Homidjon Homidiy. Odamlar qalbining charog‘i bilim

Asarlari asrlar osha barhayot yashab kelayotgan shoir Abu Abdulloh Rudakiy Sharqning benazir buyuklari qatorida turadi.

Bo‘lajak daho san’atkor Abu Abdulloh Ja’far binni Muhammad binni Abdurahmon Odam 858 yilda qadimiy Panjakentning Panjrudak qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Dastlabki ta’limni oila muhitida olgan Ja’far Samarqand madrasalarida tahsil ko‘rib, zamonasidagi barcha bilimlarni puxta egallaydi, Qur’on hofizi darajasiga yetadi; xalq she’riyati, qo‘shiqlarini sevib kuylab yuradi; mashhur mashshoq va badihago‘y Abu Abbos Baxtiyordan musiqa ilmini o‘rganadi; barbat, rud, ud, chang, qonun asboblarini chalishda shuhrat qozonadi, musiqalarga o‘zi she’rlar bitadi; ularda “Rudakiy” taxallusini qo‘llaydi.

Arablar istilosi tugatilib, markazlashgan davlat barpo etilgach, Xurosonu Movarounnahrda ilm-fan, madaniyat, adabiy hayot, hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlanadi. Ayniqsa, davlatning qudrati Amir Nasr II Somoniy (914–943) davrida yanada oshadi. U shaharu qishloqlardan, uzoq-yaqindan ahli hunar, ilm-adab ahlini poytaxt Buxoroga to‘playdi va ularning faoliyati uchun sharoit tug‘dirib beradi, homiylik qiladi. She’riyat va musiqada shuhrati oshgan Rudakiy ham saroyga olinadi va “Malikush-shuaro” etib tayinlanadi. Natijada shoir butunlay ijodga sho‘ng‘ib ketadi: qasidalar, g‘azallar, ruboiy, qit’a, dostonlar yaratadi. Uning obro‘si ortib, boyligi oshib boradi. Bu xususda mashhur tarixchi va adabiyotshunos Muhammad Avfiy “Lubob ul-albob” tazkirasida quyidagilarni yozgan. “…Rudakiy usta cholg‘uchi bo‘lib yetishgach, uning ovozasi butun dunyoga yoyildi. Xuroson amiri Nasr binni Ahmad Somoniy uni yaqin kishilari qatoriga qo‘shgach, u yuqorilab ketdi, boyligi esa haddan tashqari ko‘paydi… Undan keyingi shoirlar orasida hech kimga bunday boylik nasib etmadi va hech kim uningdek baxt egasi bo‘lolmadi”.

Haqiqatda ham Rudakiy Somoniy amirlarining eng “yaqin nadimi” (Avfiy) sifatida xushxon hofiz, mohir mashshoq, mohir shoir sifatida beqiyos obro‘ga ega edi. Somoniy amirlarning barcha safarlarida shoir asarlarining qo‘lyozmalari Turondan Xuroson shaharlariga tuyalarga yuklab olib yurilishi ham buni tasdiqlaydi. X asrning o‘rtalariga kelib, Somoniylar saroyidagi ahvol og‘irlashadi: ayrim hur fikrli ziyolilar “fotimiylar” hamda “qaromatiylar” harakatlariga xayrixoh sifatida qatag‘on etiladilar; qirq yil vazirlik qilgan ma’rifatparvar donishmand Abulfazl Balchamiy vazifasidan olinib, saroydan chetlashtiriladi. O‘z homiysi va do‘stlaridan judo bo‘lgan, qarib-qartayib qolgan, saroy atrofidagi mashmashalardan zada bo‘lgan Rudakiy umrining oxirgi yillarini o‘z qishlog‘ida o‘tkazib, 941 yilda vafot etgan.

Qadimiy sarchashmalarda Rudakiyning shaxsiyati, taqdiri haqida turli-tuman, hatto ziddiyatli fikrlar mavjud: ayrim olimlar shoir tug‘ma ko‘r edi deyishsa, ba’zilari u qaromatiylar tarafdori bo‘lgani uchun ko‘zlariga mil tortilib, saroydan badarg‘a qilingan, deyishadi. Ba’zi tadqiqot va maqolalarda esa shoir qand kasaliga giriftor bo‘lgani uchun qariganida ko‘r bo‘lib qolgan, degan fikrni uqtirishadi. Bizningcha, Rudakiyning “tug‘ma ko‘r” bo‘lgani haqiqatga yaqin. Zeroki, Gomer, Abu A’lo al Maariy, Ahmad Yugnakiy singari buyuk shoirlar ham tug‘ma ojizliklariga qaramay, o‘z ijodlari bilan beqiyos yuksaklikka ko‘tarilganlar.

Rudakiyning ijodiy merosi haqidagi mulohazalar ham har xil. Saolibiy (XI), Muhammad Avfiy, Nizomiy Aruziy Samarqandiy (XIII), Davlatshoh Samarqandiy (XVI) kabi olimlar shoir asarlarini bir million baytdan uch million baytgacha taxmin qiladilar. Bu raqam qay darajada mubolag‘ali bo‘lmasin, muttasil badiiy ijod bilan shug‘ullangan, doim badiha tarzida she’r aytib yurgan Rudakiy merosi ulkan bo‘lishi tabiiy. Yuksak vatanparvarlik ruhidagi “Buxoro” qasidasining yaratilishi ham bu mulohazani quvvatlaydi. Afsuski, mo‘g‘ul yag‘mosining vahshiyligi tufayli millionlab qo‘lyozmalar saqlanayotgan O‘tror va Buxoro kitobxonalaridagi dastxatlar kuyib kul bo‘ldi. Shuning uchun Rudakiy asarlaridan bizga qadar bir ming bir yuz baytdan ziyodroq namunalar yetib kelgan, xolos. Ammo ana shu boqiy misralarning o‘ziyoq Rudakiy dahosi haqida mukammal tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Ma’lumki, IX–X asrlarda hali forsiy adabiy til to‘la shakllanib ulgurmagan, unda yetarli darajada badiiy ijod ne’matlari yaratilmagan edi. Ana shunday bir sharoitda Rudakiy xalq jonli tili unsurlariga, og‘zaki ijod injulariga suyangan holda forsiy adabiy til asoslarini qurdi, fors-tojik adabiyotiga asos soldi. Bu sohada aytarli an’ana bo‘lmagan quruq yerda lirik turning barcha janrlarida mumtoz asarlar yaratdi. Badiiy ijodning barcha sohalarida birinchi bo‘ldi. Shuning uchun ham zamondoshlari uni “Odamush-shuaro – shoirlar Odam Atosi” degan nom bilan sarafroz etishdi.

Haqiqatda ham Rudakiy she’rlarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularda haqiqiy ishq bilan majoziy ishq, insondo‘stlik, vatanparvarlik, ilm o‘rganish, kasb-hunar egallash, insof va diyonat, adolat va adolatli shoh, ona tabiatga mehr, go‘zal tabiatni avaylab-asrash g‘oyalari betakror nafis obrazlarda tasvirlanganiga guvoh bo‘lamiz. Shoir g‘azallarida oshiqning ruhiy kechinmalarini qay yo‘sinda bokira tarzda ifodalashga erishsa, ma’shuqa chiroyini undan-da go‘zal vositalarda chizadi. Masalan, bir baytda yorning sadafdek tishlarini yomg‘irdan so‘ng nihol shoxchasida tizilib qolgan shaffof donachalar – tomchilarga o‘xshatsa, boshqa bir baytda yor yuzidan pardani ko‘targanida quyosh xijolatdan yuzini berkitdi, ya’ni o‘zini bulut orqasiga oldi, deydi. Ma’shuqaning etaklari yer yuzidan sudralib o‘tgani uchun tuproq poklanib, “suv bo‘lmasa tayammum” etib ibodat qilish joiz bo‘lgan ekan. Bunday tasvir mavlono Lutfiyda ham uchraydi. Oshiq ertalab bog‘ sayriga chiqsa, anhordan gulob hidi anqirdi. Yo rab, yorim mendan oldin chiqib ariq boshida qo‘l, yuzini yuvdimikan, deb o‘yga toladi oshiq. Rudakiy ruhiy holatni tabiat chiroyining turfa unsurlari ta’rifi orqali chizadi:

Bahor oyi yetib kelib, qish oyini etdi yag‘mo,
Fazo yuzin qopladi chang, qonga to‘ldi dashtu sahro.
Ilk bahorning ko‘z yoshidan shoxlar oldi yuziga rang,
Hamal oyin xush hididan bo‘ldi tuproq anbaroso.
Layli yuzi kabi lola keng sahroda kulib turar,
Majnun ko‘zi kabi bulut qon yoshini qilur daryo.
Oqar suvdan kelmoqdadir har soatda gulob hidi,
Mening yorim ariq ichra gul yuzini yuvmish go‘yo.

Rudakiy asarlarida insonparvarlik, ilm egallashga da’vat, insonni sharaflash, bu dunyoda “bani odamga yaxshilik qilib” yashashga undov, Olloh tomonidan berilgan qisqa umrni ilm o‘rganib, uni ijtimoiy foydali mehnatga sarflashga da’vat qilish yetakchi g‘oyaviy yo‘nalishlardan hisoblanadi:

Shu oddiy ko‘z bilan boqmagil, balki,
Bilim ko‘zi bilan boqqil jahonga.
Jahon dengiz erur yaxshi ishingdan,
Kema yasab o‘tgil narigi tomonga.

Shoir asarlarida shodu xurramlik, Navro‘zi olam tarovatiyu sharobning hayotbaxsh fazilati, yorning nozu karashmasiyu do‘stlar diydorining farahbaxsh qudrati, xayr-ehson, isrof va muruvvat, rahm-shafqatli bo‘lish kabi hayotbaxsh ohanglar masnaviylariyu qasidalarida, qit’ayu ruboiylarida zo‘r musiqiylik tarannum etiladi. Rudakiy qasida janrining mumtoz namunalarini yaratgan. “Buxoro”, “Mayning onasi”, “Qarilikdan shikoyat” singari asarlarida shoir bir tomondan vatanparvarlik, insoniylik, umrning qadriga yetish xususida jo‘shqin fikrlar yuritsa, ikkinchi tomondan go‘zal tabiatni sevish, hamisha shodu hurram yashashga chorlaydi. Somoniy zodagonlar madhiga bag‘ishlangan qasidalarda esa shoir ko‘proq ularning davlat ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini, xalq farovonligini oshirishdagi sa’y-harakatlarini ta’riflashga intiladi. Hayratlanarlisi shundaki, masnaviynavislik hali keng tarqalmagan bir davrda Rudakiy “Kalila va Dimna”, “Sindibodnoma”, “Davroni oftob” dostonlarini yozib, ularda yuksak insoniy axloq-odobni, vatan, do‘stlik, xalq qahramonligini, maqsad-e’tiqod yo‘lida jonfidolik bilan kurashishni, ilm-ma’rifat, kasb-hunarni targ‘ib etdi. “Kalila va Dimna”ning ma’rifiy-falsafiy qimmatidan hayratga tushgan Nasr binni Ahmad shoirni 14 ming oltin tanga bilan siylagan.

To‘qqizinchi-o‘ninchi asrlarda Layli va Majnun, Yusuf va Zulayho, Far-hod va Shirin, Vomiq va Uzrolarning sevgi sarguzashtlari hali kitobiy qissalar shakliga aylanib ulgurmagan edi. Rudakiy bo‘lsa, o‘z she’rlarida bu sarguzashtnomalar syujetini, ulardagi bosh qahramonlarni badiiy detal, poetik vosita sifatida ko‘p qo‘llaydi. Demak, shoir Sharq xalqlari og‘zaki ijodida keng tarqalgan ishqiy rivoyatu afsonalarni ham har jihatdan puxta o‘rgangan. Hatto u bir she’rida Yusufning uch sehrli ko‘ylagi haqidagi rivoyatga ishora qiladi. Rudakiy asarlari o‘ta sodda, ravon bir usulda – sahle mumtane’ – “osonu mumkin emas” usulida yozilgan. O‘tmishda juda ko‘p forsigo‘y shoirlar uning asarlariga o‘xshatma, tazminlar yozgan. Ammo biron ijodkor Rudakiy darajasiga yetolmagan. Jumladan, “Jo‘yi Mo‘liyonning bo‘yi keladi” deb boshlanadigan Buxoro qasidasiga fors-tojik adabiyoti klassiklaridan 120 shoir nazira yozgan. Ammo birontasi asl matn darajasiga yetolmagan: vazn, ohangini topganlar mavzuda qoqilgan, mavzuni nishonga to‘g‘ri ola bilganlar esa, musiqiylikni, qofiyani uddalay olmaganlar.

Shuning uchun ham o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk so‘z san’atkorlari Rudakiy dahosini munosib qadrlagan, uning she’riy qudratiga yuksak baho berishgan. Jumladan, zabardast lirik shoir, birinchi shohnomanavis Daqiqiy uni shunday ta’riflaydi:

G‘azal rudakiyvor bo‘lgay go‘zal,
Rudakiycha g‘azal yoza olmadim.
Juda nozik xayol bilan urinib,
Bu parda ichiga yo‘l topolmadim.

Abu Abdulloh Rudakiy o‘zi kuylagan insonsevarlik, vatanparvarlik, ma’rifatparvarlik, xalqlar do‘stligi g‘oyalari bilan barcha zamonlarda bashariyatga xizmat qilaveradi. Shoir ijodi o‘zbek xalqiga juda yaqin. Bobur “Muxtasar” risolasida shoir asarlaridan namunalar keltirgan, Po‘latxon domla Qayumiy o‘z tazkiralarida shoir ijodini yoritgan. Ustozlarimizdan Sh.Shomuhamedov, N.Mallayev hamda M.Muinzodalar Rudakiyning hayoti va ijodini tahlil qilib, asarlarini tarjima va targ‘ib qilishda zahmat chekishganini mamnuniyat bilan qayd etamiz.

RUDAKIY HIKMATLARIDAN

Jahonning shodligi to‘plansa butun,
Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun.
Kimda kim hayotdan olmasa ta’lim,
Unga o‘rgatolmas hech bir muallim.
Ilmdan yaxshiroq xazina yo‘qdir,
Qo‘lingdan kelgancha terib ol uni.
Odamlar qalbining charog‘i bilim,
Balodan saqlanish yarog‘i bilim.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 12-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!