Mixail Zoshchenko. Bayonnoma (hajviya)

Navbatchi militsioner peroni siyohdonga botirdi-da, dedi:
– Jim-m, o‘rtoqlar… bir boshidan gapiring… kim kimni turtdi?
– Uni manavi turtdi, – dedi bir kampir, odamlar oralab stol yoniga kelarkan. – Uni o‘sha turtdi… Hu-u, shaytoni la’in, – dedi.
Xola ko‘rsatgan qop orqalagan kishi indamay turar va tez-tez pishillardi. Uning yonida jabrlanuvchi va bir nechta guvohlar turishardi.
Jabrlanuvchi yelka qisgancha xijolatli alfozda ming‘irlardi:
– Men nima qipman?.. Hech nima… Guvohlar…
– Uni o‘sha turtdi, – takrorladi xola. – Turtib, keyin nima deydi, deng: hu-u, iblisning modasi dedi. Men tramvayda qarama-qarshi o‘tirgandim, deng. Smolenskoye qishlog‘iga, jiyanimnikiga ketayotib edim.
– Jim-m… – dedi navbatchi, – birpas sabr qiling, xola.
– Sabr qil, emish, – ranjidi xola. – Nega sabr qilarkanman-a? Kuppa-kunduz kuni odamlarni turtadigan vaqtlar o‘tib ketgan. Turta-turta turtilib bo‘ldik.
– Birpas jim tursangiz-chi, – dedi navbatchi, peroni yana siyohga botirarkan. – Kimsiz o‘zi?
– Menmi? – so‘radi xola. – Guvohlarmiz biz… Jiyanimnikiga ketayotgan edik… Kunduz kuni turtkilashlariga chidab bo‘larkanmi. Qo‘yib bersang, o‘lgunicha turtgan bo‘larmidi…
– Sabr qiling, xola, – dedi militsioner, – sizni turtishmabdi-ku… Sizga savol berishadi. Hozircha birpas jim tursangiz.
– Meni turtishmagan bo‘lsayam…
– Jim-m… Sizni turtishdimi? – so‘radi militsioner jabrlanuvchidan.
– Meni… – dedi jabrlanuvchi. – Xo‘sh, nima qipti… Hech nima. Xo‘p, turtishibdi. Shunga shunchami. Tramvayda bo‘p turadi-ku. Guvohlarning talabi bu – militsiyaga o‘zlari boshlab kelishdi.
– Avf eting, pardon, – dedi guvohlardan biri. – Men ham ko‘rdim… Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi… Bayonnoma tuzish kerak…
– Aytyapman-ku, – yana bidirlay ketdi xola, – bayonnoma, albatta, bayonnoma tuzish kerak… O‘rtoq militsioner esa menga o‘qrayadi… Naq markazgacha boraman… Kuppa-kunduz kuni-ya, bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi…
Militsioner uchinchi marotaba peroni siyohga botirdi-da, bayonnoma yozishga tutindi, familiya… jinsi… sobiq unvonlarni so‘rab oldi. Nav-batchi militsioner uzoq vaqt yozdi, harflarni dona-dona qilib qatorlashtirdi. Keyin so‘radi:
– Qayerda bo‘ldi bu voqea? Qaysi joyda?
– Tramvayda, – dedi xola, – tramvayda. Aytyapman-ku, tramvayda, deb, o‘rgulay… Smolensk qishlog‘iga jiyanimnikiga ketayotgan edim…
– Joyi, ko‘chaning nomini ayting.
– Semyonovsk ko‘chasidan ketayotgandik…
– Uf-f, – dedi militsioner, peroni qo‘yarkan. – Semyonovsk, dedingizmi? Bizning tuman emas bu. Bu, grajdanlar, ikkinchi tuman. O‘sha yoqqa boringlar…
– Qanaqasiga? – savol bera ketishdi guvohlar. – Yozuv-chizuv qilib bo‘lingan bo‘lsa, nima farqi bor…
– Ikkinchi tumanga boringlar, dedim-ku.
– Agar meni o‘ldirishganida-chi?
– Qayerda o‘ldirishgan?
– Qayerda bo‘lardi… Semyonovsk ko‘chasida-da…
– Ikkinchi tumanga borishingiz kerak.
– Boramiz ham! – fig‘oni falakka chiqdi xolaning. – Boramiz ham. Buni shunday qoldirib bo‘lmaydi… Jabrlanuvchi qani?
Jabrlanuvchi ko‘rinmasdi. U yuz bergan g‘ala-g‘ovurdan foydalanib, juftakni rostlab qolgandi. Shu vaqtgacha jim o‘tirgan qop ko‘targan kishi norozi ohangda g‘o‘ng‘illadi.
– Sen-chi, sen, – dedi u, xolaga yuzlanarkan, – sen nega dumingni likillatasan?
– Kim likillatyapti? – nag‘masini boshladi xola, savatini yana stol ustiga qo‘yarkan. – Kim likillatyapti, deyapman?
– Sen likillatyapsan. Shu g‘alvani o‘zing boshlading, iblisning modasi…
Xolaning vajohati o‘zgardi.
– O‘rtoqlar, bu nimasi, – dedi u, – haqoryat qilyapti-ku, axir.
– Mana endi mumkin, – dedi militsioner, peroni to‘rtinchi bor siyohdonga botirar ekan. – Voqea bizning tumanda ro‘y berdi. Bayonnoma yozamizmi?
– Ma’zur tutasiz, – ming‘irladi xola, – bayonnoma deganingiz nimasi? O‘rtoq militsioner, xudo xayringizni bersin… Nima uchun… Biz tinchgina, jim suhbatlashyapmiz…
Xola savatini oldi-da, yo‘lak tomon yurdi. Guvohlar asta-sekin tarqalishdi. Qop ko‘targanning bir o‘zi qoldi. U zarurat bo‘lmasa-da, ancha vaqtgacha militsionerdan ikkinchi tuman qayerda ekanligini so‘rab-surishtirdi, so‘ng qo‘lini siltab, ma’yus pishillagancha chiqib ketdi.

Ruschadan Abduvohid Umr tarjimasi