Naim Karimov. O‘zbekning birinchi tog‘-kon muhandisi

http://n.ziyouz.com/images/obidjon_mahmudov.jpgSho‘ro davlati qariyb yetmish yil mobaynida xususiy mulk egalarini qirg‘in-qatag‘on qilib, xalqni ularga nisbatan nafrat ruhida tarbiyalab keldi. Natijada biz yaqin-yaqingacha o‘zbek xalqidan yetishib chiqqan saxovatli boylar nomini tilga olmay, ularning ma’rifatparvarlik va taraqqiyparvarlik faoliyatlari to‘g‘risida so‘z yuritmay keldik. Holbuki, avvalgi asrlarda bo‘lganidek, XX asr boshlarida ham xalq farovonligining oshishi, mamlakatda obodonchilik ishlarining amalga oshirilishi, maorif va madaniyat sohasida erishilgan yutuqlarda bunday insonlarning xizmatlari kam bo‘lmagan. Ushbu maqolamiz qahramoni Obidjon Mahmudov xalqimizning ana shunday saxovatli kishilaridan, hozirgi davr nomi bilan aytsak, ma’rifatparvar tadbirkorlaridan biri edi.

Buxoro amirligida to‘pchiboshi degan lavozim bo‘lgan. Amirlik qo‘shinida to‘pchiboshi bo‘lib xizmat qilgan kishilardan biri Abduxoliq Abduqodirbek o‘g‘li edi. U falakning gardishi bilan farg‘onalik do‘stining taklifiga binoan Marg‘ilonga mehmonga borganida, ittifoqo otdan yiqilib, oyog‘i singan va shifo topguniga qadar uning uyida yashashga majbur bo‘lgan. U xastalik kezlarida do‘sti Mirzayunusning Robiya degan yaqin qarindoshiga ko‘ngil qo‘yib, unga uylangan. Yuqorida nomi zikr qilingan Obidjon Mahmudov Marg‘ilonda ana shu ota-onadan dunyoga kelgan.

Obidjon Mahmudovning tug‘ilgan sanasi turli manbalarda turlicha qayd etib kelinadi. Bundan bir necha yil ilgari O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi tomonidan nashr etilgan “Unutilmas siymolar” albom-bukletida, shuningdek, Farg‘ona vodiysi gazetalarida e’lon qilingan maqolalarda Obidjon Mahmudovning tug‘ilgan sanasi 1858 yil deb qayd etilib keldi. Ammo Obidjon Mahmudovning 1926 yil 7 aprel kuni hibsga olinishi munosabati bilan to‘ldirilgan anketada uning tug‘ilgan sanasi 1871 yil deb ko‘rsatilgan. “O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasi”ning O.Mahmudovga bag‘ishlangan maqolasida ham xuddi shu sana asos qilib olingan.

1928 yili ichki va bolalar kasalliklari bo‘yicha doktor G.X.Shaxarovich imzolagan spravka (ma’lumotnoma)da ham “Dana siya gr-nu Maxmudovu Abidjanu, 71 goda, v tom…” so‘zlari yozilganki, bu uning 1871 yili dunyoga kelganini tasdiqlovchi yana bir hujjatdir. Bibi Robiyaning to‘ng‘ich o‘g‘li Mirodil Qo‘qonning Shayxon mahallasidan uy-joy sotib olgach, Obidjon ham onasi va akasi bilan birga Qo‘qonga ko‘chib keladi va shu yerda yashab, eski maktabda o‘qiydi. U darsdan bo‘sh paytlarida mo‘mchilik bilan shug‘ullangan akasiga yordam berib, undan mo‘mchilik hunarini, pochchasi Mirzakarim zargardan esa savdo-sotiqning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganadi.

Obidjon 1894-1895 yillarda bo‘lsa kerak, arzimas bir masalada akasi bilan aytishib qolib, Qo‘qondan bosh olib chiqib ketadi. U Kaspiy dengizi bo‘ylarida joylashgan Chelekan yarim oroliga borib, to‘rt-besh yil mobaynida turli ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Omadni qarangki, sherikchilikda sotib olgan yeridan neft dar­yosi vulqondek otilib chiqadi. Chelekanga sariq chaqasiz kelgan yigit 1901 yili ona yurtiga Qo‘qonning yirik sarmoyador boylaridan biri bo‘lib qaytadi. Bor-yo‘g‘i boshlang‘ich ma’lumotni olgan yigitning ishlari yurishib ketib, u Farg‘ona vodiysining bir necha joylaridagi neft, oltingugurt va mo‘m konlarini sotib oladi.

Shu o‘rinda bir voqeani aytish joizki, sotib olgan yeridan neft koni topilgan Obidjon Mahmudov Abdulhamid Cho‘lponning 1914 yili nashr etilgan “Do‘xtur Muhammadyor” hikoyasi yuzaga kelishida prototip bo‘lib xizmat qilgan.

Faoliyatining boshlanishi

Naql qilishlaricha, Obidjon Mahmudovga qarashli konlarda xizmat qilgan nemis injenerining dimog‘i ko‘tarilib, hatto uni — bu konlarning egasini ham nazar-pisand qilmay qo‘yadi. Shundan keyin Obidjon Mahmudov Neva bo‘ylariga borib, Peterburg universiteti tog‘-kon fakultetining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirgan va qisqa muddatda barcha imtihonlarni muvaffaqiyat bilan topshirib, o‘qishni a’lo natija bilan tugatgan. U o‘rta Osiyodan yetishib chiqqan va Rossiyada ham katta obro‘-e’tibor qozongan birinchi o‘zbek tog‘-kon muhandisi edi.

O‘tgan XX asr boshlarida Turkistondan yetishib chiqqan boylar orasida saxovatli kishilar ham kam bo‘lmagan. Vatandoshlarining og‘ir iqtisodiy hayotini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va shu yillarda Qo‘qonda ham tug‘ila boshlagan jadid ma’rifatparvarlarining ilg‘or g‘oyalariga ishongan Obidjon Mahmudov 1911 yilda Haydarbek mahallasida yangi usuldagi maktabni ochadi. Qo‘shnisi adabiyotshunos olim Aziz Qayumovning otasi Po‘latjon domla Qayumovni shu maktabga mudir etib tayinlaydi. Maktab yangi davr talablariga mos bo‘lishi uchun barcha zamonaviy o‘quv anjomlarini sotib olib beradi. Ayni paytda u Qo‘qondagi boshqa jadid maktablaridan ham mehr-muruvvatini darig‘ tutmaydi.

Tadbirkorlik ishlari kundan-kunga gurkirab borayotgan Obidjon Mahmudov Rossiyadan tegishli asbob-uskunalarni sotib olib, Qo‘qonda bosmaxona tashkil qiladi hamda 1914 yil 3 apreldan e’tiboran Farg‘ona vodiysidagi birinchi milliy nashr — “Sadoi Farg‘ona” gazetasini chiqara boshlaydi. Bu ulug‘ tarixiy voqea edi. Obidjon Mahmudov gazetani sotib, yana ham boyish uchun emas, balki vodiy ahlini mudroq ijtimoiy va madaniy holatdan uyg‘otish, unga bu yorug‘ dun­yoda Ilm-Ma’rifat, Erk va Hurriyat, Baxt va Saodat degan buyuk qadriyatlar ham borligini anglatish, elni shu qutlug‘ qadriyatlar bilan tanishtirish maqsadida gazeta nashr etib, uni bepul tarqatadi. Ayniqsa, uning “Dardimiz bir, kasalimiz ham bir, davo va darmonimiz ham birdur. Bas, ondoq bo‘lsa, ey himmatli birodarlar, chiqinglar maydonga…” so‘zlari yozilgan “Maslak va maqsad” maqolasi vodiy yoshlariga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Birinchi soni shohi matoga bosilgan gazeta yoshlar va keksa ziyolilar tomonidan katta quvonch bilan qarshi olinadi. Namanganlik keksa shoir Ishoqxon Ibrat esa:

Endi tabriklar erur lozim,
Na uchunkim, bu shug‘oi mardona.
Xalqimiz o‘z-o‘ziga ovora,
Xoh o‘z davri va yo begona.
Husni iqbol noil etsun haq,
Chiqsa shoyad davomi maydona…
Ismi noshirki Obid Mahmud,
Chiqsa shoyad muvaffaqiyatona…

singari satrlardan iborat she’r bilan yangi gazetaning nashr etilishini muborakbod etadi. Mazkur gazetada musahhih bo‘lib ishlagan Ashurali Zohiriy ke­yinchalik mashhur jurnalist, tilshunos va adabiyotshunos olim bo‘lib yetishadi.

Urush boshlanganidan keyin­ chor tsenzurasi gazetada ko‘plab maqolalarning e’lon qilinishiga qarshilik ko‘rsatdi. Ba’zan shunday bo‘ladiki, gazetaning ayrim sonlari bo‘m-bo‘sh bo‘lib chiqadi. Shunday bo‘lsa-da, hurriyat va milliy taraqqiyot orzusi bilan yashayotgan ziyolilar ovozi gazetadan baralla eshitilib turdi. Obidjon Mahmudov gazetada bosilgan maqolalari va ularda ko‘targan muhim masalalar bilan Farg‘ona jadidlarining oldingi safidan mustahkam o‘rin egalladi.

Muxtoriyat noziri

1917 yil Fevral inqilobining g‘alaba qozonishi bilan jadidlar ozodlik va hurriyat taronalarini ochiqdan-ochiq kuylashga kirishdilar.

Obidjon Mahmudov chor hokimiyati tomonidan taqiqlangan “Sadoi Farg‘ona” gazetasi o‘rniga 1917 yil 2 aprelda “Tirik so‘z” gazetasini nashr etib, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Zaki Validiy, Vadim Chaykin singari maslakdoshlari bilan birga yurtimiz ozod va mustaqil bo‘lsin degan orzu-o‘y, ulug‘ maqsad ila yashadi. Shu g‘oyani ro‘yobga chiqarish maqsadida u “Turk adam markaziyat” partiyasining maromnomasi va nizomini tuzishda yaqindan ishtirok etdi.

U 1918 yil boshlarida muxtoriyat noziri sifatida Kavkazga borib, u yerdan bug‘doy olib kelmoqchi bo‘ladi. Ammo 1918 yilning 19-20 fevral kunlarida Muxtoriyat hukumatining zo‘ravonlik bilan ag‘darilishi uning rejalarini chippakka chiqaradi. Bolsheviklar ta’qibidan qochgan Nosirxon to‘ra Namanganda, Gertsfeld Samarqandda, Obidjon Mahmudov esa Buxoroda qo‘lga olinadi.

Muxtoriyat tugatilgach…

El-yurt o‘rtasida Obid Chatoq laqabi bilan mashhur bo‘lgan O.Mahmudov turli-tuman qaltis va murakkab vaziyatlardan chiqib ketishdek qobiliyatga ega edi. U bolsheviklar changalidan ham qutulib chiqadi.

Shu yillarda sovet davlati uchun mamlakatning iqtisodiy bazasini tiklab olish birlamchi ahamiyatga molik masala edi. O‘zbekiston chor Rossiyasi davrida ham asosiy paxta bazasi bo‘lgani uchun bolsheviklar 1918 yildanoq paxta tayyorlash masalasiga katta e’tibor berib, Moskvada Paxta bo‘limini tashkil etadilar. O.Mahmudov o‘tgan asr boshlarida Nijniy Novgoroddagi savdo yarmarkalariga Turkistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari qatorida paxtani ham olib borgan edi, shu tufayli uni sovet xodimi sifatida Moskvaga, paxta bo‘limiga ishga yuboradilar. U ushbu bo‘limda bir yil ishlaganidan keyin Turkiston Markaziy Ijroiya qo‘mitasining Moskvadagi doimiy vakolatxonasida matbuot bo‘limini boshqaradi. 1920 yil aprelida esa Turkistonga Tashqi aloqalar bo‘limining Farg‘ona vodiysidagi informator agenti etib yuboriladi. U ushbu lavozimda xizmat qilar ekan, suv mua­mmosi va boshqa turli masalalar bo‘yicha yuzaga kelgan masalalarni bartaraf etishda bosh-qosh bo‘ldi.

Shu yili Bokuda Sharq ­xal­qlari qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Obidjon Mahmudov Munavvar qori Abdurashidxonov, Cho‘lpon kabi erksevar vatandoshlari bilan birga qurultoy ishida faol ishtirok etadi. Bolsheviklar “tiz­gin”ni o‘z qo‘llariga olganlariga qaramay, qurultoy Sharq ozodlik ittifoqini tuzish lozim, degan qarorga keladi. O.Mahmudov Bokudan qayt­gach, Sharq ozodlik ittifoqining Toshkent hamda Qo‘qon shahar bo‘limlarini tashkil etadi.

O.Mahmudov tadbirkorlik va tijoratchilik faoliyatining dastlabki davrida O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqillikka erishmay turib, mustaqil davlat bo‘la olmasligini yaxshi bilgan va butun kuchini maslakdosh do‘stlari bilan birga iqtisodiy mustaqillik uchun kurashga bag‘ishlagan edi. Turkiston Muxtoriyat hukumati o‘rnatilgan kezlarda esa oziq-ovqat noziri bo‘lishiga qaramay, tergov materiallarida aytilishicha, muxtoriyat askarlarini qurol-yarog‘ bilan ta’minlash masalasiga ham katta ahamiyat bergan.

So‘nggi kunlari

O.Mahmudov 1922 yil may oyida Moskvadan maxsus topshiriq bilan kelgan Orjonikidze va Eliava sharafiga Qibrayda yozilgan dasturxon paytida ham o‘zi va do‘stlarining sho‘ro davlati muxoliflari safida bo‘lganini yashirmagan. Ana shunday kishining hokimiyat bilan murosai madorada yashashi mahol edi. Shuning uchun ham u bir necha marotaba xorijga chiqib ketish yo‘llarini axtaradi. Ammo buning ilojini topa olmaydi.

Sho‘ro davlati Obidjon Mahmudovga Farg‘ona vodiysidagi neft, ozokerit, oltingugurt va mo‘m konlarini milliylashtirib, unga bu konlardan ijarachi sifatidagina foydalanish imkonini berdi. U 1926 yili uchinchi marta qamoqqa olinib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Sud jazo muddatini Solovets orollarida o‘tash haqida hukm chiqardi. Ammo bu “o‘tda kuymas, suvga botmas” inson 8 oy deganda ozodlikka erishadi. Obidjon Mahmudov nafaqat o‘zining haq-huquqini, balki el-yurt manfaatini ham himoya qila oluvchi iste’dodli kishilardan edi.

O.Mahmudovning ijtimoiy faoliyatiga aloqador va bizga ma’lum bo‘lgan eng so‘nggi ma’lumot shuki, u 1933 yili Moskvada bo‘lib o‘tgan Butunittifoq qishloq xo‘jalik ko‘rgazmasida Farg‘ona viloyatidan topilgan tog‘ qazilmalari namunalari bilan ishtirok etgan. Demak, u hayotining so‘nggi yillarida yana tog‘ injeneri sifatida izlanishlar olib bormoqchi va O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqillikka erishishi uchun yetarli salohiyatga ega ekanini avlodlarga aytmoqchi bo‘lgan.

* * *

Bolsheviklar bilan kurashda salomatligini yo‘qotgan Obidjon Mahmudov 1937 yilgi qatag‘ondan bir yil avval, 1936 yil 21 noyabrda bandalikni bajo keltiradi.

U sira qo‘rquv nimaligini bilmay, bilsa-da uni pisand etmay ozodlik va hurlik bayrog‘ini baland ko‘targan, butun hayotini ma’rifat va milliy taraqqiyot ishiga bag‘ishlagan, xalqimizning yurtparvar, elparvar kishisi sifatida yashab o‘tgan edi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).