Ulrix Spek: “Germaniya Yevropa bilan bir tanu bir jon bo‘lib yashashni istaydi”

Evropa Ittifoqi insoniyat tarixida misli yo‘q siyosiy-iqtisodiy tuzilma sanaladi. Dunyo yalpi ichki mahsulotining salkam chorak ulushi Ittifoqqa tegishli. Mazkur hudud jahonshumul ilmiy kashfiyotlar, fan-texnika mo‘jizalari vatani hamdir. Ammo keyingi yillarda YeI bir qator siyosiy ziddiyatlar, iqtisodiy muammolar bilan ro‘baro‘ kelganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Balki shu boisdir, integratsiyaga qarshi bo‘lgan guruhlar jonlanib qoldi. Yevroskeptiklar hatto “EIning kuni bitdi!” deya jar solishgacha bordi.

Germaniya – YeIga tamal toshini qo‘ygan davlatlardan biridir. “Iqtisodiy lokomotiv” deya e’tirof etilgan mamlakat ayni paytda Ittifoqni siyosiy-moliyaviy buhrondan qutqarish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Olmon siyosatshunos olimi, doktor Ulrix Spek bilan suhbatimiz ham YeIning ertangi kuni va bu jarayonda Germaniyaning o‘rni xususida bo‘ldi.

– Janob Spek, keyingi yillarda Germaniya Yevropa Ittifoqining nainki iqtisodiy, siyosiy yetakchisiga ham aylandi. Bugun Ittifoqqa a’zo davlatlar deyarli barcha muhim masalalarda olmon siyosatdonlarining og‘ziga qaraydi. Sizningcha, olmon yetakchiligining asosiy omili nimada?

– Darhaqiqat, olmon birlashuvidan chorak asr o‘tib, Germaniya Yevropaning yetakchi davlatiga aylandi. Xususan, yevro inqirozi davrida bu yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Ukraina buhroni esa Germaniya YeIga taalluqli ichki ishlaridagina emas, tashqi siyosatga oid masalalarda ham faol ekanini ko‘rsatdi. Dunyo geosiyosatining AQSh, Xitoy kabi asosiy o‘yinchilari ham Germaniyaning yetakchilik rolini tan oldi. Chindan ham, Berlin qanday omillarga ko‘ra yetakchi mavqega ega bo‘ldi?

Avvalo, jug‘rofiy-demografik omilni qayd etish lozim. 80 million aholi istiqomat qilayotgan Germaniya YeIning eng ko‘p nufusli davlati sanaladi. Olmon birlashuvidan keyin mamlakat maydoni bo‘yicha ham peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. 

Germaniya G‘arbiy va Sharqiy Yevropa, Skandinaviya va O‘rtayer dengizi kesishgan nuqtada, demakki, insonlar, tovarlar, axborot va g‘oyalar hamda qadriyatlar chorrahasida joylashgan.  Bu ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Etakchilik xususida so‘z borar ekan, iqtisodiy jihatni alohida ta’kidlash joiz. Ayni paytda Germaniya yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi bo‘yicha dunyoda AQSh, Xitoy va Yaponiyadan keyin to‘rtinchi o‘rinni egallaydi (ya’ni mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha YeIga a’zo Frantsiya va Buyuk Britaniyadan oldinda). Bu esa mamlakatning ta’sir kuchini oshirib, muhim qarorlar qabul qilishda ma’lum darajada erkinlik beradi. 

Mamlakat YeIning boshqa davlatlariga muqoyasa etganda jahon moliyaviy buhronini muvaffaqiyatli yengib o‘tdi. Aksar davlatlarda turg‘unlik, iqtisodiy depsinish kuzatilgan bir paytda, o‘tgan yili YaIMning 1,75 foiz o‘sishiga erishildi.  Garchi eksportga haddan tashqari bog‘lanib qolish holati tanqid qilingan bo‘lsa-da, kichik va o‘rta biznesning rivoji butun dunyoda ijobiy baholandi. 

Qolaversa, Germaniyaning nufuzi YeI bilan chambarchas bog‘liqdir. Yetakchilik roli hayotiy ehtiyoj va davr talabi ekanini ham e’tibordan soqit qilmaslik lozim. Yevropaning an’anaviy peshqadamlaridan biri Frantsiyaning ma’lum ma’noda zaiflashib qolgani Berlinni tashabbuskor bo‘lishga undamoqda.

Sir emas, yangi asrda YeI misli ko‘rilmagan darajada kengaydi. Xususan, 2004 yilda birdaniga Sharqiy Yevropaning o‘n davlati Ittifoqqa qabul qilindi. Mazkur hodisa ham Germaniyaning peshqadamga aylanishini ta’minladi. Bugun “Yangi Yevropa” Germaniyani mintaqaviy yetakchi sifatida e’tirof etmoqda.  Polsha, Chexiya singari davlatlar Berlindan yanada faol bo‘lishni kutmoqda. Xususan, 2011 yil noyabrda Polsha tashqi ishlar vaziri  Radoslav Sikorskiy “Germaniyaning faolligidan emas, balki sustlashuvidan qo‘rqish kerak” degan edi. Nazarimda, Sharqiy Yevropaning boshqa davlatlari ham ayni shu nuqtai nazarda.

– Germaniyaning nufuzi YeI bilan chambarchas bog‘liq degan mulohazani bildirdingiz. Vaholanki, YeIga a’zolik olmon davlatiga manfaat bilan bir qatorda, ko‘pdan-ko‘p tashvishlar ham tug‘dirmaydimi? Yagona “Evropa xonadoni” a’zosi bo‘lish ta’bir joiz ko‘rilsa, og‘a-inilarning ham tashvishini zimmaga olishni talab etadi, axir…

– Germaniya Yevropada peshqadamlik uchun yetarli hududga ega. Ammo dunyoda yetakchilik uchun uning jug‘rofiy maydoni kichiklik qiladi. Shu bois qo‘shnilar bilan yaqin hamkorlik qilish birlamchi talabdir. YeI davlatlari umumiy qonunchilik va qadriyatlarga rioya etadi. Ilgari muayyan davlatning ichki ishi bo‘lgan muammolar bugun hamjamiyatning umumiy muammosidir. Sarhadlarni yo‘qqa chiqargan yagona ittifoq doirasidagi hamkorlik o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi.

Siyosiy, iqtisodiy, madaniy jabhadagi manfaatlar o‘z yo‘liga. Eng muhimi, Germaniya YeIga integratsiya orqali geosiyosiy izolyatsiya xataridan qutuldi (bir zamonlar olmon davlat arbobi Otto fon Bismark milliy mahdudlikni “dahshatli ofat” deb atagan edi). 1871 yildan 1945 yilga qadar Yevropa mamlakatlari siyosati bir-birini mahv etish yo‘lidagi omonsiz kurashga asoslangan edi. Ikki jahon urushida davrida ham Germaniya geosiyosiy kurash o‘chog‘iga aylangani, Yevropa xaritasini o‘zgartirishga urinishlar kulfatlarga sabab bo‘lgani ko‘pchilikning yodidan chiqqani yo‘q. YeI esa o‘tmish xato – milliy mahdudlikning oldini oladi. Ayni choqda, Berlin qo‘shnilarning ko‘magidan foydalangan holda, dunyo siyosatida ta’sirini oshiradi. Bundan esa nafaqat Germaniyaning o‘zi, balki YeIga a’zo qolgan 27 davlat ham birdek manfaatdordir.

– Joriy yilda Yunoniston YeI rahbariyatining eng asosiy “boshog‘rig‘i”ga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ahvol shu darajaga yetdiki, Yunonistonning yevro hududini tark etishi haqida muhokamalar avjiga chiqdi. Xo‘sh, Ellin jumbog‘ini hal etish borasida Berlin qanday fikrda? 

– Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, olmon jamiyati bu borada ikki xil fikrda. Ayrim guruhlar Yunonistonning yevro hududida qolishini maqsadga muvofiq emas, deb hisoblaydi. Ko‘pchilik esa Yunonistonni yevro hududida saqlab qolish tarafdori. Yaqinda Bundestagda bo‘lgan munozaralarda Angela Merkel boshchiligidagi Xristian-demokratlar ittifoqi ham, uning siyosiy hamkori Sotsial-demokratlar partiyasi ham Yunonistonni yagona valyuta ittifoqida saqlab qolish lozimligini ta’kidladi. Faqat buning uchun Afina inqirozdan chiqish yo‘lida qat’iy choralar ko‘rishi, islohotlarni izchil davom ettirishi  lozim. Kuzatuvlarimga ko‘ra, Yunonistonning o‘zi ham yevro hududida qolishni istaydi.

– Iqtisodiy buhron, siyosiy tanglik bois YeIning kelajagi borasida xavotirli mulohazalar ham paydo bo‘ldi. Masalan, Harvard universiteti professori Stiven Uolt “Foreign Policy” nashrining joriy yil 16 iyuldagi sonida ahvol shu taxlit davom etsa, Ittifoq parchalanib ketishi haqida yozadi…

– Ha, YeIning parokandalikka uchrashi haqida katta-kichik davralarda gapirilmoqda. Ammo men mavjud muammolarga qaramay, nekbin fikrdaman. Bu borada ham Germaniya tashabbus ko‘rsatayotganini ta’kidlash o‘rinlidir. Hozir Yunoniston, Ukraina buhroni va qochoqlar YeIning hayot-mamotini hal etayotgan muammolar ekani sir emas. Germaniya kantsleri Angela Merkel esa yevroskeptiklarga mazkur uch muammoni Ittifoqqa a’zo davlatlar bir yoqadan bosh chiqarib hal etishi mumkinligini uqtirmoqda. Merkelning siyosati  ham ichki, ham tashqi maydonda qo‘llab-quvvatlanayotgani esa kishiga umid bag‘ishlaydi. Gap shundaki, Merkelning YeIni asrab qolish yo‘lidagi sa’y-harakati mamlakat ichida Sotsial-demokratlar partiyasi tomonidan, tashqarida esa –  Frantsiya prezidenti Fransua Olland, Yevropa Kengashi raisi Donald Tusk (u Markaziy va Sharqiy Yevropa manfaatlarini himoya qiladi), Yevropa Komissiyasi rahbari Jan-Klod Yunker (u Bryussel mashinasi qanday ishlashini juda yaxshi biladi) tomonidan birdek yoqlanmoqda. Ya’ni hozirgi vaziyatda Berlin Bryussel o‘rniga Ittifoqning siyosiy mehvariga aylanmoqda.

E’tibor bersangiz, YeIning halokati haqidagi ovozalar yuribdi, xolos. Buyuk Britaniyani inobatga olmaganda, a’zo davlatlardan birortasi Ittifoqni tark etishni rejalashtirayotgani yo‘q. Qo‘shni davlatlar esa hamon YeIga a’zo bo‘lish orzusida yashamoqda.

Integratsiya muxoliflari 2010 yildayoq yevroning “janozasi”ni o‘qib qo‘ygan edi. Ammo oradan besh yil o‘tib, Irlandiya, Italiya, Portugaliya va Ispaniya asta qaddini rostladi.

Ukraina masalasida ham shunday fikrni aytish mumkin. Merkel hamda Ollandning sa’y-harakati bilan kurash harb maydonidan muzokaralar stoliga ko‘chdi. Berlin va Parij tashabbusiga ishonqiramagan Vashington ham keyinroq Minsk bitimini qo‘llab-quvvatladi. Sirasini aytganda, Ukraina buhroni YeIni yanada toblaydigan o‘ziga xos sinov bo‘ldi.

Qochoqlar masalasidagi tortishuvlarni inkor qilmayman. Ammo ushbu hodisa qochoqlarni qabul qilish bo‘yicha eski tizimni yo‘qqa chiqardi hamda yangi tartibotni ishlab chiqishga sabab bo‘ldi. Tortishuv va munozaralarni tabiiy qabul qilmoq kerak: 28 davlatning bir to‘xtamga kelishi oson kechmaydi, axir!

Bir paytlar YeIga federal boshqaruv tuzumiga o‘tadi, milliy hukumatlar birlashib, yagona federal hukumat ta’sis etiladi, degan faraz mavjud edi. Ammo hayot voqeligi bu farazni yo‘qqa chiqardi. Menimcha, Yevropa davlatlari milliy hukumatlarni saqlab qolgan holda, yagona Ittifoq tarkibida umrguzaronlik qiladi.

Yana bir gap. Yaqin-yaqingacha YeI boshqaruvida byurokratik unsurlar mavjud edi, aksar muhim qarorlar yopiq eshiklar ortida qabul qilinar edi. Yangi sharoitda esa buning butkul imkoni yo‘q. YeI byurokratik siyosatdan voz kechib, ochiq eshiklar, shaffoflik davriga qadam qo‘ydi.

TNS Opinion markazi 2015 yilda o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, YeI aholisining 41 foizi Bryussel siyosatini yoqlaydi, 19 foizi xushlamaydi, 38 foizi esa – betaraf. Xususan, Kipr (42  foiz),  Yunoniston (37 foiz), Avstriya (36 foiz) va Buyuk Britaniya (28 foiz) aholisining salmoqli qismi YeI siyosatini yoqlamaydi. Xo‘sh, bu borada Germaniyada ahvol qanday? Olmonlar hamon Ittifoq loyihasiga sodiqmi?

– Albatta, olmonlarning aksari YeIning suv bilan havodek zarur ekanini yaxshi anglaydi. Qo‘shnilar bilan ahil-inoq yashash, bir mushtga aylanib, mavjud muammolarni hal etishda Ittifoq muhim o‘rin tutishini teran his etadi. To‘g‘ri, integratsiyaga qarshi bo‘lgan kamchilik ham bor. Ammo bu demokratik jamiyat uchun tabiiy holdir. Muhimi, aholining asosiy qismi yagona ittifoq tarkibida, bir tanu bir jon bo‘lib hayot kechirishni afzal deb biladi.

– Boya YeIni saqlab qolish uchun Angela Merkel hukumati izchil choralar ko‘rayotganidan gap ochdingiz. Sizningcha, Germaniya bu borada yana qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmog‘i lozim?

– Yetakchilikning o‘z mas’uliyati bor, albatta. Hozirda xavfsizlik va barqarorlik masalasi kun tartibida turibdi. Yevropa xavfsizligiga Shimoliy Atlantika ittifoqi (NATO) mas’ul ekani ma’lum. Yevropa osoyishtaligi NATOga bog‘liq ekan, uni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ham muhimdir. Germaniya xavfsizlikni ta’minlash borasida Ittifoqning boshqa davlatlari boshini qovushtirishi lozim.

Berlin tashabbusni o‘z qo‘liga olib, YeIga a’zo davlatlarning imkoniyatlarini uyg‘unlashtirgan holda, yanada faollik ko‘rsatmog‘i shart. YeIning parchalanishi butun qit’a kelajagini xavf ostida qoldiradi. Qolaversa, bu sayyoramiz taqdiriga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. demak, bugungi shiddatli zamon YeIning yangi kontseptsiyasini ishlab chiqishini talab etmoqda.

Ayni vaqtda dunyo geosiyosatida qiziq holat kuzatilmoqda: Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin yakka peshqadam bo‘lgan AQSh mazkur vazifadan ixtiyoriy voz kechib, o‘z majburiyatlarini bir qismini Yevropaga, jumladan, Germaniyaga o‘tkazishga intilmoqda. Bu esa Berlindan geosiyosatda yanada faol bo‘lishni taqozo etadi. Yevropa, umuman, dunyo barqarorligi talabi ham shu!

Sobir Salim suhbatlashdi

 

Cuhbatdosh haqida muxtasar ma’lumot

Doktor Ulrix Spek – germaniyalik taniqli siyosatshunos olim. Yevropa Ittifoqi va Germaniya tashqi siyosati, Rossiya va Sharqiy Yevropa munosabatlari mavzusida tadqiqot va maqolalar muallifi.

“Neue Zürcher Zeitung” “Global Europe Morning Brief”, “Frankfurter Rundschau” kabi gazetalarda sharhlovchi sifatida faoliyat yuritgan.

Maqolalari “Süddeutsche Zeitung”, “Frankfurter Allgemeine Zeitung”, “Der Tagesspiegel”, “Die Zeit” kabi nufuzli olmonzabon nashrlarda muntazam chop etiladi.

Ulrix Spek Frankfurt universitetida zamonaviy tarix yo‘nalishida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.