Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxonning “Etakdagi kulba” nomli hikoyasi Ozarbayjon tiliga o‘girilib “525-ci Gezet” (525-chi Gazeta) nashrida chop etildi. Joriy yilning fevral sonida “Sessizlikdeki daxma” nomi ostida bosilgan ushbu hikoyani Ozarbayjon yozuvchisi Ayvaz Zaynalov Ozarbayjon tiliga o‘girdi.
Ushbu hikoya Ozarbayjonda joriy yilning mart oyida nashr etilishi kutilayotgan “Turkiy xalqlar hikoyalari” to‘plamiga ham kiritilgan. “Etakdagi kulba” hikoyasi Ozarbayjondan tashqari 2013 yili Turkiyada “Temrin” fikr va adabiyot jurnalida ham nashr bo‘lgan va turk o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otgan edi. 2016 yili yozuvchining 11 ta hikoyasi jamlangan “Kuytudaki kulübe” nomli kitobi ham Turkiyaning «Ferfir» nashriyotida bosilgan.
Nurulloh Muhammad Raufxonning ushbu hikoyasi ilk bor “Sharq yulduzi” jurnali 2010 yil 1-sonida nashr bo‘lgan. Adabiyotshunoslar hikoyaga ta’rif berarkan, yuqori badiiylik bilan bitilgan bu asar o‘zbek hikoyachiligida yangicha yo‘nalish boshlab berganini aytishgan edi.