Hakima al-Harbiy. Go‘zal orzular (hikoya)

Uni qashshoqlik ezar, tushkunlik yanchar, orzu qushlari qurg‘oq yerga qulab, qayta-qayta halok bo‘lar edi.
Chanqog‘ini bosishga yomg‘ir ham, o‘t-o‘lan o‘sadigan yer ham topa olmas edi.
Uning qalbi tong g‘unchasidan zavqlanib dukillab ura boshladi, gulg‘unchaning xushbo‘y hidlari sari intildi, u qurg‘oq yerining gulg‘unchasi bo‘lishni va umr bo‘stonlari ichra gurkiragan orzularining chag‘alayiga aylanishni istadi.
Mudroq holatidan o‘ziga kelgach, uning kulbasi qalb g‘unchasi orzularini sig‘dira olmasligini va hovlichasi uning gullarini joylashtiradigan darajada katta emasligini tushundi.
Bir kuni oqshomda uning oldiga bordi. Hali ham yaproqlari quyuq daraxt yonidagi uning xonasi balkoni ostida ikkovlari miriqib suhbatlashdi. Birgalikdagi hayotlari va bir-biridan go‘zal orzularining rejasini chizishdi.
Ertalab… u uyg‘onib, yorqin tong va go‘zal kun umidi-la balkoni derazasini ochdi-yu, undan faqat balkoni ostida tarang osilib turgan arqonni, arqonning uchida esa sevgilisining boshini ko‘rdi.

Arab tilidan Murtazo Saydumarov tarjimasi