Bugun, 4 iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov malayziyalik hamkasbi Zambri Abdul Qodir bilan uchrashdi. Muloqot yakunida O‘zbekiston va Malayziya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2023–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Baxtiyor Saidovga ko‘ra, uchrashuv kun tartibi keng ko‘lamli bo‘lib, undan har tomonlama hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy diplomatiyani ustuvor yo‘nalish sifatida jadallashtirish, turizmni rivojlantirish, o‘zaro munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda mintaqaviy va global miqyosdagi masalalar o‘rin oldi.
Malayziya tashqi ishlar vaziri Zambri Abdul Qodir ham ushbu tashrif ikki tomonlama hamkorlikka yangi turtki berishi, qolaversa, Kuala Lumpurning Markaziy Osiyo bilan robitalarni yuqori bosqichga ko‘tarish niyatining ifodasi ekanini urg‘ulagan.
Avval xabar berganimizdek, 2022 yil 21 fevral kuni O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri malayziyalik hamkasbiga tabrik yo‘llab, Toshkent va Kuala Lumpur o‘rtasidagi robitalarni yanada mustahkamlash va chuqurlashtirishga ishonch bildirdi.
Malayziya O‘zbekiston mustaqilligini 1992 yil 1 yanvarda tan olgan. 1992 yil 21 fevral kuni o‘zaro diplomatik aloqalar o‘rnatilgan.
O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning 1992 yil va Malayziya bosh vaziri Mahathir Muhammadning 1993 yilgi rasmiy tashriflarida do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikning tamal toshi qo‘yilgan. 2003 yilda yurtimizga Malayziya podshohi Tuanku Sayed Sirajuddin Sayed Jamalullayl tashrif buyurgan.
Shuningdek, 2005 yil oktyabr oyida O‘zbekiston prezidentining Malayziyaga, 2008 yil noyabrda Malayziya bosh vaziri Ahmad Badaviyning O‘zbekistonga davlat tashrifi amalga oshirilgan.
O‘zaro munosabatlarni jadallashtirishda ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida o‘tkaziladigan siyosiy maslahatlashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Mavzuga doir maqolalar:
O‘zbekiston–Malayziya: hamkorlikda yangi istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi. 01.02.2023
O‘zbekiston–Malayziya: hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. 19.05.2022