Bahodir Karim. Ijodi ham, hayoti ham ibrat

Akademik Matyoqub Qo‘shjonov qariyb oltmish yil ijod qildi. Bu mo‘tabar ustozimizdan ellikka yaqin kitob, besh yuz-olti yuz atrofida ilmiy maqolalar meros bo‘lib qoldi. Ularda olim Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov ijodini, obraz, kompozitsiya, syujet, konflikt kabi adabiyot nazariyasi masalalarini tadqiq qildi. Shu ma’noda XX asr o‘zbek adabiyotshunosligi va adabiy tanqidchiligi tarixini Matyoqub Qo‘shjonovning ilmiy asarlarisiz to‘kis tasavvur etib bo‘lmaydi.
M.Qo‘shjonov uchun adabiy matn eng asosiy, eng muhim manba bo‘ldi. “Obrazlar o‘z ma’nosi bilan kitobxonga qanday ta’sir o‘tkazadi, qay darajada odob beradi, ruhan boyitadi, ularning qimmati shu bilan belgilanadi. Bu — azaliy haqiqat!”. Bunday fikrlar adabiy matnni, jumlama-jumla, so‘zma-so‘z, ya’ni immanent analiz qilgandan keyin bayon etiladi. Shu zaylda san’at asarining badiiy-estetik qimmatini aniqlash Matyoqub Qo‘shjonovdek ulkan adabiyotshunos iste’dodiga, uslubi va tabiatiga xos fazilatdir. Olim tahlil va talqin jarayonida o‘z ilmiy kontseptsiyasiga sadoqatan asarda mavjud bo‘lmagan jihatlarni bo‘rttirmaydi. San’at hodisasiga nomunosib epizodlarni ayab, xaspo‘shlab o‘tirmaydi; tanqidiy fikrini lo‘nda qilib aytadi-qo‘yadi. Ayni paytda, asarning badiiyatiga, fazilatlariga, adabiyot tarixi yoki adabiy kechimdagi o‘rniga xolis baho beradi. Lozim bo‘lsa, mavjud adabiy matnni dunyo adabiyotining durdonalariga qiyoslab, qamrovni kengaytiradi; nazariyaga tayanib, fikrni erkin qo‘yadi.
Uyimizda Matyoqub Qo‘shjonovning 1965 yili bosilgan qo‘ng‘ir muqovali, qalingina “Oybek mahorati” nomli — sarlavhasi qizil rangda, sarlavhaning bosh “O” harfi oq rangda yozilgan — kitobi bo‘lar edi. Kitobning yoshi mendan bir yilga katta. Uni V — VI sinflarda o‘qib yurgan kezlarim otamning fizika-matematikaga oid kitoblari ichidan olib varaqlaganman. Shunda otam: “Bu kishi Matyoqub Qo‘shjonov bo‘ladi. O‘zimizning Hallangdan. Bilasanmi, unga “O‘zbeklarning Belinskiysi” deb nom berishgan”, deb aytgan gaplarini hali-hali eslayman.
Matyoqub Qo‘shjonov juda samimiy inson edi. Birovdan maslahatini ayagan emas. Hech qistanmasdan, qisinmasdan gapirar, biror ko‘ngilsiz voqea bo‘lsa ham ortiqcha hayajonlanmay, donishmandlarga xos bosiqlik bilan muammoga yondashar, maslahat berardi. Maslahati bama’ni va o‘rinli bo‘lar, ortiqcha ezmalikni yoqtirmasdi. Oz so‘z bilan ko‘p ma’nolarni ifodalaguvchi bir inson edi domla.
…Ilmiy ishimni yoqlashimga yaqin qolgan edi. Bunday paytlari, odatda, dissertantlarning ishi ko‘p, asabi tarang bo‘lib yuradi. Men uchun ham uch yuz ellik betlik dissertatsiyaga doir bir professorning yarim betlik fikri qadrli bo‘lib turgan kunlar. Ammo undan darak yo‘q, sabrdan o‘zga chora. Ba’zan quyushqondan chiqib, jig‘ibiyron bo‘ldim. Ixtisoslashgan kengash raisi professor To‘ra Mirzayev ham sabrdan maslahat beradi. Shu payt Til va adabiyot instituti oldida Matyoqub akani ko‘rib qoldim. “Ha, — dedi domla. — Ishlar nima bo‘layapti?”. M.Qo‘shjonov ham Ixtisoslashgan kengash a’zosi. Holatni tushuntirdim. Asabiylashib yurganimni yashirishning hech iloji bo‘lmadi. Qarab turib: “Shunga shunchami?”, dedi va qachonlardir boshidan o‘tgan ibratli bir voqeani so‘zladi. Bir necha tuhmatchi guruhboz kishilarga qarshi yolg‘iz kurashganini, ammo haqgo‘yligi tufayli qomatni tik tutib (“Mana bunday”, deb ayni holatini ko‘rsatib berdi), aslo taslim bo‘lmaganini va har kungi odatiga ko‘ra borib Anhorning muzdek suvida cho‘milganini aytib berdi. Bu tarix oldida men uchun juda muhim va yechimsizdek tuyulgan haligi tashvishlar arzimagan bo‘lib ko‘rindi. Asablar joyiga keldi… Muammolar hal bo‘ldi. Dissertatsiyani yoqlagan kunimda norasmiy taqrizchi sifatida Matyoqub aka yaxshi fikrlar, iliq so‘zlar aytdi. Ish yangi tadqiqotlar uchun yo‘l ochishi mumkinligidan gapirdi. Yelkamdan tog‘ ag‘darildi, desam, yelkamga yuk yuklandi…
Bir kuni Matyoqub akani ko‘chada ko‘rib salomlashdim. Domlaning ko‘rishi yaxshi bo‘lmagani bois, har doimgidek salomdan so‘ng o‘zimni tanitib: “Matyoqub aka, Bahodirman”, dedim. “Ha, ovozingdan tanidim”, deya ahvol so‘radi domla. So‘ng yozuv-chizuv ishlarimni so‘radi. Ba’zi narsalar yozayotganimni aytdim. “Ha, yaxshi, — dedi Matyoqub aka shoshilmay. — Shu, tomchilab turaver, tomchilab. Ammo-lekin aslo to‘xtab qolmagin. To‘xtagan yomon”. Bu muhim gap, bu muhim nasihat va dalda edi. Ayniqsa, qalam ahli uchun.
Yangi kitobim chiqsa, albatta, Matyoqub Qo‘shjonovga dastxat yozib olib borardim. Bir kuni fakultetda o‘tirsam, telefon jiringlab qoldi. Oldim. Matyoqub akaning doimgidek mayin-bosiq ovozi. “Bir kitob yozibsan, Bohodir. Hozirgina o‘qib berishdi. Yaxshi kitob ekan. Fikrlar lo‘nda, uslub yaxshi. Mavzulari, ko‘tarilgan masalalari juda muhim. Uni hatto yana shu zaylda bemalol davom ettirish ham mumkin. Ishlaringga muvaffaqiyat”, dedi mayin ohangda. Matyoqub aka mo‘jazgina bir kitobcha haqida gapirayotgan edi. Bu samimiy munosabatda biz uchun ibrat bor edi.
Matyoqub Qo‘shjonov “Sharq yulduzi” jurnalida 90-yillar boshida xorazmlik Matyoqub Abdullayev to‘g‘risida “O‘tmish fojealaridan bir lavha” degan maqola yozgan edi. M.Abdullayev 30-yillari adabiy jarayonda faol bo‘lgan. “Qilich” nomli roman ham yozgan. Bu ijodkor urushda asirga olinib, legionerga aylanadi. Ammo M.Qo‘shjonov uning olmonlar tomonidagi taqdiridan bexabar edi. Maqola aynan shu mazmundagi gaplar bilan tugallanadi. Ilmiy safarga borganimda, Berlinning Unter den linden ko‘chasidagi Markaziy kutubxonaga kirib, Turkiston legionerlari faoliyatiga oid matbuot manbalarini izladim. Buni qarangki, Matyoqub Abdullayev haqida yangi ma’lumotlar topildi. Shu asosda maqola yozdim. Maqola mazmunan Matyoqub aka fikrlarini to‘ldirgan edi. Domla o‘z maqolasidagi taxminga oydinlik kiritilganidan mamnun bo‘lganini yashirmadi.
“Diydor” nomli allomaning zamondoshlari bilan kechgan damlariga bag‘ishlangan kitobi nashrdan chiqqach, Matyoqub akani yo‘qlab uylariga bordim. Har doimgidek maroqli suhbat bo‘ldi. So‘ngra “Diydor”ning ichki sahifasiga dastxat yozdi. Muhtaram gazetxon takabburlikka yo‘ymasin, domladan xotira bo‘lgan o‘sha duodek dil so‘zini shu o‘rinda eslab o‘tmoqchiman: “Yosh do‘stim Bohodir! Hozirning o‘zida ilmda iz qoldiradigan ancha ishlar qildingiz. Kelajakda ilmingiz yana ham teranlashsin, borgan sari barakali bo‘laversin! Ishlaringiz o‘ngidan kelib, omad sizga doim yor bo‘lsin! Hurmatu ehtirom ila imzo. 24.05.2005”. To‘g‘ri, maqtov kimga yoqmaydi! Biroq bu tilakka loyiq bo‘lish oson emas. Matyoqub Qo‘shjonov ana shunday mehr-muruvvatli, bag‘rikeng INSON edi…
Domlaning har kuni bir bet yozish kerak, degan qat’iy aqidasini, shunga muvofiq xayoli har doim yangi asar rejasi bilan band bo‘lganini ko‘pchilik biladi. Saboq bo‘ladigan bir fazilat bu. Matyoqub aka suhbat chog‘i ijodiy rejalarini, yozayotgan maqola yoki kitoblarini yashirmay aytardi; suhbatdoshining mavzularga munosabatiga befarq bo‘lmasdi. Xorazmlik ijodkorlar to‘g‘risida bir kitob yozayotganini aytib, mendan ham ijodiy biografiya so‘ragan edi. Kitoblarimni olib bordim, ijodiy biografiya masalasi ortga surildi. Rejadagi o‘sha kitob “Xorazm mo‘jizasi” deb nomlanishi kerak edi. Fikrimcha, uning ancha qismi yozilgandi. Oxiriga yetmay qoldi, chamasi.
Matyoqub aka sog‘liq-salomatlikka jiddiy e’tibor beradigan inson edi. Sog‘liq xususida gap ketganda, tananing sirlari to‘g‘risida donishmand tabibdek gapirar va gapini to‘xtatib: “Bu to‘g‘rida inson tanasidagi a’zolar bahsi uslubida bir asar yozmoqchiman”, degan niyatini aytgandi. Asarning uslubi, kompozitsiyasi xayolda tayyorligini, unda Miya, Yurak, Oshqozon kabi bir qancha ramziy obrazlar bo‘lishini so‘zlagandi.
Matyoqub aka shogirdlaridan professor Begali Qosimovni yaxshi ko‘rar, uni alohida hurmat bilan tilga olardi. Begali Qosimov to‘g‘risida xotiralar jamlanayotganini eshitib, maqola yozib bermoqchi edi. “Maqolaning boshlanishini o‘ylab qo‘ydim. Bir yili yozda shogirdlar bilan Amudaryoda cho‘mildik. Ular orasida Begali ham bor edi. O‘sha paytlari ham ko‘zoynak taqardi Begali. Ko‘zoynakni yechmay daryoga sho‘ng‘ibdi. Suvdan boshini chiqardi. Ko‘zoynak yo‘q. Men o‘sha joyini taxminlab, kalla otib (sho‘ng‘ib — shevada) suv ostidan Begalining ko‘zoynagini topib chiqqanman”. Xotira-maqola shu voqeadan boshlanishi kerak edi.
Matyoqub Qo‘shjonov umri bo‘yi turli avlodlarga mansub iste’dodlarni qo‘llab-quvvatladi. Ayniqsa, XX asrda shakllanib, chin ijodkor nomiga munosib bir adabiy avlod olim muruvvatidan bahramand bo‘ldi. Demak, Matyoqub Qo‘shjonovning umri faqat o‘z asarlari yoki farzandlaridagina emas, balki shogirdlari ijodida ham davom etayotir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 8-sonidan olindi.