Joriy yil 26-27 sentyabr kunlari Toshkentda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasining oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasidagi ekspert va mutaxassislari ishtirokida Ta’lim sifatini ta’minlash va akkreditatsiyalash (QAA) hamda Milliy malaka ramkalari (NQF) masalalari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur tadbir Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo ta’lim platformasi (CAEP) loyihasi doirasida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Anjumanning ochilishi marosimida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov hamda YeIning mamlakatimizdagi delegatsiyasi Siyosat, matbuot va axborot bo‘limi boshlig‘i Radoslav Darski ishtirok etdi.
Uchrashuvlardan ko‘zlangan maqsad Yevropa Ittifoqi tajribasini baham ko‘rish, davlat darajasida siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va har bir mamlakatning rivojlanish imkoniyatlarini o‘rganish orqali mintaqadagi ta’limni kasbga yo‘naltirish, modernizatsiya qilish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.
Tadbirning birinchi kuni Milliy malaka ramkalari mavzusiga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar O‘zbekistonda Milliy malaka ramkalari loyihasining hozirgi holatini muhokama qildi. Polsha, Latviya va Ruminiya davlatlari vakillari esa mazkur loyihasi bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Anjumanning ikkinchi kuni ta’lim sifatini ta’minlash va akkreditatsiyalash masalasi sohadagi so‘nggi tendentsiyalarni hisobga olingan holda ko‘rib chiqildi.
Mazkur ikki kunlik tadbir O‘zbekistonda Ta’lim sifatini ta’minlash va akkreditatsiyalash hamda Milliy malaka ramkalari tizimlarining amalga oshirilishi borasida amaliy seminar va davra suhbatlarini o‘z ichiga oldi.
Tadbir yakunidagi xulosalar hamda eng yaxshi amaliy natijalar kelajakda mintaqa miqyosida amalga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo ta’lim platformasi” loyihasi Yevropa Ta’lim Tashabbusi doirasida mintaqa davlatlari ta’lim tizimini globallashgan jahon ehtiyojiga moslashtirishga qaratilgan. Ayni paytda ushbu loyihaning ikkinchi bosqichi amalga tatbiq etilmoqda.