo‘yin egmoqlik joiz,
Hech kimga yashamoq berilmas takror,
Qayta gul ochmagay kesilgan ildiz…
Garchi qadim ahkom
qolajak shunday.
Lek, istisno bundan ijodkor, shoir,
Zero, u har she’rda qayta tirilgay,
Shoir umri – baqo hukmiga doir…

Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi