Yaponiya Toshkentdagi tibbiy muassasaga yordam ko‘rsatdi

Yaponiya hukumatining “Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasida Toshkent shahridagi 6-sonli tug‘ruq majmuasiga jihozlar topshirildi. Marosimda Yaponiya elchisi Takashi Hatori, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, bosh shifokor Janna Paxomova va mazkur tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Beg‘araz ko‘mak homilador ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning davolanishi uchun kerakli bo‘lgan sun’iy nafas olish uskunasi va reanimatsion inkubator kabi umumiy qiymati 91,350 dollarlik jihozlarni o‘z ichiga oladi.

“Yaponiya barcha insonlar o‘z qadr-qimmatini his qilgan holda yashay oladigan jamiyat qurishni targ‘ib qiluvchi “Inson xavfsizligini ta’minlash” tamoyiliga alohida ahamiyat qaratadi. Biz bundan keyin ham O‘zbekistonda yuqori sifatli sog‘liqni saqlash tibbiy xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga hissa qo‘shishda xamkorlikni davom ettiramiz”, – deyiladi Yaponiya elchixonasi xabarida.

Ushbu loyiha orqali onalar va bolalar salomatligini yaxshilash hamda hududning perinatal tibbiy xizmat sifatini oshirish ko‘zda  tutilgan.

Mavzuga doir maqolalar:

Yaponiya Farg‘onadagi ta’lim muassasasiga grant ajratdi. 11.03.2023

Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida muhim hujjat imzolandi. 29.08.2022