Franchesko Petrarka (1304-1374)

Petrarka Franchesko (Francesco Petrarca; 1304.20.7, Aretstso — 1374.19.7, Arkua, Paduya shaxri yaqinida) — italyan shoiri, italyan adabiy tilining asoschilaridan biri, faylasuf. Monpele (1316), Bolonya (1320) universitetlarida xuquqshunoslikdan ta’lim olgan. 1326 yil Avinonga ko‘chib borib, diniy rutbani qabul qilgan va oliy martabali ruhoniylar bilan yaqinlashgan.
Petrarka o‘rta asr aqidalaridan mutlaqo xoli bo‘lmagan esada, Uyg‘onish davrining gumanizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan madaniyatiga tamal toshini qo‘ygan. Petrarka lotin tilidagi «Dunyoga nafrat to‘g‘risida» (1342—43) falsafiy risola, «Uzlatdagi hayot to‘g‘risida» va «Rohiblar farog‘ati to‘g‘risida» (1346—66) risolalari muallifi. Petrarka she’riyatni o‘rta asr maddoxlari hujumidan himoya qilar ekan, uning katta tarbiyaviy va estetik qimmatga ega ekanligini alohida ta’kidlaydi. Petrarka «O‘zimning va boshqa ko‘plab kishilarning johilligi to‘g‘risida» (1367—70) asarida Aristotel «Etika»sida bayon qilingan mavhum fiqolarni rad etadi qamda amaldagi axloq me’yorlarini va insonni yaxlit holda o‘rganish g‘oyasini afzal, deb hisoblaydi. Petrarkaning «Avlodlarga maktub» (1374) nomli muxtasar avtobiografiyasi ham muayyan axamiyatga molik.
Petrarka antik dunyoni ideallashtirgan Yevropa shoirlaridan biri sifatida lotin shoirlarining qo‘lyozmalarini to‘plab, ularga sharhlar yozdi, ayni paytda o‘z asarlari bilan klassik lotin tilini tiklashga urindi. Agar uning lotin tilidagi «Afrika» (1339—42, tugallanmagan) dostoni Vergiliyning «Eneida»si uslubida yozilgan bo‘lsa, majoziy mazmundagi «Bukolikalar» (1346—57) asari cho‘ponlar eklog (qo‘shiq)lariga tatabbu tarzida maydonga kelgan. Petrarka italyan tilida xam ijod qilgan. Uning italyan tilidagi lirik asarlarida ishqiy va siyosiy mavzular ustuvorlik qiladi. Petrarkaning «Mening Italiyam» asarida vatan jarohatlangan go‘zal ayol qiyofasida gavdalanadi.
Petrarka ijodida Lauraga bag‘ishlangan lirik she’rlar turkumi, ayniqsa, katta badiiy qimmatga ega. Shoirning e’tirof etishicha, u Laurani 1327 yil Avinon shahridagi ibodatxonalarning birida uchratib, uni bir umrga sevib qolgan. Petrarkaning Lauraga bag‘ishlangan she’riy turkumi «Kantsonere» deb atalgan («Madonna Laura hayotiga» va «Madonna Laura o‘limiga», 2 qism). 317 sonet, 29 kantsona, 9 sekstina (to‘qqizlik), 7 ballada va 4 madrigaldan tashkil toptan «Kantsonere» o‘ziga xos she’riy kundalikdir. Petrarka, salaflaridan farkdi o‘laroq, sevimli ayol obrazini aniq-tayin va hayotiy belgilar bilan boyitgan. Shu sababdan ham uning lirikasi nafaqat italyan, balki Yevropa lirikasi taraqqiyotida yangi davrni tashkil etadi. Petrarka, lirik she’rlaridan tashqari, tertsina (uchlik) bilan yozilgan «Tantanalar» (1354) majoziy dostonini ham Lauraga bag‘ishlagan. Petrarka lirikasi, ayniqsa, sonetlari Yevropa shoirlari ijodiga katta ta’sir ko‘rsatgan. O‘zbek she’riyatida Usmon Nosir, Rauf Parfi va boshqa Boyqobilov singari shoirlar ijodida sonet janrining paydo bo‘lishi va taraqqiyoti ham Petrarka ijodining ta’siri samarasidir. Petrarkaning bir qancha sonetlari uzbek tiliga tarjima qilingan.

* * *

Chaman undi qiz qarashida,
Qoq tuyg‘ular tiriklik tuydi,
Sho‘x kapalak qanoti kuydi,
Ul nigohning shan otashida.

Kapalakdek asir bo‘ldim men,
Ma’sum nazar, foje’ qarashga.
Muhabbatni suyub tarashda
Kapalakdek basir bo‘ldim men.

Bilamanki, etarkan ta’qib,
Kul qiladi ul shahlo oftob,
Eski og‘riq – eng sodiq raqib.

Muhabbatning tuhfasi – sarob,
Ulfat bo‘lsam – gulchambar taqib,
Ajal tutar qo‘limga sharob.

* * *

Aldoqchi umidlar, soxta tantana
Va yolg‘on ishonchlar kelganda g‘olib,
Er, ko‘k egasiga bo‘laylik tolib,
Dilda oliy qudrat xotiri yana.

Fano – qora hayot, yashil maysazor,
Gullar orasida ilon soyasi.
Tiriklikning barcha bargu poyasi
Azal e’tiqodga yetkazar ozor.

Bo‘g‘izdan sirg‘alib o‘tmasdan ramaq,
Ko‘ngil topa olsin abadiy orom.
Bizni to‘g‘ri yo‘lga boshlasa gar haq,

Yana mangu yo‘ldan ozdirar avom.
Borlig‘-u, adamda bir savol mutlaq:
Yo‘lsizning da’vati – qandayin maqom?!

* * *

Unutmaylik u oy, yil, kunni:
Nigohlarda chaqnadi chaqin,
Borlig‘imda balqidi yolqin,
Ko‘zlarimga berkitdim uni.

Ilk og‘riqni unutganim yo‘q,
Naq Yaratgan olgandi mo‘ljal,
Bor hayotim bo‘lgandi o‘lja,
Yuragimga botgan edi o‘q.

Unutilmas ul og‘riq, ingroq,
Bulbullarni o‘rtagan ovoz,
Qutlug‘ ism baxsh etgan titroq.

Satrlarim, sizga keng parvoz,
Qatingizda o‘shal nom yangroq.
Ismin yozsam gurillar qog‘oz.

* * *

Xob aro baxtliman, g‘am ichra quvnoq,
Soya va shamolni suyub silarman,
Bo‘ronda cho‘kmaslik yo‘lin qilarman,
Dengizga boshlarman dilimdan irmoq.

Sohilda tiklayman qumdan qasrlar,
Olisdagi quyosh ko‘zim oladi,
Yulduzni ko‘zlagan ko‘zim toladi,
Shirali tumandek suzar asrlar.

Muhabbat, qa’ringga chorlagan jarsan,
Yarador turibman dara labida,
Yil hisobi bilan yigirma qarzsan,

Tuzog‘inga tushdim ishq talabida.
Tilla to‘rda vasl mayin icharman,
Muhabbat, hayot va shon matlabida.

* * *

Men aqldan ozaman, agar
Topolmasam ma’shuqdan nishon,
Yurak bo‘lur zo‘r ishqqa kuldon,
Raqibamdan yetmasa xabar.

Kamolidan yetsa bir asar…
Toza jamol yetkazar qayg‘u,
Ko‘k yashirgan ma’suma oy u,
U nurafshon, u durri akbar.

Osmonni tark etgandek xurshid,
Lablarimdan to‘kilar hayot,
Tiriklik – bu chirib tushgan chit.

Suygulimdan yetmaydi najot,
Qirchillama men kabi yigit
Judo bo‘lar sevgidan, nahot?!.

* * *

U jonimda, u jonginamda:
Jonga qo‘ydim jononimni men,
Jonga o‘ydim yomonimni men,
Abadiyan u yonginamda.

Qabrim toshi tutgan yozuvda
Muhabbatim umri aks etar,
Bo‘m-bo‘sh qalbim oqaru ketar,
Iztirobim oqizgan suvda.

Hasratimdan o‘yilgan o‘ra
Tubidaman, ojizman va kar.
Yaralarim tilgandan ko‘ra,

Koinotda beiz va besar
Yitgan ruhdan mehrimni so‘ra:
Ishq shamoli qay sori esar…

* * *

Ozurda jon, atrofni tani:
Shu tepada, shunda kecha-kun.
Duch kelgandi iqboli nigun.
Bizni tashlab ketdimi, qani?

Endi bunda qolaylik, do‘stim.
Ko‘rinarmi uzoqlardan yor,
Yordan boshqa qayg‘ular bekor,
Do‘st, ustingda ilohiy po‘stin.

Xun yurakka yana so‘z qotding,
Tushmagandek o‘rtaga hijron,
Qachonki sen sog‘inchga botding –

Sevding! Seni tark etdi shu on,
O‘zga qalbda uni uyg‘otding,
Otdi seni dil qa’ri tomon.

* * *

Go‘zal chehra! Maftunkor nigoh!
Raso qadda eshilgan g‘urur!
Kibru shafqat omuxta surur –
So‘z va shuur soyabon, panoh!

Nurli kulgich yo‘q endi, zotan,
Jilmayadi mangu uyquda,
U fanoga borsin osuda,
Saltanatlar tutsinlar motam.

Jon, qonimda edi har nafas,
Oramizga tushdi judolik.
Hatto ajal qilmoqda havas!

So‘zboz emas, kasbim – fidolik:
Shamollarda sovrilgan so‘z, sas –
Hajr tuni oqqan qarolik.

* * *

Kurtaklarda shitirlar bahor,
Yuzlarimga urilar tafti,
Yuzlarimni silaydi kafti,
Sho‘r qismatdan yetmoqda ozor.

Quyosh kabi issiq qiyofa,
Yuragimning naq yarasida,
Tilla sochlar sharsharasida
Dur, gavharlar tuzmish ziyofat.

Mavjlanadi zebo kokillar,
Oq yelkadan, o, quyiladi!..
Xotirani o‘rtar u yillar.

Chigal tugun – vaqt uyuladi,
Momiq qo‘llar sirtmoqni silar…
Qora sharpa naq tuyuladi.

Ruschadan Salim Ashur tarjimaci

I

Qo‘shiqqa jo etdim yoshlik zavq-shavqin,
Og‘riqli oh-vohlar shovqini giryon,
Ilk xato xun olgan shum damdan buyon
His etmay yasharman o‘z umrim haqqin.

Behuda orzu va benaf jafo-kin
Muztar ovozimni uzar nogahon,
Qalbim uzr-ma’zur bobida hayron,
Sevishganlar, faqat xayrixohlik chin.

Ustimdan kuladi har kimsa, nahot,
Muhimmi, hakamlar juda ham sipo:
O‘zimni kulgili sezyapman hozir.
Zimni puch manfaat chanqatar, hayhot,
So‘ng anglab, o‘zimni aybladim hatto,
Dunyoviy shodliklar – muxtasar tushdir.

V

Qay dam ehtirosim jonimni o‘rtar,
Ismingiz bobida ko‘p istihola –
Benazir hamd-sano sizga havoLA,
Birinchi hijodan falakka o‘rlar.

Allaqanday ovoz Unsiz ingranar,
Joduday sehrlar REal bir nola:
AlbatTA, vassaldek ovora bo‘lma –
Sen uchun emasdir bunday tor yo‘llar.

Shunday yuksak siyLAn, beqiyos oraz,
Tingla, Umrim bo‘yi madhing yozarman,
Barcha REjam uchun sen mavzu har on.

Axir, Apollonning shoni beg‘araz,
Mangu bahoriga hamisha zorman
Dag‘al tilim ila maqtab har zamon.

VI

Ayriliq azobi qiynaydi chandon,
Jinni ayrilig‘i, matonat qadar
Anglamay men kabi oldinga uchar,
Sevgiga asirlik aylagan chaqqon.

Tag‘in sabotliroq baqirdim nolon:
“Unga xalal berma!” – so‘qir tuyg‘ular
Odamning qalbiga ekar qayg‘ular,
Ayniqsa, qaysarlik ortiqcha armon.

Ki netay, jilovlab oldi bu hislar,
Qiynab, barbod aylab so‘nggi erkimni,
Yo‘qlik ustunligi tantanaga shay.

Xom meva ta’mini totishim istar,
Ro‘yo-la chalg‘itib tasavvurimni,
Yarani kuydirib davolaganday.

VII

Ochko‘zlik, kamo‘ylik, quruq dabdaba
Xarob aylar savob ishni boshidan:
Ne bo‘lar tosh chiqsa homiy oshidan,
Tabiat amrida jonfido tavba.

Ezgulik ko‘kida so‘ndi martaba –
Va hayot chekindi jonon qoshidan,
O‘zaro kuylashgan munglig‘ qo‘shiqdan,
Hayhot, kamyob hislar yedilar zarba.

“G‘alaba orzusi? Bargakka ixlos?
Oyog‘ingni tortgin Donishmandlikdan!” –
Jo‘r ovoz tinchitmas tamagir ahlin.

Sen bilan, jon do‘stim, hamsafarlik tan:
Ayniqsa, shuhratni unutma noxos,
Munosiblik shudir, ayni sharafing.

IX

Ona sayyorani bo‘lguvchi soat
Qay dam topganida Buzoq burjini,
Tabiat shavq ila o‘tab burchini,
Otash shoxlariga aylar itoat.

Do‘nglik ham, soylik ham – gulga ziyorat,
Daraxtlar silkitar barglar uchini,
Lek tunlar zaminning ulkan xurjuni,
Hayhot, shiravorga misli ibodat.

Harorat bamisli mevalarga jon.
Shunday, agar mening yerdagi shamsim
Muomala aylar ko‘zim nuriday,

Sevgi shiddatini anglamaydi kim –
Ular egizakday, biroq hech bir on
Bunda men bahorni his etmam, netay.

XIX

Shunday jonzotlar bor, ilg‘ar ilohin,
Quyoshga tik boqar ko‘zin yummasdan;
Qay birlari tunda jonlanar, aslan,
Kunduz yorug‘idan asrar nigohin.

Yana shundaylar bor, anglamas chohin –
Olovga tik uchar bamisli qasddan;
Hech yon qochib bo‘lmas aslo qismatdan,
Ular qatorida men ham borman,chin.

Ko‘zim qamashtirsa serishva jamol,
Soyaga qochmasman, faqat sezaman,
Tezroq tun kelsin deb qilmasman orzu.

Peshvoz chiqsam ko‘zim yoshlanar, chindan
Intilaman afsun lol qilgan misol,
Uning nurlarida yonsaydim mangu.

XXXI

Yuksak qalb, qay bir dam o‘z tuyg‘ularin
Begona hayotga besar baxsh aylar,
Martaba egallar, o‘zini qiynar –
O‘zga zotga ravo ko‘radi barin;

Mirrih ila Zuhra mening dilbarim,
Malak yulduzman deb, – shamsdan ajralar.
Xasis, o‘z jilvasin battar qizg‘anar
Darvishlar zikriga baxsh aylab barin;

Boshida ko‘rarmi to‘rtinchi sharni, –
Uchovlon sayyora ichra yo‘q raqib,
Malak go‘zalligi o‘rtar ularni;

Beshinchi samoga chiqsa o‘laqib,
Manzil yo‘q, jilvasi to‘sar nurlarni –
Olam yulduzlarin rashki tutaqib.

LXVIII

Mudroq shahringizmi, maqbul Rabbimga,
Meni azoblaydi gunohim uchun,
“O‘ylab ko‘r!” – qichqiriq, talab qilmay xun
Porloq saroy sari yo‘l ochar kimga.

O‘zga o‘y shu joyda qo‘zg‘ar vahima
Va baqirar: “To‘xta, qayoqqa? Nechun?
Bizning xonimlar-la suhbat qur uzun,
Yo‘lingni jo‘rttaga burding – sen nima?”

Tili ila dilni muzlatar malak,
Baayni insonga – maqsad yot atay,
Banogoh qay xabar aylar jonhalak.

Va yana birinchi o‘z joyida shay,
Ikkinchi. Bu jangda kimni asrasak?
Nomus maydonida kim g‘olib mardday?

LXXXV

Hamisha sevganman, endi qalb ila
Har kuni kuchliroq sevishga shayman:
Qayda ishq g‘am ila qiynar ataydan,
Shu joyda ko‘z yoshim ajib silsila.

Hovliqqan oshiqman ishq olamida,
Aslo unutmasman, mudom sevaman.
Lek ko‘prog‘i – o‘sha, husni dilga tan,
Kuchliroq bo‘lgayman sevgim g‘amida.

Illo kim ham kutar, mushfiq g‘animlar
Yurakni qurshagan, do‘stlarim qadar,
Ayni paytda qanday bag‘rimga bossam?

Men g‘olibman, Sevgi, sening qudrating!
Dalda bermaganda ishonch jur’ati, –
Tufroqqa qo‘shilib ketardi jussam!

LXXXIX

Ko‘p yildan so‘ng qochdim ishq changalidan –
Bas, sanamlar, tinmay so‘ylashim mumkin
Qay sarosimaga tushganin qochqin
Bunday o‘zgarishdan dil istamagan.

Yurak uqtirardi, ya’nikim chindan
Yolg‘iz yashamaydi hech qaysi mo‘min,
Duch kelgan xiradni uchratib lekin
Tiz cho‘ktirib o‘ch olar xoindan.

Mana, arasotdan xo‘rsinib og‘ir,
Men derdim: “Sezardim totli og‘riqni,
Erkdan avlo.”, – bilsin ahli vafodor.

G‘oyat kech angladim yanglish qiliqni,
Bas, tag‘in ishq ichra ekanman asir,
Xatoni tuzatgum toki jonim bor.

CLXIX

Erka fikrat, ta’qib aylab etdi zor,
Olam uzra kezib uni izlardim,
Shuncha azobimga sabab bo‘lgan kim,
Topsam, kechirishin so‘rayman bedor.

Va yana u meni o‘rtar fusunkor,
Xo‘rsinishdan qanday asray bu qalbim?
O‘shal, kimga ko‘ngil yozsam yozg‘irdim, –
Amurga do‘st emas va menga ag‘yor.

Bari shunday kechar, yanglishmasam gar,
Jonli hamdardlikning yorug‘ shu’lasi
Isitar qorong‘u, sovuq nigohin.

Tortinchoqligim ham azob bir qadar,
Va qariyb hal bo‘lgan iqror nag‘masi,
Biroq xoinona jim turar og‘zim.

CCXV

Aslzotlik belgisi – sofdillik, ishon,
Ajoyib zakovat – yurak ham toza,
Tashqi odamovi holat – andoza,
G‘arq pishgan mevalar – g‘unchadan nishon, –

Uning sayyorasi saxiy – bir jahon,
Ayon – xon ziyosi, yuksaklik rosa –
Malak obro‘-sha’ni, har bir xulosa
Qiynab qo‘yar ulug‘ shoirni hamon.

Tangri ishq va orni unga baxsh etgan,
Joziba chekiga tushgan qomadday
Tabiat barnovash – shodiyona bu.

Uning nigohiga neni naqsh etgan,
Tun yarmida kunduz nur sochar atay,
Taxir yovshanlarga – totli ta’mdir u.

CCLVIII

Meni nozik nurlar tafti-la siylab,
Jonli shamday porlar shahlo ko‘zlaring,
Qalb qa’ringdan menga erka so‘zlaring
Jilg‘aday oqardi nafis jildirab.

Endi ular yiroq kezinar qiynab,
Biroq yodimdadir o‘tlig‘ hislaring:
Garchand o‘zgaruvchan nigohi zarrin
Har gal uchrashganda o‘zgacha tiynat.

O‘rgangan a’moldan qutulish mahol:
Ko‘ngilga begona oldingi huzur
Va gunohni yengish kechmagay oson.

Malak yot toleni bilardi malol,
Goh hadik, goh umid chorlardi bir qur,
Oshig‘in tark etgan qolarmi omon.

“MADONNA LAURA O‘LIMIGA SONETLAR”DAN

CCLXV

Shafqat bilmas yurak, vahshiy fe’l-atvor
Menga nozik, yuvosh, malakqiyofa
Vafotidan tahdid qilar har daf’a,
Vaqti bilan himmat ko‘rsatmas zinhor.

Ko‘karsa va nobud bo‘lsa maysazor,
Kunduzi, tunda o‘t qo‘ydim dunyoga –
Xilvatda yig‘ladim. Taqdir bu safda,
Madonna va Amur. Yo men gunohkor?

Illo men uzlatga mahkum emasman,
Men bilaman oddiy tomchi shaxt ila
Marmar va granitni charxlar bilib had.

Ko‘zyoshlar, iltijo, muhabbat bilan,
Ayon, yurak kuchli inson baxtiga,
Shafqatsizlik barham topar to abad.

CCXCVI

Men avval o‘zimni ayblardim doim,
Hozir shodman ishqqa asirligimdan,
Bu shirin va achchiq og‘riq menga tan,
Bir necha bor buni sir saqlay oldim.

O g‘azabnok parklar! Bilibon qoim
Sevgi rishtasini uzdingiz chindan,
Menga buncha aziz bu baytulhazan,
Oltin milingizga ochiq ko‘kragim.

Malak hayot payti, erkdan bezardim,
Shodlik ham, hayot ham, totli huzur ham,
Bari kasb etardi yangi maqsad-sha’n.

Xushomadbop ohang xo‘rlangan dardim,
Ohim yolg‘iz unga, ismi mukarram,
Ham halokatli zarb, ham mangu kishan.

CCC

Seni jinim suymas, mozor to‘zoni, –
Ziqnaday yashirding sog‘inganimni, –
Mendan tortib olding mening baxtimni,
Hayotiy janglarda tayanch jononni.

Rahmsiz ruhlar, ishg‘ol aylab samoni
Ochiq davrangizga qo‘shdingiz kimni –
Qaytarib olgum yosh nozaninimni,
Biroq rad etishdi yo‘q deb imkoni.

Badgumon, ularning xushbaxt taqdiri,
Saralangan, endi mahliyo boqar
Yorqin va tinch umrin o‘yga toldirib.

Ko‘rolmayman, O‘lim, ag‘yorlik siring, –
Sen yorim umrini qirqding shu qadar,
Meni qum sahroda ketding qoldirib.

CCCXII

Na porloq yulduzlar jilvadorligi,
Na keng sohildagi g‘uj-g‘uj yelkanlar,
Na jonzoti bisyor quyuq o‘rmonlar,
Na chavandozlarning omilkorligi,

Na xorijdan kelgan mehmon borligi,
Na ishqqa qofiya shirin siymtanlar,
Na favvora bo‘ylab kuylagan dilbar,
Na ma’ni ahlining intizorligi, –

Hech narsa qalbimga tatimas sira,
Bari yulduzimga juda o‘xshardi,
Qalb bariga ko‘zgu bo‘lgandi sara.

Hayot bir zayl kechar. Ajal kezardi –
Men kutmagan holat, tushkun manzara,
Gar uni ko‘rmasam yaxshi bo‘lardi.

CCCXXXVII

Sevimli tantanam, tengsizdir boring,
Yoqimli ziynatga to‘la sharq mag‘rur
Va xohishga ko‘ra kim g‘arbdan masrur,
Nodir javohirot ajib asroring.

Muhabbat – bu sening buyuk qarzdoring:
Go‘zallik va himmat nur ustiga nur,
Sen qat’iyat ila yuragimda tur,
Panohingdan himmat topsin iqrorim.

Ulug‘ fikr uchun sen mangu vatan, –
Jo‘shqinlik, hayajon, men baxtli edim,
Hayotda ko‘p ko‘rdim rohat-farog‘at.

Sen bois dunyoim but edi chindan,
Yuz hissa bezaydi samoni sevgim,
Ollo oldi seni, o komil xilqat!

Rus tilidan Safar Olloyor tarjimasi