Leopoldo Lugones (1874-1938)

Leopoldo Lugones (Leopoldo Lugones) – argentinalik taniqli shoir, yozuvchi va olim. Ijodining gullagan davrida milliy mavzu va xalqona ohanglarga ko‘p murojaat qilgan. “Asrga qasidalar”(1910), “Manzaralar kitobi”(1917), “Nasliy she’rlar”(1928) kabi o‘ziga xos she’riy to‘plamlar muallifi.

ANAKREONNING KEKSALIGI

Oxirladi kunduz. Shafaq ol rangli
Shu’ladan tojlar kiydi ilhomli jamol.
Ilohiy uyg‘unlikning bulog‘i kamol,
Borliqda limmo-limdir quyosh jarangi.
Anakreon she’rlarin lazzati behad
Olislarda yovqur bo‘lgan ul paydo:
Dengiz shovri, shoxsiz buqa ma’rashi go‘yo,
Appalon jang aravasiga qo‘shilgan har vaqt.
Atirgullar yog‘gan!.. Shoir qismatga some’.
Uning kabir qalbi yorug‘ bir jome’ –
Baayni go‘dak dilga qo‘yilgan vulqon.
His qilar shivirin qo‘ng‘iroq gullarning,
Uzatishar guldastalar titrab qo‘llari,
Faqat qip-qizilmas, oppoq, parishon.

TANNOZ

Tilla sharsharadek sochlar o‘rami
Nafis va nozik boshin ko‘rsatar o‘ktam.
Qo‘riqlar tillaqoshi uning oromin
Kunlik tashvishlaru g‘alvalardan ham.
Ko‘kragi ochiq-sochiq. Bo‘yi qitiqlar qonni,
Bo‘ynidagi elas-elas tomiri nishon.
Lolazorda go‘yo nilufar koni,
Ustidan tashlab qo‘ygan oq harir qopqon.
Rangin o‘yiniga mos bir tarona
Xiromi juda qaltis, soxtadir nozi.
Go‘yo marhamatday lab burishlari
Bo‘yog‘iga bir jon qonidir g‘oza.
Karaxt nigohida yo‘qdir o‘y, orzu
Ayshga botgani-chun kechalar bedor.
Kerilma oyoqchalarin saxtiyon sozi
Guldor gilamlarni tepkilar g‘addor.
Muhibi shivirlaydi. Bo‘sh va havoyi,
G‘ijimlar yelpig‘ichin oyimtilla sha’n.
So‘ng siltar, uvalanar bir zarra ishqi
Yuragi evrilgancha changga daf’atan.

QARI SO‘QQABOSh

Huzursiz kechki lahza,
Ko‘r taxmonda palaxsa,
Ko‘zguning yuzida yosh,
Qo‘rqa-pisa alahsib
Turar qartaygan quyosh.
Safar xaltasi yag‘ir,
To‘shagi so‘ngan gulxan,
Cheti baxmal chorcho‘pda
Qorayib ketgan ko‘pdan
U surat, eski g‘urbat.
Ilgichda qo‘riqchi tus,
Osilgan shumshik frak,
Taratar naftalin is,
Qadim ruhli siyohdon
Tepasida mis Balzak.
Beparvo qushlar, shamol
Talpinar makonlarga
G‘ala-g‘ovur, g‘amginxayol
Kipriklar lab bosgan ko‘z
Chetlari o‘rgimchak to‘r.
Unda qaldirg‘och qator,
Ortidan ninachilar
Sho‘ng‘ishar bulutlarga
Yo‘llashib sirli kalom
Vidoga uyg‘un salom.
Uyquli taxmon uzra,
To‘zg‘oq kursiga botib
Olovli pech yonida
O‘zida yo‘qdir hushi
O‘ltirgan keksa kishi.
Termilar bo‘m-bo‘shliqqa,
Jimlikda tortib chilim.
Hislari tilsiz g‘oyat,
Qo‘shnisi so‘qir o‘lim
Devorda tingan soat!

AFSUN

Tosh qotgan kech. Qanot qoqmas biron parranda.
Dengiz sathi – yoqut zangori.
Ko‘klarda bir halovat qoyim,
Moviy shu’la otgancha xanda.
O‘rtik-o‘rtik shaffof barxanlar…
Bahs qiladi moviylik bilan
To‘lqinlarda yolg‘iz oq yelkan
Qalqqanicha navrasta qamar.
Oh, qanchalik baxtimiz raso,
Goh halqumga tiqilgandek jon,
Zor-zor yig‘lab kuygan-chun ummon
Suvi sho‘ru, kamaymas aslo.

Rus tilidan Vafo Fayzulloh tarjimasi