Xitoy sarmoya borasida O‘zbekistonning birinchi raqamli hamkori sanaladi. Xitoy tomoni kiritgan sarmoyaning umumiy miqdori 7,6 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.
Mazkur fikr Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze tomonidan Toshkentda 22 aprel kuni o‘tgan “O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjumanda bildirildi.
Diplomatning ta’kidlashicha, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Buni Xitoy so‘nggi to‘rt yil davomida O‘zbekistonning ikkinchi savdo hamkori bo‘lib turgani ham tasdiqlaydi.
“O‘zbekistonda 600 ga yaqin xitoy-o‘zbek qo‘shma korxonasi neft-gaz razvedkasi va quvurlar qurish, infrastrukturani takomillashtirish, erkin iqtisodiy hududlarni yo‘lga qo‘yish, telekommunikatsiya, to‘qimachilik, irrigatsiya, yangi energetika va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda. Buyuk ipak yo‘lining Iqtisodiy belbog‘ini bunyod etish hamda xalqaro kooperativ tashabbuslarni yuzaga chiqarish avj pallaga kirgan oxirgi ikki yilda strategik loyihalar yanada jonlandi. Gaz quvurlarining uchta tarmog‘i qurib bitkazildi. “Penshen”ning “Jizzax” erkin iqtisodiy hududidagi filiali ishlab chiqarish hajmini tobora kengaytirmoqda. Qolaversa, Angren-Pop tunneli qurib bitkazildiki, bu ikki tomonlama hamkorlikka yangi ruh bag‘ishlaydi”, – dedi Xitoy elchisi.
Qayd etilishicha, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida do‘stona munosabat o‘rnatilgan. O‘tgan 2015 yilda oliy darajadagi uchrashuvlar davom etdi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va XXR Raisi Si Szinpin 2015 yil iyul oyida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammiti doirasida Ufa shahrida uchrashdi. Prezident Islom Karimov 2015 yil sentyabrda XXR Raisining taklifiga binoan Pekin shahriga bordi va Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda qatnashdi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni olib borishda tomonlarning terrorizm, ekstremizm, separatizm, narkotrafik, noqonuniy qurol savdosi va xavfsizlikning boshqa tahdidlari bo‘yicha mushtarak qarashda ekani muhim omil bo‘layotir.
Ikki davlat munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya do‘stona munosabatlarni izchil taraqqiy ettirishga xizmat qilmoqda.
Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida uyushtirilgan anjuman ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganining 24 yilligiga bag‘ishlandi. Mashvaratda hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari muhokama etildi.
Sobir Salim