Engin Ko‘ngil (1926-1996)

Asl ismi Amina Xozim Ramziy bo‘lgan Engil Ko‘ngil (Engin Gönül) 1926 yili Kiprda tug‘ilgan. Emina O‘tan taxallusida ham she’rlar bitgan. “Senga to‘g‘ri” nomli she’riy kitobi 1952 yili chop etilgan.

QIBRIS

Ko‘lkalar o‘parkan tuproqlaringni,
Ellar o‘zin ko‘kka chorlaydir, Qibris.
Tarix yozib oltin yaproqlaringni,
Seni yulduzlarga bog‘laydir, Qibris.

Zumrad bir yog‘dusan, rangin chechaksan,
Oqdengiz bezagi, qaynoq yuraksan,
Yana yuksaklarga yuksalajaksan,
Kelajak kechmishing oqlaydir, Qibris.

Bu chiroy, bu sharaf yarashar senga,
Kulumsar ko‘zlaring har kulganingga,
Yolg‘iz bir yarang bor — kuyaman shunga,
Shu uchun suvlaring yig‘laydir, Qibris.

Ko‘klarni yoqsa-da ayriliq, dushman,
Sen o‘z ko‘ksingdagi Iymonga suyan,
Yangi Kun otajak erta tong bilan,
Bu yovlar ko‘nglini dog‘laydir, Qibris.

QIZIM OYShAGA

Xonamga lojuvard sharpalar to‘ldi,
Ma’sum oy nurlari tovlanar, kular.
Ilohiy bir mujda kelganday bo‘ldi,
Derazam ko‘zida billur yog‘dular…

Bir on hayajonda titradi ichim,
Yonimda malaklar turganin bildim,
O‘zgargan har neda boshqa bir bichim,
Shafqat-la dunyoga yangidan keldim.

Tangrim huzurida duolar o‘qib,
Shukr aytib, yukunib, yerga bosh qo‘ydim.
Ichimda ilohiy zavqlar toshiqib,
Bizga tovush bergan tovushing tuydim…

YoMG‘IR

Suvlar hayajonli, ko‘lkalar namli,
Huzurli boqish-la yo‘l oldim boqqa.
Butoqdan ayrilgan yaproq alamli,
Ming yilning azobi yuklanmish toqqa.

Uylar xayol surar. Qayg‘ular yovuq.
Go‘yo duo o‘qir sarvi og‘ochi.
Bo‘lsa-da qish yuzi tumanli, sovuq
Eslashga arzirmi yozning quvonchi?..

Minorlar uzanmish kabi Ollohga,
Ko‘klarni qoplamish ilohiy bir nur.
Duom shu: botmangiz endi gunohga,
Yog‘sin, ichimizni yuvsin bu yomg‘ir…

Turkchadan Tohir Qahhor tarjimasi