Xurshid Do‘stmuhammad. Hamdardim — adabiyot

O‘tgan asrning elliginchi yillari. Oilada to‘qqiz farzandmiz – besh qiz, to‘rt o‘g‘il. Kamina – kenjatoy. Otamizning nafaqasi 51 rubl. Nafaqaga qarab qolmaganmiz, albatta. Otamiz kosibchilik qiladilar. Onamiz ham tinib-tinchimaydilar: do‘ppi tepchiydilar, popop tikadilar, nimalarnidir bozorga olib borib sotadilar. To‘ng‘ich opa-akalarga to‘g‘ri kelmay qolgan kiyim-boshlar uka va singillarga o‘tadi. Xudoga shukur, qozonimiz qaynamagan kun yo‘q. Nonushta chog‘i sandalning girdi tirband, choyxo‘rlarga to‘ladi. Onamiz bir chaqmoqdan oq qand ulashadilar. Goho menga bir juft nasib etib qoladi. Quruq non-choy.
Oqshom gurunglari qiziydi – har kim bilganini to‘qiydi. Opalarim, akalarim boshqalarga gap berishmaydi. Otamiz kamgap – ko‘proq tinglaydilar, mi­yi­g‘ida kulimsirab o‘tiradilar. Tabiiy, aksaran topish-tutishdan, mol-mulkdan ketadi gap.
– Topish-tutishdan boshqa tashvish yo‘qmi? Nuqul pul haqida gapiraverish uyat! – deb qoladilar to‘sat­dan otamiz. – Kitob o‘qinglar, kam bo‘lmaysizlar.
Qiblagohimizning biror marta pul topinglar deb aytganini bilmayman. Volidamiz esa biz farzandlarga, albatta o‘qinglar, dunyo – bilganniki, shu bilan bir yo‘la hunar o‘rganib qo‘ysanglar ortiqchalik qilmaydi, degan qarash tarafdori bo‘lganlar.
Shunday muhitda ulg‘aydik, hayotga kirib keldik.
Oilamizda yuz bergan ikki “tarixiy” mojaroni sirtga olib chiqay.
Taxminan 8-9 yoshlarda edim. Sandalli ayvonimiz shiftiga qaldirg‘och uya qura boshladi. Tinimsiz chug‘ur-chug‘ur, qaldirg‘ochlar tepamizda aylangani-aylangan. Otamiz uyani buzib tashlashni buyurdilar. Onamiz esa – hay-hay, karomatli bu qushning uyasini buzishning oqibati chakki bo‘ladi, deb turib oldilar. Bunday tushuncha bid’at, dedilar otamiz – qarabsizki, oilada sal kam qiyomat qo‘pdi-da!..
Teledasturda “Jodugar” (“Koldunya“) badiiy fil­mi ko‘rsatilishi, qavs ichida “16 yoshgacha bo‘lgan bolalar ko‘rishlari mumkin emas” degan eslatmasi yozilgan ekan. Ikki kun avval oilada muzokara avj oldi: filmni tomosha qilamizmi-yo‘qmi? To‘ng‘ich akalarim mumkin emas desa, opalarim biz 16 yoshdan kattamiz deb turib olishdi. Mojaro ota-ona miqyosiga ko‘tarildi. Hukmi oliy – filmni oila davrasida tomosha qilish odobdan emas, degan qarorga kelindi!.. Haqiqiy tomosha keyin boshlandi-ku! “Jodugar” filmi butun oilamizni jodugarxonaga aylantirdi, deng!.. (Bosh rolda mashhur Marina Vladi o‘ynagan. Hozir unday filmlarni majburlab ham tomosha qildirolmaysiz, yoshlarimizga).
Men bunga o‘xshash janjallarga, munozaralarga faol aralashish va o‘z mulohazalarimni aytish-gapirishdan ko‘ra (kenjatoyman-da!), chetdan turib kuzatish huquqidan ko‘proq, unumliroq foydalanganman. Doimiy kuzatishlar asta-sekin tahlil qilish, muhokama qilish va muayyan xulosalar chiqarish odati-ko‘nikmasini shakllantirgan. Nega odamlar nizolashadilar, janjallashadilar, kelisholmaydi­lar? Na­hotki, murosa yo‘lini topish shunchalar mushkul bo‘l­sa?! (Endilikda tolerantlik, ya’ni bag‘­rikenglik, murosa madaniyati mustaqil fan-soha darajasiga ko‘tarildi!)
Albatta, tug‘ilgan savollarga o‘zimcha yechimlar, ja­voblar izlaganman. Eng qizig‘i, shunday ziddiyatli holatlarda men hamisha “mag‘lublar”, “zaiflar” tomonida bo‘lardim. Qanday bo‘lmasin, xoh oilada-xoh ko‘chada “mazlumlar” himoyachisiga aylanardim.
Menda badiiy adabiyotga ilk havas uyg‘otgan tuy­g‘u (muqaddas tuyg‘u!) ana shu – achinish, hamdardlik, qayg‘udoshlik, mehr ko‘rgizish tuyg‘usi bo‘lsa kerak…
Mahallamizda Fotma xola bo‘lardi: pakana, oq-sariqdan kelgan yuzlari cho‘zinchoq, ot kalla, oyoqlari kalta. Lapanglab yurardi. Hech kimi yo‘q. O‘zi bilan o‘zi ovoz chiqarib, gaplashib yurardi. Lahjasi o‘zbekchaga ham o‘xshamasdi. Kinnachi edi. Kim qanday kasalga uchramasin, onalarimiz, bor, Fotma xolaga chiqib kel, kinna solib qo‘ysin, deb qo‘limizga 20 tiyin berishar, Fotma xola lom-mim demas, xo‘mrayganicha kinna solar, bunday ho­latlarga tushganimda Fotma xolaning ko‘zlaridan ko‘z uzolmasdim, hech qanday ma’no-mazmunsiz, har qanday hayotiy orzu-havasu, zavq-shavqdan mosuvo, kekira-kekira pichirlab, irkit sochiqqa o‘ral­gan kosani boshim, kiftim, qornim ustida aylantirar, men esa tag‘in Fotma xolaning barmoqlariga termilib qolardim. Erkaklarnikiga o‘xshash qalin-qalin, zarang tayoqdek, kalta va chayir barmoqlar… Fotma xola o‘ziga to‘qroq katta xonadon oqsochi bo‘lgani bois ertayu kech tinim bilmasdi.
Onamizning barmoqlari ham shundan kam emasdi.
U paytlardagi mushtipar onalarning aziz bar­moqlari, kaftlari, yuz-chehra ajinlari bamisoli zamon mashaqqatlari, ro‘zg‘or uqubatlaridan hikoya qi­luvchi bitiklar, bayozlar, devonlar o‘rnini bosardi… Oila, ro‘zg‘or, bola-chaqa, qora qozon – shundan bo‘lak orzu-havasi, ko‘ngil shodligi bo‘lmagan u paytlardagi onajonlarimizning!.. Muhtarama volidalarimizga qay­­­tarolmagan qarzlarimiz alami, armoni, iztirob­lari yozishga undagandir, ehtimol?..

* * *

Dastlab e’lon qilingan mashqlarim… Yaxshisi, kundalikka murojaat qilaylik:
«1976 yil, 14-15 avgust. “Televizion miniatyuralar teatri”da “Sadqai usta” va “Jamuljam” deb nomlangan miniatyuralarim ko‘rsatildi. Unda mashhur qiziqchilar Hasan Yo‘ldoshev, Ergash Karimov, Sadr Ziyovuddinov va boshqalar ishtirok etishdi. Taniqli rejissyor Mirabbos Mirzaahmedov yordam berdi. Shuning o‘zi men uchun voqea edi!
1976 yil, 5 oktyabr. Bir yil burun “Birga ketdi” degan hikoya yozgandim. Uni “Fan va turmush” tahririyatidagi do‘stlarga o‘qish uchun berdim. Ma’­qullaganday bo‘lishdi. Sevinib, shirin xayol­lar og‘u­shida “Guliston” jurnaliga olib borishni mo‘l­jal­ladim.
1976 yil 6 oktyabr. Hikoyani “Guliston”ga olib bordim. Erkin A’zamov letuchkada ekan, xonasida qol­dirdim. Kunning ikkinchi yarmida qo‘ng‘iroq qildim. “Bir kelsangiz” dedi, gapni qisqa qilib. Gap ohangidan hikoya yoqmaganga o‘xshadi.
1976 yil 5 noyabr. “Guliston” jurnaliga bordim, Erkin A’zamovga uchrashdim. Hikoyaning asosiy maqsadiga xizmat qilmaydigan joylari ko‘pligini aytdi. “Fikrlar yalang‘och” dedi…»
Aytmoqchimanki, gazeta va jurnalda loaqal bitta hikoyam bosilarmikan, degan orzu tushlarimga kirib chiqardi. “Sharq yulduzi” jurnaliga ikkita hikoya berdim. Sal kam ikki yil qatnadim chog‘i! Bo‘lim mudiri Shukur Xolmirzayevning peshonasi tirishib-afti bujmayib ketadi deng, meni ko‘rgan zahoti. Ijodiy xodim Tursun Ibrohimov esa ipakday muloyim qarshi oladi, iltifot ko‘rsatadi va har safar, “Keyinroq xabar oling, uka, o‘qib qo‘yaman” deydi. O‘qimadi. Hikoyalarim tahririyatga yangi ishga kelgan Murod Muhammad Do‘st ixtiyoriga o‘tdi. Murod akadan umidim katta edi. Erinmadim, yangi kuch-g‘ayrat bilan Pushkin ko‘chasi 1-uyga bo‘zchining mokisidek borish-kelishni davom ettirdim. Biroq u kishidan ham hadeganda javob bo‘lavermadi va xayriyat, yorug‘ kunlarning birida ikkala hikoyamni qo‘limga tutqazib, uzil-kesil javobni aytdi: “Manavi hikoyangiz yaramaydi, jo‘ra, manavisini esa Amerikada chiqarsa bo‘lar, lekin bizda emas!”
Shu gapning o‘zidan quvonib ketdim. Keyin-ke­yin tushundim – akalar meni ayashgan, ko‘nglimni sindirmaslik uchun “Hikoyang bo‘lmaydi” degan gapni ochiq aytishni istashmagan… Tahririyatga tanda qo‘ygan kez­­larim qanchalar ranjigan bo‘lsam, keyinchalik o‘sha hikoyalarim haqiqatda ham xom ekanligiga iqror bo‘ldim. O‘sha ahvolda jurnalda bosilib ketmaganiga quvondim.
Dastlabki hikoyam “Fan va turmush” jurnalida, keyingisi “Guliston” jurnalida (Erkin A’zam tahririda) bosilgani og‘izga, e’tiborga tushgan. Hi­koyani qo‘ya turaylik, u paytlar to‘rt satr xabar-informatsiyangiz chiqsa, gazetxonlar nazaridan chetda qolmasdi, albatta fikr-mulohaza eshitar edingiz…
Birinchi kitobim – “Hovli etagidagi uy” teng­qur­larimga nisbatan xiyla kechroq chop etilgan. Ho­jiakbar Shayxov va Shavkat Turob muharrirligida chiqqan. Matbuotda munosabatlar bildirilgan.
Bir gapni aytish o‘rni kelib qoldi.
Birinchi kitobi erta chiqqan do‘stlarimizning – deyarli barchalarining ikkinchi kitobi muvaffaqiyat qozonmadi. Zavqi-shukuhi qanchalar yuqori bo‘lmasin, birinchi kitobni chop ettirishga oshiqmaslikning foydasi ko‘proq deb o‘ylayman. Chunki birinchi kitobning shon-sharafidan ko‘ra mas’uliyati og‘ir, eng yomoni – u boshlovchi ijodkorni, uning ixlosmandlarini chal­g‘itib qo‘yishi mumkin.

* * *

Toshkent shahri hozirgi Olmazor tumani 11-o‘rta maktabning boshlang‘ich sinfida harf o‘rgatgan Irisali Mirvaliyev, onadek mehridaryo sinf rah­barimiz Munira Zokirova, o‘ziga xos o‘qitish uslubiga ega Mahkam Rasulov siymolari hamisha ko‘z o‘ngimda. Eski shahardagi “Turon”, Chig‘atoy darvoza mavzesining ovloqqina go‘shasida joylashgan Hamza nomidagi kutubxonalarda kitobxonlarga beminnat xizmat qilgan opajonlarni, shuningdek, Eski shahar bozoriga kiraverishdagi 1-kitob do‘konida necha o‘n yillab ishlagan do‘kondor aka-opalarni qadrdonlarim kabi sog‘inaman. Yosh ijodkorlar, mux­­birlar to‘garaklarida rahbarlik qilgan Razzoq Abdurashidov, Fayzi Shohismoil, Mu­hammadjon Qo‘shoqov, oliy o‘quv dargohida G‘aybulla as-Salom, Najmiddin Komilov, Tal’at Solihov, “Fan va turmush” jurnali tahririyatida Yolqin To‘raqulov, Vosil Qobulov, Husniddin Nurmuhamedov, Komiljon Xolmuhamedov… nomlari tilga olingan ustozlarning har bir ibrati, o‘giti, maslahati alohida xotira, alohida saboqnoma bo‘lishga arziydi!
…Asqad Muxtor davri “Guliston”idan bo‘lim mudiri ustoz Mahmud Sa’diy akademik Vosil Qobulov bilan badiiy adabiyot, kitob mutolaasi mavzuida suhbat qilishni topshirdi. Domlaga ro‘para kelishga ikki-uch daf’a urindim hamki, u kishi suhbatni ortga suraverdilar. Kimsan, mashhur akademik, “Kibernetika” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining bosh direktori. Bo‘sh vaqt qayda, deng!..
Avvalgi ayrim tajribalardan kelib chiqib, savollarni yozdim, Vosil Qobulov nomidan javoblarni ham “qotirib” tashladim. Olib bordim. Qabulga kirdim.
– Keling, – dedi domla o‘tirgan joyida ko‘zoynak tepasidan menga hayron qarab.
– Suhbatni olib kelgandim…
– Qanday suhbat?.. – Savol qotdi domla va 8-10 varaq qog‘ozni olib bir zumda unga ko‘z yugurtirib chiq­di. – Qayerdan oldingiz mening gaplarimni?
– Yozdim… Vaqtingiz bo‘lmagani uchun…
Domla ikki qo‘llab qog‘ozlarni qo‘limga tutqazdi.
– Buni siz yozmadingiz, men ko‘rmadim. Qaytib hech qachon bunday ish qilmang, uka. Yakshanba kuni u­yimga borasiz, ikki soat ajrataman. Miriqib suh­bat­la­sha­miz…
…Qish kezlari edi, sal kam uch soat haroratli tanchaga oyoq suqib o‘tirib, suhbat qurdik. U jurnalda chop qilindi. Fikr-mulohaza aytgan Vosil Qobulov qancha olqish olgani menga qorong‘i, lekin suhbatga mirzalik qilgan kamina u kishidan kam tasanno eshitmadim…
“Yosh kuch” jurnali tahririyatida sal kam 10 yil Xudoyberdi To‘xtaboyev ustozlik qildilar, 20 yilga yaqin O‘tkir Hoshimov bilan yonma-yon yashadik, ishlashdik – xizmat yuzasidan respublikada bormagan jo­yimiz qolmadi hisob. So‘zga, kitobga, badiiy adabiyotga munosabat borasida o‘zimni Ibrohim G‘afurovga shogird hisoblayman. Muhtaram Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, Ibrohim G‘afurov ijodiy faoliyatini har jihatdan ma’naviy jasorat maqomiga loyiq ko‘raman. Qizig‘i, ustoz biror marta uni unday qilish kerak-buni bunday qilish kerak degan mazmunda nasihat qilmaganlar. Zero, Ibrohim G‘afurovning har bir maqolasi, har bir tarjimasi, har bir mansurasining o‘zi alohida saboq, alohida tarbiyaxona, alohida darsxona!..
Bir qancha muddat O‘zbekiston xalq yozuvchisi Temur Po‘latov ijodi ta’sirida yurganman. U orqali jahon adabiyoti tajribalarini chuqurroq o‘rganish istagi kuchaygan. Mashhur psixolog va ajoyib qalam sohibi professor Alisher Fayzullayev – Alisher Fayz bilan bo‘lgan azaliy do‘stligimiz mening ijodiy izlanishlarimda besamar ketmaganligi mu­qarrar.

* * *

Ushbu javoblarni yozish bahonasida sanadim – hozirga qadar 17ta kitobim jami 150 000 dan ko‘proq nusxada chop etilibdi. Ko‘pmi-ozmi yoki yetarlimi? Boriga shukur, basharti mening yozganlarimni o‘qish istagidagilar ko‘paysa, bosh ustiga, kitob nashr etish endilikda muammo bo‘lmay qoldi. Lekin muallif uchun nechog‘li maroqli bo‘lmasin, kitob adadining ko‘p-kamligi shartli bir tushunchaga aylanib qolmoqda. Ilk hikoyam bosilgan kezlarda “Fan va turmush” jurnali 500 000 nusxada chiqardi. Endilikda kitoblar asosan 2-5 ming nusxada tarqalmoqda. Lekin falon kitobni o‘qimoqchi edim, topolmayapman degan kitobxonni uchratganim yo‘q. Demak, hozirgi adad hozirgi ehtiyoj ko‘zgusi, binobarin, zo‘rma-zo‘raki adad ketidan quvish ma’qul ish emas.
Chop etilgan kitoblardan ko‘ngil to‘lganmi?.. Badiiy ijod mohiyatini bilgan-tushungan odamda bunday savol tug‘ilishi mumkin emas. Axir, badiiy ijod, avvalo ko‘ngil ishi, ko‘ngil izhori. Ko‘ngil uchun esa qoniqish, qanoatlanish tuyg‘usi begona. Shu paytgacha nimaiki yozgan va e’lon qilgan bo‘lsam, ko‘nglim to‘lgan, biroq hamma-hammasini bir boshdan qayta yozgim keladi. Ko‘nglim to‘lmagani uchun emas, o‘sha hikoya, o‘sha qissa yoki o‘sha romanni yozish asnosida ko‘nglimdan kechgan tuyg‘ular, holatlarni qo‘msaganim, yana o‘sha kayfiyat mavjlari quchog‘ida yashagim kelgani uchun. Bordiyu, tasavvur qilib bo‘lmas ushbu niyatim amalga oshgan taqdirda nima bo‘ladi?.. Yana barini qayta boshdan yozish istagi, orzusi dilimda tugun bo‘lib qolaveradi…

* * *

Alloh taolo adashtirmasin, fikri ojizimcha, odatda inson ikki palla – real olam va tasavvurlar olamida mavjuddir. Yer yuzida qancha inson hayot bo‘lsa, shuncha real va shuncha tasavvur – obrazlar silsilasi mavjuddir. Tasavvur olami zaiflashaversa, real olam kemtiklashadi. Faqat ijod ahli tufayligina odamlarning, xalqning, millatning tasavvur olami to‘yinib turadi. Tasavvur olami jo‘shib turgan xalqning g‘ururi baland, real olami to‘kis bo‘ladi. Mening nazarimda, tasavvurimda noreal qatlam ham REAL! Shomirza Turdimov tadqiq qilayotgan miflarning bari, Jabbor Eshonqul kashf etayotgan tushlarning bari, Alisher Mirzo yaratgan ranglar simfoniyasi, Sulton Alining ohanglari, Ahmad A’zamning “Ro‘yo”si ham – REAL! Ushbu REALlarsiz real hayot o‘ta g‘arib, jo‘n va siyqalashib ketgan bo‘lur edi.
Takror ta’kidlashga izn bersangiz – badiiy adabiyot o‘zi topgan, kashf etgan, yaratgan norealliklari, g‘ayrirealliklari bilan hayot realligini mudom ma’no-mazmunga to‘ldirib turadi, uni shakllantiradi, rivojlantiradi. Ijod (jumladan, adabiyot) ahliga bu qobiliyatni Allohning o‘zi in’om etadi, zero uni hech bir fir’avn kuch to‘xtatolmaydi, yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lolmaydi. “Pushkinsiz Rossiya – Rossiya emas” deb faryod chekib yuborgan Nikolay Gogol. Bu – adabiyotsiz, badiiyatsiz Rossiya yo‘q, rus jamiyati – rus xalqi yo‘q, degani edi!
Adabiyotning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini keng omma ongiga bot-bot va teran singdirib borish – jamiyat haqida qayg‘urish demakdir.

* * *

Nazarimda mumtoz badiiy tafakkur an’analari zamonaviy ijodkorlarimiz ijodida to‘laqonli an’anaga aylanganicha yo‘q. Mantiqan olganda, har qanday jarayon zamirida muayyan an’ana – ko‘nikma, qat’iy tizim, uzviylik, davomiylik, vorisiylik sin­gari omillar yotadi. Bu – aksioma. Yangilik yaratishning ushbu yo‘nalishini hech kim inkor qilolmaydi ham. Biroq, boshqa bir aksioma ham borki, u, “A, men-chi?!” deb ko‘zini o‘ynatib turadi. Bu aksioma – badiiy tafakkurning, ayni vaqtda, g‘ayrimantiqiy, g‘ayrian’anaviy hodisa, bo‘ysunmas, dalli-devona, jununvash, alomatdan-alomat allanima ekanligida! Yangilik yaratishning mazkur ikkinchi yo‘nalishi uchun ham qalb-shuur darvozalarimiz ochiq bo‘lmog‘i zarur aslida. Bizda esa ahvol… birinchisida, ancha-muncha kemtiklik kuzatilsa, ikkinchisida – torlik, biqiqlik, bepisandlik, bexabarlik hukmron. Oqibati, natijasi esa hammaga kundek ayon.
Yaratilayotgan yangi-yangi asarlarimizni zinhor e’tibordan chetda qoldirmaymiz albatta, ularning boriga shukur. Lekin adabiyot shukrona maydoni emas. Shukrona adabiyot – turgan joyida depsinayotgan, chekinayotgan adabiyotdir.
Bir so‘z bilan aytganda, an’analarni rivojlantirgan holda, unga muttasil yangi-yangi hayotbaxsh kurtak­larni payvand qilish yo‘llarini topish, kashf etish juda-juda zarur. Yakka holda olsak, hech bir ijodkor boshqasiga o‘xshamaydi, lekin umumlashtirib qaralsa, birxillik, birtuslik barq urib turadi. Silliq, ravon – yod bo‘lib ketgan siyqa mezon. Fav­qulodda adabiyot esa silliq va ravon yo‘llarni chetlab o‘tgan sertikan va toshloq so‘qmoqlarda yaratiladi, mezonlar buzilgan go‘shalarda dunyoga keladi. 2012 yilda Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan “Musallas saltanati” fikrimizga yorqin misol bo‘la oladi. Roman bilan bog‘liq munozarali qarashlar, munosabatlar mavjudligi alohida mavzu, ammo-lekin Mo Yan bir necha ming yillik xitoy adabiyoti an’analari va voqeligida shakllangan, e’tirof etilgan o‘lchov va mezonlar ruhiga zid yo‘lni tanladi. Tavakkal qilishdan, adabiy tajribaga qo‘l urishdan hayiqmadi. E’tirozlardan, hatto bolalab ketishi muqarrar bo‘lgan ta’na-dashnomlardan cho‘chimadi.
Xalqimiz va yurtimiz o‘tmishida bashariyatni hay­ratga soladigan ibratli voqea-hodisalarimiz oz emas. Ulardan istagancha mag‘rurlanaylik, shu bi­lan bir vaqtda tariximizning hech bir zafarli sa­hifalarida tinimsiz kurashlar, ziddiyatu qonli to‘q­nashuvlar – hayot dramalari, inson tragediyalari chetlab o‘tilmaganini ham unutmasligimiz kerak. Hay­­ratga solish, qiziqtirish vositasi-la dovrug‘ qo­zonishni kamsitmagan holda, dunyo kishilarini o‘y­lantirib qo‘yish vositasi-la e’tirofga sazovor bo‘­lishning qimmati, ta’siri yuqoriroq deb o‘ylayman.

* * *

Adabiyotni yanada rivojlantirish uchun avvalo, ijodiy muhit iqlimini muttasil yaxshilash yo‘llarini izlamoq kerak. Globallashuv davri adabiy muhiti esa davr va zamonga yarasha bo‘lmog‘i zarur. Misol uchun uyushmamizda jahon adabiyotining nomdor adib va shoirlari, zukko adabiyotshunos-nafosatshunoslari ishtirokida anjumanlar, uchrashuv va muloqotlar tashkil etilsa koni foyda emasmi?! Jahon badiiy tafakkuriga integratsiyalashish orzusidagi milliy adabiyot uchun ayni muddao emasmi bunday tadbirlar?..
Ijodkor, jumladan shoir va yozuvchi jamiyatning ilg‘or ziyolisi, o‘z o‘rni, nuqtai nazari va so‘ziga ega shaxsi darajasiga ko‘tarilmog‘i nihoyatda ahamiyatli. Shakllangan va qon-qonimizga singib ketgan steriotiplarning hatto yaxshilaridan ham – agar ular badiiy tafakkur parvoziga to‘g‘anoq bo‘lsa – kechmoqqa odatlanmoq kerak vaqti-vaqti bilan. Adabiyotning ijtimoiy ahamiyatini kamsitmaymiz albatta, lekin bu ahamiyatni shior qilib olib, badiiyatni na­sihatbozlik, o‘gitbozlik darajasiga tushirib qo‘y­maslik kerak. Yozuvchisi nasihatboz bo‘lgan omma na­­sihattalab kitobxonga aylana boradi, buning oqi­batida adabiyot yutqazadi. Emin-erkinlik kengliklarida qanot qoqib parvoz qilayotgan badiiy tafakkur esa pirovardida kitobxonni ham emin-erkin fikr­lashga o‘rgatadi, dun­yoning barcha shodumonliklaridan bahra olib yashashga odatlantiradi.

* * *

Oilamiz ixcham – umr yo‘ldoshim Feruzaxon (ing­liz tili mutaxassisi) bilan bir qiz-bir o‘g‘ilni voya­ga yetkazdik. Har ikkovi ham oliy ma’lumot olishdi, ibratli oila qurishdi, bizga besh nafar suyukli nevara hadya etishdi (hozircha). Umri, baxti, iqboli, iymoni butun bo‘lsin deya duo qilamiz barchalarini. Yoshlarimizning dunyoqarashlari, tafakkur tarzlari mutlaqo o‘zgarib ketmoqda. Otalar va bolalar, avlodlar orasidagi muammo nafaqat tashvishli, balki har qachongidan xatarli, qaltis tus olmoqda. Yuqorida aytdim – bolalik chog‘lari yuz beradigan turfa ziddiyatlarga faol aralashuvdan ko‘ra ularni zimdan kuzatish, tahlil qilish va xulosa chiqarish bilan mashg‘ul bo‘lganman. Chunki u paytda katta oilaning kenja farzandi edim. Endi esa hayotda yuz berayotgan evrilishlarni oilaning to‘ng‘ichi – otasi sifatida anglab yetishga, tahlil qilishga va xulosalarni farzandlarga uqtirishga harakat qilaman.

«Yoshlik» jurnali, 2015 yil, 1-son.