Aziz Nesin. Ayiqning tashakkuri (hikoya)

Tavr tog‘i tomonlarda bir dehqon o‘rmonga borib, katta bir daraxtni ag‘daribdi-da, o‘tin tayyorlashga kirishib ketibdi. Shu orada qayerdandir ayiq paydo bo‘lib, uning qarshisiga kelib o‘tiribdi-da, harakatlarini zimdan kuzata boshlabdi. U taraflarda nima ko‘p, ayiq ko‘p. Lekin odamga hujum qilmaydi. Shuni bilgani uchun o‘tinchi dehqon bemalol ishini qilaveribdi.
Bir mahal u to‘nkani yormoqchi bo‘lib, pona tiqibdi-da, qo‘lidagi boltaning orqasi bilan uraveribdi. Keyin tushlik qilib olish uchun bir chekkaga borib o‘tiribdi. Uning ketganini ko‘rgan ayiq to‘nkaning oldiga kelib, yosh boladay ponani o‘ynay boshlabdi. Ponani joyidan qo‘zg‘atmoqchi bo‘lib uyoqqa tortqilabdi, buyoqqa tortqilabdi, oxiri pona otilib ketib, to‘nkaning yorig‘iga oyog‘i qisilib qolibdi. Ayiq jon achchig‘ida bo‘kirib yuboribdi. Dehqon yugurib kelib to‘nkaga kattaroq pona tiqibdi, yoriqning og‘zini kengaytirib, ayiqning oyog‘ini sug‘urib olibdi. U boyoqish cho‘loqlanganicha o‘kirib-o‘kirib yo‘liga ravona bo‘libdi.
Shu kuni ishi chala qolgan dehqon ertasiga erta bilan o‘sha joyga kelsa, kechagi to‘nkaning ustida mumkatakda asal turganmish. Shunda u kechagi qilgan yaxshiligi uchun ayiq shu asal bilan minnat-dorchilik bildirmoqchi bo‘lganini tushunibdi.

Turk tilidan Miad Hakimov tarjimasi