O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida qardoshlik va birodarlikka asoslangan hamkorlik poyoniga yetayotgan 2018 yilda yangi bosqichga chiqdi deyish mumkin. Yil davomida tomonlar turli darajada delegatsiyalar almashdi, siyosatdan tortib madaniyatga qadar – turli sohalarda bitim va memorandumlar imzolandi. Qolaversa, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) mamlakatimizda turli loyihalarni amalga oshirdi. Quyida O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi bo‘yicha 2018 yilda ro‘y bergan eng muhim 5 voqeani yodga olib o‘tamiz.
1. 2018 yil aprel-may. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakatimizda mehmon bo‘ldi. Davlat tashrifi asnosida Turkiya yetakchisi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati a’zolariga murojaat qildi. Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘z murojaatida “Tamaddun beshigi bo‘lgan bu zamin Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi jahon ilm-fani ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarni, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi ma’naviy rahnamolarni tarbiyaladi”, deya O‘zbekiston ahliga o‘z ehtiromini bildirdi.
Tashrif doirasida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport-logistika, sanoat, energetika, ilm-fan, ta’lim, turizm va boshqa sohalarga doir 24 ta hujjat imzolandi.
Bundan tashqari, Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Turkiya biznes-forumida 50 dan ortiq yangi investitsiyaviy loyihalar bo‘yicha umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng bitimlar imzolandi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan Qo‘shma bayonotni imzoladilar.
2. 2018 yil sentyabr. Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Binali Yildirim mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan keldi. Oliy martabali mehmonni 24 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Muloqotda tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi an’anaviy yaqin va do‘stona munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
“O‘zbekiston va Turkiya xalqlari mushtarak tarix va e’tiqodga ega. Xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q, birodarlikning ildizlari olis o‘tmishga borib taqaladi”, – dedi Binali Yildirim.
Turkiya parlamenti rahbari 24 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
3. 2018 yil oktyabr. Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi, asli turkiyalik atoqli olim Aziz Sanjar O‘zbekiston Milliy universiteti taklifiga ko‘ra yurtimizda mehmon bo‘ldi. Mazkur tashrif Turkish Airlines aviakompaniyasi va TİKA ko‘magida tashkil etildi. AQShning Shimoliy Karolina universiteti professori Aziz Sanjar O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov bilan uchrashdi.
16 oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “Aziz Sanjar: sarhadsiz bilim ichra kechgan hayot” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjuman yakunida Aziz Sanjarga O‘zMU faxriy doktori unvoni berildi.
Atoqli olim Aziz Sanjar O‘zbekistonga kelganidan g‘oyat mamnun ekani, negaki, bu zamin uning uchun qadrli ekanini qayd etdi.
“Men qardoshlarim bilan diydorlashgani keldim. Menga berilgan Nobel mukofoti aslida barcha turkiy xalqlarga tegishlidir”, – dedi olim.
Turkiy olamning nomdor olimi, xususan, zamonaviy bilimlar, G‘arb fani yutuqlarini o‘zlashtirish muhim ekaniga e’tibor qaratdi.
“Ilm-fansiz jahonda hurmat-e’tibor qozonib bo‘lmaydi. Bunga esa turk dunyosi bir yoqadan bosh chiqaribgina erishishi mumkin. Hamkorlikda ishlashda gap ko‘p. Bizni umumiy til, din va tarixiy ildizlar bog‘lab turadi. Birgalikda ko‘p ishlarga qodirmiz, jumladan, ilm-fan sohasida ham yuksak cho‘qqilarni egallay olamiz”, – dedi Aziz Sanjar.
4. 2018 yil noyabr. O‘zbekiston fuqarolarining Turkiyada vizasiz qolish muddati 30 kundan 90 kunga uzaytirildi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 10 noyabr kuni shu haqdagi qarorga imzo chekdi. Rasmiy Anqara 2007 yilda Turkiyaga turistik maqsadlarda 30 kungacha bo‘lgan muddatda keluvchi fuqarolarga viza rejimini bekor qilgan edi. O‘z navbatida, O‘zbekiston ham 2017 yil oktyabrida Turkiya vatandoshlari uchun vizani rasmiylashtirishni soddalashtirdi, joriy yil fevralda esa ushbu mamlakat vakillari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy etdi.
5. 2018 yil dekabr. Turkiya Prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, Mehmet Sureyya Er (Mehmet Süreyya Er) ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib tayinlandi. Mehmet Sureyyo Er 2012-2018 yillarda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) vitse-prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Unga qadar Turkiya Bosh vaziri idorasida xalq diplomatiyasi boshqarmasida mas’ul lavozimda ishlagan. 2004−2010 yillarda esa AQShdagi Michigan universitetida (AQSh) turkiyshunoslik fanidan dars bergan. Falsafa doktori (PhD) Mehmet Sureyya Er o‘zbek, ingliz, frantsuz, arab, rus, fors hamda boshqa tillarni biladi.
Eslatib o‘tamiz, Ahmad Bashar Shen 2016 yil 13 dekabrdan Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimida faoliyat yuritib keldi. Diplomatning O‘zbekistondagi ikki yillik faoliyati tahlilchilar tomonidan sermahsul deya baholandi.
S.Salim