Persi Bishi Shelli (1792-1822)

Persi Bishi Shelli (Percy Bysshe Shelley; 1792.4.8, Fild-Pleys, Susseks grafligi — 1822.8.7, Spetsiya qo‘ltig‘i, Italiya; Rimda dafn qilingan) — ingliz shoiri.

Oksford universitetida o‘qigan (1810), «Ateizmning zaruriyati» (1811) risolasi uchun universitetdan haydalgan. Frantsuz ma’rifatparvarlari ta’sirida «Agasfer» (1809) dostoni, «Margaret Nikolsondan qolgan parchalar», «Viktor va Kaziraning asl she’riyati» she’riy to‘plamlari, «Zastrotstsi» (1810) va «Sent-Irvin» (1811) romanlarini yozgan. Dublinga borib, irland xalqining mustaqillik uchun olib borgan kurashida ishtirok etgan. So‘ngra Angliyaga qaytib, «Qirolicha Mab» (1813) falsafiy dostonini yaratgan. 1818 yil Italiyaga ko‘chib borgan va oradan 4 yil o‘tgach, to‘lqin paytida dengizga cho‘kib o‘lgan.

Shellining adabiy merosida epik doston va dramalar katta o‘rinni egallaydi. Ammo u ingliz adabiyoti taraqqiyotiga avvalo lirik shoir sifatida katta hissa qo‘shgan. Shellining she’rlari his-tuyg‘uning kuchli va samimiyligi, istiora va sifatlashlarning yorqinligi, musiqiyligi, ritmning yangi va rang-barangligi, ichki qofiyalar va tovush tovlanishlariga boyligi bilan ajraladi. Hayot, sevgi va ozodlik kuchlarining yengilmasligi Shellining «Mag‘ribdan esgan shamolga qasida», muhabbatning zulm va o‘lim ustidan tantanasi esa «Islom isyoni» (1818) va «Epipsidixion» (1821) singari dostonlarida o‘z ifodasini topgan.

Shelli Italiyada yashagan paytida roman janriga murojaat etib, qadimiy yunon mifi va Esxilning «Kishanlangan Prometey» dramasi asosida «Ozod etilgan Prometey» (1819) majoziy «lirik drama»sini, o‘rta asrlar italyan xronikasi syujeti asosida esa «Chenchi» (1819) tragediyasini yaratadi. Shellining so‘nggi yillarda yozgan yirik asarlari orasida «Rozalinda va Yelena» (1818), «Adonais», «Ellada» (1821) dostonlari, shuningdek, «Shoh Edip yoxud Yo‘g‘onoyoq shoh» (1820) hajviy dramasi e’tiborga sazovor.

Shelli vafotidan keyin «Uchinchi Piter Bell» (1819) hajviy dostoni, mifologik mazmundagi «Atlas ismli sehrgar» (1820), «Hayot tantanasi» (1822) dostonlari hamda «Karl 1» (1822) tarixiy tragediyasi e’lon qilingan. So‘nggi 2 asar tugallanmay qolgan. Shellining «She’riyatni yoqlab» (1822) estetik risolasi ham bor.

Ayrim she’rlari o‘zbek tiliga tarjima etilgan.

IRLANDIYa

Irlandiya! Bahoring kelur,
Yashil husning mahliyo qilur.
Dalalarda shovullar javdar,
Dengizning sof yeli ufurar.

Sen bir daraxt dengiz bo‘yida!
Sen tinchliksan, baxtsan har uyda.
Sen ajoyib mevalar berding…
Lek husndan, baxtdan ayrilding.
Mevangni yov uzib yo‘qotdi,
Ildizingni kurak qo‘pordi.

ANGLIYaNING MARDLARIGA

Inglizlar, ne uchun siz
Kishanlar-la do‘stlashdingiz?
Nechun dilgir usta, dehqon
Xojalar-chi, xush va xandon?

Nechun sizlar kiborlarni
Ipaklarga o‘rab barin.
So‘rdirasiz qoningizni,
Berib qandu bolingizni?

Qo‘li qadoq inglizlar,
Xo‘jayinlar hiyla izlar.
Sizga mehnat, o‘zga rohat
Olganlarga nechun xizmat?

Qani sizda rohat ila
Tinchlik, sevgi va oila.
Mehnat bilan kelgan o‘sha
Nonu tuzu issiq go‘sha?

Kim ekmasa o‘sha quvnar,
Izlamagan ega bo‘lar;
Kim qilichni o‘tda toblab,
O‘qtalolmas yovga qarab.

Bug‘doy o‘ring o‘zingizga,
Mato to‘qing o‘zingizga.
Bolg‘a bilan qurol yasang,
O‘zingizni yovdan asrang.

Koshonalar qurib yurtga
Yashaysizlar yerto‘lada.
Yuzlab ko‘zlar sizga boqib,
Kuladilar qoshlar qoqib.

Go‘rkov zoti kovlar go‘rlar,
Tobut yasar duradgorlar.
Kafan bichar chevar tam-tam
Senga mening Britaniyam.

BULUT

I

Men toza namlikni bahor chog‘ida
Gullarga sochaman dengiz yonida.
Salqinlik beraman dala, podaga
Jazirama yozning kunida.
Qanotim kergancha shudring bo‘laman,
Mana ko‘ring ko‘chatlar undi.
Nam bo‘lib dalaga yog‘aman asta,
Aylangan Yer menga ko‘rindi.
Men do‘l bo‘lib yog‘ib turgan choq
Oqaradi barg bilan boshoq.
Iliq yomg‘ir bo‘lib yog‘sam gar,
Kulgum erur momaqaldiroq.

II

Qorlarga burkayman tog‘u toshlarni,
Daraxtlar qolarlar zulumot aro.
Bo‘ronlar ichida oq to‘shakdayin
Yovvoyi qoyalar bo‘larlar burro.
Minoralar uzra, qal’alar uzra
Yashin yashnab turishga tayyor.
Momaqaldiroqlar zanjirband misol
Guldiray deb turadi zor-zor.
Tog‘larning ortidan otash nigoh-la
Qirmizi qanotli, qon rangida tong
Zulumotni haydab, quyoshni chorlab
Olis suvlar uzra urmoqdalar bong.
Suvlar uxlar bo‘lsa, osuda ufq
Dunyoga taratsa sevgi va surur,
Agarda pushtirang oqshom yarqiroq
Holatda qirg‘oqqa sochar ekan nur.
Men osmon — uyimda yotaman mudrab,
Ko‘rganlar deydilar bu kabutardir.

IV

Ustimda qalqir oy go‘zal qiz yanglig‘,
Buyuk bir sukutda yuzi yarqiroq.
Ipakday tanamga separ nurlarin,
Shamolda to‘zg‘igan podamdir oppoq.
Podam qadamlari bilinmas, mayli,
Shamol to‘zg‘itadi yupqa chaylamni.
Bir zumda yulduzlar to‘zg‘iydi har yon,
Baqrayib shamol ham bilmaydi g‘amni.
Kulgancha boqaman guvillab yongan
Olovli bolari oshyonlariga.
Ochaman bug‘ bilan tiklangan uyim,
O‘ynagan shamollar oshnolariga.
Shunda menga daryo, ko‘llar chuquri
Ko‘rinar aks etib osmonlarimda.

V

Oy yuzin tillarang libosga o‘rab,
Ol rangga o‘rayman quyosh taxtini.
Yulduzlar o‘charlar, o‘char vulqonlar,
Bo‘ronlar uchirsa ufq taftini.
Quyoshni to‘saman, dengiz ustiga
Bepoyon soyamni tashlab qo‘yaman.
Tog‘larga soyamni tashlab yotaman,
Mo‘jiza singari soya yoyaman.
Uxlagan yarqiroq minora bo‘ylab
Uchaman baayni momaqaldiroq.
Jangovar arobam do‘ngalagiga
Boylabon yerga yot kuchlarni shundoq.
Minora yarqirar, yonib qaltirar,
Tantana qiladi dunyo sho‘x, quvnoq.

VI

Men paydo bo‘laman ummon, tog‘lardan,
Er va suv baxsh etar men uchun hayot.
Umrbod tusimni o‘zgartiraman.
Lekin hech o‘lmayman, hech bir umrbod.
Bo‘rondan so‘ng ko‘kda quyosh turganda
Ko‘k yuzi top-toza, tip-tiniq bo‘lsa.
Osmonda shamollar va nur hukmron
Bo‘lganda ko‘k gumbaz yop-yorug‘ bo‘lsa.
Kulaman yomg‘irdan kechib o‘sha on,
Arvohday qabrdan chiqaman tezroq.
Tug‘ilgan go‘dakday dunyoga kelib,
Dahmamni yo‘qotib tashlayman biroq.

HIND QO‘ShIG‘I

I

Tushlarimda ko‘raman seni,
Uyg‘onaman uyqudan, e voh.
Bir maromda yashagan kecha
Yulduzlar-la charog‘on, ogoh.
Sen haqingda o‘ylab turaman,
Xayollarga bo‘laman asir.
Tushdagiday derazang tomon
Talpinaman g‘oyat besabr.

II

Ovozlaring aks-sadolari
Suzib yurar daryo yuzida;
O‘t-o‘lanlar ifori ro‘yo,
Xayol bo‘lib tuyular juda.
Xonish qilar tinmagur bulbul,
O‘ngimas bu, tush ko‘rar go‘yo.
Ming azobda to‘lg‘onib asta,
Ko‘z o‘ngingda bo‘laman paydo.

III

Ko‘tarib ol meni maysadan,
Men olovli jasad va soya.
Mening sovuq lablarimga bos
Lablaringni bilmay nihoya.
Men o‘likday sovuqman bu dam,
Bag‘ringga bos meni, go‘zalim!
Ayirmoqqa qo‘ygin nihoya,
Bu — senga eng ezgu so‘zlarim.

YoZ VA QISh

I

Ko‘zlar qamashadi javzo charaqlab,
Shamollar suvlarni qo‘zg‘otmas, ajab.
Ufqda jilvagar tog‘lar to‘dasi,
Ustida kumushrang bulut podasi.
Bosh uzra yarqirar osmon musaffo,
Abadiy tubsiz u zangori havo.
Quvonar o‘rmonlar, daryo, dalalar,
Daraxtzor qo‘ynida tollar jilvagar.
Jimlikda shildirar asta va bazo‘r
Emanlar yaprog‘i baxsh etib huzur.

II

Shunday qish ediki, daraxt shoxidan
Chumchuqlar qulardi shaxdam va shaxdam.
Palaxsa muzlarning ostida tutqin,
Baliqlar daryolar tubida horg‘in.
Balchiqlar hali ham qotmay, muzlamay
Ko‘llarning tubida yotar miq etmay,
Lovillab, lovillab pechka ichida
Alanga charx urar shunday kechada.
Tashqari sovuqki, taraklar ayoz,
Kambag‘al yupunga bo‘lmagaydir soz.

SO‘LIGAN NASTARINGA

I

Oshuftahol nozik lablaring,
Sevdim degan nigohlaring ham
Eslatdilar so‘lg‘in nastarin
Novdalarin menga ushbu dam.

II

Sen jonsizday bo‘lib banogoh,
Bosh qo‘yganda ko‘ksimga bir bor.
Muhabbatim tuyulib yiroq,
Tushdagiday ko‘rindi nochor.

III

So‘lg‘inlikni to‘xtatib bo‘lmas,
Achinishu so‘zlarim bilan.
Ushbu so‘lg‘in novda novdamas,
Hamohangdir taqdirim bilan.

Rus tilidan Aziz Abdurazzoq tarjimasi.

QAYG‘U

O, dunyo! O, hayot! O, bu shoshqin vaqt!
Qo‘llaringda erib boraman miskin…
Qayerda yashashdan to‘xtab qolgandim,
Endi qachon qaytgay shonli qismatim?
Hech qachon, o, endi hech qachon!

Kunlarim qoradir, tunlarim qora,
Shodliklarim abas, qolmadi yupanch.
Yozmi yo, qishmi yo, yo yashil bahor
Bergaymikan dardli dilimga quvonch –
Hech qachon, o, endi hech qachon!

“KUY TUG‘ILGAY…”

Kuy tug‘ilgay yana bir kuy o‘chganda,
Kuy ko‘ngilga solar titroq, hayajon.
Xushbo‘y gunafshalar gullagan palla –
Musiqaga shaydo bo‘lamiz shu on.

G‘unchasi ochilgay atirgul so‘lsa,
Ohanglarga to‘lar oshiq uyqusi.
Qachonki gul so‘lsa, qachon kuy tinsa –
Muhabbat ham mangu orom olgusi.

OY

1

Zamin o‘layotgan juvonday holsiz,
Dokachimmat yopib, olg‘a intilar.
Esankirab kezar, dovdirab yolg‘iz
Ongi kabi nursiz xonasi qolar.
Oppoq, shaklsiz va ojiz qiyofa –
Qoramtir fazoda oy ko‘tarilar.

2

Horg‘in bir suratda suzasan tanho,
Ko‘k osha termilib zamin bag‘riga.
Hamrohsiz, yo‘ldoshsiz bezdingmikan yo
Millionlab yulduzlar ichra ham yakka.
Sira o‘zgarmassan dardli nigohday,
Holbuki, samoning husni sensan, Oy!

HIND SERENADASI

Sening xayolingda ko‘zim ochaman,
Oqshomning ilk shirin uyqusidanoq.
Shamollar esadi beozor, mayin,
Yulduzlar yonadi yanada chaqnoq.
Sening xayolingda ko‘zim ochaman,
Ruhim tovonimda, tilim bezabon.
Kim yetaklar meni koshonang tomon?
Derazang ostiga, ey, mohitabon!

Elvizak yellardan uyqusi o‘char –
Tunda orom olib yotgan dengizning
Dimog‘imga gulob isi urilar,
Shirin xayoliday sendayin qizning.
Bulbul xonish etar, yo‘q, nola etar,
Jon bergusi kelar yuragingda tinch.
Qaniydi, o‘zim ham o‘sha bulbulday
Kuylasam derazang ostida har kech.

O, ko‘tar bag‘rimni shu maysazordan!
Yiqildim! Hushimdan ketdim! O, o‘ldim!
Qaniydi, lablaring tekkan yomg‘irlar
Tomsaydi labimga, yuzimga sim-sim.
Yonoqlarim muzlab boradi, e voh!
Yuragim potirlar chiqqudek qindan.
O, qalbim so‘roqlar nomingni har chog‘,
Qalbim jon bergusi o‘pib poyingdan!

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

 O‘TGAN YILNI YO‘QLOV

Rahmim kelar, yetim lahzalar,
Yig‘lang, o‘tdi eski yil, axir.
Shovqin solar lekin lahzalar
Javob berib: u uxlayotir,
Va tushida kulyapti bu dam,
G‘amu alam, dafn ustidan!

Qo‘pol, yerning o‘ziday qo‘pol,
Tobut titrab-titrab chayqalar,
Sovuq qish qo‘rs enaga misol
Eski yilga aytar allalar.
O, lahzalar! Ko‘kka yig‘langiz,
Bo‘zlang, tobut ichra otangiz!

Novdalarga bog‘liq belanchak
Tebranadi vaqt girdibod.
Shunday ayoz kunda yelvizak
Alla aytar u yilga, hayhot.
Ey, qayg‘uli damlar! Muhabbat
Uni sizga qaytarur faqat!

Go‘rkovlarday turar shu mahal,
Do‘ng ustida qahraton Yanvar,
Oppoq kafan keltirar Fevral,
Mart yig‘laydi, oh-fig‘on chekar,
Aprel ko‘z yosh to‘kar-u, ammo,
May gul tutar sizga bir dunyo!

 XAYRLI KECh

“Xayrli kech?” Nahot shunday
Yo‘q, qolgaysan tong qadar.
Farishtam, endi netay
Ayriliq oni yetar.

Xayrli kech? Rost so‘zim
Yo‘q toqatim firoqqa.
Xayrli – yolg‘on dedim,
Tunni aytsam bu choqda.

Olov yonsa qalblarda
Tunu tong oshno, albat.
“Xayrli tun!” demakka
Tilamoqqa yo‘q fursat.

* * *

…ga

Ko‘zimga boq – olma nigohlaringni,
Xumor ko‘zlarimdan sevgini o‘qi.
Unda olovlanar, o‘rtab bag‘rimni –
G‘olib qarashlaring shu’lasi, cho‘g‘i.

O, so‘zla, ovozing – orzum nafasi,
Qalbim olqishlagan aks sadodir.
Nigohimda aksing ko‘rgaysan, pari
Aslida so‘zlaring ermak, xatodir.

Nazdimda sevarsan sen meni go‘yo,
Eshitmog‘im gumon e’tirofingni.
Shunchalar yaqinsan, kunduzga – tun yo
Quvg‘in oldidagi vatanim kabi.

 SEVGI FALSAFASI

Daryolarga quyilar irmoq,
Vodiylarga chopar daryolar.
Ellar kuylar abadiy, mushtoq
Erkalanib, mehrgiyolar.
Borliq yakdil charxi falakdir
Ilohiy erkinlik izmida.
Bir-biriga bog‘langan axir,
Nechun bizga ayriliq bunda?

Osmon o‘par tog‘larni bu choq,
Quchoq ochar ajib to‘lqinlar.
Rad etilsa – nasibi firoq
Mag‘rur gullar qoshida kimlar.
Oy yog‘dusi mavjlanar takror
Erkalanar yaqin-yiroqda.
Aytgin, asli bari ne darkor,
Sen bilan men bo‘lsak firoqda?

QO‘ShIQ

Hasrat qilar qushcha sevgisin,
Bo‘m-bo‘sh o‘rmon hamda u yolg‘iz.
Novdalarin tunar izg‘irin,
Jilg‘alarin qoplab borar muz.

Dalalarda maysa qovjiroq
Yalang‘ochdir o‘rmonning qa’ri.
Sukunatni allalar tinmay
Tegirmonning titroq toshlari…

BEQARORLIK

Oyning tegrasida misli bulut biz,
Tun aro ucharmiz hurkak, tovlanib.
Zulmat quyuqlashsa, singib, unutmiz –
Biz izsiz manguga bo‘larmiz g‘oyib.

Bizlar o‘zga-o‘zga sozlar ohangi
Ohangimiz turli turfa yellarda.
Takror bo‘lmas nozik torlar jarangi
O‘tgan lahzalarday, chertsang agarda.

Oromimiz – tushdan bezovta mudrash,
Uyg‘onarmiz – mayda o‘ydan kun zada.
Shodlik, yig‘i, umid, kulgu va ingrash
O‘zgarmas ne bordir.
Xolislar qayda –

Mangu o‘zgarishdan. Yo‘l ochiq unga,
Sobitmas alamlar hamda shodliklar.
Kecha qaytarilmas ertaga bunda
Barqarordir faqat beqarorliklar.

STANSLAR

Ketgil! Tunning quyuq makonlariga,
Bo‘zargan oy bazo‘r yalt etar bir zum.
Oqshomning besabr tumanlariga
Cho‘kar so‘nggi nurning shu’lalari jim.

Hademay yarimtun shamoli kelar,
O‘rmonu vodiyga taralar sasi.
Qora kafan bilan o‘rar-u, yelar
Qorayar behudud osmon gumbazi.

Do‘stingni to‘xtatma benaf, befoyda,
Tunning shivirlashi ayon-ku: “Ketgil!”
Ayriliq onlari bo‘zla ohista.
Ko‘z yoshning vaqti bor, shoshilma. Kutgil.

Neki o‘ldi, qayta tirilmaydi u,
O‘tgan o‘tdi, ortga qaytarmas ohlar;
Hattoki sevgi ham yondirmas, yohu,
Loqayd va mudragan bo‘lsa nigohlar.

Yolg‘izlik kimsasiz makoning sari
Sodiq birodarday tashrif etarkan,
Sening behalovat kulbangning bag‘ri
Bedavo hasratga to‘lar daf’atan.

Va tumanning yengil ko‘lankalari
Parvoz qilar ekan gohi yarim tun,
Ustingda yig‘laydi parvona kabi,
Misli ovuntirar xomxayol o‘yin.

Muqarrardir, kuzgi zahil yaproqlar
Qoraygan daraxtdan beshak ayrilar;
Muqarrardir, ko‘klam chog‘i choshgohlar
Alvon gullar bo‘yi har yon taralar.

O‘tib borar ekan bari izma-iz –
Damlar, kunlar, hafta, oylar va yillar;
Hammaning ham foniy dunyoda, shaksiz
Tayin, o‘z vaqtida navbati yetar.

Ko‘chib borar ekan qora bulutlar,
Orom olar bo‘ron qanotlarida;
Shivir-shivir qilar – shamol tin olar,
Oy to‘lar charog‘on osmon qa’rida.

Bo‘ronli badjahl ko‘hna dengizda
Bosolgaydir shovqin dardli azobin;
Hasratu azoblar kurashgan kezda
Topolgaydir balki, u o‘z oromin.

Sen beshak qabrda olgaysan orom,
Kelmabdimi demak so‘nggi kun hamon,
Sen uchun yo‘l shudir – kulba ila bog‘ –
Ham subhidam mahal hamda namozshom.

Tiklamas toki ekan bosh uzra
Qabrni, misoli bir tuproq qal’a.
Senga qadrlidir bola nigohi,
Do‘st kulgusi, yana qadrdon dala.

SAMOVIY DARBADARLAR

Zarqanot yulduz, qayon,
Nahotki sen hech qachon,
Topa bilmassan makon,
Parvozing hanuzgacha?

Oy, yolborgin uzlatda,
Kulbasiz ziyoratda,
Yo‘llaring sayohatda,
Mahzunsan hanuzgacha?

Shamol, izla to‘zonda,
Joy yo‘qmi yer-osmonda,
Yo tuynukda, yo shoxda
Yo dengizda girdobda…

ERTAGA

Qaylardasan, ertaning subhi?
Qaltiroq chol va jo‘shqin o‘smir,
G‘am-u shodlik limmo-lim qalbi,
Lutfu karamingga muntazir.
Har safar – misoli soya-tun,
Seni qarshi oladi bugun.

Rus tilidan Humoyun Akbar tarjimalari