Kimyogarlar otasi

Dmitriy Ivanovich Mendeleev tom ma’noda serqirra olim kimyogar, fizik, tabiatshunos va pedagog edi. U 1869 yili yaratgan kimyoviy elementlarning davriy jadvali olamshumul kashfiyotlardan biri sifatida tarix sahifalariga muhrlandi. Shu bois ahli bashariyat uni haqli ravishda kimyogarlar otasi deb tan oldi.

Bundan tashqari, D.Mendeleev kimyo, kimyo texnologiyalari, fizika, havoda uchish, meteorologiya, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot, xalq maorifi  va boshqa sohalar bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazdi. Gazlarning solishtirma og‘irlikka nisbatan siqiluvchanligiga hamda eritmalar nazariyasiga oid izlanishlar olib bordi, suyuqliklar qarshiligi masalalari bilan jiddiy shug‘ullandi. Donetskdagi toshko‘mir zaxiralarining iqtisodiy imkoniyatlarini puxta o‘rganib, ulardan unumli foydalanish yuzasidan foydali tavsiyalar berdi. Neftni sanoat asosida qayta ishlab, fraktsiyalarga ajratish usulini ishlab chiqdi, ma’danli o‘g‘itlarni amaliyotda qo‘llashni va qurg‘oqchil yerlarga suv chiqarishni targ‘ib qildi. Hatto, quyoshning to‘liq tutilishini kuzatish maqsadida 1887 yili havo sharida samoga parvoz uyushtirdi. Ilmiy izlanishlarining samarasi o‘laroq, 500 ga yaqin maqola, risola va kitob yozdi. Dastlabki eng mukammal “Kimyo asoslari” hamda o‘z davri uchun muhim ahamiyatga molik “Organik kimyo” darsligini yaratdi. Pirovardida Rossiya Kimyo jamiyati asoschilaridan biri, Peterburg universiteti professori, O‘lchov va og‘irliklar Bosh palatasining tashkilotchisi va birinchi direktori, dunyodagi eng nufuzli fan akademiyalari hamda ilmiy kengashlarning haqiqiy va faxriy  a’zosi sifatida dong taratdi.

Tabiiyki, avval Tobolsk gimnaziyasini, keyin Peterburgdagi yetakchi pedagogika institutini bitirgan zahmatkash olimning ustozlik faoliyati ham samarali kechdi. U sog‘lig‘i zaiflashgani sababli bir muddat Simferopol va Odessada oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Salomatligi tiklangach, Sankt-Peterburgga qaytib, kimyo fani bo‘yicha ”Solishtirma hajmlar haqida” magistrlik darajasi ishini yoqladi. 23 yoshida esa Peterburg universiteti dotsentiga aylanib, yoshlarga nazariy va organik kimyo bo‘yicha saboq bera  boshladi. 1859-61 yillarda chet el safarida bo‘lib, Geydelbergda taniqli olimlarning shaxsiy laboratoriyalarida suyuqliklar kapillyarligi va sirtqi tarangligi muammolari bilan jiddiy shug‘ullandi. Sankt-Peterburgga qaytgach, universitetda organik kimyo faniga doir yangi mavzularda ma’ruzalar o‘qishga kirishdi.

U 1864 yili Peterburg texnologiya instituti professori etib saylandi. Shu dargohda “Spirtning suv bilan birikmalari” mavzusida kimyo fani bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ikki yilga qolmay, Peterburg universitetning noorganik kimyo kafedrasiga rahbar etib taynlandi va 23 yil shu lavozimda ishladi. Aynan o‘sha davrda uning ilmiy va pedagoglik faoliyati gullab-yashnadi.

Ammo 1890 yil bahorida eskicha ta’lim tizimidan norozi bo‘lgan universitet talabalari isyon ko‘tarishadi. O‘zlarining haqli e’tirozlar bitilgan arznomalarini vazirga yetkazishni D.Mendeleevdan so‘rashadi. U yoshlar iltimosini bajonidil ado etadi. Afsuski, hayal o‘tmay, vazirdan arznomani ko‘rib chiqishni rad etuvchi javob keladi. Qarabsizki, talabalar g‘alayoni qaytadan boshlanadi. Ularga xayrixoh D.Mendeleev ro‘y bergan nohaqliklarga chiday olmay, universitetni tashlab ketadi. So‘ngra bor kuch-g‘ayratini amaliy ishlarga sarflaydi. Chunonchi, yangi bojxona tarifi loyihasini yaratib, unga bag‘ishlangan ”Izohli tarif” kitobini nashr ettiradi. Dengiz floti va harbiy vazirlik topshirig‘iga ko‘ra, tutunsiz poroxni kashf qiladi. O‘z navbatida, xalqaro miqyosdagi bir qancha ko‘rgazmalarda qatnashadi. Turli qomusiy lug‘atlarning kimyo faniga tegishli qismlariga muharrirlik qiladi. Ural mintaqasi sanoatiga oid monografiya yozadi. Shuning barobarida o‘zining tavsiyalari asosida qayta tashkil etilgan O‘lchov va og‘irliklar Bosh palatasi boshqaruvchisi vazifasini bajaradi

Zero, Dmitriy Mendeleev tinib-tinchimas va izlanuvchan olimlar sirasiga kirardi. Illo, o‘zining mashhurligiga ham, sha’niga aytilayotgan hamdu sanolarga ham unchalik e’tibor bermasdi. Eng qizig‘i, u o‘ta xokisor, ayni chog‘da, ancha asabiy va serjahl inson edi. Buning qator sabablari bor edi.

Avvalo, u 1834 yil yanvarida eng katta oilalardan birida tug‘ilgan o‘n yettinchi farzand edi. O‘zidan oldin dunyoga kelgan opa va akalarining sakkiz nafari go‘dakligidayoq nobud bo‘lgan, birovi esa 14 yoshida olamdan o‘tgandi. Shu bois kelib chiqishi savdogarlar va sanoatchilar shajarasiga mansub onasi Mariya Dmitreevna jigargo‘shalari dog‘ida kuyib, adoi tamom bo‘lgandi. Muqaddam Tobolsk shahridagi gimnaziya va okrug o‘quv yurti direktori bo‘lib ishlagan otasi Ivan Mendeleev esa umrining oxirida ko‘r bo‘lib qolib, ming bir azob-uqubatda umr kechirgandi. Eng achinarlisi, Dmitriy 13 yoshida otasidan, 16 yoshida onasidan judo bo‘ladi.

Ikkinchidan, uning oilaviy hayotda ham omadi yurishmaydi. Avvaliga o‘zidan olti yosh katta Fiza ismli ayolga uylanib, uch farzand ko‘radi. Lekin bolalaridan to‘ng‘ichi chaqaloqligida, ikkinchisi 33 yoshida vafot etadi. Keyinchalik D.Mendeleev aktrisa Agnessani yoqtirib qoladi. Afsuski, u bilan ham uzoq birga yashamaydi. Axiyri, Anna Popova ism-sharifli ayolni o‘ziga umr yo‘ldoshi qilib tanlaydi. Oqibatda har xil ta’na-malomatlarga giriftor bo‘ladi. Hatto, ayrim g‘alamislar imperator Aleksandr Uchinchiga “Mendeleevning bir nechta xotini bor!” degan ig‘vogarona gapni yetkazishadi. Xayriyatki, imperator bag‘rikenglik qiladi. “Mendeleevning rafiqasi o‘nta bo‘lishi ham mumkin, lekin u ulug‘ olim sifatida hammamiz uchun yagonadir!” deydi miyig‘ida kulib.

Shubhasiz, yuqorida tilga olingan og‘ir yo‘qotishlar D.Mendeleevning o‘ksik qalbida mangu armon bo‘lib qolgandi. O‘zi haqidagi ig‘volar ham asabini egovlardi. O‘lganning ustiga tepganday, uyidayam tinchlik yo‘q edi. Allaqachon to‘rt farzandning onasiga aylangan Annaning jag‘i tinmas, uzzukun xarxasha qilaverib, jonga tegardi. D.Mendeleev esa boshqa aksariyat allomalar singari faqat bola-chaqa, oila tashvishi bilan o‘ralashib qolishni istamas, o‘z orzu-xayollari og‘ushida yashagisi kelardi. Shuning uchun ham qartaygan chog‘ida, qachon qaramang, sochlari yelkasiga tushgan, soqoli o‘sgan holda yurardi. Ko‘pincha eski bichimdagi juldurvoqi kamzulga o‘ralib, Sankt-Peterburg ko‘chalarida sandiroqlardi. Gohida hovlisidagi bahaybat daraxt kavagiga kirib olib, soatlab xayol surar yoki ertangi ob-havo qanday bo‘lishini, yerdagi va tepadagi namlik o‘rtasidagi tafovutni aniqlardi. Ishdan bo‘sh paytlarida esa ixcham va bejirim jomadonlar yasash bilan shug‘ullanardi. Inchunin, hamshaharlari uni ko‘proq olim emas, balki qo‘li gul usta sifatida hurmat qilishardi. Xalq orasida “Mendeleev zo‘r kimyogarmi yoki mohir jomadonchimi?” qabilidagi uchirma savollar og‘izdan-og‘izga o‘tib yurardi.

Yana bir e’tiborli jihati – Dmitriy Mendeleev o‘ta kamtar inson bo‘lgan. Masalan, bir gal uni universitet laboratoriyasi mudirligiga taklif etib, o‘ttiz ming rubl (o‘sha paytda bu juda pul hisoblangan) miqdorida maosh to‘lashni va’da qilishadi. Ammo olim bu vazifada ishlashga rozi bo‘lmaydi. “Menga ming rubl ham yetadi, – deydi qariyalarga xos bosiqlik bilan. – Chunki kam maoshli ishni istagan paytda tashlab ketish mumkin va buning uchun achinmasa ham bo‘ladi”.

Darvoqe, u pulga muhtojlik sezganida, boya aytganimizdek, ustachilik qilib, kunini o‘tkazaverardi. Lekin xayrli ishlardan, davlat topshiriqlarini bajarishdan hech qachon bosh tortmasdi. Aytaylik, XIX asr oxirlarida aholi o‘rtasida sifatsiz qo‘lbola spirtli ichimliklar tayyorlash urchib ketadi. Bora-bora odamlarning undan zaharlanishi, oshqozon-ichak, buyrak yallig‘lanishi singari kasalliklar keskin ko‘payadi. Bundan xavotirga tushgan hukumat D.Mendeleev zimmasiga spirtli ichimliklar ishlab chiqarishni sanoat asosida yo‘lga qo‘yish usulini yaratish vazifasini yuklaydi. Olim bu borada uzoq vaqt tajribalar o‘tkazib, spirt quvvatini 96 darajagacha yetkazadi. Keyin unga suv qo‘shib, har xil aroqlar tayyorlaydi. Pirovardida o‘ziga ma’qul bo‘lgan 40 daraja quvvatga ega ichimlikni yaratadi. Shu tariqa ilk bor rus arog‘ini keng ko‘lamda sanoat yo‘li bilan ishlab chiqarishga tamal toshi qo‘yadi.

Ehtimol, bu gapni eshitib, shunday noyob iste’dod sohibi ham odamlar umriga zomin bo‘luvchi, qanchadan-qancha oilalarni barbod qiluvchi zahriqotilni kashf qilish bilan ham shug‘ullangan ekan-da, deb hayratga tushishingiz mumkin. Lekin Mendeleev bu ishga qo‘l urmaganida, sarxushlikka moyil kishilar orasida ro‘y beradigan turli xastaliklar va ko‘ngilsiz hodisalar hozirgidan ham beshbattar avj olib ketishi tayin edi. Olimning ezgu maqsadi insoniyatni ming bir balolarga giriftor qilish emas, balki kelgusida shusiz ham avj olib ketishi muqarrar bo‘lgan ichkilikbozlikning salbiy asoratlarini kamaytirishga va aholi sog‘lig‘ini asrab-avaylashga imkon qadar hissa qo‘shish edi.

D.Mendeleev 1907 yil 20 yanvarda o‘pka zotiljami tufayli vafot etadi. Hamshaharlari uni dafn etish marosimini dabdaba bilan o‘tkazishadi. Ammo negadir qabr toshiga tug‘ilgan va qazo qilgan yillarini yozishni unutishadi. Bu ancha bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Shunda Mendeleevning Lyuba ismli qiziga uylangan, doimo qari qaynotasining odatlaridan hayratga tushib, “Bu chol biz yashayotgan dunyoning odami emas”, deb yuradigan mashhur shoir Aleksandr Blok ko‘pchilikka ma’qul bir gapni aytadi. “Juz’iy xatodan ranjib, shovqin ko‘tarishning hojati yo‘q. Negaki, daholarning tug‘ilgan va o‘lgan sanasi bo‘lmaydi. Ularning nomi tarix sahiflarida, xotirasi esa xalq qalbida mangu yashaydi!” deydi.

Zero, keyinchalik Rossiya Fizika-kimyo jamiyati kimyo sohasidagi eng yaxshi ishlar uchun Dmitriy Mendeleev nomida ikkita mukofot ta’sis etdi. Olimning kutubxonasi va ish kabineti esa Petrograd universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, bebaho meros sifatida qat’iy muhofazaga olindi.

Abdunabi Haydarov


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!