Parvin Nuraliyeva. Samir uchun… (hikoya)

Ovozidan ahvoli yaxshi emasligini sezdim. Tushlik bahonasida meni ishxonasi yaqinidagi qahvaxonaga taklif qildi. Binodan yugurib chiqdim. Sovuqdan boshim, quloqlarim muzlaganday bo‘ldi… Oyog‘imni qo‘limga olib, qahvaxonaga chopib kirdim. Bir burchakdagi stol orqasida o‘tirgancha, sigaret burqsitayotgandi. Unga ko‘zim tushdi deguncha, havoning sovuqligini birdaniga unutdim, vujudimni qandaydir bir iliqlik qopladi. Meni ko‘rdi deguncha, oyoqqa qalqib, peshvoz chiqdi. Go‘yo ming yildan beri ko‘rishmagan odamlarday, quchoqlashdik, yonoqlaridan o‘pdim. Hol-ahvol so‘rashgandan so‘ng, qiziqsinib so‘radim:
– Tinchlikmi, nima gap o‘zi?
– Hech gap yo‘q, sog‘ligim joyida, faqat biroz shamolladim, xolos.
– Ovozing bo‘g‘iqligidan buni sezdim. Boshqa nima gap?
– Boshqa hech gap yo‘q…
– Nima, meni aldamoqchimisan, koshki, seni bilmasam ekan!
Bu gapimga xiyla kuldi. Biroq kulgusida qandaydir tashvish bor edi. Uni tashvishga solgan narsani tezda bilgim keldi. Shu chog‘da negadir sochidagi oqlarga ko‘zim tushdi.
– Sochingdagi oqlar ancha ko‘payibdi.
– Qariyapman-ku!..
Bu so‘zlar ichimni kuydirganday bo‘ldi. Kulimsirashga urindim.
– Bu irsiyatdan. Buning oqarishga nima aloqasi bor? Otamning sochlari yoshligidayoq oqargan edi. Nega tashvishli ko‘rinasan? Bolalar yaxshimi? Yoki uyda biron gap bo‘ldimi, – Shu yo‘sinda uni savollarga tutdim…
– Uyda hammasi zo‘r. Bolalar ham yaxshilar. Faqat o‘zim biroz charchaganman. Bu chirkin muhit meni charchatdi. Tushunyapsanmi? Dam olishni istayman, hammadan, hammasidan…
…Shu pallada ofitsiant buyurtma olish uchun bizga yaqinlashdi. U ovozining ohangini hech o‘zgartirmay va ofitsiantning yuziga ham qaramay:
–Hamishagiday, – dedi.
Ofitsiant bosh irg‘ab, “xo‘p bo‘ladi”, dedi va uzoqlashdi.
U yana bitta sigareta yoqdi va so‘zida davom etdi:
– O‘zing bilasan, sendan hech narsani sir tutolmayman. Buning ustiga maslahatingga muhtojman. Bir ish qilmoqchiman. Buni uydagilarga qanday aytishni bilolmay garangman!
Barmoqlarining titrashini ko‘rib, men ham hayajonga tushdim. Chunki u har narsaga yuqoridan, istehzo bilan qaray oladigan yigit edi. Uni bunchalik tashvishga solgan ne ekan o‘zi?! Bardoshim tugadi:
– Samir, Xudo haqqi, nima gapligini tez ayt. Yuragim yorilay deyapti. Nima gap o‘zi?
– Ketyapman… Chet elga… Ishlashga… Bir kompaniya bilan besh yilga shartnoma imzolamoqchiman.
– Qayoqqa? Qanaqa ish?
– Bir qurilish kompaniyasi. Yevropaning qaysidir mamlakatiga yuborishlari mumkin. Qayoqqa yuborsalar, o‘sha yoqqa ketaveraman.
– Xo‘sh, nima ish qilasan? Qurilishda ishlash qo‘lingdan keladimi?
– Nega qo‘limdan kelmas ekan?! Dala hovlimizni ko‘targan usta, Kolya yodingdami? Uning qo‘lida rosa ishladim-ku…
U bu gaplarni so‘zlar ekan, boshim ustidan qaynoq suv qo‘yilganday bo‘ldi. Nechog‘liq asabiylashganimni aytish uchun so‘z topolmayotgandim. Agar qahvaxonada o‘tirmaganimizda, baqirib bergan bo‘lardim. Onam bergan o‘gitlarni eslab, ovozimni bir parda pasaytirdim:
— Jinni bo‘lib qoldingmi? To‘qqiz yil o‘qib-o‘qib, endi chet elda loy qormoqchimisan? Boshqa ish qurib qoldimi?
— Yaxshi, loy qormayman. G‘isht tashiyman…
— Ol-a! Juda aqllisan-da!? Savolimga darrov zo‘r javob topding-a?!.. To‘g‘risini aytsam, miyang suyulganga o‘xshaydi… Xotin, bola-chaqa, ota-onangni tashlab qayoqqa ketmoqchisan?
– Besh yil nima degan gap, ko‘z ochib yumguncha o‘tadi-ketadi. Xorijda ishlab, hech bo‘lmasa, qora qozon qaynatgulik pul topaman, moddiy ahvolimni yaxshilab olaman. Bu muhitdan ham anchagacha uzoqlashgan bo‘lardim. Bolalarni ro‘kach qilmay qo‘yaqol, ular otamnikida yashab turishar. Bilsang, qarorim qat’iy. Fikrimni o‘zgartiraman deb urinmay qo‘yaqol. Agar menga yordam qilmoqchi bo‘lsang, yaxshisi, bu gapni uydagilarga qanday tushuntirishim kerakligi haqida gapir. Hech kimni ranjitmoqchi emasman. Ammo rosa charchadim. Bu yerdan sal bo‘lsa ham uzoqroqqa ketgim kelyapti. Odam degani qachongacha saviyasiz, ahmoq kishilarning qo‘lida ishlashi mumkin?! Buning ustiga beradigan maoshlari qora chaqa, biring ikki bo‘lmaydi… To‘qqiz yil o‘qiding deysan. Nima qipti? To‘qqiz emas, to‘qson yil o‘qiganimda ham ahvol shu bo‘lardi! O‘qiganni qadrlaydigan kishi bormi o‘zi?
… Uning savollari qarshisida ojiz edim. Lekin bir yo‘lini topib, uni fikridan qaytarishim kerak. Ofitsiant dasturxon tuzaguncha, nima deyishim kerakligini o‘yladim. Ananas sharbatidan qultumlab, nutq irod qila boshladim:
– Samir, bu dunyo hamma joyda bir xil. Chet elga ketsam, hamma narsa birdaniga yaxshi bo‘lib qoladi, deb o‘ylayapsanmi? Unday emas, akajon. Xudo haqqi, unday emas. Agar xorij jannat bo‘lganida, ular ruhshunosga bizdan ko‘ra ko‘proq yugurmagan bo‘lishardi. Nega ularda qo‘ydi-chiqdi, o‘z-o‘ziga suiqasd, jinoyatchilik bunchalik ko‘p? Chunki ularning turmushi biznikidan battar…
Aslida bo‘lmag‘ur gaplar aytayotganimni o‘zim ham bilib turardim. Qo‘ydi-chiqdi, suiqasd, jinoyatchilikdan lof uradigan payt emasdi. Ammo so‘ylashga boshqa gap topolmagandim. Hamisha bulbulgo‘yodek tinmay sayraydigan singlisining bu gal jo‘yali gap topolmayotganini Samir ham sezdi shekilli, yuzimga mehr bilan boqib dedi:
– Yaxshi, singiljon. Ovqatingni ye, osh bo‘lsin. Birozdan keyin ishga qaytishing kerak. Sen ishingga bor, men bo‘lsam, bu yerda o‘tirib, uydagilarga nima deyishim kerakligini o‘ylab olay. Bilaman, bolalar ko‘nmaydi. Onamiz bo‘lsa, qarshi chiqadi. Lekin sen qo‘llasang, ularni rozi qilish oson ko‘chgan bo‘larmidi…
Og‘zimdagi luqmani bir balo qilib yutdim va Samirning yuziga ters qarab dedim:
– Shunday mushkul bir masalada yordam so‘rayapsanki… Endi senga nima desam ekan?.. Qaysarsan… Aytganingdan qaytmaysan…
Bu gaplarni aytar ekanman, o‘zimni yanada yomonroq his qila boshladim. Vaziyatni yumshatish uchun gapni boshqa yoqqa burish kerak, lekin qani o‘sha mavzu?! Ko‘zoynagimni yechib, ko‘zlarimni ishqalay boshladim… Boshqa gap topishim kerak. Xarxasha ohangida dedim:
– Sen nega mening oxirgi hikoyam haqida hech narsa demayapsan? Hamma o‘qipti, meni tabriklab yotishipti. Akajonim bo‘lsa, haligacha o‘qimapti…
– Sening-cha, men hikoya o‘qiydigan ahvoldamanmi? Hozir adabiyotning vaqtimi?
– Albatta, aslida ayni hozir hikoya o‘qishing kerak. Miyang dam oladi, keraksiz fikrlardan chalg‘iysan ham.
– Sen shu romantikadan qutulmading qutulmading-da!.. Senga qolsa, adabiyot qorinni ham to‘yg‘azadi, deysan…
– Ana qara, senga ham yozuvchilik yuqdi, kinoyali so‘zlay boshlading… Adabiyot urushlarni ham to‘xtatadi. Insonlarni birlashtirgan ham adabiyot emasmi? Sevgan qizingning boshini aylantirish uchun mendan she’rlar o‘rganib, sms yuborgan sen emasmiding? O‘shanda adabiyot senga ko‘mak bermadimi?!..
Kuldi.
– Olloh hech bir bandasining sirini senga oshkor etmasin ekan. Xotira emas, kompyuter… Endi sen bu ahvolimga hikoya shifo bo‘ladi, demoqchimisan?
– Albatta. O‘rni kelsa, bir hikoya, bir roman oq sochlarni qoraytirishi ham mumkin. Nima, ishonmayapsanmi? Gap shundaki, bu asarni kim va qanday yozganiga bog‘liq.
– O‘ho‘o‘… Siz naqadar mistik masalalarga kirishib ketdingiz, oyimqiz, – dedi. Xayoliga kelgan fikrdan ovozi keskinlashdi. – Men bog‘dan kelsam, sen tog‘dan kelayotirsan. Osmonu falakda uchganing yetar, endi pastga tush. Oyog‘ing yerga tegsin…
Jahli chiqqanini sezdim. Ammo ichimda bir sas to‘g‘ri yo‘ldasan, deyayotgandi. Bu gaplar bilan uni chet elga ketish fikridan qaytara olarman, deb o‘ylayotgan edim. Mushkul matematik masalani yechish yo‘lini topgan o‘quvchiday quvonib:
– Kel, sen bilan bir shartnoma imzolaymiz, – dedim. – Tug‘ilgan kuninggacha shunday zo‘r hikoya yozamanki, uni o‘qib, besh yil u yoqda tursin, besh kun ham bu yerdan uzoqda yashay olmasligingni tushunasan va hech qayoqqa ketmaysan…
– Chindanmi? Nima ham derdim? Qani bir yoz-chi, ko‘raylik… Lekin bunga ko‘pam ishongim kelmayapti. Yozgan hikoyang hamyonimni qappaytiradimi? Yoki shu muhitni o‘zgartiradimi?
Birdan “Casio” esimga tushdi. Soatimni aytyapman. Ishga qaytishim kerak edi. Badbinona xayrlashishni istamadim. Gapni hazilga burdim:
– Ishga borishim kerak. Ovqat ham chala qoldi. Ovqat yegani fursat ham bermading-da… Bu odat senga qo‘ndoqda tekkan-ku… Mening ovqatimni ham qo‘shib yeyish uchun ataylab meni gapga solding.
– Ol-a… Sening bu bemaza parhez ovqatingni yer ekanmanmi?
– Haa, yoshligimizda qo‘limdagi shokoladlarni tortib olib yegan sen emasmiding?! – deya kuldim va oyoqqa qalqib, paltomni kiydim. U ham o‘rnidan turdi. Sochlarini to‘zg‘itib, yonog‘idan o‘pdim. – Gap bir, kelishdikmi? Sen yozadigan hikoyamni kut, ko‘rasan, singilginang nimalarni yozar ekan, – shunday dedim-u, tezda qahvaxonadan chiqdim.
Mart oyining bo‘ylarini his ettim deguncha, badbin xayollarga berildim. O‘zimdan jahlim chiqayotgan edi: “Uddasidan chiqolmasang, nima qilarding bahs boylashib! Undoq yozadurman, bundoq yozadurman, bundoq yakunlaydurman, deb lof urgan kim edi? Xo‘sh, nima bo‘ldi? O‘sha kundan beri bir hafta o‘tdi, bir satr ham yozmading-ku!”
Ha, yoza olmayotgandim. Uning hayotiga aloqador istalgan bir voqeani hikoyaga aylantirishim mumkin edi. Biroq bu mavzu uning fikrini o‘zgartirishga qodir emasligini yaxshi tushunardim. Unga bu yerdagi hayotining go‘zalligini anglatadigan bir narsa yozishim darkor edi… Kun o‘tgan sayin jig‘ibiyron bo‘laverdim.
… Hafta oxirida bog‘imizda yig‘ilishga qaror qilgandik. “Balki, ota-onamni ishga solarman”, deb o‘yladim. Saharmardondan dala hovliga yetib bordik. Samir rafiqasi va bolalarini yuborgandi. O‘zi bo‘lsa oqshom pallasi kelishi kerak edi.
Televizorda suyukli yozuvchimga bag‘ishlangan ko‘rsatuvni tomosha qila boshladim. Oshxonadan onamning ovozi eshitildi:
– Kompyuteringni unga oid videolar, yozuvlar bilan to‘ldirib tashlaganing yetmaydimi?!.. Bu yozuvchi haqida bilmagan narsang qolganmi o‘zi? Tur o‘rningdan, bu yoqqa kel, hamma bilan birga o‘tir…
Oshxonaga kirib, onamning sochlari unga belanganini ko‘rdim va shu zahoti Samirning oqargan sochlari esimga tushdi…
– Akamning tug‘ilgan kuniga atab bir hikoya yozmoqchi edim. Bir mavzu aytsang-chi.
Onam buni so‘rashimni xuddi oldindan bilgandek, birdan javob berdi:
– Qaydan bilay… Aka-singil munosabatlari haqida yozaqol. Seni u katta qilgan. Biz ishlar edik. Sen kuni bo‘yi u bilan qolarding. Qilg‘uliklaring uchun senga jazo bermoqchi bo‘lganimizda, u chiday olmay yolvorar, “Singlimni urishmang… Singlimni urmanglar”, derdi. Sendan “Onangni yaxshi ko‘rasanmi yoki otangnimi?” deb so‘rashganida nuqul “Akamni” deb javob berarding…
Onam o‘sha yillardan qolgan xotiralarni esladi, shekilli, uzoqlarga tikilib qoldi.
– Otang kasal bo‘lganida u to‘rt kunda sakkiz kilo ozdi. Haftalarcha uxlamadi… Esingdami?
Onam shunday derkan, huzn bilan qo‘lidagi xamirni qora boshladi. Bu menga ishora edi. Gapni cho‘zmasligim kerak. Oshxonadan chiqib, mehmonxonaga bordim. Otamga yaqinlashdim, mehr bilan undan-bundan suhbatlashdik. Keyin unga ham ayni savolni berdim:
– Samirning tug‘ilgan kuniga bir hikoya yozmoqchi edim. Bu haqda biron narsa deya olasanmi, nima haqda yozsam ekan?
– Ko‘p narsa yozishing mumkin… Bolalik paytlaringizda bo‘lgan voqealarni yozgin. Eslaysanmi, u institutga kirganida hecham quvonmagandi. Chunki o‘sha yili sen imtihondan “yiqilgan”ding… Bu voqeani hikoyaga aylantir qo‘y…
Otamning bunday teran, falsafiy masala haqida o‘ziga xos, og‘ir, biroq sodda, shavqsiz yo‘sinda so‘zlashidan mamnun bo‘ldim. Lekin mahalliy shevada gapirgani uchun bir qitmirlik qilmasam, ko‘nglim joyiga tushmasdi:
– Dunyoning qayerida bo‘lsa bo‘lsin, sen bilan gaplashgan odam o‘zini Absheronda his qiladi. Hazar ham, Shani ham, Neft ham, Dushbara ham sening tilingda so‘ylaydi… Maslahating uchun rahmat. Lekin bu xiyla mushkul ish, – dedim va xonadan chiqdim.
…Yo‘q… Yanada ta’sirliroq bir narsa topishim darkor! Chunki bularni Samir yaxshi eslaydi. Yozganim uning uchun yangilik bo‘lmaydi. Samirning chet elga ketish qarori haqida ota-onamga hech narsa deya olmadim… Butun umidim yozadigan hikoyamdan edi…
Boqqa chiqib, tut ostida keza boshladim. Telefonimni ochib, eski sms-larni, qaydlarim, yarim qolgan yozuvlarimni o‘qishga tutindim. Ularning orasidan bir o‘q jumla, ilhom beradigan biron gap chiqib qolishidan umidvor edim… Miyam ishlamas, hamma narsa ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketganga o‘xshardi. To‘satdan uy eshigi ochilib, boqqa Samirning o‘g‘li kirib keldi…
– Bor, uyga kir, shamollab qolasan.
– Vini…
– Men Vini emasman… Menga “amma” degin.
– Amma, yoningga borsam bo‘ladimi?
Bildimki, Ollohning bu balosiga “yo‘q, kelma” desam, yig‘lashi turgan gap.
– Yaxshi, kelaqol. Lekin qalinroq kiyinib chiq, keyin kelaver.
Ikki daqiqa ham o‘tmay yonimda paydo bo‘ldi.
– Vini…
– Hali aytdim-ku, menga “amma” degin deb.
– Amma…
– Jonim… Ismingga qurbon bo‘lay sening! Ayt, nima deysan?
– Sen yig‘layapsanmi?
Bu so‘zlardan keyin haqiqatan ham yig‘lagim keldi. Besh yashar bola ichimdan o‘tayotganlarni qanday his qildi ekan?! Qo‘lidan tutib, taxta o‘rindiq tomonga boshladim. O‘tirdim. U quchog‘imga kirib, men bilan yuzma-yuz o‘tirdi. Boshini siladim. U ham isirg‘alarim, sochlarimni o‘ynay boshladi. Bola go‘zallikning tilini biladiganga o‘xshardi.
– Amma, senga nima bo‘ldi?
– Sen ammangning nimasisan?
– Joniman… Amma, senga nima bo‘ldi?
Quchog‘imda yosh bola emas, kap-katta kishi o‘tirganga o‘xshardi. Endi men bilan gaplashib barcha masalalarni hal qiladigandek edi. Hikoyani ham yozadi, otasining ishlarini yo‘lga qo‘yadi, hatto uni bu diqqinafas muhitdan ham qutqaradi. Bilmadim, ammo negadir bu besh yashar farishta bilan ochiq-oydin gaplashgim keldi.
– Otang uzoqlarga ketishni xohlayapti, jonim. Ammang shuning uchun ham o‘yga botgan, bolam.
– Nega? – bolaning ko‘zlari yoshga to‘ldi.
– Ko‘p ishlash, ko‘p pul topish uchun ketadi, so‘ngra qaytib senga o‘yinchoqlar, mashina olib beradi…
So‘zlarimni tamomlamay turib, bola sakrab yerga tushdi va uy tomonga chopa ketdi.
“Voy xudoyim-ey… Endi borib onamga aytsa, ish rasvo bo‘ladi. O‘zimdan jahlim chiqdi: “Sen ham dardlashadigan odamni topding-da!”… Lekin u ko‘p o‘tmay uydan chiqib, yana yonimga keldi. Hayajonlanib, tez-tez gapira boshladi, ammo nima deyayotganiga tushunmayotgan edim.
– Nima bo‘ldi, qo‘zichog‘im?
– Amma, bularni otamga ber… – deya bir to‘da tangani hovuchimga bitta-bittalab qo‘ya boshladi: o‘n, besh, uch va bir tiyinlik tangalar. Hammasi o‘n to‘qqiz tiyin. Shu chog‘da butun vujudim titray boshladi.
– Bularni qayerdan olding, bolam?
– Buvim bergan. Sen bularni otamga ber, uzoqlarga ketmasin. Hammasini ber, bular senga yetadi, de…
– Xo‘p bo‘ladi, aqlli bolaginam mening. Beraman. Endi uyga boraqol. Havo sovub ketdi…
Hovuchimdagi o‘n to‘qqiz tiyinga uzoq tikilib o‘tirdim. Nima qilishimni bilmasdim. Telefonni olib, Samirga sms yozdim: “O‘g‘ling sen uchun o‘n to‘qqiz tiyin to‘plabdi. Shu yetadimi? Mana shu sening HIKOYaNG…”

P.S. – Meni kechir, aqlli bolajonim, senga bag‘ishlab bir hikoya yoza olmadim. Hali juda kichkinasan. Biroz katta bo‘l… O‘ttiz yoshga kirganingda yozaman. Bu hikoyaning nomini “Samir uchun” deb ataymiz…

Ozarbayjonchadan Boboxon Muhammad Sharif tarjimasi