Bir necha ming yil mobaynida O‘zbekiston zaminida turli millat vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda va ularning har biri mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev Respublika baynalmilal madaniyat markazining 25 yilligi munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilgan “O‘zbekiston mustaqilligi – millatlararo munosabatlar rivojida yangi davr” nomli anjumanda so‘zlagan.
Mustaqillikning 25 yili davomida yosh o‘zbek davlati millatlararo va dinlararo do‘stona munosabatni saqlab qola oldi. Ayni paytda mamlakatda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona maqsad yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib sa’y-harakat qilmoqda. Elchi V.Tyurdenevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston rahbariyati olib borayotgani oqilona siyosat tufayli mamlakatda turli milliy jamiyatlar erkin faoliyat yuritmoqda, turli millat va elatlarning madaniyati, san’ati va urf-odatlarini saqlab qolishga qaratilgan tadbirlar muntazam o‘tkazilib kelmoqda. Turli millat vakillariga maktab va oliy o‘quv yurtlarida o‘z tilida ta’lim olish imkoni yaratilgan, bir necha o‘n tilda ommaviy axborot vositalari faoliyat yuritmoqda.
Rossiya elchisiga ko‘ra, millatlararo munosabatlar ko‘p asrlik tarixga ega.
“O‘zbekiston qadim o‘tmish hamda yorqin, betakror va boy madaniyatga ega mamlakat, jahon merosini boyitgan ma’naviy boyliklar tarixi bir necha ming yillikka borib taqaladi. Bu borada so‘z ketganda, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek va boshqa buyuk allomalarning asarlarini, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Shahrisabz me’moriy obidalarini, zargarlik va xalq amaliy san’atining benazir namunalarini eslab o‘tish joiz”, – dedi V.Tyurdenev.
Diplomat O‘zbekistonda bir milliondan oshiq Rossiya diasporasi yashab kelayotgani va ular jamiyatda o‘z o‘rniga ega ekanini mamnuniyat ila qayd etdi. Rus, tatar, boshqird, qrim tatar va boshqa millatlar Rossiya diasporasi vakillari sanaladi.
“O‘zbekistonda Baynalmilal madaniyat markazi shafeligida Rossiya vatandoshlarining 35 ta birlashmasi faoliyat yuritmoqda, ular mamlakatlarimiz xalqlarini bog‘lagan ko‘p asrlik do‘stlik aloqalariga tayanib, bu yil diplomatik aloqalar o‘rnatganining 25 yilligini nishonlaydigan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va birodarlik munosabatlarini asrash va rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda”, – dedi Rossiya elchisi.
Qayd etilishicha, 1992 yil yanvarda tashkil etilgan va 25 yilligi nishonlanayotgan Respublika baynalmilal madaniyat markazi mamlakatdagi turfa millat va elatlarning boshini qovushtirmoqda.
Rossiya elchisi Vladimir Tyurdenev ilmiy-amaliy anjumandagi chiqishida O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik mudom davom etishiga tilak bildirdi.
Sobir Salim