Frenk Abiodun Eg-Imukxede (Nigeriya)

Frenk Abiodun Eg-Imukxede 1935 yili If shahrida (Nigeriya) tug‘ilgan. Ingliz tilida ijod qiladi.

BIR ERKAKKA BIR AYoL

Cherkovga bormayman, yurmayman mahkamada —
“Yangi madaniyat” mavzusi unda muhokamada,
Unda aytilmoqda “Teng huquqlilik” haqidagi savol
Hamda mag‘rib tiqishtirgan ushbu xom-xayol:
Bir erkakka – bir ayol.

Bilaman, ko‘p xotinli edi otamning otasi,
Tenglikka tupurgandi — hammaning kelardi havasi!
O‘zining uyida xon edi, ko‘lankasi – maydon.
Oqlar keldi, hammasi topdi zavol —
Bir erkakka – bir ayol.

Kerilmasinmi endi uydagi yor, dugona,
Axir, u erida yolg‘iz, yagona?
Bu yoqda oqlar der, tug‘ish – zarar, ey ona,
Buni o‘ylab topdi qay battol —
Bir erkakka – bir ayol.

Bir ayolga qanoat qila olarmi erkak?
Ro‘zg‘or yuritish zarur, dalada ishlash kerak,
Bananni terish lozim, qovurish, bug‘lash kerak,
Buning ustiga yana bola tug‘sin bemalol –
Bir erkakka – bir ayol?!

Deylik, uyni eplamas, istamaydi tug‘moqni,
Kitob o‘qib o‘tirar, xushlamas pishirmoqni;
Qutilmoq mumkinmikan bu taxlit tasqaradan?
Ajralishmi? Bo‘ldi, bas — millatga zavol –
Bir erkakka – bir ayol…

Karim Bahriyev tarjimasi