Abdug‘afur Rasulov. G‘aroyib saltanat

Bora-bora tog‘u toshlar cho‘kishi, daryoyu ko‘llar qurishi, yam-yashil o‘rmonlar o‘tinlar uyumiga aylanishi, zo‘ravonlik bilan paydo bo‘lgan davlatlar yemirilishi mumkin. Lekin bolalik deb atalmish g‘aroyib saltanat borki, u zinhor zavol ko‘rmaydi, sinalgan qonun-qoidalari asosida yashayveradi. Avvalo, u zamon, makon, irq, din, jins tanlamaydi. Ikkinchidan, bolalik saltanati maxluqotu mavjudot bilan hamisha, keng ko‘lamli aloqada bo‘ladi. Maymun, masalan, baland daraxtning uchiga chiqib, yerdagi raqibiga banan yog‘dirishi, ona-sher, bolalari qatori, o‘zga maxluqot rezgisini bag‘riga bosishi, yalab-yulqashi, yovuz odamdan alamzada bo‘lgan bo‘ri undan qasd olishga chog‘lanishi, ilonlar noyob xazinani ziyrak posbonday qo‘riqlashlari, mehribon inson lat yegan hayvon, parranda, darrandani uzoq muddat davolashi mumkin. Uchinchidan, g‘aroyib saltanatda odam bolasi ayiq, itdan hid olish mahoratini, tulkidan makr-hiyla asrorini, sheru yo‘lbarsdan ulug‘vor tajovuzkorlikni; qo‘zidan ma’sumlikni, bulbuldan zavq-shavqni o‘rganishi mumkin. To‘rtinchidan, bu g‘aroyib saltanatda turli-tuman aloqalar davom etaveradi. Odam, xohlasa, narigi dunyoga, xohlasa, insu jinlar, dev-parilar makoniga, xohlasa, osmoni falakka, o‘zga sayyoralarga sayr qilishi tabiiy hol. Bu saltanatda dov-daraxt, maxluqot, changalzorlar, daryoyu dengizlar bir yoqadan bosh chiqarib, yovuzlikka qarshi bosh ko‘tarishi, go‘zal qizlar ta’viya maxluqlarga aylanib, narsa, hodisalar asl mohiyatidan tashqari kutilmagan vazifalarni bajarishi mumkin. Chaqmoqtosh, sehrli chiroq (qalpoqcha, tayoqcha, kovush, sandiq, xum), duldul ot, chaqimchi chumchuq haqidagi yuzlab asarlar hamisha diqqatni jalb etib kelgan. Kompyuter, uyali telefonlar g‘aroyib saltanatni yangi mavzu, qahramon, imkoniyatlar bilan boyitdi. Xullas, bu saltanatning tub ildizi, mustahkam suyanchig‘i xalq og‘zaki ijodidir. Muhimi, g‘aroyib saltanat xayolot dunyosi kengliklarini bemalol kezishi mumkin. Unda shartlilik, ramziylik, sayohat, xayolotga katta erk beriladi. Uning ajoyibotlari bolalar adabiyoti deb ataladigan mo‘jizaviy sohada o‘z ifodasini topadi.

Bolalar adabiyoti pand-nasihat, ta’lim-tarbiyaga oid ma’rifiy asarlar bilan uzviy bog‘lanib ketadi. Orifjon («Besh bolali yigitcha), Zafar («Mungli ko‘zlar»), Anatoy («Erta kelgan turnalar»), Gogiya, Xatia («Quyoshni ko‘ryapman»), Shum bola («Shum bola»), Kamol («Saraton») deyarli tengdosh, darddosh, yetim — o‘smirlar. Orifjon, Zafar — bolalar adabiyoti qahramonlari. Chingiz Aytmatov, Nodar Dumbadze, G‘afur G‘ulom, Nosir Fozilov o‘smir iztiroblari, ruhiyati orqali murakkab ijtimoiy-ma’naviy, siyosiy-ruhiy masalalarni o‘rtaga qo‘yadilar. Badiiy asar muammosi, yozuvchi niyati, xarakterlarni yoritishdagi betakrorlik bolalar va kattalar adabiyotidagi o‘ziga xoslikni ko‘rsatadi.

Hoshimjon («Sariq devni minib» X. To‘xtaboyev), Badal Armon («Kapalaklar o‘yini» T. Rustamov), Oybek, Sabohat («Diskoteka» Sh. Rizayev)—tengdosh o‘smirlar, X. To‘xtaboyev an’anaviy yo‘sinda, To‘xtamurod Rustamov modern uslubda, Shuhrat Rizayev dramaturgik turda qahramonlar xarakterini yoritganlar. Yozuvchilar uch yo‘ldan borib, bitta manzil — o‘smir ruhiyatini ochib berish nuqtasidan chiqqanlar. Badal Armon voqelikni, insonu hodisalarni o‘zicha baholaydi. Modern adabiyot qahramon ruhiyatini ochuvchi maydonni keng oladi: T.Rustamov o‘smir qahramonlarning tabiiy ehtiyojlarini tortinmasdan tasvirlaydi. «Kapalaklar o‘yini» qahramonlari o‘ynab-kuladilar, vaqtixushlik qiladilar. Kitobxonda shunday taassurot paydo bo‘ladiki, roman qahramonlari o‘lim, xastalik, shaxsiy fojia singari tushunchalarni anglab yetmaydilar. Sinchkov kitobxon kapalaklar o‘yinining ajr-gunohlari yig‘ilib borayotganini his qiladi. Sh.Rizayevning «Diskoteka»sida ham kapalaklar o‘yini ko‘rsatilganu, bu o‘yin zaminidagi fojialar uchi ko‘rinib-ko‘rinib qoladi. yoshlar pulning quvvati, puldorning yovuzligi, xudbinligi nimaligini tasodifan bilib qoladilar. Sh.Rizayev dramasida o‘smir qahramonlarning katta hayot quchog‘iga kirib borishlari ko‘rsatilgan. X.To‘xtaboyev yaratgan Hoshimjon Ro‘ziyev — realistik tasvir samarasi. Yozuvchi asosiy qahramon xarakterini yaratish uchun ko‘p izlanganligi, Hoshimjonni ming chig‘iriqdan o‘tkazib kitobxonga ma’qul qilganini sezish qiyin emas.

X.To‘xtaboyev, T.Rustamov, Sh.Rizayev asarlari qahramonlari o‘smirlar. Lekin qahramonning yoshi asarning bolalar yoxud kattalar adabiyoti namunasi ekanligini belgilamaydi. Bolalar adabiyoti qahramonlarida tabiiy va ijtimoiy munosabatlarning muvozanati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hoshimjon, Orifjon, Akrom, Zafarlar bolalar adabiyotining qahramonlari. Ularning ruhiy-ma’naviy olamida kurash, bahs davom etadi. Zafar, Orifjon boshiga uncha-muncha odamni kalovlatib qo‘yadigan tashvish, fojialar yog‘iladi. O‘smir — qahramonlar qiyinchiliklarni tabiatlaridagi bolalik, hayotbaxsh ruh bilan yengib ketmoqchi bo‘ladilar. O‘ylab ko‘rilsa, Orifjon, Zafar, Hoshimjon, Akrom eng mushkul vaziyatda ham bolalik qilib qo‘yadilar. Bolalik ko‘pincha ularga kuch, ruh, ishonch beradi.

Bolalar adabiyotini ko‘p o‘qigan kishi bir xususiyatga e’tibor bermasligi mumkin emas: bolalar asarlarida o‘yin-kulgi, hazil-mutoyiba, hayotsevarlik mana man deb ko‘rinib turadi. Bu xususiyat ulardagi tabiiy tuyg‘u, xislatlardan kelib chiqadi. Yana ham aniqrog‘i, bola-o‘smir hamma narsaga ajoyibot, o‘yin, havas deb qaraydi. Mana shu tabiiy asos bolalar adabiyotining tug‘i, bayrog‘i, madhiyasidir. Ba’zi siymolar bolalarcha tabiiylikdan umr bo‘yi judo bo‘lmaydilar. Tabiiyligi aniq ko‘rinib turadigan inson yorqin, betakror xarakterdir.

Bolani azal-azaldan podshoga mengzaydilar. Bolalik uy bozorligini, unda sir yotmasligini aytadilar. Farzand ko‘rishni — oilasiga kichkina quyosh kirib kelishini orzulamaydigan odam topilmaydi. Bola — quvonch. Bola — bebaho ne’mat. Bola — tilsim. Ziyrak odamlar chaqaloqqa zehn solib, uning qanday inson bo‘lishini bilib oladilar. Bo‘ladigan bolaning o‘nlab belgilari ilmiy, badiiy adabiyotda aniq-ravshan sanab berilgan. Bola, misoli, sirli qulf. Unga tushadigan kalit bolaning qiliqlari, naridan-beri aytib yurgan gaplarida ko‘rinib qoladi. Sinchi insonlar endigina tug‘ilgan «bir parcha et»ning mazmun-mohiyatini aytib beradilar. Razzoq So‘fini yo‘rgaklagan Hamro ena “hali u qadar odam kepatasiga kirmagan” yuzlariga tikilgan va mana bu so‘zlar bilan erkalatganmish:

— Aylanay, mehmon, nimadan xafa bo‘lib tushdingiz? Kim ozor berdi sizga? Ayting! Qovog‘ingizni ochsangiz-chi! Yorug‘ dunyoga keldingiz! Shukur qiling! Sevining! Mundoq bir kuling! Kulimsirang! Iljaying!

O‘shanda kulmagan Razzoq so‘fi keyin ham kulmay o‘tdi (Cho‘lpon. «Kecha va kunduz»).

Odam tug‘ilishi bilanoq tarbiyalana boradi. Demak, go‘dak, barcha maxluqlar singari, tabiiy, irsiy belgilar qurshovida bo‘ladi. Jahon adabiyotida chaqaloqning o‘smirlik pallasigacha tarbiyalanish jarayonini ko‘rsatuvchi minglab asarlar bor. Amerikalik yozuvchi Jon Xabberton (1842-1921) «Elen churvaqalari» yumoristik romanida besh yoshli Baji, uch yoshli Toddi timsollarini yaratadi. O‘n kun davomida bolalarga ularning tog‘asi Garri qarab turadi. Bolalar shu darajada sho‘xki, tog‘a bechora naq aqlidan ozay deydi. Bolalar sigarani, sichqonni aldash uchun qopqonga qo‘yilgan pishloqni, yaraga bosilgan tomat kompressini yeb qo‘yishadi. Yigirma sakkiz yoshli bo‘ydoq Garri o‘n kun enagalik qilib joni hiqildog‘iga keladi. Yosh bolada qo‘rquv tuyg‘usi bo‘lmaydi. U atayin o‘lim bilan o‘ynashadi. Shunday sirli bir kuch borki, u sho‘x bolani balo-qazodan asrab yuradi. Garri olov churvaqalarni opasiga topshirgach, o‘n ikki soat o‘likday qotib uxlaydi.

Jahon adabiyotida changalzorda, hayvonlaru parranda-darrandalar qurshovida o‘sgan Maugli ismli bola mashhur. Ingliz yozuvchisi Redyar Kipling (1865-1936) «Kim» romani uchun Nobel mukofotini olgan (1907), ko‘plab hikoya, qissa, romanlar muallifi. Ammo yozuvchiga «Changalzorlar kitobi», Maugli qismati olamshumul obro‘-e’tibor keltirdi. Maugli haqida multfilm, badiiy film yaratilgan. Kipling changalzorda yashaydigan o‘nlab katta-kichik hayvonlar timsolini haqqoniy yaratib berdi. Jahon adabiyotida boladay beg‘ubor, ko‘rgan-bilganini ochiq aytadigan, tavakkalchiligi, hamisha qilich damida yurishligi bilan tilga tushgan devonai rostgo‘ylar, dono darveshlar obrazi bor. Qirol Lirning masxaraboz-ermagi o‘ta sodiq, o‘ta fojeiy xarakter. Shekspir bu timsolni mangu rostgo‘y bola sifatida tasvirlaydi: unda ruhiy bir nigoh, odamlar mohiyatini tiniq ko‘rsatadigan ko‘zgu borday… Abdulla Qodiriyning Qovoq devonasi qanchadan-qancha kitobxonlarni kuldirib turib yig‘latmagan, yig‘latib kuldirmagan deysiz? Bobo Kayfiy («Mirzo Ulug‘bek» M. Shayxzoda) baayni sho‘x-shaddod, o‘t bilan o‘ynatayotgan bola. U tavakkalchiligi, rostgo‘y, shijoatliligi bilan Ulug‘bek mehrini qozonadi. Jamoa xo‘jaligining barcha a’zolari Ra’noning buzuqlik yo‘liga kirib ketganini, Umar zakunchining o‘ynashi bo‘lganini biladi, ammo «churq» etib og‘iz ochmaydi. Dovdir Parchagina «Ra’noxonning kundan-kunga ochilib» borayotganini shartta aytadi qo‘yadi («Ikki eshik orasi» O‘. Hoshimov). Chor askarlari Turkistonga bostirib kiriptilarki, emin-erkin bo‘ldilar: xohlasalar, yerli xalqni urdilar, so‘kdilar, xohlasalar, masjidu madrasalarni buzdilar, xohlasalar, ekin-tikinni payhon qildilar. Faqat Ibodin soqovgina («Otamdan qolgan dalalar», T.Murod) nohaqlikka qarshi bosh ko‘tardi: oq podsho basharasiga iflos qilingan qatiqni sepib yubordi. Devonaning mana shu qilmishi ko‘pchilikning ko‘zini ochdi.

Qirol Lir masxarabozi, Qovoq devona, Qiziqlar, Bobo Kayfiy, Ibodin singarilar devona, darvesh, aqli noqis kishilar. Lekin ular qalbida bolalikning bebaho gavhari — tabiiylik, erk tuyg‘usi bor. Men kattalar adabiyotidagi devonai rostgo‘ylarni bolalar adabiyotining tiniq ko‘zgulari, ishonchli vakillari deb bilaman.

Bolalar adabiyotining yetuk asarlarida duldul otlarnikiday qirq qulochli qanot bo‘ladi, shekilli-da: ular yurtlardan yurtlarga uchib yuradilar, o‘nlab tillarga tarjima qilinadilar, millionlab qalblarni zabt etadilar. Bolalar adabiyotining qahramoni avvali-oxir xayolparast bo‘lgan, yetti qavat osmonda kezgan. Kattalar: «yaxshidir achchiq haqiqat», — desalar, bolalar «lek shirin yolg‘on undan qolishmaydi», — degan ishonch bilan yashaydilar. Shirin yolg‘on manbai — ertakdir. Doniyolik adib Xans Xristian Andersen (1805 — 1875) — mohir ertakchi. Uning «Chaqmoqtosh», «Irkit o‘rdakcha», «Qor malikasi», «Qirolning yangi libosi» asarlari jahon bolalarining jonu dili. Xudoyberdi To‘xtaboyev yaratgan qahramonlar ham ertakchi. Masalan, Akrom qovunchi «Boy ila xizmatchi» dramasi asosida G‘ofir tog‘a va Jamila kennoyi haqidagi ertakni to‘qib tashlaydi. Quruq aravani olib qochishda Hoshimjon Akromdan o‘tsa o‘tadiki, ortda qolmaydi…

Rus adibi Nikolay Nosov (1908-1976) «Vitya Maleev maktabda va uyda», «Bilmasvoy va do‘stlarining sarguzashtlari», «Bilmasvoy oyda», «Bilmasvoy quyosh shaharchasida» kabi asarlarini yozdi. Xudoyberdi To‘xtaboyevning Hoshimjon, Akrom, Zafarlari ham, aslida, Bilmasvoylar toifasidan. Lekin ular bilmasvoyliklarini milliy, mahalliy betakrorlikda namoyon etadilar. Hamma Bilmasvoylar matematika, algebra singari aniq fanlarni yomon ko‘radilar, shu «bo‘lmag‘ur» darslar o‘rniga jadvalga jismoniy tarbiya, futbol, boks singari darslarni ko‘proq kiritishni iltimos qilib, g‘aroyib arizalar yozadilar.

Bolalar adabiyotining deyarli hamma qahramonlari hangomatalab, sarguzasht oshig‘i, sayohat fidoyisi. Xudoyberdi To‘xtaboyevning Hoshimjon, Akrom, Orifjoni Tom Soyyor (Mark Tven), Maugli (Kipling), Chippolina (Janni Rodari), Jelsomino (Janni Rodari), Gulliver (Svift) singari sayohat, sarguzashtlarni sevadi.

Bolalar adabiyotining g‘aroyib qahramonlari chaqmoqtosh, sehrli tayoqcha (qalpoqcha, mantiya, kalit, boyo‘g‘li)dan unumli foydalanadilar. Ular bitta odamning turli mohiyat, holatlarini kashf etadilar.

Hozir jahon bolalar adabiyotining ma’lumu mashhur asari angliyalik adiba Jon Roling xonimning, «Garri Potter va hikmatli tosh», «Garri Potter va yashirin xona», «Garri Potter va Azkabakan mahbusi», «Garri Potter va Qaqnus nishoni» singari kitoblaridir. Potter haqidagi kitoblar XX asr oxirlarida yaratila boshlandi. 2006 yil 24 dekabrgacha bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, Garri Potter haqidagi olti kitobning umumiy adadi 300 million nusxadan ortdi. Asar dunyo mamlakatlarining 63 tiliga tarjima qilindi.

Garri Potter haqidagi kitoblarning fazilati nimada? Birinchidan, Garri Potterga bog‘liq butun voqea-hodisalar katta bir stadionda ro‘y berayotganday. Yozuvchi voqealarni sehrgarlar maxsus maktabi bilan bog‘lab tasvirlaydi. Bu maktabga, asosan, voqea ishtirokchilari — sehrgar o‘qituvchilar, bo‘lg‘uvsi iste’dodli yosh afsungarlar, bir-biriga qarshi kurashadigan raqib-o‘quvchilar, har biri o‘z uslubi, sehrgarlik tarixiga ega ustozlar yig‘ilgan. Sehrgarlar maktabida «beish» personaj, narsa, kiyim, ko‘rshapalak, boyo‘g‘li, buzoqday-buzoqday itlar, zaharli hasharotlar, sehrli qulf-kalitlar yo‘q. Har bir maxluq, jism, vujud bizga tanish tomonlaridan tashqari, albatta, yana bir qancha fazilat, belgi, vazifalari bilan namoyon bo‘ladi. Sehrgarlar maktabi—muhitida betaraflik, sustkashlikka o‘rin yo‘q. Hamma o‘z vazifasini sidqidildan bajaradi. Sehrgar o‘qituvchilardan ayrimlari — Garri Potter ota-onasining azaliy raqiblari yosh Garrini yo‘q qilib tashlash uchun jon-jahdlari bilan harakat qiladilar. Aksincha, Potterning Germiona, Ron singari do‘stlari, Buklya laqabli boyqushi hamisha, har qanday sharoitda Garriga yordam qo‘llarini cho‘zadilar.

Garri Potter haqidagi kitoblar yuksak san’atkorlik bilan yozilmagan. Ammo yozuvchi voqealar aro bog‘liqlik, o‘sish-rivojlanishga alohida e’tibor qaratadi. Bolalar adabiyotida shiddat-dinamika muhim ahamiyat kasb etadi. Yosh kitobxon hamisha hayajonda bo‘lishi, yangi g‘aroyib voqea-hodisa bilan uchrashuvga tayyor turishi kerak.

Sehrgarlar olami kishilari oddiy odamlarni magl deydilar. Volan-de-Mort («Sen — Bilasanmi Kim?»), Makgonagall, Snegg singari o‘qituvchilarda sehrlar shuncha ko‘pki, oddiy kitobxon og‘zi hayratdan lang ochilib qoladi. Garri, masalan, kumush muqovali kitobni qo‘liga olishi bilan larzakor chinqiriq yangradi: kitob bor ovozi bilan qichqirardi. Garri huzur baxsh etadigan Uzro ko‘zgusini topishga erishadi.

Garri Potter haqidagi asarda 665 yoshga to‘lgan Nikolas Flamelni, uning 658 yoshli xotini Pernellani uchratamiz. Adib Rouling falsafa toshini mana shu qariya kashf etganini yozadi. Garri Potter haqidagi kitob, garchi bolalar adabiyoti namunasi bo‘lsa-da, uning kattalarni ham rom etadigan tomonlari talaygina: «Donishmandlar nazdida o‘lim navbatdagi sarguzasht», «Fojia shundaki, ko‘pincha odamlar o‘zlari uchun ziyon-zahmat yetkazadigan ishni tanlaydilar» singari dono fikrlar kimni befarq qoldiradi?

Xullas, Garri Potter haqidagi yetti kitobda jahon sehrgarligi nozikliklari jamlangan. Uni bashar bolalari qiziqib o‘qishmoqda. Ammo bu asarda milliy ruh, mahalliy kolorit sezilmaydi. Xudoyberdi To‘xtaboyev romanlarida sehrgarlik anjomlari, sehr yo‘sinlari milliy betakrorlikda, o‘zbekona muhitda aks ettiriladi. Ikkinchidan, X.To‘xtaboyevning «Sehrli qalpoqcha», «Sariq devni minib» asarlari yaratilganda jahon adabiyotida Hoshimjon singari sehrli qalpoqchaga ega, o‘ta qaltis muammolarni zumda hal qilib tashlaydigan qahramon yo‘q edi. «Shirin qovunlar mamlakati…»dagi Akrom bilag‘onni aytmaysizmi? Folklorda, yozma adabiyotda ko‘z jodusi, oyoq mo‘jizasi, qo‘llar asrori haqida asarlar ko‘p edi-yu, ammo hid biluvchi burunning karomatlari hech qayerda ko‘rsatilmagandi. X.To‘xtaboyev Akromning hid biluvchi burnidan yumor manbai sifatida foydalanadi. Muhimi, g‘aroyib fazilatli burni tufayli qahramonimiz katta bir afsonaviy mamlakatning qahramoni darajasiga ko‘tariladi. Jahon adabiyotidagi kichik qahramonlarga mushtarak fazilatlari tufayli yozuvchining asarlari o‘z kitobxonlarini tez topib bormoqda. O‘tgan yillar ichida X.To‘xtaboyev asarlari Toshkent, Moskva, Tallin, Vilnyus, Kiyev, Buxarest, Berlin, Sofiya, Dushanbe, Ashxobod, Boku, Yerevanda bosildi. Uning kitoblari bugungi kunda chex, norveg, fin, frantsuz, turk, italyan, qozoq tillarida nashr etildi. Shu kunlarda ham X.To‘xtaboyev asarlari jahon xalqlari tillariga ko‘plab tarjima qilinmoqda.

Yozuvchi asarlari jahonda chop etilyaptimi, demak, ular o‘qilmoqda. Afsuski, o‘zbek adabiyotshunosligida yozuvchi reytingi masalasiga e’tibor berilmaydi. Vaholanki, reyting o‘ziga xos ko‘zgu, ko‘rsatkich: yozuvchi asarlarining umumiy adadi qancha; necha tilga tarjima qilingan, qaysi asari eng mashhuru qaysi asari zaifroq, qaysi qit’a, mamlakatda yozuvchi asari ko‘p o‘qiladi… Bir fikrni qat’iy, ishonch bilan aytish mumkin: Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlarini o‘zbekning uch avlod kitobxoni qunt, qiziqish bilan o‘qidi. «O‘tgan kunlar», «Sarob», «Shum bola»dan keyin «Sariq devni minib» eng ko‘p o‘qilayotgan asar deyish mumkin.

Xudoyberdi To‘xtaboyev ijod qila boshlaganidan beri zamon, tuzum, mafkura, adabiy-estetik qarash o‘zgardi. Lekin yozuvchi sal kam ellik yillik ijodi davomida qanday roman, qissa yozgan bo‘lsa, ularga bo‘lgan qiziqish susaymadi. Chunki yozuvchi hamisha tirik insonni, o‘z «men»i, yo‘l-yo‘siniga ega odamni tasvirlagan edi. To‘g‘ri, uning feletonlari, ocherklari orasida o‘z burchini ado etib bo‘lganlari ham topiladi.

Xudoyberdi To‘xtaboyevning barcha romanlari yaxshi, lekin «Sariq devni minib»ning fazilatlari serob, shu asar parvozi yuksak bo‘ldi, millionlab kitobxonlar qalbiga yo‘l topdi. Jahon bolalar adabiyotining pirlaridan Janni Rodari (1920-1980) «Sariq devni minib» romani haqida to‘lqinlanib gapirdi. Eng muhimi, bolalik saltanatining G‘arbu Sharqdagi ming-minglab kitobsevarlari «Sariq devni minib» romanini mijja qoqmay, biron marta esnamay o‘qib chiqdilar.

Odatda, mashhur asarlar yombiday yaxlit, birdan paydo bo‘ladi. Xudoyberdi To‘xtaboyev romanga so‘nggi nuqtani qo‘yish uchun ko‘p izlandi, misoli igna bilan quduq qazidi. Yozuvchi tinimsiz izlandi. Qidirayotgani xalq og‘zaki ijodi xazinasida ekanligini qalbidan his etdi. Doston, ertak, topishmoqlarni qayta-qayta o‘qidi. Bola-bola-da! U toqqa chiqmay do‘lanali bo‘lishga, kon qazimasdan xazina topishga, o‘qimasdan obro‘-e’tibor qozonishga, aqlni peshlamasdan raqiblarini yer bilan yakson qilishga intiladi. Ha, bola — o‘smir sirli, sehrli narsani topishi kerak. «Sariq devni minib»da voqealar ko‘p, ularni hikoya qilib berish yo‘sini bor. Hoshimjon ham roviy, ham voqealar ishtirokchisi. U voqea-hodisalarni maromiga yetkazib, o‘zigagina xos tilda so‘zlab beradi (yozuvchi vazifasini bajaradi).

Hoshimjon — roviyning turli vaziyat, holat, harakatlarda gapirish ohangi o‘zgarib turadi. Hech qanday sababsiz: «Hozir, negadir, Orifni tutib olib do‘pposlagim, biqiniga, boshiga rosa mushtlagim kelib ketdi», — deydi Hoshim. Hay, zo‘r, nega Orifni urasan, deydigan odam yo‘q. Hoshimning qilmishlari, «Qo‘rqoqning kuchi yapaloqqa yetibdi», — degan maqolni eslatadi. Xuddi shunday holat Hoshimning bo‘ri bolasiga nisbatan aytgan gapida seziladi: «— To‘xta, tumshug‘iga bir tepay! — dedim o‘rnimdan turib. – Ikkovimizning qo‘limizda ham kaltak, laycha qochmoqchi bo‘lib tipirchilasa, Akrom savalab qoladi, bo‘ri irillagudek bo‘lsa, tumshug‘iga men tushiraman».

Asardagi roviy hikoyasi hazil-mutoyiba me’yorini uzluksiz yuksaltirib boradi. Bora-bora kitobxon Hoshimga, uning qilovi tushirilmagan gap-so‘zlariga mahliyo bo‘lib qoladi.

«Sariq devni minib» romanida voqeadan voqeaga ko‘chish qiyinroq kechadi. Hoshimning militsiyaga ishga o‘tgunicha Mirobiddinxo‘ja oilasidagi ahvol, bosh qahramonning xayoliy sarguzashtlari, uzun quloq pirim maqbarasidagi hodisalar, sartarosh Hoshimning uddaburonligi, uning maktabga qaytishi, a’lochi bo‘lishga bel bog‘laganligi ko‘rsatiladi.

«Sehrli qalpoqcha»dan keyin X. To‘xtaboyev Hoshimjonning xayoliy va qishloqdagi sarguzashtlarini «Sariq devni minib» nomi bilan chop ettirdi. Shu qismni yozishda yozuvchi ko‘p izlandi, o‘ylandi, voqealar va qahramonlar- aro moslikni yaratish yo‘llarini qidirdi. Mirobiddinxo‘ja degan nomning topilishi, g‘aroyib ismli bolani tarbiyalayotgan oila “ichiga” kirib borish qiyin kechdi. Sorabibi – Mirobiddinxo‘janing onasi – folbin. Hiyla, nayrang, sodda odamlarni laqillatish avvali oxir folbinlarning hayot tarzi hisoblangan. Hoshimjon folbin xola oilasidagi yolg‘on, soxtaliklarni fosh etadi. Mirobiddinxo‘jani tiz cho‘ktiradi, aldoqchi ekanligini bo‘yniga qo‘yadi.

Hoshimjonning uyidan qochib ketishi, hayotning soxta dorilfununini o‘taganligi roman ichra alohida qissadir. Quddus Muhammadiy: «Nimaki qilsang tilak, bariga o‘qish kerak», — deb yozgan edi. Mulla Hoshim bu maqolsifat o‘gitni salgina o‘zgartiradi: «Nimaki qilsang tilak, bariga sehrli qalpoqcha kerak». Avvaliga Hoshimjon Polvontog‘a ishonchini qozonib, sovxoz direktori Akbar Nosirovga uchrashadi. Ishonuvchan direktor yoshgina yigitchani agronomlikka oladi. «Agronom» Hoshimjon shunday gaplarni gapiradiki, kitobxon qizarib-bo‘zarib ketaveradi. Qahramonimizning agronom sifatidagi faoliyatining cho‘qqisi shira tushgan g‘o‘za tuplarini kaltaklatish bo‘ladi. Yam-yashil paxtazor zumda do‘l urgan xaroba holatiga keladi. Odamlar g‘azabidan qo‘rqqan Hoshim sehrli qalpoqcha yordamida juftakni rostlaydi.

Hoshimjon shoirlikni, sayyohlikni havas qiladi. Lekin na unisini va na bunisini uddalay oladi. Uning muhandis bo‘lishi, bu sohadagi faoliyati baayni agronomlik faoliyatining o‘zginasi. Farqi shundaki, muhandis Hoshimjon Ro‘zi katta ko‘chaning qoq o‘rtasiga eshigi, tuynuk-oynasi yo‘q allanimani qo‘qqaytirib qo‘yadi. Hoshimjonning artistlik faoliyati ham sharmandalik bilan yakun topadi. Lekin Hoshimjon voqea-hodisalarni qoyillatib so‘zlaydiki, kitobxon uning yolg‘on-yashiq gaplaridan zavqlanadi. Mana, kasalxonaga tushgan Hoshimjon hikoyasidan namuna: «Said akaning o‘rniga uzoqdan qarasangiz samovarga o‘xshab ko‘rinadigan qo‘l-oyog‘i kalta, xo‘ppa semiz bir odamni yotqizishdi. Juda uyquchi ekan, faqat ovqat mahalida uyg‘onadi– bir qarasangiz, bo‘g‘izlangan qo‘ydek xirillab qoladi, bir qarasangiz, buzuq karnay chalayotganga o‘xshaydi, ba’zan eski parovozdek pishillagan ovoz chiqaradi, tongotarga yaqin surnay, doira sadolariga o‘xshash g‘alati ovozlar yangraydi». Mashhurlikni izlab ketgan Hoshimjon o‘nlarcha g‘alati-g‘alati odamlar bilan tanishadi. Har bir yangi personaj, uning ta’rifi kitobxonda qiziqish uyg‘otadi. Yozuvchi 60-yillardagi «Paxtakor» komandasi, o‘yinchilari nomini sal-pal o‘zgartirib bunday tasvirlaydi: «Sholikor» jamoasida Teodor Rahimov (Birodar Abduraimov), Vilgelm Qodirov (Vilgelm Qahhorov), Gennadiy Supanitskiy (Gennadiy Krasnitskiy), Yoqubov (Yakubik) singarilar to‘p suradilar. Xullas, Hoshimning arzon shuhrat yo‘llarida adashib-uloqishlari jonli, roviyona usulda tasvirlanadi.

Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Sariq devni minib», «Shirin qovunlar mamlakati», «Mungli ko‘zlar» romanlarida sarguzashtlar ko‘p. Sarguzasht — insonning hayot girdobida uzluksiz harakat qilishi, maqsad yo‘lidagi kurashishi. Hoshimjon, aytilganiday, mashhurlik izlab sarguzasht boshlaydi. Uning Uzun quloq pirim ziyoratgohidagi, militsiya xodimlari bilan Sariq devni mahv etishdagi sarguzashtlari ham qiziqarli, ham murakkab, ham ma’rifiy. Akromning g‘aroyib sarguzashtlari-chi? Ular Hoshimnikidan ortiq bo‘lsa borki, kam emas. Zafar mushtdayligidan hayot ziddiyatlari, murakkab sinovlar sarguzashtini boshidan kechirdi. Qahramonlar sarguzashtini qiziqarli, jonli tasvirlash X. To‘xtaboyev asarlarining asosiy maqsadimi? Yo‘q, albatta. Uchta romanda poetikaning mohiyati anglashiladi. Badiiy asar poetikasi deganda voqea-hodisa, qahramonlarning badiiyat olamidagi hayoti, intilishi, kurashi tushuniladi. Anig‘i, poetika-badiiy asarning yashash tarzi, undagi ruhiy harakat, mazmun-mohiyat demak. X. To‘xtaboyevning yozuvchi sifatidagi iste’dodi, uquvi shundaki, u matn ostiniginamas, matnning kitobxon olamida jilolanadigan qiyofasini, ruhiy hayotini, tusini, turini aks ettira olgan. Mana shu kontekst — matnning badiiy in’ikosini ochib berish — yozuvchi mahorati haqida fikr yuritishdir. Xudoyberdi To‘xtaboyev uchta romani orqali o‘zbekning asl mohiyatini, XX asrning II yarmidagi ijtimoiy-ma’naviy-ruhiy hayotning badiiy tarixini ishonarli ochib bergan. Yozuvchi Hoshimjon, Akrom, Zafarning dunyoga kelishida vosita bo‘lgan ota-ona, o‘zbekning saxiy, orzu-havasli, g‘ururli, to‘ysevar, ishonuvchan, qonunni bilmaydigan, olomonsifat, bolajon bo‘lgani bilan uni qanday tarbiya qilish yo‘riqlarini anglab yetmaganligi ekanligini ko‘rsatadi. Badiiy asarda shartlilik, ramziylik bo‘ladi. Yozuvchi, deylik, Hoshimning soxta agronom, muhandis, artist bo‘lganini ko‘rsatmoqchi. Tabiiyki, u shartlilikdan, sehrli qalpoqchadan foydalanadi. Hoshimjon bironta rivojlangan yurtda na muhandis, na agronom bo‘la olardi. Hamma yerda hujjat (diplom) talab qilinadi. Qarang, qorovul Polvontog‘a tavsiyasi bilan sovxoz direktori Hoshimni agronomlikka oladi. Bu ishga joylashishning «o‘zbekona usuli», xolos. Akrom («Shirin qovunlar mamlakati…») odamlar olti-etti yuzta kosa, likobcha, choynak, piyola olib kelayotganini kuzatadi. Bu — bor gap edi. Ba’zilar katta bir to‘yni o‘tkazishga yetadigan choynak-piyola, kosa-lagan, hatto guldonlarni g‘amlab qo‘yganlar. Bunday g‘aroyib saxiylikni Matmusa o‘zbek qilishi mumkin, xolos. Zafarning («Mungli ko‘zlar») ota-onasi pul, oltin yig‘adi. Muhimi, ular boyiganlari sayin o‘zlarini boshqara olmay qoladilar. Bebiliska topilgan pullar oilaga kulfat, baxtsizlik, fojia olib keldi. Yoqutxon, Saidlarning pul-boyliklari do‘st-dushmanni tanib olishda o‘ziga xos mahaktosh vazifasini o‘tadi: Yoqutxonning qadrdon ulfatlaridan Qo‘mondon, Qozi xolalar eng tuban firibgar, muttahamning ishini qiladilar.

X. To‘xtaboyev romanlarini o‘qib, yosh kitobxon Hoshimning qiziq-qiziq gaplariga qotib-qotib kulaveradi, Akromning dirijablday unvon osmoniga parvoz qilishidan zavqlanadi, Zafar goh moped, goh yangi magnitofon, goh ajnabiy kiyim-kechaklarga havas qiladi. Mana shu romanlarning matn ostidagi, matn ruhidagi ma’nosi kishini o‘yga toldiradi, ahvolimizga o‘kinch bilan qarashga undaydi. Mustaqillikdan keyin o‘zbek o‘zini taniy boshladi: qonun adolat mezoni ekanligini, ilm-fan insonni ulug‘lovchi mangu vositaligini, tillarni o‘rganish dunyo bilan tillashish quroli ekanligini anglab yetmoqda. Lekin, afsuski, hanuz Akrom, Hoshim singari aravani quruq olib qochuvchilar, Zafaru Zufarday ota-ona boyligiga mute bo‘lib qolganlar, muhimi, Qozi, Qo‘mondon xola, ularning yeb to‘ymas erlari, Iblisu Dev yo‘ldan urganlar hanuz ko‘p.

X. To‘xtaboyev romanlarida Sariq dev, Iblis singari qora kuchlar faol harakat qiladilar.

Xudoyberdi To‘xtaboyev romanlaridagi qora kuchlar uyushgan holda, aniq maqsad bilan harakat qiladilar. Yozuvchi o‘ta tiniq, yorqin tasvirlangan Dev, Iblislarni qayerdan topgan? Hayotda hamma narsa, hodisalar o‘zaro aloqada uzviy bog‘liqlikda bo‘ladi. Badiiy asar — yozuvchi ijodining mevasi. Uni yozuvchining boshqa asarlaridan ajratib olgan holda talqin, tahlil qilib bo‘lmaydi. Yozuvchi ijodi — o‘ziga xos olam, hamisha o‘sib-o‘zgarib boradigan ruhiy-ma’naviy jarayon. Ijodkor qachonlardir, qayerdadir biron narsa, kimsani ko‘rgan, uni yodidan chiqargan bo‘lishi mumkin. Shunday vaziyat bo‘ladiki, yozuvchi xotirasini titadi, ko‘rgan narsa, kimsalarini izlab qoladi. Boshqacha aytganda, yozuvchi qalbi, ongi, Maqsud Shayxzoda aytganiday, artel, korxona. U hamisha ishlab turadi, yangi-yangi mahsulotlar yetishtiradi. Ba’zi yozuvchilar temirni qizig‘ida bosadilar: topgan materiallarini shaklga tushirib, kitobxonga havola qiladilar. Ba’zilar materialni yig‘ib-yig‘ib boraveradilar, vaqt-soati bilan uni ishlatishlarini biladilar. Oybek, Xudoyberdi To‘xtaboyev asar holida bosilgan kitoblaridagi voqea, qahramonlarni yangi asarlariga kiritishda mohir bo‘lganlar. «Qutlug‘ qon» «O‘ch», «Baxtigul va Sog‘indiq», «Bobom» singari poemalarda tanish qiyofalarni uchratib qolamiz: ular yangi sharoitda, yangi vazifani bajarayotgan bo‘ladilar.

Xudoyberdi To‘xtaboyev 300 dan ortiq feleton yozgan. Odatda, feleton jamiyat, jamoa manfaatlariga zid borganlar haqida yoziladi. Har qanday jamiyatda umumga zid borganlar, qonunni buzganlarga qarshi kurashadigan mahkamalar bo‘ladi. Ko‘zim tushgan, X.To‘xtaboyev militsiya tashkilotlaridan, qonun himoyasi organlaridan ko‘plab tashakkurnomalar, nishonlar olgan. Yozuvchi «Sariq devni minib», «Mungli ko‘zlar» romanlarida militsiya xodimlari obrazini ishonarli yaratgan. O‘smirlarning qadrdon qahramoni Hoshimjon Ro‘ziyev militsiya serjanti sifatida dostonlardagiday ishlarni amalga oshiradi. Demak, X.To‘xtaboyev Sariq dev, Iblis deganda qonunbuzarlarni, o‘g‘ri-muttahamlarni, tovlamachi-poraxo‘rlarni nazarda tutgan.

E’tibor bering, X.To‘xtaboyev qaysi asarida qonun himoyachilari va qonunbuzarlar haqida yozsa, qalami erkin harakat qiladi. Chunki yozuvchi jurnalistlik kasbi tufayli qaltis holat, vaziyatlarni kuzatgan. Feletonnavislik – qonunga suyanib ish yuritish yozuvchi tabiatiga singib ketgan.

«Sariq devni minib» romanidagi ikki muhim qonunbuzarlik tarixi tasviri haqida to‘xtalamiz. Biri, Uzun quloq pirim ziyoratgohidagi firibgarliklar. Ikkinchisi, «Rohat» oshxonasi direktori Odil Abbosov yoxud Odil battol yoki Sariq dev bilan polkovnik Salim Otajonov, polkovnik Ali Usmonov boshliq militsiya xodimlari aro hayot-mamot jangi. Har ikkala tarix detektiv tarzda tasvirlanadi. Yong‘oq qori, Bodom qori, Danak qorilar firibgarlik bilan xalqni aldab yotibdilar. Ular xaloyiq ko‘ziga farishta, hojatbaror bo‘lib ko‘rinadilar. Aslida, ular baxil, ustomon, boylikka o‘ch, ma’naviy-maishiy buzuq odamlar. Hoshimjon sehrli qalpoqchani kiyib, Yong‘oq qorini ta’qib etadi. Yong‘oq qori tog‘ orasiga kirib ketadi. Ma’lum bo‘lishicha, tog‘ ichkarisidagi ovloq joyda Yong‘oq qorining uyi, xotini, mol-mulki, xizmatkorlari bor ekan. El ko‘ziga avliyo bo‘lib ko‘ringan Yong‘oq qorining g‘irt piyonista, buzuqligi ro‘y-rost ko‘rsatiladi. Soxtagarlikda Bodom qori, Danak qorilar ustozlari Yong‘oqdan qolishmaydilar. Hoshimjon sehrli qalpoqchani kiyib olib, qora kuchlar haqidagi aql bovar qilmaydigan haqiqatlarni tasvirlaydi. Yozuvchi Uzun quloq pirim ziyoratgohidagi voqealarga Mirobiddinxo‘ja, Zokirni ham aralashtiradi.

«Sariq devning o‘limi» — roman ichidagi o‘ziga xos detektiv romandir. Detektiv adabiyotda jinoyatni fosh etish jarayoni ma’lum tartib-qoidalar asosida davom etadi. Edgar Po, Artur Konan Doyl, Gilbert Chesterton, Agata Kristi, Jorj Simenon singari detektivnavislar bu adabiyot qonuniyatlarini ko‘rsatib berdilar. Detektiv asarda qotillik bo‘lishi (yoki unga intilish bo‘lishi) shart, kurashuvchi kuchlar nisbati deyarli teng bo‘lishi lozim. Detektiv asardagi konflikt rasmiy mahkama tomonidan bostirib tashlanishi mumkin emas, asarda kurash uzluksiz jiddiylashib, sirlilik, vahimalilik kasb etib boradi. X.To‘xtaboyev savdo-sotiq, oshxona, omborxonalarda ro‘y berayotgan jinoyatlarning fosh etilganligini ko‘rsatadi. Savdo yoxud jinoyat ob’ekti vakillari xilvat joylar, kasalxona, jinnixonadan jon saqlash maskani sifatida foydalanganlar. Hoshimjon Ro‘ziyev maxsus topshiriq bilan jinnixonaga joylashtiriladi. Yozuvchi jinnixonadagi voqealarni Hoshimjon hikoyasi orqali o‘ta jonli, qiziqarli tasvirlaydi. Jinnixona, jinoyatchilarning – yerto‘la ziyofatxonadagi sharoit, munosabat, muomalalari zo‘r tasvirlangan. Romanning shu o‘rinlarida matn osti, matn ruhi, qamrovi aniq ko‘rinadi. Yoki yozuvchi voqea orqali ichki, yashirin holatlarni ko‘rsatadi. Odil battol gadoytopmas yerto‘lada o‘zini o‘ta erkin tutadi: asl qiyofasi, mohiyatini ko‘rsatadi. Nafaqat Odil battol, Sallabodroq amaki, o‘g‘ri Mutal, Orif chayqovchi, peshanasi yiltiroq amaki, Omborchi ham yashirin xonada emin-erkin so‘zlashadilar, maishat qiladilar. Hoshim jinoyatchilar orasida ham o‘zini yo‘qotmaydi: tutingan otasi Otajonovga, Ali Usmonovga, guruh boshlig‘i Xoliqovga ma’lumot yetkazib turadi. Jinoyatchilarga tayyorlanayotgan ovqatga nasha tashlab qo‘yadi. «Sariq devning o‘limi» qismida qiziqarli, ibratli voqea-hodisalar: turfa fe’l-atvor, taqdirga ega personajlar ko‘p. Polkovnik Salim Otajonov — «Sariq devning o‘limi» qismining yetakchi qahramoni. U nihoyatda kelishgan, fayzli inson. Ammo kurasha-kurasha sog‘lig‘idan ayrildi, xotini vafot etdi, jinoyat qilgan o‘g‘lini o‘zi qamatdi. Salimjon aka Hoshimjonni «O‘g‘lim» deydi, yurak dardlarini unga aytadi. Militsiya sohasida ishlash, odatda, erkaklar ishi. X.To‘xtaboyev ayol boshi bilan forma kiygan Karomat Hoshimova timsolini jonli, ta’sirli yoritgan. Jinoyat yo‘liga kirib qolgan beva ayol Sharifaning qilmishlari ham kitobxonni befarq qoldirmaydi. Asarda oddiy militsionerlar vazifasini sidqidildan bajarayotgan fidoyi insonlar obrazi mehr bilan ko‘rsatilgan. Jinnixonaga xizmat safariga jo‘natilgan Orif aka ruhiy xastalar orasida yashab, o‘z vazifasini bajaradi. Tolib aka, Sur’at aka, kapitan Xoliqovlar fidoyi mehnat qiladilar. X.To‘xtaboyev militsiya xodimlarining sadoqati, tartib-intizomini ishonarli tasvirlagan.

«Sariq devni minib» romanining yakuni xalq doston, ertaklarinikiga o‘xshaydi: Qora kuchlar yengiladi, adolat tantana qiladi, osoyishtalik posbonlaridan ko‘pchiligi yuqori lavozimlarga ishga o‘tadi. Jinoyatchilar bilan kurashish jarayoni murakkab, uni zinhor shunchalik so‘zlab berib bo‘lmaydi. Aytganimizday, Hoshimjon Ro‘ziyev voqea-hodisalarni o‘ziga xos tarzda ko‘radi, tasvirlaydi. Mana, Hoshimjon jinnixonada pakana militsioner qo‘lidan chiqdi-da, boshi oqqan tomonga qochdi. Uni avvaliga uch kishi quvdi: «Uchovlariga-ku, tutqich bermasdim-a, ammo ko‘pchilik bo‘lib ketishdi-da. Yana ikkita vrach, ikkita qorovul, beshta o‘zimga o‘xshagan jinni qo‘shildi. Ayniqsa, jinnilarning bittasi — men bilan tengquri xuddi tozi itdek chopag‘on ekan. Chopganda ham uloqni yoppa qilgan chavandozdek: «He-he-hee!» deb qiyqirib chopadi deng. Ana shunisidan hech qutulolmay, oxiri qo‘lga tushdim».

«Sariq devni minib» romanida hayotbaxsh ruh, hazil-mutoyiba kayfiyati, jonli, harakatchan qahramonlar faoliyati yetakchilik qiladi. Ular bolalar didiga, ruhiy-ma’naviy ehtiyojiga nihoyatda mos kelgan.

«Shirin qovunlar mamlakati yoki sehrgarlar jangi»ni «Sariq devni minib»ning davomi deyish mumkin. Chunki Hoshimjon («Sariq devni minib») estafeta tayoqchasini Akrom («Shirin qovunlar mamlakati…»)ga topshirar ekan, «Sehrli qalpoqchani e’zozla», «Romaningga o‘zing roviylik qil», «Ustozlarim Akrom sartarosh, Salimjon Otajonovga ergashib» yomon bo‘lmadim, sen ham professor Dar Daraja etagini qattiq tut», — deganday bo‘ladi. Akrom do‘stining aytganlarini ortig‘i bilan bajaradi. Aniqrog‘i, «Sariq devni minib», «Besh bolali yigitcha», «Qasoskorning oltin boshi», «Yillar va yo‘llar» romanlarini yozgan X.To‘xtaboyevning mahorati ortib bordi. Bu narsa «Shirin qovunlar mamlakati…»da ko‘zga darhol tashlanadi. Birinchidan, roman Akrom bilag‘onning Hoshim, u haqda kitob yozgan Xudoyberdi To‘xtaboyev haqidagi gapi bilan boshlanadi. Emishki, Hoshim yozuvchi soqolini bepul ola-ola, unga uyidan yog‘li qatiq tashiy-tashiy o‘zi haqida kitob yozdiripti. Hoshim yozuvchiga Akrom haqida gapirib bergan shekilli, ikki-uch o‘rinda Akromboy nomi tilga olinipti, bo‘ri bolasini tutib olgani, uni aravachaga qo‘shishga harakat qilganligi naq bir bob bo‘libdi. Romanning bunday g‘ayri odatiy kirish bilan boshlanishi kimni befarq qoldiradi, deysiz? Ikkinchidan, gapni qoyilmaqom qilib gapirishda Akrom Hoshimdan o‘tsa o‘tadiki, kam emas. U G‘ofir suvchi, Jamila kennoyi haqida shunaqa sayraydiki, institut o‘qituvchilarining og‘zi lang ochilib qoladi. «Fanga yurish»ni «Panaga yurish» deb tushungan Akromning olib qochishlarini aytmaysizmi?

Uchinchidan, Akrom Hoshimni hurmat qiladi, lekin u bosib o‘tgan yo‘ldan yurishni or deb biladi. Hoshimjon xarakteri, sarguzasht, detektiv voqealarda ochilgan bo‘lsa, Akrom xayol dunyosiga chuqur sho‘ng‘iydi, ki­tob­xonni fantastika kengliklariga boshlaydi. Shirin qovunlar mamlaka­ti, Handalak shahriga sho‘ng‘ib ketishi bilanoq Akrom g‘aroyib mamlakatni kezadi. Gu Li, Gu La, Ur Bon, Qur Bon, Os Mon, Nari Beri, Xol Dor, Nor Von, Shar Manda, Ola Ko‘z, Mu Ti singari o‘nlab kishilari bilan uchrashadi. Yozuvchi g‘aroyib yurt, uning o‘ziga xos kishilar bilan qahramonini to‘qnashtirar, do‘stlashtirar, bahslashtirar ekan, qiyoslash yo‘­lidan boradi: xayoliy yurt, uning kishilari haqida yozadi-yu, o‘z mamla­ka­ti, odamlari, ijtimoiy-ma’naviy-ruhiy muammolarni qiyoslaydi.

«Shirin qovunlar mamlakati…»da Akrom Hoshimning sehrli qalpoqchasidan juda unumli foydalanadi. Sehrli qalpoqcha Hoshimni ko‘zga ko‘rinmas qilib qo‘yardi, xolos. Akromning sehrli qalpoqchasi ham dono maslahatgo‘y, ham sehr vositasi vazifasini o‘taydi.

«Shirin qovunlar mamlakati…» romanida yozuvchining yana bir topqirligi, mahorati ko‘zga tashlanadi. Akrom Hoshim, Orif, Zafardan farq qilib, noyob qobiliyat bilan tug‘ilgan: is olish, hid bilishda beqiyos. Qahramonning bu qobiliyati hazil-mutoyibaga manba bo‘lgan. Tuman militsiya idorasidan bir xodim Akromning uyiga keladi, onasi bilan uchrashib, maqsadini aytadi. Tuman militsiyasida iskovuchlikda bemisl it bo‘lgan ekan. U o‘lib qolibdi. Shu it o‘rniga Akromni ishga olishmoqchi bo‘lishipti. Qishloqda bir odamning uyiga o‘g‘ri tushibdi, latta-putta, zarur anjomlarni o‘g‘irlab ketibdi. Akrom jabrlanganlarga achinibdi, burnini bir ishga solgan ekan, yo‘qolgan mulk hidi burniga kiribdi: «Ichkarida tuyganim aralash hidlar ko‘rinmas ipdek cho‘zilib, eshilib-buralib bog‘ tomonga o‘tib ketgandek bamisoli burnimga buroviq solib o‘sha tomonga qarab tortayotgandek». Yozuvchi qahramonning hid bilish, rang farqlash uquvidan asar oxirigacha unumli foydalanadi. Avvaliga Akrom qonlar hididan jiddiy xulosa chiqaradi: buzuq, badbo‘y qonlardan Iblis paydo bo‘ladi. Iblis — norasoliklar, buzg‘unchiliklar, tartibbuzarliklarning yig‘ma timsoli.

X.To‘xtaboyev mahorati ijobiy va salbiy kuchlarni uyushtira olganligida, ular aro kurashning borishini tasvirlashida seziladi. Shu o‘rinda yozuvchi tutgan yo‘ldagi bir norasolikni ko‘rsatib o‘tish joiz. «Shirin qovunlar mamlakati…» — bolalar adabiyoti namunasi, yetakchi bolalar yozuvchisining pishiq asari. Bolalar adabiyoti, bolalar romanimi, demak unda bolalar harakat qilishi, bolalar ruhiga yaqin masalalar qo‘yilishi lozim. Akrom Dar Daraja bilan Iblisga qarshi kurashadi. Iblis kattalarning buzuq qonidan paydo bo‘lgan. Nega Akrom atrofiga ikki-uch o‘smir qahramonni qo‘yish yoxud Iblisdagi qonlar qatoriga bolalar olamining illatlarini kiritish mumkin emasdi?

Iblisga qarshi kurashish, bu yo‘lda turli vositalardan foydalanish Garri Potter haqidagi kitoblarda ko‘zga aniq tashlanadi. Akrom Iblisga qarshi aql bilan kurashish yo‘lini tanlaydi, har xil fizikaviy, kimyoviy, biologik, genetik usullardan foydalanadi. Hozirgi yoshlar bolalar adabiyotidagi intellektual qahramonlarni yoqtiradilar. Garri, Germiona, Ron singarilar raqibga qarshi uzoqni o‘ylab kurashadilar. Shu nuqtai nazardan Akrom ham yoshlarning sevimli qahramoni. Unda izchil maqsad, kurash usuli, vositalari bor. Ustiga-ustak X.To‘xtaboyev kurashning o‘ta nozik yo‘llarini ko‘rsatib boradi. Aqllar, hiylalar kurashi birinchi o‘ringa chiqadi. Biz qancha kitobxon bilan suhbatlashgan bo‘lsak, Akrom X.To‘xtaboyev ijodidagi pishiq, aql-hushli kurashchilardan biri ekanligini aytdi. To‘g‘ri, Jamila kelinoyi haqida yolg‘on to‘qib tashlagan, «Fanga yurish»ni «Panaga yurish» tarzida talqin qilgan Akromning har xil asbob-uskunalardan mohirona foydalana ola boshlagani orasida nomutanosiblik bor. Romanning fantastik, xayoliyligi ko‘p masalalarga o‘zgacharoq qarashga undaydi.

Garri Potter, garchi u ham xayolot olamida kezsa-da, yangi-yangi texnik vositalardan foydalanadi: uning sehrgarlik uskunalarining mo‘jizaviy imkoniyatlarini ocha bilishi hozirgi o‘smirlarda qoniqish tuyg‘usini vujudga keltiradi. Muhimi, Garri Potter sheriklari, ular­ning raqiblari tartibga tushgan osoyishtalikni ayqash-uyqash qilib yubo­rish­dan huzurlanadilar. Ya’ni, Rouling xonim bola tabiatidagi buzish-yorishga bo‘lgan ehtiyojni amaliy ishlarda ko‘rsatib beradi. X.To‘x­ta­bo­ev­ning Hoshimi, Akromi, Sultonu Zufarida kattalar o‘ylab topgan, amalga oshir­gan tartibotlarga qarshi allaqanday norizolik bor. Ehtimol, o‘smir­ning beg‘ubor ko‘ngli poraxo‘rlik, to‘rachilik, munofiq­lik, buqala­munlik, laganbardorlik singari kasofatlar paydo bo‘ladigan mu­hitni avvaldan his qilar. Aslida, X.To‘xtaboyevning deyarli barcha qah­ra­monlari yomonlikka, zulmga, nohaqlikka qarshi sidqidildan kurasha­dilar.

Yana bir gapni aytish kerak, Hoshim, Akromlar kitobxonga tanilib, Yevropaga chiqib borgan paytida hali Garri Potter yo‘q edi. Ehtimol, Hoshim, Akrom singari o‘t-olov qahramonlar Garrilarning paydo bo‘lishida turtki bo‘lgandir.

Hoshimjon va Akrom yalakat mag‘izday qahramonlar. Ammo yozuvchi har ikkala qahramonni o‘ziga xos yo‘ldan olib o‘tdi. Hoshimjon sayohat-sar­gu­zasht orqali o‘zini namoyon etgan bo‘lsa, Akrom katta tarvuzning ichiga sho‘n­g‘ib ketdi-yu, shira ichra yurgan odamlarni kashf etdi. Akrom hayoti ik­ki qismga ajraladi: biri Soyqishloqda o‘tkazgan kunlari, jamoa xo‘­jaligida ishlagan paytlari, ikkinchisi afsonaviy yurtdagi hayoti, ulug‘ olim bo‘lishi, ulamolar qatoridan o‘rin olishi… Mening nazarimda, fan­tastika yo‘li qaysidir o‘rinlarda modernizm hududidan o‘tadi. Yozuvchi reallikdan unib chiqqan, ongdagi borliqni kashf eta boradi.

Abdug‘afur Rasulov, filologiya fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 6-son