Yordan Radichkov. Na’matak butasi (hikoya)

Uning yoshi nechadaligini taxminan ham aytolmayman, keyinchalik bu yorug‘ olamda qanchadan beri yashayotgani, yuz yillik eman va chinorlarga tengdoshmi yoki ulardan kattaroqmi, bizning davrimizga dinozavrlar, mamontlar va odam bolasi suyaklarini yer ostidan yo bo‘lmasa ming yillik g‘orlar-u, ko‘mir qatlamlari orasidan topayotgan har turli vahshiy mavjud bo‘lgan zamonlardan kelib qolganmi, deya so‘rab-surishtirganimda bironta kishi aytib berolmadi; na’matak butasining doimiy ravishda payhon bo‘lishi qanchalik muqarrar bo‘lsa, yana shunchalar tezlik bilan jonlanib, o‘sib-unishi muqarrar va uzluksizdir, chunki qurigan va nobud bo‘lgan shoxlari o‘rniga har yili yangi, surx novdalar paydo bo‘lib darhol ularning o‘rnini egallashadi. Qurigan shoxlari yangi novdalarning kuch-quvvatiga ishongani holda o‘z o‘rinlarini bemalol ularga bo‘shatib beradilar. Na’matakning har bitta shoxi doimiy ravishda quriydi, bu muqarrardir, biroq shundan keyin ham, o‘sha “o‘lgan” shox yana uzoq payt shu qal’aning bir qismi bo‘lib qolaveradi. Men qal’a degan so‘zni ishlatdim, zero, ishonch bilan aytolamanki, na’matak butasi o‘zini doimiy ravishda mustahkam qal’adek saqlashga qodir. U har yili ekilgan yo dunyoga kelgan kundan e’tiboran shunday yashaydi.
U har yili pishgan urug‘ini atrofga sochadi va uni avaylab asraydiki, boshqa bironta buta yo daraxt bunday qilmaydi. Umuman olganda, shu jihatdan u hech qanday butaga o‘xshamaydi, bordi-yu, biron nimasi bilan o‘xshashligi bo‘lsa qisman, bu o‘xshashlik aytishga arzimas darajada bo‘ladi. Tabiat hech qaysi butaga o‘zini asrash uchun bunchalar ko‘p himoya vositalarini ato etmaganki, ko‘rib yoqa ushlaysiz, u bilan g‘irrom qilmasdan, yakkama-yakka to‘qnashib ko‘rgan odam biladi buni, uni yenga olishingiz amri mahol. G‘irrom qilmasdan, deyayotganimning sababi uni kerosin quyib yoqib yubormaslik yoki shox kesadigan mashinaga ro‘para qilmaslikni nazarda tutib aytayapman. Tasavvurim aldamasa, uning tikanli changallarida daqqiyunus davrida yulib olgan o‘sha mashhur jun jandaning bir parchasi hamon saqlanar ekan. Davr shamollari olamjahon narsalarni inson xotirasidan o‘chirib tashlagan. Biroq na’matak butasining qurigan shoxlarida o‘tlab yurgan qo‘ylarning yulinib qolgan jun tutamlari, kuygan chit laxtagi hamda allaqanday arqon bo‘lagi, inson sochlari, yog‘och ilgaklarni ko‘rishingiz mumkin. Na’matak mevalarini terishga chiqqanlar qulayrok bo‘lsin deb buta shoxlarini ilgaklar yordamida o‘zlariga yaqin tortib turishgan. Ba’zan to‘da-to‘da meva teruvchilar baravariga to‘rt tarafdan na’matak butasiga hujum qilishardi. Shu tariqa uning shoxlarini har tarafdan tortib dabdalasini chiqarishardi. Ayniqsa, kech kuzda meva teruvchilar haddidan oshishardi. Shunday chog‘da pastki shoxlarida bir dona xam meva qolmas, lekin butaning yuqori qismida odamning suqini keltirgudek qip-qizil yorqin mevalari kuz quyoshining beozor nurlari ostida jilva qilar, shoxlarida go‘yo qon tomchilari qotib qolgandek tuyulardi.
Odamzod na’matakka bir yilda ikki marta e’tiborini qaratadi – birinchi safar bahorda – barq urib gullagan chog‘da, ikkinchi safar – kuzda, mevalari g‘arq pishgan paytda. Na’matak gulining hidi judayam nozik, men hatto nozik va tevarak-atrofda barq urib gullagan boshqa daraxtlarning guliga nisbatan nazokatli va sipo degan bo‘lardim. Bir nechta gulini uzib ko‘ring, bilasiz – so‘qmoq bo‘ylab uyingizga ketayotganingizda gulbarglari yo‘ldayoq duv to‘kiladi. Basharti gullayotgan chog‘ida butaga diqqat bilan uzoq tikilib qolsangiz, o‘tkir nigohingiz ta’sirida gullar so‘lib to‘kila boshlaganini sezasiz. Men mahobat qilayotganim yo‘q, o‘z ko‘zim bilan ko‘rganlarimni aytib berayapman, xolos, biroq bahor oylarida na’matak qandaydir o‘ziga xos tarzda tortinchoq bo‘ladi, degan fikrimdan sira qaytmayman. Nozik, xushbo‘y hididan tashqari butadan ko‘klam tarovati va sokin g‘o‘ng‘illagan tovushlar taraladi. Asalarilar hamda har turli hasharotlarning g‘o‘ng‘illashi bu – shovqinsiz changlanish yuz berayotganidan darak.
Na’matak gulini to‘kkandan so‘ng kuzga qadar unga birov qayrilib boqmaydi! Xuddi ana shu davrda na’matak butasi o‘z tabiatiga ko‘ra jimgina, shovqin ko‘tarmay, fidoyilarcha mevalarini yetiltira boshlaydi… Kuzgacha bir o‘zi tanho yashaydi. Shu atrofdagi dam olish uylari va sanatoriylarda muolaja uchun kelgan kishilar na’matak yaqinidagi tepalik yonbag‘ridan har kuni o‘tib turishadi-yu, lekin bizning butamizga birontasi e’tibor bermaydi, odamlarning ko‘proq tinimsiz ravishda likillab turuvchi ko‘rsichqonlarning uyalari qiziqtiradi; ular yon-verida uyum-uyum sog‘ tuproq to‘plab qo‘yilgan bu jonivorlarning yer ostidagi uyalari tepasiga haqiqiy ko‘rsichqonni bir marta ko‘rish uchun asta pusib kelishadi; soddalik ham evi bilan, bu jonivorlar o‘g‘rincha kelayotganlarning qadam tovushini allaqachon eshitgan bo‘lishadi, chunki yer ostidagi zulmat qoplagan ilonizi yo‘llarda yuqorida ehtiyotkorona tashlangan qadam tovushlari ularga vahimali tarzda gursillab eshitiladi. Yer ostida yashovchi bu jonivorlar mana shunday o‘ta ziyrak va sezgir! Bir necha yillar muqaddam mening bir og‘aynim Frantsiyadan ko‘rsichqonlarni tutish uchun maxsus qopqon olib kelgan va uni dala hovlisiga o‘rnatgandi, buning sababi ular ko‘payib, hamma yerni qazib tashlagach, sho‘rlik og‘aynimning dala hovlisi o‘rkach-o‘rkach tepachalardan iborat hovliga aylanib qolgan edi. Qayerga qaramang, ko‘rsichqonlar uyub qo‘ygan tepachalar – qisqasi, do‘stim Frantsiyadan keltirgan qopqon bilan bu “zararkunanda”larning urug‘ini quritaman, deb o‘ylagan edi. Oson ekanmi!
Bugun ham shu tomonlarga yo‘li tushgan odam nafaqat og‘aynimning hovlisida, balki dala hovlilar joylashgan mavzening hamma yerida o‘t bosgan do‘ngliklar hamda uyum-uyum tuproqlarni ko‘rishi mumkin, ba’zilari eskirib, tashlab qo‘yilgan – o‘t-o‘lan, burgan bosgan, ba’zilari esa hali yangi, kechagina qazib tuprog‘i uyub qo‘yilgan, darvoqe, yangilarida tuproqning nami qurimagan bo‘lardi. Men bir kuni ko‘rsichqonlarning dodini berishga ahd qilgan odamning sabr-toqat bilan oyoqlarini kerib, o‘sha jonivorlarning uyasi tepasida qo‘lida so‘qa, churq etmay, qimirlamay turganini ko‘rgandim. U ko‘rsichqonning yer ostidan tuproqni tumshug‘i bilan surib chiqarishini kutardi. Sabr-toqatiga balli-e, soatlab shunday qilt etmay kutgandi. Do‘nglik qimirladi deguncha o‘sha yerga so‘qasi bilan zarb berishga hozir turgandi, ammo o‘sha kutgan daqiqalarda bor kuchi bilan ursa, ko‘rsichqon yer ostidagi ilonizi yo‘llardan ziyon-zahmatsiz allaqachon qochib ketgan ekan.
Mayli, mavzudan chetlab ketdik, yana o‘zimizning na’matak butasiga qaytaylik… Tizzasiga qadar qo‘y juniga o‘ralgan buta Yaga xotin tog‘ining janubiy yonbag‘rida emin-erkin o‘sardi. Yaqin o‘rtadagi o‘tloqqa qo‘ylar podasi shu yerdan o‘tib borardi, yo‘l-yo‘lakay tevarak-atrofda o‘sgan o‘t-o‘lan borki, hammasini qo‘y-qo‘zilar yeb bitirishar edi. Butaning o‘rtasida yam-yashil maysalar ko‘zga tashlanardi, qo‘y-qo‘zilar tumshug‘ini tiqib o‘sha giyohni yeyishga harakat qilishganda junlari na’matak butasining qattiq, tikanli shoxlariga ilinib, yulinib chiqardi, shuning uchun tizza bo‘yi jun qoplagandek tuyulardi. Yonbag‘irning narigi yog‘ida boshqa butasimon mevalar o‘sardi, aytish mumkinki, tog‘ so‘qmoqlari yoqasida go‘yo yuragi xasta kishilar uchun maxsus ekilgandek, keta-ketguncha na’matakzorga ko‘zingiz tushadi. Na’matak tergani chiqqanlarning bu yerga ham oralaganliklarini uzoqdan sezsa bo‘ladi. Chunki faqat quyi kismidagi mevalar terilgan, qo‘l yetmaydigan yuqori qismida esa yirik-yirik, qip-qizil mevalari marjondek ko‘zga tashlanardi. Bu yil kuz barakali kelgan, barcha mevali daraxtlar hosili mo‘l-ko‘l edi. Qari nok daraxtlarida ham mevalar larzon. Dam oluvchilar hushlariga kelgan paytda daraxtni silkitishar, shunda nok mevalari do‘pir-do‘pir yerga to‘kilgach, odamlar terib olishar, keyin bitta tishlab, tashlab yuborishardi – noklar hali pishmagan, g‘o‘r, qattiq bo‘lgani uchun tishlari o‘tmasdi. Aloha navbatdagi daraxtga o‘tib qoqishar, tushgan mevalarni yana yeb ko‘rib, ularni ham duch kelgan yerga otishardi. Yo‘lning ikkala chetida tishlab tashlangan nok mevalari sochilib yotardi, bu hol har kuni takrorlanar va ajabo, bu adirda sanqib yurgan yuzlab odamlar nima sababdan tatib ko‘rib ham mevalarning xom, qattiq, hali mutlaqo yeb bo‘lmasligini bilmasliklariga lol qolish mumkin. Tepalikning qir uchida asosan O‘rta yer dengizi sohillarida o‘sadigan kashtan daraxtlari qad rostlagandi, uning tikanli mevalari katta-katta edi. Tabiatan qaysar inson shu daraxtni ham qo‘ymaydi, yam-yashil, mayda tipratikanchalarga o‘xshagan mevasini qoqib tushiradi. Yonbag‘irda yong‘oq daraxtlari mo‘l, mevalarning po‘chog‘i paq-paq yorila boshlagach, har zamon-har zamonda yashil-kulrang shox butoqlariga chuvillab uchib kelgan toshlar tegib, do‘pillab yong‘oqlar to‘kiladi. Bu atrofda, dam olishga chiqqanlar tosh otmaydigan daraxt yoki butalar yo‘q hisobida. Har bitta inson bolasi nimanidir yulib, uzib olmoqchi bo‘ladi, go‘yo tabiat erinmagan kimsa borki, hushiga kelgancha foydalansin, deb bu mavzeda sahovat bilan o‘z omborxonasining eshiklarini lang ochib qo‘ygan, deysiz. Bunaqa toifa dam oluvchilardan tashqari men shunaqangi kampirlarni ham ko‘rgandimki, azbaroyi, ularning xatti-harakatlaridan yoqamni ushlab qolgandim, ular bamisli daqqiyunus zamonasidagi g‘ordan chiqib kelayotganlarga o‘xshardi, nihoyatda qari, oyoqlarini arang sudrab bosishadi, mana shu kampirlar to‘da-to‘da bo‘lib yurishadi, hammalari yashil yoki qizil junpaypoq kiyib olishgan, deyarli har doim bu guruhdagilarning bittasi boshqa kampirlardan salkam ikki baravar yoshi ulug‘ bo‘ladi – tavba, bir shamol ko‘tarilsa qurigan yaproq kabi uchib ketadigandek. Qarindosh-urug‘lari suvda cho‘kib ketsa qutulamiz, degan niyatda uni bu tomonlarga yuborishgan bo‘lsa kerak! Biroq kampirshoga balo ham urmaydi, allazamonlarda, usmonli turklar zulmidan ozod bo‘lgach, u shunchalar tetik va epchil bo‘lib qolganki, shifobaxsh suvda davolanish uchun o‘z oyog‘i bilan keladi, muolajadan bo‘sh vaqtida tog‘ yonidagi sayhonlikni titi-piti qilib tashlaydi, bu ham mayli, yurgan yo‘lida qalamtaroshi bilan ko‘m-ko‘k, hali yaxshi pishmagan noklarni kesib tatib ko‘radi, boshqalar qizil vino tayyorlash uchun na’matak tersa, kampirsho ham o‘shalarga qo‘shilib butaning qattiq, tikanli shoxlari orasiga yorib kirib, vino tayyorlash maqsadida meva teradi, emishki, bunday musallas, ayniqsa, qari odamlarga foydali va quvvat bo‘larmish. Xotin-xalaj orasida katta-kichik erkaklar ham uchrab turardi, ularning hammasi deyarli bir xilda sun’iy charmdan tikilgan qora kurtka kiyib olishgan, har kuni suv muolajasini olaverishganidan yuz-ko‘zlari shishinqirab qizarib ketgan edi. Ular qo‘llarida “Xitachi” firmasining magnitofonini ko‘tarib olishgan bo‘lib, butun toqqa eshitilarli qilib vang‘illatib borishar, ko‘zlari olma-kesak terib, atrofga alanglashar, bironta chiroyli qiz-juvonni uchratib qolish umidida kun-uzzukun aylanib yurishdan ham charchashmasdi. Ayollarga kelsak, ularning sanog‘iga yetib bo‘lmasdi, shifobaxsh suv muolajasi asosan mana shunday qiz-juvonlar uchun tashkil qilingandek. Ular to‘da-to‘da bo‘lib tog‘ yonbag‘rida sayr qilib yurishar, ko‘pchiligi endi-endi rasm bo‘lgan bashang libosda, sochlari kalta qirqilgan, ozchilik qismi – barmoq bilan sanarli ayollar ro‘mol o‘ragan yoki sochlari odmi turmaklangan, lekin hammalari “Bo‘lishi mumkin” atirini sepib olishgandi. O‘sha paytda kurortlar va dam olish maskanlarida shu atirni sepib yurish urf bo‘lgandi, menimcha, ayollar uning xushbo‘y va gurkirab ketuvchi hidi uchun qadrlashardi. Bu hiddan erkaklar boshvog‘ini yo‘qotib qo‘yar, ular shunday hid taratayotgan ayollarning asiriga aylanishar, “malohat sohibalari” esa chamasi, aynan shunga intilishardi.
Men hikoya qilayotgan na’matak butasi mana shunday muhitda o‘sardi. Qo‘shimcha qilib yana shuni aytishim mumkinki, uning tevaragida shumtol gullagan hamda bir-ikki qadam oralatib u yer-bu yerda qora chigirtkalar uyasi ko‘zga tashlanardi. Qora chigirtkalar oftobda isinib olish uchungina ba’zi-ba’zida boshlarini chiqarar, odamzodni sezishlari bilanoq uyalariga kirib ketishardi. Magnitofon ovozidan ular cho‘chimasdilar, aksincha, uyalari oldida qator tizilishib olib, musiqa tinglashardi. Ular balki magnitofonni ulkan qora chigirtka sifatida qabul qilishar. Yolg‘iz na’matak Yaga xotini-yu, unga qo‘shib dam oluvchilar, osennitsa gullari, odamlar izdihomi hamda pishmagan nok va kashtanlardan yuz o‘girgandek bir o‘zi, tanho yashardi. U yorqin mevalariga sharbat va imkon qadar rang ato etgali kuz quyoshining latif nurlarini emib o‘sardi. Na’matak ishqibozlari turgan gapki bizning butaga ham e’tibor qaratishdi. Biroq qo‘llari yetgan ostki qismidagi mevalarnigina terib olishdi, xolos. Tajribali, bunaqa ishlarni qoyil qiladigan hamda yovvoyi mevalarni terishda asqotadi, deb qo‘lbola yog‘och ilgaklar va turli moslamalar yasab olgan chinakam teruvchilar hali kelishmagandi. Nimasini aytasiz, ana o‘shalarga chiqargan meva terishni! Yomg‘irdan keyin ular qo‘ziqorinlarni chunonam terishardiki, azbaroyi ildizi bilan qo‘porib olishardi, hattoki shilliqqurtlarni ham qo‘yishmasdi, yomg‘ir shivalab o‘tsa, bas, boyaqish bu jonivorlar nam yaproqlarga sudralib chiqishar, o‘sha, tabiatni qadrlaydigan, ona zaminda nimaiki unsa, o‘ssa, ularning e’tiboridan chetda qolmasdi – hammasini bir chekkasidan titig‘ini chiqarishardi, hatto toshbaqalarni ham tinch qo‘yishmasdi, endi toshbaqalar o‘zlariga juft izlab qolishsa, ularni topish uchun o‘n yillar vaqt o‘tishi kerak edi, negaki to bir toshbaqa narigi tepalikda yashaydigan boshqa hamjinsiga yetishishining o‘zi emasdi. Balki ular nasl qoldirish tugul hech qachon uchrasholmay hasratda o‘tishardi, chunki ellik yildan beri yashar ekanman, bu jonivorlarning nasl qoldirish istagi xuruj qilganda bir tepalikni tark etib, ikkinchi tepalikka o‘tganini bir marta ham ko‘rmaganman. O‘sha tabiat oshuftalari temir haskashlar ko‘tarib olib tog‘u-toshda izg‘ib yurar va mevalaridan murabbo bilan musallas tayyorlash uchun chernikazorlarni payhon qilardilar; mevalariga qo‘shib haskashlar bilan barglarni ham sidirib olishardi, shunday qilsa yig‘im-terim haddan ziyod tezlashardi, undan tashqari chernika butalari orasida yashirinib yotgan ilon qo‘l uzatganda chaqib oladi deb qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Tabiat har turli tuzoqlar tayyorlab qo‘ygan, lekin inson bolasi ko‘raverib ko‘zlari pishib ketganidan tabiatga pand beradigan darajaga yetgandi, binobarin, himoyasi ostidagi barcha o‘simlik va hayvonot olamining vakillarini tabiat bag‘ridan ming qilsin, baribir yulib olardi.
Men na’matak butasi haqida mulohaza yuritib, yuqori qismidagi bironta terimchining qo‘li yetmagan qondek qizil mevalariga tikilib qarar ekanman “Xitachi” magnitofonini ko‘targanlarga qo‘shilib olgan o‘n nafar yog‘och ilgakli ustasi farang terimchilarga ko‘zim tushdi. Ulardan ba’zilari savat ko‘tarib, boshqalari qanor qoplarni yelkalariga tashlab olishgan edi. Bular o‘z holicha o‘sgan butalardagi mevalarni bitta qoldirmay terib olishga uddaburon malakali teruvchilar edi. Na’matak butasining yuqori qismidagi sharbat to‘la g‘uj-g‘uj mevalarini uzoqdan payqagan bu malakali terimchilar xuddi uzoq safarga chiqib, sahroda yam-yashil vohani ko‘rib qolgan tuyalarni eslatardi. Garchi tuyalarning nigohida hech qanday o‘zgarish sezilmasa-da, ularning qadam tashlashlari tezlashganidan shunday xulosaga kelish mumkin edi. Meva teruvchilar xuddi shu ko‘yga tushgan, ularning ichida ayniqsa past bo‘yli, eski paxtalik kiyib olgan kishi g‘ayrati va shijoati bilan ajralib turardi. Bilmadim, paxtaligining do‘lanami, na’matakmi yoki maymunjonmi, tikan yoki qattiq shoxlar ilmagan biron sog‘ yeri yo‘q edi. Uning hurpaygan sochlari qay bir jihati bilan egnidagi paxtalik kamzuliga o‘xshardi. U bir qo‘lida ilgak ko‘tarib olgan, dam shu ilgak bilan sheriklariga bir nimani ko‘rsatar, dam ilgarilab ketar, birozdan so‘ng ortiga qaytib to‘daga qo‘shilib olardi. Qisqasi juda pitrak, joyida bir dam turolmasdi. Nazarimda u qaysi tomondan terish qulayroq ekanini mo‘ljallab tushuntirardi. Xuddi shu paytda hammalari butaning oldiga yaqinlashib, uni ko‘zdan kechirayogan chog‘da magnitofon ko‘targanlar kelib ularga qo‘shilishdi. Ulardan ba’zilari kassetalarini o‘zgartirgan, boshqalari magnitofon ovozini balandlatgan – butun tevarak-atrofni sershovqin musiqa sadolari tutib, hov pastda oqarib ko‘rinayotgan turar joy binosigacha yetib bordi. Bular o‘sha, bironta daraxt, butani nazaridan qochirmay, payhon qilib tashlaydigan tajribali meva teruvchilar guruhi edi. Ularning hamlasiga dosh bergan bironta “qal’a” qolmagandi, butani bir boshdan ko‘zdan kechirib chiqqach, sovuqqonlik bilan yuqori kismiga “hujum” boshlashdi. Tepalikdan tushgan yo‘l shu yerdan pastga, turar joy tarafga enib borardi. Terimchilarning taxminicha, butaning shoxlarini ilgaklar yordamida tortib, mevalarini bitta qo‘ymay terib olish oson edi. Ularning qiy-chuvidan ishtahalari karnay ekanligi sezilardi. Sal naridagi so‘qmoqdan g‘aroyib atir hidini gurkiratib, bir to‘da ayollar o‘tib qolishdi, terimchilar ko‘zlari yonib ularga tikilishdi. Bir-ikkitalari magnitofon sadosini bosib ketgudek baland tovushda qiyqirib, o‘zlariga bir nimalar deya gap otishdi, biroq ularning iliqishlari hech qanday naf bo‘lmadi, ayollar bu tomonga qayrilib ham qaramay o‘tib ketishdi. Butaning tepasidan boshlangan harakat ham foyda bermadi, aloha ular ikki guruhga ajrashib bittasi nisbatan quyiroqdagi shoxlarga yopishdi, ikkinchilari narigi tarafdan boshlashdi, oxiri yog‘och ilgaklar tashlab to‘rt tomondan tort-tort boshlandi.
Na’matak butasi bu terimchilarning bu taxlitu tajovuzkorona hamlasiga dosh berolmay qaltirab ketdi. To‘g‘risini aytganda, ularning maqsadi nima edi-yu, butani nega qiynashmoqda? Men tepalikdan turib itoat etishni istamayotgan bahaybat butani tilka-pora qilayotgan ishbilarmonlarning harakatlarini tomosha qilardim. Ular butaning toshdek qattiq shoxlari va ayrim novdalarini o‘zagidan ayirib o‘zlariga qarab tortishar, shu yo‘l bilan bu mustahkam “qal’a”ni dabdala qilmoqchi bo‘lishardi. Biroq tikonli “qal’a” titrab-qaqshab egilgani bilan, siltab tortishganida yonboshiga yiqilgudek bo‘lgani bilan baribir bo‘ysunmas – u beziyon, beshikast qarshilik qilaveradi. Barcha shoxlarining birdamligida mujassam bo‘lgan qudrat tufayli terimchilar hech narsa qilisholmasdi. Ko‘p o‘tmay xirillagan, ammo amrona ohangda kimningdir xitobi yangradi: “Qani, tortdik baravariga, bir… ikki… uch!”
Chor atrofda qulf urib o‘sayotgan nisbatan kichikroq butalar bamisoli nafaslarini ichlariga yutib qo‘rqqanlaridan javdirab turishar, yolg‘iz bizning toshdek qattiq qo‘ygan shoxlariga daqqiyunus davrida jun yopinchiq laxtaklari ilinib qolgan bahaybat buta yovvoyi mevalarni teruvchilarning tazyiq va qiynashlari ostida vajohat bilan tebranar, qarsillab chayqalar edi. Odamlarning tajovuzkorona qaxr-g‘azabi kuchaygandan-kuchayib borardi, ular navbat bilan ilgaklarni otishar, ilingan shoxni o‘zlariga siltab tortishar, ilgaklarni chiqarib yana otishar, shu tariqa sekin-asta itoat etishni istamayotgan butani zabt etishmokda edi. Ular menga ilgaklar bilan okeanda yolg‘iz bir o‘zi osoyishta suzib ketayotgan tinchliksevar kemani iskanjasiga olayotgan dengiz qaroqchilarini eslatardi. Ayniqsa, yashil paxtalik kiygan anavi past bo‘yli kimsa jazavaga tushgan edi. U tikka bostirib borar, yog‘och ilgakni boshi uzra chir aylantirib nayza uloqtirgandek mo‘ljallab otar, bironta shoxga ilingudek bo‘lsa o‘sha zamoni butun og‘irligini tashlab pastga torta boshlardi. Nihoyat, terimchilar bir-biriga jipslashib ketgan shoxlarni ayirishga erishishdi, buta hamon titrab-qaqshab sekin-sekin bag‘rini ocha boshladi, aniqrog‘i, bir bahyalik tuynuk ochildi, uning o‘rtasida, yashil paxtalik kiygan terimchi ilgagini o‘sha ochilgan yerdan yanayam ichkariroq suqar ekan, daf’atan kimdir: “Ilon! Ilon!” deya qichqirib yubordi. Bir necha “xitachi”lar bu ovozni eshitib, yugurgancha buta yoniga kelib, o‘sha tuynukka tikilib qarashdi, buta orasida hech qanaqa ilon yo‘q, qurigan ilon po‘sti yotardi. Qachonlardir shu yerga kelib yashagan ilon na’matak butasining orasiga po‘stlog‘ini tashlab ketgan bo‘lsa ajab emas.
“Ilon! Ilon!” degan xitoblar hamda ilon po‘sti jazava ichidagi terimchilarni chekinishga majbur etdi. Buta qasira-qusur qilib uzun kavak uzra shoxlarini jipslab oldi. Uning bag‘rida yana nimalar yashiringan – hech kim ko‘rmay qoldi. Shoxlar yashirgan kavakdan aql bovar qilmaydigan vahimali hamda ilohiy kechinmalar taralardi go‘yo, bemalol aytish mumkin, bundan terimchilarning yuragini vahm bosdi. Birinchi bo‘lib yashil paxtalik kiygan kimsa jazava ichida butaga tashlandi, boshqalar xam unga ergashdi, ular go‘yo shu tariqa yuraklarida uyg‘ongan qo‘rquvni yengmoqchi edilar. Hammalari quyi tomonga o‘tib, shu yoqdan baravariga tortsak, butani yiqitamiz va ana unda mevalarni bir chekkadan terib olamiz, deb o‘ylagan bo‘lishsa kerak.
Darhaqiqat, ular deyarli niyatlariga yetishdi ham, na’matak butasi yerga tekkudek egildi, qattiq shoxlari qarsilladi. Terimchilarning bir qismi yanayam yuqoriroqdan ilib tortish uchun ilgaklarini bo‘shatishdi, ammo buta nogohon bir silkinib qaddini yana rostlab oldi. Uning tik ko‘tarilgan shoxlariga qo‘shilib, paxtalik kimsa ham havoga uchdi, aloha chalqancha yerga qulayotganda ham u ilgagini qo‘ldan qo‘yib yubormadi. Men uning qichqirgancha havoda o‘mbaloq oshib uchganini ko‘rdim va qo‘rquv to‘la ovozini ham eshitdim. Bechora ilgak-pilgagi bilan shalop etib buta shoxlari orasiga tushdi-yu g‘oyib bo‘ldi. Na’matak butasi daf’atan shu topda tog‘ yonbag‘rida yashaydigan vahshiy hayvonga o‘xshab ko‘rinib ketdi ko‘zlarimga. U ko‘z ochib-yumguncha yashil paxtalik terimchini tikonli changali bilan shappa ushladi-da, ilon po‘sti yotgan tikanli qa’riga olib kirib ketdi. Buta orasidan dod-voy ovozi eshitildi, terimchilar dovdiragancha sapchib o‘zlarini orqaga olishdi. Charm kurtkalilar engashib qarashdi-da, “xitachi”larining tovushini o‘chirishdi. Nok daraxtining mevalarini qoqayotgan xotin-xalaj saylgoh yo‘lka orqali orqa-oldiga qaramay urra qochishdi.
Na’matak uzra har bittasining tumshug‘ida bir donadan yong‘oq ko‘targan xo‘jasavdogar uchib o‘tdi. Ular yong‘oqlarni qayerga olib ketishyapti – bilmayman, xo‘jasavdogarlar yong‘oqni yutib yubora oladimi yoki tumshug‘i bilan urib chaqishga qodirmi, yoinki yuksaklikdan toshlarga tashlab, shu tariqa yong‘oq chaqilib mag‘zini yeyishadimi – bir nima deyolmayman. Buta o‘zagida yotgan tutqun yordam so‘rab zorlana boshladi, u aftidan o‘zini o‘rgimchak to‘rlariga tushgan hasharotdek sezib qo‘rqib ketgandi. Lekin o‘rgimchak turiga ilingan hasharotga o‘xshab tipirchilagani sari butaning tikanli shoxlariga shuncha o‘ralashib borardi. Buta a’zoyi badaniga o‘zining o‘tkir tikanlarini ayovsiz ravishda botirib, uni harakat qilish imkonidan mahrum etdi.
Quyosh zavolga yuz tutdi, uning qiyalama tushayotgan nurlari na’matakning qirmizi mevalarini yoritar, mevalar buta shoxlariga tomgan qon tomchilariga o‘xshab borar edi. Tog‘ning yonbag‘rida bamisli vahima kezib yurgandek, terimchilar bandi etilgan sheriklariga yordam berish niyatida besamar urinishar, biroq ularning betayin harakatlari do‘stining ahvolini battar og‘irlashtirardi, zotan ko‘p ham o‘tmay u buta ichidan turib shoxlarni silkitmaslikni o‘tinib so‘rashga tushdi, aks holda nashtar badaniga yana ham chuqurroq botayotganligini aytdi. “Voy, chidayolmayman… voy-y!” deya ingrardi bechora.
Shu choqqacha biron marta bo‘lsin Yaga xotin tog‘ining bunchalar tez huvillab qolganini aslo ko‘rmagan edim. Hordiq chiqaruvchilar shosha-pisha dam olish uylari va sanatoriylariga tushib ketishdi, tog‘ o‘rkachining narigi tomonida bir cho‘pon podaga baqirib o‘tdi. Uning o‘zi ko‘rinmasdi, qo‘ylarning ma’rashi va qo‘ng‘iroqchalarning jarangi eshitilardi, xolos. “Xitachi” egalarining magnitofonlari ovozi ham o‘chdi, ular qo‘rqa-pisa moviy tuman qoplagan pastlikka tushib ketishdi, ehtimol, bu tuman emas tutundir, yana kim biladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham shu moviy tuman yoki tutun Yaga xotinning yalang‘och tosh yonbag‘irlari yoqalab tutqunning a’zoyi badaniga butun changalini botirgan na’matak butasi tomon sekin-sekin suzib borardi. Men o‘ngirdan turib terimchilarni kuzatardim. Ularning ba’zilari savatlari bilan qoplarini hozirlashar, ba’zilari sigaret tutatishar, tutun ularning boshi uzra osilib turardi. Ular bir-biriga past ovozda gap qotar, ora-chira buta ichidagi tutqunga ham bir nimalar deb qo‘yishardi. Oxiri ular savatlari bilan qoplarini ko‘tarib, yog‘och ilgaklarni yelkaga tashlab har tarafga tarqab ketishdi. Aftidan, bu kishilar tutqunda yotgan kimsa bilan bir guruhga mansub emasdi, kunduzi na’matakzorda uchrashib, o‘sha yerda tanishib qolganga o‘xshashardi. Shu sababli xavf-xatar tug‘ildi deguncha, uni tashlab, to‘rt tomonga tarqab ketishmoqda edi. Ular tabiatni doim xo‘rlab kelishgan, mana endi tabiat ham ularni tahqirlash yo‘lini topib, bittasini o‘z domiga tortgan edi.
Men buta yoniga boshqa yaqinlashmadim.
Tog‘ o‘rkachidan o‘tib borar ekanman, nazarimda, na’matak butasi tobora kattalashib, qondek qizil mevalari ham yiriklashib borayotgandek tuyulardi; zero, uning shoxlarini qoplagan qirmizi mevalarga qari na’matak ulug‘vor osoyishtalik bilan tikanlarini sanchib azob berayotgan tutqunning badanidan oqayotgan qon tomchilari ham qo‘shilib ketgandir. U hamma sheriklari tashlab ketgach, buta iskanjasida qimirlashga holi yo‘q, ilon po‘sti yonida xirillab jon bermoqda edi… Bu baxtiqaroga kim qanday yordam berishi mumkin, hayronman.
Ko‘nglimda qarama-qarshi tuyg‘ular, bir-biriga aloqasiz fikrlar jo‘sh urar va men beixtiyor yonimizda muttasil ravishda kimdir yoki nimadir dunyodan ko‘z yumadi, halok bo‘ladi, quriydi, so‘ladi – xech kim uning joniga oro kirmaydi, nega shunday, deya xayol surib borardim. Darhaqiqat, buning ma’nosiyu sir-asrori faqatgina Yaratganga ma’lum ekaniga odamzodning lol qolmasdan o‘zga iloji yo‘q! Men doimo o‘lganlarning ruhi kimga kerak – Xudogami, bu kimning xohishiga ko‘ra ro‘y beradi va nega shunday deya o‘zimga o‘zim savol berardim, hayhot, hech qachon javob topolmaganman, topishim ham dargumonligidan to‘g‘risi siqilib ketardim. Darhaqiqat, domino o‘ynamoq uchun o‘lganlarning ruhini chorlashmasa kerak!
Ertasiga jala quydi, qora bulutlar tarqab ketgach, Yaga xotinni oqish tuman qopladi, mana shu tuman bag‘rida yovvoyi, shoxlari paxxaygan na’matak butasi bo‘y cho‘zib turardi. Odamlar ancha naridan inson bolasining jonini olayotgan butadan ko‘z uzishmasdi. Yovvoyi tarmevalar teruvchining hayot shami so‘nib bormoqda edi. U deyarli qimir etmas, faqat boshini burib qaramoqchi bo‘lar, aftidan ana hozir yordamga yetib kelishadi, deya umid bilan kutardi, biroq butaning temirdek tikanli shoxlari boshidan mahkam changallab olgan, qayrilib qarashga ham yo‘l qo‘ymas edi. Quyosh nurlari vaqti-vaqti bilan tuman bag‘rini tilka-pora qilib, Yaga xotin bilan na’matak butasini boshdan-oyoq yoritar, uning nurlari ostida katta-katta qirmizi mevalar yirik qon tomchilariga o‘xshab ko‘rinardi. Men nafasimni ichimga yutib, hang-mang bo‘lib turardim. Ular churq etishmas – toliqqan, muztar kishilar ko‘z o‘nglarida ro‘y berayotgan voqeaga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmadilar. Birozdan so‘ng “Xitachi” ko‘targanlar paydo bo‘lishdi, ularning qo‘llaridagi magnitofondan sado chiqmasdi. Hammamizning boshimiz uzra, shifobaxsh suvlar qaynab chiqayotgan chashmalar va dam olish uylari tepasida baayni mash’um sanam kabi yovvoyi na’matak butasi shoxlarini kerib turardi. Bu yorug‘ olam ilk bor na’matak butasining odam bolasi hayotiga zomin bo‘layotganini ko‘rib turardi. Bamisli Atlantida bilan dinozavrlar halokatga uchragan davrdagi qo‘rqinchli maxluq yana paydo bo‘lgan-u, ikki oyoqli mavjudotlardan birini tutib olgan va asta-sekin shavqatsizlarcha tomirlarida oqayotgan tiriklik sharbatini so‘rib borayotgandi go‘yo…
Anovi baxtiqaro kimsa buta shoxlari orasida xirillagancha jon berardi…

Rus tilidan Umar Otaxonov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 11-son