Georgiy Terikov. Taklif (hajviya)

Bilasizmi, jamoat joylarida odamlar bir-birlariga qo‘pol, uyatsiz so‘zlar aytishayotganini ko‘p eshitib qolamiz. Ayniqsa, qo‘shnilaringiz bir-biri bilan janjallashsa… Bunga chidab bo‘lmaydi.
Shuni hisobga olib, bir qishloqda so‘kish o‘rniga erkaklarni «M-mo-o!» deyishga o‘rgatishgan ekan. Lekin buyam ish bermabdi. Kechqurunlari erkaklar «mo»layotganini eshitib buqalar junbushga keladigan bo‘lib qolishibdi. Demak, boshqacha so‘kinish kerak. Bir yozuvchi ayol gullar nomi bilan so‘kinishni taklif qilibdi. Buyam ish bermabdi. Chunki, erkaklar har kuni uyga gul ko‘tarib kelishlariga qaramay, birontayam gul nomini bilishmas ekan…
Ana shunda men shaharlar nomini taklif qildim. Zo‘r-da! Mana, tasavvur qiling:
— Vey, yarim kechasigacha qayerda daydib yuribsan-a, Tyumen?
— Seni nima ishing bor, Shepetovka?
— Qani, maoshni cho‘z, Oslo!
— Maosh?.. Tulani istamasmiding mabodo?
— Ha-a, hali so‘kinishniyam bilasanmi, Krivoy Rog?
— Hay-hay, sekin, Anapa, boshingda bir gramm ham Chikago yo‘qligi shu yerdan ma’lum.
— Shunaqami? Hali Anapa uchun javob berasan, yaramas Konotop!
— Ovozingni o‘chir, Dushanbe!
— To‘xtab tur, hozir Bombeyingni chiqarib qo‘yaman!..
Ana, ko‘rdingizmi? Ularning bu gaplarini eshitgan o‘tkinchilar «Sayohatchilar klubi»dagilar shunchaki gurunglashishyapti, deb o‘ylashadi.

Rus tilidan Olimjon Hayit tarjimasi