Ilkay Adali (1944)

Ilkay Adali (İlkay Adalı) 1944 yili Kiprning Magosa shahrida tug‘ilgan. “Mixi chiqqan dunyo” (1971), “Kishanli umid” (1973), “Chiqilmas ko‘chalar” (1981), “Sohildagi daraxt” (1993) kabi kitoblari chop etilgan.

KO‘P BO‘LDI

Ko‘p bo‘ldi, ko‘nikmas yo‘qligingga tun.
Ko‘p bo‘ldi, nur sochib chiqmay qo‘ydi kun.
Ko‘p bo‘ldi, axtardim do‘stim tovushin —
Hech ne yo‘q — o‘rtada dengizlar, yo‘llar…

Ko‘pik xotiramda moviy xayollar,
Kezarkan, ko‘zimga cho‘kdi kunbotish,
Oqshomlar yolg‘izman… Ayt, bu ne qarg‘ish?

Ko‘lkang — u yashirin eshiklar aro
Yo‘l topmay tunlarga sig‘ingan yulduz,
Sovuq marmaringda oqqan suvlar-la
Qovushar qorong‘u daryoga yolg‘iz…

Ko‘p bo‘ldi, uchgancha shamol otida,
Seni axtaraman bahor qo‘ynidan,
Boshoqlarning sassiz, tinch o‘yinidan,
Uchib qaldirg‘ochning oq qanotida…

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi