Oyshan Tog‘li (1962)

Oyshan Tog‘li (Ayşen Dağlı) 1962 yili Kiprda tug‘ilgan. Kipr yuqori texnologiyalar institutining arxitektura fakultetini tamomlagan. “Tuproq va men” (1993), “Sehrli zamburug‘lar va nur” (1994), “Vitamin ehtiyoji va sevgi” (1995), “Mantiqning gullari va chumolilari” (1996) kabi kitoblari chop etilgan.

KEMA DAFTARIM YO‘Q

Botgan bir kemaning sirtiman,
Kema daftarim yo‘q, o‘qiyolmassan.
Mis to‘lib-qotgandir tomirlarimda.

Sababi bilinmas yong‘inda qoldim,
Kuydim, o‘t oldim…
Qibris, bir oz intil,
bilib olasan.

Men bir oz ayolman,
Bir oz askar,
Bir oz insonman.

Urush,
urush bilan o‘tdi butun yashayish,
Jonga tegib ketdi bu umr, tashvish.

Yoniq og‘ochlar ichra o‘yilar ichim,
Afrikaning sirli niqoblariga aylanar yuzim,
tinmas ko‘zyoshlarim….

Boshimdan esgan shamolga yo‘l yo‘q.
To‘rt yog‘im yo‘lsizlik, yasoq, yasoqlik.

Quyosh bo‘linar.
Yomg‘ir bo‘linar.
Tirnoqday narsa deb bo‘linar
bolalarim,
Bir-birin tanimas.
Tanimas hech kim.

Botgan bir kemaning sirtiman.
Kema daftarim yo‘q,
Ne bo‘lganin o‘qiyolmassan.

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi