Alfonsina Storni (1892-1939)

Alfonsina Storni (Alfonsina Storni; 29 may 1892 — 25 oktyabr 1938) — argentinalik shoira va yozuvchi, Lotin Amerikasi modernizmining atoqli namoyondalaridan biri. Asarlarining bosh mavzusi – taqdir sinovlariga matonat bilan dosh beruvchi inson jasorati, uning quvonchu hasratga to‘la kechinmalari. A.Stornining “Lazzatli og‘riq”(1918), “Tuzalmas”(1919) kabi qator she’riy to‘plamlari chop etilgan.

ORZU

Qani edi tusholsang ilk ko‘yingga,
Gul bargiga tekkizolsang barmog‘ing.
Chaman ichra yetolmasang o‘yingga,
Bo‘za ichib, sindirmasang bordog‘ing.

G‘AMGIN SOQChI

Meni kuzatadi tig‘ tutgan soqchim,
O‘zimdan hokisor qari poyloqchim.
Bu bema’ni azob – uyqusiz kezmoq,
Har ishda kaltabin o‘zlikni sezmoq.

Dalaga suv emas, shudring oqarmish,
Shamol ila olov yerni yoqarmish.
O‘lim qondirarmish chanqog‘imizni,
Topibsiz-da rosa ahmog‘ingizni.
Bu bema’ni azob – kezmoq uyqusiz,
Yashamoq qayg‘usiz, hissiz, tuyg‘usiz.

Tilimni kessalar, o‘ysalar ko‘zim,
Unchalar qayg‘uga tushmasman o‘zim.
Qo‘rqmagayman endi yov qiynog‘idan,
Kishanlarning og‘ir shaldirog‘idan.

Bu och jonivorlar, yirtqich hayvonlar
Qoldirolmas meni uncha hayronlar.
Qo‘lu oyog‘imni chopsalar ham men,
Pashsha chaqqanchalik chekmasman g‘am men.

Men gullarni suydim, garchi o‘zim – gul,
Suvlarni suydim men, muz ila mashg‘ul.
Men osmonni suyib, kirarman yerga,
Biroq, poyloqchimni solarman she’rga.
Chunki, har kungi yo‘l, yo‘nalish tayin,
Men yuraveraman, soqchimga qiyin.

MELANXOLIYa

Iloj qancha?
Mabodo o‘lsam,
Bo‘ylarimga shu xona to‘ysin.
Izimdan hech qolmagan “ko‘lkam”
Manglayimdan bir o‘pib qo‘ysin.

O‘lim, seni chorlayapman-u,
Men hayotni sevaman hali.
Tanim qabul aylarkan tobut,
Bir yarq etsin samo mash’ali.

Muz tanimdan seskanmasin tong,
Vidolashsin bahoriy nasim.
Menga har tong jilmaygan oftob
Har sahar siz uchun porlasin.

KIChKINA ODAM

Kichkina odam, hoy, kichkina odam,
Qo‘yib yubor endi sayroq bulbulni.
Qushchaman, senga hech hamdam bo‘lolmam,
Men sevgum chamanda ochilgan gulni.
Hoy kichkina odam, bu temir qafas
Na senga vatandir, na menga vatan.
Ozodlikda faqat olarman nafas,
Men uchun vatandir bog‘u rog‘, chaman.
Menga tuzoq qo‘ygan, qafas tutgansan,
Kichkina atadim seni shuning-chun .
Hoy, kichkina odam, qonlar yutgansan,
Anglay olarsanmi meni biror kun?
Axir, men ham seni anglashim og‘ir,
Bu dunyoda qancha odam bor, qush bor?!
Sen o‘z yo‘lingga, men uchmog‘im shartdir,
Gulni suydim, seni suymog‘im dushvor.

Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi

OROM ISTAGI

Enagam, tuhfa qil shudring ro‘molin,
yosh maysalar qo‘lin, gullar tishin oq.
yoygin yumshoq yo‘sin qanotini, tin
olay, choyshab kabi yozilsin tuproq.

Meni allalagin, enajonginam…
bosh tomonda shamlar shu’lasini tuy.
qay yulduz turkumin tanlasang, shu dam
uni sal pastroqqa enkaytirib qo‘y.

Men yolg‘iz qolaman… yashillanar barg,
tebranadi qo‘llar, ko‘kka ko‘z solsang,
qushlar ko‘tararlar qo‘ndirmasdan gard,

uni unutsin deb…O‘tinchim: yana
agar u qo‘qqisdan sim qoqib qolsa,
chiqib ketgan edi, deb qo‘ygin, ena!…

Zuhra Asqarova tarjimasi