Maksim Gorkiy. O‘zingdan chiqqan baloga… (to‘rt pardali pesa)

IShTIROKChILAR:

I v a n K o l o m i y ts ye v.
Ya k o v – uning ukasi.
S o f ya – Ivanning xotini.
A l ye k s a n d r – 26 yoshda.
N a d ye j d a – 23 yoshda.
L yu b o v – 20 yoshda.
P yo t r – 18 yoshda.
V ye r a – 16 yoshda.
S o k o l o v a x o n i m.
L ye sh ch – Nadejdaning eri.
Ya k o r ye v – daha nazoratchisi.
F ye d o s ya – enaga, juda munkillagan, yarim kar.
O q s o ch.

BIRINChI PARDA

Shinamgina xona, chap tomonda – kamin (o‘choq). Orqa tomonda to‘siq parda tutilgan, parda orqasidan qizil adyol tashlangan bir kishilik karavot va ensizgina oq eshik ko‘rinib turadi. Katta kitob javoni xonani ikkiga bo‘lgan, chap tomon o‘ng tomonga qaraganda sal chog‘roq.. Javon o‘ng tomonga qaratilgan, orqasiga esa gilam osilgan pianino taqab qo‘yilgan. Ro‘baro‘da – keng qora divan, tepasida kichik darcha; xona ichkarisida oshxonaga o‘tadigan yo‘lak ko‘rinadi. Oshxona yop-yorug‘. Agar pianinoning oldiga stul qo‘yilsa oshxonaga o‘tadigan yo‘lni berkitib qo‘yadi. O‘choq oldida chuqur oromkursida jingalak soch, soqoli qirtishlangan, chiroyli yuzli mo‘ysafid Ya k o v kitob o‘qib o‘tiribdi. Oromkursining orqasidagi yozuv stolida ko‘k qog‘ozdan abajur qilingan lampa turibdi. Stol oldida F ye d o s ya ham kursiga cho‘kkan… U kulrang bir narsa to‘qish bilan band, tizzasida bir yumaloq tivit ip, o‘zicha bir nimalar deb ming‘ir-ming‘ir qilib qo‘yadi. Oqsoch oyoq uchida yurgancha oshxonada stolda tushlik tayyorlamoqda. S o f ya ham shu yerda – u ko‘rinishdan yosh, rangpar yuzli, qotib qolganday ko‘zlari uzoqlarga tashvishli tikiladi. Yakov kamindagi ko‘mirni kovlashtirmoqda; Sofya shovqinga quloq soladi va asta Yakov xonasiga qarab yurarkan, javon orqasida ikkilanib to‘xtab qoladi.
S o f ya. Xalaqit bermaymanmi?
Ya k o v. Yo‘q, yo‘q, mutlaqo! (Uni kulib qarshi oladi.)
S o f ya. Menga juda banddek ko‘rinding…
Ya k o v (pensnesini olib). Nima bilan band ekanman?
S o f ya. Sendan bir narsani so‘rasam, Sokolova xonim bor-ku, haligi Ivanni otganning onasi, shu bir ko‘rishsak, deb hech hol-jonimga qo‘ymayapti, nima deysan – ko‘rishaymi yo ko‘rishmaymi?
Ya k o v (ikkilanib). Bilmadim… Onaligini nazarda tutib, iltimosini yerda qoldirmasang bo‘larmidi… lekin endi u nega buni Ivanning o‘ziga aytmay, senga aytyapti?
F ye d o s ya (ohista boshini ko‘tarmasdan ming‘irlaydi). Bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan…
S o f ya. Sen o‘shaning otganiga ishonasanmi?
Ya k o v. Bilasanmi, nazarimda terrorchilar yolg‘on gapirishmaydi – uning bizga aloqasi yo‘q deyishlarida jon bor…
S o f ya. Menga ham shunday tuyuladi.
Ya k o v. Nega o‘tirmayapsan?
S o f ya (boshini quyi solib). O‘tirgim yo‘q…
Ya k o v. Yuzingdan qattiq charchaganing ko‘rinib turibdi.
S o f ya (ovozini pastlatib). O‘tirsam, tamom so‘ljayaman-qolaman. (Ohista.) Ma’zur tutasan, ammo yana sendan pul so‘rashga majburman…
Ya k o v (shoshilib, xijolat bo‘lganday). Stolning chap g‘aladonida turibdi, olaver, tortinma! Tepa g‘aladon, ochiq…
S o f ya. Aytishga ham uyaladi kishi – rosa shilyapman-a, seni.
Ya k o v. E, qo‘ysang-chi, Sonya…
F ye d o s ya (ming‘irlab). Ol, olaver, undan pulni olib qol! Bir oyog‘i go‘rda… Qayoqqa borardi…

Oshxonadan L yu b o v chiqib keladi. U o‘zining bukriligini bildirmaslik uchun doim yelkasiga sholro‘mol tashlab yuradi. Hozir uning kiftiga sariq sholro‘mol tashlangan. Pianino oldida to‘xtaydi.

S o f ya (xayolga cho‘mib). Biz uyingga ko‘chib keldig-u, o‘zingni kasal demay, bir burchakka haydadik…
Ya k o v. (xijolat tortib). Bo‘ldi qil, Sofya…
S o f ya. Yuz so‘m oldim…

L yu b o v pianino oldiga stul qo‘yib o‘ltiradi va chala boshlaydi.

Ya k o v. Quloq sol, senga bir narsa taklif qilmoqchiman…
S o f ya. Hozir ketishim kerak, tushdan keyin aytasan, bo‘ptimi? (Ketadi.)
Ya k o v (kitobni olib). Istagan vaqtingda…
F ye d o s ya (alla ohangida asta xirgoyi qiladi).
Eh, Yashenka, Yasha, turmush shunday xarxasha… (Keyingi so‘zlarni anglab bo‘lmaydi, ammo kampir xuddi bolani allalaganday ming‘irlaydi.)
S o f ya (uni sezmayotgan qizi oldida bir necha daqiqa to‘xtab qoladi).
Lyuba, o‘tib ketay…
L yu b o v . Men, nima, xalal beryapmanmi?
S o f ya. Qanday o‘tay bo‘lmasa?
L yu b o v . Oyi, mening xalal bermagan joyim bormi o‘zi?
S o f ya (divanga oyoq qo‘yib, bir amallab o‘tib oladi). Qo‘y endi, jahling chiqmasin…
L yu b o v (sakrab turadi). Sakrab o‘tganingizda bordi-yu, yiqilib, mayib bo‘lib qolsangiz, sen tufayli shunday bo‘ldim, deb keyin menga ta’na qilasiz-da, a?
S o f ya (ketayotib, asta). Senga hech ta’na qilmayman-ku…

L yu b o v o‘rnidan turadi va Ya k o v xonasiga kiradi.

Ya k o v. (sekin). Darrov qoning qaynab ketadi-ya…
L yu b o v (bamaylixotir). Hamma shunday deydi. Qahratonning qora sovug‘imanmi, nima balo, yoki kuzda yoqqan yomg‘irmanmi, hamma mendan dod deydi.
F ye d o s ya (kuylaydi). Mana Lyuba kelibdi… Kelibdi, nima debdi…
L yu b o v (qattiq ovozda). Bas qilsang-chi, enaga!
F ye d o s ya.Nima?.. (Qo‘lidagi to‘rigna bilan boshini qashiydi va Lyubovga qarab jilmayadi.)
Ya k o v. Juda oshirib yuboryapsan, Lyuba…
L yu b o v . Kuzning izg‘iriniyu namgarchiligi ham odamlarning joniga tegadigan, juda me’yoridan oshirib yuboradigan keraksiz bir narsa o‘zi… Ayting-chi, oyim qancha pul oldi?
Ya k o v. Yuz so‘m… Sening nima ishing bor?
L yu b o v . Nega endi siz uning hadeb so‘rayvermasligi uchun bir berganda puldan ulgurjiroq bera qolmaysiz? Tilanaverish axir odamni xo‘rlab yuboradi, tushunasizmi?
Ya k o v (xijolat). Yo, tavba!.. Albatta, tushunaman. Hozir ham unga bir narsani taklif etmoqchi bo‘lib turuvdim…
L yu b o v (eslatmoqchi bo‘lib). Siz axir boy-badavlatsiz…
Ya k o v (jilmayib). Edim… Meni alyumin adoi tamom qildi…
L yu b o v . Nega endi sizga alyumin kerak bo‘lib qoldi?
Ya k o v (gunohkorona). Bilasanmi, agar odamlar chiroyli ma’dan olishsa yaxshi bo‘larmidi, deb o‘yladim. Temir ham og‘ir, ham rangi sovuq, mis bo‘lsa yog‘langandek ko‘rinadi…
L yu b o v (xo‘rsinib). Judayam qiziqsiz-a!
F ye d o s ya. E, xudoyim, gunohkor bandalaringni o‘z panohingda asra…
L yu b o v . Siz ko‘p xato qilarmidingiz?
Ya k o v (istehzoli). O‘zi ayrim odamlarning xatolar qilib turishi kerak shekilli…
L yu b o v (uning yuzlariga tikilib). Men bitta xatongizni bilaman…
Ya k o v (xavotirda). Yo‘g‘-e!
L yu b o v . Siz… mening oyimga uylanishingiz kerak edi.
Ya k o v (qo‘rqib ketib). Lyuba!.. Bu narsaga sening aqling uncha yetmaydi, ha! Men sening o‘rningda bo‘lsam, bunday gaplarni aytolmagan bo‘lardim.
L yu b o v . O‘sha mening o‘rnim qayerda ekan?..
Ya k o v (boshini quyi egib). Sen chindan ham g‘alati gaplarni gapirayapsan…
L yu b o v (qat’iyat bilan). Nima uchun hech sizning jahlingizni chiqarolmayman-a? Hammaning joniga tegib, jig‘i-biyron qila olaman, ammo sizga kuchim yetmaydi. Nima uchun?
Ya k o v. Xudo haqqi, bilmayman…
L yu b o v . Oyim dadamdan ko‘ra senga tekkanda yaxshi bo‘lardi, tinch yashardi. Dadam bo‘lsa ichadi, qimor o‘ynaydi…
Ya k o v. Azizam Lyuba, nega unday deyapsan?
L yu b o v . Bir etak mayib-majruh bola tug‘dirib, bir tiyinsiz barini oyimning gardaniga ortib ketdi.
F ye d o s ya (kuylaydi). Bir tiyinsiz bandalaringni asra…
Ya k o v. Dadasi haqida bunday deb bo‘lmaydi! Enaga, jim o‘ltirsang-chi!
F ye d o s ya. Nima deding?..
L yu b o v . Nima uchun?.. Men odamlarni o‘ldirishga buyruq beradigan odamning qizi bo‘lishni istamayman…
Ya k o v (ma’yus). Biram qo‘polsanki, Lyuba…
L yu b o v . Tag‘in o‘sha mashmashada unga o‘q otganlarida qo‘rqoqlarcha qochib qolishini ko‘ring…
Ya k o v. U qari, enka-tinkasi qurigan kasal bir odam…
L yu b o v . Xo‘p, kasalligi uni oqlay oladimi? Uning kasalligi ichkilikbozligu aysh-ishratdan…
Ya k o v (noxush bir hayratda). Sen qayerdan bilasan?
L yu b o v . Doktor Leshch aytib berdi. U sizga yoqadimi?..
Ya k o v (kursida o‘zini noqulay sezib). Bu gaplaringni eshitib qolishlari mumkin…
L yu b o v . Doktor Leshch… Qamoqxona vrachi… Bunaqasi bilan qarindosh bo‘lmoqdan odamning boshi osmonga yetarmidi… Siz, nima, oshxonaga ketyapsizmi?
Ya k o v. Ortiq eshitib turolmayman, toqatim toq bo‘ldi…
L yu b o v (elkasini qisib). O‘tiring… Yuragingizni avaylasangiz-chi! Ha… mana erkatoylar ham kelishdi… sizning, oyimning, butun jahonning erkatoylari.
Ya k o v. Ular senga ham tegishli.
L yu b o v (o‘ylanib). Ayanchli bechora odamga bo‘lgan mehr-muhabbat, mening fikrimcha, nosog‘lom mehr-muhabbatdir…
Ya k o v. Sen o‘z-o‘zingga ham zahar-zaqqum gaplarni gapirasan-a!
V ye r a (oshxonadan, uning ortidan Pyotr). Amaki! Amaki…
F ye d o s ya (baland ovozda). Ha, mana mening so‘nggilarim… mening so‘nggi bolalarim… (To‘qishni qo‘yib, qoramtir yuzida tabassum bilan hammaga qarab chiqadi.)
V ye r a. Bir ajoyib odam bilan tanishib oldikki!..
Ya k o v. Konkida ko‘p uchgan senmisan bu, Pyotr? Hazir bo‘l, senga ziyoni bor-a!
P yo t r (o‘ylanib). Hechqisi yo‘q!
V ye r a. Bilasizmi, ko‘chada qandaydir uchta odam atrofimizda o‘ralashib yurishdi – qoraguruhchilardan bo‘lsa kerak…
P yo t r. Qarasak, uchta esini yegan mast orqamizdan kelyapti, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqyapti…
V ye r a. Biz – Kolomiytsev bolalarimiz, deb qichqirdim men ularga…
L yu b o v . Tiz cho‘k! Shapkangni ol…
P yo t r L yu b o v g a ho‘mrayib qaraydi..

V ye r a (Lyubovga). Biz qo‘rqib ketdik-da, axir ularga kimligimizni aytishimiz kerakmidi!..
L yu b o v (jilmayib). Ular buni ko‘rib yana ham qattiqroq so‘kina boshlashgandir, a?
P yo t r (shubhalanib). Sen qayerdan bilasan?
V ye r a. Ha, Lyuba,xuddi shundoq bo‘ldi! Men bir narsaga tushunmayman: axir ular hukumat kishilarini hurmat qilishlari kerakmi?.. Inqilobchilar hurmat qilmasliklarini bilamiz, ammo ular nega shunaqa?
Ya k o v (nasihat ohangida, mayin). Rossiyada hech kim hech kimni hurmat qilmaydi…
L yu b o v . Keyin nima bo‘ldi?
V ye r a. Birdan begona bir yigit bizga qarab kela boshladi. Men bittasini konki bilan bir tushiraman, deb turuvdim, menga yaqinroq turganini… biroq haligi yigit…
P yo t r (masxaraomuz iljayib). Rostdan ham, Verka urishmoqchi edi.
V ye r a. Haligi janob ularga: “Yo‘qol!” deb qichqirdi!..(Fedosya negadir ovoz chiqarmay kuladi.) Ular irillashib haligi yigitga tashlanishdi. Juda qo‘rqinchli bo‘ldi! Shunda haligi yigit to‘pponchasini qo‘liga oldi…(Kuladi.) Bari tiraqaylab qochib qoldi-ya!
F ye d o s ya (eshitib kuladi). Oh, mening palaponlarim, oh, guli xandonlarim…
P yo t r. O‘q tegmasin deb, qiyshaytirib otdi.
L yu b o v (asta). Dadam ham unga o‘q otishganida mana shunaqa qochib qolgan edi…
V ye r a. Nima deding?
L yu b o v . Nazarimda, xuddi shunaqaroq…
P yo t r (jiddiy ohangda). Nimaga bunday deyapsan?
L yu b o v . Endi, aytdim-qo‘ydim-da…
V ye r a. Nima deyapti u?
P yo t r. Hech narsa… Davom et!
V ye r a. U juda kelishgan…
P yo t r (o‘ylanib). O‘ktam ovozi bor, gaplari ham sodda…
V ye r a. Qora sochli, cho‘qqi soqol, ko‘zlari esa xayolchan… Nazarimda, u she’r yozsa kerak…
L yu b o v . Sening to‘pponchang qani, Pyotr?
P yo t r (qovog‘ini solib). Yonimda olib yurmayman.. Bunaqa narsalarni yoqtirmayman…
V ye r a. U qo‘rqoq-ku!
Ya k o v. Gap bunday, bolalar, kelinglar, bu voqeani onalaringizga aytmaymiz, yuragi o‘ynab ketmasin tag‘in.
V ye r a (hafsalasi pir bo‘lib). Vo-o-oy! Men bo‘lsam unga ham aytmoqchi edim!
Ya k o v. Keyin, keyin aytasan, xo‘pmi?
V ye r a. Bo‘pti…
P yo t r (xayolga cho‘mib). Biz u bilan uzoq aylanib yurdik… Uni uyga taklif etmoqchi ham bo‘ldim..
V ye r a. Soz bo‘lardi-da, Petka!
L yu b o v . Fikringcha, aytsa – kelarmidi?
P yo t r. Nega kelmas ekan?
Na d ye j d a (kiradi). Nega hammangiz bu yerga tiqilib oldingiz? Amaki, ular sizga xalal berishmayaptimi?
Ya k o v. Hecham-da! Axir har kuniyam tushdan oldin hamma menikida jam bo‘ladi…
N a d ye j d a. Bilasizmi, haligi otamga o‘q otgan yaramas kasal bo‘lib qolibdi.

Hamma unga qarab qoladi, jimlik cho‘kadi.

Na d ye j d a. Erimning aytishiga qaraganda, chindan ham, kasalga chalinibdi.
P yo t r (toqatsizlanib). Nima uchun uni sud qilishni cho‘zib yuborishdi?
Na d ye j d a. Gunohini bo‘yniga olmayapti…
P yo t r. Nazarimda, u qayerdadir yaqin bir joyda…
V ye r a. Nima, nima?
L yu b o v . Qayerda ekan?
P yo t r. Shu yerda… Eshikning orqasida…
Na d ye j d a. Qanaqa bema’ni gap-a!.
P yo t r. Meni kechirishadi, deb kutib turibdi.
Na d ye j d a. Unchalar esini yeb qo‘ygan telba emas ekan-da…
S o f ya (kiradi. Tashvishli). Kim ekan u, kechirishadi deb turgan?
Na d ye j d a. Haligi dadamga o‘q otgan-chi.
S o f ya (hammani ko‘zdan kechirib chiqib). Kim biladi buni?
Ya k o v (tinchlantirib). Sofya, buni Pyotr aytdi. Uning nazarida, o‘sha odam qaydadir yaqin atrofimizda emish, gunohimni kechirishsin, deb kutib turganmish.
S o f ya (g‘alati ohangda). Inqilobchilar o‘zlarini haq deb bilishadi.
L yu b o v . Bunchalar hokimlik qilishni yaxshi ko‘rishmasa!

P yo t r sezdirmay g‘oyib bo‘ladi. Enaganing kreslosi orqasida turgan V ye r a zerikkanidan abajurdan qog‘oz gullar olib, enaganing sochlariga qadaydi. L yu b o v burchakda turganicha qilt etmay hammaga bir-bir tikilib chiqadi. N a d ye j d a o‘ziga oro berarkan, xirgoyi qiladi.

L yu b o v (jiddiy, Veraga). Gullar unga yarashmayapti.
V ye r a. Nahotki?
S o f ya. Aleksandr qayerda? Ivan Dmitriyevich-chi?
N a d ye j d a. Erim hozirgina keldi, kiyimini almashtiryapti. Qotilni kasal bo‘lib qoldi, deb o‘sha aytdi…
S o f ya. Kasal bo‘lib qoldi? Qanaqa kasal?
N a d ye j d a. Aqlidan ozyapti, shekilli.(Kinoyali.) Oyi, unga rahmingiz kelmayaptimi?
S o f ya. Men unaqa deganim yo‘q…
L yu b o v (irjayib). Qo‘rqqaningizdan shunaqa demayapsiz, a?
Na d ye j d a. G‘alati bo‘lib ketayapti oyimiz…
V ye r a. Uni xafa qilmanglar, bo‘lmasa menga yangi konki olib bermay qo‘yadi.
L yu b o v (oyisiga). Ayting, sizning qotilga rahmingiz kelyapti, a?
S o f ya. Bu yovuzliklar jonga tegdi. Qamoq, sud, jazolar – hech birini ko‘rgani ko‘zim yo‘q.
Ya k o v (xo‘rsinib). Kunba-kun ko‘payib ketyapti bu narsalar…
Na d ye j d a. Odamlar tinch yashashi uchun kerak-da, bu.
L yu b o v . Xotirjamlik – baxt-iqbol deganiga, hatto hindular ham ishonmay qo‘yishyapti.
S o f ya (hamma uchun kutilmaganda). Terrorchilarning aytishlariga qaraganda, u suiqasdda qatnashmagan ekan…

Hamma unga qaraydi. L yu b o v , ko‘zlarini kitob bilan to‘sgancha yashirincha hammaga bir-bir nazar tashlaydi.

N a d ye j d a (biroz to‘xtab). Inqilobchilarga ishonib bo‘ladimi-ya! O‘taketgan anoyilik bu, oyi!

S o f ya aybdorday jilmayib, stulga o‘tiradi va birdaniga keksarib qolganday bo‘shashib, boshini quyi soladi.

A l ye k s a n d r (oshxonadan turib qichqiradi). Menga qaranglar, hoy! Pochta keldimi?
N a d ye j d a. Mehmonxonada etajerkaning ustida sizga xat bor… Vera, bor, sochingni tarab ol, paxmog‘ing chiqib ketibdi.
V ye r a. Shunday yuraversam bo‘lmaydimi?
Na d ye j d a. Qiyshanglama. (Qo‘lidan yetaklaydi.) Sen o‘zingga hech qaramay qo‘yding: bilib qo‘y, erkaklar buni hecham yoqtirmaydi…
V ye r a. Yo, tavba! Tag‘in erkaklar! Kichkinaligimda alvasti keldi, deb qo‘rqitishardi, endi esa erkaklar deb qo‘rqitishyapti…
Ya k o v (sekin). Sonya, senga nima bo‘ldi?
S o f ya (seskanib). A? Xayol surib ketibman…
L yu b o v . Tushlik yaqinmi?
S o f ya. Ha… hozir…
A l ye k s a n d r (borarkan, hushtak chalib). Kichkina mitingmi bu? Moliya masalalariga bag‘ishlandimi yoki ichki siyosat muammo-larigami, a?
L yu b o v . Zakovatli bu gapga qaranglar!
A l ye k s a n d r. Mahobatli bukurga qaranglar!
S o f ya (tanbeh berib). Aleksandr!
A l ye k s a n d r (oyisiga qaramay).Mon cher oncle*, oyoqlaringizning sihat-sog‘lig‘i qalay?
L yu b o v (parda ortidagi eshikka chekinib). Oyi, haydab yuboring uni!
A l ye k s a n d r (ko‘zlarini qisib qarab). E? Nimalarni eshityapman, a? Xuddi juhud-inqilobchiga o‘xshab haqorat qilib, yashrinib olishga ham ulgurdingmi?..
S o f ya (o‘tinib). Rostdan ham, Aleksandr, oshxonaga borsang-chi.
A l ye k s a n d r. Shunaqami, maman, bu amri vojibmi?
S o f ya (g‘amgin). Senga odamning qaragisi kelmaydi…
A l ye k s a n d r. Yo‘q, men nimalar eshityapman-a? Siz, maman, nazarimda mening tarbiyamga endi jiddiy kirishdingiz, shekilli?..
Ya k o v. Yetar, Aleksandr! Qanday qilib shunaqa gaplarni gapiryapsan?
A l ye k s a n d r. Bien…* Sizda ozgina ishim bor edi, amaki.
S o f ya. U pul bermaydi.
A l ye k s a n d r. Bunga… ishonchingiz komilmi?
S o f ya. Men berma deb iltimos qildim.
A l ye k s a n d r. Shunaqami, amaki? Oyim shunday iltimos qildimi?
Ya k o v. Agar shunday deyayotgan bo‘lsa, demak, iltimos qilgan-da.
A l ye k s a n d r (jahli chiqib). Mana bu vallomatning javobi bo‘ldi! “Agar shunday deyayotgan bo‘lsa, demak, iltimos qilgan-da!” Bu esimdan chiqmaydi. A, siz-chi, amaki? Siz bu iltimosga qanday qaradingiz?
Ya k o v (xijolat tortib). Menmi? Men uning aytganini qilaman, deb so‘z berdim.
A l ye k s a n d r. Olqishlarga sazovor ish!
Ya k o v (yumshoqqina). Sen meni kechirasan, Sasha, ammo bu turmushning… bu tungi ayshu ishratlarning…
A l ye k s a n d r. Nima, ayshu ishratlar kunduzi qilinadimi?
S o f ya. Yuzingga qara, tanimaydigan bo‘lib ketibdi. Soching to‘kilib, kal bo‘la boshlabsan…
A l ye k s a n d r. Yuzimga nima bo‘pti – g‘ayratli odamning yuzi, sochning to‘kilishi esa unga salobat beradi. Har kuni bir parcha non topib yeyman, deb ezilib ketayapman-da, rangimda rang yo‘qligi ana shundan. Ota-onam meni dunyoga keltirishga keltirishdi-yu, ammo tuzukroq yashashimning g‘amini yeyishmadi…
S o f ya (sekin). Bas qil, o‘tinaman…
A l ye k s a n d r. Padari buzrukvorimiz shaharda ko‘p pora olgani bilan, klubda qimor o‘ynaganda omadi yurishmaydi…
Ya k o v (ma’yus ohangda). Qanchalar surbetlik bu, Sasha…
S o f ya (xotirjam, qayg‘uli ohangda). Nima gapirayotganingni bilasanmi?
A l ye k s a n d r. Bilaman-da. Mana, dadamning rasvo o‘yini deb, yutqizgan men bo‘ldim: cho‘ntakda hemiri ham yo‘q…
Ya k o v. Dahshat, Aleksandr, dahshat bu! Bizlarga rahming kelsin-u, bu yerdan ket! Nimaga sen oyingni qiynaysan?
A l ye k s a n d r. Cher oncle, yigirma besh so‘m bo‘lsa, bas – shu zahotiyoq qoramni o‘chiraman!
Ya k o v. Marhamat, ol… stolda taxtakachning tagida. Ammo bir narsaga javob ber – nahot oyingga achinmasang, a?
A l ye k s a n d r (samimiy). A, siz ayting-chi, politsiya pristavining yordamchisi bo‘lishga talabgor, buzilib ketgan bir yosh yigitga kim achinadi? Odamlarning aft-basharasi demay urish, oz-ozdan pora olish, inqilobchilarning bemahal o‘qiga uchrash – meni mana shularning barchasi kutib turibdi. Bunday qoyilmaqom martaba sizga yoqadimi?..(Zo‘raki kulgancha ketadi).
Ya k o v (saldan keyin). Quyib qo‘yganday otasining o‘zi-ya!
S o f ya. U bilan qanday gaplashish kerak, nima deyish kerak – bilmayman, juda boshim qotdi. Nega unga pul berding? Yana kechasi bilan ichib chiqadi.
Ya k o v. Nima chora bor edi? Gumdon bo‘lsin dedim-da!
S o f ya. Biz seni xonavayron qilamiz, Yakov… Nega biz bilan birgasan, a?
Ya k o v. Qo‘ysang-chi, azizam Sofya. Senga biron nafim tegsa deyman, biron koringga yarab qolarman, hali ko‘rasan. Mana Ivan kelganda…
S o f ya. Bu turishda pullaring ko‘pga yetmaydi…
Ya k o v. Gap faqat puldami, Sofya…
S o f ya. Bizga puldan boshqa hech nima kerak emas…
F ye d o s ya. Sofyushka, Andryusha-chi, Ryazanov – shu bormi haliyam?
S o f ya (baland ovozda). O‘ldi, enaga. Sizga aytgandim.
F ye d o s ya (bosh chayqab). Ha-ya, ha… Otib tashlashdi-ku, uni… ha…
S o f ya (beparvo). Borodulinni otib tashlashgan…
F ye d o s ya. Ha, ha, esimda… Andryusha-da… u ham mening asrandim edi… Unaqalar juda ko‘p…
S o f ya (kampirga bir boqib). Bilasanmi, Ryazanov kampirimiz-ning qishlog‘ida dehqonlarni kaltaklagan ekan, balki ular Ryazanov enagasining qarindoshlari ekanmi…
Ya k o v. Nega bu haqda gapirayapsan?
S o f ya. Kim biladi… Gapirgim keldimi…
F ye d o s ya. Ha… juda-a-a ko‘p!
Ya k o v (asta so‘raydi). Sen bilan Lyuba haqida gaplashmoqchiydim. Maylimi?..
S o f ya (shubhalanib). Biron narsa bo‘ldimi?
Ya k o v. Nazarimda, u bir nimani sezayotgandek… Nimanidir qidirayotgandek…
S o f ya. Hozir hammayam bir nimadir qidirib qoldi.
Ya k o v. Unga judayam qo‘pollik qilishadi…
S o f ya. Menmi?
Ya k o v. Yo‘g‘-e, albatta! Sen faqat… unga mehr bilan qaramaysan…
S o f ya. U bemehrlikda bundanam oshib tushadi. Aslida u hammagayam shunaqa…
Ya k o v (asta, ishora qilib). Mendan boshqaga, Sofya…
S o f ya (jim qolib). Yo‘q! Uning bilishi mumkin emas! (Zo‘riqib.) Ha, bilishi kerak emas, Yakov! (Entikib, ohista.) Oh, bu baxti qora bechoraga jonginam achiydi, jonginam! Uni qattiq yaxshi ko‘raman… Ammo mendagi mehr tuyg‘usi – gunohkor odamning qo‘rqoq tuyg‘usi, xolos. Uning oldida aybim ochilib qolmasaydi, deb qo‘rqaman. Shundan uni uzoqdan turib yaxshi ko‘raman, yaqin kelishga, bu haqda u bilan gaplashishga esa yuragim betlamaydi…
Ya k o v. Chakki qilasan, Sofya. Ayt unga, ayt…
S o f ya. Aytolmayman…
Ya k o v. Hozir emas, keyin bo‘lsa ham ayt… Olam ko‘zingga qorong‘i ko‘rinadi… bu dog‘uli, lan’ati zamon umringga egov bo‘lmoqda…
S o f ya. Men ham yo‘l izlayapman. Nima qilishim kerakligini tushunib yetmoqchiman. Axir bolalarim xarob bo‘lishmoqda, Yakov! Men, o‘z-o‘zimga, shu paytgacha qayerda eding, deb savol berayapman! Bolalaringni dahshatli hayotda yashashga qanday tayyorlading, deyapman!
Ya k o v. Jonginam, o‘zingni xotirjam tut! Axir, kim bilipti…
S o f ya. Men xotirjamman – yo xudoyo tavba! O‘ylanganim o‘ylangan-u, ammo judayam xotirjamman…
Ya k o v. Bu Ivanga uyushtirilgan bema’ni suiqasd, keyin uning iste’foga chiqishi seni shoshirib qo‘ydi, o‘zingni yo‘qotib qo‘yding – tushunarli! Bu ham yetmaganday, gazetalarning suron solishi… tuhmat qilib, mish-mishlar tarqatishi…
S o f ya. Ular tuhmat qilishayapti, deb rost aytayapsanmi?
Ya k o v (unga qaramay). Juda oshirib yuborishayapti… Ivan, albatta, unchalar… u judayam…
S o f ya. Yo‘q, haqiqatga tik boqaylik. Bilamizki, gazetalar tuhmat qilishayotgani yo‘q…
Ya k o v. Eh, Sofya… Beshta bola tug‘ib, halol va haqgo‘y bo‘lib qolish – nihoyatda dahshatli suratda qiyin bir ish bo‘lsa kerak…
S o f ya. Unday dema! Sen o‘z-o‘zingga ishonmayapsan…
Ya k o v (xijolat chekib). Bizning jamiyatimizda hamma narsa insonga qarshi – mana men nima demoqchiydim! O‘z-o‘zingcha yashashga hecham qo‘yishmaydi…
S o f ya (tinmay xonada u yoqdan-bu yoqqa yuradi, enaganing boshidan gullarni olib, burchakka tashlaydi). Beshta bolasi bor odamni biz gazetalardan ko‘ra yaxshiroq bilamiz. Bu odamning buzuq va ishratboz ekanligi bizga ma’lum; u bolalari uxlab yotgan xonaning narigi yonida qimorxona tashkil qildi. Qanaqangi ayollar bilan bo‘lmadi-ya, u! O‘n yil davomida o‘z jufti halolini tinimsiz haqorat qilib keldi – uning shunchalar ko‘p o‘ynashlari bor edi! Axir Aleksandrni yomon yo‘llarga boshlagan shu emasmi? Nega men bu yo‘lda to‘g‘on-g‘ov bo‘la olmadim? U mast-alast holda Lyubani qo‘lidan polga tushirib yuborib mayib qildi – qanday shunga chidab turdim? Bular haqida o‘ylashga kech bo‘ldimi endi? Kech bo‘ldi, ha, bilaman…
Ya k o v (bosh chayqab). Bir marta yomon adashding-da…
S o f ya. Buni bilaman… Sen yumshoq ko‘ngil odamsan… Ha, sen bilan osoyishta, bamaylixotir yashash mumkin edi… Sen halol odamsan. Miyamga shunday fikr kelganida, o‘ttiz beshda edim, Lyuba bo‘lsa o‘nga kirgandi. O‘n yil seni mutlaqo o‘ylamadim… Seni esdan chiqarib yubordim. Faqat Ivan, pomeshchik, dvoryanin – politsiyaga ishga kirgan yili yodimga tushding. Sen o‘z-o‘zingni otishing mumkin edi, ammo bunday qilmading! Nihoyat, mana – ham men uchun, ham uning uchun uqubatli va haqoratli kechgan o‘n yil… U fohishabozlikka mukkasidan ketib tezdayoq adoi tamom bo‘ldi… Unga o‘q otganlarida – sho‘rlikka rahmim kelib ketdi, hamma gunohlarini kechirishga tayyor edim… Ammo u o‘zini shunchalar pastkash va nomardlarcha tutdiki…

Oshxonadan doktor L ye sh ch chiqib keladi, u – o‘rta yoshlardagi, za’faron yuzli kishi. Ohista yuradi, quloq soladi, kelganini bildirmoqchi bo‘lganday, sekin yo‘talib qo‘yadi.

L ye sh ch. Agar xalaqit bergan bo‘lsam – uzr so‘rayman! Sizlarga Nadya, suiqasdda gumon qilinayotgan shaxsning kasal bo‘lib qolganini aytgandir?
S o f ya. Nega endi buni bilishimiz kerak ekan?
L ye sh ch (nasihatomuz). Qiziq gapni gapirasiz! Bu odamning taqdiriga befarq qarab turolmaysiz; uning munosib jazo olishidan axir bevosita manfaatdorsiz – yoki shunday emasmi?(Shiftga tikilgancha Yakovning tomir urishini sanaydi.) Uyqu qanday bo‘ldi?
Ya k o v. Yomon bo‘ldi.
L ye sh ch. Yuragingiz qalay?
Ya k o v. Bezovtalanib turadi…
S o f ya. U tan olmayaptimi?
L ye sh ch. Yo‘q! Ishtaha qanday?
Ya k o v. Yomon. Vannalar sillamni quritib yuboryapti…
L ye sh ch. Shubhasiz, shunday bo‘lishini bilardim.
S o f ya. Balki, rostdan ham u otmagandir?
L ye sh ch. Bilmadim. Mening bunga aloqam yo‘q. Vannalarni davom ettirish kerak.
F ye d o s ya (jilmayib). Doktor, meni ham bir davolasangmi ekan-a… Davolab ko‘r!(Sekin mamnun kuladi.)
L ye sh ch (salobat bilan). Yana bir gap – Aleksandr pristavning yordamchisi, degan mansabni olishi mumkin, lekin bu narsa naq besh yuz so‘m turadi.
S o f ya. Pora berish shartmi?
L ye sh ch. Bo‘lmasa-chi? Albatta-da!
S o f ya. Bizda pul yo‘q.
L ye sh ch. Shubhasiz. Ammo butun oilaning muhtoj ekanligini Yakov amaki tushunar, deb o‘ylayman.
S o f ya. Unda ham pul yo‘q…
L ye sh ch (unga tikilib qarab). Aql bovar qilmaydi. G‘aroyib joyi shundaki, go‘yo porani men o‘zim uchun talab qilayotgandayman!
Ya k o v (shoshilib). Juda unchalik emas, Sonya, besh yuz berib turishim mumkin…
S o f ya (kuyoviga). Sizningcha, Aleksandr politsiyaga joylashib oladimi?
L ye sh ch. Men, bilasiz, to‘g‘ri odamman, borini aytaman: sizning o‘g‘lingiz xizmat qiladigan birdan-bir joy, bu – politsiya. Men uni uncha yoqtirmayman va buni hatto o‘zidan yashirib o‘tirmayman ham. Albatta, uning yaxshi fazilatlari ham bor, lekin umuman olganda – u bebosh, intizomsiz bir odam, irodasi bo‘sh bir maxluq…. Chalasavod yunker…
S o f ya. Siz odamlarni qoralamoqchi bo‘lganingizda juda yayrab gapirasiz-u, cho‘zib yuborasiz.
L ye sh ch (lutfan). Bunga odamlardagi illatlarning ko‘pligi aybdor.S o f ya (Yakovga.) Men Aleksandrning politsiyada ishlashini juda-juda istayman.
Ya k o v (ming‘irlab). Nima qilish kerak?..
L ye sh ch. Shundan boshqa biron joyda ishlab ketishiga ko‘zim yetmaydi, bunisi aniq. Unda sal harbiylarga xos qad-qomatdan bor, u ko‘ngilli harbiy xizmatchi bo‘lgan, qandaydir unvonga ham ega. Yomon politsiyachi chiqmaydi, har holda… Muzofotda ishlaydigan bo‘ladi, albatta!
Ya k o v (ehtiyotkorona). Eng muhimi, Sofya, u uydan ketadi, bolalar ham undan qutulishadi. Ijozat etsang, o‘sha pulni bersam…
S o f ya (elkasini qisib).Nima qilishga ham hayronman.
Ya k o v. Pulni kimga berish kerak?
L ye sh ch. Men pul olmoqchi bo‘lganning nomini aytmayman, deb so‘z berganman.
Ya k o v (xijolat bo‘lib). Albatta… tushunaman…
L ye sh ch. Pora berish unchalar yoqimli ish emas o‘zi… Nima, tushki ovqatga yaqin qoldimi?
S o f ya. Yuringlar (Yakovga turishga ko‘maklashib.) Mana, men o‘g‘limni ham sotdim…
L ye sh ch (nasihatomuz). Sotganlarida – pul oladilar…
S o f ya. Ko‘nglimga chiroq yoqsa yorishmaydi…
Ya k o v (oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab). Na chora! Porasiz hayotimiz mashinasi ishlamaydi…
L ye sh ch (ortidan borarkan). Pulsiz hech qachon o‘z-o‘zingga mustaqil bo‘la olmaysan…

Oshxonadan chiqayotgan N a d ye j d a ularga ro‘baro‘ keladi.

L ye sh ch. Nima bo‘ldi?
Na d ye j d a.. Bir lahzaga, Pavel…(Etaklab, uni Ya k o v xonasiga qaytarib olib keladi. Past ovozda.) Oldingmi?
L ye sh ch (norozi). Qanday ehtiyotsizlik va beadablik… Go‘yo men bu pulni olib sendan yashirib qo‘yaman… voy-bo‘y!
Na d ye j d a (uni o‘pib). Jonginam Pashka, jahling chiqmasin! Besh yuzmi? A?.. Sen ikki yuz olasanmi?
L ye sh ch. Jim!..
N a d ye j d a. Innaykeyin, menga yoqut xochli taqinchoq olib berasan, esingdami, va’da qiluvding? O‘sha yoqut xochli taqinchoqni menga hadya qilishing kerak: axir bu gapni men o‘ylab topdim-ku.
L ye sh ch. Albatta, so‘zimning ustidan chiqaman! Yur, ketdik! U yerda choyga o‘tirishayapti… Bu nima shovqin?

Quloq soladilar..

Na d ye j d a (hayron bo‘lib). Dadam kepti!
L ye sh ch.Him-m!.. Kutilmaganda!..
I v a n (oshxonada). Nega meni hech kim kutib olmadi?
S o f ya. Bugun kelishingni kim bilipti, axir…
I v a n. Axir sizlarga telegramma yuborgan edim-ku?
S o f ya. Baqirma…
L ye sh ch. Shu yerda tura turaylik, sal sovib olsin.
N a d ye j d a (xo‘rsinib). Eh, masxaraboz dadaginam-ey!
I v a n (oshxona eshigida). Siz nobakorlar o‘limga hukm qilingan odam bilan, garchi u otangiz bo‘lsa ham, ko‘chada birga yurishga qo‘rqasizlar, a?
S o f ya. O‘tir, ovqat qil, Ivan…
I v a n (Ya k o v xonasiga boradi). Sarqitlaringiz kerak emas! Nadejda, nega meni hech kim kutib olmadi?
N a d ye j d a. Biz bilmabmiz.
I v a n. Bo‘lmagan gap! A-a-a, janoblar! Baringizni yaxshi tushunaman! O‘sha xizmatdan bo‘shagan kunimdan beri, sizlarning oldingizda qadr-qimmatim qolmadi…
L ye sh ch. Avval salomlashsangiz bo‘larmidi…
I v a n. Nima?.. Salom…
L ye sh ch. Jinoyatchi, haligi…
I v a n. Haligi, menga qo‘l ko‘targan tuturiqsiz, – xo‘sh, unga nima bo‘pti?
L ye sh ch. Asablari qattiq buzilib, kasal bo‘libdi…
I v a n. Bu uni oqlay olmaydi, noma’qulni aytibsan!
L ye sh ch. Shundayku-ya, ammo uni sud qilib bo‘lmaydi…
I v a n. Nimaga?

Divanga o‘tirib qoladi. Oshxona eshigi oldida P yo t r, V ye r a, S o f ya, keyin A l ye k s a n d r paydo bo‘ladilar. Parda ortidagi eshikdan Ya k o v xonasiga L yu b o v kirib keladi, u enaganing kursisi oldida to‘xtaydi. Enaga o‘zicha ming‘irlab, bosh tebratib asta kuladi. L ye sh ch bilan N a d ye j d a Ivan oldida turishadi. Oshxonada O q s o ch xotin ivirsinib yuradi.

S o f ya (oshxonaga ketayotib). Stolga o‘tiringlar!
I v a n. Tomog‘imdan bir narsa o‘tarmidi!
A l ye k s a n d r. Siz aroqdan oling, u o‘tkazadi.
I v a n. Nimaga sen meni vokzalda kutib olmading?
A l ye k s a n d r. Keling endi, qo‘ysangiz-chi!
I v a n (qariyb samimiy). Yo‘q, ko‘nglim o‘ksidi… Nahotki, men ozgina mehringizga ham arzimasam, bolalarim, a? Bu qanday gap, axir?
Ya k o v. (oshxonadan). Bas qil endi, Ivan…
L yu b o v (dadasining oldiga kelib, sovuq ohangda). Bu ayanchli tomoshani tezda tugatasizmi yoki tugashiga hali uzoqmi?
I v a n (turadi). Ayanchli tomosha?.. (Hammaga.) U dadasi haqida shunday gapirayapti, taxt ila qonunga xizmat qilgan dadasi haqida…
L yu b o v (xotirjam). Meni o‘tkazib yuboringlar, ovqat yegim keldi…
I v a n. Kimning nonini yeyishga boryapsan, bukri bedavo?
Ya k o v (qichqiradi). Ivan! Yo, tavba…
L yu b o v (xotirjam, qattiq ovozda). Men sizning ukangiz nonini yeyman.
S o f ya. Ivan, sen jillaqursa oqsochdan uyal…
I v a n (atrofga nazar solib). Nima? Bu qanaqasi?
L yu b o v . Yomon so‘zlar bilan menga qo‘pollik qilmang.
I v a n (hayratda atrofga qarab). Bu – bu, yangilik…
Ya k o v (Pyotr ko‘magida turarkan, hayajonli, sekin). Nima bo‘ldi? Aqldan ozdingizmi hammangiz? Ivan!.. Kel… Kel…
I v a n (ketayotib). Agar u men bilan bir dasturxonda o‘tirsa, hech narsa tomog‘imdan o‘tmaydi, yemayman, ichmayman…

Hamma uning ortidan boradi. Ya k o v, P yo t r va L yu b o v yolg‘iz qoladilar.

Ya k o v. (sekin). Lyuba, senga nima bo‘ldi?
L yu b o v (sekin). Siz o‘zingiz nima deb o‘ylayapsiz?

Uning qarashiga dosh berolmagan Ya k o v boshini quyi soladi. P yo t r ularga shubhalanib qaraydi.

I v a n (oshxonada, alamli). Dushmanlikning bunday yovuz ko‘rinishi mening oilamda qanday paydo bo‘lib qoldi ekan?
A l ye k s a n d r. Sizning sog‘ligingiz uchun, dada!

Ya k o v bilan P yo t r jim stolga yaqinlashib kelishadi. L yu b o v ning o‘zi yolg‘iz, atrofga qarab, shol ro‘molga o‘ranib oladi.

F ye d o s ya (kursida egilib, L yu b o vga jilmayib qaraydi, imlab chaqirib, shivirlaydi). Lyubushka, bu yoqqa kel, bu yoqqa… Anavi bizning urishqog‘imiz nima deb qichqirayapti…
L ye sh ch (oshxonada). Qadamingizga hasanot! Ahil oilamiz a’zolarining barcha orzu o‘ylari ro‘yobga chiqsin!..

P a r d a

IKKINChI PARDA

Oshxonaning bir qismi – devorida ko‘hna soat osig‘liq fayzi yo‘q bir burchak. Dabdabali bufet va bahaybat stol, stolning yarmi sahnadan chiqib ketgan, ko‘rinmaydi. Qora movut tutilgan keng ravoq oshxonani mehmonxonadan ajratib turadi: mehmonxona oshxonadan ichkariroqda, xona eski mebel jihozlari bilan to‘ldirilgan. O‘ng tomonda burchakda kichkina elektr chiroq yonib turibdi: uning yorug‘ida Vera kushetkada yotib kitob o‘qimoqda. P yo t r bir narsa qidirganday stullar orasida
timirsklanib yuradi. Ichkarida deraza oldida L yu b o v stulga tizzalarini
qo‘yib, suyanchiqdan ushlagancha derazaga qarab turibdi.

P yo t r (sekin, o‘jarlik bilan). Men haqiqatni bilishni istayman…
L yu b o v (Pyotr tomon o‘girilib). Sen janjalingni oyimga ayta ko‘rma.
P yo t r (shubha bilan). Nega?
V ye r a (o‘kinch bilan). Shunday xalal beryapsanki menga, Petka!
L yu b o v . Nima keragi bor uning yuragini o‘ynatishning!
P yo t r (o‘jarlik bilan). Bordi-yu, Maksimov haq bo‘lib chiqsa-chi?
V ye r a (qizg‘in, ta’nali). Uyalmaysanmi, Pyotr! Sening dadam haqida yomon o‘ylashga haqqing yo‘q!
P yo t r (xayolga cho‘mib). Jim bo‘lsang-chi, Verka, esing yo‘q-da…
V ye r a. Sening bo‘lsa burning ko‘tarilib ketdi…
P yo t r (qattiq turib). Nega javob bermayapsan, Lyubov?
V ye r a. Yaxshi bir odam bilan tanishdingu, kekkayib ketding…
L yu b o v (stuldan tushib). Senga nima ham derdim.
P yo t r. Sen kattasan, sen bilishing kerak… U dadamizni poraxo‘r va qo‘rqoq dedi, u…
V ye r a (sakrab turib). Bunday yaramas gaplarni mening oldimda boshqa gapirma, bo‘lmasa oyimga aytib beraman…
P yo t r (unga sinchkov tikilib). Bor, ayt! Qani?..
V ye r a (yugurib). Boraman ham! Bormaydi deb o‘ylaysanmi?
L yu b o v (tashvishga tushib). Vera, kerakmas! Yomon bo‘ladi, Pyotr!
P yo t r. Ha, yomon bo‘ladi, ayniqsa, dadang haqida shunday gapirib tursalar…. Lyubov, ayt-chi, uning qamoqdagilarni urishga buyruq bergani va ulardan ikkitasining o‘lgani rostmi? Shunday qilish kerak emas edi… To‘g‘rimi?
L yu b o v (shoshilmay). Quloq sol, Pyotr, men haqiqatni gapirmaslik kerak ekan, degan fikrga keldim…
P yo t r. Menga gapirmaslik kerakmi?
L yu b o v . Hammaga ham gapirish kerak emas…
P yo t r. Nega?
L yu b o v . Bu, nazarimda, befoyda bir ish.
P yo t r (ishonqiramay). Haqiqat – befoyda ish! Tushunib bo‘lmaydi…
L yu b o v . Agar sen botqoq yerga don sepsang – bir narsa unadimi, pishadimi?
P yo t r (o‘ylab, xafa bo‘lib). Ah-a, sen meni bir sho‘rligu notavon, deb o‘ylayapsan-da, a? Sen – battolu battarinsan, bukurliging uchun dunyoda zahringni sochmagan odaming yo‘q…
L yu b o v (irjayib). Agar senga bir chiroyli odam chiroyli so‘zlar bilan haqiqatni aytib bersa, shundagina ishonasan, men aytsam-chi, ishonmaysan, chunki men bukurman. Kassandra ham, ehtimol, mayib-majruh bo‘lgandir, balki ayni shu sababdan uning bashoratlariga ham birov ishonmay qo‘ygandir…
P yo t r (o‘ylanib). Gapni chalkashtirma, buning menga keragi yo‘q. Baribir bilib olaman. (Jim qoladi, ma’yus ohangda.) Meni kechirgin… mazam qochib boryapti… Mening ham… zardam qaynab ketdi…
L yu b o v (sekin). Senga achinaman.
P yo t r (qovog‘ini solib). Ammo men… yolg‘on gapirgim yo‘q, mening nazarimda, hech kimga achinish kerak emas! (Keta boshlaydi.)
L yu b o v (jiddiy). Seningcha, gapirmasak, sukut saqlasak yolg‘on gapirgan bo‘lar ekanmiz-da?
P yo t r. Bo‘lmasa-chi! Haqiqatni aytmay sukut saqlash – yolg‘on gapirish demakdir.

L yu b o v xonaning o‘rtasida, yuzlaridan qahri kelgani ko‘rinib turadi, qovog‘i soliq. Oshxonada qopga o‘xshash uy kiyimida, sochlari yoyilgan holda
N a d ye j d a yuribdi.

Na d ye j d a. Verka shu yerdami? Yaramas qizcha-ey, mening butun soch to‘g‘nog‘ichlarimni olib ketibdi. Nimaga boyo‘g‘liga o‘xshab o‘tiribsan?
L yu b o v . O‘xshayapmanmi?
N a d ye j d a. Bu Verka qanday odam bo‘larkin, hatto o‘ylashga qo‘rqaman! Undan qo‘rqqiliq, juda o‘zboshimcha qizcha. Nega oyim e’tibor qilmaydi, hayronman. Sen ham g‘alati bo‘lib ketayapsan. Aslida-ku, sen hamisha ham shunday eding-a. Sen hech narsa bilan shug‘ullanmaysan, bu zararli-ku! Mana, Verkaga ko‘z-quloq bo‘lishda oyimga ko‘maklashsang zo‘r bo‘lardi, bu kerak narsa…
L yu b o v . Dadam uxlagani yotdimi?
N a d ye j d a. Har galgiday. Kechqurun prokuror oldiga boray, deb kiyina boshladim, lekin hali ertaroq .
L yu b o v (kulib, unga ko‘z yugurtib chiqarkan). Hayoting zerikarli emasmi, Nadya?
N a d ye j d a. Zinhor-bazinhor! Menikiday go‘zal qaddi-qomat bilan zerikarli bo‘larkanmi! Faqat esi pastlargina zerikishlari mumkin.
L yu b o v . Bu sening Leshchingning gapimi?
N a d ye j d a. Mening o‘z til-zabonim bor.
L yu b o v . A-a, ma’noyu fikrlar ham bormi?
N a d ye j d a. Behudaga urinma, igna sanchib gapirishlaring menga o‘tmaydi. Ah-a, mana Verka ham kepqoldi! Unga bir ko‘rsatib qo‘yay birovning narsasini olishni!

Tezda ketadi. O‘ng tomondan eshikdan F ye d o s ya kirib keladi.

F ye d o s ya. Lyubushka, girgittonim! Aleksandr, shumgina, to‘qiyotgan narsamni biron joyga yashirib qo‘yibdi, qidirib topib bersang-chi…
L yu b o v (divandan enaganing to‘qiyotgan narsasini olib uzatadi). Mana, enaga!
F ye d o s ya. Takasaltangni qara-ya. Undirdim-o‘stirdim, pahlavon bo‘ladi, deb niyat qildim, endi bilsam bitta haromtomoqni katta qilibman. Biz, enagalar, mana shunaqamiz-da. Ovsar bo‘lib chiqsa ham go‘rga edi, yo‘q, bari firibgaru muttaham bo‘lib voyaga yetyapti.
L yu b o v (irjayib). Ha, enaga, gaplaring to‘g‘ri – uchirmalaringdan omading yo‘q ekan…
F ye d o s ya. Nima deding?..

Atrofga qaraydi, stol yoniga o‘tirarkan, to‘qiyotgan narsasini yoya boshlaydi va har safargidek bir nimalarnidir pichirlaydi. Oshxonadan o‘zaro gaplashgancha P yo t r bilan S o f ya o‘tib boradilar, keyin S o f ya katga o‘tiradi, P yo t r uning poyiga tiz cho‘kadi. So‘ng V ye r a chopib kiradi, oyisining yoniga o‘tiradi va sochlarini
tuzata boshlaydi.

P yo t r (o‘yga tolib). Biz choy ichib o‘tirgan edik, shunday bir zamonlar keladiki, deb gapirdi u, odamlar hozir velosipedda qanday yengil yurishgan bo‘lsa, xuddi shunday havoda oson uchib yurishadigan bo‘ladi…
S o f ya. Siyosat haqida-chi, gaplashmadinglarmi?
P yo t r. Siyosatdan ham gap ketdi. U hamma narsa haqida ham chiroyli qilib gapirarkan.
S o f ya (qat’iyat bilan). Xo‘sh, siyosat haqida nima dedi?
L yu b o v (kinoyali). Eh, oyijon, oyijon-ey! Politsmeysterning xotini…
P yo t r (eslab). Unutibman… Yaxshi gapirdi. Uning ko‘zlari tiyrak ekan. Lekin odamlarga rahmi kelmaydigan, bag‘ritoshlar xilidan ekan nazarimda, – yuzta kuchli odam o‘lsa, deydi, ojizlardan mingtasi nobud bo‘ladi…
S o f ya (tashvishli). Nimadan nobud bo‘lar ekan?
P yo t r (kulib). Eslay olmayman. Yo‘q, yaxshi tushuna olmadim, shekilli…
S o f ya (ehtiyotkorona). Seningcha, u inqilobchi emasmikin?
P yo t r (norizo bo‘lib). Yo‘g‘-e, oyijon, bo‘lmagan gap!
S o f ya (xo‘rsinib). Ular juda ayyor, Petya…
V ye r a (oyisiga). Petkani koyib qo‘ydingmi?
S o f ya (shoshilib). Ha, ha… Gapir, gapiraver…
P yo t r. Keyin oyimtilla Natalya Mixaylovna kelib, kitoblar haqida so‘zlab ketdi…
V ye r a (erkalanib). Oyijon, men o‘shaning oldiga boray! Axir oyimtillalar uning mehmoni bo‘lisharkan…
S o f ya. Bu juda noqulay. Men uni tanimayman.
L yu b o v . Veraning Yakorev bilan tanishuvini ma’qul deb o‘ylaysanmi, oyi?
S o f ya. Yakorevni dadang yaxshi biladi.
L yu b o v . Nahotki, shu narsa uning obro‘yini orttirsa?
S o f ya. To‘xtab tur, Lyuba… (P yo t r g a.) U sening Kolomiytsev o‘g‘li ekanligingni biladimi?
P yo t r (biroz to‘xtab). Albatta-da! (O‘rnidan turadi, nari ketarkan, o‘zicha g‘udranadi). Kolomiytsevning o‘g‘li… Xuddi yuqumli kasallik haqida gapirganday gapirasan-a, bu haqda…
V ye r a. Eshityapsizmi, oyi? Voy yaramas Petka-ey!.. Oyijon, uni biznikiga taklif eting, xo‘pmi?
S o f ya. O‘ylab ko‘ray-chi.
V ye r a. Voy, xudoyim-ey, bizda biram zerikarliki!.. Nuqul politsiyachilar yurgani yurgan, tag‘in o‘zlarini harbiylardan qilib ko‘rsatishlari ortiqcha…

I v a n qo‘llarini orqasiga qilgancha oshxonaga kirib keladi, soatga qarab, barmog‘ini nuqib, po‘pisa qilib qo‘yadi. Bufetni ochib, vinodan quyib icharkan, boshini chayqaydi, mo‘ylovini to‘g‘rilagan bo‘lib, mehmonxonaga
ko‘z tashlaydi.

F ye d o s ya. Sofyushka, Aleksandrni uylab qo‘ysang zo‘r bo‘lardi! Verochkani ham erga berish kerak… Qancha bolalar bo‘ladi-ya!..(Ovozsiz kuladi.)

P yo t r uning oldida to‘xtab, qovog‘ini solib qaraydi.

I v a n. Bu yerda birov bormi?
S o f ya. Bolalar bor.
I v a n. Sen-chi?
S o f ya. Nima, men?
I v a n. Sen ular bilan birgamisan?
S o f ya. Ha, albatta…
I v a n. Demak, men va bolalar bor, deb aytishing kerak edi. Nimaga qorong‘i? Men yorug‘likni, o‘tni yaxshi ko‘raman, bilasizlar-ku!
F ye d o s ya (g‘udranib). Keng maydonga chiqdilar, balolarni yiqdilar, qilich bilan chopdilar, turpoq ko‘rpa yopdilar…

P yo t r hamma chiroqni yoqadi, S o f ya g‘amgin, V ye r a qo‘rqqan holda,
L yu b o v esa istehzoli qarab turadilar.

I v a n (xonada asta yuradi va bosiq imo-ishoralar qiladi). Har doim muhim davlat ishlari bilan shug‘ullangan kishilarni o‘z atrofida ko‘rib o‘rgangan odam birdan bekorchi bo‘lib qolsa, qattiq eziladi. Sen nega darsingni tayyorlamayapsan, Pyotr?
P yo t r (diqqat bilan dadasiga tikilib). Tayyorlab bo‘ldim.
I v a n. Aldayotgan bo‘lsang kerak. Ertaga bo‘lsa, sen kallavaramga sinfda tushlik ovqat berishmaydi, keyin dadang buni ko‘rib uyatdan o‘zini qayga qo‘yishni bilmay qoladi. Men bir narsaga hayronman, hech kim hech narsa qilayotgani yo‘q, qanday qilib yashayapsizlar?
L yu b o v . Bir ishlashni bizga o‘rgating.
I v a n. Xo-xo-xo! Ishlash!.. Qo‘lingdan nima keladi?
L yu b o v (xotirjam). Tuzukkina rasm chizaman, masalan, qalbaki pullar qilish qo‘limdan keladi…
I v a n (unga tomon yuradi). Men seni… (Ko‘ziga ko‘zi tushib, gapini yumshoqroq tugatadi.) Chiqib ket bu yerdan! Pyotr va Vera – sizlar ham jo‘nab qolinglar. Men oyingiz bilan gaplashishim zarur…

V ye r a bilan P yo t r tezda chiqib ketishadi, L yu b o v shoshilmay keta boshlaydi, oshxonada ro‘molining uchi stulga ilinib to‘xtab qoladi. F ye d o s ya boshini ko‘tarib I v a n g a qaraydi, I v a n buni sezadi.

I v a n. Mana bu qari boyo‘g‘li nima qilib o‘ralashib yuribdi bu yerda? G‘aribxonaga jo‘natish kerak uni!
S o f ya. Ivan, qo‘ya qol…
I v a n (baland ovozda). Enaga! Qorangni o‘chir, ket! Eshityapsanmi?
F ye d o s ya (o‘rnidan turib). Eshityapman, qoqindiq… Kar emasman, eshitmay…(Oshxonaga ketadi.)
I v a n. Quloq sol, Sofya, men uyni yaxshilashga qaror qildim…
S o f ya. Birovning uyini.
I v a n (jiddiy). Bu ukamning uyi! Yakov o‘lgandan keyin uy meniki bo‘ladi. Bema’ni narsalarni gapirma. Demak, men uyni yaxshilashu, bolalarim tarbiyasi bilan shaxsan o‘zim shug‘ullanishim kerak. Ishlab yurgan paytlarimda bolalarni yomon tarbiya qilganingni sezmagan ekanman, endi buni tuzatishga vaqt topiladi, endi bu ishga qattiq kirishaman. (O‘ylanib.) Eng avvalo mening xonamdan ko‘cha tomonga darcha ochish kerak. Koridorga chiqadigan eshik ochish ham zarur. Keyin, Lyubov ishlashi kerak – erga-ku, chiqmaydi albatta, mayib-mayriqni olaman deb kimning ham ko‘zi uchib turibdi, uning ustiga badjahl bo‘lsa!

L yu b o v ro‘molini boshidan olib bo‘lgan edi, I v a n ning so‘zlarini eshitib, mehmonxonaga qaytmoqchi ham bo‘ladi, ammo oyisining past ovozda gapirishi uni to‘xtatadi.

S o f ya. Kimning aybi bilan bukur bo‘lganini esingdan chiqarma…
I v a n (past ovozda). Esimda, esimda-a! Yigirma ming marta tanbeh eshitdim-ku, shuning uchun! (Sekin.) Balki sen bu haqda uning o‘ziga aytib bergandirsan, shuning uchun meni yoqtirmas? Aytdingmi, a?
S o f ya (jahli chiqib). Yo‘q, aytganim yo‘q… qo‘lingdan tushib ketdimi yo ataylab rashk qilib tashlab yubordingmi – bunisini bilmayman, Ammo… enaga buni ko‘rgan, u biladi.
I v a n (tahdidli). Tamom – bu haqda boshqa og‘iz ochish yo‘q! Kim tashlab yuborganini men bilmayman.
S o f ya. Sen mast ekansan.
I v a n (sekin, qulog‘iga shivirlab). Balki… sen tashlab yuborgandirsan? Sen emasligingni qanday isbot qilasan? Aha-a! Sen mast bo‘lmasmiding? Bir narsani esingdan chiqarma: Lyubovning mening qizim ekanligiga shubham bor, jiyanim bo‘lsa kerak…
S o f ya (yuziga tik qarab). Shuning uchun tashlab yubordim o‘shanda, degin? Shundaymi?
I v a n. Og‘zingni yum!..
S o f ya. Meni xiyonat qildi deyishga qanday tiling boradi? Sen o‘nlab xotinlar bilan yurding…
I v a n. Yurdimmi? Men – erkakman! Yurish qo‘limdan keladi, tamom, demak haqqim bor! Shunday qilishni istadim!
S o f ya. Men-chi? Mening qo‘limdan kelmasmidi?
I v a n. Sen bunga jur’at qilolmasding! Bo‘ldi, bas! Lyubov ishlashi kerak, deyapman men, mayli biron-bir qishloqda o‘qituvchilik qilsin. Uyda uning qiladigan ishi yo‘q, keyin, Pyotr bilan Veraga yomon ta’sir qilishi mumkin… Innaykeyin, Kovalyovning Veraga uylangisi bor, ammo unga besh ming so‘m kerak emish.
S o f ya (qo‘rqib). Kovalyov? Haligi fohishaboz va kasal odam-a?..
I v a n. Sog‘lom va boodob kuyovni men senga qayerdan olaman? Sen Nadejdaga er topdingmi? Nadejdaning o‘zi topdi. Verka esa topolmaydi, u juda go‘l. Lekin dadilligi bor. Kovalyov serg‘ayrat odam, u tezdagina yo politsmeysterga muovin bo‘ladi, yo uyezd boshlig‘i… Sen Yakovni besh ming so‘m berishga ko‘ndirishing kerak… ham bizga, ham to‘y xarajatlariga… (Kinoya bilan) u senga yo‘q deyolmaydi… (Tashvishli.) Senga nima bo‘ldi… Nega bunaqa qarayapsan? Nima bo‘ldi?..
S o f ya (sekin). Ko‘z oldim qorong‘ilashib ketdi.
I v a n (tinchlanib). Davolangin!
S o f ya (qo‘rqib, ma’yus). Men… ko‘rmayapman…
I v a n (g‘ashi kelib). Davolangin, deyapman-ku! Doktor bo‘lsa o‘zimizdan.
S o f ya (sekin, o‘ziga kelib). Yo tavba, qanday dahshat…
I v a n (atrofga qarab, qovog‘ini solib). Men ham ko‘chaga chiqsam ko‘z oldimni qorong‘iliq bosadi. Axir bombachilarga baribir: iste’foga chiqqanmisan, yo‘qmi, farqi yo‘q, o‘ldiraveradi… bari toshbag‘ir! (Birdan mayin va samimiy ohangda.) Sofya, quloq sol, men badjahl odammanmi, a?..
S o f ya (biroz to‘xtab). Bilmadim…
I v a n (irjayib). Men bilan yigirma yetti yil yashab-a?
S o f ya. Hozir hamma narsa o‘zgarib ketdi, hech narsaga tushunib bo‘lmaydi, hamma narsa xavfli. Sen haqingda kurakda turmaydigan gaplarni gapirishyapti… Sen badjahldan ham yomonsan.
I v a n (jirkanch bilan). Gazetalar!.. Oti o‘chsin barini!
S o f ya. Odamlar ham tinch turishgani yo‘q. Gazetalarni axir odamlar o‘qishyapti-da. (Ma’yus.) Sen nega asirlarni kaltaklashga bo‘yruq berding?
I v a n (sekin). Yolg‘on bu! Ularni qamoqqa tushguncha urishgan… ular qaysarlik qilishgan…
S o f ya. Qamoqqa olib ketishayotib yo‘lda urishgan!
I v a n. Ular qarshilik ko‘rsatib, qo‘shiqlar aytishgan! Ular mening gapimga quloq solishmadi. Sen bilasan-ku, men tezman, qarama-qarshiliklarni yoqtirmayman… Axir bular beboshvoq o‘zboshimcha odamlar, podshoning, tartibning ashaddiy dushmanlari… Ularni dorga osadilar, surgunga jo‘natadilar. Nega endi mumkin emas ekan… ularni jim bo‘lishga majbur etish kerak edi.
S o f ya. Ikkitasi o‘ldirilgan… ikkitasi…
I v a n. Ikkita bo‘lsa nima bo‘pti? Bular nimjon, ishsizlikdan sillasi qurigan odamlar, peshonasiga bir chertsang o‘ladi… Soldatlarning jini qo‘zib ketdi… (Jim qolgach, qo‘llarini yozib, samimiy ohangda.) Albatta… bir tomoni, men ham aybliman… hamisha jahling chiqib, zardang qaynab yashaysan… Boshqalarni ko‘rsang, menga qaraganda shafqatsiz jazolar o‘ylab topishadi, ammo ularga menga o‘xshatib o‘q otishmaydi.
S o f ya. Biz kerak narsa qolib, boshqasidan gapiryapmiz. Bu dahshatli zamonda bolalar qanday yashashi kerak, shundan gapiraylik… bolalarni nobud qilayotgan ham shu zamon… Anovi o‘ldirilganlar ham hali bola yoshida ekan…
I v a n (elkasini qisib). Bunga bolalarning qanday aloqasi bor?
S o f ya. Agar ular qoralab, ayblashsa-chi?
I v a n (g‘azablanib). Ular? Ular meni sud qilishadimi? Bolalar-a, mening pushti kamarimdan bo‘lganlar-a? Nimalar deyapsan o‘zi? Men ularni deb politsiyaga ishga kirsamu, shuning evaziga ulardan ta’nalar eshitsam-a?!.. Ularni deb… ko‘p narsadan mosuvo bo‘ldim, qiltillagan jonimni zo‘rg‘a saqlab qoldim.
L ye sh ch (oshxonadan). Mumkinmi?
I v a n. Bosh ustiga…
L ye sh ch (ikkisiga ko‘z tashlab). Kovalyov keldi.
I v a n (xotiniga). Uning oldiga chiq! Men hozir! Sal mulozamatni quyuqroq qil… umuman, tushunasan-ku!

S o f ya indamay chiqib ketadi. L ye sh ch jilmayadi.

I v a n (uncha xush ko‘rmay.) Nima… Xursandsiz, deyman?
L ye sh ch. Men ham tushunaman.
I v a n (jiddiy). Shunaqami? Quloq soling, muhtaram zot, men sizga aytsam, sizning xurmacha qiliqlaringiz obro‘yimni to‘kib qo‘yishi mumkin… To‘kkanda ham ja-a qoyilmaqom qilib!
L ye sh ch (qoshlarini ko‘tarib). O… Juda qiziq-ku.
I v a n. Ayting-chi, Aleksandrni xizmatga joylashtirish uchun necha pul berdingiz?
L ye sh ch. Uch yuz.
I v a n. Ukamdan besh yuz olibsiz-ku!
L ye sh ch. To‘g‘ri.
I v a n. Ikki yuzi qayoqda qoldi?

L ye sh ch indamay ko‘krak cho‘ntagini urib qo‘yadi.

I v a n. Bu xijolatli ish-ku!
L ye sh ch. Mening uchun… xijolatlimi?
I v a n. Umuman… O‘ylab ko‘ring – ukam bilib qoladi-ku!..
L ye sh ch. Kim unga aytadi?
I v a n. Mana men, masalan, aytib qo‘yishim mumkin…
L ye sh ch (jiddiy). Siz sal ehtiyot bo‘ling! Bu gapni esingizdan chiqaring.
I v a n (xijolat tortib, sidqidildan). Ammo siz shunaqa bir ohangda gapiryapsizki, go‘yo…
L ye sh ch. Esingizdan chiqaring, masalan, qizingizning uch ming so‘m qalinini unutib qo‘ydingiz-ku, shunga o‘xshab.
I v a n (yumshab). Sizga pul nimaga kerak? Axir bor-ku, yetarli.
L ye sh ch. Nadyaning aytishiga qaraganda, hali yetarli emas emish.
I v a n. Hm-m… Ha…. Darvoqe, sizda… yigirma so‘m topilmaydimi?
L ye sh ch. Buning hech keragi yo‘q . Ham ko‘plik qiladi.
I v a n (hayron bo‘lib). Nima uchun ko‘plik qilarkan?
L ye sh ch. Yigirma so‘m – yigirma foyiz degan so‘z.
I v a n (jahli chiqqanday). Siz… siz nimalar deyapsiz, muhtaram janob?
L ye sh ch. Sizga o‘nni beraman, vassalom! Kerak emasmi?.. Ixtiyoringiz. Sizga bir yangilikni aytib qo‘yishim kerak: idora xodimi Fedyakovning qizi bolamga nafaqa bersin, deb sizga da’vo qilmoqda.
I v a n (achchig‘i kelib). Voy, iflos-ey! Mening bolam ekanligini u qanday isbotlarkan?
L ye sh ch. Albatta, buni isbotlash qiyin. Ammo janjal bo‘ladi hali.
I v a n. Qanday qabihlik!
L ye sh ch. Idora xizmatchisi bor-ku, xat tashuvchi Trusov ustingizdan arz qilmoqchi…
I v a n. Uyammi… hayvon!
L ye sh ch. Ha. Shapaloq tekkanda uning quloq pardasi yirtilib ketibdi.
I v a n (o‘ylanib). Esingizdami, bir masal bor – yarador sherni eshaklar tepib o‘tishadi. Men o‘sha sherning o‘ziman hozir!
L ye sh ch. Bo‘lishi mumkin.
I v a n (samimiy). Ha, ha! Ular meni yana xizmatga qaytadi, deb qo‘rqishyapti, shuning uchun mening to‘g‘rimda har xil fisqu fujur gaplar tarqatib badnom qilishmoqchi – mana hasadgo‘ylarning xom cho‘ti! Odamlar deb qo‘yipti bularni!
L ye sh ch (pul uzatib, jiddiy). Yutqizganlarning holiga voy!
I v a n (pulni olib). Hali ko‘ramiz! Siz, azizim, shunaqa paytlarda menga ko‘mak berishingiz kerak, bilaman, sizning qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi! Sizning kallangiz uncha-muncha kallalardan emas, oltindan bo‘lgan!

Oshxonada yasangan N a d ye j d a paydo bo‘ladi, u dekolte ko‘ylakda, ochiq bo‘ynida qizil toshlardan yasalgan xoch ko‘rinadi. To‘xtab gapga quloq soladi.

I v a n. Sizdan ugina, bizdan bugina, deganlariday – ertaga klubda men sizni Muratov bilan tanishtirib qo‘yaman, bilasiz, haligi savdogar bor-ku, liberal?
L ye sh ch. Biron gap bormi?
I v a n. Uning jiyani qamoqda o‘tiribdi, qandaydir kitobchalar o‘qigani uchun, allakimlar bilan tanishgani uchun. Shu jiyanga kasal deb guvohnoma berish kerak, shunda uni qamoqdan chiqarib yuborishadi… U yigitni yaxshi taniyman, o‘zi aqlli bola! Kitobchalar bo‘lsa uning qo‘liga tasodifan tushib qolgan.
L ye sh ch (jiddiy). Agar aqlli bola bo‘lsa, unga yordam berish kerak.
I v a n. Tog‘asi uni juda yaxshi ko‘radi, unga bir narsa bo‘lmasin, deb yuragi taka-puka. U shuni deb uch yuzning bahridan o‘tib yuborishi mumkin…
L ye sh ch. Kam! Buni siyosat, deydilar.
Na d ye j d a (kiradi). Ketar vaqti bo‘ldi, Pavel…
I v a n (mo‘ylovini burab). Mana bu xonimga qarang! Ofatning o‘zi-ku!
L ye sh ch (ketarkan). Bir lahzaga Yakov amaki oldiga kirib chiqaman…
I v a n (uning orqasidan). Siz xotinimga bir qarasangiz bo‘lardi, ko‘zlari og‘riptimi… Sen bo‘lsang, Nadina, tobora chiroying ochilib boryapti!
N a d ye j d a. Bolalar yo‘q, shuning uchun-da…
I v a n (xo‘rsinib). Ha, Nadya, bolalar bizni qaritib-churitadi, rangimizni somon qiladi, ota-onalarning holi shu. Bolalar… bu so‘zda shunchalar ma’no ko‘pki… Beshovingdan, faqat seni yaxshi ko‘raman, faqat sendan ko‘nglim to‘q.
N a d ye j d a (ehtiyotkorona erkalanib). Sho‘rlik dadajonim! Sizga qiyin bo‘lib ketdi. Ilgari Nadyangizga har xil yaxshi narsalarni sovg‘a qilib turardingiz, endi qo‘lingiz kalta bo‘lib, sevimli qizchangizga biron-bir tuhfa ham qilmay qo‘yganingizdan ko‘nglingiz ozurda…
I v a n (ranjib). Ha, shunaqa, ilojim yo‘q.
N a d ye j d a. Bilasizmi? Siz amakimdan pul oling…
I v a n. Allaqachon olib bo‘lganman!
N a d ye j d a. Menga bir qancha paypoq sovg‘a qiling, esingizdami, ipak paypoqlar olib berardingiz.
I v a n. Esimda… Eh, Nadya…
L ye sh ch (kiradi). Men tayyorman. (Ivanga, past ovozda.) Yakov amakining ishlari pachava…
I v a n (sekin). Yo‘g‘-e…
L ye sh ch. Uning yuragi chatoq, juda chatoq!
I v a n (tashvishlanib). Hm-m…
N a d ye j d a. Dada, u bilan gaplashishingiz kerakmidi…
I v a n. Gaplashish… Nima haqda gaplashaman? Uning merosxo‘ri yolg‘iz menman!
L ye sh ch (ma’nodor qilib). Ishonchingiz komilmi? Yur ketdik, Nadya…
Na d ye j d a (dadasiga yuzini o‘pich uchun tutib). Ko‘rishguncha!
I v a n (o‘pib). Doim vaqting chog‘ bo‘lsin, azizam! Tinch bo‘l, omon bo‘l…(Yolg‘iz qolgach, xayolga berilgancha bufet oldiga boradi, stakanga vino quyib ichadi va g‘o‘ldiraydi.) Gaplashish kerakmi?.. Hm-m!..

Mehmonxonada o‘ng tomondan P yo t r kirib keladi, oromkursiga ko‘zlarini yumib boshini orqaga tashlagancha oromkursiga o‘tiradi. I v a n soatga qaraydi, soat eshigini ochib, millarini suradi. Soat sakkizga zang uradi. P yo t r ko‘zlarini ochib, atrofga qaraydi, I v a n “Podshoni o‘zing asra” qo‘shig‘ini hushtak chalib xirgoyi qilgancha, tashvishli va qovog‘i soliq holda oshxona o‘rtasida turib qoladi. P yo t r shiddat
bilan dadasi tomon yuradi.

P yo t r (hayajonli). Dada!
I v a n. Nima deysan?
P yo t r. Bir narsa so‘ramoqchiydim…
I v a n. Nimani so‘ramoqchisan?
P yo t r. Bu juda ham og‘ir va dahshatli…
I v a n ( unga tikilib). Chaynalmay gapir!
P yo t r. Ehtimol, bu juda ham yaramas bir ishdir… Ammo menga sal muloyimroq qarang… Ijozat bering, ko‘nglimdagini ochiq aytay…
I v a n. Sen dadangga hamisha ko‘nglingni ochib gapirishing kerak.
P yo t r. Men siz bilan inson inson bilan gaplashganday gaplashsam deyman…
I v a n (taajjublanib). Shuna-a-qami?.. (Birdan nimanidir fahmlaydi, o‘g‘lining yelkasidan tutib silkitadi va ta’nali shivirlaydi.) Kasal bo‘lib qoldingmi? Kasal bo‘ldingmi, yomon bola, a? Eh, buzuqi, yaramas, allaqachon-a, a?
P yo t r (g‘azablanib). Tinch qo‘ying meni… siz tushunmaysiz… Men soppa-sog‘man.
I v a n (qo‘yib yuborib). Aldayapsanmi, bola?!
P yo t r (sekin). Iltimos, dada, meni tinch qo‘ying!
I v a n (o‘kinchli ohangda). Nimalarni valdirayotgan eding bo‘lmasa, pandavaqi? Gapir, nima bo‘ldi?
P yo t r. Keyin… Endi ilojim yo‘q…
I v a n. Nayrang qilma, bo‘l!
P yo t r (tez mehmonxona tomon yurib). Ilojim yo‘q!
I v a n (qat’iy). To‘xta! To‘xta, deyapman senga!.. (Soatga qaraydi va tinchlanadi.) Attang, seni tutib olishga vaqt yo‘q-da…

Devor va stullarni ushlab Ya k o v yurib keladi.

I v a n (ukasiga qarab, afsuslanib labini chapillatadi). Ha, uka, oyoqlar ishlashdan bosh tortyaptimi, a? Ha, ukajon, endi bizlar qartayib qoldik! Ya’ni, harb ichra horigan ikkita jangchi…
Ya k o v. (qattiq hayajonda gapirarkan duduqlanib qoladi). Menga qara… ovozingni eshitib keldim, senga…
I v a n (uzr so‘rab). Ha, men baqirgan edim. Mumkinmas axir, otaman! Sen – o‘tir. Esingda bormi ikki grenadyor? (Ta’sirlanib, ammo ohangni buzib kuylaydi).

Ikki-i grenadyor Frantsiya sari
Rus asirligidan qaytarlar g‘amgin,
Ikkisi-i-i ham…

(Qo‘shiq so‘zlarini unutadi). Ha… Kechirasan, Yasha, men ketayapman…
F ye d o s ya (keladi). Nimaga, Yasha, bir o‘zing yuribsan, yiqilib tushasan-ku… Eh, sen-ey…
Ya k o v. O‘tinib so‘rayman – to‘xta, qol!.. Sen bilan gaplashishim kerak.
I v a n (soatga qarab). Ilojim yo‘q, og‘ayni! Ketishim zarur, ha…
Ya k o v. Juda muhim gap, Lyuba haqida gaplashmoqchiman…
I v a n (qovog‘ini solib). Hm-m… Sen bugun juda ham holdan toyib qolding. O‘zim ham sen bilan ko‘p narsalarni gaplashib olishim kerak… bolalar haqida… boshqalar haqida… (Qat’iy.) Ammo bugunmas! Ertaga gaplashamiz, Yakov! Ha, ertaga, do‘stginam! (Ukasi javob berib ulgurmay, ketadi.)
Ya k o v (orqasidan). Ivan, ehtimol, ertaga men… (Qo‘l siltab, xonasiga qaytadi.)
F ye d o s ya. Yana birnimalarnidir izlab ketdi! (Yurarkan, to‘qiyotgan narsasi yerda chuvalib boradi.) Bir umr toshday bo‘lib yashadi-ya, toshday na o‘sdi, na undirdi, endi nimani ham qidiradi? Cho‘llarda g‘iz-g‘izlashar, xazinalar izlashar… Sizga qarab qolibman, anqayibman, tolibman…(Ketadi.)

Mehmonxonaga shiddat bilan V ye r a yugurib kiradi, u Ya k o v ning qo‘lidan ushlab sudrab keladi. Bu daha nazoratchisi kiyimidagi chiroyli, yosh yigit. Ularning ortidan
qovog‘i soliq va asabiy holda Pyotr kirib keladi.

V ye r a. O‘tiring va gapingizni davom ettiring.
Ya k o r ye v. Siz qo‘rqayotganingiz yo‘qmi?
V ye r a. Aslida jami qahramonona ishlar ozroq qo‘rqinchli bo‘ladiyam, ammo shundoq qilish kerak!
Ya k o r ye v. To‘g‘ri. Xo‘-o‘sh, demak, u menga o‘q uzdi, men shu zahotiyoq naganimdan javob qaytardim va yaxshiroq otish uchun yerga qapishib yotib oldim. Otganimda ham, pardon*, faqat qorniga tekkizib og‘ir yarador qilish payida bo‘ldim. Uchinchi otishimda hujum qilganlardan birini, – uning san’at maktabi talabasi Nikolay Uxov ekanligi keyin ma’lum bo‘ldi, – tizzasidan yengil yarador qildim…
V ye r a (qo‘l siltab). Unaqamas, unaqamas!
Ya k o r ye v (hayron bo‘lib). Ajabo, nima deyapsiz o‘zi? Protokol bilan solishtirib ko‘ring… Sizga ko‘chirmasini olib kelaman!
V ye r a (ishonch bilan). Protokoldagiday qilib gapirish kerak emas! Kerak emas, tushunyapsizmi?
Ya k o r ye v (istehzoli). U holda gaplarim yolg‘on bo‘lib chiqadi-ku!
V ye r a (er tepib). Eh, qanaqa ekansiz-a! Pyotr, dahshatli narsalarni qanday hikoya qilishni unga bir tushuntirib qo‘y…
P yo t r (norozi). Yakorev, sen bu haqda endi gapirmasang bo‘lardi…
Ya k o r ye v. Nimaga endi? Qiziq-ku.
P yo t r. Bu yerda mag‘rurlanadigan hech narsa yo‘q…
V ye r a. Gaping yolg‘on, Petka!
Ya k o r ye v (xafa bo‘lib). Nega hech narsa yo‘q bo‘larkan? Men jonimni jabborga berib harakat qildim, siz bo‘lsa, dvoryanin, tushunishingiz kerak edi…
P yo t r. Men esa – tushunmayman. Istamayman ham. Bordi-yu, tushunib yetsam, ehtimol, sizga qo‘l bermagan bo‘larmidim…
V ye r a. Petka, bu yog‘i qandoq bo‘ldi?
Ya k o r ye v (o‘rnidan turib). Burningiz ko‘tarilib ketyapti, Pyotr. Siz gimnaziyani bitirayotibsiz, meni esa gimnaziyadan haydadilar, agar kekkayishingiz boisi shu bo‘lsa, unda bu mening izzat-nafsimga tegadi…
V ye r a (xursand). Qoyil! Mana qarang: Yakorev, siz haqiqiy qahramonlarday gapira olishingiz mumkin, qizg‘in, olijanoblarcha…
Ya k o r ye v (ovozini ko‘tarib). Siz o‘zingizni yaramaslarcha tutmoqdasiz.
V ye r a. Hay-hay, so‘kishmanglar!
P yo t r (beparvo). Bu gaplaringiz menga bir tiyin! O‘zimni qanday tutishim haqida fikringizni bilay, deb judayam ko‘zim uchib turgani yo‘q. Qandaydir bolalarga o‘q otibsiz – ammo qo‘rqqaningizdan otganligingiz aniq…
V ye r a. Gaplaring yolg‘on, Petka!
Ya k o r ye v (jahli chiqib). Qo‘rqqanimdan otibman? Men-a?..
P yo t r (loqayd). Albatta. Kayfingiz uchib ketib, palapartish tasirlatib qolgansiz-da…
Ya k o r ye v (tahdid bilan). Bu, do‘stginam, jiddiy gaplar, ha….
P yo t r (singlisiga, mayna qilib). Uni sudga berish kerak, sen esi yo‘q bo‘lsa, uni qahramonga chiqarib o‘tiribsan…
V ye r a (o‘zini yo‘qotib). Ha, qahramon… u qahramon, faqat gapirishni bilmaydi…
Ya k o r yev. Men ketaman, Vera Ivanovna! Siz bilan bo‘lsa, Pyotr, keyin gaplashaman! Men ham dvoryanlardan…
P yo t r (istehzo bilan). Duelga chaqirmoqchimisiz?
V ye r a (ichidan zavqi kelib). Yo‘qmi? Yakorev, nahotki duel, a? Petya, azizim!..
Ya k o r ye v (ma’nodor qilib). Ko‘raman… o‘ylab ko‘raman…(Ketadi.)
V ye r a (Yakorevni kuzatib). Juda soz, Yakorev, siz olijanob insonsiz! Petka kibrlanib ketdi – bu to‘g‘ri. U bir janob bilan, ehtimol inqilobchi bo‘lsa kerak, tanishib oldi-yu, shundan beri…

Ketadilar. P yo t r bufet oldiga kelib, aroq quyib ichadi. O‘z xonasidan iloji boricha shoshilib Ya k o v chiqib keladi.

Ya k o v. Menga suv olib ber, Petya.
P yo t r. Bu – aroq.
Ya k o v. Aroq? Nimaga ichayapsan?
P yo t r. Shunday, o‘zim. Balki tish og‘rig‘iga davo bo‘lar.
Ya k o v. E-eh, Petya! Tezroq suv ber!..
P yo t r (suv berib). Kimdir yig‘layaptimi?
Ya k o v. Ha.
P yo tr . Oyimmi?
Ya k o v (chiqayotib). Lyuba…
P yo t r. Suvni men eltib beraqolay…
Ya k o v. Yo‘q. Sen uyoqqa borma…
P yo t r (dag‘alroq). Borgim ham yo‘q, ja-a…

S o f ya bilan sochlari oqargan S o k o l o v a xonim kirib keladilar. Xonim qaddini tik tutib, ichki bir shijoat bilan past ovozda gapiradi, bu esa unga eshitguvchida hurmat hissini uyg‘otadi.

S o k o l o v a. Mening nimaga kelganimni tushungandirsiz?
S o f ya (o‘zini qanday tutishni bilmay). Men maktubingizni oldim… Petya, bizni xoli qo‘y…

P yo t r S o k o l o v a ning yuziga tikilib qaraganicha unga tomon yuradi, xonim ham unga tikiladi. Pyotr, ta’zim qilib, qo‘l uzatmoqchi bo‘lganda
S o f ya o‘rtaga turib oladi.

S o f ya (shosha-pisha). Petya, iltimos! Marhamat, o‘tiring.

Pyotr ketadi.

S o k o l o v a (o‘tirmaydi. Avval qat’iy, kesib-kesib gapiradi, so‘ng qizishib ketadi, so‘zlari buyruq ohangida). Mening o‘g‘lim aybdor emas, u sizning eringizga o‘q otgani yo‘q, – shuni aytgani keldim, tushunyapsizmi? Mening o‘g‘lim birovning hayotiga suiqasd qiladiganlardan emas… Terrorchi emas u! U Rossiyadagi barcha sof vijdonli kishilar singari inqilobchi, albatta…
S o f ya (takrorlab, “sof vijdonli” so‘ziga urg‘u berib). Barcha sof vijdonli kishilar singari-ya?
S o k o l o v a. Ha, Sizningcha, bu gapga ishonib bo‘lmaydimi?
S o f ya (tez javob bermay). Bilmadim.
S o k o l o v a. Eringiz uni ko‘rsatib xato qilibdi. Xatolikka xato, ammo men sizga aytsam, bu xatoni tuzatish kerak. O‘g‘lim, mana, besh oyki, qamoqda yotibdi, endi bo‘lsa kasalga chalinibdi – kelishimning sababi ham shu… Unda otasidan yomon irsiyat qolgan, bilasizmi, otasi juda asabiy odam edi, men… men juda qo‘rqayapman, tushunayapsizmi? Bolam umri qanday kecharkin, degan vahimali o‘yning nimaligini bilarsiz? Ayting-chi, hech shunday vahimali o‘ylar iskanjasida qolganmisiz?..
U S o f ya ning qo‘lidan ushlab ko‘zlariga qaraydi. S o f ya o‘zini yo‘qotgancha boshini quyi soladi, bir necha daqiqa ikkisi ham jim qoladilar.

S o f ya (diqqat-e’tibor qilib). Biz terrorchilar bergan bayonotni oldik. Ular sizning o‘g‘lingizni bu ishda qatnashmagan deyishgan…
S o k o l o v a. Nazarimda, o‘zini bilgan odamga xatosini tan olish uchun shu yetarli bo‘lsa kerak…
S o f ya (sekin). Men bilan bunday keskin ohangda gaplashmang…
S o k o l o v a (tez javob bermay). Meni kechirishingizni so‘rayman.
S o f ya (xo‘rsinib). Fikrimcha, biz boshqacha gaplashishimiz mumkin…
S o k o l o v a (unga tomon egilib). Ha, xuddi ikki ona gaplashganday… Agar adashmasam, siz eringizning xato qilganiga endi to‘la-to‘kis ishondingiz, shundan menga ko‘mak berishni istaysiz, shundaymi?
S o f ya (hayajonlanib).Ha! Ha, istayman… juda ham istayman! Men sizning o‘g‘lingiz otganiga hech ishonmayman, ilgari bunga shubham bor edi, endi bo‘lsa sizni ko‘rib, aslo ishonmayman!
S o k o l o v a (uning qo‘lini qisib). Siz – volidasiz, farzand taqdiri borasida so‘z ketganda xato qilishingiz mumkin emas…
S o f ya (hadiksirab, ishonqiramay). Xato qilishim mumkin emas, men-a?
S o k o l o v a (sodda qilib). Ona hayot kabi hamisha adolatparvardir…
S o f ya (g‘ijinib, istehzoli). O, bu to‘g‘ri emas! Bu… juda chiroyli aytilgan, ammo, xudo haqqi, men – adolatlimanmi?
S o k o l o v a (qat’iyat bilan). Ona hayot yanglig‘, tabiat yanglig‘ adolatli…Barcha bolalar uning qalbiga tutash, agarda u sog‘lom qalb bo‘lsa…
S o f ya (ma’yus). A-a-a… Ko‘rdingizmi, sog‘lom qalb bo‘lsa…
S o k o l o v a. Ona – o‘lim dushmani. Mana shuning uchun ham siz o‘g‘limning qutilishiga yordam bermoqchisiz.
S o f ya (g‘amgin). Mening ham bolalarim bor, ular ham yaxshi bolalar, ishonsangiz!.. Men sizni birinchi bor ko‘rib turibman-ku, lekin sizni ko‘pdan biladiganga o‘xshayman… Bu juda qiziq, siz bilan xuddi opa-singildaymiz, nazarimda…
S o k o l o v a (soddagina). Bolalarimiz xavf ostida qolganda, biz hammamiz opa-singillarga aylanib ketamiz.
S o f ya (hayajonlanib). Juda ajoyib gaplar gapirayapsiz… Matonatli ekansiz.
S o k o l o v a. Men – onaman…
S o f ya. O! Men o‘g‘lingizning qutulishiga ko‘mak bermoq istayman… Balki bu, bolalarimga qanday yordam berishga o‘rgatar meni… Ammo qo‘limdan kelarmikin? Uddasidan chiqa olarmikinman?
S o k o l o v a. Men indinga ertalab kelaman, bo‘ptimi? Eringiz gaplarimni xolis turib eshitsin, uni shunga ko‘ndiring…
S o f ya. Erimni ko‘ndiraymi? (Sekin.) Siz bu odam haqida qanday fikrdasiz? Juda bema’ni odam bo‘lsa kerak-da, a?
S o k o l o v a (xotirjamlik bilan).U haqda bilgan-eshitganlarimga qaraganda, judayam shunaqa… emish.
S o f ya (gunohkorona jilmayib). Men qirq beshga kirdim – ko‘rimsizu tasqara bir narsaman, to‘g‘rimi? Butun umringni birga kechirgan odam haqida shundoq so‘rab o‘tirish, albatta, aqldan emas… Mening kap-katta bolalarim bor…
S o k o l o v a (mayin). O‘zingizni ona deb his qilganingizga ko‘p bo‘ldimi?
S o f ya. O, o‘n sakkiz yoshga kirgan edim, o‘shanda…
S o k o l o v a. Men bolalar bilan jon-dildan, ruhan yaqinlik tuyg‘usi haqida gapirayapman…

S o f ya cho‘chib S o k o l o v a ga qaraydi va bosh chayqaydi, aftidan, u bu so‘zlarga tushunmagan edi.

S o k o l o v a (jimlikdan so‘ng). Kechiring meni, dilingizni og‘ritib qo‘ydim.
S o f ya (asta). Yo‘q, undaymas…
S o k o l o v a (ketayotib). Bitta savol bor: sizning o‘g‘lingiz men bilan salomlashmoqchi edi, siz unga xalal berganday tuyuldingiz… Nega shunday qildingiz?
S o f ya. Bilmadim… Qo‘rqqanimdan, ehtimol. Odamlar bir-birini xafa qilishga shunchalar ishqivozki…
S o k o l o v a. O‘g‘lingizning ko‘zlari juda g‘amgin edi…

Ikkisi ketadilar. Oshxonada hayajonli P yo t r paydo bo‘ladi, u ikki ona ortidan qarab qoladi. Formada shapka kiygan A l ye k s a n d r kiradi.

A l ye k s a n d r (jahl bilan). Dadam uydami?
P yo t r. Klubga ketdi.
A l ye k s a n d r. Oyim qani?
P yo t r. Oyimni nima qilasiz?
A l ye k s a n d r (baqirib). Bu qanaqa savol bo‘ldi?
P yo t r (o‘kinch bilan, yumshoq). Baqirmasangiz-chi! Juda qiziqsiz-a…
A l ye k s a n d r. Nima?..
P yo t r. Nega endi kishi bor holidan ham battarroq ko‘rinishga urinishi kerak?
A l ye k s a n d r. Bu qanaqa qo‘pollik? Qulog‘ingni cho‘zib qo‘yaman, eshshak!
P yo t r (chekinib). Quloq soling…
S o f ya (tez kirib keladi). To‘xta!..
A l ye k s a n d r (qahri kelib). U menga qo‘pol gaplar qilyapti!
S o f ya (hayajonda). Urishishga haqqing yo‘q!
P yo t r. U, oyi, xizmatda qo‘l kelib qolar deb mushtlashishning hadisini olmoqchi.
A l ye k s a n d r. Eshitdingizmi? Agarda siz uni tarbiya qilolmasangiz, dadamning esa bunga vaqti bo‘lmasa, u holda men, akasi sifatida qilishim kerak bu ishni… Qani, tuyog‘ingni shiqillatib qol-chi, zumrasha!
P yo t r (ketayotib, piching bilan). Jo‘nab qolyapman, akajonim, jonim akam…
A l ye k s a n d r. Gapir-a, gapir!.. Menga qarang, oyijon, siz meni ahmoqona bir ahvolga solib qo‘ydingiz-ku: men o‘rtoqlarimni mehmon qilishim kerak, ularning safiga kirganimni nishonlashim kerak, bunga pul qani? Pulni qayerdan olaman, degan savol tug‘iladi?..
F ye d o s ya (kelayotib). Sonyushka, beri kel-chi…
S o f ya (asta, mayinlik bilan). Sasha, pul yo‘q! Garovga qo‘yish mumkin bo‘lgan narsalarni qo‘ydik…
A l ye k s a n d r. Ammo siz bir narsani tushunishingiz kerak, axir men ishga kirgan kunimdanoq pora olishni boshlab yuborolmayman-ku! Siz meni mana shu zaruratdan xalos qilishingiz kerak, majbur qilib qo‘ymang meni…
S o f ya (sekin, ma’yus). Nima qilayin axir, nima qilay? Jonginam Sasha…
F ye d o s ya. Sonyushka, u yerda Lyuba yig‘layapti.
A l ye k s a n d r. Mayda gaplar jonimga tegdi, men jiddiy gapirayapman!
F ye d o s ya. Ey, betavfiq, mundoq shapkangni olsang-chi! Onaning oldida turganda butning oldida turganday hurmat saqlash kerak… G‘o‘dayib turishingni qara!
A l ye k s a n d r(shapkasini yulib olib). Bor-e… E…
S o f ya. Sen yomon gaplar gapirayapsan, Aleksandr! Axir sening oldingda oying turibdi-ya1
A l ye k s a n d r. Eng avvalo sizning menga ona ekanligingizni emas, balki mening sizga farzand ekanligimu yordamingizga muhtojligimni unutmaslik kerak. Nahotki, odam bo‘lib safga kirishimda yordam berish sizning burchingiz ekanligini tushunmasangiz? Hech bo‘lmaganda ikki yuz so‘m topish kerak, xizmatimning borishi ham, dvoryanlarga xos munosib martabayu obro‘ ham shunga bog‘liq….
S o f ya (istehzoli). Sen juda aqllisan, Sasha! Sening hamma gaplaring to‘g‘ri…
A l ye k s a n d r (darg‘azab bo‘lib). Yo‘q, siz bu facons de parler*larni yig‘ishtiring! Menga pul kerak, boshqasi, pardon, sariq chaqaga ham arzimaydi.
S o f ya. Aleksandr! Esingni yig‘sang-chi! Qayerdan olaman men pulni?
A l ye k s a n d r. Amakimdan olasiz-da, aniq-ku bu!
S o f ya. Biz uni ship-shiydon qilib bo‘ldik… So‘rashga yuz chidamaydi.
A l ye k s a n d r (achchiq kinoya bilan). Yakov amaki manfaatlarini juda qattiq himoya qilasiz-a! Parole d’honneur*, bu kimdadir shubha uyg‘otishi mumkin…
S o f ya. Nima? Nimalar deyapsan?
A l ye k s a n d r. E, yetarli-e! Laqillatishning nima keragi bor? Men bola emasman…
S o f ya (vahimaga tushib, asta). Nimaga ishora qilayapsan?!
A l ye k s a n d r. Qanaqa ishora! Bilaman – siz so‘rasangiz amakim yo‘q deyolmaydi.
S o f ya. Nimaga? Sasha, nimaga?
A l ye k s a n d r (quyushqondan chiqqanini sezib).Endi… o‘zingiz ham bilasiz…
S o f ya (birdan, qat’iy). Senga dadang aytdimi? Nahotki, senga aytgan bo‘lsa?
A l ye k s a n d r (osoyishtalik bilan).Albatta-da! Bilasiz-ku, dadam laqma. Ammo bunda dahshatli bir narsa yo‘q…. Qaysi xotin qilmagan bu ishni?..
S o f ya (darg‘azab). Og‘zingni yop!

A l ye k s a n d r hadiksirab o‘rnidan turadi. U birinchi marta oyisining jahli chiqqanini ko‘radi va hayron bo‘ladi.

S o f ya. Sening dadang… bilasanmi…
A l ye k s a n d r.. Buning menga qizig‘i yo‘q….
S o f ya. Sen anglaysanmi – sening dadang kim?
A l ye k s a n d r (ketayotib). Shundan meni darig‘ tuting… o‘zimning ishlarim ham ko‘p…
S o f ya (toshday qotganicha, yuzlarida qo‘rquv, burchakka tikiladi va asta so‘raydi.) Bu… senmi, parvardigor? Uzun dastingu qudrating shumi?.. Nima uchun? Nimaga?..
F ye d o s ya. Nega uning og‘zidan bodi kirib shodi chiqdi, a? Sofyushka!
S o f ya (asta go‘dakka o‘xshab).Enaga… Enaga…
F ye d o s ya. Men nega keluvdim-a, Sofyushka… Mana, eng so‘nggim, so‘nggi bolaginam…

P yo t r kirib keladi. Chehrasi yorishgan, o‘zi hayratga tushgan holda, qaddi tik.

P yo t r (ohista oyisiga yaqinlashib). Oyijon, meni kechiring, haligi ayolning aytgan so‘zlarini eshitdim… hammasini bo‘lmasa ham, eshitdim… Xafa bo‘lmang…
S o f ya (bo‘g‘iq). To‘xtab tur…
P yo t r (oyisining ahvolidan bexabar, xonada yuradi, hayajonli). Qanday ulug‘vor ayol, a? Mana buni ona desa bo‘ladi!
S o f ya. Nima? Nima deding?
P yo t r. Mana buni ona desa bo‘ladi, deyapman. Xuddi boshqa olamdan kelib qolgandek…
S o f ya (asta). Menga ta’na qilyapsanmi?
P yo t r (tez). Yo‘q, oyijon, xudo haqqi, yo‘q! Buni shunchaki aytdim-da…
S o f ya. Sen meni yaxshi ko‘rasanmi?
P yo t r (samimiy, boshqa bir nimadir haqida o‘ylab). Albatta, oyijon!
S o f ya (qattiq ovozda). Nima uchun?
P yo t r (qattiq ovozda). Yaxshi ko‘raman, ammo nima uchunligiga qanday javob berish kerak? Lekin haligi ayol juda ajoyib ekan-a! U mag‘rur ekan, oyi! Oyijon, meni o‘sha ayol bilan tanishtirib qo‘ying, yaxshi odamlar, boshqa odamlar bilan tanishishni juda-juda istayman.
S o f ya (ma’yus). Boshqa odamlar bilan, yaxshi odamlar bilan-a?
F ye d o s ya. Yaxshi ko‘rmayman uni, Aleksandrni!
P yo t r (xijolat bo‘lib). Oyijon, meni boshqacha tushundingiz… Men sizni o‘ylaganim yo‘q edi…
S o f ya. Girgittonim, men shunga arziyman o‘zi… Qayoqqa ketyapsizlar? Nima bo‘ldi?

L yu b o v Ya k o v ning qo‘ltig‘iga kirib, yurishga ko‘maklashmoqda, uning yuzi horg‘in va qahrli. Ya k o v hayajonlangan, L yu b o v ning yuziga yolborganday termiladi. Ularni ko‘rib, S o f ya beixtiyor o‘rnidan qo‘zg‘aladi.

Ya k o v (asta). Sekin, Lyuba, azizam… bu lahzalarning qadriga yeta bil… sen-ku, o‘ylading, bilmayman ammo, nima bo‘lar ekan…Mana, Sofya, u meni yetaklab ketyapti… Petya, azizim, bir necha lahza chiqib tur, iltimos…
F ye d o s ya. Yana bu o‘rmalab chiqdi-ya! Qanaqa qilib deng! Sofyushka, Lyuba yig‘lagani-yig‘lagan, mana shuni aytishga keluvdim-a…
P yo t r (ketayotib, qovog‘i soliq). Yur, enaga…
Ya k o v. Biz gaplashib olishimiz kerak… bir masalani hal qilishimiz zarur, kechirasan… Sofya, Lyuba hammasini biladi… Men senga aytuvdim – u hammasini tushundi…
S o f ya (o‘tiradi. Bo‘g‘iq). Xo‘sh, Lyuba… Sen… Nima istaysan…
L yu b o v (sekin). Oyijon, u mening dadammi?
Ya k o v. (u ham sekin). Javob berish kerak, Sofya.
L yu b o v . Bu mening dadammi?
S o f ya (boshini quyi solib, asta). Men bir narsa deyolmayman… “Ha” ham, “yo‘q” ham…

Uchchovi ham jim qoladi. L yu b o v tiz cho‘kib, boshini oyisining tizzasiga qo‘yadi. Ya k o v stul suyanchig‘ini ushlab turadi. Keyin uyda xuddi birov qazo qilgandek, faqat shivirlashib gaplashadilr.

S o f ya. Faqat bir marta men razolatdan forig‘ hur inson bo‘loldim – u ham bo‘lsa, sening muhabbating baxsh etgan kunlarda!
Ya k o v. Sofya, bizning muhabbatimiz baxsh etgan kunlarda!..
S o f ya. Chaqirganingda agar sen bilan birga ketmasam, seni sevgan bo‘lamanmi? Men muhabbat tuyg‘usini ko‘nikish tuyg‘usiga, ko‘nikmaga almashtirdim – mana shuning jazosi bu yog‘i…
L yu b o v (qat’iy). Oyi, mening dadam – mana shu! Men buni bilaman.
Ya k o v. Ha, Sofya. Lyuba biladi!
S o f ya (asta qizini erkalab). Shunday bo‘laqolsin… uyog‘i nima bo‘ladi?

Jim qoladilar.

F ye d o s ya (jilmayib ularga qaraydi). Bir miriqib gaplashib olinglar…
L yu b o v (asta, alamli). Oyi, nega men mayib-majruhman?
Ya k o v (muloyimlik bilan, ma’yus) O‘lgan muhabbat tirilgan muqaddas daqiqalarda sen shu haqda eslashing kerak emas edi…
L yu b o v (sovuq). Biron daqiqa yo‘qki, men mayib-majruhligimni sezmagan bo‘lsam, dada!
S o f ya (sekin). Endi menda ham shunday daqiqalar yo‘q…
L yu b o v . Endi o‘sha muhabbat tirildimi, dada? Yo‘q, bu yerda qilingan xato ayon bo‘ldi, ehtimol…
Ya k o v. (yalingan ohangda). Toshbag‘ir bo‘lma, Lyuba!
S o f ya. Sening nazaringda, muhabbat azob-uqubatlar evaziga tirilish huquqini qo‘lga kiritmadimi?
L yu b o v (sekin, qayg‘uli). Oyi, oyi… sizga shunday rahmim keladiki…

Hamma tushkin bir kayfiyatda jim qoladi.

F ye d o s ya.Kulgili narsalardan gapirib bersang yaxshi bo‘lar edi, Yasha. Esingdami, Andryusha Ryazanov bilan komediya ko‘rsatuvdinglar… Sofyushka ham…. u paytda hali Lyuba tug‘ilmagandi, Nadyaga bo‘lsa qizamiq chiquvdi… Polkovnik Borodulin esa, cho‘qintirgan otasi, o‘sha paytda…

P a r d a

UChINChI PARDA

Oshxona, kattagina ko‘rimsiz xona. Stolda nonushtada tanovul qilingan ovqatlarning qoldiqlari, stol atrofida betartib qalab tashlangan stullar. Tujurka kiyib olgan I v a n xonada u yoqdan bu yoqqa yuradi. Sofya choy idishlarni yuvmoqda, Fedosya ularni bufetga joylamoqda.

I v a n. Tuzuk ayol ekanmi, bu Sokolova?
S o f ya. Uni hurmat qilganingni sezmay qolasan.
I v a n (shakkoklarcha). E, hurmat! (O‘ylanib). Ammo yangi mundirni kiyishga to‘g‘ri keladi.
S o f ya. Mundirni qarz kassasiga berganmiz-ku.
I v a n. Obbo, buni qara-ya! Sizlar yaqinda meni ham o‘sha yoqqa topshirvorasizlar!
S o f ya (xotirjam). Agar ikkimizni topshirsalar ham u yerda biznibir tiyinga olishmaydi.
I v a n. Kinoyali hazillar kamroq bo‘lsin! Xonumonimni sovurgan kim? Sening yasan-tusanu tantiqliklaring!
S o f ya (o‘zini tutib). Shuningdek, sening qimorlaring, o‘ynashlaring va aysh-ishratlaring…
I v a n (to‘xtab, unga qaraydi, yelkasini qisib, xotirjam gapiradi). Bahslashib o‘tirishni istamayman, men rasamadini o‘rniga qo‘yib, bu ayolni xushmuomalalik bilan kutib olishim kerak, uning bilan qiladigan suhbatim butun shaharga shov-shuv bo‘ladiganga o‘xshaydi, agarda shu tomoni bo‘lmaganda, jonginam,(barmog‘ini bigiz qilib, po‘pisalab) bir-ikki og‘iz iliq gaplarga loyiq ko‘rilgan bo‘larding…
F ye d o s ya (to‘ng‘illaydi). Baqiradi, chaqiradi…
I v a n. Fe’l-atvoring chidab bo‘lmas darajada og‘irlashib ketyapti. Qo‘pollikda kirchi xotinlardan qolishmaysan, battarinlikda dumini bosgan shaytonning naq o‘zisan. Har xil qiliqlaringga chidab keldim, ortiq toqat yo‘q, jonim tinchisin endi mening ham! Endi kuch-g‘ayratimni bolalarga sarflashim kerak…
S o f ya (sovuq). Sen bolalarni rasvo qilding!
I v a n (qo‘pol).Og‘zingga qarab gapir!
S o f ya (xo‘rsinib, qat’iy ohangda). Biz ikkimiz bolalarni adoi tamom qildik, ha! Qara, ular qanchalar baxtsiz…
I v a n. A-ha, sening bukuring bu! Ammo mening bolalarim meni boshiga ko‘tarishadi!
S o f ya. Pyotr ko‘nglida bizlarga nisbatan nafrat tuyg‘usi to‘lib toshyapti… Nadejda bo‘lsa hirsli hayvonning o‘zi, na aqli bor, na boshqa…
I v a n. Xuddi senga o‘xshagan-da. Sen xuddi shunaqa eding!..
S o f ya. Aleksandrni sen buzding, Vera bo‘lsa bechora, esi yo‘q bir qiz…
I v a n. Sen shularga tarbiya berolmading, sen!
S o f ya. Mening aybim nimada ekanligini bilaman.
I v a n. Mendan nima istaysan, mendan, qani ayt-chi?
S o f ya (sochiqni tashlab). Menga qara, sen o‘n yildirki, bolalarga qarshi kurashib kelasan…
F ye d o s ya. Yana boshlandi…
I v a n (istehzoli). Nima deding?
S o f ya (balandroq ovozda). Tintiding, yulib-yulqading, qamoqqa tashlading – kimlarni?
I v a n (hayratda). Bu – ko‘ngilchanlikmi, nima bu? Alahlama! Kulgimni qistatma, kampir!
F ye d o s ya. Yuz yildan beri so‘kishasizlar… Charchamaysizlar ham…
S o f ya (g‘amgin). Sen bolalarni o‘ldirarding. O‘lganlardan biri yetti yoshda ekan. Tintuv vaqtida sizlar otib qo‘ygan qiz-chi? Sening qo‘ling qon, ust-boshing qon, hammasi bolalarning qoni, yoshlikning qoni, ha! Ularni bolalarni, deb sening o‘zing necha martalar qichqirgansan! Esingdami?
I v a n (hadiksirab, hayratda). Sofya, senga nima bo‘ldi? Bu dahshat-ku!
S o f ya. Ha, dahshat!
I v a n. Butun yolg‘on-yashiqlarni kallangga joylab olibsan… nima birgina yoshlarmidi tartibga qarshi turgan? Qolaversa, sen xatarli narsalarni gapirayapsan! Agar Pyotr bilan Vera bu gaplarni eshitishib qolishsa bormi…
S o f ya. Qo‘rqqaningdanmi yoki jahl ustidami – ishqilib, yaramas, qabih ish qilding…
I v a n (o‘zini yo‘qotib). Sofya, men dvoryanman, bunga yo‘l qo‘yolmayman…
S o f ya. Menga o‘q otgan, deb bir yigitchaga yopishib olding… O‘zing otganini ko‘rdingmi, o‘sha otdimi? O‘sha yigitchami?
I v a n. Ha-a, tushunaman! Seni gij-gijlayotgan o‘shaning onasi…
S o f ya. Sen shu yerda, butning oldida, vijdonan ko‘zimga tik qarab ayt-chi: o‘sha otdimi?
I v a n (g‘azablanib). Yetar! Hammasini tushundim! Men u xotinga ko‘rsatib qo‘yaman!
S o f ya (erining oldiga kelib).Ivan, sen jandarmlarga, men xato qilibman, menga o‘q uzgan bu yigitcha emas, deyishing kerak! Shunday deb aytasan!
I v a n (Sofya gapining ohangidan cho‘chib). Bordi-yu… aytmasam-chi?
S o f ya. Aytasan! Iso haqqi, sendan o‘tinaman…
I v a n. Bemaza gap bu! Bordi-yu, uni aybdor, deb bilsam-chi?
S o f ya. Bo‘lmagan gap! Men qalbingga gapirayotganim yo‘q. Bo‘m-bo‘sh joydan sado kutish befoyda, – men sening o‘zingga murojaat qilayapman: sen o‘z xatoyingni bo‘yningga olasan, olmasang butun ishlaringni Pyotr bilan Veraga aytib beraman… Bolalar haqqi, Ivan, bir nima de!
I v a n (ikkilanib). Bu majbur qilish! Bema’nilik bu!
S o f ya (bo‘shashib).Aytganimday qil, – o‘zingni oldingda o‘zing vijdonliroq, yaxshiroq ko‘rinib ketasan…
I v a n (qo‘l siltab). Yetar, bas! Menga, albatta… e, bilganini qilmaydimi, bu muttaham! Haqiqatda ham, o‘sha otdimi, boshqami, – aniq ishonchim yo‘q… lekin kimdir otdi-ku, otgani aniq! Qolaversa, u otmadi ham deylik, xo‘p! Lekin nafsilamirini aytganda, arzimas narsalarni deb hozir shunday tomosha ko‘rsatib turishing – telbalikdan o‘zga emas, Sofya!
S o f ya (horg‘in, asta). Mening butun hayotim telbalikdir…seniki ham…
F ye d o s ya (ming‘irlaydi). Boqdim, ko‘nglim chog‘ qildim, endi qurib qoq bo‘ldim…

Pyotr kiradi.

I v a n (elkasini qisib). Bu gaplar senda qayerdan paydo bo‘laqoldi, a? Hm-m… Nima kerak senga, Pyotr?
P yo t r. Hech narsa.
I v a n. Hm-m… Nega gimnaziyaga bormading?
P yo t r. Borgim kelmadi. Nima, urishdilaringizmi?
I v a n (zardasi qaynab). Shunday so‘rashga qanday botinding?..
S o f ya (zaif). Petya, kerak emas…
P yo t r (xotirjam). Nega botinmas ekanman, dada?
I v a n. Ko‘ryapsanmi, Sofya? Ah-ha!
P yo t r (ma’yus jilmayib). Nahotki, ota-onamning qanday yashashi mening uchun baribir bo‘lsa?
I v a n (o‘g‘liga nisbatan o‘zini qanday tutishni bilmay). Birinchidan, sen hali bolasan…
P yo t r. Va hokazo… Ayting-chi, Verani Kovalyovga erga bermoqchi ekanliklaring to‘g‘rimi?
I v a n (hayratda). To‘xta… sening nima ishing bor?
S o f ya. Bu hali aniq bo‘lgani yo‘q, Petya.
P yo t r. Verka bo‘lsa yig‘lab yuripti, bechora.
I v a n (elkasini qisib). Hech narsaga tushunmayapman!
P yo t r. Dada, siz Kovalyovni hamisha, bu ablah, der edingiz…
I v a n. Men-a? Qachon?..
P yo t r. Juda ko‘p bo‘lgan.
I v a n (xotiniga va o‘g‘liga qarab). Bu – nima? So‘roqmi? Otaga-ya? Menga-ya?.. Yo‘q, janoblar, men buni… siz hali yoshlik qilasiz…(Ketadi.)
F ye d o s ya (piching qilib). Hammasini to‘kib soldi, ichi bo‘shab jo‘nab qoldi…
P yo t r (jim qolib). Esimdan chiqipti – bolalar bir nima so‘rashganda ularga javob berilmaydi-ku.
S o f ya (o‘ylanib). Bu gapda jon bor, nazarimda…
P yo t r. Men dadamdan, halol odammisiz, deb so‘ramoqchiydim…
S o f ya (tashvishli). Unaqa dema, Petya, unday dema.
P yo t r. Nimaga? Bu sizga azob berayotgani uchunmi? Odamlarga azob berish befoyda-ku, oyi, shunday emasmi, a?
S o f ya (tez). Ha! O, ha! (Xayolga cho‘mib asta.) Balki unaqa emasdir. Yo‘q, deyish kerakdir…
P yo t r (yumshoq). Sizningcha “ha” va ”yo‘q” juda ham bir-biriga do‘st, qadrdon, yonma-yon yashashadi! Shunday bo‘lishi qulaymi?
S o f ya (sekin). Koni azobu dahshat-ku, Petya!
P yo t r. Menga ham azobday tuyuladi… men, oyi, endi gimnaziyaga bormayman…
S o f ya. Bu qanaqasi bo‘ldi? O‘qish kerak-ku!
P yo t r. Nimani o‘qish kerak, oyi? O‘qishda shu paytgacha bilganlarimning eng zo‘ri, dadam haqidagi gaplar bo‘ldi… U haqda bilganlarim anchaga yetadi… Yetganda ham…
S o f ya. Petya, xudo haqqi, gapirma!
P yo t r. Yaxshi! Garchi – xudo… Xudo nima degani, oyi? Bilasizmi?
S o f ya (noumid bo‘lib). Men hech narsa bilmayman, hech narsa, erkatoyim!
P yo t r (jim qolib). Buning hammasi g‘aroyib. Siz dadamni yaxshi ko‘rmaysiz, hurmat qilmaysiz, lekin u haqda o‘ylaganlarimni aytay desam, unga ham yo‘q deysiz. Nimaga? Nimaga shunaqa, oyi? Axir dadam haqida o‘zingiz menga gapirib beruvdingiz-ku!
S o f ya. Shunday qilmasligim kerak edi!..
P yo t r. Meni qiynamaslik uchunmi? Biz qanchalar bir-birovimizni ayaymiz-a, bir-birovimizga shafqatlimiz-a! Lekin, nazarimda, bizlarning shafqat hissimizdaqa past narsa bo‘lmasa kerak dunyoda deyman, oyi!
S o f ya (sekin). Ehtimol, sen haqdirsan, do‘stim… Ha!..
P yo t r. Sizning do‘stingiz? Bu so‘zni birinchi marta eshitishim…(Jim qolgach, Fedosyaga.)Enaga, siz o‘limdan qo‘rqa-sizmi?
F ye d o s ya. Sening nima ishing bor?
P yo t r. Qo‘rqasizmi?
F ye d o s ya. Senga nima? Sening ishing emas bu!
P yo t r. Bilgim kelyapti-da…
S o f ya. Petya, qo‘ysang-chi…
F ye d o s ya. Qo‘rqadigan joyim bormi – men o‘limning dilini og‘ritganim yo‘q, hech kimni xafa qilganim yo‘q. Sen-chi, hazilvonligingni yig‘ishtir, hali yoshlik qilasan…
S o f ya. Yo, xudo-ey!
P yo t r (sekin). Siz, oyi, dadamga ayting: men endi gimnaziyaga bormayman. Uning o‘ziga… tushuntirishim qiyin, biz bir-birovimizni yaxshi tushuna olmaymiz… Dadamni razilu yirtqich degani uchun Maksimovni “shapaloq” bilan “siylaganim”ni ham aytib qo‘ying… Endi o‘ylab qarasam, bu bolani nohaq xafa qilibman… Aslida u noto‘g‘ri gapirdi – qandoq qilib dadam yirtqich bo‘lsin?(Asta, o‘ylanib.) Qandoq qilib yirtqich bo‘lsin…
S o f ya. Bu baxti qora, zaif bir odam…
P yo t r. Umri davomida odamlarga buyruq berib o‘rgangan bir kimsa, deydi Yakov amaki. Bas qilaylik buni, bo‘lmasa baxti qora zaif odamlar boshqarayotgan hayot haqida… birovlarning buyruq berishiga ko‘nikkan, shunga yo‘l qo‘yib qo‘ygan bechoralar haqida… gapirgim kelyapti. Bunday odamlarni nima deb ataysiz? Men buni Krill Aleksandrovichdan so‘rab bilib olaman.
S o f ya (boshqa nimadir haqida o‘ylab). Kim u?
P yo t r. Sizga u haqda gapirib beruvdim… siz uni havoda yengil apparatlarda uchuvchi degandingiz, esingizdami? Men ham o‘shanday bo‘lmoqchiman – havoyi qasrlar yonidan parvoz qilib o‘tsam, deyman… Verka kelyapti… Qarang, oyi, aftiga qarasangiz kulgingiz qistaydi.
V ye r a (asabiy). Oyi, sizga aytib qo‘yay – uydan qochib ketsam ketamanki, ammo mana bu ovsarga tegmayman!
S o f ya. Hali hech narsa aniq emas-ku, Verka… Men dadang bilan bu haqda gaplashishga ulgurmadim…

P yo t r bufet oldiga keladi, vinodan quyib ichadi, buni hech kim sezmaydi, u stakanni taraqlatib, tomoq qiradi.

V ye r a. Ulgurolmadim! Ulgurolmaysiz ham! U sizning gapingizni qilmaydiyam!
S o f ya. Sen bekorga qizishyapsan! Petya, nega endi?
V ye r a. Bekorga? Minnatdorman! Menga: “Vera, qizil yuzli, yashil mo‘ylovli, kal bir xaltaqursoqqa xotin bo‘lasan!” deyishsa, nima qilaman? Merci, deb dadamning qo‘lchasini o‘pib qo‘yishim kerakmi?
I v a n (ordenlar taqilgan mundirda). Nima? Arz qilishga keldingmi? Foydasi yo‘q! Men qat’iy qaror qildim…
V ye r a (ko‘z yosh aralash). Siz, dada, uning mo‘ylovi yashilligini ko‘rdingizmi?
I v a n. Beadablik qilma, qani! Esingni yig‘! Qara, eri ko‘rimsiz bo‘lsa ham, Nadejda baxtli! Bu hazil narsa emas, buni nikoh deydilar.
V ye r a. Ha, ha, mo‘ylovi haqiqatda yashil! Siz unga o‘zingizning soch bo‘yog‘ingizdan hadya qilsangiz zo‘r bo‘lardi…
I v a n. Mening soch bo‘yog‘imdan… Bu nima deganing?
V ye r a. Sizda – binafsharang-da, bu ajralib turadi…
I v a n (sekin, ammo tahdidli). Kim bilan hazillashyapsan, a, qizaloq?
P yo t r (xonadan chiqib).Oyi, fojiaviy tomosha bo‘lishi mumkinmi?
I v a n (baqirib). Sofya, bu qanaqasi? Sen qizingning ta’zirini berib qo‘yishing kerak! Sizlar, nima, masxara qilyapsizlarmi meni?
F ye d o s ya (javrab). Ana shovqin, ana suron! Ha, tinchimaslar-a! (Nari ketadi.)
V ye r a (yig‘lab). Yo‘q, sen meni masxara qilyapsan! Senga Kovalyovning nima keragi bor? Axir bu uyda turib bo‘lmaslik uchun bitta Leshchning o‘zi kifoya-ku!
S o f ya. Mana, bolalar meni boshiga ko‘tarishadi, deganding…
V ye r a. To‘g‘ri, dada, biz sizni yaxshi ko‘ramiz… Ammo biz politsiya soldatlari emasmiz…
I v a n (o‘zini yo‘qotib, hammaga qaraydi).Naq fitnaning o‘zi, otaga qarshi qilingan fitna, deysan!
L yu b o v (kiradi). Oyi, sizni dadam chaqiryapti… Vera, senga nima bo‘ldi?
V ye r a. O‘zing bilasan…
I v a n (hayron). Dadam? Qanaqa dada?
L yu b o v . Sen behuda ko‘z yosh qilyapsan, Vera…
I v a n. Pand-nasihatlaringizni yig‘ishtirib qo‘yishingizni so‘rayman! Vera, chiq bu yerdan! Yo‘q, sen qol, Lyubov… Ha…
L yu b o v . Sizga nima kerak?
I v a n.. To‘xta, esimni o‘nglab olay…

Ikkisi bir-biriga tikiladi, Ivan – chamasi, nimaga uni to‘xtatganini o‘zi tushunmaydi, Lyubov esa xotirjam kutib turadi.

I v a n. Sen – dadam, deding… Bu kim bo‘ldi?
L yu b o v . O‘zimning dadam.
I v a n (o‘zini yo‘qotib). Aha-a… Ha! Demak, sen bilan biz begonalar ekanmiz-da?
L yu b o v . Ha, qarindoshchiligimiz yo‘q edi.
I v a n. Ha, sen meni juda yomon ko‘rarding!
L yu b o v . Men boshqalardan sal aqlliroqman.
I v a n. Sen… sen nihoyatda kasofat bir narsasan!
L yu b o v . Barcha mayib-majruhlar, nogironlar kabi.
I v a n (jo‘shib, hayajon bilan). Farzandlarim qalbiga inkor ruhini singdirgan sensan, ularni meni behurmat qilishga o‘rgatgan ham sen! Hattoki, oyingning aqldan ozishiga sal qoldi, bunga ham sen sababchi! Shubhasiz sen! Endi ma’lum bo‘ldi, bas, bularning barchasida sening qasosli qo‘ling bor ekan!
L yu b o v . Gaplaringiz ancha ta’sirli chiqyapti.
I v a n (o‘z-o‘zini ishontirib). Yovuzlik ildizi qayda, deb uzoq o‘yladim-a!
L yu b o v . Agar o‘zingizga biron marta jiddiy ko‘z bilan qaraganingizda, o‘sha ildizni allaqachon topgan bo‘lardingiz.
I v a n. Yo‘q, to‘xtab tur…
L yu b o v (xotirjam). Menga qarang, hech siz bilan gaplashadigan gapimiz yo‘q ekan.
I v a n (tashvishlanib). Endi buyog‘i nima bo‘ladi?
L yu b o v . Men bu yerdan ketaman.
I v a n.. Ketasan? Hm-m… Qayoqqa?
L yu b o v . Bu endi mening ishim. Bir-birovimizga minnatdorchilik bildiradigan joyimiz yo‘q shekilli, shunday emasmi?(Keta boshlaydi.)
I v a n (orqasidan qarab, ma’yus bosh chayqaydi va samimiy g‘udranadi).Qanchalar kek, adovat, a? Yo xudo… Mana boshboshdoqliklar qayerdan kelib chiqadi… mana… Tavba, qanchalar yolg‘izman-a! Qanchalar tanhoman, vo darig‘!
N a d ye j d a (kiradi). Siz shu yerdamisiz, sarkardam mening? Nega o‘z-o‘zingizcha g‘udranib o‘tiribsiz? Ibodat qilyapsizmi?
I v a n. Eh, Nadya, Nadya! Mening ustimdan kulma…
N a d ye j d a (xushchaqchaq). Ibodat qilavering, dada! Xudoga shukur qilsangiz – qiladigan ish bor!
I v a n (ma’yus). Xudo meni unutib yubordi…
N a d ye j d a. Buni qarangki, unutmagan ekan!
I v a n (o‘ylanib). Senga biron narsa ma’lummi?
Na d ye j d a. Sizga uyezd politsiya boshlig‘i mansabini ko‘zlashyapti, shekilli…
I v a n (mag‘rur ko‘kragiga urib). Men, Kolomiytsev, politsmeyster – qandaydir bir uyezdga politsiya boshlig‘i bo‘lamanmi? Bunaqasi ketmaydi!
N a d ye j d a. Eh, dadajonim-ey, bir qarasa, naq bolaning o‘zisiz-a!
I v a n. Nadejda, ketmaydi!
N a d ye j d a. Jonginam, g‘urur – go‘zal narsa, ammo tomoq degan narsa ham bor, u biron nimalar yeb turishi kerak! Peshona teri bilan topilgan bir parcha nonni g‘urur bilan yemoq – juda mazali ish-da!
I v a n. Men hamisha nonimni shundoq qilib yeganman!
N a d ye j d a. Va Nadyangizni ham shundoq qilib boqqansiz… Bilasizmi? Qandaydir ritsarlar tutumini qiling – bir qadam orqaga tashlang…
I v a n (fahmlab). Uezd politsiya boshliqligiga… Hm-m…
N a d ye j d a Va birdaniga – ikki qadam olg‘a tashlaysiz!
I v a n. Ikki qadam? Ikki qadam olg‘a tashlayman?
N a d ye j d a. Albatta-da, ikki qadam!
I v a n. Bilasanmi, bu gapda jon bor! Oh-ho! Bizning zamonamizda, odam serg‘ayrat bo‘lsa – buning hammasini qilishi mumkin!
N a d ye j d a. Tamiz bor-a bu gapda, dadaginam?
I v a n (xo‘rsinib). Ha-a! Sen – bebahosan-da! Ishing o‘ngidan kelmagur Leshchning omadi bor ekan-da!
N a d ye j d a. Unga yomon tilak bildirishning nima keragi bor? U sizning ishlaringiz yaxshi bo‘lsin, deb o‘lib-tirilib yotibdi-ku.
I v a n (quvnoq). Hay-hay-hay! Sen nima – uni joni-dilingdan yaxshi ko‘rib qoldingmi, deyman?
N a d ye j d a. Bu mening ichki sirim.
I v a n (ko‘z qisib). Uning basharasini qara, badburushligini, nafsilamirini aytganda…
N a d ye j d a ( o‘zini xafa bo‘lganday ko‘rsatib). Dadajon!
I v a n. Hech erkakka o‘xshamaydi, cho‘rtan baliq deysan. Ayt-chi, boshqalar bilan bir don olishib… eringning burnini yerga ishqash istagi yo‘qmi, a, senda?
N a d ye j d a. Qizi bilan ham shunaqa gunoh narsalar haqida gaplashadimi kishi! (Quloqlarini berkitadi.) Eshitgim yo‘q bu gaplaringizni.
I v a n (qo‘llaridan ushlab). Balki allaqachon bo‘lgandiram, a?..
N a d ye j d a. Qo‘limni qo‘yib yuboring, beodob dadaginam!
I v a n (xoxolaydi). Xotinidan dog‘da qolgan cho‘rtonbaliq degin, a?

N a d ye j d a kulganicha I v a n ning qo‘llaridan chiqib oladi.

A l ye k s a n d r (kiradi, u shirakayf). Bu yerda kulmoqdalarmi?.. Hayratim cheksiz! Bonjour, rara!* Singilginam qo‘lchasini bersinlar!
I v a n (o‘g‘lini zavq bilan tomosha qilib). Qara, mana bu shovvozga qara!
N a d ye j d a (akasining yoniga turib).Ikkimiz ham chakki emasmiz, a, dada?
I v a n (ko‘ngli bo‘shab). Ha, farzandlarim, ha! Faqat ikkingizdan mening ko‘nglim nurafshon, ham sog‘lomsiz, ham xushchaqchaqsiz, soddasiz…
N a d ye j d a (akasiga). Bilasizmi, dadamga uyezd politsiya boshlig‘i mansabi tegib qolsa kerak.
I v a n (ko‘z qisib, hal bo‘lgan narsa haqida gapirganday). Vaqtincha… bir zinapoya… Men bundan yana ham yuqoriroqqa, yuqoriroqqa qadam tashlayman!
A l ye k s a n d r. Bor gapmi, Nadya?
N a d ye j d a. Prokuror erimga va’da berdi.
A l ye k s a n d r. Xudo haqqi. Bu Leshch deganing – bizning piri komilimiz-da!
I v a n. Cho‘rtanbaliq, a? U – shovvoz baliq!
A l ye k s a n d r. Dada, siz meni o‘zingizga yordamchi qilib olsangiz-chi.
I v a n. Sen boshqacha o‘ylabmiding? Bu zo‘r gap-da, juda!
A l ye k s a n d r. Ikkimiz u yerni jannatga aylantirib yuboramiz. O‘zi shapaloqdekkina shaharcha, xotinchalar, savdogar xonimchalar… ularning tepasida esa – pere et fils!* – xudolariyu poshsholariday bo‘ladi! Koni rohatning naq o‘zi!
N a d ye j d a (bosh chayqab). U yerda qanday qilib hammani oborib-opkelishlaringizni tasavvur qilyapman!
A l ye k s a n d r. Ha-ha! Boshqalardan qayerimiz kam!
L ye sh ch (keladi). Suhbatlaringizda ishtirok etishim mumkinmi?
A l ye k s a n d r. Mana – xonadonning piri komili!
I v a n (Leshchning qo‘lini qisib). Menga Nadejda aytdi…
L ye sh ch (norozi ohangda).Ha, albatta! Nadejda hamisha jinoyat sodir bo‘ladigan joyda qotillik yuz berishidan yarim soat oldin hozir bo‘lib turadi.
Na d ye j d a (karashma bilan). Pashka!
A l ye k s a n d r. Hazil qilib uzib olasiz-a!
L ye sh ch (Ivanga). Siz prokurorning o‘rtog‘i Lepeletega uchrab, idora xodimi ishi uchun minnatdorchilik bildirib qo‘yishingiz lozim.
I v a n (xursand). Allaqachon-a? Do‘stim, rahmat sizga, rahmat!
N a d ye j d a. Dada, chiroyli familiya ekan-a Lepelete?
I v a n (unga tikilib). Lepelete? Albatta…(Birdan nimanidir fahmlab kuladi.) Le… Lepelete. Ha… Shunaqa…
L ye sh ch. Kulgili nima bor ekan bu yerda, tushunmadim!
N a d ye j d a. Quvongandan yig‘lash kerakmi?
I v a n (o‘zini tutib). Men… men nihoyatda xursandman, birodari aziz! Hammasi xamirdan qil sug‘urganday bo‘lyapti. Men xursandman!
L ye sh ch. Siz, albatta, ancha-muncha sarf-xarajatga tayyor turishingiz kerak… Bilib qo‘ying – xizmatga kirish vaqtida yetti yuz so‘m, yaxshisi, ming so‘m pul zarur bo‘ladi…
I v a n (jiddiylashib). O‘h-ho‘! Hm-m… mushkul ekan…
A l ye k s a n d r. Ikki yuzi menga…
V ye r a (eshikdan qarab ). Nadejda, bu yoqqa qara…
N a d ye j d a. Senga nima kerak edi?
V ye r a. Sen keraksan…
N a d ye j d a. To‘xtab tur… Juda bandman!
I v a n. Nadya, bor, u bilan Kovalyov haqida gaplash… Qizaloq bu ishning past-balandini tushunmaydi…
N a d ye j d a.Boryapman. Uning to‘yida bir yayrab olaylik.
L ye sh ch (qat’iyat bilan). Demak – gap pul haqida…
I v a n (xo‘rsinib). Shunchani qayerdan topaman?
A l ye k s a n d r. Nega bu uyni garovga qo‘yish mumkin emas?
I v a n. Axir bu ukamning uyi-ku!
L ye sh ch. Nahotki, Yakov amaki qarindoshchilik degan gaplarni bilmasa? U xudbin emas, buni yaxshi bilaman, qolaversa, uning bir oyog‘i go‘rda, deganlariday…
A l ye k s a n d r. Mantiqli gap.
I v a n. Keyin biz unga pulini qaytaramiz! Axir men mansabga ega bo‘laman-ku!
L ye sh ch. Albatta! Sizning obro‘yingiz bor, yaxshi xizmat qilganingiz hammaning esida. Barcha bu… anglashilmovchiliklaringiz tekislanib boryapti o‘zi… Ammo qattiq turish kerak, shuni esdan chiqarmaysiz! Boshboshdoqlik, anarxiya zamoni o‘tib ketadi, hukumat zarur tartibni o‘rnatishga qurbi yetar darajaga kelyapti – u o‘z agentlaridan purquvvat bo‘lishni talab etadi…
A l ye k s a n d r (salobatli). Ha, Peterburgda nihoyat es-hushlarini o‘nglab olishdi!
I v a n. Qattiq turish kerak? Buni eplayman! Ammo siz, birodari aziz, maslahat bering, nima qilish kerak?
L ye sh ch. Tezroq pul topish kerak.
I v a n. Hm-m! Shunaqa qilish kerak, bilaman. Xo‘sh… bugun mening oldimga Sokolova keladi, anovining onasi…
L ye sh ch (jiddiy). Nimaga keladi?
I v a n. Bilasizmi, u, men xato qilibman, kim otganligini aniq bilmayman, deb bayonot berishimni istaydi…
A l ye k s a n d r (istehzoli). Buning aql bovar qilmaydigan ish bo‘lishiga shubham bor!
L ye sh ch. Siz… nima qilmoqchisiz?
I v a n. Men bo‘lsam… Hm-m… hali bir qarorga kelganim yo‘q! Xayolimga bir fikr kelib qoldi – hozir yangi xizmatga joylashay deb turganimda, bu mashmashani boshimga orttirib nima qilaman, a? Uezd politsiya boshlig‘i bo‘lsa-yu… birdan: “Men xato qilibman…”, deb tursa! Bu odamlarda yomon taassurot qoldirmasmikin?
L ye sh ch (ishonch bilan). Albatta, qoldiradi!
A l ye k s a n d r. Dada, jandarmlarni esingizdan chiqarmang!
L ye sh ch. Yo‘q, endi bunaqa ko‘ngilchanlikni qo‘ying… Bu kurakda turmaydigan narsa. Siz jandarmlarni qiziq ahvolga solib qo‘yasiz-ku! O‘ylab ko‘ring-a!
I v a n (ikkilanib). Hm-m… Polkovnik ajoyib odam…
A l ye k s a n d r. Qimordagi sherigingiz…
I v a n. Ammo, kim biladi, shu otganmi yoki yo‘qmi?
L ye sh ch. Axir kimdir otgan-ku! Otuvchilarning bari bir-biri bilan do‘st. Umuman, bunday gaplarga aslo hojat yo‘q . Eng muhimi, paytni qo‘ldan boy bermayman desangiz – pul toping. Ogohlantirib qo‘yay, Kovalyov ham shu joyni olaman, deb tish qayrab yuripti.
I v a n (tishlarini qisib). Kovalyov? Yaramas hayvon…
A l ye k s a n d r. Qattiq turish kerak endi, dada!
I v a n. Bordi-yu, men… unda Sofya qanday tomosha ko‘rsatarkin… Kasofat bola-ey! Yarador qilganda ham mayliydi…
L ye sh ch (bosh irg‘ab). Yengil yarador bo‘lish sizga juda kerak edi. Bu kishiga xizmatda ko‘tarilishda katta yordam berardi.
I v a n (tirjayib). Agar oldinroq uni go‘rga tiqib yubormasa!
A l ye k s a n d r (soatga qarab). Hammasini qo‘yib, dada, tezroq amakimning oldiga kirsangiz bo‘larmidi!
I v a n (Leshchga). Balki, Pavel Dmitriyevich, bu ishda siz menga yordam berib yuborarsiz?
L ye sh ch. Burchim deb bilaman.
A l ye k s a n d r. Men ishning ko‘ngildagidek bo‘lishiga ishonaman va intiqlik bilan kutaman!

Hushtak chalgancha u yoqdan-bu yoqqa yuradi, keyin, o‘yga cho‘mib bufet oldida turib qoladi. Quchoqlashgancha N a d ye j d a bilan V ye r a kiradilar; ular avvaliga A l ye k s a n d r ni ko‘rmaydilar.

N a d ye j d a (ko‘ndirishga urinib). Sen qip-qizil ahmoqsan…
V ye r a (o‘kinchli). Aldayapsiz, xolos, opa!
N a d ye j d a. Qaysar bo‘lma, tentak! Men senga yaxshilik tilayman…
V ye r a. Iflos gaplarni gapiryapsiz! O‘zingiz bittasiga ham ishonmaysiz…
N a d ye j d a (uni itarib). Iflos gaplarni gapiryapmanmi hali?
V ye r a. Menga o‘ynashlar kerak emas!
N a d ye j d a (nafrat bilan). Buni qarang-a! Voy yaramas-ey!
V ye r a. Sen, nima, o‘zing ham eringga xiyonat qilasanmi?
A l ye k s a n d r. Qani, javob ber-chi, Nadya?
V ye r a. Bilasanmi, Nadya nima deyapti? Ering kim bo‘lsa ham mayli, farqi yo‘q emish, u faqat o‘ynashlar topish uchun kerakmish!
N a d ye j d a. Unga ishonma, hech baloni tushunmapti!
A l ye k s a n d r. O‘zim eshitib turibman-ku, u xuddi frantsuzchadan tarjima qilganday dona-dona gapiryapti. Verka, sen opangning so‘zlariga quloq solishing kerak!..
V ye r a. Istamayman! (Qochib ketadi).
N a d ye j d a. Biram o‘zboshimcha qaysar qizchaki!..
A l ye k s a n d r. Zumrasha balo!
Na d ye j d a. Esi yo‘q… o‘jar…
A l ye k s a n d r. Kovalyov unga bir quti konfet, mayda-chuyda olib kelib beradiyu u yog‘i ja-a silliq ketadi! Ayt-chi, bu uy garoviga pulni ering beryaptimi?
N a d ye j d a. Bilmadim. Bu uyga ega bo‘lsam qaniydi, juda istayman: butun oilaga torlik qiladi, ammo bizga juda mos. Erim yaqinda vrach-inspektor mansabini oladi, o‘z uying bo‘lsa sha’ningga yaxshi-da, obro‘ bo‘ladi.
A l ye k s a n d r. Amakim o‘lgandan keyin uy hammamizniki bo‘ladi.
N a d ye j d a. Albatta. Ammo biz ko‘pchilikmiz-da. Garov vasiqasi qo‘limizda, shuning uchun uy Pavel bilan ikkimizning tasarrufimizda bo‘ladi…
A l ye k s a n d r. Barakalla! Balosan, balo!
Na d ye j d a. Hammasi Pavelning ishi.
A l ye k s a n d r. (uni quchoqlab). Kamtarlik qilma! Menga juda yoqasan!
Na d ye j d a. Shunday yoqamanki, hatto mendan pul so‘raging kelib ketadi, shundaymi?
A l ye k s a n d r (kinoyali). Shu qadar yoqasanki, sendagi hamma pul meniki bo‘lsa, deyman!
Na d ye j d a. Bu endi pulning jigardan urishi! Yur, senga bir narsa ko‘rsataman…
A l ye k s a n d r (ergashib). Menga hech narsa hadya qilging yo‘qmidi?
Na d ye j d a. Ayollardan hech narsa so‘ramaydilar.
A l ye k s a n d r (kulib). Bid’at bu!

Ketadilar. Eshikdan hayajonli V ye r a ko‘rinadi, u kimgadir qo‘l silkitib ishora qiladi.

V ye r a (shivirlab). Tezroq keling!

Yakorev kiradi.

Ya k o r yev (norozi ohangda). Nima bo‘ldi?
V ye r a (asta). Sizni birontasi ko‘rgani yo‘qmi?
Ya k o r yev (ovozini pasaytirib). Oqsoch ko‘rdi. Nima edi?
V ye r a (atrofni kuzatib). Bu uyda hech qayerga yashirinib bo‘lmaydi… Bema’ni uy! Attang, hozir yoz emas-da, bo‘lmasa derazadan sakrab tushib ketardingiz.
Ya k o r yev (hayratda). Derazadan sakrab? Nima uchun?
V ye r a. Kerak-da. Quloq soling, meni Kovalyovga erga berishmoqchi…
Ya k o r yev (hafsalasi pir bo‘lib).Yo‘g‘-e! Eh… Tabriklayman…
V ye r a. Siz meni qutqarishingiz kerak!..
Ya k o r yev. Qutqarishim? Qutqarib bo‘larkanmi!
V ye r a (tez,talabchanlik bilan). Siz – qahramon fe’llisiz, qo‘lingizdan keladi! Men allaqachon reja tuzib qo‘yganman… Siz meni biron yerga yashirib qo‘yasiz-da, keyin kelib bularga achchiq gaplar qilasiz… Qizning taqdirini o‘z-o‘zingizcha hal qilishga haqqingiz yo‘q, uning qalbini tahqirlashga yo‘l qo‘yolmayman, deysiz. Men uni sevmayman, ammo uning erkinligi yo‘lida jonimni berishga tayyorman, deb aytasiz. Ularga kerak hamma gapni to‘kib solasiz, u yog‘i tag‘in o‘zingizga ayon bo‘lib qoladi. Keyin hammasi yig‘lab yuborishadi, siz bo‘lsa bir umrga mening do‘stim bo‘lib qolasiz, tushundingizmi?
Ya k o r ye v (jilmayib).Keyin ular boplab mening ta’zirimni berishadi!
V ye r a. Yakorev, o‘zingizni go‘llikka solmang!
Ya k o r ye v (idrok etib). Kovalyov qalinsiz olmaydi…
V ye r a. Meni deb unga besh ming berishyapti.
Ya k o r ye v. Be-esh ming? Nahotki! Rostmi?
V ye r a. Buning ahamiyati yo‘q!
Ya k o r ye v. Besh mingning ahamiyati yo‘q ekanmi?
V ye r a. Sizning u yog‘i bilan nima ishingiz bor?
Ya k o r ye v (fahmlab). Nima ishim? Hm-m… Kovalyov sizni hech kimga bermaydi!
V ye r a. Kimga?..
Ya k o r ye v. Hech kimga. Besh ming hazilakam gap emas!
V ye r a. Nima deyayotganingizni tushunmayapman! Siz mening gaplarimga rozimisiz o‘zi?
Ya k o r ye v (o‘z-o‘zicha).Menmi? Xo‘sh… Hali yoshman… xato qilsam – tuzatishga ulguraman…
V ye r a..Tezroq bir nima deng!
Ya k o r ye v (qat’iy). Tavakkal qilaman, Vera Ivanovna!
V ye r a. Ko‘ryapsizmi, men sizni, siz o‘zingizni bilgandan ham ko‘ra yaxshiroq bilaman!
Ya k o r ye v. Boshladik! Men nima yutqazaman? Vahima bosadi odamni, ammo qiziqarli ish! Vera Ivanovna, bir o‘pib qo‘ying, sal botirroq bo‘lay!
V ye r a. Mana sizga qo‘limni berdim.
Ya k o r ye v.Qo‘limni? Qo‘lni nima qilaman? Bo‘lganga yarasha risoladagidek bo‘lsin-da! (Shitob bag‘riga bosib, lablaridan o‘padi.)
V ye r a (yulqinib). Voy…sizni qarangu… Sizdan labbo‘yoqning hidi kelyapti!
Ya k o r ye v (kulib). Bu labbo‘yoqmas, mo‘ylovimdagi birilliantin hidi…
V ye r a (uni eshik tomon itarib). Yuring, men sizni orqa eshikdan chiqarib yuboray, birov ko‘rib qolmasin tag‘in. Agar yoz bo‘lganda-yu, siz derazadan bog‘ tomonga sakrab tushardingiz-a…
Ya k o r ye v (eshik orqasidan). Sakrashning nima keragi bor, hecham tushunmayman.

S o k o l o v a kiradi. Xonaning o‘rtasiga borib, to‘xtab, atrofga qarab chiqadi. Chopib kirgan P yo t r, uyalib ta’zim qiladi, stul olib qo‘yadi.

P yo t r. Siz dadamning oldiga keldingizmi? Marhamat, o‘tiring… Men hozir chaqirib kelaman. (Chopib chiqib ketadi.)

Sokolova o‘tirmaydi, xonada yura boshlaydi. Ya k o v ning xonasidan I v a n bilan A l ye k s a n d r, so‘ngroq P yo t r chiqib kelishadi.

I v a n (o‘zini salobatli tutishga urinadi, qo‘l uzatishga botinolmaydi). Ehtiromimni qabul aylangiz, xonim! Mening bolalarim… Aleksandr, Pyotr… Siz… e… ularning shu yerda bo‘lishlariga qanday qaraysiz?
S o k o l o v a. Bu o‘zingizga havola.
I v a n (tez javob bermay).Pyotr, mayli, sen chiq… ha… Juda asabiy bola bo‘lgan, xonim, bir ta’sirchanki… nima dedingiz?

Pyotr tezda chiqib ketadi. S o k o l o v a indamay I v a n ga qaraydi.

P yo t r (eshik orqasidan qichqiradi). Oyi, oyi, bu yoqqa keling…
I v a n (asta, alamini yashirolmay). A… bolakay-a! Baqirishini! Sasha, unga ayt – kerak emas… (Yo‘talib oladi). Xonim, kelishingizning sabablari menga ma’lum… Rafiqam sizning iltimosingizni menga aytdi…
S o k o l o v a (xotirjam, sovuqqonlik bilan). Iltimos qilayotganim yo‘q, balki sizga xatongizni to‘g‘rilashingizni taklif etmoqdaman…
I v a n (Sokolova gapi ohangidan tashvishlanib). Hm-m… albatta! Ya’ni… Ha, endi baribir bu yog‘i! Ammo nega xato bo‘lar ekan? Juda g‘alati-ku! Mening xato qilganimni qanday isbotlab berasiz?
S o k o l o v a. Men isbotlab o‘tirmayman.
I v a n. Buning ilojini qilolmaysiz ham!
S o k o l o v a (jiddiy). Demak, sizning fikringizga ko‘ra, otgan odam mening o‘g‘lim, shundaymi?
I v a n (hayajonlanib). Uning bo‘y-basti ajralib turadi…
S o k o l o v a. Siz uni faqat bir marta ko‘rgansiz – o‘sha suiqasd qilingan kunning ertasiga, jandarmlar oldida. Shu to‘g‘rimi?
I v a n (jo‘shqin). Xonim! Shubhalar ila qariyaning dilini ranjitmang…
S o k o l o v a. Sizdan so‘rayapman: siz haqiqatan ham o‘sha jandarmlar ko‘rsatgan yigitcha otgan, deb hisoblaysizmi?
I v a n (tetiklanib). Hisoblayman? Biroq agar uni tanigan bo‘lsam…
S o k o l o v a. Sizda o‘z xatongizni tan olishga jur’atu tantilik yetishmayapti, a?
I v a n (hayajonlanib, chinqiradi) .Men bilan bunaqa ohangda gaplashishga haqingiz yo‘q, muhtarama xonim! Sizning o‘g‘lingiz inqilobchi, undan topilgan narsalar…
S o k o l o v a. Siz savolga javob bermayapsiz – mening o‘g‘lim otganmi yoki yo‘qmi?
I v a n (chinqirishda davom etib).Meni tinch qo‘ying! Sizning o‘g‘lingiz bilan necha pullik ishim bor, bolalar bor menda ham!.. Takrorlayman: sizning o‘g‘lingiz – inqilobchi!
S o k o l o v a (yurib). Bu sizni oqlay olmaydi.
I v a n (ergashib).Afv etasiz! Nima qilmoqchisiz? Nima dedingiz?
S o k o l o v a (eshik orqasidan). Bu sizni oqlay olmaydi, dedim!
I v a n (to‘xtab, past ovozda). Kimning oldida?..

Mo‘ylovidan tortib-tortib eshikka ma’nisiz tikilganicha turib qoladi. S o f ya kiradi, uning ortidan P yo t r yetagida Ya k o v keladi, keyin yugurganicha Vera kiradi, shovqinni eshitib A l ye k s a n d r N a d ye j d a bilan paydo bo‘ladilar.

S o f ya.. U ketib qoldimi?
I v a n (horg‘in). Bir alvastimi bu, bilmadim! Shunday meni qiynadiki!
S o f ya. Sen yo‘q dedingmi?
I v a n (yumshoq). Menga qara, Sofya…
S o f ya (qattiq ovozda). Sen o‘z xatoyimni bo‘ynimga olaman, deganding, menga so‘z berganding, Ivan!
I v a n (tinchlanib). Ha… to‘xtab tur! Endi ilojim yo‘q… mening ahvolim o‘zgardi…
S o f ya (dahshatga tushib). Bu bizlarga musibat olib keladi! Bu boshimizga qora kunlarni soladi!..
P yo t r (lolu hayron). Dada, nimalar deyapsiz? Dada, hech shunday qilish mumkinmi?
I v a n. Yo‘qol, bu yerdan! Yakov, sen vazmin va aqlli odamsan…
V ye r a. Petka, o‘zingni bos…
I v a n (ukasiga). Uni tinchlantirishga, sal tushuntirishga yordam ber…
Ya k o v. (holsiz ovozda). Ivan, haligi ayolni qaytarish kerak!
S o f ya. Petya, bor! Chop! Qaytarib ke!
I v a n (chorasiz). Nima qilyapsizlar? Men rasvo bo‘laman-ku!
Ya k o v. Yo‘q… biz… sen o‘ylab ko‘r…
S o f ya. Bolalarim haqqi, Ivan, keksaliging haqqi!.. Xudo haqqi! Xatoyingni tan ol – yo‘q esa hammamiz adoi tamom bo‘lamiz!..
I v a n (bezovtalanib). Tamom holdan toyib abgor bo‘ldim, jonimda jon qolmadi… Nadejda, nima qilay? Sasha, gapirsang-chi! Ularga ayt…
Na d ye j d a (dadasining qo‘lidan olib). O‘zingizni qo‘lga oling, dada!

Boshqa tomondan Vera uning yoniga keladi, hech narsaga tushunmay qo‘rquv ichida hammaga bir-bir qarab chiqadi va o‘ralashib yuradi.

A l ye k s a n d r.Quloq soling, oyi…
Ya k o v. Ivan, boshqa gap yo‘q gaplashadigan bu yerda…
A l ye k s a n d r. Siz masalaning boshqa tomonidan bexabarsiz…
Na d ye j d a (Aleksandrga). Qisqa qil, bo‘lmasa anovi ayol kelib qoladi, haligi…
S o f ya (hazin). Nadya…
A l ye k s a n d r. Dadamga uyezd politsiya boshlig‘i mansabi nasib etib turibdi, agar hozir u, otgan odam boshqa edi, xato qilibman, desa haligi mansab qo‘ldan ketishi mumkin. Yomon taassurot chiqib qolishidan qochish kerak, bo‘lmasa…
Ya k o v. (irganib). Bas! Gaplaring juda bemaza…
A l ye k s a n d r (xafa bo‘lib). Astaroq, amaki, astaroq…
Na d ye j d a (vazmin). Axir, u oilani o‘ylab gapiryapti!
V ye r a (o‘zini yo‘qotib). Oyi, kim keladi? Kimni kutyapmiz?
S o f ya. Jim bo‘l…
I v a n. Sasha, agar bu ayolning iltimosini bajarmasam, unda Yakov biz aytganni bermaydi…
A l ye k s a n d r (xijolat). E… Bu yog‘ini unutibman-ku1 Obbo, chatog‘-ey!
Na d ye j d a (qizg‘in). Men pul beraman! Erim beradi! (Dadasiga.) Siz bor tavakkal deb ketolmaysiz, kerak emas, – zimmangizda vazifalar turibdi…
A l ye k s a n d r. Yashavor, Nadya!
P yo t r (chopib kiradi). Ketib qopti allaqachon, quvib yetolmadim.
I v a n (engil tortib). Xayriyat-e!

Yakov boshini quyi solganicha stulda cho‘kib o‘tiradi, uning yonida dahshatdan qo‘rqib titragan S o f ya, hansirayotgan P yo t r ham shu yerda, burchakda L yu b o v , hammaga tomoshabindek xotirjam qarab turibdi. A l ye k s a n d r bilan N a d ye j d a stol yonida. I v a n o‘tiradi. V ye r a, orqada turib mehr bilan dadasining yelkalarini silaydi va ko‘zlarini katta-katta ochganicha hammaga bir-bir qarab chiqadi.

N a d ye j d a (past ovozda, norozi ohangda). Men shoshilib, podadan avval chang ko‘taribman, shekilli…
I v a n (horg‘in). Vera, menga vinodan opke! Rahmat, Nadya! Mana, oyoqlarim ham qaltirab ketyapti… Ammo endi tugadi…
S o f ya (g‘o‘ldirab). Yo‘q, tugagani yo‘q!
I v a n (g‘ashi kelib). Ha, endi sen jim tur! Juda dovrug‘imni doston qilmoqchi ekansan, ko‘rib turibman…
N a d ye j d a (gina qilib). Ha, oyi! Siz haddan tashqari no‘noqsiz, ishning ko‘zini bilmaysiz, haddan tashqari!

Fedosya kirib, bufet oldida to‘xtaydi va boshini chayqab nimanidir ming‘irlaydi.

S o f ya. Yakov, bu qanaqasi bo‘ldi?
I v a n. Bas, yetarli! A’zoi badanim titrab-qaqshab ketyapti!
L yu b o v (Yakovga). Bu yerdan ketaylik!
Ya k o v (ba’zo‘r). Seni aka deyishga tilim bormaydi, Ivan. Taqdiringni, bolalaringni o‘ylasam meni vahima bosadi… Qo‘rqamanki, ular seni bir kun…
N a d ye j d a (baland ovozda). Bizlarning nomimizdan gapirishga haqqingiz yo‘q!
I v a n (o‘rnidan turadi).Nima deyapsan, uka? Men, nima, yomon ish qildimmi? Senga nima bo‘ldi? Sen adashyapsan!
L yu b o v (Yakovga). Bor! Bu odamlarning vijdonini uyg‘otadigan, o‘lik vijdonini tiriltiradigan so‘z yo‘q…
A l ye k s a n d r (aftini burishtirib).

Kassandra-chi, Aleksandrni quchib,
Qand shimadi chinor ostida…

Pyotr nimadir demoqchi bo‘lib dadasi tomonga qo‘l cho‘zadi va hushidan ketib holsiz polga yiqiladi.

I v a n (tashvishlanib). Senga nima bo‘ldi? Unga nima bo‘ldi?
L yu b o v (xotirjam). Siz bu bolani ham o‘ldirasiz…
S o f ya (qo‘rqib). Ha, Ivan, ha! Sen uni ham…
N a d ye j d a (dadasiga). Shunchaki hushidan ketib qoldi, dada! U chopib borib keldi-ku, unga yugurish mumkinmas. Ketinglar bu yerdan, siz sal tinchlanishingiz kerak!
A l ye k s a n d r (dadasining qo‘ltig‘idan olib). Yuring, ozgina dam oling.
F ye d o s ya . Mana, bolani bosib ketdilar…
I v a n. To‘xtab tur… Uning ahvoli qanday?
Ya k o v. Ket… sendan iltimos!
I v a n. Albatta, uy seniki, meni quvib chiqarishga haqqing bor. Ammo bolalar meniki, mening ham haqqim bor…
N a d ye j d a. E, ha endi yursangiz-chi!
A l ye k s a n d r. Voy-bo‘y, hammaning asabi bo‘shashgan bu yerda!
F ye d o s ya. Qanaqadir fitna… kelishmagan, almoyi-aljoyi…

I v a n, N a d ye j d a va A l ye k s a n d r ketadilar.

I v a n (ketayotib). Bechora bola… Uni u yoqda nimalarnidir, deb sarson qilishyapti…
Ya k o v. Mana, Sofya, ko‘rdingmi? Bola va yaramas…
S o f ya (Pyotrni o‘rnidan turg‘izib). Indamang, xudo xayringizni bersin! Yordamlashvor, Lyuba… Vera, qarashvorsang-chi…
F ye d o s ya. Ana buni qara-ya! Jon o‘rnida ko‘rardi-ya!
L yu b o v . Bunday bolalarni kasalxonaga joylash lozim, yaramaslarni bo‘lsa turmaga tiqish kerak…
V ye r a (qichqirib). Dadam haqida bunday dema! U bola ham emas, yaramas ham! Mana sen bo‘lsang, urishqoq mushukning naq o‘zisan!
Ya k o v. Vera, girgittonim…
V ye r a (qizg‘in). Sizning ham, amaki, fe’lingiz yomon! Siz butun umringizda pul yo‘qotishdan boshqa bir ish qilganingiz yo‘q, dadam bo‘lsa-chi – qo‘mondonlik qilib, odamlarga buyruq berib boshqarib keldi. Bu esa ham qiyin, ham xatarli, mana uni otib ko‘rishdi-ku, shuning uchun-da! Men bilaman – siz uning haqida yaxshi gaplar gapirmaysiz, uni fohishabozu ichkilikparastlikda va hokazolarda ayblaysiz, ammo uni yaxshi ko‘rmaysiz, shuning uchun gaplaringizga ishonmayman, yolg‘on, bari yolg‘on! Fohishabozu ichkilikparastlar odamlarni boshqarib ketisholmaydi, uddasidan chiqisholmaydi, dadam esa bu ishni eplay oldi. U rahbarlik qilib keldi va qiladi ham, demak, u aqlli va yaxshi odam ekan! Hech kim yaramas odamning qo‘l ostida ishlab, uning rahbarligiga chidab tura olmaydi…
F ye d o s ya (kulib). Qarqunoqdan bulbul chiqdi!
P yo t r (oyoqqa turib). Vera, dadamiz yaramas odam…
V ye r a (shijoat bilan).Sen tushunmaysan! U qahramon! U shirin jonini o‘ylamay, o‘z burchini bajardi! Sizlar-chi… sizlar nima qilyapsizlar? Qanday burchni bajaryapsizlar? Sizlar nima uchun yashayotganingizni ham bilmaysiz, siz dadamga hasad qilasiz, chunki u odamlar ustidan hukmronlik qiladi, sizda esa hech vaqo yo‘q, hech vaqo…
F ye d o s ya. Chug‘urchiqlarim-a, hoy chug‘urchiqlarim!… O‘h-ho‘…

P a r d a

TO‘RTINChI PARDA

Ya k o v ning xonasi; u oromkursida yonboshlab yotibdi, oyog‘i shol ro‘mol bilan o‘ralgan. F ye d o s ya xonaning ichkarisida, to‘siq parda ro‘parasida to‘r to‘qib o‘tiribdi. I v a n hayajonlanib xonada kezib yuradi. Kaminda o‘t o‘chib bormoqda, stolda chiroq yonib turibdi. Past ovozda gaplashishmoqda. Qo‘shni xonada pianino oldida
L yu b o v turibdi.

I v a n. Bu oxirgi, qat’iy so‘zingmi?
Ya k o v. Ha.
I v a n (samimiy). Lol qoladigan darajada beshafqat odamsan sen, Yakov! Xotinimni ham aynitgan sen, u muloyim, muomalaga yuradigan bir narsa edi…
Ya k o v. Sen-chi… o‘z-o‘zingga rahming kelsin! Sha’ningni yerga uradigan ishlar qilyapsan!..
F ye d o s ya.Mana shunday do‘stona, jimgina gapirishsa, odamning ovozi ham quloqqa xush yoqar ekan…
I v a n. Nasihatingni qo‘y, sendan yoshim katta…
Ya k o v. Seni insofli, diyonatli odam, deb hisoblay olmayman, dedim, sen bo‘lsang, mendan pul so‘rayapsan!
I v a n (samimiy bo‘lishga tirishib). Ha, sen meni haqorat qilding, sha’nimni yerga urding, men bo‘lsam sendan pul so‘rayapman! Ha, sen xotinimning o‘ynashi eding, men bo‘lsa oldingda qadamingni o‘payapman! Buning hammasidan xursand ekan, deb o‘ylama, o‘ch olishni istamas ekan, deb o‘ylama meni, o, o!..
Ya k o v. Bemaza gaplarni gapirmasang-chi!
I v a n (jo‘shib). Biroq, sen betobsan – shu seni saqlab turibdi! Men bo‘lsam – rosmana, sog‘lom odamman, yana – otaman men! Sen otaning ahvoli ruhiyasini anglay olmaysan, haligi rus kishisi juhudning ko‘nglini tushunmagandek… ya’ni – aksincha, albatta! Ota – muqaddas burch egasi, Yakov! Ota – hayot ibtidosi, men senga aytsam… Xudoning o‘zi ham otaning ulug‘ nomi bilan ataladi! Ota farzandlarini deb, nafsoniyatidan, vijdonidan, hayotidan kechishgacha boradi, mana men xuddi shundoq qilmoqdaman! Otalik burchimni o‘tar ekanman, izzat-nafsimni poymol qilib, politsmeyster bo‘lgan menday bir odam uyezd politsiyasi boshlig‘i lavozimiga rozilik berib o‘tiribman! Burchimni o‘tar ekanman, bir qorindan talashib tushgan jigarim – ukamning achchiq haqoratomuz ta’nalarini eshitdim. Yana bu ulug‘ burchni bajaray deb ko‘kragini o‘qlarga qalqon qilishgacha borgan men emasmi?..
F ye d o s ya. Qichqirishni boshladimi… o‘zini to‘xtata olmay qoladi, o‘h-ho‘-o‘!.. Ko‘rmaganim yaxshi… (Turadi va ketadi.)
Ya k o v. Buni esingdan chiqar… Tushunsang-chi, ey baxti qaro, axir sen bolalaringni xarob qilding-ku… Vera qani?
I v a n. Qidirib topishadi! Qaytmay qayoqqa boradi, iflos…
Ya k o v. Petya-chi? Sen uning ko‘nglini yetti xufton qilding!
I v a n. Bu o‘zi kasalmand bola, davolanishi lozim! Uni sizlardan yiroqroqqa olib ketish kerak, vassalom! Uni sizlar buzdingiz!
Ya k o v (holsizlanib). Gapirishga holim qolmadi… hech narsa qalbingning tubiga yetib bormayapti.
I v a n (yana baland ohanglarda). Mening qalbim haqiqat sovutini kiyib olgan, sening qahring o‘qlari unga tegmaydi, ha! Men hayot poydevorining qo‘riqchisi – otaning huquqlarini himoya qilishda qat’iy va qoimman! O‘z-o‘zimga sodiq qolish huquqi haqida gap ketganda Ivan Kolomiytsev hamisha sabotli va barqarordir!
L yu b o v (kiradi). Kechirasiz, dada, suhbatlaringizga aralashib, tugatmasam bo‘lmaydi, sizga hayajonlanish mumkin emas. Ivan Danilovich, dadam sizga pul bermayman, dedi-ku, qo‘shimchasiga shuni aytay: u istagan taqdirda ham, pul bera olmas edi. Pullar Sokolova xonimga, o‘g‘lining garovi uchun berildi…
I v a n (chapak chalib). Nechog‘lik achchiq kinoya! Eh, Yakov!
L yu b o v (istehzo bilan). Agarda siz xatoyingizni bo‘yningizga olganingizda pul sizniki bo‘lardi…
I v a n. Uezd politsiya boshlig‘i lavozimi – Kovalyovga bo‘lardi, deng! Siz bekorga burun suqdingiz, Lyubov Yakovlevna, hali yoshsiz, bu hayotning murakkabliklari-yu mening azob-uqubatli qismatimni tushunishga ojizlik qilasiz!
L yu b o v . Yaxshi, ammo dadamga bari zararli…
I v a n. Sizning qo‘pol so‘zlaringizni eshitish menga foydali-da, a? Menda seni ishontira oladigan kuch yo‘q, chamasi, uka! Nima qilaman endi? Agarda menga pul bermasang, xoru rasvo bo‘laman, Yakov… Meni xarob qilasan, Sofyani ham, bolalarni ham…
L yu b o v (sovuq). Bolalaringiz allaqachon xarob bo‘lib bo‘ldi…
I v a n. Tilingizni tiying… sayroqi! Yakov, mening taqdirim, butun oila taqdiri bir ming ikki yuz so‘mga bog‘liq… mayli, to‘ppa-to‘g‘ri ming bo‘laqolsin! Sen ko‘ngilchan, esi joyida odamsan, Yakov, bugun mening ishga tayinlanishim hal bo‘ladi – Leshch bu ishni uzil-kesil yuritvorish uchun jo‘nab ketdi… Ishga tayinlanganimdan keyin, pul menga suv bilan havoday zarur bo‘ladi! Vijdoning bilan seni yuzma-yuz qoldirib ketaman, inim!

Boshini baland ko‘tarib chiqib ketadi. Yakov qo‘rquv aralash uning ortidan qarab qoladi, Lyubov istehzoli jilmayadi.

Ya k o v (u ham holsiz istehzoli jilmayib). Baloning o‘zi, odam emas! Ko‘rdingmi, u o‘z-o‘ziga shunday yoqadiki! Yoshligida havaskorlar sahnasida o‘ynardi, qara, unda qahramonlar rolini o‘ynaydigan aktyorlik qobiliyati hali yo‘qolmagan ekan…(Jim qoladi.) U pulni berishimga majbur qiladi!
L yu b o v (bo‘g‘iq ovozda). Men bundan ham ortiq zararli va yoqimsiz odam bo‘lishini tasavvur qilolmayman…
Ya k o v (betoqat bo‘lib). Lyuba, azizam, qattiq gapirib yuborasan-da… Nima hojati bor?
L yu b o v (asta, sovuqqina). Ayting, men nima qilay?
Ya k o v (biroz turib). Senga nima deb javob berishni ham bilmayman… Buning hammasi kutilmaganda yuz berdi-yu, juda meni ezib yubordi. Men o‘z qayg‘umga g‘arq, oyingga bo‘lgan muhabbatim og‘ushida tanho, so‘ppayib, ko‘rsichqonga o‘xshab yashar edim… Shunday odamlar borki, taqdir ularni bir ayolni umrbod sevishga mahkum aylaydi… Umr bo‘yi faqatgina bitta kitob yozayotgan kishilarga o‘xshab…
L yu b o v . Yozganda ham yomon yozishadi…
Ya k o v. (samimiy va sodda). Ha! Notavonliklarini yashirish uchun, ular o‘zlarini bema’ni mehnat qa’riga otadilar va men o‘zimni faqat bir narsaga bag‘ishlaganman, degan dargumon yupanch bilan ko‘ngillarini ovutadilar!
L yu b o v (o‘ylanib). Gaplaringiz samimiy… ammo bunisi ortiqcha…
Ya k o v.(asta). Menga rahming kelmaydimi?
L yu b o v (xonada asta yurib). Menga alam qiladigani shuki, hech narsa qo‘limdan kelmaydi! Vera bilan Pyotrni bu yerdan sug‘urib olib chiqib ketgim keladi, ammo qanday qilib – bu yog‘ini bilmayman. Aqlim yetmaydi…
Ya k o v. Senda o‘taketgan darajada sovuq bir qarash bor!
L yu b o v . Ehtimol, o‘z ojizligimga bo‘lgan qahru alamimdir… (Jim qoladi.) Nega meni bunday nopoklik va razolat chohiga tashladingiz?
Ya k o v. So‘rab qiynama! Bilasan-ku, Sofya mening qizim ekanligingni tan olgisi kelmas edi…
L yu b o v (istehzoli). Ammo siz, ota-onalar, bolalar taqdiriga shunday yengil-elpi qaraysizki…
Ya k o v. Toshbag‘ir bo‘lma…
L yu b o v (sovuq). Ha… buning foydasi yo‘q!
S o f ya (g‘amgin, kiradi). Men uni topolmadim… hech narsa bila olmadim…
Ya k o v. Ranging oqarib ketibdi, qaragan qo‘rqadi…
S o f ya (boshqa narsa haqidla o‘ylab). U yoqda Yakorev keldi. Bugun u nimagadir hamma bilan dag‘alu qo‘pol muomala qilyapti.
L yu b o v . Nazarimda, Vera haqidagi mashmashadan uning xabari bo‘lsa kerak…
S o f ya. Uning holi nima kechadi? Lyubov, sen uchun xudo meni jazolayapti, ha…
L yu b o v . Bo‘lmagan gap, oyi! Xudoning, tabiatning, quyoshning biz bilan nima ishi bor? Biz qandaydir eski, mahobatli binoning, balki, turma devorining buzuq parchalari kabi odamlar yo‘lida yotibmiz… Biz vayrongarchilik to‘zonlari ichida qorishib yo‘q bo‘lib ketgunimizcha, odamlarning yurishiga xalal beramiz… O‘tganlarning oyog‘i tegib ketganda, ma’nisiz jonimiz og‘riydi… Ba’zan esa kimdir bizga qoqinib yiqiladi, u yer-bu yerini mayib qiladi…
Ya k o v. (asta). Bunday gapirma, bunchalar noumid bo‘lma!
S o f ya (ingrab). Qayerda bo‘lishi mumkin, a, Vera?
Ya k o v. Nadejda ham qidirishyaptimi?
S o f ya. Aleksandr ham, kuyovimiz ham… Sho‘rim qursin!
L yu b o v . Undan ham yomon bu, oyi!
S o f ya. Bilaman, bilaman… Axir aytardim-ku: boshimizga qora kunlar keladi, deb…

Shovqin solib I v a n, Ya k o r ye v ning qo‘lidan tortib keladi. Daha nazoratchisi xo‘mrayib qaraydi, ammo xotirjam.
I v a n (darg‘azab). Tabriklanglar – mening yangi kuyovim! Qanaqa yaramas, a?
Ya k o r ye v. Og‘zingizga qarab gapiring!
I v a n. E, men sening abjag‘ingni chiqarib qo‘yaman!
S o f ya. Siz… Vera siznikidami?
Ya k o r ye v. Uning qayerdaligini bilaman…
I v a n (tahdidli). Darrov bu yoqqa olib kel, muttaham!
S o f ya (yalinib). Olib keling uni… Sizning hech narsangiz yo‘q, uni faqirona turmush kutadi, chunki qo‘lidan hech narsa kelmaydi… Sizga boshqacha xotin kerak…
Ya k o r ye v (boshini quyi solib). Ammo u allaqachon… biz turmush qurdik…
S o f ya (stulga o‘tirib qoladi). Nahotki?
I v a n (Yakorevni tortqilab). Yolg‘on gapiryapsan! Sen menga bunisini aytmagan eding. U yo‘l qo‘ymas edi, jur’at qilolmas edi…
Ya k o r ye v. Tegmang menga! Gapirishga qo‘yasizmi…
Ya k o v. Ivan, uni tinch qo‘y!
L yu b o v . Hovliqishning endi foydasi yo‘q. (Yakorevga.) Siz uning eri… bo‘lasizmi? Rostmi?

Yakorev indamay bosh egadi.

I v a n (qichqiradi). U aldayapti! Tuxumingni quritaman…
Ya k o r ye v. Keling, ochiqchasiga gaplashib olaylik…
Ya k o v. Mayli, gapirib bersin…
I v a n. Gapir, it!
Ya k o r ye v. Agar qizingizni yaxshi ko‘rsangiz, menga bunday qo‘pollik qilmang…
I v a n. Sen menga po‘pisa qilyapsanmi hali? Menga-ya?
Ya k o r ye v. Vera Ivanovnaning o‘zi olib ketishimni iltimos qildi…
I v a n. Yolg‘on!
Ya k o r ye v. Hozir meni yuborganining sababini bilsangiz, gap bunday: bo‘lar ish bo‘ldi, buyog‘iga endi mening ko‘nglimga qarashsin, deyapti Vera Ivanovna. Siz Kovalyovga besh ming bermoqchi ekansiz, – biz esa to‘rt mingga rozimiz… Faqat uyezd politsiya boshlig‘i bo‘lganingizda meni o‘sha yoqqa pristav qilib olasiz…
I v a n (noaniq). Eh, sen firibgar! Qarang-a!
S o f ya. Yo, parvardigor!
Ya k o v. (shoshilib, duduqlanib). Aytganlariga rozi bo‘lish kerak! Bu, sen o‘ylaganingdan ko‘ra, Ivan, ma’qulroq ish, ko‘rdingmi? Pulni men beraman, hammasi yaxshi bo‘ladi! Agar ular bir-birini yaxshi ko‘rishsa, – sevgisini poymol qilmang! Sevgini asramoq kerak… bu nozik chechak, noyob chechak, umrda faqat bir marta gullaydi, faqat bir marta!
L yu b o v (sovuq). Bas qiling! Sizga zararli… Vannaga tushadigan vaqt bo‘ldi, ketdik!
Ya k o v. Yo‘q, to‘xtab tur…
L yu b o v (uning turishiga ko‘maklashib).Vaqt bo‘ldi! Bu ishga siz aralashmasligingiz kerak – bu yerda hammasi befoyda, sizning hissiyotingiz bo‘lsa erta kunda…(Burchakdagi eshikdan olib chiqib ketadi.)
I v a n (Yakorevga, hayron qolib). Ammo qanday jur’at qilding? Qanday yuraging betladi?
Ya k o r ye v (kamtarlik qilib). Qulay fursat kelganda, foydalanib qolishim kerak…
I v a n. Qulay fursat! Sofya, a? Bizning qizimiz daha nazoratchisiga “qulay fursat” bo‘lipti!

Sofya harakatsiz oldinga qarab o‘tiradi, barmoqlari titragancha ko‘ylagini g‘ijimlab yulqiydi.

Ya k o r ye v (falsafa so‘qib). Daha nazoratchisi bo‘lib ishlayapman hozircha, kim biladi, bu yog‘i nima bo‘ladi?
I v a n. Nima bo‘lardi? Zindon bo‘ladi, katorga bo‘ladi, hayvon!
Ya k o r ye v. Ivan Danilovich, baqirmang! Endi nima bo‘lsa ham sizga qarindosh bo‘lib qoldim… (Veraga ko‘zi tushadi: u bildirmay tez dadasiga yaqinlashadi.) Siz? Nega endi siz…
I v a n (bo‘kirib). Sharmanda… Yo‘qol!
V ye r a. Dada!
I v a n. O‘ldiraman!..
S o f ya (o‘rnidan turmay). Vera… (Unga qo‘llarini cho‘zadi.)
V ye r a (qat’iy). Dada, men esi past qiz, shuning uchun boplab ta’zirimni yedim. Ahmoqligim uchun birgina men aybdor emasman…
I v a n. Ah-a, Sofya! Mana, eshitding-a! U tushunib turibdi, kim aybdorligini!.. Gapiraver, qani…
S o f ya (asta). Vera, nega bunday qilding?
V ye r a. Yakorev, siz chiqing… mehmonxonaga boring!
Ya k o r ye v (itoatkorona chiqadi). Yaxshi… Faqat men tushunmayapman, nima qilyapsiz o‘zi?
I v a n. Oyimcha buyruq qilyaptilar! Nima qilganingni bilasanmi, qizaloq, yuzimni yerga qaratding-ku!
V ye r a. Dada, Kovalyovga tegishga roziman, eshityapsizmi?
I v a n. Endimi?.. Nomusli, andishali odam seni oladimi endi?
V ye r a (xushmuomalalik bilan, alamli). Ammo, dada, Kovalyov axir yaramas odam-ku, o‘zingiz aytgansiz!
I v a n. Sen bo‘lsa – buzuqsan!
S o f ya (o‘rnidan turadi, tahdidli). Jim bo‘l!..
I v a n. Shundaymi? Bo‘lmasa, bilganingizni qilinglar!
V ye r a. Siz ham, dada, mening aytganimni qilasiz!
I v a n (quloq solib). Men-a?
V ye r a. Bugunoq Kovalyovni chaqirtirasiz, u yog‘ini menga qo‘yib berasiz!
I v a n (shubhali). A, qalin qani? Besh mingni qayerdan olasan, a?
V ye r a. Buning hojati yo‘q…
I v a n.. Hojati yo‘q? Hm-m…
V ye r a. Kovalyov boy odam. Unga men kerakman, pul emas… Pulni uning o‘zi o‘g‘irlab ko‘paytirib oladi…
I v a n (samimiy, qo‘rquv bilan). Qaqajonning chechanligini qaranglar!
S o f ya. Bir lahzaga bizni xoli qo‘y…
I v a n (ketayotganidan xursand). Ha, men ketaman… Sizlardan qochib tupkaning tubiga ketishga tayyorman, aqldan ozganlar! (Ketadi.)
V ye r a (oyisiga qarab, o‘zini yo‘qotib, qayg‘uli ohangda).Mana, oyi, boshimdan nimalar kechdi…
S o f ya indamay uni bag‘riga bosadi.

S o f ya. Go‘dakkinam! Nahotki uni sevsang?
V ye r a (istehzoli). Bu mayda, ayanchli qo‘rqoq bir kimsa.
S o f ya. Qanday qilib bunga yo‘l qo‘yding?
V ye r a (elkasini qisadi). Shundoq… Bemaza tush! Men o‘ylovdimki, boshqacha bo‘ladi, deb. Halol erkaklar yo‘qmi, oyi? (Titrab asta yig‘lay boshlaydi, oynaga qarab o‘z aksini ko‘radi va ko‘z yosh aralash gapiradi). Bechora Verka, burning qizarib ketibdi, yuzlaringga qarab bo‘lmaydi, umuman – rosa kaltak yegan kuchukning ayni o‘zi bo‘libsan… Oyi, boring, mening qahramonimni bu yoqqa yuboring! Qahramonimni, oyi! Menga hech narsa demang, sizdan iltimos. Chunki bu mashmashada sizning ham aybingiz bor, bo‘lgandayam menikidan kam emas, ha, oyi… O‘tgan uch kun ichida o‘zimga o‘zim shunday gaplarni gapirdimki, hech kim bundan badtarroq, bundan achchiqroq gapira olmaydi… Men birdan kichkina kampirga aylanib qoldim, yuragim orziqib ketdi… Bu bir umrga yetadi, oyi! Axir yurak birdaniga to‘xtaydi, birinchi zarbdanoq! (Oyisiga qaraydi va beg‘araz, ammo keskin gapiradi). Men Lyubovga o‘xshagan turqi sovuq, badjahl bo‘laman… Yo, rabbiy, men ham xursandchilik bilan odamlarni qiynayman, qiynayman, qo‘limga birontasi tushib ko‘rsin! Shunaqa bema’ni ekanki, bu odamlar, oyi, ayanchli va yaramas! Boring, uni chaqirib yuboring!

S o f ya ketadi, V ye r a bir o‘zi yolg‘iz, qo‘llari bilan boshini changallab, ko‘zlarini katta-katta ochgancha bir necha lahza bo‘shliqqa tikilib qoladi, lablari nimanidir shivirlaydi. Ya k o r ye v ning nafasi sezilgach, sochlarini to‘g‘rilaydi,
chehrasi jiddiy tus oladi.

Ya k o r ye v (gina qilib). Nima qilyapsiz o‘zi? Juda jiddiy boshladik – birdaniga bo‘lsa – o‘zingiz kelib o‘tiribsiz! Siz, kelishganimizdek, o‘sha yerda o‘tirib meni kutishingiz kerak edi, men nikohga rozilik olishim lozim edi, qariyb rozilik olgandim ham… Endi bo‘lsa – hech narsaga aqlim yetmayapti…
V ye r a (xotirjam). Men fikrimdan qaytdim. Kovalyovga turmushga chiqishga qaror qildim.
Ya k o r ye v (birozdan so‘ng, qahr bilan). Rostdanmi?
V ye r a. Ha.
Ya k o r ye v. Yo‘q, siz bunday qila olmaysiz!
V ye r a (jizzakilikdan o‘zini tiyib). Nimaga ekan?
Ya k o r ye v. Bunga men yo‘l qo‘ymayman!
V ye r a (qiziqqonlik bilan). O!.. Nahotki? Jiddiy gapmi bu?
Ya k o r ye v. Jiddiy bo‘lganda qandoq! Qilt etib ko‘ring-chi!
V ye r a. Xo‘sh, nima bo‘ladi?
Ya k o r ye v. Tezda butun shaharga badnom qilaman. Tushunarsiz, deyman? Kovalyov u yoqda tursin, hatto qovoqxona xizmatchisi ham olmaydi sizni! Meni mayna qilishlarini yoqtirmayman. Men xotin kishi emasman…
V ye r a (jilmayib). Meni shunday qo‘rqitib yubordingizki, endi qachondir o‘lib-netib qolsam kerak…
Ya k o r ye v (darg‘azab). Siz hazillashmang! Qanday bema’nigarchilik! Hamma ishni o‘zi boshlaydi-yu, keyin…
V ye r a (xotirjam). Sizning qo‘rqoqning qo‘rqog‘i, o‘g‘riyu poraxo‘r ekanligingizni ko‘rganimdan keyin…
Ya k o r ye v (qahr bilan). Bu so‘zlaring uchun ko‘p marta ko‘zingdan yoshingni oqizdiraman hali…
V ye r a (jiddiy). Og‘zingni yop, surbet!
Ya k o r ye v (titrab, qaddini rostlaydi va go‘yo boshqalar qayerga yashiringanini qidirayotganday hayratda atrofga ko‘z tashlab chiqadi, keyin tahdidli gapiradi). Juda-a-a soz!..
V ye r a (uning oldiga kelib). Quloq sol, nazoratchi: sening bilan ikki kecha birga bo‘lgan, shundan bir kechasini – o‘z xohishiga qarshi sen bilan o‘tkazgan qiz, endi boshqa yo‘q.
Ya k o r ye v (o‘zi uchun bir xatarni sezib, g‘o‘ldiraydi). Albatta…
V ye r a. Sen buni keyin tushunasan. Esi past qizcha o‘ldi, uning o‘rniga hech kimga rahm qilmaydigan, hech kimdan qo‘rqmaydigan toshbag‘ir ayol tug‘ildi. Sen meni badnom qilmoqchisan, ammo meni nomusdan mahrum etding, endi sharmandalikdan qo‘rqmayman. Sharmandalik nima degani? Sening bilan birga bo‘lganimni gapirishlarimi? (Achchiq kuladi.) Mayli, gapirishaversin. Buni o‘zim ham bilaman! Xo‘sh, nima bo‘pti? Xuddi sen bilan yashashni xohlamaganim kabi, endi istamasam ham, Kovalyov bilan qonuniy yashay boshlayman… menga baribir emasmi? Sen shunga xalal bermoqchimisan? Sen meni nomussiz qilding, endi qo‘rqitmoqchi bo‘lyapsanmi? Nima bilan? Hammasini odamlarga aytib berish bilan, shundaymi? Mening odamlar bilan nima ishim bor? Sen shunday faqiru nochor odamsanki, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi… Har uchragan muttaham ham zararli emas, ba’zilari ayanchli, xolos. Tuyog‘ingni shiqillatib qol, qani!
Ya k o r ye v (avval istehzoli achchiq kulgi bilan eshitadi, Veraning so‘zlari pasayib jiddiylashib borgani sari, qo‘rqa boshlaydi, oxiri xijolat bo‘lib yelka qisib gapiradi). Siz, ammo lekin… siz birinchi bo‘lib bu ishni boshlaganingizni esdan chiqarib qo‘ydingiz…
V ye r a (xotirjam). Tuyog‘ingni shiqillat, deyapman!
Ya k o r ye v (dili siyoh bo‘lib). Agar sizning shunaqaligingizni bilganimda…
V ye r a. Bilganingda… nima?
Ya k o r ye v (mulohaza qilib). Yaqin yo‘lamagan bo‘lardim… Siz, ochig‘ini aytganda, meni chuv tushirdingiz… Sizning menga ziyon yetkazishingiz juda oson, buni tushunaman. Dadangiz va akangiz – ikkisi ham politsiyada ishlashadi… Agar ularga eringiz ham qo‘shilsa… albatta, meni g‘ajib tashlashadi… Men sizga va’da berishga tayyorman…
V ye r a (baqirib). Ko‘zimdan yo‘qol!!!

Yakorev tez ketadi. S o f ya yugurib keladi, V ye r a unga peshvoz chiqadi.

S o f ya (qo‘rquv ichida). Nimaga baqiryapsan? Nima, u qo‘pollik qildimi, tegishdimi?
V ye r a (hayajondan nafasi og‘ziga tiqilib). U o‘zini vallomatlardek tutdi, oyi! Men unga: azizim, seni jondan ortiq sevaman, dedim…
S o f ya. Sen, uni sevmayman, deding…
V ye r a. To‘xtab turing, oyi!.. Yo‘limizda, bizning baxtimizga, dedim men, o‘tib bo‘lmas to‘siqlar mavjud… Men barini yo‘q qilaman yoki o‘laman, dedi ablah…. ya’ni qahramonim, oyijon! Biz uzoq gaplashdik, chiroyli gaplashdik, ikkimiz ham bir-birimiz oldida zavq-shavqdan yig‘ladik, ikki musaffo, ikki jo‘shqin qalb…

Tip-tiniq yulduzlar, go‘zal yulduzlar
Gullarga so‘ylashdi ajib ertaklar…
va bitta kichkina qizchani aldab ketishdi… Ammo sevgi haqida gapira turib, oyi, u muqaddimani shunchalar cho‘zib yuboradiki, g‘ashing kelib ketadi, hozir ham shuning uchun unga: “Ko‘zimdan yo‘qol!” deb yubordim.
S o f ya. Girgittonim, bolaginam!..
V ye r a. Yo‘q, men qichqirdim, chunki dilim yomon og‘rib ketdi, dilim! Jon oyijonim, qanday bo‘ldi, deysizmi? Men axir hazillashuvdim, o‘ynashuvdim, – ayting-chi menga, nima, hazillashish mumkin emasmi, yaxshilikka ishonish mumkin emasmi?
S o f ya. Senga nima desam ekan?
V ye r a (jim qoladi, so‘ng jiddiy tusda). Men hech qachon bola tug‘ishga jur’at qilolmayman, bu qo‘rqinchli! Men ham tushunmayman, hech narsa tushunmayman va ularga bir nima deyolmasam kerak…

Oshxonadan N a d ye j d a va A l ye k s a n d r ovozlari eshitiladi.

V ye r a. Akam bilan opam kelishyapti… meni bir joyga yashiring! Ular ham meni izlashdimi? Ularni menga duch qilmang… kerakmas!

S o f ya uni burchakdagi eshikdan olib chiqib ketadi.

V ye r a (ketayotib). Oyi, siz ham qizlik vaqtingizda yaxshilikka ishongansiz, a?..
S o f ya. Men ham…
V ye r a. Ehtimol, barcha qahramonlar – yolg‘onchilardir?

Oshxonadan ovozlar eshitiladi.

A l ye k s a n d r. Mendan tarsakilar yeydi-ku, hali!
N a d ye j d a. Voy, tentak, tentak…
I v a n. Ammo ota sho‘rlik nima qilsin?
N a d ye j d a (Yakov xonasiga nazar tashlab). Bu yerda yo‘q u.
I v a n.Balo ketidan balo yog‘ilmoqda boshimga!
A l ye k s a n d r. Tezroq Kovalyovga berib yuborish kerak!
N a d ye j d a.Albatta-da…
I v a n. Ha, agar u olsa-da!
N a d ye j d a. Tashvishlanma, oladi!

Chamasi barchasi mehmonxonaga o‘tganidan ovozlar tina boshlaydi. Rangi oppoq oqargan P yo t r kirib keladi, chehrasida sarmast odamning kulgusi, kresloga o‘tirib ko‘zlarini yumadi. Kichik eshikdan S o f ya chiqadi, u Ya k o v karavoti yonidagi stolda
turgan grafindan stakanga suv quyadi.

P yo t r. Yana kimdir yig‘layaptimi?
S o f ya. Keldingmi? Qayerda eding?
P yo t r. Kim yig‘layapti?
S o f ya. Vera…
P yo t r. A-a… u qaytib keldimi…
S o f ya (uning yoniga kelib). Ha.
P yo t r (istehzoli kulib). Bu yerdan ketib bo‘psan… Yo‘-o‘q! Urinish ham befoyda…
S o f ya (asta). Petya, ichdingmi?
P yo t r. Ozgina, oyi! Juda ozgina…
S o f ya. Nimaga? Bu axir sen uchun o‘z-o‘zini o‘ldirish bilan baravar-ku!
P yo t r. O‘z-o‘zini o‘ldirish – ahmoqlik! Eng iflos joyi shuki, mening yoshimdagilar bir-biri bilan otishadilar.
S o f ya. Ajabo! Shunday vahshatli gaplarni gapiryapsanki! Qayerda bo‘lding o‘zi?
P yo t r (istehzoli kulib). Krill Aleksandrovichning oldida. Lekin endi hecham uning oldiga, umuman shu tomonga bormayman. U yerda – hamma narsa jiddiy. U yerda kishidan har xil narsalarni bilishni talab qilishadi, masalan, hayotni tushunib yetish, odamlarga hurmat va hokazo. Men bo‘lsam naq bo‘sh chamadonning o‘ziman. Adashib seni yo‘lga olishdi-yu, lekin safarga kerakli buyumlarni joylashni unutishdi…
S o f ya. Seni o‘sha yerda ichirishdimi?
P yo t r. Xudo saqlasin! U yerda falsafali choy ichishadi, choyga har xil hikmatlarni ham qo‘shishadi, ammo… murabbo ham berishmaydi! Yo‘q, men qovoqxonaga kirdim. Mana bu juda soz!
S o f ya. Bor, xonangga kirib yot…
P yo t r (o‘ylanib). Va yotish… Sen bilan birga og‘ir, turqi sovuq g‘am-qayg‘u quchoqlashib yotadi… Qayg‘uga qarshi qanday chorani bilasiz?
S o f ya. Men hech narsani bilmayman. Men gapirishga qo‘rqaman. Agar hammamiz yolg‘on gapirganimizda – juda qulay bo‘lar edi…
P yo t r. Jim qolish – yolg‘on gapirish demak, gapirish yana yolg‘on aytish… Qani, boring, ko‘z yoshlaringizni arting… Suv olib keling… Bu – Veragami?
S o f ya (ketadi). Ha… Esimdan chiqibdi…

Eshik oldida L yu b o v bilan Ya k o v g a to‘qnash keladi.

L yu b o v (Yakovga). Sal yengillashdimi?
Ya k o v. (xirilloq ovozda). Ha… ozgina…
L yu b o v . Ko‘rinib turibdiki, vanna sizga zarar ekan…
Ya k o v. Ehtimol, shunaqadir… Ammo mana bu Leshch…
L yu b o v . Men boshqa doktor chaqirtiraman.
Ya k o v. Noqulay… Leshchning ko‘ngliga keladi…
P yo t r (o‘rnidan turib). Kechirasiz… men sizning taxtingizni olib qo‘ydim!
Ya k o v. (kinoyali kulib).O‘tir, o‘tir. Men joyimga yotaman… Hatto o‘tirishga qiynalaman-ku!
P yo t r(Lyubovga). Sen Verani ko‘rdingmi?
L yu b o v (Yakovni yotqizib). Keldimi?
Ya k o v. Xo‘sh, xo‘sh? Tinch ekanmi?
P yo t r. Ko‘rganim yo‘q.
L yu b o v (Pyotrga). Sen shu yerda bo‘lib tur, men uning yoniga boray…(Ketadi.)
Ya k o v. Sho‘rlik qizchaga biram rahmim kelyaptiki…
P yo t r. Agar kishi yarasiga sirka qo‘ysalar, holi nima kechadi?
P yo t r. Lyubami? U hamisha ham hammadan ko‘proq narsani ko‘radi, shuning uchun ham tili zahar… O, mana, ahli donishlar kelishmoqda…
Ya k o v. (aftini bujmaytirib). Ular endi bu yerda shovqin-suron qila boshlashadi, eh…
Na d ye j d a (kiradi). Verani qayoqqa yashirgandingizlar?
A l ye k s a n d r. Bema’nilik-ku!
P yo t r. U oyim bilan birga…
Na d ye j d a (tikilib qarab). Namuncha tasqarang chiqib ketipti? (Kichik eshikka kirib ketadi.)
A l ye k s a n d r. Qanday, tuzukmisiz, mon oncle ?
Ya k o v. Chatoq… Chatoq…
A l ye k s a n d r. Yurakmi? Helas*… Chekishaylik…
Ya k o v. Sendan iltimos qilar edimki…
A l ye k s a n d r. Ax, pardon! Yurakka tamaki zarar, shuningdek vino, xotinlar va hokazolar ham…
P yo t r. Gapga ham to‘n kiydirib yuboradi-da u, amaki!
Ya k o v (ma’yus). Ha…
A l ye k s a n d r. Sen bu yerda nima qilib yuribsan?
P yo t r. Amaki, bir gimnazist, o‘lguday qiziqchi, bir kuni shunday deb qoldi:
Agar o‘z tinchingni o‘ylar bo‘ldingmu,
Nimaga, nechun – deb so‘rma, bildingmu?

A l ye k s a n d r. Mu-mu-mu – ja-a molfahm she’r ekan-da!
N a d ye j d a (sapchib kiradi, darg‘azab). Lyubov achchig‘i kelganidan esini yo‘qotdi qo‘ydi-ya!
A l ye k s a n d r (chekar ekan). Tag‘in nima bo‘ldi?
N a d ye j d a.Amaki, unga sizning gapingiz o‘tadi, uni sal tiyib qo‘ymasangiz bo‘lmaydi, u Verani yo‘ldan ozdiryapti…
Ya k o v (hayajonda). Yo‘ldan ozdiryapti? Lyuba…
N a d ye j d a. Uning gaplarini bir eshitib ko‘rsangiz edi!
Ya k o v (Aleksandrga). Bu yerda chekilmasin, devdim-ku…
A l ye k s a n d r. O, pardon!
Ya k o v (holsiz). Sen bilan bahslasha olmayman, Nadya, – behol bo‘lib ketyapman… Ammo Lyuba haqida bunday gapirish… iltimos… kerakmas…
N a d ye j d a. U Veraga yaramas narsalarni o‘rgatyapti!
I v a n (keladi). Hm-m… Leshchdan bo‘lsa hamon darak yo‘q…

Kichik eshik qarsillab ochiladi, V ye r a otilib kiradi, uning ortidan
S o f ya bilan L yu b o v keladilar.

V ye r a (qizg‘in, alamli). Siz ikkingiz – sen ham, oyim ham – adashyapsizlar! Dada, siz halol, yaxshi odamsiz!
I v a n (dabdabali). Bechora qizaloq! Shubha qilishingga hech hojat yo‘q edi-ku?
P yo t r (ma’yus, istehzoli). Eh, Verka…
V ye r a. Dada, bunaqa gapirmang… ishoralar bilan! Mayli, men esi past bo‘lay, mayli nopok bo‘lay, ammo men – sizning qizingizman, sizning pushti kamaringizdan bo‘lganman!
I v a n. O, ha-ha, baxtga qarshi…
P yo t r. Ajoyib zo‘r qiziqchining umri bekor o‘tyapti-ya!
V ye r a. Dada, gapiring! Javob bering menga!
Ya k o v (uning ovozini eshitishmaydi). Ketinglar… joyi emas bu yer…
I v a n (Verani turtkilab). Sening so‘roq qilishga haqqing yo‘q meni!
V ye r a. Haqqim yo‘qmi?
I v a n (Pyotrga tomon yurib). Sen nima deding?..
A l ye k s a n d r (uni to‘xtatib).To‘xtang, dada, men o‘zim uning qulog‘ini yaxshilab cho‘zib qo‘yaman!
S o f ya (xotirjam). Tega ko‘rma!
P yo t r (Sofyaning yelkasi ortidan boshini chiqarib Aleksandrga).Urishmoqchimisan, politsay?
I v a n. Ana! Ana, Nadya…
V ye r a (umidsizlanib). Dada, sizdan iltimos qilaman…
P yo t r (quti uchib, qaltiraydi).Dada, uning sizdan talab qilishga haqqi bor, – siz kimsiz, – u mana shuni bilmoqchi! Biz ikkimiz ham so‘rayapmiz, – qolaversa, menga zarurati yo‘q, ammo Veraga yashashi uchun bir narsani bilib olishi kerak – uning dadasi halol, insofli odammi yoki… yo‘qmi?
I v a n (lol qolib). Nima? Nima?..
N a d ye j d a. Petka, jim bo‘lsang-chi!
S o f ya (asta, ishontirarli). Mayli, gapirishsin!
P yo t r. Mening fikrimcha, dada, vijdonsiz, nopok odamlar, kasal kishilar, umuman yomon odamlarning farzand ko‘rishga, bola tug‘dirishga haqqi-huquqi yo‘q…
A l ye k s a n d r (istehzo bilan). Voy, eshshag-ey! Bu ishlarda haq-huquqning keragi bor ekanmi?
P yo t r (hayajondan qizishib). Dada, mening fikrim bunday! Nahotki, bolalar o‘z otalaridan xijolat chekib, uyalib yurishlari uchun dunyoga kelsalar? Nahotki, ular ota-onalari qilgan barcha ishlarni oqlash, himoya qilish uchungina kerak bo‘lsalar? Siz nima qilyapsiz – biz mana shuni bilishni istaymiz, mana shuni tushunib olmoqchimiz, chunki sizning xatolaringiz bizning bo‘ynimizga tushib qolyapti!
I v a n. Nimalar deyapti u? Gapiraver, yaramas…
P yo t r. Siz meni dunyoga keltirdingiz, tarbiya qildingiz – nega men yaramas bo‘lar ekanman? Tomirimda sizning qoningiz urib turibdi, dada!
V ye r a (yolvorib). Petya, jim bo‘lgin!
Ya k o v (asta). Lyuba! Ularga aytgin, og‘irlashib ketyapman..

Lyubov uni eshitmaydi.

P yo t r. Dada, siz halol odammisiz?
V ye r a (talab qilib). Oyi, so‘rang undan, javob berishini so‘rang!
I v a n (sarosimaga tushib). Menga qara, hey, iflos hayvon…
P yo t r. Mana, Vera, eshit!..
I v a n (odatiy yasama hayajonda). Quloq sol, sen ham, buzuqi qizaloq…
S o f ya. Og‘zingni yop, Ivan, o‘z-o‘zingga qattiq jabr qilma! (Birdaniga tiz cho‘kib qoladi). Kechiringlar meni!
N a d ye j d a. Bu qanaqa tomosha? Oyi, uyaling-e!
I v a n. E-e, bema’nilik!..
S o f ya. Qo‘limdan faqat shu keladi. Bolalarim, sizlarni tuqqanim uchun meni kechiringlar! Men mana shuni ayta olaman!..
L yu b o v (oyisiga tashlanib). Turing o‘rningizdan, oyi, bari befoyda!
S o f ya (eriga). Ulardan kechirim so‘ra – bizning qo‘limizdan keladigan yaxshilik shu bo‘ladi…
I v a n. Sen… sen tushunyapsanmi nima qilayotibsan? (Xonadan yugurib chiqib ketadi va baqiradi). Hammangiz meni jinni qilmoqchimisiz?
N a d ye j d a (oyisiga). Siz o‘zingizga bo‘lgan hurmatni poymol etyapsiz!
P yo t r (ma’yus). Oyi, fojiaviy tomosha degani mana shu-da!
V ye r a (qizg‘in). U chin dildan aytyapti!
P yo t r. Nima farqi bor, baribir emasmi?
Ya k o v (asta). Lyuba… Sofya… (O‘rnidan turmoqchi bo‘ladi, ag‘darilib tushadi, xirillaydi, og‘zi xuddi qichqirmoqchi bo‘lganday ochilib qoladi).
S o f ya. Men sizlarning oldingizda aybdorman, hammangizning oldingizda, har biringizning oldingizda! Endi holingiz nima kechadi?
P yo t r (amakisining chehrasini ko‘rib titrab ketadi, uning yoniga borib tikiladi, so‘ng tantanali suratda). Yakov amaki o‘lib qoldi…

Hamma bir lahza qotib qoladi, jimlik cho‘kadi, so‘ng hamma ohista marhum yoniga keladi.

L yu b o v (asta). Bu uydan shunaqa qilib ketmasa ketib bo‘lmaydi… Faqat bitta yo‘l bor…
P yo t r. Boshqa yo‘l esa – qalbning o‘limi…
S o f ya (g‘amgin). Uni o‘zimiz o‘ldirdik…
V ye r a (hammaga qarab). Nima uchun men qo‘rqmayapman?..
N a d ye j d a (ketadi). Uyda bo‘lsa erim yo‘q… voy, xudoyim-ey!
I v a n (oshxonada). A-ha! Endi boshqacha gaplashaman! Ha, endi…
L yu b o v . Ularga aytinglar, baqirishmasin…

Hech kim ko‘rinmaydi.

I v a n (kirayotib Nadejdaga duch keladi). Ey, sizlar! Men tayinlandim… Nima?.. (Yakov xonasiga kiradi). Olamdan o‘tibdi…(Oyoq uchida Sofya bilan bolalar ustidan cho‘zilib ukasining jasadiga qaraydi). O‘lipti… Bu qanaqasi bo‘ldi? Doktor kerak? Leshchni chaqiring, u kelgan…
L ye sh ch (kiradi). Nima uchun odatda bunday hollarda bo‘ladigan xursandchilik sezilmaydi?
N a d ye j d a (asta). Ts-s-s… Amakim o‘lib qoldi…
L ye sh ch. Yo‘g‘-e! (Yaqin kelib Yakov qo‘lini ushlab ko‘radi). Hm-m… Albatta, shunday bo‘lishini har lahzada kutish kerak edi… biroq o‘lim har doim ham hech o‘z vaqtida kelgan emas… Hm-m…

Hamma nimanidir kutayotgandek jim qoladi, Aleksandr kiradi, vaziyatning qandayligini anglab yetgach, mamnun bo‘lganligi seziladi. Ivan tashvishlanib tevarakka qaraydi, og‘irligini bir oyog‘idan boshqa oyog‘iga tashlaydi, yengilgina yo‘talib, bir lahzaga ko‘zlarini berkitadi va mayin, muloyim, qariyb samimiy
gapira boshlaydi, keyin yana yasama dabdabali ohangga o‘tib ketadi.

I v a n. Bolalar, do‘stlarim! Bu yerda bizga aziz bo‘lgan marhum jasadi yonida, ajal sirlariga yuzma-yuz turib, sirki, marhumni bizdan manguga nihon qilgan, – manguga… e-e… hammani ko‘niktiruvchi ahamiyatini nazarda tutib… ya’ni men o‘lim haqida gapiryapman, keling nizolarni unutaylik, janjallarni qo‘yaylik, quchoqlashib, azizlar, barini unutaylik! Biz – mana dahshatli zamonning qurbonlarimiz, bu zamonning ruhi hamma narsani zaharlab yotibdi, hamma narsani vayron qilib yotibdi… Biz hammasini unutishimiz lozim va bir narsani esdan chiqarmasligimiz kerak, ya’ni oila – tayanch ekanligini, ha…

P yo t r ohista va shovqinsiz, parda bilan amakisining karavotini to‘sib qo‘yadi va g‘amgin dadasiga qaraydi.
F ye d o s ya (kelar ekan, g‘udranadi). Tamom bo‘ldi mo‘min-qobil…
I v a n. Oila – mana bizning qal’ai qo‘rg‘onimiz, butun dushmanlardan asraguvchi mudofaamiz…
S o f ya (asta). Qo‘ysang-chi…

Ivan baqirishga shay bo‘lib qovog‘ini soladi, ammo hammaga qarab chiqib, boshini baland ko‘targanicha yerni qattiq tapillatib chiqib ketadi. Uning ortidan L ye sh ch, N a d ye j d a, A l ye k s a n d r ham chiqadilar. Qolganlar marhumni o‘rab oladilar. V ye- r a bukilib olgancha ovozsiz yig‘laydi. P yo t r oyisiga qaraydi-yu, hech narsani ko‘rmaydi. L yu b o v qimir etmay tikilib turadi. S o f ya, xuddi bolalaridan bir
narsa so‘raganday, barchasiga bir-bir qarab chiqadi.

F ye d o s ya (parda orqasidan). Omonatingni ol, joyini jannatdan qil…
P yo t r (bo‘g‘iq). Agar men xudoga ishonganimda edi – hoziroq monastirga ketgan bo‘lardim…
S o f ya. Yo, xudo! Parvardigor! Hayotning o‘zi shunaqa dahshatli bo‘lsa-yu, uning oxiri – o‘lim bo‘lsa-ya… Nima uchun?
L yu b o v (alahlaganday). Hayot va o‘lim – ikki sodiq dugona, ikki opa-singil, oyi.
S o f ya. Men bilmayman… hech narsa bilmayman…
P yo t r. Mening aybim nimada? Veraning aybi-chi? Hammamizning aybimiz-chi?
L yu b o v . O‘lim bosh egib hayot uchun xizmat qiladi… Zaif, ojiz, keraksiz narsalar – o‘limga mahkumdirlar…
F ye d o s ya (ming‘irlaydi.)

P a r d a

1908

Ruschadan Muhammad Ali tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 8-son

___________
* Mon cher oncle – Aziz amakijon (frants).
* Bien… – Yaxshi… (frants).
* Pardon – Kechirasiz (frants.)
* Facons de parler – Takalluf (frants).
* Parole d’honneur – Chindan ham (frants).
* Bonjour, rara! – Salom, dada! (frants.)
* Pere et fils! – Ota va o‘g‘il! (frants.)
* Helas… – Afsus… (frants.)