Abdurahmon Jomiy (1414-1492)

Jomiy (عبدالرحمن جامی) (taxallusi; asl ism-sharifi Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad) (1414.7.11, Jom — 1492.8.11, Hirot) — fors-tojik shoiri, naqshbandiylik tariqatining yirik vakili.
Jomiyning ota-bobolari asli Dashtdan bo‘lib, Jomda, keyinchalik Hirotda hayot kechirishgan. Jomiy Madrasa yoshidan ancha erta Hirotdagi «Dilkash» (Navoiy ma’lumotiga ko‘ra, «Nizomiya») madrasasiga kirib, o‘z davrining taniqli til, adabiyot olimlari va mudarrislari qo‘lida tahsil olgan. Shu davrdayoq u arab tilini mukammal o‘rgana boshlagan.
Keyinroq Jomiy o‘z bilimini oshirish uchun Samarqandga keladi va Ulug‘bek madrasasida buyuk falakiyotshunos Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, fiqhshunos Fazlulloh Abullays qabilardan ta’lim oladi. Bu yillarda u til va adabiyotnigina emas, riyoziyot, falakiyot, falsafa, huquqshunoslik fanlari, din asoslari, hadis va tafsir ilmlarini xam chuqur o‘rganadi, olimlarning turli mavzulardagi munozara va mubohasalarida qatnashib, yetuk olimligi bilan tanila boshlaydi.
Jomiy Hirotga qaytgach, tasavvuf yo‘liga kirishni, o‘z bilim va faoliyatini shu yo‘lga, qolaversa, ijodga, ilm-fanga bag‘ishlashni afzal ko‘radi. U o‘ziga pir qilib Shayx Sa’diddin Koshg‘ariy (vafoti — 1456)ni tanlaydi, Hirotning jome masjidida uning suhbatlarini tinglaydi. Sa’diddin Koshg‘ariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi. Jomiy mashhur sufiylar bilan yaqindan muloqotda bo‘ladi. Muhyiddin ibn al-Arabiyning asarlarini chuqur mutolaa qiladi. O‘zining mutasavviflik faoliyatida Bahouddin Naqshband g‘oyalarini shu sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi — Xo‘ja Ahror bilan yaqin munosabatda bo‘lgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman o‘zini kundalik «Malomatiya» tariqatiga mansub deb hisoblasada, asarlarida Naqshbandga ixlosi baland bo‘lgan.
Jomiy Xurosonda temuriylardan Shohrux, Abulqosim Bobur, Abu Said va Husayn Boyqaro podshoxligi davrida yashadi. Xurosonda Hirot taxtiga temuriy Sulton Husayn Boyqaro o‘tirgandan so‘ng Jomiyning mamlakatdagi mavqei juda ortadi, chunki Sulton Husayn va uning ko‘p avlodlari o‘zlarini unga murid, deb e’lon qilganlar.
Jomiy 1472 yil xajga boradi. Bu safari vaqtida Nishopur, Sabzavor, Bastom, Domg‘on, Qazvin, Hamadon, Karbalo, Bag‘dod, Damashq, Halab, Tabriz kabi bir qancha shaharlarda bo‘ladi. Uning shaxsiy maktublaridan ma’lum bo‘lishicha, yaqin do‘sti Xo‘ja Ahror taklifi bilan Toshkentda ham bo‘lgan va ulug‘ mozoratlarni ziyorat qilgan.
Jomiy katta yer-mulk egasi bo‘lgan. Jomiy Alisher Navoiy bilan birinchi marta Abu Said xukmronligi davrida Xiyobon mavzesida hamma qatori ko‘rishgan. Shunda Jomiy unga o‘zining bir risolasini taqdim qilgan. 1476—77 yillarda Navoiy ham Jomiyni o‘ziga pir, deb taniydi. Garchi Jomiyning Navoiydan yoshi ancha ulug‘, rasman pir hisoblansa ham, mohiyatan ular chin do‘st va hamkor bo‘lganlar. Jomiy o‘zining («Nafahot ul-uns», «Bahoriston» va b.) bir qancha asarlarida Navoiyni, Navoiy ham o‘z asarlari («Xamsat ul-mutahayyirin», «Majolis un-nafois» va b.)da Jomiyni hurmat bilan tilga oladi.
Jomiy «Nafahot ul-uns» («Azizlar nafasi»), «Risolai musiqi» («Musiqa risolasi»), «Risolai muammo» («Muammo risolasi») kabi o‘ndan ortiq asarini Navoiy maslahati bilan yozgan.
Jomiy vafotidan sal burun lirik she’rlarini 3 devonga bo‘lib, ularga «Fotihat ush-shabob» («Yoshlikning boshlanishi»), «Vositat ul-ikd» («O‘rtadagi dur») va «Xotimat ul-xayot» («Hayot xotimasi», 1479—91) deb nom berar ekan, bunda Navoiy maslahatini e’tiborga olgan edi. Navoiy va Jomiyning do‘stligi adabiy hamkorlik bilan chegaralanmagan.
Navoiy Husayn Boyqaro saroyida bosh vazir bo‘lib turar ekan, o‘z siyosiy va ijtimoiy faoliyatida Jomiydan maslahatlar olib turgan. Masalan, Sulton Husayn Qunduz viloyatiga qarshi yurishga otlanmoqchi bo‘lganda, Jomiy Navoiydan podshohni bu safardan qaytarishni iltimos qilgan. Saroydagi fitna va fujurlar Navoiyning joniga tegib, u o‘z vazifasidan ketmoqchi bo‘lganda Jomiy uni bunday qarordan voz kechtirgan. Chunki Navoiydek xalqparvar arbob saroydan ketsa, xalq va mamlakat ahvoli yanada og‘irlashishini u yaxshi tushunar edi.
Jomiy o‘z asarlarini fors-tojik tilida yozgan, arab tilini ham yaxshi bilgan. Xorazmlik tilshunos Ibn al-Hojibning arab tili nahv (sintaksis)i haqidagi «Al-Kofiya» darsligiga 1492 yilda g‘oyat yaxshi sharh bitgan. Bu kitob Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarida so‘nggi vaqtlargacha maktab va madrasalarda arab tilidan qo‘llanma bo‘lib keldi. Navoiy bergan ma’lumotga ko‘ra, Jomiy turkiy tilni yaxshi bilgan.
Jomiydan ulkan va rang-barang adabiy hamda ilmiy meros qolgan. Ba’zi olimlar Jomiy asarlarining umumiy soni 100 ga yaqin deb taxmin qiladilar. Navoiy «Xamsat ul-mutahayyirin»da uning 38 asarini nomma-nom sanab ko‘rsatadi. Jomiy asarlari falsafa, tasavvuf, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, san’at sohalariga hamda nazm va nasrning har xil janrlariga oid.
Jomiyning ijodiy faoliyati ko‘p qirrali bo‘lsa ham u Sharq xalqlari madaniyati tarixida ko‘proq genial shoir va mutafakkir — olim sifatida tanilgan. Bu jihatdan uning epik va lirik merosi g‘oyat diqqatga sazovordir. Sunggi asr adabiyotshunoslari haqli ravishda uni fors-tojik adabiyotining ilk taraqqiyot davrdagi (10—15-asrlar) buyuk mutafakkir-ijodkor deb ataydilar.
Jomiy asarlarining bir qismi diniy va falsafiy mazmunga ega bulib, ularda shoir islom dini va sharq falsafasining bir qator masalalarini o‘z qarashicha talqin etadi, tasavvufning 15-asrdagi yirik arbobi sifatida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etadi. Bunga uning «Naqshi fusus» («Ma’nolar naqshi»), «Shavohidi nubuvva» («Payg‘ambarlikka dalillar»), «Sharhi qasidayi «Toiya» («Radifda «to» harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi»), «Naqdi nusus» («Matnni tanqid»), «Sharhi qasidayi «Xamriya» («Xamriya» qasidasi sharhi»), «Naqshbandiya ta’limoti haqida risola», «Vohid» atamasi haqida risola», «Zikr» shartlari haqida risola», «Haj qilish yo‘llari haqida risola» kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin.
Jomiyning «Lujjat ul-asror» («Sirlar dengizi», 1475), «Ashiat ul-lamoat» («Yiltillagan nur», 1476) diniy-falsafiy qasidasi Ibn Sinoga bag‘ishlangan. Dostonlarida xalq ommasining eng yaxshi orzu-umidlarini kuylagan. 7 dostondan iborat «Haft avrang» («Etti taxt» yoki «Katta ayiq», 1480—87)dagi «Silsilat uz-zahab» («Oltin zanjir, 1472), «Tuhfat ul-ahror» («Nuroniylar tuhfasi», 1481—82), «Sibhat ul-abror» («Taqvodorlar tasbehi», 1482— 83) dostonlarida yuksak xulq-atvor mezonlarini targ‘ib qilgan, kishilarni ma’rifatga, yurtparvarlikka, to‘g‘rilik, insof va iymonga chaqirgan. «Yusuf va Zulayho» (1483), «Layli va Majnun» (1484), «Salomon va Absol» (1479—80) dostonlari ishqiy mavzuda. «Xiradnomai Iskandariy» dostoni (1485) Nizomiyning «Iskandarnoma»siga taqlidan yozilgan. 18-asr oxiri va 19-asrning boshlarida Muhammad Rizo Ogahiy Jomiyning «Yusuf va Zulayho»sini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Adabiyotshunos va tilshunos olim sifatida ham Jomiy xizmati ulkandir. U o‘zining «Bahoriston» tazkirasida fors-tojik adabiyotining bir qancha namoyandalari va Navoiy haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Uning «Risolai aruz» asari aruz haqidagi eng mukammal qo‘llanmalardan biridir. Jomiy «Nafahot ul-uns» asarini yozish bilan tasavvuf tarixini o‘rganishga katta hissa qo‘shdi. Unda 616 mutasavvif hayoti va faoliyati haqida ma’lumot berilgan bo‘lib, ulardan 34 nafari ayollardir. Ushbu asarni Navoiy ma’lum bir to‘ldirishlar bilan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Jomiy faqat mashhur sufiylar haqida ma’lumot berish bilan cheklanmay, qator shoir va adiblarning hayoti va ijodiga ham to‘xtaladi. Navoiy bu asarni o‘zbek tiliga «Nasoim ul-muhabbat» («Muhabbat shabadalari») nomi bilan tarjima qilar ekan, uni o‘zbek shoirlari va adiblari haqidagi ma’lumotlar bilan to‘ldiradi.
Jomiy muammo xaqida 4 risola («Risolai muammoyi kabir», «Risolai muammoyi mutavassit», «Risolai muammoyi sag‘ir», «Risolai muammoyi manzum»), ruboiylar sharhi, kofiya qaqida 2 risola yozgan, mashhur qasidalarning bir qanchalariga alohida-alohida sharhlar bitgan.
Jomiy musiqa sohasida ham katta obro‘ga ega bo‘lib, «Naqshi Mulla» («Naqshi Imoma») asari muallifidir. Sharq musiqa ilmi tarixida Jomiyning «Risolai musiqi»si ham alohida o‘rin tutadi. Risola kirish, ikki yirik qism — «ilmi ta’lif» va «ilmi iyqo’» hamda xotimadan tashkil topgan bo‘lib, ular o‘z ichiga 23 faslni qamrab olgan. Jomiy o‘zining musiqiy nazariy va musiqiy-estetik qarashlarida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Safiuddin Urmaviy va Abdulqodir Marog‘iylarning mumtoz an’analarini davom ettirgan. Asosiy diqqatini o‘sha davr amaliyoti bilan bog‘liq bo‘lgan parda (lad) tizimlari (jins, jam, «O‘n ikki maqom», sho‘ba va b.) hamda usul (ritm) masalalariga qaratgan. Jomiyning musiqaviy tafakkuri adabiy-badiiy ijodida ham o‘z ifodasini topgan.
Asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, bir necha marta nashr etilgan. «Kofiya sharhi risolasi», «Sharhi Mullo» (yoki «Mullo Jomiy») Markaziy Osiyo va Idil (Volga) bo‘yi tatarlari madrasalarida arab tili grammatikasidan darslik sifatida o‘qitilgan. O‘zbekiston va Tojikistonning bir qancha jamoa xo‘jaliklari, ko‘chalar, maktablar Jomiy nomi bilan ataladi. Samarqand shahrida Navoiy bilan Jomiy haykali o‘rnatilgan (1970).
(Abduqodir Hayitmetov, Shoislom Shomuhamedov)

G‘AZALLAR

* * *

Domaning ko‘klamdagi gul yaprog‘idin pokroq,
G‘unchadek ko‘nglim-chi, shavqingdan yaqosi chokroq.

Ostonang-ku birovlar tuprog‘idan pok edi,
Endi ko‘z yoshim bilan yuvganda bo‘ldi pokroq.

Yuzlab oshiqni halok etding tig‘ing ko‘rsatmayin,
Oshiq o‘ldirmakda yo‘qdir sencha sho‘x – cholokroq.

Sen-ku men tortgan alamdan shodsan, kulmakdasan
Gar quvonsang men bo‘lurman bundanam g‘amnokroq.

Yaxshilarga sevguvchilar qonini to‘kmay halol,
Bizni o‘ldirgan o‘zing, e hammadan bebokroq.

Kiprigim-la suv sepib, bag‘rim o‘ti-la qizdiray,
Bo‘lmasin nopok qonimdan yo‘ling namnokroq.

Mingan otingning tuyog‘idan o‘pay, bir yonga sur,
Yo‘llaringda ko‘p kishilar xoku Jomiy xokroq.

Fors tilidan G‘afur G‘ulom tarjimasi

* * *

Bunday oraz oldida so‘z ochma guldan, gul nechun?
Nolai zorimni tingla, qissai bulbul nechun?

G‘uncha erding, ko‘z-ko‘z etmay gul jamolingni hanuz,
Bilmadim, oshiftadir, oshiftalik, sunbul nechun?

Borligim naqdini olgin, qiymati bir bo‘sadir,
Kechikar la’ling, ajab savdo, yo ul, yo bul nechun?

Chehrayu zulfingni ko‘rgach, har qusurdan bo‘ldi mot,
So‘rmadi davron sirin, yo qo‘lni tutgan qo‘l nechun?

Lutf ila qilding nazar har bir dilafgorni ko‘rib,
Bizni go‘yo ko‘rmading, o‘ldirgali butkul nechun?

Naylayin, hijron balosi o‘tdi har me’yordan,
Sabru toqat yo‘li yo‘ldir, o‘zga azmu yo‘l nechun?

Etdi payg‘om, shaylanibsan Jomiyni o‘ldirgali,
Kel, tig‘ urgin, bu tahammul boisi, ey gul, nechun?

* * *

Kim xabar bergay g‘ariblar holidan ul yorga,
Bir qiyo boqmasmikan, bir necha tan nochorga.

Hajru furqat dog‘idan ozurda qalbim, bormikan,
Vaslidan malham bosib, chek qo‘ysa bu ozorga.

Qonli yoshimdan yonog‘im elga oldek ko‘rinur,
Ne yo‘sinda rahmat aytay ko‘zima — xunxorga.

Furqatidan qonli yosh to‘kkum, murodim, qoniga
Botsin ul ko‘zkim munosib bo‘lmadi diydorga.

Yangi yilda senga boqgum, dedi, bultur menga, oy,
Boqdi, bultur endi mahkum xokka yoki dorga.

Istamam, teng etgali o‘zimga ul eshik itin,
Dosh berolmas davlati hargiz bu nangu orga.

Hajru furqat to‘shagida ko‘rdi Jomiyni tabib,
Dedi: o‘lmakdan bo‘lak yo‘q chora bu bemorga.

* * *

Senga tor qalbim qafasdir, balki beshbattar erur,
Kel, o‘tir ko‘z ustina, ne dilkusho manzar erur.

Za’faron chehramda ko‘rgil qonli xatlar yoshdin,
Sheftalar ahvolidan bu bir varaq daftar erur.

Hajru furqat dardidan har tun yonarman, kunduzi
El ishonmas, menman u, yo o‘zga bir paykar erur.

Bog‘u sahro ichra sensiz jonima dog‘lar butun,
Laxcha o‘tdir har gulu har lola cho‘g‘ — axgar erur.

Kuydi jonim, ey yoronlar, tobakay pinhon tutay,
Do‘zax ichra dil bihishti ishqiga yovar erur.

Menga jannat ne kerak, gar itlaringni ko‘yidan
Tegsa bas sharbat suvi, har kosasi kavsar erur.

Komiga bir jom yetar deb la’li maygundan, axir,
Rashk ila Jomiy ko‘zi qon to‘la bir sog‘ar erur.

* * *

Ne safarni ko‘zlabon chobuksavor jonon chiqar,
Izma-iz saf tortishib jon yuklagan karvon chiqar.

Xayrlashuvga qolmadi hech kimda toqat, arz eting,
Rahm etib pinhona chiqsin, chiqqani yolg‘on chiqar.

Gar dilim holiga yosh to‘ksam, balo seli toshar,
Chunki giryon ko‘zlarimdan qatra-qatra qon chiqar.

Kechdi jon miskin tanimdan yodi birla, naylayin,
Xush erur chiqqanda mehmon yonma-yon mezbon chiqar.

Bir kuni o‘lsam agar xolu xatingning shavqidan,
Tuprog‘imdan maysamas, gullolavu rayhon chiqar,

Borliging, Jomiy, fig‘ondir, til misoli qo‘ng‘iroq,
Qo‘ng‘iroqni chalganingda nolayu afg‘on chiqar.

* * *

Qatra-qatra qonli yoshlar ko‘zi giryonimdadir,
Ne jarohatdan tomarkim ildizi qonimdadir.

O‘zgalar qatli uchun kelganda jonon chopari,
Dema jonon chopari, bosgan izi jonimdadir.

Gar dilimning rozidan parda olinsa g‘unchadek,
Ul gulimning ishqidan choklar giribonimdadir.

Kecha tush ko‘rdim, labin tishlar ekanman, to hanuz,
Tishlarim naqshin labimda, zahmi dandonimdadir.

Yo‘liga xok bo‘lgum, ey bod, to‘zg‘itib yetkaz meni,
Qaygakim sarvi ravonim desa farmonimdadir.

Tunlari tasbih o‘girmaydi falakning lashkari,
Chunki kayhonning hushi faryodu afg‘onimdadir.

Sen jigarni qovurib, dil qonidan keltir sharob,
Jomiy, ul qonxo‘ri badmast tunda ayvonimdadir.

* * *

Uzdi qildek bel xayoli rishtai tadbirni,
Koshki bir mo‘y bersa silkib zulfini-zanjirni.

La’li shirin bunchalar, qorganmikan volidasi
Ne shirin jon shirasi birla sutin-iksirni.

Rasm chizardi o‘tirib butxonada naqqoshi Chin,
Orazingni ko‘rdiyu yirtdi hama tasvirni.

Botdi tiyring ko‘ksima, nimjon tutarmak yo‘l aro,
Ehtimol oxir kelarsan izlabon bu tiyrni.

Shodi masrursan visol bazmida yoronlar bilan,
Yakkaman g‘amxonada, g‘amdan kutib ta’zirni.

Istaram, arz aylamay senga vafoyim qusrini,
Qaysi til birla vale aytay bu ayb-taqsirni.

Jomiy, dargohingda bir quldek qaridi oqibat,
Navqironlar shohi, siyla bu g‘ulomni-pirni.

Jonibek tarjimalari

* * *

Yorug‘ kun ham qaro tundek o‘tur, ey, moh, firoqingdan!
Yonib jonim, chekurman oh, chekurman oh firoqingdan!

Bilur borliqda borlar: goh borur dengizga ko‘zyoshim,
Buzub tunni, borur ko‘klarga ohim goh firoqingdan!

Etishsaydim visolingga ajal yetmay turib jonga,
Etur, mayli, omonlik xoh, yomonlik xoh firoqingdan!

Firoq dashtinda sarsonman, visol chaqmog‘i, kel, chaqna!
Chekil, hijron, chekil, bir on chiqay bu choh — firoqingdan!

Kelib yor, o‘ldilar ag‘yor — visolda muncha vahshat bor!
Degayman: lavhashulloh — ofarin, voh-voh firoqingdan!

Qanoatda bu Jomiy tog‘ edi, barbod etib, davron,
Somonday parchalab otding, yo‘qotdim roh firoqingdan!

* * *

Yig‘lamay, ne ham qilay, do‘st, xoru bemor bo‘lsa dil,
Dilgiriftorlikka, netgumkim, giriftor bo‘lsa dil?!

Kel-da, munkir, bosh qo‘yib ko‘ksimga, dil zorin eshit,
Balki inkoring qo‘yarsan, intizor, zor bo‘lsa dil?!

Ey nigor, dillarga manzildir ko‘ying, gar o‘tsa kim,
Ayt, qadam qo‘ysin qayerga — yerda bisyor bo‘lsa dil?!

Muddati hijron o‘zaymish — umr uzun, toqat qani,
Ne qilaykim, bi musibatlarga ham yor bo‘lsa dil?!

Qissai ushshoq o‘qirkan, angladim shul hissani:
Aylagay dildor vafo, necha vafodor bo‘lsa dil.

Etmasam vaslingga gar, darding talab etgum mudom,
Matlub ermas darddan o‘zga, gar talabgor bo‘lsa dil.

O‘tdi umrim, o‘tmadi g‘amlar, kel, ey Jomiy, bugun,
Toshyuraklar zulmin aytay senga, g‘amxor bo‘lsa dil.

* * *

Men haqir bir bandaman, sen-chi, shohsan muhtasham,
Gar o‘lurman g‘am chekib, senga ey zolim, na g‘am?

Noz-tamanno-la yurib, o‘tma ko‘nglim ranjitib,
Tangri haqqi, men tomon ayla ranjida qadam!

Boshga solsang ne balo, ey nigor, bosh ustiga,
Ot — o‘qing sochsin sitam, xanjaring ochsin yaram!

Ishq elin ozg‘urdi hajring yetaklab cho‘l taraf,
Barcha yo‘qlikka yetib, bo‘ldi ishq ahli adam.

Oh urarman, oh o‘qi teshdi ko‘ksim necha bor,
Har teshikdak otilur dil o‘tim — o‘tlig‘ alam.

Sho‘rpeshonamga bitilgan ajalsan sen o‘zing,
Qatlimiz tiyg‘i jafong birla bo‘lgay chun raqam.

Umr o‘tar — singan safolinda dunyo suv tutar,
Bizga yo‘q, Jomiy, Xizr suyi, yo‘qdir jomi Jam.

* * *

Na baxtkim bu, yaqin kunlar muqarrar vasli yorim bor,
Figor jonimga malham ul umidbaxsh, sho‘x nigorim bor.

Bugun shahrim mening bitta, yagona shahriyorim ham,
E’tiqod qo‘yganim shahrim, imonim, shahriyorim bor.

Dilim qoni bilan ming bor to‘lib-toshgandi bu bag‘rim,
Bugun bag‘rimda maqsudim, bu bag‘rimda bahorim bor.

Kelib ayshim bahori, shavqu shodliklar kelib qayta,
Quvonchdan kiprigim namlik, sevinchdan yosh to‘korim bor.

Bu kun shamday hayotim bor: yonish, zulmat nasibamdir,
Bu tun dunyosidin bahrim shudir — tunda qarorim bor.

Azobu ishq bilan yoshlik o‘tib ketmish, qaribman, lek
Hamon oshiqmanu har kun alamli, g‘amli korim bor.

Bu maydan kech, bu kunlardan kech, ey, Jomiy, demang zinhor,
Qo‘limdan kelmagay bu ish — axir, ne ixtiyorim bor?!.

Tohir Qahhor tarjimalari

* * *

Qasdi jonimg‘a tilib ko‘ksimni men devonani,
O‘g‘ri teshgay o‘lja deb, devorini har xonani.

Xoli ishqi tuxmini ekma dilingga, ey raqib,
Etma bundan ortiq isrof, toshg‘a ekib donani.

Tur, degil, mashshota, anda qolmadi mushkin soching,
Bo‘ldi har soch tolasig‘a band ko‘ngul jononani.

Men burib ko‘yingga yuz, ko‘ksimni o‘ydim timdalab,
Sen tomon yo‘lini ochsaydim debon vayronani.

Oqibat sendan yana begona bo‘ldim, ne qilay,
Do‘stdin oldingda obro‘yi baland begonani.

Ishq vafodorlig‘ taqozo aylagay, bu sir emas,
Yo‘qsa sham’ yoqdi nechun o‘zi kabi parvonani?!

Jomiy o‘zdan ketdi, ul zebodan, ey do‘st, so‘zlama,
Tinglag‘uvchi uxlagach, sen ham tugat afsonani.

* * *

Mutrib, bu kech nolamga jo‘rovoz yig‘lat changni,
Yoq o‘zga otashlar bila bu qayg‘uli ohangni.

Ayladim ko‘p nolalar ul toshbag‘irning hajridan,
Nolayu ohim chiqib yordi yurakdan sangni.

Yordin ayromanu ul yon borolmam, ko‘zyoshim
Oqdi daryo singari, zabt ztdi har farsangni.

Fosh o‘lur oxir sirim, eldan nechuk pinhon tutay,
Za’faron yuzlarg‘a tomgan arg‘uvoniy rangni.

Og‘risa nozik beling, oshiqlaring urgay fig‘on:
«Bog‘lama bunday siqib, yor, ul miyoni tangni!»

G‘amzang o‘qi deb tashlagay jonu dil, rahm aylagil,
Bir o‘q ot jonimg‘ayu to‘xtat tamoman jangni.

Jomiyo, baxtu saodat istasang ishq shohidan,
Qechgil obro‘yu sharafdin, telbadek chal zangni.

* * *

Qading rashkida ey sarvi sumanbar,
Bo‘libdur ko‘ngli yuz pora sanavbar.

Behisht bog‘ida bo‘lsa bir go‘zalqad,
O‘shal jonona sensan yori dilbar.

Go‘zallik navniholisan degaymiz,
To‘kib ko‘zyosh, quchoqqa olsamiz gar.

Meni o‘ldirdingu takbir demaysan,
Bu xil toshdilsen ey «ollohu akbar».

U labdin aylagay dono kinoya,
Sharobi salsabilu havzi kavsar.

Chiroq parvonani ketmakka qo‘ymas,
Bazmda yoqib o‘ldirgay muqarrar.

Sening yoding ila shod erdi Jomiy,
Ko‘rib oshdi sevinchi dilda dilbar.

* * *

Gam kunjida o‘tirdim, shod ayladi xayoling,
Xushvaqt ulki, ko‘rsa har soati jamoling.

Bu baski, yoqasan jon, hijron g‘amida har on,
Men kim edimki bo‘lsam shoyistai visoling?!

Boshimda xanjar o‘ynab, olding jonimni qiynab,
Qo‘lingda bo‘lsa jonim, tan — bo‘lsa poymoling!

Etmay labingga, ey yor, labtashna o‘lmagim bor,
Bermas suvini zinhor, ul chashmai ziloling.

Hijronu motamingdan, yuz hasratu g‘amingdan,
Vaslingga yetganim soz, gar kelsa ham maloling.

Ur xanjaringni har on, ko‘ksimni aylagil qon,
Jonim fidoyu tsonim bo‘lsin sening haloling.

Jomiy, nechuk turay jim, ochildi so‘zg‘a tilsim,
Zavqi g‘azal bag‘ishlar ul saydi bemisoling.

* * *

Qay ul manzilki, jononim u yonda,
Tanim bunda, vale jonim u yonda.

Yiroqdurmen, bihamdullohki bir bor,
Dili besabru somonim u yonda.

Menga uyi tarafga yo‘qdir imkon,
Xush ul, ovozu afg‘onim u yonda.

Musulmonlig‘ qidirmang ul diyorda,
Ki sho‘xi nomusulmonim u yonda.

Ne hojat mohi tobon ul makonda,
Ki xurshidi duraxshonim u yonda.

Dilimni tig‘ ila chok etgay ul oy,
Bahona ulki, paykonim u yonda.

Faqat Jomiy, labingni ochma zinhor,
Mening mahbubi gapdonim u yonda.

* * *

Siyminbadanim, jonga g‘anim, lolauzorim,
Bir boq, yuragimdan yuvilur dardu g‘uborim.

Bu xasta vujud qoldi ko‘yingga yeta olmay,
Tun-kun oshikar senga tomon ko‘nguli zorim.

Momiq badaning og‘risa, vallohki neturman,
Belingni siqib bog‘lama, ey, ko‘zi xumorim.

Qandoq seni ko‘yingdan o‘tay menki, u joydan
Gar bodi sabo o‘tmog‘i mushkil esa yorim.

Xush ulki, sharob sipqoribon mast yiqilsang,
O‘psam yashirin men kafi poyingni nigorim.

Shoh qasrig‘a kam yo‘l beradir xor gadog‘a,
Jomiy, senga yetmay ketadur sabru qarorim.

Olimjon Bo‘riyev tarjimalari

MASNAVIY

Kel, ey Jomiy, sen umrlar qiynab jonni,
O‘z ta’bingdin yaratolding besh dostonni…

Ganjali sher besh dostonga asos qurgan,
Navoiydir panjasiga panja urgan.

Lekin turkiy tilda keldi bu naqsh ajab,
Bu so‘z Daman jodusida bog‘lagay lab.

Osmondin maqtov yog‘sin u qalamga,
U qalamdin keldi go‘zal so‘z olamga.

Kechirsinlar forsiy tilda zar terganlar,
Dari tilda nazm injusin keltirganlar.

Agar u ham nazmin yozsa dari tilda,
Qolmas edi so‘z aytishga kuch hech kimda…

Boshqa tilda nuqtalarni so‘yladi ul,
Aql uchun yetuklikka qolmadi yo‘l.

Sening yuksak ta’bing bilan so‘z ustodi,
Qalamingning kalidi-la so‘z kushodi.

So‘z yuzining porloqligi o‘chgan edi,
Xazina ham yukin bog‘lab ko‘chgan edi.

So‘zamollik maydoniga sen surding ot,
Qayta boshdin so‘zning yuzi porladi bot.

Sening aqlu fikring bilan safo topdi,
E, Navoiy, lutfing bilan safo topdi.

Bu ko‘chatda nazmlarni yetkurib men,
Yurak qoni bilan meva bitkurib men.

So‘z aytishdan boshqa emas bunda sabab,
Bilimdonlik dasturida men ochdim lab.

Men bularni shu tartibda tuzarkanman,
Hech kishidan ehson, tahsin kutmaganman.

Kirim joyi bo‘lgan yerdan chiqmas ehson,
Nima foyda tahsin aytsa senga nodon?

So‘z, lutf ila maqtovlaring qildim, lekin
O‘z bilgumning ko‘rsatoldim senga chekin.

Molu davlat jonga juda yaqinroqdir,
Aytilgan so‘z hammasidan yaxshiroqdir.

Hamma narsa bu dunyodin yo‘qolajak,
Lekin jahon bor bo‘lajak – so‘z qolajak.

G‘afur G‘ulom tarjimasi