Jan Pol Sartr

Jan Pol Sartr. Yozuvchi, faylasuf, dramaturg. XX asr jahon adabiyoti va falsafasining yirik vakili, ekzistentsializm nazariyotchisi va dohiysi. 1964 yili Nobel mukofoti bilan taqdirlangan, ammo bu mukofotda siyosiy manfaatlar mavjud deya voz kechgan.

«Bu davrda bironta frantsuz intellekti unga bas kelolmasdi. Mahsuldorlik borasida yozuvchilar ham, faylasuflar ham uning soyasida qolib ketgandi. XX asr Sartr shaxsi bilan faqat o‘tgan asrdagi Viktor Gyugo shaxsinigina qiyoslash mumkin».

Mishel Vinoka, san’atshunos-tarixchi

Jan Pol Sharl Emar Sartr 1905 yili harbiy dengiz injeneri oilasida dunyoga keldi. Onasi Anna-Mariya Shveytsar taniqli faylasuf, bastakor va mashhur vrach, 1952 yili tinchlik sohasidagi xizmatlari uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Alber Shveytsar bilan amakivachcha edi. Bola 15 oylik bo‘lganda otasi vafot etdi. Sartr bobosi Sharl Shveytsar va tog‘asi xonadonida tarbiyalandi. Adib o‘zining tarjimai holi aks etgan «So‘z» romanida bolaligi kitoblar va ziyolilar orasida o‘tganiga alohida to‘xtalib: «…bu xonadonda va bunaqa kitoblar orasida oddiy odam bo‘lish sharmandalik edi», – deb eslaydi. Bobosi nabirasini juda yaxshi ko‘rar, kelajakda uning ulug‘ odam bo‘lishini bashorat qilar, buning uchun barcha sharoitni yaratib bergandi. «So‘z» romanida: «…o‘zimdan ko‘ra yaqinlarim mening taniqli odam bo‘lishimni istashar va shunga harakat qilishardi. Aslida, men hech narsa qilganim yo‘q, faqat ular ko‘rsatgan yo‘lni tanladim va ular ko‘rsatgan yulduzga qarab uchdim», – deydi hazil va istehzo aralash. Sakkiz yoshida o‘sha davrning sargu­zasht kitoblari ta’sirida o‘rta asr mushketyorlarining qahramonligiga oid birinchi romanini yozdi. Bu roman bolalarcha yozilgandi, oila davrasida zavqu shavq bilan o‘qiladi. Roman Sartrning xotirasidan boshqa hech qayerda saqlanib qolmagan. Adib: «Men kitob­lar orasida tug‘ildim va kitoblar orasida o‘lsam kerak», – degandi o‘zining bolaligini eslab. Ziyoli bobosi va mashhur tog‘asi ishtirokida bo‘ladigan suhbatlar, munozaralar, bahslar yosh Sartrning didi, saviyasi va qarashlarini tarbiyaladi, hatto aytish mumkinki, kelajakda XX asrning eng murosasiz fikr, munozara kishisi bo‘lishiga turtki berdi. Aynan uylarida bo‘lgan bahslardagi mavzular keyinchalik Sartrning butun dunyo bilan muhokama qiladigan falsafiy-nazariy manbalariga aylandi.

Sartr eng yaxshi kollejda, eng nufuzli universitetda ta’lim oldi, falsafa bo‘yicha dissertatsiya yoqladi. Keyin nemis falsafa maktabi bilan yaqindan tanishish uchun Berlinda malaka oshirdi. O‘z davrining falsafiy-nazariy masalalariga sho‘ng‘ib ketdi. Shu yillardan adabiyot bilan jiddiy shug‘ullana boshladi. Uning birinchi jiddiy adabiy asari «Behuzurlik» romani edi. «Behuzurlik» – syujetsiz, fabulasiz asar. Bu roman kundaliklar shaklida Rokanten degan shaxsning kechinmalari va hissiyotlaridan iborat. Rokanten har bir narsaga, har bir voqea­ga, atrof-muhitga o‘zida behuzurlik hissini tuyadi. Nimaga qarasa, kim bilan munosabat qilsa, oddiy toshni suvga otsa ham, unda shu narsalarga nisbatan behuzurlik paydo bo‘ladi. O‘zining kimligini, nima uchun yashayotganini, nimaga intilayotganini bilmaydi, u maqsadsiz va maslaksiz odam. Roman narsalarga, jismlarga, munosabatlarga, odamlarga, atrof-muhitga o‘zini qarama-qarshi qo‘ygan, dunyo bilan yuzma-yuz turgan va dunyoni tan olmayotgan, unga nisbatan o‘zida ko‘ngil aynishini his qilayotgan, maqsad va maslakdan xoli, muqaddas tushunchalarni tan olmaydigan kishi, to‘g‘rirog‘i, ekzistentsialist shaxs haqida. Bosh­qacha aytganda, bu obraz to‘liq ma’noda arosatdagi odam. U ezgulik bilan yovuzlikni farqlamaydi, bu tushunchalarga ham javobi, ko‘ngil aynishi bor. Rokanten obrazi Ikkinchi jahon urushi arafasidagi G‘arb ziyolisining botiniy qiyofasini aks ettirgan. Bosh qahramon xatti-harakati, gaplari, dunyoqarashi badiiy asardan ko‘ra falsafiy-psixologik tajribalarga o‘xshaydi. Rokanten o‘zining mavjudligini izlab topolmaydi, oxir-oqibat roman so‘ngida u asar yozishga kirishadi va ijod mavjudlikni isbotlaydigan eng yaxshi vosita ekanini tan oladi hamda ijodga sho‘ng‘iydi. Garchi bosh qahramon xulosasi ijodni mavjudlikni isbotlaydigan birdan-bir vosita deb biladigan o‘zining qarashlariga to‘g‘ri kelsa ham, Alber Kamyu bu romanni sun’iylikda, ekzistentsialistik nazariyani o‘ta yasama usulda atayin badiiyatga zo‘rlab tiqishtirishda aybladi.

Garchi munosabat va xulosalarda har xillik bo‘lsa-da, Kamyu va Sartrning hayotga, olamga, odamga qarashlari juda yaqin edi. Absurd ijod, absurd odam, absurd sharoit, insonning absurdni, ya’ni azaliy va abadiy ma’nisizlikni yengish usullari, ozodlik, erkinlik, mavjudlikni isbotlashga oid tushunchalari har ikkalasini bir-biriga yaqinlashtiradi. Ayni shu sabablarga ko‘ra ular ma’lum muddat bir maslak va bir ta’limot tarafdorlari sifatida maslakdosh bo‘ldilar.

Jan Pol Sartrning faqat ijodi emas, hayoti va fuqaro, inson sifatidagi faoliyati ham hech bir qolipga solib bo‘lmas darajada murakkab, qarama-qarshi, rang-barangdir. Uning nomi XX asr adabiy-falsafiy islohotchilari (isyonchilari) ro‘yxatining boshida turadi. U hayotligi davrida hech bir adabiy usul bilan murosa qilmadi, hech qaysi qarashni o‘zining bosh maslagi deb bilmadi. Har qanday usul va fikr betinim yangilanishda, o‘sishda, har qanday qarash nisbiy va bir yoqlama deb hisobladi. Shu sababli u fikr bildirmagan, e’tiroz qilmagan, yangilashni, zamonga moslashni istamagan falsafiy qarashning o‘zi yo‘q edi. Xuddi Kamyu kabi adabiyotni falsafiy qarashlar maydoni deb bilardi. Shu sababli uning adabiy asarlaridagi obrazlar adabiy qahramondan ko‘ra falsafiy tushunchalar va qarashlarning majozi edi. «So‘z» romanidan tashqari hikoyalariyu pesalari, mashhur «Behuzurlik» romanidagi obrazlar ham hayotdan olingan qahramonlar emas, o‘zlarida falsafiy timsollarni aks ettiradi. Bu asarlarda adabiy maqsaddan ko‘ra falsafiy maqsad birinchi o‘ringa chiqadi, obrazlar hayotdagidek emas, yozuvchi falsafiy kontseptsiyasiga ko‘ra harakat qiladi, gapiradi va munosabat bildiradi. Ayni shu sabablar Sartr asarlarini keng o‘quvchilar ommasi qabul qilolmasligiga olib keldi. Zero, adibning o‘zi hayotni va inson taqdirini hikmat, falsafa deb tushunardi, shu bois hayotning har qanday vaziyatidan, lahzasidan hikmat va falsafa izlab ko‘rar, har qanday holat va gap falsafadir deb hisoblardi. Sartr uchun falsafa inson hayotini tahlil qiladigan butun boshli manba edi. U hayotga va adabiy obrazlarga hayot deb emas, falsafa deb qarardi. Inson uning uchun qarashlar va g‘oyalar «loyihasi» edi. Inson taqdirni peshona bitigi deb emas, «loyiha» deya anglasagina o‘zining mavjudligini isbotlashga kirishadi. Chunki insonda ana shu loyihani amalga oshirishdek mas’uliyat turibdi. «Loyiha»ni qay tarzda amalga oshirganiga qarab uning mavjud yoki mavjud emasligi haqida xulosaga kelish mumkin. Biroq «loyiha»ni amalga oshirishni odam emas, vaziyat hal qiladi. Agar odam amalga oshirish mumkin bo‘lmagan loyihaga berilib uni ro‘yobga chiqarolmasa, demak, u vaziyatga to‘la baho berolmagan. Loyiha vaziyatdan va holatdan kelib chiqib oldindan o‘zini yaratish va unga intilish degani. Odam o‘z kuchi va tanasi bilan yuqori tezlikda kelayotgan mashinani to‘xtatib qolishni loyihalashtirsa, bu g‘irt ahmoqlik va vaziyatni bilmaslik bo‘ladi. Sartr nazarda tutgan loyihani tushunishning va tasavvur qilishning eng qulay usuli bolalik orzusidir. Agar bola yoshligidan o‘zi orzu qilganday kishi bo‘lishga urinsa va shunday kishi bo‘lib yetishsa, demak, u o‘z hayotini o‘zi qurgan bo‘ladi. Ichki manzara to‘liq ma’noda tashqi manzaraning in’ikosidir. Tashqari ichkarida o‘z in’kosini, demak, o‘zini yaratadi. Sartr esa odamning o‘zi in’ikoschiga aylanishini, o‘zini o‘zi in’ikos etishini istaydi. Boshqacha aytganda, odamning ichkarisi yaratilganni qabul qiluvchidan yaratuvchining o‘ziga aylanishi kerak. Insonning ongi bugunni emas, ertaning loyihasini ham o‘zida aks ettirish imkoniga ega, aynan shu jihati bilan kelajakni o‘z xohishiga ko‘ra yaratish huquqi bor. Bizning ichkarimizni yaratayotganlar bizda hurmat va mutelik uyg‘otadi. O‘zgalar tomonidan yaratilishimizda va shakllanishimizda barcha mas’uliyat ichkarimizni yaratayotganlar zimmasiga tushadi. Biz o‘zimizni o‘zimiz yarata boshlasakkina o‘zimizni o‘zimiz hurmat qila boshlaymiz. O‘zimizni o‘zimiz yarata boshlashimiz bilan o‘zimiz va kelajak oldida javobgarlik zimmamizga tushadi. Inson ozod bo‘lib tug‘ilgan va ozod bo‘lib yashashi shart. Undan bu huquqni olib qo‘yishga hech kimning, hech qanday g‘oyaning, mafkuraning haqqi yo‘q. Insonning ozodlikni tanlash huquqi barcha ijtimoiy masalalar ibtidosidir. Qolgan barcha masalalar ana shu masalaning yechilishiga qarab xulosa qilinadi. Insonda ozodlikni tanlash huquqi yo‘q ekan, uning boshqa huquqlari, umuman, boshqa munosabatlar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Sartr: «Inson ozod bo‘lishga mahkumdir», – deb tushuntiradi. Insonning mohiyati va shu paytgacha sodir etilgan barcha ijtimoiy harakatlar uning aynan ozodlikka mahkumligini tasdiqlaydi. Gap ozodlik ruhi haqida emas, ozodlikni tanlash huquqi haqida ketyapti deydi Sartr. Chunki inson ozodlikni tanlaydimi, mahkumliknimi, bu uning huquqi, uning qarori. Qaroriga qarab biz uning kimligiga baho bera olamiz. Aynan shuning uchun inson o‘zining xatti-harakatiga to‘liq mas’ul va javobgardir. Qaysi yo‘lni tanlashi uning individ sifatidagi qiyofasini ochib beradi, uning kelajagini belgilaydi. Sartr «Ekzis­tentsializm – bu insonparvarlik degani» nomli asarida: «Bugungi inson kelajakning loyihasi degani», – deb xulosa qiladi. Ayni shu qarashdan kelib chiqilsa, inson o‘ziga o‘zi kelajakdir. Uning ayni paytdagi tanlashi uning kelajagini belgilaydi. Demak, inson tanlash paytida o‘zining kelajagini ham tanlayotgan bo‘ladi. Chunki tanlash kelajak degani. Tanlash uchun esa insonga ong va bilim kerak bo‘ladi. Anglab tanlanmagan har qanday «men» bo‘shliqdir. Insondagi yolg‘iz «men»ning o‘zida hech qanday mohiyat, ma’no yo‘q. Ma’no uning anglashida, uning tanlanishida. Ang­langan holda tanlangan yo‘l insonga to‘la ma’noda mazmun bag‘ishlaydi. Anglab tanlangan «men» dunyoni o‘zgartira oladi va unga mohiyat-ma’no bag‘ishlaydi. Anglanmagan «men» hayvoniy instinktdan o‘zga narsa emas. Anglab tanlangan «men» tanlash huquqi orqali, tanlash tarozusi orqali o‘lchab xulosa qilingan «men»dir. Demak, bunday «men» dunyoni o‘zgartirishga, uni o‘zining tanloviga qarab yangilashga, bo‘ysundirishga, unga aql va tafakkur ruhini bag‘ishlashga, mazmun kiritishga qodir. Ekzistentsiya doimiy harakat, muntazam intilish, o‘zini yangilab, jimlikni, sokinlikni, turg‘unlikni buzib turish, mavjudlikni har soniyada isbotlash degani. Sartrga ko‘ra, dunyo o‘z holicha mazmunsiz, turg‘un, faqat kishi faoliyatigina unga mazmun, harakat bag‘ishlay oladi. Inson tanlash huquqi bilan o‘z hayotiga mazmun kirita biladi. Ozodlikni tanlash huquqi Sartr falsafasining bosh mezoni sanaladi.

Adibning qadim yunon asotiri asosida yaratilgan «Chivinlar» dramasi qahramoni Orest Zevsga bo‘ysunishni istamaydi, mavjud an’analar va axloqqa ko‘ra tavba qilmasdan, o‘z yo‘lini tanlaydi hamda mavjud urf-odat, inonch tufayli shaharni egallab olgan jahannam nolasidan shaharni qutqaradi. U taqdirga yoki an’anaga bo‘ysunib emas, ozodlik yo‘lini tanlab shu xulosaga keladi. Drama mohiyatidagi ozodlikka undovni sezib qolgan nemis hukumati bu asarni taqiqlab qo‘ydi.

«Devor» hikoyasida ham mahkum qahramon do‘stlarini sotmaslik uchun, odatda, ular yig‘ilib turadigan joyni emas, balki esiga tushgan bir chetdagi mozoris­tonni aytadi. Shu yo‘l bilan do‘stlarini qutqarib qolmoqchi bo‘ladi. Ta’qibchilar u aytgan mozoris­tonga borishsa, uning maslakdosh do‘stlarini o‘sha yerdan topishadi va ushlab kelishadi. Beayb aybdor bo‘lgan qahramon holati Sartrning falsafiy tahlili uchun katta material beradi. Bu qahramon ozodlik va mahkumlik devori yonida turgan qahramondir. Uning beayb aybdorligi orqali adib butun insoniyatning gunoh va savob haqidagi qarashlarini timsollashtirmoqchi bo‘ladi. Qahramon ozod bo‘lish uchun eng bezarar yo‘lni tanladi. Ammo bu yo‘lda ham u aybdor bo‘lib qoldi. Bu yerda muhimi aybdor bo‘lib qolishi emas, uning ozod bo‘lish yo‘lini tanlaganidir. Inson ozodlikka intilar ekan, har qanday holatda ham yo u, yo bu jihatdan aybdor sanaladi. Chunki, Sartrning qarashi bo‘yicha, mavjud axloq, an’ana, odat va e’tiqodlar insonni aybdor qilish uchun, mahkum etish uchun yaratilgan va insonning ozodlikka intilishini gunoh sifatida qabul qilaveradi. Inson bu axloqqa zid nima qilmasin, baribir, gunohkor bo‘laveradi. Hayotning absurdligi ham shunda. Mahkumning ozodlikka erishish yo‘lini tanlashining o‘zi Sartr uchun eng muhim va birlamchi masala. O‘z davrida Kamyu bu hikoyani ham: «Insonni boshi berk ko‘chaga kirib qolgan holatda tasvirlagan Sartr falsafasiga xos hikoya», – deb tanqid ostiga olgandi.

Umuman, Sartrning barcha asarlari hayot va inson tahlilidan ko‘ra badiiylashgan ekzistentsialistik tadqiqotlarga yaqin turadi. Aynan shu sababli ham Nabokov Sartr yozuvchi sifatida emas, faylasuf sifatida katta shaxs deb baholaydi. Faylasuf Xaydegger esa uni ko‘proq yozuvchi sifatida o‘rganish kerak deydi.

Sartr tom ma’noda san’at, adabiyot, tafakkur islohotchisi edi. U mavjud barcha narsaga isloh ko‘zi bilan qarar, o‘zgarmaydigan, qotib qolgan har qanday narsa unda murosasizlik uyg‘otar, inson dunyoga keldimi, o‘z taqdirini, dunyoni o‘zgartirishga mahkum, kimki bu vazifani bajara olmasa, u taraqqiyot dushmani deb hisoblardi. U o‘z opponentlariga nisbatan ayovsiz edi. Islohchilik, dunyodan qoniqmaslik kayfiyati uni yanglish, adash yo‘llarga ham olib kirib ketardi. Bir muddat ashaddiy stalinchi bo‘ldi, keyin sho‘rolar tuzumining asl basharasidan xabar topgach uning murosasiz dushmaniga aylandi. Fashistlarga qarshi Frantsiya qarshilik harakatining faol a’zosi bo‘ldi, bu harakatning keng yoyilishiga hissa qo‘shdi, biroq urushdan keyin harakat rahbarlarining ayovsiz fosh qiluvchisiga aylandi. Kubani va Fidel Kastroni yoqlab maqolalar yozdi, biroq keyinchalik Kastro rejimi shoir Padilyani qamoqqa olgach, Kastroni ayblovchi maqolalar bilan chiqdi. Frantsiyaning Jazoirdagi militaristik siyosatini qoraladi, miliy-ozodlik harakatini qo‘llab-quvvatladi, Vetnamga qarshi boshlangan AQSh va Frantsiya urushini bosqinchilik urushi sifatida baholadi, ziyolilarni bu urushga qarshi kurashishga chaqirdi. Adib hayoti davomida zulm va zo‘rlikka, insonni xo‘rlovchi tartiblarga, tuzumlarga, qonunlar va ta’limotlarga qarshi o‘z ijodi bilan, amaliy harakatlari bilan betinim kurash olib bordi, falsafiy ta’limotining bosh g‘oyasi bo‘lgan inson ozodligi va hurligini ulug‘ladi, zamondoshlarini shaxsiy va milliy xudbinlik, manfaatlar qurboni bo‘lib qolishdan saqlanishga chaqirdi. Inson, kim va qaysi millatga, irqqa mansub­ligidan qat’i nazar, ozod yashashga haqli ekanini, bu huquqni olib qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘qligini ta’kidlab o‘tdi.

Uning o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilish, «o‘zining mavjudligi»ni namoyon etish, o‘z davrining tafakkur tarzini o‘zgartirish, borliqqa va hayotga qarashlarini bayon qilish uchun yozgan, mashaqqatli mehnatidan paydo bo‘lgan ijod mahsullari har qanday katta aql egasini hayratga soladi. Undan 7000 sahifadan iborat «Borliq va yo‘qlik», 2000 sahifalik sof adabiy romanlar, 1300 betlik dialektik tafakkur tanqidiga bag‘ishlangan asarlar, 3000 betlik Flober hayotiga bag‘ishlangan tadqiqot, kinostsenariylar, «Ozodlik yo‘li» nomli roman-trilogiya, 6 ta pesa, Bodler hayo­tiga oid asardan iborat ulkan hajmdagi intellektual meros qoldi.

Sartr bir umr har kuni 6 soatdan yozish bilan shug‘ullanardi. Keksarib qolganda bu maromni ushlab qolishga qurbi yetmasligini anglab adabiyotdan ketganini ham e’lon qildi, ammo baribir ijoddan, fikrdan to‘xtamadi. Ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolganda u: «Men zulmatda ham yozaveraman!» – dedi, haqiqatan ham fikr va munosabat bildirishdan to‘xtamadi: o‘zini zulmatga mahkum etgan taqdirga o‘z mavjudligini shu usulda bildirar edi. Xotini unga tovush chiqarib o‘qib berar, Sartr esa zulmatga g‘arq holatida ham dunyo­dagi, san’atdagi o‘zgarishlarga o‘z munosabatini bildirib turardi. Sartr umrining oxirigacha insonning taqdiriga o‘zi xo‘ja­yinligi va har kim o‘z taqdirini o‘zi yaratishi shartligi haqidagi hikmat bilan yashadi, shu hikmatni hayoti davomida isbotladi. Bu hikmat badiiy va falsafiy asarlarining bosh g‘oyasi, leytmotivi edi.

Sartr asarlari, qahramonlari taqdiri va dunyosi, u yaratgan ta’limot bir narsani isbotladi: inson Yaratgandan uzoqlashgani sayin o‘zini ma’nisizlashtirib boradi va olam, shu olamga taalluqli bo‘lgan barcha narsa bilan uning ko‘nglidagi va shuuridagi aloqa, rishta uziladi, hayotning, borliqning, tiriklikning mohiyati qolmaydi. Sartr qahramonlariga zo‘r berib o‘z falsafasini, qarashlarini tiqishtirdi, shu bilan o‘z davrining falsafasini yaratgan esa-da, uning qahramonlari hayotdan uzilgan va botiniiy mohiyatlari boy berilgan shaxslar. Ularning eng katta fojiasi Yaratgan va bani olam uyg‘unligini tan olmaganliklarida. «Behuzurlik», «Ozodlik yo‘llari» (garchi trilogiyada Frantsiyaning fashistlar bosqini arafasidagi hayoti, frantsuz qarshilik harakatining ozodlik uchun kurashi mavjud bo‘lsa-da, asar frantsuz xalqining ozodlik harakatidan ko‘ra Sartr ta’limotida targ‘ib qilingan shaxs ozodligi asarning bosh liniyasini tashkil qiladi. Oldingi romani kabi bu asar qahramoni Matening hayoti va qarashlari xuddi muallifniki kabi boshi berk ko‘chaga kirib qoladi, bu qahramonlar hayotiy harakatdan mosuvo obrazlarga aylanadi: adib bu asarida yozuvchi sifatida to‘liq yengiladi), «Devor», «Gerostrat», «Yotoq», «Dohiyning yoshligi» asarlari bu fikrni to‘liq tasdiqlaydi.

Jon Pol Sartr san’at va tafakkur tarixida juda kamdan-kam intellektlarga nasib bo‘lgan qismatga ega edi. Adib fe’l-atvori, tabiatiga ko‘ra hayotida bironta odam bilan besh-olti yildan ortiq yaqin bo‘lgan emas. Har qanday odamni uning o‘tkir idroki fosh qilib qo‘yar yoki o‘sha odamning o‘zi Sartrning o‘zgaruvchan tafakkur tarziga dosh berolmasdi. Biroq hayotga va olamga munosabati ham o‘ziga o‘xshab ketadigan rafiqasi, hammaslagi, ijoddagi do‘sti va qo‘llovchisi adiba va faylasuf Simon de Bovuar bilan ellik yildan oshiq birga yashadi, birga ijod qildi, asarlari bilan o‘z davri tafakkurini birga o‘zgartirishdi.

Lekin baribir yangi davr uni esdan chiqardi. U uzoq yillar matbuotda ham, adabiyotda ham ko‘rinmadi. Sartr dunyo o‘zini unutdi degan xulosaga keldi. 1980 yili buyuk fikr va san’at islohotchisi Sartr vafot etdi. U o‘zini unutgan dunyoda ortiqcha hashamni xohlamadi, o‘zini kamtar va kamsuqum qilib ko‘mish­larini, marosim ishtirokchilari bir nechta kishidan oshmasligini vasiyat qildi. Ammo dafn marosimida ko‘chalar odamlar bilan to‘lib ketdi. Frantsiya, Parij uni unutmagandi. Gazetalar davrning so‘nggi ijodkor-inqilobchisini oxirgi yo‘lga kuzatish uchun 50 ming odam ishtirok etganini yozdi. «Mond» gazetasi uning o‘limi munosabati bilan e’lon qilgan bosh maqolasida: «…XX asrda bironta shaxs, bironta Nobel mukofoti sohibi frantsuz ijtimoiy tafakkuriga Sartrchalik uzoq va chuqur ta’sir qilgan emas», – deb yozdi. Faylasuf Lui Altyusser esa Sartrning hayoti va faoliyatiga: «U davrimizning Jan Jak Russosi edi», – deya baho berdi.

Nazar Eshonqul