Kelajak yoqilg‘isi: yerosti boyliklaridan suv o‘tlarigacha

Bugun mashina haydovchisi kutilmaganda benzin tugab qolishidan u qadar ham cho‘chimaydi. Sababi, yoqilg‘i quyish shaxobchalarini topish unchalik muammo emas. Shunday bo‘lsa-da, haydovchilar yaqinginasida otini o‘ynatib ketayotgan chavandozga bir jihatdan havas qilishi tabiiy. Sababi, jonivorga bir g‘aram o‘t yoki yem berish ham arzon, ham oson.

Tirik mavjudotga quyosh nuri madad berishi, texnikaga bundan million yillar ilgari paydo bo‘lgan neft, gaz va uglerod manbalaridan olingan quvvat kerak bo‘lishidan yaxshi xabaringiz bor. Vaqt o‘tishi bilan yerosti zaxiralaridan olinadigan yoqilg‘i shu darajada ommalashib ketdiki, natijada, uning qiymati global ahamiyat kasb eta boshladi. Lekin bu kabi mahsulotlar uchun kerakli xomashyoning cheklangan miqdorda ekani va eng asosiysi, ularning ekologiyaga salbiy ta’sirini ham inobatga olish lozim. Shuning uchun uzoq yillardan beri muqobil yoqilg‘i turlarini yaratish ustida bosh qotirib kelinadi. Quyida ana shu yo‘lda amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritamiz.

Tarixga nazarga tashlasak

1826 yildayoq amerikalik Semoyul Mori dvigatelga “jon bag‘ishlash” uchun o‘simlik skipidari (o‘tkir hidli suyuq modda) va spirtdan foydalangandi. U 1853 yili bug‘ mashinalari va paroxodlar tabiiy moydan tayyorlangan yoqilg‘i ko‘magida harakatlana olishini isbotladi. Bundan tashqari, muhandis Nikolaus Avgust Otto tomonidan yaratilgan va hanuzgacha iste’moldan tushmagan birinchi to‘rt taktli hamda turli ko‘rinishdagi dvigatel dastlab etil spirtida ishga tushirilgan.

XIX asrning 90-yillarida birinchi marta Rudolf Dizel tomonidan yaratilgan va ko‘mir alangasida harakatga keladigan qurilma sinovi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. U amaliyotga tatbiq etilgan paytda portlab ketib, kashfiyotchining hayotiga zomin bo‘lishiga oz qoldi. Olim 1894 yilga kelib yanada arzonroq va xavfsizroq yo‘l, yeryong‘oq moyi bilan ishga tushiriladigan qurilmani omma e’tiboriga (bu safar ko‘ngildagidek) havola etdi.

Shundan so‘ng katta sahnaga Genri Ford chiqdi. U fermer bo‘lgani uchun uy sharoitida spirt tayyorlash texnologiyasini yaxshi bilardi. Shu bois 1896 yilda kashf qilgan birinchi “kvadritsikl”i spirt bilan o‘t oldirilganidan ajablanmasa ham bo‘ladi. Fordning “spirtli” dvigatellaridan XX asrning 40-yillarigacha keng foydalanildi. Shu paytda Yevropada germaniyalik mutaxassislar Gotlib Daymler va Karl Bentsning benzin bilan yuradigan mashinalari allaqachon urfga kirgandi.

Raqobatdan cho‘chimagan Genri Ford 1908 yilda birinchi ommaviy avtomobil rusumi “Molel T”ni sotuvga chiqardi. Mazkur avtoulov benzinda ham, etil spirtida ham, ularning aralashmasida ham bemalol yurardi. U o‘z avtomobillarining kelajagiga shu darajada ishongandiki, hattoki AQSh g‘arbida spirt ishlab chiqaruvchi zavod qurdirdi. XX asrning 20-yillarigacha “Standard Oil” kompaniyasining 25 foiz daromadi mana shu etil spirti savdosidan kelib tushardi.

Narxlar kurashiga guvoh bo‘lamiz

O‘sha paytlarda spirt bilan benzinning narxi deyarli bir xil bo‘lgan, ammo 1907 yilga kelib Texasda katta-katta neft konlarining ochilishi muvozanatning buzilishiga olib keldi. Ya’ni, bir litr spirtning qiymati 7 tsent bo‘lib turganda, shuncha hajmdagi benzin 5 tsent deya baholandi. Qisqa vaqt ichida spirt tadbirkorlari tarozi pallasini tenglashtirdilar. Chunki olimlar tomonidan shakarqamish qoldiqlaridan iste’mol qilinmaydigan etanol yaratish mumkinligi aniqlangandi. Birinchi jahon urushi davrida neft narxidagi beqarorlik spirtni yoqilg‘ilar “qiroli”ga aylantirdi. 1920 yilga kelib esa avtomobillarni spirt-benzin aralashmasi bilan yurgizish odatga aylandi.

1937 yildan boshlab neft yoqilg‘isi uch baravarga arzonlashib, bozorda yaqqol yetakchi maqomni oldi. Shundan so‘ng “qora oltin”ning uch yillik gegemonligi boshlandi. 1940 yilda spirt­ga bo‘lgan talab urush tufayli yana oshdi. Neft konlaridan uzilib qolgan qo‘shinlar o‘z tanklari uchun soya va raps kabi texnik o‘simliklar mo­yini ishlatdi. Qolaversa, AQSh, Buyuk Britaniya va Shvetsiyada benzinni tejash maqsadida spirtdan ham foydalanildi. Tinchlik davriga kelib yana hammasi o‘z o‘rniga tushdi. Neft mahsulotlari pesh­qadamga aylanib, etanol va biodizel unutildi.

Ekologik jihatdan esa ancha foydali

Tarixdan bevosita hozirgi zamonga qaytadigan bo‘lsak, dastlab Arkanzas universiteti bir guruh olimlarining fikrini keltirib o‘tish joiz: “Bioyoqilg‘i neft, gaz, ko‘mir kabi chegaralangan tabiiy zaxiralardan farq qiladi. Uni cheklanmagan miqdorda deyish mumkin. Qolaversa, ekologik jihatdan toza. Sababi, o‘simlikdan olingan yoqilg‘i yonganda, atmosferaga zararsiz miqdorda karbonat angidrid chiqaradi. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha eng keng tar­qalgan bioyoqilg‘i etanol va uning benzin bilan turli nisbatlardagi aralashmalari, jumladan Ye10, Ye85 hisoblanadi”.

Ilgari odamlar etanolni uy sharoitida ham tayyorlashgan. Buning uchun toza spirt turli begona aralashmalardan tozalanib, 96dan 99 darajagacha keltirilardi. Istalgan o‘simlik, jumladan, javdar, makkajo‘xori, lavlagi, kartoshka, guruch, qamish, hattoki oddiy o‘tindan ham etanol ishlab chiqarishning imkoni bor. Masalan, bir tonna javdardan 375 litr, bir tonna makkajo‘xoridan 410 litr, bir tonna tariqdan 510 litr spirt siqib chiqariladi. Oddiy zavod bir yilda 150 mln. tonnagacha shunday mahsulotni iste’molga taqdim etish quvvatiga ega. Zamonaviy yirik korxonalar esa bu miqdorni milliardlab litrga (700 mingta avtomobilga yetadi) yetkaza oladi.

Shu o‘rinda mutaxassislar bir maslahatni ko‘p bor takrorlashadi. Ularning tavsiyasiga ko‘ra, toza etanol mashinaning odatiy tuzilishdagi bakiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyilmaydi. Sababi, unda erituvchanlik va oksidlash xususiyati kuchli. Shuning uchun, avvalo, kerakli detallarni zanglamaydigan po‘lat yoki plastikdan yasatib olish maqsadga muvofiqdir. Bu biroz qimmatga tushsa-da, chidamlilik bobida uzoqqa yetishi bilan birga benzin, etanol yoki ularning aralashmasini hech xavotirsiz qabul qila oladi.

Bugungi kunda dunyoning ko‘plab kompaniyalari bioyog‘ilg‘i bilan harakatlanadigan 34 rusumdagi yengil va yuk avtomobillarini sotuvga chiqargan. Ular umumiy nom bilan “Flexible-Fuel Vehicle” (FFV) deyiladi. Ayni paytda AQSh yo‘llarida shu turdagi 6 mln.dan ortiq mashinani kuzatish mumkin bor. Ular uchun 36ta shtatda maxsus yoqilg‘i quyish shaxobchasida Ye85 (85 foiz etanol va 15 foiz benzin aralashmasi) sotilmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin. Benzin nimaga kerak? U sovuq havoda yaxshi o‘t olish uchungina qo‘shiladi.

“Agar etanol miqdori 10 foiz bo‘lsa ham, atmosferaga chiqariladigan parnik gazlari miqdori 20 foizgacha qisqaradi. Qo‘shilma yoqilg‘ining zaharlilik darajasini ancha kesadi. Undan foydalanish zararli tutun ajratadigan avtomobillar sonini 1000000taga qisqartirish bilan tengdir”, deydi germaniyalik ekologlar.

O‘g‘it ham tayyor

Bu borada istiqbolli mahsulotlar sirasiga biogaz ham kiritiladi. Uni xohlagan organik o‘g‘itdan ajratib olish imkoni mavjud. Pista po‘chog‘i, xazon, go‘ng, qush axlati, oziq-ovqat qoldiqlari haqida gap ketyapti. Biogaz ishlab chiqarish texnologiyasi ham oddiy. Germetik reaktorda kislorodsiz muhitda xomashyo doimiy qizdirish va aralashtirish jarayonidan o‘tkaziladi. Bunda anaerob (erkin kislorod bo‘lmagan sharoitda yashay oladigan) bakteriyalar yordamga keladi. Reaktsiya natijasida zararli mikroflora va noxush hid yo‘q qilinadi. Natijada, nafaqat yoqilg‘i, balki sifatli o‘g‘it ham olinadi.

Shu o‘rinda “Vikipedia” manbasiga murojaat qilamiz: “Biogaz tarixi XVII asrda yashagan belgiyalik doktor Yan Baptist Gelmont nomi bilan bog‘liq. O‘shanda u biomassadan ajralib chiqqan gaz yaxshi yonishini aniqlagan. Aynan Yan Baptist uchuvchi gazga o‘xshash moddalarning tartibsiz harakatiga nisbatan “xaos” atamasini qo‘llagan birinchi mutaxassis sanaladi. 1776 yilga kelib Alessandro Volta jonsiz mavjudotdan metan gazi ajralib chiqishini kashf qilgan. XIX asrga kelib angliyalik kimyogar Xemfri Devi metandan biogaz ajratib olish texnologiyasini topib, 1859 yilda Hindistonning Mumbay shahrida shunday mahsulot ishlab chiqaruvchi qurilma yaratgan”.

Hozirda biogazdan keng miqyosda foydalanish ekologlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Chunki u atmosferaga ajralib chiqadigan metanni zararsizlantirish xususiyatiga ega. Xabaringiz bor, metan parnik gazlaridan keyin tabiatga, eng katta xavf soladigan modda hisoblanadi.

Biodizel qolib ketmasin

«Yaxshi sifatli biodizel olish uchun reaktor uskunasi, yog‘, metil spirti, reaktsiyani tezlashtirish uchun ishqor ishlatiladi. Aralashma 60 darajali haroratda qizdirilib, biroz kutilsa, yoqilg‘i tayyor bo‘ladi. Yog‘ metil moylariga parchalanib, qurilma tubiga glitserin cho‘kish hodisasi kuzatiladi», – deb yozadi «Membrane» manbasi.

Uni ishlab chiqarish unchalik qiyin emas. Hozirgi kunda biodizel uchun eng yaxshi xomashyo kungaboqar yoki makka­jo‘xori emas, balki raps (texnik ekin turi) hisoblanadi. Bu o‘simlik ekib qo‘yilsa bo‘ldi, uni parvarish shart emas. O‘zi kutilgandek unib, katta hosil beradi. Bir tonna rapsdan 500 litr moy olish mumkin. Qolaversa, bunday yoqilg‘idan tarqagan tutun solyar moyi (solyarka)dek zararli emas.

Shu o‘rinda bir qiziqarli ma’lumot. “Telegraf” nashrining yozishicha, G‘arb­da ayrim shovvoz haydovchilar mashinasi baklariga fast-fud restoranlarida tekinga beriladigan, ammo tozalanmagan frityur (qizitilgan yog‘)ni quyib ketaverishar ekan.

Nachora, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi

Yoki boshqacha qilib har to‘kisda bir ayb, deganlaridek, biodizelda ham o‘ziga yarasha kamchiliklar bor. Eng asosiy muammo uning yopishqoqligi bilan bog‘liq. U to‘qqiz daraja sovuqda qotib qolib, yoqilg‘i tizimi bo‘ylab tarqalmaydi. Natijada, sun’iy qizdirish yoki maxsus qurilmada suyultirishga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, bioyoqilg‘i narxi hozircha oddiy dizelnikiga nisbatan 30 foiz qimmat yuradi.

Izlanishlar davom etmoqda

– Ilgari nazarga ilinmagan takliflar bir barrel neftning narxi 60 dollarga ko‘tarilib ketgani tufayli asosiy o‘ringa chiqmoqda, – deydi AQSh Milliy bioyoqilg‘i qo‘mitasi direktori Stiv Xauell. – Endi odamlar xayoliga sig‘dira olmaydigan yoqilg‘i manbalari ham kashf etilmoqda.

Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda muqobil yoqilg‘i olishning rang-barang texnologiyalari va usullari yaratilayotir. Yaqinda Arkanzas universitetida tovuq yog‘idan yoqilg‘i ajratib olingani ma’lum qilindi. Yana uchta yirik kompaniya suv o‘tlaridan shu kabi mahsulot ishlab chiqaruvchi zavodlar qurishni boshladi.

– Suv o‘tlari shu darajada hosildorki, butun AQShdagi avtomobillarni ulardan olingan biodizel bilan ta’minlash uchun 4 mln. gektar havzada o‘sgan flora kifoyadir, – deydi Stiv Xauell.

Bu okean ortidagi ekishga yaroqli maydonning 2 foizini tashkil etadi. Mutaxassislar suv o‘tlarini zavod quvurlaridan chiqariladigan chiqindilar bilan oziqlantirish tajribasini ham sinab ko‘rishdi. Natijada, yashil xirmon hajmi oshib, ekologik zarar kamaydi. Irkutsk organik kimyo institutida esa yog‘och sanoati qoldiqlari, asosan, qipiqdan avtomobil spirti ishlab chiqarish yo‘li topilgan.

– Besh tonna qipiqdan bir tonna etanol olish mumkin. Qolaversa, bu usulda ishlab chiqarilgan etanol makkajo‘xori va bug‘doydan olingan shunday mahsulotga nisbatan arzonga tushadi, – deydi irkutsklik tadqiqotchilar.

Xullas

Muqobil yoqilg‘i va quvvat manbalarini topish yo‘lidagi izlanishlar ko‘p tomonlama foydali ekanligini yuqorida aytib o‘tdik. So‘nggi paytlarda ekologik muammolar, atrof-muhitni asrash masalasi tobora dolzarb ma’no kasb etayotgani uchun bu kabi tadqiqotlarga e’tibor kuchaytirilmoqda. Demak, yaqin kelajakda zararsiz va har tomonlama talabga javob beradigan yoqilg‘i turi yaratilsa, ajablanishga o‘rin yo‘q.

Saidjon Maxsumov,
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.