Anri Truayya. Shuhrat (hikoya)

Solanj Violans, taniqli adiba, ko‘zlarini osmonga tikib, dahanini yuqoriga ko‘tarib, burun kataklarini keng ochib, xuddi oxirgi kitobining so‘nggi bobidagidek, dedi:
— Azizim, men seni butun ayollik nazokatim bilan sevaman.
— Oh! Solo!— deb o‘kirdi uning sonlari orasidagi odam.
U yozuvchi bo‘lmagani uchun ayolning oddiy va mardona ehtirosiga hech narsa qo‘shishni bilmadi.
Jak Bruydu og‘zaki nutqining zaifligidan uning oshig‘i olchi edi. Shu sababli Solanj Violans ikki kishi uchun gapirish sharafiga ega edi.
— Sen!— qichqirdi u, yigitning boshini o‘zini mashhur qilgan ikki qo‘li orasiga olib, — mening ish joyimdagi bu visol damlarining qanchalik lazzatli ekanligini sezayapsanmi? Mana, sen hatto mening zakovatimning to‘ridasan, romanlarimning maxfiy, ishqiy xaramlaridasan. Ular meni sendan rashk qilishadi, go‘zal maxluq!
Uni xuddi muvaffaqiyat qozongan birinchi kitobi «Xushbo‘y yo‘qotish» dagidek orqasidan quchoqladi.
— A! Solo!—deya oldi yana Bruydu.
Solanj pichirlab, uning lablariga barmog‘ini bosdi:
— Jim, shum farishta, sening niyatingni tushundim! Sen gapirganingda, nazarimda, bir og‘iz qimirlayotgan bo‘ladi, lekin undan taralayotgan niyatni yuragim bilan sezaman. Ol, meni keng erkak quchog‘ingga! Uyatchangligimni ezib tashla! Erkala, g‘azabimni kamaytir! Agar mening hushyorligimni buza olsang, men sendan minnatdor bo‘lar edim!
— Haftaning oxiridan oldinroq eringning qaytib kelmasligiga ishonching komilmi?— deb so‘radi Bruydu.
— Erim? Mening erim bormi? Yo‘q, sen shu yerda ekansan, u yo‘q! U yo‘q, chunki men seni sevaman! U yo‘q, chunki biz baxtlimiz!
— U yetti-yu o‘n yettidagi poyezdda ketgan edi-a, shundaymi?
— Ehtimol! Men bu haqda hech narsa bilmayman! Bilishni ham xohlamayman! Menga u haqda savollar berma! Menga jadvallar, aylanma yo‘llar, statistik ma’lumotlar, har xil soliqlar va piyodalar uchun yo‘lakchalar borligi haqida gapirma!
— Qanday chiroyli gapirasan-a, Solo, men senga qarab zavqlanaman. Sen unga fursatdan foydalanib, hech qayerga chiqmasdan, kelgusi kitobing ustida ishlashing haqida aytganmisan?
— Mening kelgusi kitobim bu sensan, qora quyoshim, ipak narvonim, qo‘sh qanotim, ko‘z nurim va yoshim!
— Oh, Solo! Sen meni maftun qilayapsan, — deb ingradi Bruydu.
U zavq bilan oppoq va do‘mboq yuzi xonaning nim qorong‘isida xuddi chiroq singari yonib turgan bu go‘zal mavjudotga tikilib qoldi.
“Minus” o‘lchov apparatlari firmasi direktorining, ya’ni o‘z xo‘jayinining xotini bilan qilayotgan ishqiy aloqasiga ham, mana, olti oy bo‘libdi. Jak Bruydu bunday omadga o‘zi hayron qolardi. Albatta, u ozg‘in, o‘rta bo‘yli, qora sochli, bo‘ydoq yigit edi. Lekin, nomi va surati butun Parij ro‘znomalarida bosilgan mashhur Solanj Violans muhabbatini qozonishga o‘rtacha xislatli odamniki yetarli bo‘lishini hecham tasavvur qilmagan edi. Biroq ish Solanj tashkil etgan ayollar huquqini himoya qilish va Shimoliy Afrika bilan savdo aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan konferentsiyada osongina hal bo‘ldi. O‘shanda xo‘jayinning xususiy mehmonxonasida ziyofat berilgan edi. Semiz Leon Violans o‘zining kichik kotibi Bruyduni bayramga taklif etgan edi. Kichik kotib yozuvchi ayolning go‘zalligi, lobarligi, dilbarligi oldida lol qolgandi. Bruyduga o‘z orzularini shirin haqiqatga aylantirish uchun uch kungina kifoya qildi. Mana, olti oydan beri u orzularidan ham ko‘proq ishqiy sarguzashtlarni ko‘rdi.
Semiz Violansning Bryusselga, kongressga ketishi ayni muddao bo‘ldi, bunaqa omad hech kelmagan edi.
— Nihoyat, — degan edi Solanj, — biz juda to‘lib ketgan hirs, ehtiroslarimizni o‘zga va bizga munosib joylarda qondirish imkoniyatiga egamiz.
U uy xizmatkorlariga ruxsat berib yubordi. Birinchi bo‘salar olib bo‘lingandan so‘ng, hirslar qondirilgandan so‘ng, dildagi gaplar aytilib bo‘lgandan so‘ng, ayol Bruyduni eshilgan xamirdan taom tayyorlaydigan qora xushbo‘y hid tarqatuvchi xitoy restoraniga o‘xshash oshxonasiga yetakladi. Oshxonaga kirib, uning go‘zalligidan lol qolgan Bruydu qichqirib yubordi:
— Xuddi “Badan jozibasi”dagidek.
Ayol uni krivetkalar va pomidor bo‘laklari solingan idishlar orasidan olib o‘tdi va quti ustiga o‘tqazib, ulfatlashishga chorladi.
— O, Solo, mening qornim och emas.
— Jim bo‘ling va ulfatchilik odobiga bo‘ysuning, koinot yay- lovining qo‘pol odami!
— Solo! Solo!
— Sochiqni yoying, bo‘yningizga taqing, sanchqini oling va sevgini unuting! Oh, qanday bayram, qanday bayram! Men oyog‘imni yerga qo‘ymasdan, raqsga tushgim kelyapti, misoli parilardek! Men xohlayapmanki…
Birdan u to‘xtab qoldi, dahshatdan dahani osilib, ko‘zlari tinib, burnining uchi oqarib ketdi. Kimdir eshik qulfini kalit bilan ochayotgan edi. Erining oyoq tovushlari sukunatni egallab oldi. Bu vazmin, aniq qadamlar uy egasining qadamlari edi. Muhitning kuchsiz bosimi ta’sirida ayol ko‘zi oldida xonadagi hamma narsalar or- qaga yurib ketdi. Nihoyat, eshik ochildi. Leon Violans oshiq-ma’shuqlar oldida xuddi javon singari paydo bo‘ldi.
Uning burni xuddi oxirigacha tortib chiqarilganga o‘xshardi, yuzining shishi shalvillagan, murdadek rangi o‘chgan, sariq mo‘ylabi ostidagi qo‘rqinchli og‘izdan nafas chiqarardi. U mushtini ko‘tardi, keyin go‘yo keraksiz kolbasa xaltasi singari o‘z beliga qaytarib tushirdi.
— Nima qilayapsizlar bu yerda? — dedi u.
— Leon,—ming‘irladi Solanj.
Ayol uning bu vajohatini o‘zining “Erkak qasosi” romanida tasvirlaganini alam bilan esladi.
— Siz bu yerda nima qilyapsiz, Bruydu?— takrorladi Leon Violans, g‘azabdan uning ovozi bir parda ko‘tarildi.
Bruydu, suyaksiz odamdek bo‘shashib ketdi, rangi oqarib, lablarini bir nimalar deb, amallab qimirlatdi. U bu dahshatli sarguzashtning poyonini ko‘z oldiga keltirdi: hozir stullar qarsillab sinadi, idish-oyoqlar parcha-parcha bo‘ladi va darz ketadi. U sharmanda bo‘ldi, bu ham mayli-ya, lekin Solanjni umrbod yo‘qotdi. Semiz Violans uni duelga ham chaqirishi mumkin, bu odam hamma narsaga qodir. Esankirab qolgan Bruydu o‘zining sevgi yo‘ldoshiga tilanchi nigohi bilan qaradi. Ko‘rdiki, Solanj ham undan battar sarosimada qolgan. Uning boshi egilgan, nigohi so‘lgan, xuddi u xayol daryosiga g‘arq bo‘lgandek turardi.
— Xo‘sh? Men sizlarga gapiryapman! — deb qattiq qichqirdi Leon Violans.
Solanj titrab ketdi. Yana bir necha soniyalar, undan keyin javob berishga juda kech bo‘ladi! Lekin nima deyish mumkin? Yozuvchi ayol o‘zining butun ijodiy salohiyatini yordamga chaqirdi. Lekin uning hikoyalaridagi qahramon ayollar, baronessa Andingidan tortib to kichik Syuzi Ambruazgacha, lobar Eliana Bollidan harakatchan Nana de Gratadagacha uning chaqiruviga javob berishmadi. Bu juda ham ahmoqona ahvol edi! Bu, mashhur Solanj Violans, o‘z asarlari qahramonlari bo‘lmish qanchadan-qancha ayollarni turmush chorrahalaridan eson-omon olib o‘tgan, rashkchi erlari bilan yarashtirgan, asarda biroz ko‘rinib o‘tuvchi juftlarni har xil vaziyatlardan sof olib chiqqan, nahotki o‘zini-o‘zi himoya qilish uchun, o‘zini oqlash uchun hech qanday bahona topa olmasa? Odamlar bu ayol butun aql-zakovatini kitobga beribdi-yu, lekin kundalik hayotda qo‘llash uchun o‘ziga hech narsa qoldirmabdi-da, deyishlari mumkin. Bu esi past Bruydu nuqul yengidagi tugmachalarni tortib, asabingga tegayapti. Bu semiz Leon bo‘lsa, xuddi ichaksimon sharga o‘xshab, o‘tayotgan har soniya ichida shishib borardi. Agar unga javob berilmasa, u albatta, yorilib ketadi, bu aniq. Vaqtni yutish uchun u g‘uldirardi:
— Sen, sen Bryusselga ketmadingmi? …
Aynan shu gapni aytish kerak emas edi. Bruydu basharasini bujmaytirdi. Semiz Violansning ensasi qotdi va to‘ng‘illadi:
— Men senga hisobot bermayman, men uni sendan talab qilaman. Bitta telegramma idoraga kelgan ekan… Buyruqni bekor qilish… Lekin bu nima qilayapti bu yerda?
— Ha, yaxshi, bu juda oddiy… duduqlandi Bruydu.
— Ha, ha, bu juda oddiy, dedi Solanj.
— Seningcha, bu oddiymi? — g‘o‘ldiradi Leon. Mening uyimda, yasatilgan stol ustida va yarim yalang‘och xotinim oldida bu kimsa nima qilayapti?
— Eshit,— gap boshladi Solanj. — Janob Bruydu o‘tib ketayotgan ekan… va, to‘g‘risi, u o‘tib ketayotib…
Violansning qoshlari chimirilib, shunchalik bir-biriga bog‘lanib ketdiki, burnining tomiri bilan tutashib, bir tutam bo‘lib qoldi. Ko‘zlari olayib, xuddi shar singari dumaloqlashdi. Og‘zi qiyshayib, mushtumlari o‘z-o‘zidan siqildi.
— Xayolingga nima keldi, Leon? — qichqirdi Solanj.— Ehtiyot bo‘l, ba’zibir shubhalar tufayli ayol iffatini poymol qilish insofdan emas. Erkaklik rashkini to‘kib solishning ham chegarasi bor. Men sendan o‘zaro hurmatni va bir-birimizni to‘g‘ri tushunishni talab qilaman. Janob Bruydu meni ko‘rgani kelgani rost…
— Yaxshiyam uni tanir ekansan, xursandman…
— U meni ko‘rgani keldi, chunki… chunki…
— Ha, nima uchun?—so‘radi Leon.
— Hay, mayli, bu juda nozik masala edi… Bir ish bor edi…
— Men tushunmayapman, mening shaxsiy kotibim bilan sening o‘rtangda qanday ish bo‘lishi mumkin?
— Shunday ishki, shunday ishki…
Bruydudan katta-katta ter tomchilari chiqa boshladi. Solanj qip-qizarib, sochlari to‘zg‘ib, ko‘zlarida yosh bilan turardi. Violans esa tishlarini g‘ichirlatib, so‘kina boshladi:
— Shunday ish ediki… Men buni senga aytishim kerakmasdi… U mendan buni senga aytmasligimni yalinib so‘ragan edi…
Birdan Solanjning sarosimali yuzida malaklarga xos tabassum paydo bo‘ldi. U chuqur nafas oldi va yoqimli tovush bilan dedi:
— Sen hammasini bilishni xohlaysanmi? Ha, mayli! Bechora Bruyduginam, men unga bizning kichkinagina sirimizni oshkor etishga majburman.
Bruydu uning nima aytmoqchi ekanligini bilmay, juda qo‘rqib ketdi, go‘yo uning ko‘kragida yuragi pastga tushayotganday bo‘ldi.
— A?— deya oldi u yoqimsiz tovush bilan.
— Ha,—dedi Solanj, — Bruydu mening oldimga keldi, chunki u bir romanni yozib tugatibdi, biror nashriyotga topshirish uchun u mening yordamimga muhtoj.
— Ufff! – nafas chiqardi Bruydu.
— Mening qulog‘imga nimani osayapsan, a? —dedi Violans naf-rat bilan.
— Faqat haqiqatni, azizim.
Violans dam xotiniga, dam kotibiga, dam tuflisining uchiga qarardi. To‘satdan u xandon otib kula boshladi.
— Buni qarang-a! Buni qarang!
— Kulishga hecham hojat yo‘q, — dedi Solanj. — Bruyduning romani e’tiborga molik, arzirli asar. Lekin bizning yosh muallifimiz chug‘urchiq singari kamtar. Hatto qo‘lyozmani menga tashlab ketishni ravo ko‘rmadi. Yana, idora ishlarini tashlab, adabiy ish bilan mash-g‘ul ekan deb sening gumonsirashingni u xohlamadi.
— Qanday g‘oya!— kesatdi Violans, men ongsiz hayvon emasman-ku!
— Men ham unga shunday dedim, jonim. Baribir u xotirjam bo‘laolmadi. U mendan bizning kichkina adabiy aloqamizni sendan sir tutishni o‘tinib so‘ragan edi. Men esa sening yo‘qligingdan foydalanib, romani haqida bafurja gaplashish uchun uni bu yerga taklif qildim.
Leon Violans bunday tinchlantiruvchi gaplarni eshitgandan so‘ng, o‘zini erkalatishga qo‘yib berdi. Gumonlari, qo‘rquvlari tarqagandan so‘ng, u o‘z holiga qaytdi va uning nazarida hayot yanada lazzatliroq bo‘lib ketdi. Yuziga pushti rang yugurgan, qarashlari tiniqlashgan Leon qo‘li bilan kotibining yelkasini silab dedi:
— Voy ichidan pishgan odam-ey! Voy mug‘ombir-ey! Demak, siz ham adabiyotga berilib ketibsiz-da? Qanday kasallik! “Bruydu yozuvchi”, “Bruydu romanist!” Kechiring meni, bunga sira o‘rgana olmayapman!
— Men ham, janob Violans, —dedi Bruydu.
Violans qah-qah otib kulib yubordi, hatto og‘zi qulog‘igacha yetib bordi.
— Hazilkash! Xotinim shuhratiga havas qildingizmi? U sizga o‘rnak bo‘ldimi? Yoki sizning boshingizni aylantirib, “kitob yoz” dedimi?
— E… yo‘q… ha… ha, — deya oldi Bruydu.
— Ha, xotinim javobgarlikni juda yaxshi his qiladi, u mas’uliyatli ayol. Sizni bu yerga taklif qilib, nashriyotchilar oldida sizga yordam berishga va’da berib, juda yaxshi qilibdi. Ayting-chi, azizim, bu romaningizning sarlavhasi nima, u qanday nomlanadi?
— Nomimi? Sarlavhasimi? – dedi Bruydu tizzalari qaltirab.
— Ha,—dedi Violans.
— Uning nomi “Issiqlik domi”, – dedi Solanj shoshilib.
— “Issiqlik domi?” Lekin, azizim, bu uyatsizlik-ku! – hiringlab kuldi Violans, “Issiqlik domi!” Eh! Men bir o‘qib chiqsam bo‘lar ekan! Bu roman meni qish kunlarida rosa isitsa kerak-a?! Mening 20 yoshli, navqiron davrimni eslatsa kerak! “Issiqlik domi!”
Bruydu qiynalib ketdi, uning gaplariga jilmayishga zo‘r berib harakat qilardi.
— Romanning syujeti qanaqa? – deb so‘rab qoldi Leon.
— Bu, — duduqlandi Bruydu, — syujeti juda oddiy. Gap bir ayol va bir erkak haqida ketadi.
— Ular bir-birlarini sevishadimi? — dedi Violans.
— Ha!
— Jin ursin, juda original-ku bu, azizim!
— Qanday aniqlik! — hiringladi Leon.
— Bechora bolaning jig‘iga tegma, Leon, — dedi Solanj. U juda uyatchan, uni uyat pardalari, nomus shokilalari, qizlik qo‘rquvlari butunlay qamrab olgan… Bu yosh muallifni yangi, juda mo‘rt, juda sof, misoli qor konfeti deyish mumkin!
—E-e-e, juda zo‘r! — qichqirib yubordi Violans. — Ishonamanki, “Qor konfeti” bu oqshom biz bilan ovqatlanib, bizga muruvvat ko‘rsatadi. Va biz uning kitobi uchun ichamiz! Solanj, yana bir kishilik anjom qo‘y!
Violans ovqat vaqtida o‘z kayfiyatini ko‘tarish uchun o‘zini qabihlarcha tutdi. U Bruyduning jig‘iga tegib, romandagi ishqiy ko‘rinishlar uning ilhomiga qanday kelishini so‘radi, shoirsifat vaqt o‘tkazishidan nolidi va uni 24 yoshida Frantsiya Akademiyasiga a’zo bo‘lishini bashorat qildi. Bruydu esa xo‘jayinining hamla-hujumlarini oyparast singari qabul qilib oldi. Hayajon, sarosima uni dovdiratib, dasturxonning chetiga olib kelib qo‘ydi. U na fikr-lashni, na gapirishni, na sanchqidan foydalanishni bilmay qoldi. Uni qiynalayotganligi, sarosimadaligi shundoq ko‘zga tashlanib turgani uchun, Solanj unga yurakdan achinib, qarab-qarab qo‘yardi. Stoldan turayotib u unga tez pichirladi:
— Ertaga, ishdan keyin, men seni “Abriko Ver” kafesida kutaman.

* * *

“Abriko Ver» qahvaxonasi hashamatli ko‘ngilochar joy bo‘lib, uning devorlari po‘rtahol rangida suvalgan va pastki qismi qizil yog‘ochdan tabletka singari shakllar bilan bezalgan edi. Unda-bunda shift chuqurchalariga o‘rnatilgan lampochkalar xira yorug‘lik taratib, qahvaxonaga sirli tus bag‘ishlardi. Sehrli musiqa orzu to‘siqlari uzra ohista taralardi. Rasmlarga, ichimliklarga va bayroqlarga to‘la bar do‘konining to‘rida baqqol erigan metal singari kokteylni chayqatardi.
Mazkur “Abriko Ver” pinhona uchrashuvchi sevishganlarning, boshi- ochiq yosh xotinlarning, soat o‘n ikkida o‘rnidan turuvchi sirli o‘smirlarning, suyuqoyoq ayollarning va yoshi ulug‘ janoblarning uchrashuv joyi edi. Bu kichik jamiyatdan sevgi atri va “iltifotli” firibgarlik hidi ufurib turardi. To‘r parda bilan tanish yuzini berkitib olgan Solanj Violans ma’shuqiga yuzini burib dedi:
— Leon hech narsani sezmadi, azizim. Lekin u sening kitobingni o‘qimoqchi. Men unga “Issiqlik domi” allaqachon Patsio nashriyotining bosmaxonasida va uzog‘i bilan ikki oydan so‘ng bosib chiqariladi, deb yubordim.
— Axir u hali yozilmadi-ku, jonim Solo!
— To‘g‘ri. Sen endi uni yozishing kerak!
— Men! — oh tortdi Bruydu. — Men hatto tijorat xatini tuzishga qiynalaman-u, sen bo‘lsang…
Solanjning yuzi qizardi va ko‘pchib ketdi:
— Meni sevasanmi? – so‘radi u.
— Ha.
— Unda yozish kerak.
— Nimani?
— “Issiqlik domi”ni.
— Bu kulgili bo‘ladi-ku!
— Men senga yordam beraman!
— Bu nomini qarang!
— Uni sharoit bizga tuhfa etdi.
— Yana ikki oy muhlatni qarang!
— U bizning ilhomimizni qamchilaydi!
Bruydu basharasini bujmaytirib:
— Qanday ishkal voqea! Bunaqasi bo‘lmagan! Ishni qarang, ishni! — deya zorlandi.
Solanj unga xuddi piska tig‘i singari o‘tkir nigohini qadadi va dedi:
— Bechora jonzod! Shunday qilib, men seni kulgili ahvoldan qutqarish uchun, ittifoqimizni, sevgimizni saqlab qolish uchun, xavf-xatardan nari bo‘lish uchun harakat qilsam; shunaqa hiyla-nayrangni o‘ylab topsam; uning makkor savdolari ostidan seni olib chiqsam-u, sen menga rahmat aytish o‘rniga, nuqul “ishni qarang, ishni. Bunaqasi bo‘lmagan!” deysan. Men seni roman yozuvchi deb aytmaganimda, nima qilarding-a?
Bruydu boshini xam qilib dedi:
— Mayli, shunday bo‘la qolsin. Lekin har holda… men bunaqa ishni hech qachon qilmaganman-da, men…
Yozuvchi ayol qahrini bir ilohiy shafqat yumshatdi.
— To‘g‘ri, – dedi u, bizning kasbimizni bir-ikki kun ichida o‘rganib bo‘lmaydi va qarg‘a bulbulning xonishini qilaolmaydi. Lekin sevgi ajoyib mo‘jizalar yaratishga qodir. Kitobning nomini Leonning g‘aliz rashki uchun ataylab aytdim. Mening miyamda personajlar qator bo‘lib, birma-bir o‘tishayapti; uchrashuv joylari, cho‘milish sohillari, suhbatlarning turfa xillari ko‘z oldimdan o‘tayapti. Men ko‘rayapman, men ko‘rayapman… Oh, qanday baxt! Bu kitobni men yozaman. Aniqrog‘i, biz ikkalamiz birga yozamiz. Sen uni imzolaysan. Rosa hurmat-ehtiromga ega bo‘lasan, azizim Jak! Qog‘oz ol. Yaratish ishtiyoqi yuragimda uch marta bayramona bong urdi! Yoz: “Bahorning musaffo kunlarining birida, baronessa Uletta… ”
Vaqti-vaqti bilan Jak Bruydu biror fikr aytib qolar, so‘z tashlar yoki jumlani to‘ldirishga yordam berar edi, bularning hammasi o‘sha zahotiyoq matnga kiritildi.
— Sevgi senga umid bag‘ishlayapti, – dedi unga Solanj, men sening sochlaring uchida raqsga tushayotgan ilhom uchqunlarini ko‘rayapman.
Hamkorlik kutilganidan ham sermahsul bo‘lib chiqdi. Har kuni Solanj va uning ma’shuqi “Abriko Ver”da uchrashishar, har kuni yaratilayotgan asarga bir bob qo‘shishar, har kuni shunday foydali va yoqimli ish bilan vaqtliroq shug‘ullanmaganliklariga afsuslanishar edi.
Oyning oxirida asar yozib tugatildi. Ikkinchi oyning oxirida u Patsio nashriyotida Bruydu imzosi va Solanj Violans so‘z boshisi bilan paydo bo‘ldi.
So‘zboshida shunday jumla bor edi: “Men kashf qilgan bu yosh yigit… ” Bruydu romanning bir nusxasini oliy navli qog‘oz ustiga dastxat yozib, katta Violansga tuhfa etdi. Leon Violans butunlay xotiniga ishondi:
— Turib-turib rashkim uchun kechirim so‘rasammikan, deb qolaman. Bruyduning yozuvchiligini qayerdan bilay…
— Agar erkaklar rashkchi bo‘lmasalar, ayollar qayerdan ham go‘zal bo‘lardilar! – dedi Solanj.
Violans xotinining yuz-ko‘zlaridan o‘pdi va unga Kupidon ramzi tushirilgan, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan kulonni o‘z sevgisining naqadar azizligini isbotlash uchun sotib oldi.

* * *

Bu vaqtda Jak Bruydu yangi tashvishlar, g‘am-g‘ussalar ichida qolgan edi. O‘z ixtiyorisiz bu g‘alvaga qo‘shilib, asar yozdi va chop ettirdi, endi birinchi kitobini matbuot qanday qabul qilar ekan deb ich-ichini yerdi. U qo‘rquv bilan tasavvur qilardi. Notanish kimsalar maqolalarda uni chetga olib, nomini buzishar, keyin yerga urib, tashlab yuborishardi. Jak ularning xabarlarida yechintirilgan, ichi ag‘darilgan, tekshirib ko‘rilgan, yondirilgan va qamchilangan holda qolardi. Solanj bilan ishqiy aloqalari maxfiyligidagi qo‘rqinchli teshik yaqindagina ochilib qolganini his etdi. Endi u ommaga o‘zining sirlari, qiziqishlari, so‘gallari, frantsuz tilidagi xatolari, qizlarniki singari xoli bilan namoyish etiladi. Endi u o‘ziga-o‘zi tegishli emas edi. U endi hammaniki, uni “Hamma qo‘llar orasiga qo‘yish” mumkin. Solanj uni bu tushunish qiyin bo‘lgan erkakcha uyalishdan xotirjam qilish uchun rosa urindi. Shon-shuhrat olib keluvchi istiqbolli rejalar bilan, baland martabali odamlar bilan tanishtirajagini aytib, uning boshini aylantirdi. Lekin u telbalarcha nuqul takrorlardi: “Shuncha betda fohishalik! Shuncha betda…”
Birinchi maqolalarning paydo bo‘lishi Bruydu uchun jiddiy musht bo‘ldi. Aytish mumkinki, go‘yo Frantsiyaning hamma tanqidchilari Bruyduga qarshi kampaniyada oldindan kelishib olganlar. Eng katta tanqidchidan tortib, oxirgi gazeta yozg‘uvchisigacha bir xil g‘azablanish va vasvasa qichqirig‘ini qilishardi: “Didsiz va palapartish roman…”, “Tartibsiz, aql-esini yo‘qotgan, shoxsiz kalla…”, “Ahmoq qandolatchining uslubi…”, “Personajlar fanerdan qilingan, qalbaki…” hatto ba’zi biri “qizil benzin qusib” yuborganini yozgan. Bunisi haddan tashqari ortiqcha edi.
Bechora Bruydu barcha haqoratlarni javobsiz qarshi oldi. Har kuni xat tashuvchi unga ustidan kuladigan va izzat-nafsiga tegadigan yangi xatlar g‘aramini olib kelardi.
U hech narsa so‘ramagan edi. U bu asarni yozishni xohlamagan edi. U bu baqiroq jurnalistlarning jig‘iga tegmagan edi. Nima uchun unga hujum qilishmoqda? Nima uchun uni mazax qilib tashladilar? Namuncha uni baxtsiz qilmasalar?! Kechalari u yostig‘ini tishlab, yig‘lab chiqardi. Xatto bu kamsitishlar sog‘ligiga ham ta’sir qildi, jigar og‘rig‘i uni bir necha kun uydan chiqmay yotishga majbur etdi.
Ishxonaga qaytgan kuni, hamkasblari hamdardlik bildirayotgan chehralari bilan uni o‘rab olishdi. Ulardan biri dedi: “Bechoraginam, men sening asaring haqida qattiq ta’sirchan tanqidni o‘qidim. Nahotki, odamlar shunchalik beshafqat bo‘lib ketishgan?!” Boshqasi dedi: “Qachon seni tinch qo‘yishadi? Odamlar faqat sen haqingda gapirishayapti, lekin nimaga asoslanib? Ochig‘i, sen bir taxallus tanlashing kerak edi”.
Hammadan ham semiz Violansning qilig‘i Bruyduni qattiq ranjitdi. U o‘zini jahli chiqqan odamdek ko‘rsatdi, bu jahlni ikki xil ma’noda tushunish mumkin edi: birinchisi, go‘yo matbuot Bruyduni bekorga badnom qilmoqda, ikkinchisi, Bruydu qo‘lidan kelmaydigan ishga qo‘l urib, rasvo bo‘ldi. Haqiqatda esa Violans kotibining muvaffaqiyatsizligidan juda ko‘ngli to‘lgan edi. Bruydu nazarida, u xuddi likopchadagi sut oldida keyingi ikki oyog‘i bilan o‘tirgan mushuk singari likillardi. Ertalab idoraga kelib o‘z qurboniga o‘ta hasadli nigohini tashladi. Keyin Bruyduning yoniga kelib, uni yelkasini qoqdi, otalarcha uning va kambag‘al ota-onasining sog‘lig‘ini surishtirdi. Bruydu bu singari oldindan tayyorlangan sahnalardan charchagandi, faqat uning savollar bilan qiynash onlarini kutib turdi. Nihoyat, Violans achinish bilan xo‘rsinib, cho‘ntagidan ezilgan bir gazetani chiqazib, uni tantanali suratda stol ustiga tashladi.
— Buni men sizga olib keldim, — dedi ovoziga befarqlik alomatini berishga qattiq harakat qilib. — Oxirgi betdagi maqolani o‘qing. — Keyin shinavandalarcha quyidagi iborani qo‘shib qo‘ydi: — Bu sharmandalik, uyat!
Bruydu gazetani yig‘ishtirib oldi va maqola bilan tanishib chiqquncha Violansning o‘tkir nigohini his qilib turdi. Bu qarashlar yigitning uyalishidan va xafa bo‘lishidan zavq olish uchungina unga qaratilgandi.
Aslini olganda, Leon Violans nima uchun bechora Bruyduning boshiga tushgan bu ishlardan xursand bo‘layotganini o‘zi ham bilmas edi. Unda o‘z kotibidan qasd olish niyati bor edi, lekin bunday qilolmasdi, chunki u qasd qilishga arzirli biror nojo‘ya ish qilmagandi. U uning ustidan g‘alaba nashidasini totib ko‘rdi, vaholanki, ular hech qayerda va hech bir holatda bir-birovlariga raqib bo‘lmaganlar. Bu bir vaqtning o‘zida ham bema’nilik, ham jozibali edi.
Boshida Solanj erini ishontirishga harakat qildi. U matbuotning fikri nisbiy ahamiyatga ega ekanligini, frantsuz adabiyotidagi nodir asarlar ham chop etilayotgan chog‘da matbuotda rosa savalanishini unga tushuntirishga harakat qildi. Lekin Leon hech narsa eshitishni xohlamas edi. Sekin-asta Solanj ham erining bema’ni fikrlariga qo‘shila bordi. Tahlil qilinadigan bo‘lsa, birinchidan, yosh Jak Bruydu hech qachon roman yozuvchi bo‘lishiga da’vogarlik qilmagan edi, ikkinchidan, kitobning katta qismini Solanj yozgan va tuzatgan, uchinchidan, kitob magazinlaridagi mag‘lubiyat yigitchaning shaxsiy xislatlarini kamsita olmaydi.
Bu vaqtda Bruydu oldingidek yarqirab turgan qahramon emas, balki no‘noq yozuvchi, ranjitilgan inson, serjahl kimsa timsolida yurardi va unda yashash uchun hech qanday xohish yo‘q edi. Yozuvchi ayol yozmaydigan muxlisga ega bo‘lish huquqiga ega, lekin yomon yozadigan muxlisga emas. Solanj o‘ziga hamkasb bo‘lib qolgan bu o‘ynashiga rahm qilishdan va ayni chog‘da uni yomon ko‘rishdan o‘zini tiya olmas edi. U uning oldida o‘zini ma’naviy tuban ketdim deb o‘ylardi, u undan uyalardi. To‘g‘risi, bu ayol yana ko‘p narsalarga “sazovor” bo‘lgan edi!
Bir kuni gazetada qandaydir parijlik adabiy sharhlovchi Solanj Violasning bu o‘tkinchi Bruydu asariga so‘zboshi yozib berishgacha tubanlashganiga xayron qolganligini e’tirof etib maqola chop ettirdi. Solanj bundan shaxsan xaqoratlandi. Uning “Abriko Ver”da Bruydu bilan uchrashuvi bor edi. U uchrashuvga aft-basharasi burishgan holda kech keldi.
— Mana buni o‘qi! – dedi titragan ovozda.
Bruydu maqolaga ko‘z yugurtirib chiqdi va boshini ko‘tarmasdan ming‘irladi:
— Buning uchun mening nima qilishimni xohlayapsan?
— Javob bitta! – pishilladi Solanj. Shunday qilib, sening xatoying tufayli endi menga hujum qilishmoqda, nizo chiqarishmoqchi, meni jonimdan to‘ydirishmoqchi, bekorchilikda o‘tirib olib, meni bezor qilishmoqchi. Sen esa o‘zingda ilhomning eng oddiy uchqunini ham topa olmayapsan.
— Sen mening kitobimga faqat so‘zboshi yozib berding.
— To‘ppa-to‘g‘ri. Mening so‘zboshimsiz sening kitobingni hech qanday nashriyotchi qabul qilmagan bo‘lardi!
— Ha, yaxshi, mening kitobim bosilib chiqmaganda edi, hammasi yaxshi bo‘lgan bo‘lar edi, nazarimda.
Solanj qo‘llarini qarsillatib bir-biriga urdi, ulardan qanotlar bir-biriga urilgandek toza tovush chiqdi.
— Ana xolos! U yoqda mening erim-chi? Agar sening asaring bosilib chiqmaganda, u nima degan bo‘lardi? Birligimizni saqlab qolish uchun, mendan seni judo qilmasliklari uchun, men sen yovuz odamga rahnamolik qilishga rozi bo‘ldim. Sen esa, men senga qilgan fidoyiligimni qabihlarcha kamsitayapsan! Eh, siz erkaklar, sizlar subutsiz kimsalarsizlar! O‘z-o‘zingizni sevishingiz shunchalik cho‘ziluvchanki, uning poyoni yo‘q! Agar men bilganimda edi…
— Agar sen bilganingda nima bo‘lardi?
— Yo‘q … hech narsa, — dedi Solanj g‘azabdan alamini ichiga yutib. — Men oldingga seni ezish uchun emas, balki keyingi ishlarimizning rejasini tuzish uchun keldim.
— Yanami?! — dedi basharasini burishtirib Bruydu.
— Ha! —qichqirdi Solanj. — Men sevgimni, suyukligimni va mashhur nomimni tahqirlashlariga, mazax qilishlariga yo‘l qo‘ymayman. Sen boshlagan ishlarga men javobgarlikni olgan edim. Sen birinchi turni yutqizding. Endi keyingisini yutishing kerak..
Bruydu kipriklarini pirpiratib, sekin so‘radi:
— Bu bilan nima demoqchisan, jonim?
— Boshqa bir kitob, bir asar, asar bo‘lgandayam nodir asar yozish kerak, toki bizni qiynayotganlarning chakaklari o‘chsin…
— Boshqa bir asar?
— Ha, — dedi Solanj.— Bu asarni sen o‘zing yolg‘iz yozasan.
— Lekin men bilmayman-ku, — dedi Bruydu, haqiqiy ko‘zyoshlar qarashida qalqib turardi.
— Yoki sen yangi asar yozasan, yoki men butunlay sening sevgi doirangdan o‘chib ketaman: tanla, — dedi Solanj.
Bruydu yangi kitob yozishni tanladi.

* * *

O‘ttiz yetti kun ichida Bruydu yangi syujet topdi. O‘ttiz sakkizinchi kuni u asarni syujetsiz yozish eng aqlli ish ekanini angladi. U ishtiyoq bilan ishga kirishib ketdi, uning asari g‘ayritabiiy va maroqli chiqishi kerak. Oddiy mantiqqa va sintaksisga rioya etmagan holda, miyasiga kelgan hamma narsani yozdi. U aniqlik bilan orfografiya va punktuatsiya xatolarini bir joyga jamladi. U poygachi otning va holsizlikka chalingan mikrobning o‘y-fikrlarini galma-gal sinchiklab o‘rganib chiqdi. U yaratgan erkak qahramonlar o‘n betdan so‘ng o‘lishar, ayol qahramonlar esa sharoitga qarab o‘z otlarini va terilarining rangini o‘zgartirishardi. U shoir iborasida tungi tuvak ichidagi narsalarni va ahlatchi tilida onasi uchun nastarin gul terayotgan qishloq qizini tasvirladi. Vaqti-vaqti bilan hikoyani, dori-darmon bo‘yicha qilingan e’lonni, yoki ashulaning naqarotini, yoki tijorat xatini, yoki jamiyatga qarshi bo‘ralab so‘kishni, yoki o‘n ikkita noma’lum sonli tenglamani qo‘shib qo‘yish uchun ko‘chirib yozdi. Hammasi haddan tashqari bema’ni, lekin o‘ta yangi va o‘ta shaxsiy bo‘lib chiqdi.
Bruydu matnni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mashinkada yozardi. Unga ilhom parisi yordam berardi.
Hammadan ham qiyini bu ko‘p tomli roman yozilishini to‘xtatish bo‘ldi. Asardagi personajlar yetarli, g‘oyalar ochilib bo‘lgan bo‘lsa-da, Bruydu hech o‘zini to‘xtata olmasdi, yozaverardi, yozaverardi. Bu narsa undan kuchliroq edi. Unda paydo bo‘layotgan g‘oyalar oqishi lozim edi. Nihoyat, bir kuni u katta shiddat bilan ishlayotgan chog‘ida, noto‘g‘ri bir harakat bilan yozuv mashinkasini sindirib qo‘ydi. Bu sinish unga ilohiy jazo bo‘lib ko‘rindi. Asarni davom ettirishdan voz kechdi. Matn bir jumlaning o‘rtasiga kelib to‘xtagan edi. Qaytanga shunday qolgani yaxshiroq emasmi? Bruydu ruchkani oldi-da, qog‘ozning oxiriga “tamom” deb yozib qo‘ydi.

* * *

Bruydu yangi roman yozishga o‘n sakkiz oy vaqt sarfladi va uni shunday nomladi: “Hech nima”. Bu kamtarlik belgisi edi. Asarni Patsio nashriyotiga bosish uchun taklif qildi, bu esa sodiqlik belgisi edi. U bu kitobni “Frantsuz adabiyotining beqiyos ustasi Solanj Violansga bag‘ishlayman” deb chiqazdi, bunisi adabiy minnatdorchilik belgisi bo‘lib, hech kimni befarq qoldirmadi.
Hamma taxminlarga, oldindan ko‘rishlarga qarshi o‘laroq, matbuot birinchi g‘azablaridan sovib, Bruyduning yangi asarini hurmat bilan kutib oldi. Ba’zi bir tanqidchilar kitobni “nafis”, “yaxshi bayon etilgan”, “o‘ziga xos kuch bilan puflangan” asar deb topdilar. Bir keksa jurnalist “Hech nima”ni hatto “madaniyatning mo‘jaz gavhari” deb ta’riflab yubordi.
Birinchi maqolalardan boshlab Bruydu yuragini umid to‘ldirib borayotganini his qildi. Albatta, gap vaqtincha muvaffaqiyat haqida ketmayotgan edi, biroq, bu hammayoqdagi maqtovlar va bir qolipli ko‘kka ko‘tarishlar juda kuchli baholangandi. Idorada uning ustidan hech kim endi kulmay qo‘ydi. Stoli ustiga hech kim endi gazeta olib kelib tashlamadi. Do‘stlar undan bir necha jildlarga dastxat yozib berishini iltimos qildilar.
Bruydu maqtanchoqlar toifasiga kirmas edi, lekin Leon Violans va hamkasblari ko‘z o‘ngida o‘zining oldingi obro‘yi tiklanayotganligi unga ham xush yoqayotgan edi. Ayniqsa, shu kichik g‘alaba orqali yana o‘zining Solosinining alangali muhabbatini va sof hurmatini topa olaman deb orzu qilardi. “Hech nima” bosib chiqarilgan kunlari Solanj bir necha hafta juda band bo‘ldi. Bruydu bilan “Abriko Ver” da uchrashishga rozi bo‘lganda, asarning kitob do‘konlari peshtaxtalaridan o‘rin olganiga deyarli bir oy bo‘lgan edi.
— Xo‘sh, jonginam? — dedi Bruydu uni kresloga o‘tqaza turib, —birinchi kitobim tufayli senga qo‘yilgan ayblarni yuvdim desam bo‘ladimi endi?
Solanjning yuzi va lablari hafsalasi pir bo‘lgan odamnikiga o‘xshardi, ko‘z qorachiqlari xayol og‘ushida edi. U aqlli boshini ohistagina qimirlatib qo‘ydi. So‘ngra dedi:
— Tanqid iltifotli bo‘ldi, lekin burunni baland ko‘tarish kerak emas, azizim.
— Men burnimni ko‘tarish haqida hech qachon o‘ylamaganman!
— Ha, ha, sizlar hammangiz bir xilsizlar! Agar bir notanish yolg‘ondan sizlarni maqtab qo‘ysa bormi, sizlar xuddi qurol-aslaha singari yaltirab qolasizlar. Qaddingizni g‘oz tutishga harakat qilasiz, qoshingiz ko‘tariladi, gilam ustida gerdayib yurasizlar. To‘g‘risi, bu kulgili!..
— Nima demoqchisan, Solo!
— Men demoqchimanki, asaring yoqimli, gap yo‘q. Lekin sening kichkinagina taltaygan g‘ururing o‘rinsiz.
— Menda g‘urur yo‘q… va men taltayib ketmadim…
— Sen shunga ishonayapsanmi!— kulgili nafrat bilan baqirib yubordi. — Ha, yaxshi! Oynaga bir qara-chi. Sen xursandligingdan yorilib ketay deyapsan. Rohatdan bo‘g‘ilib qolay deyapsan. Sen… sen… ha, aytgancha, “Hech nima”da bosma xatolar juda ko‘p. 7-bob umuman yaxshi chiqmagan…
— Solo!
— Undan tashqari, kecha men Frantsiya akademiyasining a’zosi Avgustin Pioshni ko‘rib qoldim. U menga nima dedi degin: «Hech nima-mi? Bu asar boshqa nomga munosib emas!» Bu gapni senga aytganim uchun uzr. Lekin bu sening foydangga, kichkintoyim… Sening foydangga…
Bruydu Solanjning bunday g‘azablanishidan hech narsa tushunmas edi.
— Demak, sen “Hech nima”ni xuddi “Issiqlik domi” singari muvaffaqiyatsizlikka uchrashini kutgan ekansan-da?— dedi u.
— Ahmoqona savolarni berma,— dedi Solanj. — Agar mening jahlimni chiqarmoqchi bo‘lsang, buni darrov tan ol, men bu yerdan ortiqcha so‘zsiz ketaman. Janob mo‘l-ko‘lchilikdan shunchalik shishib ketganki, u asari haqidagi tanqidiy fikrni ko‘tara olmayapdi. Juda yaxshi! Juda yaxshi! Bu juda chiroyli! O, lya, lya, lya.
Bruydu uni quchoqlamoqchi bo‘lgan edi, Solanj undan o‘zini olib qochdi va unga qovog‘ini solib, diqqat bilan tikildi va dedi:
— Ketishim kerak.
Bruydu quygan vinosi oldida yolg‘iz qoldi va ayol qalbining sirlari ustida xayolga cho‘mdi. Ikki soat fikr qilgandan so‘ng, Solanjning xatti-harakatlarini mutlaqo tushunarsiz deb topdi va keyinchalik uni uchrashuvga taklif qilishni o‘ylab uyiga qaytdi.
Lekin keyingi uchrashuvlar unga xohlagan tinchlikni olib kelmadi. Solanj battar asabiylashgan, serjahl, tajang bo‘lib qolgandi. Endi u chiroyli iboralarni ishlatmas edi. Uni quchoqlashga zo‘rg‘a ko‘nardi. Bruydu unga eri haqida yaxshi gaplarni ham gapirib ko‘rdi, foydasiz.
Oradan ancha vaqt o‘tgach, Solanj bir asarini nashr ettirdi, nomi: “Indigo”, mazkur asar katta muvaffaqiyatga erishdi. Uning rasmi deyarli hammayoqqa yopishtirildi, kitob do‘konlarida va jurnallarda g‘ij-g‘ij edi. Uning nomi dunyoviy suhbatlarda, har bir mavzuda tilga olina boshladi. Noshiri unga minnatdorchilik bildira boshladi. Odamlar Rekamiye mukofoti hay’atining keyingi majlisiga faqat uning nomzodi o‘tadi deyishardi. Bu shuhrat g‘alabasi Solanjni ancha yumshatdi va u o‘ynashini noto‘g‘ri turtgani uchun o‘zini-o‘zi koyidi. Ular qayta uchrashganlarida Solanj uni onalarcha erkaladi va maslahatlar berdi. Bruydu xursandchilik manbaining qayta paydo bo‘lganiga va endi umid bilan yashash imkoniyatiga ega bo‘lganiga xudoga shukrlar aytdi.

* * *

Rekamiye mukofoti hay’ati faqat ayollardan iborat bo‘lib, ular qirq besh daqiqadan beri sahnada bahslashishardi. Solanj Violans eri bilan xitoy restoranining alohida xonasida telefon qo‘ng‘irog‘ini kutib o‘tirishardi. Telefon orqali ularga g‘alaba haqida xabar berishlari kerak edi. Bu adabiy kurashda uning jiddiyroq raqibi yo‘q edi. Oxirgi ovoz berishda “Indigo” deyarli ko‘pchilikning ovozini olgan edi. Tabrik maqolalari bosmaxonalarda tuzilib, tayyor holda turar edi. Solanjning noshiri ommaviy sotuv bo‘lishini oldindan bilib, uning romanidan ellik ming nusxa qo‘shimcha chop ettirdi. Semiz Violans esa “Maksims” restoranida matbuot uchun va baxtsiz raqiblar uchun banket buyurib qo‘ygan edi.
— Namuncha cho‘zishadi! – dedi u. – Mening asarim bir ovozdan zo‘r deb topilganda, bu ayollar nimani bahslashishmoqda o‘zi?
— Ular ayollar-da, —dedi Leon, — ayollar gap sotishni yaxshi ko‘rishadi. Ular qo‘rqayotganingdan mutlaqo bexabarlar.
— Men qo‘rqmayapman,— dedi Solanj, — faqat buning tezroq tugashini xohlayapman.
— Sening foydangga hal bo‘lishiga imonim komil. Sen o‘shani olasan, o‘zingning Rekamiye mukofotingni olasan…
— Bilib qo‘y, agar men uni olmasam…
— Senga baribir emasmi?!
— Buni qarang…
U jilmaydi. Jimjitlik ancha davom etdi. Solanj oynada a’lo darajada qilingan pardoz-andozini tekshirib ko‘rdi va radio uchun yozib, tayyorlab qo‘ygan bayonotini yana bir karra ko‘zdan kechirib chiqdi. Olqishlarni, shovqin-suronlarni, fototele apparatlarining chiroqlarini qo‘msash uning yuragini junbushga keltirdi. Uning tomog‘i qurib qoldi. Qo‘llari tutin singari yengil bo‘lib qoldi. U, tabrik chog‘ida u o‘zimdan ketib qolaman, deb o‘yladi.
— Soat necha bo‘ldi? – ming‘irladi u.
— Soat ikki.
— Bu ayollar ahmoq, ahmoq! A, xudoyim-a, asab tomirlarim taranglashmoqda! Men yiqilaman, oh, ha! men o‘zimdan ketaman!
U kipriklarini pirpiratib, divanga yumshoq bulut singari yiqildi.
— Ikkidan o‘n minut o‘tdi, — dedi Violans.
Shu vaqt telefon jiringlab qoldi.
— Xudoga shukur-a! — qichqirib yubordi Solanj.
Bir sakrab, u apparat yonida paydo bo‘ldi. Uning asabiy qo‘llari go‘shakni ezg‘ilardi. Og‘zi go‘shak mikrofoniga yopishib qoldi.
— Allo! Allo? Nima? Balandroq gapiring…
Birdan Violans xotinining ranggi o‘chib ketganini va dahani titrayotganini ko‘rdi.
— Kim? Kim o‘zi? — nafasi bo‘g‘ilib so‘radi Solanj.
Tushunarsiz tovush go‘yo dunyoning narigi chetidan kelardi.
— Allo! Allo! — baqirdi Solanj. — Uzib qo‘ymang! Kim? Kim? Bru… Bruydi! Ah!
U go‘shakni joyiga ildi va Leon Violans oldida sochlari buzilgan, terlagan, ko‘kish qahr bilan namoyon bo‘ldi va motam tovushi bilan dedi:
— Mukofotni Bruydu oldi!
— Ana, xolos! – dedi Violans, u ham kitobini yuborgan ekanmi?
— Endi bunga ishonish kerak, vaholanki, u menga bu haqda hech qachon gapirmagan edi. Ah! Buni qara-ya! Shunday obro‘li mukofot nobop asarga, shu “Hech nima” ga nasib etsa!
— Quloq sol, azizam, — dedi Violans, mukofotni sen olmaganingga achinayapman, albatta. Lekin Bruyduning asari nobop, muvaffaqiyatsiz chiqqan asar emas. Men uning birinchi kitobini qanchalik yomon ko‘rgan bo‘lsam, ikkinchi asari nazarimda shunchalik maqtovga sazovor. Haqiqatgo‘y bo‘laylik…
O‘tkir qichqiriq uning gapini bo‘lib qo‘ydi. Solanj boshi uzra o‘zining nimjon «qiruvchi» mushtini ko‘tarib:
— O‘chir, chakagingni o‘chir! Sen meni dahshatga solayapsan! Bruyduning asari irigan adabiyotning pushti! Hamma senga shunday deydi! Mukofotga ega bo‘lish uchun hiyla-nayrang ishlatgan! Ehtimol, hay’at raisasi bilan yotgandir!
— U 75 yoshda!
— Bu amalparast nima qilsa ham, men taajublanmayman.
— Bruydu amalparastmi?
— O‘ta ketgan! Buni bilmaslik uchun odam sen kabi ko‘r bo‘lishi kerak! Oh, qanday uyat! Qanday uyat!
Solanj bir vaqtlar bu zararkunanda va ayyor Bruyduni qanday qilib sevib qolganiga o‘zi hayron bo‘ldi. Endi uning zimmasida shuhratdan qonunsiz judo etilgan yozuvchi ayol taqdiri yotadi. Solanj azoblarining sababchisi bo‘lgan odamni tilka-pora qilib tashlashga, uni uyat va nomusga g‘arq etishga tayyor ekanligini his qildi.
Leon o‘zini qanday tutishini ham bilmay, arosatda qoldi. U pichirlab dedi:
— Jahling chiqmasin. Sen boshqa mukofotni olasan, azizam.
— Men aynan shuni xohlagan edim,—dedi Solanj. — Bundan boshqa hech qanaqa mukofotni orzu qilmagandim. Lekin bu Bruydu! Uni ko‘rgani ko‘zim yo‘q! Uni ko‘rgani ko‘zim yo‘q!..
— Unchalik yomon bola emas-ku…
— Ehtimol, sen uni qo‘llab-quvvatlarsan ham hali?
— Nimaga qo‘llamas ekanman? Senga hech qachon yomonlik qilmagan bir bechora shaytonvachchani sen bekorga oyog‘ing bilan toptayapsan. Men esa, uning omadidan xursand bo‘layapman. Mukofot senga nasib etmadimi, demak, men xohlaymanki, mukofot egasi u bo‘lsin…
— Men esa, mukofot egasi boshqa odam bo‘lishini, kimligidan qat’i nazar, boshqa odam bo‘lishini xohlardim, faqat uni emas!
— Nima uchun, Solanjim?
— Chunki u… u… Ah, Leon, qanchalik ahmoqsan! Sen bu shahvatparast va ichidan pishgan maxluqni qo‘llab-quvvatlab, mening jahlimni chiqarayapsan. Buni tugatish kerak! Sen hozir hammasini bilasan! O‘zing shuni xohlading!
Solanj eriga nafrat nigohini otdi va bo‘g‘iq tovushda dedi:
— U mening o‘ynashim!
— Nima? – qizarib ketdi Leon.
— Bruydu mening o‘ynashim… Uning kitobi faqat bahona edi… Uni…
Violans uni katta panjalari orasiga olib, suyagini sindirish darajasida siltalay boshladi. Solanj uvillardi:
— Hammasi vayron bo‘layapti!.. Momaqaldiroq!.. Chaqmoq!.. Aylanish!.. Sharshara!..
So‘ng u hushidan ketdi.

* * *
Ertasiga Leon Violans Bruyduni idorasiga chaqirdi va pekari* terisidan qilingan bir juft qo‘lqop bilan uning yuziga tushirdi, bu duel degani edi.
Qartalar almashildi, guvohlar shivirlashib kelishib olishdi va duel to‘pponchalarda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bruydu dumbasidan o‘q yeb yarador bo‘ldi. Bu janjal ham unga shuxrat olib keldi. Yaqinda u uchinchi kitobini chop ettirdi. Tez kunlarda u Frantsiya akademiyasiga a’zo bo‘larmish, degan mish-mishlar ham bor.
___________
* Pekari – Amerika yovvoyi cho‘chqasi.

Frantsuzchadan Anvar Asqarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 2-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!