Mark Brayet (1925-2003)

Mark Brayet (Mark Braet; 7 iyul 1925, Nivport, Belgiya – 6 fevral 2003, Bryugge, Belgiya) – belgiyalik shoir. Niderland tilida ijod qilgan shoirning she’rlari Belgiya zamonaviy she’riyatiga erkinlik shabadalarini olib kirgan. Mark Bratning “Bo‘ron onida o‘n sakkiz qadam” (1950), “Berilgan mavzu turlari” (1956), “Dunyoda barcha yagona” (1961) to‘plamlari uni dunyoga tanitgan.

QAYG‘URMOQQA NE HOJAT

kitob olmayman o‘zim bilan yo‘lda
abadiyatga oid hech bir ishora
raqs joy oldi qalbdan
umr so‘ngiga qadar bo‘lib hayotim
so‘zlar ortidan yugurmoq nechun
uchar ular dudoqdan
va qor bo‘lib tushar tunda
qayg‘urmoqqa ne hojat

VIDOLAShMOQ

vidolashmoq – qayta yashay boshlamoq
anglamoqdir zamon va makonni
bu yo‘q qilmoq qo‘rquvni o‘zdan va o‘lik butoqlarda
uyg‘otmoq yangi qo‘shiqni
vidolashmoq bu tinglamoq sukut kuyini
ilg‘amoq cheksiz quvonchli yo‘l va sevgi va
uning tinimsiz hayqirig‘in
vidolashmoq teginmoq yaralamoq azobga qo‘ymoq
o‘rnashib sovuq oyda
tark etilgan mug‘anniy o‘zni unutib chalgan joyda
va barcha yengil kunlar kechgan kunlarga badal
vidolashmoq bu so‘ngida qo‘lni siqmoq
va’da bermoqdir albatta yozishga quchishga aziz yelkani
va ilgarilamoq ortga boqmay
(agar poyezd ketgan bo‘lsa juda erta
qaytmas esa garchi hech – vidolashmoq
olib ketmoq bu o‘zi bilan bebaho sirni)
va kimgadir ma’lum: vidolashmoq
bu sog‘inch va qayg‘u aro
uzaymog‘idir hayot va mavjning
cho‘kmoqdan avval zulmatga

Rus tilidan Shermurod Subhon tarjimasi