Tarix saboqlari: 23 oy hukm surgan mustaqil davlat

Bu yil Ozarboyjon tarixida muhim sana – Ozarboyjon Demokratik Respublikasi ta’sis etilganining 100 yilligi keng nishonlanadi.

Mamlakat rahbari Ilhom Aliyev farmoniga ko‘ra ushbu sanaga bag‘ishlab ko‘plab tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Zero, mutaxassislar Ozarboyjon Demokratik Respublikasi tashkil etilganini nafaqat ozarboyjon xalqi, balki butun islom olamidagi muhim voqea deb baholaganlar.

Rusiya imperiyasining parchalanishi mustamlaka xalqlariga mustaqil davlat tuzish imkonini beradi.

Ozarboyjon ziyolilari XX asrning 20-yillarida Rusiya imperiyasida kuchayib borayotgan demokratik o‘zgarishlar va fuqarolik huquqlari uchun kurashda faol ishtirok etdi. 1918 yil 28 mayda Mamed Emin Rasulzoda boshchiligidagi Ozarboyjon Milliy Kengashi Ozarboyjon Demokratik Respublikasi tashkil etilganini e’lon qildi. Bu tarixiy voqea Tbilisi shahrida ro‘y berdi. Mamlakat poytaxti Boku arman guruhlari va bolsheviklar nazorati ostida ekani bois yangi davlatning muvaqqat poytaxti sifatida Ganja shahri tanlandi. 1918 yil 16 iyunda Ozarboyjon hukumati Tbilisidan Ganjaga ko‘chib o‘tdi.

Davlatchilik mezonlariga ko‘ra, bu Sharq xalqlari orasida ilk bor tashkil etilgan parlament boshqaruviga asoslangan demokratik respublikalardan biri edi. (Bu o‘rinda 1917 yil noyabrda Turkiston xalqlari Qo‘qon shahrida Muxtoriyat e’lon qilganini ham qayd etish joiz.)

Bu Ozarboyjon davlatchiligining qayta tiklanish kuni edi. Zero, mamlakat asrlar davomida Eron, so‘ngra Rusiya imperiyasi boshqaruvida bo‘lgan.

Ozarboyjon Demokratik Respublikasining Vazirlar Mahkamasini Moskva davlat universiteti bitiruvchisi, Davlat Dumasi sobiq deputati Fatali Xon Iskandar o‘g‘li boshqardi.

Ozarboyjon tili davlat tili deb e’lon qilindi. Ayni choqda, boshqa millat va elatlarning huquq va manfaatlari qonunan himoya qilindi.

Yangi davlat siyosiy va savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi.

Ammo Demokratik Respublika oldida og‘ir sinovlar turar edi.

1918 yil 12 iyunda bolsheviklarning Boku kengashiga qarashli qurolli kuchlari Ganjaga hujum boshladi. Ozarboyjon hukumati  harbiy yordam so‘rab Turkiyaga murojaat qiladi. Birlashgan turk-ozarboyjon qo‘shini qizil armiyani tor-mor etadi. 1918 yil 15 sentyabrda turk-ozarboyjon armiyasi Bokuga kiradi. Shahar respublika poytaxti deb e’lon qilinadi.

1918 yil 7 dekabrda 97 a’zodan iborat Ozarboyjon Demokratik Respublikasi parlamenti ish boshladi. 1920 yil 11 yanvarda Birinchi jahon urushining g‘oliblari bo‘lgan ittifoqchi davlatlar kengashi bir ovozdan Ozarboyjon mustaqilligini tan oladi.

Angliya, AQSh, Frantsiya, Italiya, Shveytsariya va Polsha kabi mamlakatlarda mustaqil davlatning diplomatik vakolatxonalarini ochishga kelishildi.

Tobora kuchga to‘layotgan qizil imperiya yosh demokratik davlatni mahv etish uchun payt poylayotgan edi. 1920 yil aprelda qizil armiya bo‘linmalari Ozarboyjonga bostirib kirdi. 28 aprel kuni poytaxt Boku ham qo‘ldan ketdi.

Demokratik Respublika bor-yo‘g‘i 23 oy yashagan bo‘lsa-da, butun dunyoga Ozarboyjon xalqining erkka, hurlikka tashnaligini namoyon etdi. Sovet Ittifoqi parchalangach, 1991 yilda Ozarboyjon o‘z mustaqilligini qayta e’lon qildi. Zamonaviy Ozarboyjon rahbariyati 1918 yilda ta’sis etilgan Demokratik Respublikaning davlat ramzlarini qayta tikladi.

1992 yildan beri Ozarboyjonda 28 may Respublika kuni sifatida bayram qilinadi. Ushbu sana bugun mamlakatning ozodlik bayrami sifatida keng nishonlanadi.

S.Salim