Jorj Bayron (1788-1824)

Jorj Noel Gordon Bayron (George Gordon Byron; 1788.22.1, London – 1824.19.4, Misolungi, Gretsiya) — ingliz shoiri, Kembrij universitetida o‘qigan. Lordlar palatasi a’zosi (1809 yildan).
«Chayld Harold ziyorati» dostonini (1812, 1817-18) yaratdi. Sharq dostonlari turkumidagi «Kofir», «Abidoslik kelin» (1813), «Qaroqchi», «Lara» (1814), «Korinf qamali», «Parizod» (1816) kabi dostonlari Nizomiyning «Layli va Majnun», Firdavsiyning «Yusuf va Zulayho» asarlari ta’sirida yozilgan.
Bayron 1817-22 yillarda Italiyada yashaydi. «Tasso shikoyati» (1817), «Mazepa» (1818) poemalari, «Manfred» (1817), «Xotin» (1821) dramalarida adolatsizlikka qarshi kurashga chaqiradi, inson va dunyo muammosi yetakchi mavzu bo‘lgan. Bayron 1818 yilda «Don Juan» she’riy romanini yozishga kirishgan. Asarda inson va muhit masalasi birinchi o‘ringa chiqqan. Bunda Bayron romantizmdan realizmga o‘tgan (asar tugallanmagan). Uning qator she’rlari, «Chayld Harold ziyorati», «Manfred», «Shiylon tutquni», «Shiylon soneta» dostonlari o‘zbek tilida nashr qilingan.

VIDO

Alvido, yor! Agar shu balo
Qismatda bor bo‘lsa – alvido!
Sen berahm bo‘lsang ham, ammo,
Men dushmanlik qilmasman – vido!

Quchog‘ida shirin, osuda
Uyqu bilan to‘lib yotganing,
Yor hislari also ko‘zingga
Badnom bo‘lib uchramas saning!

Agar qalbim urishlarini,
Jindak seza olsayding – inon!
Shuncha yomon ko‘rmakdan mani
Bo‘lur eding o‘zing pushaymon.

Yurt kulsa ham endi mayliga,
Zarbi gali sendadir bu bor:
Men mubtalo bo‘lgan baloda
Seni maqtov qilar sharmisor.

Mayli qaro, osiy bo‘lay man,
Haq ham beray qarg‘amoq uchun,
Ammo, meni quchib o‘rgangan
Qo‘llar bilan o‘ldirmoq nechun?

Sen ishonkim, sevgi o‘tini
Yolg‘iz yillar so‘ndira olur.
Achchiq g‘azab ikki yurakni
Ajratolmas va ojiz qolur.

Shu sezgi senda ham saqlanur,
Sevib yonmoq qismatdur menga,
Bir o‘y bilan yuragim yonur:
Endi doim yotdur men senga.

O‘luklarga alamli faryod,
Oh, naqadar mudhish bu taqqos?
Ikkimiz ham hayotmiz, hayhot…
Kunlar o‘tar bevalarga xos.

Shirin tili shod etgan chog‘da
Qizimizni erkalar ekan,
‘Qizim, otang sendan uzoqda’,
Deya imo qilganingda san –

Payqaganda mas’uma buni,
Uni o‘p-u shu onda bedod
Sevging ichra jannat topganni
Va xayrixoh bo‘lganni et yod.

Agar qizda, tashlab ketganing,
Bir yer topsang padarga o‘xshash,
Ura boshlar yuraging sening
Va qo‘zg‘alar manda ham shu g‘ash.

Gunohimni bilarsan, balki?
Majnun bo‘lib suyganim, xolos.
Armonlarim xazon va seni
Suymak bilan kuyganim, xolos.

Borlig‘imni titratding, ishon,
Kiborlikni sevmas bu mag‘rur
Ruhim seni derdi va bu jon,
Endi undan abad ajralur.

Hamma bitdi – so‘zlardir abas,
Men aytganlar undan ham yomon,
Lekin qalbga biz hokim emas,
Unda orzu cheksizdir hamon.

Alvido, yor! Sendan uzoqda,
Har bir munis narsadan mahrum,
Qalbim azob degan tuzoqda,
Bundan ortiq bo‘larmi o‘lim?

Hamid Olimjon tarjimasi

* * *

Umr yo‘ling bitdi, qahramon!
Shuhrat-shoning endi boshlanur.
Sen ozodlik bergan muqaddas
Vataningning kuyida mag‘rur
Yashar sening jasorating ham
Va ulug‘vor salobating ham.

Xalqing erkin olarkan nafas
Unutolmas seni mutlaqo.
Halok bo‘lding! Qoning yerdamas
Oqar bizning tomirda, ammo
Sening qudrat, g‘alabang har on
Qalbimizga bo‘lgusi darmon.

Tilga olsak nomingni jangda
Dushman vahm, dahshatga tushar,
Qahramonning shonli o‘limin
Qizlar qo‘shiq qilib aytishar.
Ko‘zlarda yosh bo‘lmas, yosh, faqat,
Pok ruhingga bo‘lur haqorat.

Shukrullo tarjimasi

DON JUAN

1

Shekspir deydiki, odamzod ishin
To‘lqinday yoprilib kelmoqlari bor,
Undan foydalanib qololgan kishi
Murod-maqsadiga yetar ustivor;
Ammo gap shundaki, omad kelishin
Ayni o‘z vaqtida ilg‘amoq darkor, –
Men dadil deymanki, qaro damda ham
Omad nuri bo‘lar bizlarga hamdam.

2

Ayollar umrin ham avji mavji bor –
Quloq eshitmagan ishlarga chorlar,
Ularni to‘lqinga topshirgan devkor,
Besabr dengizchi ularni xorlar!
Hatto Ya’qub Beme – mohir afsunkor,
Bunday mo‘jizadan qiladi orlar:
Erkak-ku har ishda boshni ishlatar,
Ayol qalbin esa jalb etar qa’rlar.

3

Lekin jasoratli, qiziqqon ayol
Ham go‘zal bo‘ladi hamda shiddatvor.
Qattiq sevib qolsa gar sohibjamol,
Ozod bo‘lmoq uchun uzar beshumor
Barcha kishanlarni. Ishqqa bemalol
Etar toju taxtni, borliqni nisor.
Ayol iblisni ham yo‘ldan uradi,
Hammani Moniyga aylantiradi!

4

Izzat-nafs olamni qiladi vayron,
Cho‘kar saltanatlar, dunyolar ham tiz.
Sevgi sabab bo‘lsa, bu bani inson
Barcha telbalikni kechirar, shaksiz.
Jangi uchun emas, Sezardan chandon
Antoniyni ko‘proq ustun qo‘yamiz,
Bir ayolning go‘zal ko‘zi deb, ma’yus,
Aktsiumni tashlab chiqqani bois!

5

Antoniy – ellikda, Kleopatra
Qirq yoshida edi! Axir bu yoshlar
“Yigirma” yo “O‘n besh” kabi bokira,
Havas qiladigan yoshmi, yo‘ldoshlar?
Bas, hamma qariydi, ko‘z tortar xira!
Ayni avj pallada so‘nib otashlar,
Tark etgach yurakni yashnatuvchi his,
Sevmoq layoqatin qaytarolmaymiz.

6

Ammo bizlarTavrot bevasi misol
Ishqni ulush qilib olganmiz abad.
Muhabbat hamisha tirik, bezavol,
Bor jonzot oladi ishqdan harorat.
Hali ehtiroslar ajini, alhol,
Inson siymosini buzmagan bir payt,
Shoirlar bekorga kiygizmaganlar
Muhabbat boshiga ilohiy chambar.

7

Juan tang ahvolda, uchinchi ayol
Qahramonimning ham ahvoli yomon.
Kanizakni yo‘ldan urgan navnihol
Yigitning taqdiri hammaga ayon.
Yana haramda-ya! Sultonlar qattol,
Ular gunohkorga bermaslar omon,
Go‘zal xotinlarin xushtorin ayab,
Iltifot qilmaslar Katonga o‘xshab.

8

To‘g‘ri ish qilmadi go‘zal Gulbeka,
Achinsam-da, chekib qancha afsuslar,
Fig‘onim chiqsa-da toqi falakka,
Bilaman, bu bari bekorchi so‘zlar.
Ochig‘i, hamdardman men bu malakka –
Zoriqib tinadi ba’zida ko‘zlar;
Oltmishda bo‘lsa-da sultonning yoshi,
Olti yuzdan oshar uning o‘ynashi.

9

Shu narsa aniqki, go‘zal, navqiron,
Tantiq, o‘zboshimcha xotin nihoyat
Zerikib, siqilib, sultonning ahyon
Tashrifiga qilmas sabru qanoat,
Bunda aljabrga hojat yo‘q, ayon,
Jo‘n hisob ilmi ham qilar kifoyat,
Olti yuz mehridan, bu qari odam,
Bir uchqunin ko‘rar u bilan baham.

10
Barcha ayol zoti, xususan, xotin
O‘z huquqin poymol qildirib qo‘ymas,
Dindor bo‘lsa, ayblar erini betin,
Umr bo‘yi ayblar, ayblashdan to‘ymas;
Har bir xato uchun sho‘rlik er zotin
Qonun qilichiga bermoqdan toymas,
To erning mingdan bir bo‘lagini ham
O‘g‘irlay olmasin o‘zga bir sanam.

11

Tarso xotinlarga xosdir bu odat
Va lekin musulmon xotinlari ham
O‘z qadru qimmatin qildirib g‘orat,
Chekinmas ekanlar ortga bir qadam.
Suyukli yorlarga ko‘rsatib hurmat,
Ko‘nglin ovlamasa sultoni beg‘am,
Xohi to‘rtta bo‘lsin, xoh beshta ular,
Har biri o‘z sha’nin himoya qilar.

12

Suyukli yor edi Gulbeka, ammo
To‘rtinchi yor edi nima bo‘lsa ham:
Bir xotinlik turmush oldida, illo,
Ko‘p xotinlik turmush erur koni g‘am!
Bitta xotin bilan yashash ham hatto
Oson emasligin bilar har odam;
Tasavvur qiling-a, ne jazodir, voh,
To‘rt xotin nolishin eshitmoq nogoh!

13

Olamning oftobi, podshohi yakto
(Podsholar azaldan shunday maqtalar,
Shahona jasadni yeb bo‘lguncha to
So‘qir yakobinchi qurt-qumursqalar),
Ulug‘ va dahshatli, qo‘rqinchli podsho
Bekani ko‘z bilan mayin erkalar,
Bunday nigoh uchun erning ta’masi –
Besh qo‘lday ayondir hamma-hammasi.

14

Lekin unutmangki, oshiq shuaro,
O‘tli bo‘salaru so‘zlar, qarashlar
Ahli ayol uchun – yengil bir sarpo:
Yo popuk, yo ro‘mol, yo to‘rga o‘xshar;
Ularni ham turfa libosday go‘yo
Echib-kiysa bo‘lar; bu ishga boshlar,
Yuraklar bedaxl; imo, ehtiros
To‘g‘nog‘ich singari bir bezak, xolos.

15

Jur’atsiz nigohu yuzda nim hayo,
Ajib hayajonga yo‘g‘rilgan g‘ulu,
Sevgi izhoriga o‘xshagan zebo
Lablar la’lisida chaqnagan kulgu –
Baxtli oshiqlikdan yurakda ziyo
Uyg‘ota olguvchi holat mana shu!
Bu afsun qudratin qilar zumda yo‘q
Ortiqcha issig‘u ortiqcha sovuq!

16

Ortiqcha ehtiros nayrangga o‘xshar,
Mabodo u nayrang bo‘lmasa ham goh,
Qilsa yosh-yalanglar qilig‘in agar,
Yoshi kattalarga uyatdir nogoh.
Otashin ayollar darhol bo‘ysunar,
Solsang bas ularga otashin nigoh;
Sovuqqon ayollar va qizlar ko‘proq
Fahm-farosatdan bo‘larlar yiroq.

17

Nozik lahzalarda zavq-shavqimizga
Munosib bir javob kutar ekanmiz,
Ayonki, jahlimiz chiqadi tezda,
Javob sukut bo‘lsa didsiz va hissiz.
Avliyo Frantsisk – xotirimizda,
U muz mahbubadan tilagan-ku his.
“Medio tu tutissimus ibis” – abad
Bizga Horatsiydan qolgan nasihat.

18

Men “tu”ni ishlatdim bu yerda bekor
(Vazn taqozosi bo‘ldi bu, xolos!)
Buni lotinshunos kechirmas zinhor,
Lekin duch kelmadi menga bu shunos;
Shusiz ham qiynalib joyladim nochor,
Kelmas oktavaga gekzametr mos!
She’r ilmi yozg‘irsa yozg‘irar, xullas,
Sal sakta bo‘lsa ham she’rim – haqparast!

19

Gulbeka ne qildi, bilmayman; biroq
Bilamanki, topgay ishlari baror:
Makkor Sirtseyalar mehr ila ko‘proq
Erkaklik sha’nini ardoqlab xumor,
Erlarga hukm etar hammadan xo‘broq.
Riyo – zavq otasi. Hamma – riyokor!
Urchish illatiga odamning mayli
Barham topar faqat ochlik tufayli.

20

Mayliga, ajoyib bu jufti halol
Olsinlar shohona to‘shakda orom,
Ko‘rgan tushlaridan menga ne malol,
Lekin bizni qilar xush onda mudom
Arzimas narsalar bezovtayu lol –
Bor kayfu safomiz bo‘ladi harom.
Azal jonimizni egovlab kelar
Shu kabi arzimas mayda-chuydalar.

21

Sirtidan begunoh miyang‘i xotin,
To‘lov talabida kelgan bir hujjat,
Noma’lum sababga ko‘ra bisotin
Senga qilmasa gar marhum vasiyat,
Oqsab qolsa nogoh xush ko‘rgan oting,
Dardga chalingan it, noqobil farzand, –
Mayda-chuydalardir ehtimol bular,
Lekin bizni qiynar, bezovta qilar.

22

Bas, men faylasufman: jin ursin, xullas,
Hayvonu insonu pulni ham, faqat
Dilkashu dilorom ayolni emas –
Ayolni qilolmas tilim haqorat,
Ayolni la’natlash qo‘limdan kelmas!
Ayol – ko‘nglimga ruh, ruhimga – quvvat!
Mohiyati nima, sababi nima?
Bilmayman, ayolni jin ursin dema!

23

Afanasiy kabi men ham bemalol
Dunyoi duniga aytdim ko‘p la’nat.
U la’nat yog‘dirib dushmanga filhol
Soldi xudojo‘ylar ko‘ngliga shafqat;
Necha yuz yillarki, chaqnar bezavol
Otashin bu nutqning shu’lasi albat,
Rangin kamalakday yonib jilvagar,
Diniy kitoblarni bezatib turar.

24

Yotar oliymaqom ul jufti halol
Uyqu og‘ushida, yo‘q, beka bedor!
Ayol uxlay olmas qochganda xayol,
Qiynalib, o‘rtanib, intiqib zor-zor,
Xayolan ham bo‘ydoq, ham sohibjamol
Yigit visolini qo‘msar bu dildor.
Ich-ichin zinogar ehtiros yoqar,
Uxlayotgan erga g‘ijinib boqar.

25

Hayhot, qimmatbaho chodir ichra ham,
Osmon ostida ham bor edi qattol,
Tangri irodasi birla damodam
Ayolni qiynovchi sog‘inchu malol.
Nikoh qimorida aldangan sanam –
Sho‘rlik Gulbekani etolgay xushhol
Na paxmoq, zardo‘zi, parqu to‘shaklar,
Na oltin, na gavhar va na ipaklar.

26

Bundan sal oldinroq “jonon” don Juan
Va boshqa go‘zallar yo‘l oldi g‘ujg‘on
Qo‘sha-qo‘sha soqchi qo‘ydirib sulton
Mahkam tutadigan haramga tomon.
Turfa xil iqlimdan turfa xil jonon
Esnab yotar bunda loqayd, nigoron,
Ammo qafas ichra qush yanglig‘ ular
Ozod osmonlarni orzu qilarlar.

27

Ayolni sevaman, sevganman doim,
To hanuz pushaymon emasman; zang‘ar,
Qachondir, qaydadir demish bir zolim:
“Dunyoning bir bo‘yni bo‘lsaydi agar,
Bir qilich sermashda uzib olardim!”
Ammo mening orzum jo‘n va bexatar:
O‘pardim (o, qarang sodda xayolni!)
Bir labga jo qilib ahli ayolni.

28

O‘nlab qo‘llariyu yana beshumor
Boshqa ko‘p uzvlarga ega zo‘r siymo,
Bemisl ishlarni bajargan devkor
Briareyga havas qilarman, ammo
Bizlarga yo‘l bo‘lsin? U – dev, biz – nochor!
Ilhom parisi ham shu asno hatto
Pahlavonga xotin bo‘lmoqchi emas,
Juan ahvolini bilmoqchidir, bas.

29

Xullas, dilrabolar ichra Juanim
Yo‘ldan ozib, qildi tavakkal-tusmol.
Kanizakka ko‘zin olaytirsa kim,
Sharqiy mamlakatlar qonuni qattol.
Bu ingliz qonuni emas, imi-jim
Jarimani to‘lab, yana bemalol
Es-hushingdan ajrab, jazmanlik qilsang,
Erli xonim bilan ayshingni sursang!

30

Ammo u unutmas “qizligini” ham,
Qizlardan ul-bulni ilar nazari;
Orqada badqovoq og‘ai haram,
Yon tomonda esa sinchkov va qari
Bir ayol kuzatib borar bekaram:
Aljirab yurmasin haram qizlari.
Onaxon deb olgan bo‘lsa ham laqab,
Qizlariga boqmas uncha yorlaqab.

31

Kim bilar “onaxon” bo‘lganmi o‘zi?
Bu qizlarning o‘zi bo‘lganmikin “qiz?”
Ammo olma terar bu xotin ko‘zi,
Javobgarlik oson ish emas hargiz.
Yashaydi Kantemir va de Tot so‘zi
Shunday onaxonlar haqda to hanuz.
Bir yuz ellik qizga – aytishga oson! –
Doim ko‘z-quloqdir bunday “onaxon”.

32

Odatda sabab yo‘q ularga birrov
Qattol nazoratdan bo‘lgali xalos;
Onaxonga madad – tambayu burov,
Erkaklar yo‘qligi – hammasidan soz.
Qizlarni podshohning birgina yalqov
Nigohi iydirar, shod etar, xolos.
Rohibalar kabi ahli bechora
Zavqi uchun bordir faqat bir chora…

33

U qanday choradir? Namozu ro‘za!
Savolingiz meni qoldirar hayron:
Ayon, rohibalar bo‘lar pokiza!
Bas, gapni buraman don Juan tomon.
Xayolchan chayqalib, go‘yo suv uza
Suzib ketayotgan guldastasimon,
Naq rangin, ulug‘vor munchoq shodasi,
Borardi maftunkor qizlar to‘dasi.

34

Jonlariga tegib hamshira ayol,
Bedlamdan qutulgan bemorday bari,
Etib keldilaru yotoqqa, darhol
Chuldirab, g‘ujurlab chiqdi tillari
Bahordagi sho‘xchan jilg‘alar misol,
O‘quvchi qizlar yo qushlar singari;
Irland bozorida yurganday kulib,
O‘ynashib, quvnashib, vijir-vij qilib,

35

Bahslashib ketdilar ular Juandan:
Sochu ko‘zlaridan gap ochib bexos,
Dedilar: qulog‘i ziraksiz ekan,
Libosi o‘ziga tushmayapti mos,
Elkasi buncha keng, buncha oqbadan,
Bo‘yi erkaklarday namuncha daroz!
So‘ng qo‘shib qo‘ydilar – o, til, o, tikan! –
“Faqat kifti, bo‘yi erkakcha ekan…”

36

Shubha qilmadilar liboslaridan,
Qiz hali juda yosh – gunohni bilmas,
Husnu malohatda lekin u bilan
Biror gurji qizi bahslasha olmas.
Afsus, Gulbekaning esi past ekan,
Boshiga bu go‘zal ne balo solmas!
Cho‘ri go‘zal bo‘lsa, bekasi shu zum
Izzatu ikromdan bo‘ladi mahrum…

37

Ammo ajoyibi shundaki, Juan
Havas uyg‘otmadi hech kimda biroz!
Aksincha: u halol matonat bilan
Bir-biridan ko‘hlik, bir-biridan soz
Bir gala dugona topdi sinovchan.
(Sirli kuch ta’sirin angladim bexos:
Bir-biri husnidan zavqlanmoq, xullas,
Go‘zallar ahliga xos odat emas!)

38

Tabiat hukmi bu, ha, do‘sti aziz;
Va bunda tasodif ro‘y berdi, xolos:
Bizning Juannaga bor ahli kaniz
Bo‘lib beixtiyor jazman, ishqivoz,
His etdi g‘alati bir mehri g‘aliz:
Jin chalib yo bari bo‘ldimi vasvos,
Yo barin tortdimi ohanrabo kuch,
To hanuz tagiga yetolmasman hech.

39

Bu yosh jononaga ma’sum, osuda,
Shodon orzularga to‘lganday go‘yo,
Do‘stlikning inja bir ehtirosida
Yonib boqardilar tamom mahliyo;
Qaltis gap qiladi ba’zilar juda,
Xijolatda qolar iffatli dunyo:
Gar bo‘lsa uningdek go‘zal, yosh og‘a,
Qilar emish bari jonin sadog‘a!

40

Xususan, uch qizga diqqat qilamiz:
Dudu, gurji qizi Katenka, Lola.
O, saxiy tabiat bularga hadsiz
Husnu malohatni etmish havola.
Ko‘hlik dugonalar aro bu uch qiz
Yonar uch quyoshdek – uchta hilola.
Mening Juanimga hammadan xo‘broq
Shu uch qiz gap otar negadir ko‘proq.

41

Hindistonning otash havosi misol
Qizg‘in va bug‘doyrang Lola jangari;
Yonar lojuvardiy bir tusda xushhol
Olyonoq Katyaning ko‘zin ranglari,
Qadamin sezmaydi hatto parket pol,
Oyoqlari nafis, bejirim pari!
Lekin erinchoq hur Dudu uchun mos
Topolmasam kerak tuzukroq taqqos!

42

Xobolud Zuhroga o‘xshar edi u,
“Uyqumiz qotili” bo‘lmoqqa qodir;
Erinchoq alpozu qad-qomat, kulgu,
Hukmfarmo ko‘zlar – bari zebodir,
Har jihati do‘mboq qiz edi Dudu
(Ba’zan juda yoqar bu tarzi nodir!),
Ochig‘i, husniga yetkazmay zavol,
Nafis do‘mboqlikni yo‘qotmoq mahol!

43

Joni qiltillaydi noz uyqu aro,
Subhi navbahorda esgan yelga xos;
Ko‘zlarida chaqnar nafis bir ziyo;
Haykalga o‘xshar u – o, yangi taqqos! –
Pigmalion jo‘shib ushlagach, xulyo
Yanglig‘ xayolida tirilib, paqqos,
Jon enib, iligan marmarga o‘xshar,
Tanida hali ham o‘shal taft yashar.

44

“Juanna! Bunchalar chiroyli nom, oh!
Qizlarga juda mos! Vataning qayer?”
“Ispaniya!” “Bizga yaqinmi, uzoq?” –
Deb Katya qiziqdi, “Nimasi axir, –
Der Lola. – Jonginam! Bandai gumroh!
Ispaniya! Oh-ho, yodimda u yer,
Sholizor orolcha, bir yon – Marokash ,
Bir yon –Tunis, bir yon – Afriqo – otash!”

45

Dudu bahslashmadi, bermadi savol.
Labida noaniq, jumboq tabassum,
G‘arq etib qandaydir bilgisiz xayol,
Juanna kokilin o‘ynar edi jim;
O‘zining g‘aroyib qismatidan lol,
Gangib o‘ltirardi Juanna xonim.
Sinchi ko‘zlar boqib izlaganda sir,
Xijolat chekadi har bir musofir.

46

Shu payt yetdi deya uyquga fursat,
Onaxon ayladi hammani ogoh.
Juannaga dedi: “Sen kelding bevaqt,
Kelding tasodifan, bilmadim, evoh,
Hatto berolmadim oqshomgi ovqat,
To‘shaklar ham banddir bari, yo olloh,
Bir kecha men bilan yotgin amallab,
Ertaga joy qilib beraman boplab”.

47

E’tiroz bildirdi Lola: “Voy, xudo!
Shusiz ham siz o‘zi uxlaysiz hushyor!
Tinch uxlang, sizni biz qo‘riqlaymiz, o!
Yaxshisi, men bilan yotsin bu dildor,
Qarang, ikkimiz ham nozigu ado,
Men bilan yotsa u qiynalmas zinhor!
“Men-chi, – der Katenka. – Men nima qilay?
Mening to‘shagim ham tor emas, qulay!

48

Boz, yolg‘iz yotishdan qo‘rqaman yomon:
Aloq-chaloq tushlar… sizda ixtiyor!
Tunning sukunati qilar chalajon,
Har tovush, har sharpa qo‘rqitar bisyor,
Tushimga kiradi arvoh, jang, shayton…”
“Ana, bema’nilik! – der “onaizor”, –
Sen qo‘rqsang, tush ko‘rsang, titrasang dir-dir,
Dugonangga uyqu bermaysan, axir.

49

Dardingga topaman boshqa bir malham,
O‘shanda qo‘rqmaysan, bo‘lmaysan notinch.
Sen, Lola, besabr, quvsan juda ham;
Dudu bilan yotsin Juanna bu kech:
Dudu ko‘p iboli, kamgap, xotirjam,
Bormaydi bema’ni xayollarga hech.
Boraqol, qizaloq!” Dudu jim edi,
Mayin nigoh bilan go‘yo “Xo‘p” dedi.

50

Onaxonu Lola, Katyani shodon
O‘pib, minnatdorlik bildirib azim,
Ta’zim bajo aylab (ular hech qachon
Qilmas bizdagidek tiz bukib ta’zim),
Dugonalar ko‘nglin oldi mehribon,
Qilib xushchaqchaqu loqayd tabassum,
Tutib Juannaning qo‘lidan mayin,
“Oda”ga yetaklab ketdi u keyin.

51

Xo‘sh, “oda” nimadir? Bu shunday xona –
Unda xos to‘shaklar, ipaklar bisyor
(Bo‘lganman necha bor men ham xufyona),
Bolishlaru turfa mayda-chuyda bor,
Ha, bunday to‘shakda hech bir jonona
Shaytoniy xayoldan kecholmas zinhor.
(Juan kirganida ostona hatlab,
Ishoning: shayton ham tishlab qoldi lab!)

52

Go‘zal bir mavjudot edi Dudumiz;
Bundaylar kuydirmas, erkalar faqat,
Bu qadar mukammal husnni, afsus,
Hatto qila olmas rassomlar suvrat.
Rassomni jalb etar ifodali yuz,
Noraso bo‘lsa ham, ma’noli tal’at.
Xullas, alohida ko‘rkdan mosuvo,
Keskin chiziqlarga boy bo‘lgan liqo.

53

Gullayotgan bahor quvonchlari jo,
Ma’sum baxtiyorlik uyg‘unligiyu
Orom va sukunat hukmron ma’vo –
Quyoshli o‘tloqqa o‘xshardi Dudu…
Bunday manzaralar dardimga davo!
Bo‘ronli ummonga o‘xshash serg‘ulu,
Shiddatli go‘zaldan qo‘rqaman; yo sal
Qo‘rqitar undan-da go‘zalroq go‘zal!

54

Osuda edi u, g‘amginmas biroq;
O‘ychan edi, rosti, jiddiyroq edi,
Yoritib turganday ichin bir chiroq,
Hatto bahordan-da nurliroq edi.
Go‘zal edi, lekin kibrdan yiroq,
Husnin ko‘z-ko‘zlashdan u yiroq edi;
Go‘dakday bokira, beg‘ubor edi,
Holbuki, o‘n yetti yoshi bor edi.

55

Oltin nimaligin bilmas biror kas,
Oltin zamondagi oltinday, – bu qiz
Quruq nomning quruq shu’lasi emas,
Malohatda to‘kis, chiroyda tengsiz.
“Lucus b non lucendo” eski gapdir, bas;
Ehtimol bu ta’rif muttaham iblis
Filizzotni qorib bir zumda abjir
Korinf misi monand allaqanday bir

56

G‘alati qotishma yaratgan zamon –
Bizning zamonaga joizdir; magar
Haqlidir ustimdan kulsa kitobxon:
Chunki ko‘p o‘tlayman, menga shu yoqar,
Ko‘plab oktavamni qilaman qurbon.
Buni ojizlik deb bilma, birodar;
Bilaman, aybdorman, lekin o‘z ra’yim,
O‘z erkinligimcha qolaman doim.

57

Dudu Juannani yetaklab xushbaxt
(Juanni desak ham qilmaymiz xato),
O‘tdi buyuk xonning rangin, basavlat
To‘shagiga moyil qayliqlar aro;
U sukut saqlardi, bu – noyob xislat,
Ham go‘zal qizga xos, ayni muddao;
Tasavvur qiling siz ko‘zlarni shu choq,
Yo‘q, ular ko‘z emas, sokin qaldiroq!

58

Ammo, ayni paytda, kanizni Dudu
(Chalg‘iyman Juanni desam men agar,
Chalg‘isam ne bo‘pti, to‘g‘risi ham shu)
Haram ishlaridan qilar boxabar:
Aytar muhofaza usullariyu
Borligin antiqa hiyla, o‘yinlar;
Xullas, uddalamoq emasdir oson
Ko‘payib ketganda haramda jonon.

59

Dudu yosh, navqiron dugonasini
Iyib o‘pdi: o‘psa, nima bo‘pti, xo‘sh?
Beg‘ubor, mehribon qiz bo‘sasini
Yaxshi emas axir nojo‘ya yo‘yish.
Ayollarning do‘stlik robitasini
Sevaman va qilar o‘pichi sarxush,
Zero, olmoq uchun to‘la qoniqish,
“O‘pish”ga qofiya bo‘lsam der “xohish”.

60

Borini yashirmay, tabiiy, ildam
Liboslarin yechdi xushqomat Dudu;
So‘ng oshkor noz ila o‘zini shahdam
Oynaga solib bir javlon urdi u.
Shaffof bir buloqqa ko‘zi tushgan dam
O‘z aksiga shunday tikilar ohu,
Ya’ni, suv ostida fusunkor bu jon
Qanday yashashiga tushunmay hayron.

61

Dudu yordamlashib, dugonasin ham
Echintirib qo‘ymoq bo‘ldi-yu, biroq
Juanna uyalib olmadi yordam,
O‘zim yechinaman deb, sho‘rlik no‘noq,
Yo bilmay, yo qo‘rqib chekdi ko‘p alam,
Qolmadi to‘g‘nog‘ich kirmagan barmoq:
Ayol ko‘ylagida tursa gar bejo,
To‘g‘nog‘ich – la’natdir, to‘g‘nog‘ich – jazo.

62

Go‘zal xonimlarni qilar bu matoh
Tegib bo‘lmaydigan bir tipratikan.
O‘zim yoshligimda bo‘lganman guvoh,
Niqob bazmi uchun yasantirarkan,
Bir go‘zal xonimga, shoshib, banogoh,
To‘g‘nog‘ichni xato qadab qo‘yganman;
Bilmasdan, kerakli joyiga emas,
Boshqa bir joyiga qadabman, xullas!

63

Ammo bu safsata g‘iybatning o‘zi:
Har qalay, ilmning qadri bor hamon!
Bas, bahsda yangrasin zakovat so‘zi
Xoh to‘nka, xoh zolim haqida uryon.
Lekin hamma uchun Falsafa qizi
Jumboqdir, menga ham, rosti, noayon,
Nechun, qachongacha, kim uchun yashar
Bu yorug‘ dunyoda inson va bashar?

64

Xullas, sukunatga g‘arq edi haram.
Ojiz miltirardi xira chiroqlar.
Sezdimki, ruhlarga bu bog‘i eram,
Ajoyib sayrgoh bo‘lardi, – agar
Ular bor bo‘lsalar, – mos emas hecham
Ularga tangu tor, xarob hujralar!
Shunda, borligiga ruhlarda ham did,
Biz, loqayd bandalar, bo‘lardik shohid.

65

Janubga xos ko‘rkam, sehrli bog‘da
Oh chekib, intizor sollangan gullar –
Yanglig‘ halovatni qoldirib dog‘da,
Orom og‘ushida yotar go‘zallar.
Bittasi sal tolg‘in, xira chiroqda,
Betimsol xulyodek sirli, ko‘z olar,
Go‘yo larzon shoxda osilgan noyob,
G‘aroyib mevadek nafis, fayziyob.

66

Boshqa biri yotar, yonoqlari ol,
Oppoq bilaklarga tayanib bir yon,
Quyuq, qora sochlar kiftida xiyol,
Ohista mavjlanib, turar parishon;
Elkasi ko‘z olar oppoq qor misol,
Turar nim ochilib, ya’ni, nim uryon,
Nafis qad-qomati bamisli hilol –
Choyshab tagidan ham yaltirar yaqqol.

67

Oy shunday ko‘rinar shaffof bulutlar
Momiq tumanidan mo‘ralagan dam;
Narida – uchinchi tutqun bir dilbar,
Mubham bir uyquda yotadi purg‘am:
Tushiga qadrdon bir sohil kirar,
Ko‘rar yig‘layotgan ona yurtin ham,
Go‘yo sarv bargiga ingan dur shabnam,
Mujgonida yonar shoda-shoda nam.

68

To‘rtinchi asira – haykalday rangpar,
Hissiz sukut ichra tin olar hissiz,
Oppoq, ehtirossiz, sovuq bu dilbar
Xuddi Alp qoriday nur sochar nursiz,
Yo bir qiz qabriga qo‘yilgan paykar,
Yo Lutning tuzqotgan xotini deysiz.
(Xullas, o‘xshashi ko‘p. Ha, juda bisyor,
Tanlab olavering – sizda ixtiyor.)

69

Bunisi, beshinchi sohibi tal’at,
O‘rta yoshda, agar tarjima qilsak –
Ayni yoz faslida. Afsus! Bu suvrat
Tasavvur uyiga bo‘lolmas bezak.
Haqiqiy shoirlar kabi men faqat
Yoshlikka shaydoman, shu bois, beshak,
Yoshligini eslab oh urgan qari
Odamlardan doim yuraman nari.

70

Xo‘sh, qanday uxladi suyukli Dudu?
Albatta, qiziq bu, ammo yo‘q imkon,
Ilhomim ham buni bilolmadi-ku,
Aldashni esa u xush ko‘rmas, ayon.
Hokim edi sirli bir nim qorong‘u,
Go‘zal bog‘ning go‘zal gullarisimon
Uxlayotgan qizlar ustida hayhu
Ko‘tarib qichqirdi nogahon Dudu.

71

Duduning boshiga to‘plandi haram,
Tahlikaga tushdi Onaxon, qizlar,
Qasirg‘a qo‘pganday tuyuldi bir dam,
Muz uzra shovullab tushganday muzlar.
Qo‘rqib ketgan qizlar bo‘ldi jamuljam,
Shivirlar lol edi, lol edi so‘zlar.
Xo‘sh, vazmin, xotirjam Duduni bu tun
Nima ham qo‘rqitgan bo‘lishi mumkin?

72

Dudu tang, bezovta, sirli qo‘rquvda
Bir-bir tashlar edi qizlarga nigoh.
Uchar yulduz nuri qoq yarim tunda
Tegrani shu taxlit yoritar nogoh;
Hayajon ichinda, titroq ichinda
Qizlar har sharpadan bo‘lgancha ogoh,
Turarlar bilolmay, tushunolmay hech,
Nima bo‘ldi o‘zi Duduga bu kech?

73

O, do‘stlar, uyqu bir oromijondir!
Juanna uxlardi sokin, bexabar.
Nikoh lazzatidan horgan mamnun er
Shunday xurrak otib tinchgina uxlar.
Go‘zallar sho‘rlikni tapira-tupir
Ayab o‘tirmasdan turta ketdilar,
Nihoyat, taajjub ichida beg‘am,
Esnab va kerishib uyg‘ondi u ham.

74

Nogahon boshlandi buyuk bir tergov,
Bosh-ketsiz savollar yog‘ildi g‘ujg‘on;
Yuraklar, nigohlar, yuzlarni lov-lov
Yondirar qiziqish, kutish, hayajon.
Shubhayu taxminu xitobdan birrov
Dovdirab qolardi oqilu nodon!
Dudumiz gap-so‘zga ko‘p chechan emas,
Nima bo‘lganini aytib berolmas.

75

Aytishicha, bir tush ko‘rganmish yomon,
Mudroq bir o‘rmonga kirgan emish ul, –
Dante o‘rmoniga o‘xshash bir o‘rmon, –
Unda nafsin tiyib, yaxshi va oqil
Bo‘lmoqqa mahkummish har bitta inson.
Zarurat qonuni mo‘min va ma’qul
Qilarmish yengiltak xotinni darhol, –
Qisqasi, ro‘y berib mo‘jiza-imkon,
Tushiga kirganmish qorong‘i o‘rmon.

76

Shundoq tepasida, daraxtda, yaqqol,
Tirsillab yetilgan, chiroyli, oltin
Bir olma osilib turarmish behol,
Yam-yashil yaproqlar qurshab atrofin.
Ammo unga yetmoq bo‘libdi mahol;
Sarkash, itoatsiz qo‘l bilan betin
Dudu otgan toshlar ketibdi bekor –
Xullas, ololmabdi olmani dildor.

77

Alam qilib, biroz ketsa u nari,
O‘sha go‘zal olma pop etib nogoh
Uzilib tushganmish, olib, u pari
Endi ochgan ekan og‘zini, evoh,
Paydo bo‘lib tuyqus bir asalari
Unga nish uribdi! Yo olampanoh!
Og‘riqdan naq o‘lib to‘lg‘onibdi u,
Dodlab: “Voy!” debdiyu uyg‘onibdi u.

78

O‘lguday xijolat chekardi Dudu
(Albatta, ta’biri bizga noma’lum
Qo‘rqinchli tushining oqibati bu),
Sirli-karomatli, g‘alati, mavhum
Bu tushlar menga ham begonamas-u,
O‘xshash tasodifmi deyman-da balkim;
Neki sirli bo‘lsa, bu kun odamlar
Barini o‘xshash bir tasodif bilar.

79

Dahshatli bu ishlar tafsilotini
Bilmoqqa ishqivoz ahli dilorom,
Chug‘urlab taladi sho‘rlik Duduni,
Shirin uyqumizni qilding deb harom.
Hovuchlab turuvdi qiz yuragini,
Onaxon ham berdi qo‘shimcha dashnom;
Dudu uqtiradi xo‘rsinib tinmay:
“Dodlab yuboribman o‘zim ham bilmay”.

80

“Umrimda cho‘pchakni ko‘p eshitganman,
Lekin asalari, olma haqda tush,
Yo shayton, yo bo‘ri bosganday birdan,
Haramning boshidan uchirib es-hush,
Jinni qilganini ko‘rgan emasman!
Gaplaring tutruqsiz bari, boyaqish!
O‘ngda ham alahlab titraysan qalt-qalt,
Hakim chaqiraman ertaga albat.

81

Boyaqish Juanna! Qanday beozor!
Qara, cho‘chib tushdi bu ham, qizpaqir!
Uni yotqizibman sen bilan bekor,
Men o‘lgur – miyasi aynagan kampir.
Yaxshi ko‘rardim-da men seni bisyor,
Aqlli, kamsuxan, tinch eding axir…
Endi uni, Lola, qavatingga ol,
Sal nari surilsang, sig‘ar bemalol!”

82

Lola yashnab ketdi quvonchdan gul-gul,
Ammo sho‘rlik Dudu ko‘zyoshin yutib,
(Tushi ta’siridan u hamon malul,
Kampir tahdidi ham qo‘ydi hurkitib),
Birdan jur’at topdi va dadil-dadil,
Qizillikda hatto loladan o‘tib,
Ont icha boshladi: “Avf et, Onaxon,
Tushimda qo‘rqmayman endi hech qachon”.

83

Dudu Onaxonga va’da berdi bot,
Endi u tush-push ham ko‘rmaydi, tamom.
Pushaymondir, lekin foyda yo‘q, hayhot,
Qildi qizlarning ham uyqusin harom.
Qo‘rqib ketgan emish uyg‘ongan zahot
Ko‘zi boshqalarga tushib nogahon.
O‘tinib, kechirim so‘rar edi chin,
Ojizligi, nojiz qilig‘i uchun.

84

Juanna ham kirdi joniga aro:
Dudu bilan juda zo‘r bo‘ldi uyqu;
Qizlar ko‘tarmasa agar mojaro,
Dudu qichqirganin bilmabdi ham u;
Ta’na qilmas emish qo‘rqsa ham, zero,
Aybdor emas emish qichqirsa Dudu, –
Xayolot – qorong‘u, mavhum, bilinmas,
Odamning tushiga nimalar kirmas!

85

Juanna ko‘ksiga o‘zining lov-lov
Yonayotgan yuzin berkitdi Dudu
Pushti rangga kirgan gul kabi darrov.
Ne ajab, ensasi, bo‘yni ham, yohu,
Bo‘ldi hayajondan birpasda olov.
Mening ishim emas, binobarin, bu,
Endi bu mavzuni to‘xtatib picha,
Haramga tilayman xayrli kecha.

86

Yoki, to‘g‘rirog‘i, xayrli sahar,
Xo‘rozlar qichqirdi, darvoqe, xushhol,
Masjidlar hiloli yaltirab turar
U yer, bu yerlarda kumush ip misol;
Salqin tong, barglarda shabnam yaltirar,
Tepalar ustida imillab behol,
Tuyalar karvoni surinar nolon,
Olis Ko‘hiqofdan kelar bu karvon.

87

Hali tarqamasdan sabuhiy tuman,
Gulbeka bezovta, notinch, purkadar,
Yuvinib, taranib, kiyinib olgan;
Tiyiqsiz ehtiros singari rangpar.
Bulbulning ko‘kragi hajr xoridan
Yarador bo‘ladi, derlar shoirlar, –
Va lekin asov bir istak azobi
Oldida hech gapdir hajr iztirobi.

88

Qissadan bir hissa qilardim, lekin
Shoirdan izlarlar g‘arazli fikr;
Erinmay, ko‘tarib har band etagin
Toparlar qandaydir ishorai sir.
O‘quvchi-ku, mayli, har so‘zing tagin
Kavlovchi hamkasbga ne deysan axir.
Dunyoda yozg‘uvchi zoti ko‘p, netay,
Xo‘sh, qaysi biriga dum likillatay?

89

Xullas, takasaltang odamlarga mos
Paxmoq to‘shagidan turdi malikam, –
Gulbargdan nafisroq bo‘lsa ham palos,
Takasaltang nolir yotayotgan dam.
Hatto ishtaha ham sezmasdan biroz,
Ko‘zguga ham boqmay Gulbeka purg‘am,
Ajib bir orzuda o‘rtanar, yonar,
Darg‘azab malohat ichra to‘lg‘onar.

90

Uning buyuk eri, panohi, hayhot,
Uyg‘ondi sal kechroq – beparvo, beg‘am, –
O‘ttiz viloyatga hukmron bu zot,
Yoriga xush yoqar juda kamdan-kam.
Serhimmat Himeney Turkiyada bot
A’lo shifokordir bu ishda har dam:
Xotinlarga qilmay hech narsani ma’n,
Xotirjam qiladi erni umuman.

91

Sulton bu ishlarni kam o‘ylar, zero,
U ham bir erkakday fikr yuritar.
Unga sharobday gap har qanday barno,
Qizlar bilan faqat ko‘nglin ovutar.
U charkas qizlarin haramda go‘yo
Bir guldon, bir surat yo shamday tutar.
Ammo bilib aziz, suyukli bir yor,
Yolg‘iz Gulbekadan tuyar iftixor.

92

Alqissa, u turib, oldi tahorat,
Qahva ichdi, qilib allohga shukr,
So‘ng ketdi o‘tkazmoq uchun mashvarat,
Bebosh rus qo‘shinin siquvi axir
Na orom beradi, na berar muddat.
Shu sabab to hanuz madhiya o‘qir
Yaltoqlar ul tojdor erkakjallobga,
Ulug‘ shahanshohga – buzuq, qallobga…

93

Qonuniy nevara, Aleksandr, o,
Qadim Neva uzra yangrasa bir kun
Mening oktavamdan bu hamdu sano,
Sen mendan ranjima istehzo uchun.
Bilaman: qo‘shildi yangi, zo‘r sado
Boltiq dolg‘alari sasiga bu kun –
Ya’ni, zo‘r, shiddatli, erkin bir nafas!
Men shuni angladim – shuning o‘zi bas.

94

Ekaterinaning o‘g‘li deb otang
Arkoni davlatda tan olindi-ku;
Erkakka o‘ch edi shahanshoh xotin,
Ammo sharmandalik sanalmagay bu!
Qandaydir bir zino podshoh avlodin
Axir malomatga qo‘ymas-ku mangu,
Janoblar, eng a’lo shajarada ham
Mayda-chuyda ayblar uchraydi kam-kam.

95
Ham Yekaterina, ham sulton magar
O‘ylab o‘z foydayu manfaatlarin,
Ibrat, saboq bo‘lib yangi o‘lkalar,
Isrof qilmasalar xazinalarin:
Sulton – sarflamasa haram uchun zar,
Ayol – lashkariga sochmasa zarin,
Nasroniy, musulmon aro bu qadar
Avj olib ketmasdi o‘tli nizolar.

96

Sulton olimlar-la qiladi kengash,
Bilmoqchi bo‘ladi a’yonlar dilin:
So‘rar manjalaqi hamda janjalkash
Bu xotin podshohdan qutulish yo‘lin;
Jo‘yali bir javob o‘rniga, g‘amkash
Mashvarat xo‘rsinib egadi bo‘yin:
So‘ng madad o‘rniga qo‘sharlar, hayhot,
O‘lponga – o‘lponu zakotga – zakot.

97

Shu orada go‘zal Gulbeka horg‘in,
Maxsus xos hujraga ayladi uzlat.
Nonushta qilmog‘u may ichmoq uchun
Yo‘qdir bu hujradan qulayroq xilvat.
Bo‘stonlar in’omi – gullar gunogun,
Yoqutlar, billurlar, gilamlar qat-qat,
Naqshin shift, shohiyu atlasu kimxob
Bu hujrani qilmish fayz ila serob.

98

Porfiru marmarlar taratib jilo,
Qilar qimmatbaho atlas ila bahs.
Shishalar rangiga cho‘g‘ ham mahliyo,
Qushlar qafaslarda sayrar basma-bas…
Shoirlar necha bor aylamish insho,
Bu zebu ziynatu mahobatni, bas;
Bu hujra ko‘rkini xayoli uchqur
O‘quvchimning o‘zi qilsin tasavvur.

99

Gulbeka zanjini qiynab beshafqat,
So‘radi: ne qildi shuncha vaqt Juan,
Haram ahli ichra u sohib tal’at
Bo‘ldi ne gap-so‘zga sabab daf’atan?
Tutdimi o‘zini doim purhasrat,
Xo‘sh, qanday tanishdi u qizlar bilan, –
Xususan, u juda qiziqdi, so‘zsiz,
Kim bilan, qayerda, qanday yotdi “qiz”?

100
Bobo qo‘rqa-pisa berarkan javob,
Sergap bo‘lib, o‘zin xizmatga tayyor
Ko‘rsatib, bekani, bahaqqi savob,
Aldamoqchi bo‘ldi bu sodda-ayyor.
Ammo chol bir sirga yopganin hijob
Gulbeka payqadi – ziyrak va hushyor;
Sababki, goh quloq, bosh qashib goho,
Jiddiy tutolmadi o‘zini Bobo.

101

Gulbeka kutmoqni qilmagan odat;
Bu sabru toqatga begona ayol
Yaxshi ko‘rar edi boy bermay fursat,
Yo izoh, yo javob olmoqni darhol.
Ortiq gapirishga qilolmay jur’at,
Zanji qo‘rqqanidan jim qoldi alhol,
Gulbekaning yuzu ko‘zida pinhon
G‘azab o‘z chaqmog‘in chaqqani zamon.

102

Bobo bu alomat oxiri baxayr
Bo‘lmasligin sezib, tushdi yuztuban,
Yolvorib so‘radi bekadan uzr
Va aytdi yamlanib, chaynalib, Juan
Dudu g‘amxo‘rligin ko‘rdi, deb, manzur;
So‘ngra o‘z yulduzin ayblab daf’atan,
Yo‘q, deya, bu ishda mening hech hissam,
Qur’on o‘pib, ichdi ketma-ket qasam.

103

U eltdi Juanni eshikkacha to,
Undan u yog‘iga, bas, haddi sig‘mas.
U yog‘iga hukmin o‘tkazar tanho
Shu yuzlab kanizlar onaxoni, bas;
Tartibga ham o‘sha javobgar, zero,
Zanjiga uyqudan boshqa ish qolmas…
O‘ylanmay aytilgan arzimas bir so‘z,
Boshingga yog‘dirar ming bitta afsus.

104

So‘ng ishonch bildirib aytdiki Bobo,
Juan ham o‘zini tutgandir albat:
Axir ehtiyotsiz bo‘lsa mabodo,
Bilar o‘z boshiga tushishin kulfat:
Yo qop yo boshqa bir yomonroq balo…
Zanji hammasini aytdi-yu, faqat
Tashlab o‘tdi Dudu tushini – ayyor,
Xullas, u qilmadi bu sirni oshkor.

105

To‘g‘ri, u aytardi balki oldinroq
Va lekin dahshatli Gulbeka unga
Qoshlarin chimirib tikildi uzoq.
Harsillab, ko‘zlari sochdi alanga,
Nigohlar darg‘azab, uyulgan qovoq,
G‘ashdan, hayajondan, g‘amdan manglayga
Qalqdi reza-reza sovuq ter zilol,
Titroq nilufarda shabnamlar misol.

106

Ojiz toifadan emas u, biroq
Hushdan ketkazmoq ham osonmas uni,
Lekin bir daqiqa asabiy titroq
Qurshab oldi uning bor vujudini;
Shundayki, qiynoqli dahshat tutqanoq
Yoxud talvasaning sovuq to‘lqini
Larzaga solganda mash’umot bizni
Bir lahza siqadi yuragimizni.

107

Bir nafas qotdi u, alah ichra fol –
Ko‘rgan Pifiyadek, talvasai jon
Izmida bir muddat gangirab behol,
Xuddi jilovini uzgan otsimon,
Pora-pora qilib qiymalar qattol
Jazava, ehtiros yuragin chunon.
Dil-dildan ezilib, o‘chib rang-ro‘yi,
Daf’atan soldi u boshini quyi.

108

Boshin quyi soldi, xuddi jarohat
Holdan toydirganday g‘alati, suzg‘in;
Sochlari majnuntol soyasi sifat
Divanga yoyildi parishon, to‘zg‘in,
Ko‘kragi to‘fonli ummonday shiddat,
Shahd ila qalqindi bezovta, mahzun;
O, ummon bunday dam qahqah urib shod,
Sohilga itqitar xas-cho‘pni, hayhot.

109

Hali aytganimday, to‘zg‘in kokillar
To‘sar oy yuzlarin; behol, bemajol
Shalvirab tushadi oq, momiq qo‘llar,
Xuddi joni yo‘qday aftoda bir hol…
Men rassom emasman, shoirman, magar
Bu holni tasvirlab berishim mahol;
So‘z bo‘yoq emasdir: bu baytlar, ammo,
Bir holat tarhidir, bir ojiz imo!

110
Bobo ham quv edi: til tiyib qachon,
Qachon gapirmoqni bilar edi ul,
U bilardi, tinar oxir bu to‘fon,
Quturgan to‘lqinga kirmoq – nomaqbul.
Turib, xona ichra u yondan bu yon
Yura boshladi u, boqib, sezdi qul:
Qaldiroq-ku o‘tar va lekin ummon
Tinchirmikan, faqat shunisi gumon.

111

Gulbeka yurishdan to‘xtadi, birpas
Jim turib, so‘ng yana yura ketdi u;
Asabiy qadamin tezlatdi besas
Va yana to‘xtadi. Yurish – bir ko‘zgu;
Yurganda fosh bo‘lgan dunyoda ko‘p kas;
Katalin haqda Gay yozgan edi-ku:
U yovuz iblislar izmida yashar,
Yursa – ehtiroslar tug‘yoni jo‘shar.

112

Gulbeka zanjiga buyurdi: “Tezroq!
Ayt, olib kelsinlar ularni, ey, qul!”
Bekaning ovozi past edi, biroq
Haram og‘a sezdi, shahanshoh tugul,
Shayton ham bo‘lolmas aybdorga panoh.
Bobo Gulbekadan so‘radi: “O, Gul,
Yana xato qilmay, rahm eting bizga,
Kimlarni keltiray huzuringizga?”

113

Gulbeka baqirdi: “Ey, qora ayiq!
Gurji qizi kelsin, o‘ynashi kelsin!
Darvoza oldida shay tursin qayiq…
Amrimni uqdingmi, tilingni tiy sen!…”
Go‘yo boshqa bir so‘z topolmay loyiq,
Gulbeka jim qoldi ushlab o‘z bo‘g‘zin;
Chol esa allohga qildi iltijo:
“O‘zing balolardan asra, iloyo!”

114

“Mayli, men tilimni tiyaman, – der chol, –
Hech vaqt amringizdan chiqmadim, bekam,
Amringiz har qancha bo‘lmasin qattol,
Doim quloq qoqmay bajardim ildam;
Shoshilmang, men axir ko‘p ko‘rdim zavol,
Qahriga qancha ko‘p erk bersa odam,
Jabrini ham o‘zi tortishi aniq.
Sirning ochilishin aytmayapman, yo‘q, –

115

O‘zingizni o‘ylang, deyapman, xolos!
To‘g‘ri, halok etar dengiz mutlaqo,
Qancha jasadlarni bu o‘pqon paqqos
Yutganin bir xudo biladi tanho!
Bir qoshiq qonimdan o‘ting, iltimos,
Axir siz… siz unga oshiqi shaydo…
Uni-ku o‘ldirmoq – osondir aniq,
Ammo, uzr, dilda o‘larmikan ishq?”

116
“Ishqdan gapirmoqni senga kim qo‘ydi! –
Baqirdi Gulbeka. – Yo‘qol, kasofat!”
Bobo tez fahmlab, tilini tiydi:
Bekaning amrini agar bir muddat
Kech bajarsang, bilki, xonumon kuydi;
Bu ham yetmaganday hayf ketar fursat.
Qolaversa, zanji emasdir nodon,
Qilmas o‘zgalar deb o‘z jonin qurbon.

117

Ketdi beka amrin etgali bajo,
Yo‘lakay turkchalab g‘udrab, g‘o‘ldirab,
Injiq ayol fe’lin so‘kib norizo,
Darg‘azab bekadan qo‘rqib, qaltirab.
Ayol zoti buncha o‘jar, yo xudo!
Buncha zo‘r ularda hissiyot, talab!
Xayriyatki, o‘zi xolis, yiroqdir
Bunday kulfatlardan, xudoga shukr.

118

Bobo buyurdiki, ikki aybdor tez
Bekam huzuriga yetib borsinlar,
Unutmasin soch-poch tarashni hargiz,
Ipak liboslarin kiyib olsinlar.
Bekam so‘roq qilar ularni, shaksiz,
Qayda tug‘ildilar, qayda turdilar?
Dudu tahlikada, Juan jim, diqqat,
Na u qarshi chiqar, na bu qilar rad.

119

Oliy qabul uchun shaylanar ular;
Men xalal bermayman; balki, ehtimol,
Gulbeka ularga marhamat qilar;
Balki, jazo berar; anglamoq mahol:
Ba’zan bir harakat barin hal etar,
Bas, demak, oldindan ochib bo‘lmas fol,
Kim bilar, darg‘azab, quturgan, qaysar
Ayol bunday damda qanday yo‘l tutar.

120

Bas, yetdi yettinchi bobga ham fursat;
Boshlayman, oldimda kutar yangi yo‘l.
Ma’lumki, berilsa agar ziyofat,
Taomlar tortilar doim xilma-xil;
Qadrdon Juanga yor bo‘lsin omad,
Ishqilib, baliqqa yem bo‘lmasin ul.
Vaqti g‘animatni men hamda ilhom
Harbiy mavzularga etamiz in’om.

Rus tilidan Sulaymon Rahmon tarjimasi