Rene Filombe (Kamerun)

Rene Filombe (haqiqiy ismi Filipp-Lui Ombede) 1930 yili Kamerunda tug‘ilgan. Frantsuz tilida ijod qiladi.

TAMADDUN

Ular meni izlab topdilar g‘arovdan bichilgan,
qadimiy va xarob kulbamdan.
Ular meni izlab topdilar
badbo‘y teriga yopingan holda,
ularga begona tilda so‘zlardim,
sharshara shovullashiday kulardim,
qora sanamlarga sig‘inardim,
tamtam ohanglarini
va tumorlarni sevardim …
— Ibtidoiy! Bechora! — dedilar ular
va ishga kirishdilar.
Boshimga quydilar sovuq suv kabi
bekorchi safsatalarni va kitobiy yig‘loqilikni.
Keyin meni
bo‘yimga bichilmagan
tor kostyumga tiqdilar.
So‘ng toza,
pokiza qonimga
ayyorlik, ochko‘zlik,
ichkilikbozlik, zino,
sotqinlik,
tanga uchun akasini ham sotish genini
tomchilab quydilar …
Voh-ey! Qaranglar, qanchalar ko‘rkamman —
madaniylashtirilgan odamman!

Karim Bahriyev tarjimasi